Kenja o‘g‘il omadsizroq chiqdi. Besh yil Toshkentda yurib, diplom ololmay qaytdi. Uydagilar qancha surishtirmasin, sababini aytmadi, o‘zi Toshkentga boshqa bormadi. Akalarining hammasi alohida uy-joy qilib, chiqib ketishgan edi. Gulnor kampir choli bilan borini bozor qilib, kenjasini uylantirib qo‘ydi. Besh o‘g‘ilni uyli-joyli qilgan cholu kampir nazarida bu to‘y eng oxirgi tashvishlari edi. Hayotlarining qolgan qismi rohat-farog‘at va toat-ibodat bilan o‘tishini umid qilgan edilar, ammo…
Diplomsiz o‘g‘il durustroq ish topib, ro‘zg‘or xarajatlarini o‘z zimmasiga olgunicha ikki farzandli bo‘ldi. Bu orada chol o‘tib ketdi. Gulnor kampir kelin oldida qo‘li qisqa o‘g‘lining tili ham qisiq bo‘lmasligi uchun tashvish chekar edi: nafaqasini ro‘zg‘orga sarflar, hali u, hali bu tikib sotar, xullas, tinib-tinchimas edi.
O‘g‘il ishga joylashgandan keyin ham birlari ikki bo‘lmadi. Kelin “Dadasi un tugadi”, “Dadasi, yog‘ tugadi” deganda, Gulnor kampirning yuragi zirqirab ketardi: “Qo‘lida diplomi bo‘lganda shuncha qiynalmasdi bolam”.
Keyingi paytlarda kenja bir oz tajangroq bo‘lib qoldi. Besh bola, ona, xotin… Go‘sht-yog‘ nari tursin, non yetkazish ham kundan kunga qiyinlashib boryapti. Qoplab keltirsa ham bolalari pillaqurtday birpasda yeb bitirishadi. Akalari ota uyiga kelib, onasi bilan uch-to‘rt og‘iz gurung qilib ketishi g‘ashini keltiradigan bo‘lib qoldi.
– Boyvachcha o‘g‘illaringiz onasini ko‘rgani ikki qo‘lini burniga tiqib keladi. Ukam jo‘jabirday jon, bolalaridan orttirib onamga nimayam olib beradi deb, bir kilogina olma ko‘tarib kelisha olmaydi.
Gulnor kampir ko‘pincha indamaydi. Bir hisobda kichik kelin haq edi. Ba’zan to‘ng‘ich o‘g‘li “Bozordan qaytayotgan edim” deb kiradi-yu, “Ona, ko‘nglingiz ketganda yersiz”, deb qo‘liga biron narsa tutqazmaydi.
Tunov kuni kampir Olimjonning uyiga borgan edi. Kelini hovlidagi supada bir tog‘ora tovuq go‘shtini tozalab o‘tirgan ekan. Parrandachilik fermasi direktori jo‘natgan shekilli.
– Shuncha berarkansan, so‘ymay ber. Xohlagan paytimiz ikkita-ikkitadan so‘yib-so‘yib yeyvurardik. Endi buncha narsani nima qilaman? – javrandi kelin.
Qozonda yog‘ qiziyotgandi, kelin oshning zirvagini qovurib keldi. Tovuq go‘shti rosa shirin ekan, chaynagan sayin mazasi chiqaveradi. Mazasi chiqqani sayin Gulnor kampir ko‘z oldiga nevaralari kelaveradi.
Dasturxon yig‘ishtirilgach, kampir “uyga ketaman, o‘g‘ling olib borib qo‘ysin” deb turib oldi. O‘zicha kelin birorta tovuq o‘rab berar deb umid qildimi? Mashinaga o‘tirayotganda o‘ng tomondagi chala bitgan oshxonaning ochiq eshigidan uyulib yotgan qovun-tarvuzlar, qat-qat taxlanib turgan yog‘och qutilardagi uzumlarga ko‘zi tushdi. Negadir alami keldi. Bir zamonlar kichkinasi bir narsa yeb, kattasi yutinib turganini ko‘rsa, yegulikni darhol bo‘lishtirib berar edi. Endi esa… bir narsa desa, “Ishlasin, ona, ishlagan tishlaydi. Men uning bola-chaqasini boqaman deb, yelib-yugurib yurganim yo‘q”, deb og‘ziga uradi. Kampir, “Shu kamxarj holiga bola-chaqasiga qo‘shib, meniyam boqib o‘tiribdi” desa, “Boqmasin. Biznikida yashang, o‘zim boqaman”, deb bidirlaydi.
Ehtimol, to‘ng‘ichlari boqsa-boqishar, hammasining topgani o‘ziga yetib-ortadi. Ammo odamzod bir umr bir joyda yashab, shu yerda o‘rganib qolgan bo‘lsa, ikkinchi bir joyga, hatto u bolasi uyi bo‘lsa ham, o‘rganishi juda qiyin. Bundan tashqari kampir shu kamxarj o‘g‘il va uning bolalariga boshqacha mehr qo‘ygan…
Kelin: “O‘g‘lingiz kelsa, meni urishadi. Bir kecha yotib borardingiz-da!” – deb javrab qoldi.
– Onasini ko‘rgisi kelsa, izlab borsin, – to‘ng‘illadi kampir.
Olimjon rostdan ham so‘roqlab keldi.
– Ona, meni kutmay ketib qolibsiz?
– Meni nima qilasan, osh-nonning ofati bo‘lsam. Tovuqlarni maza qilib yedilaringmi?
Olimjon xo-xolab kulib yubordi.
– Tovuqlarni Olapardan so‘raysiz. Keliningiz it bog‘log‘liq deganmi, tovuqlarni supada ochiq qoldirib, sizni kuzatgani chiqqan. Ko‘chadan qo‘shni yangi olgan mebelimni ko‘ring deb, uyiga yetaklab ketgan. Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz gapi borligini yaxshi bilasiz. Bu yoqda bolalar televizorga yopishib yotgan, hammaning qorni to‘q, it ochdan o‘lsinmi, bir amallab bo‘shalibdi-da, yeganini yeb yemaganini tuproq bilan bitta qilibdi…
Kampir qovog‘i uyulib o‘yladi: “Qizg‘onganing qizil itga yem bo‘lsin!”
– Agar shu tovuqlarni mehnat qilib topganda edi, shunday ochiq-sochiq qoldirmas-di, – dedi keyin, qahrini oxirigacha yutib yubora olmay.
Kampir o‘zi ro‘zg‘orga qo‘shimcha bo‘lsin deb, bir umr elning xizmatini qildi: kigiz bosdi, gilam to‘qidi, kiyim tikdi.
Bashang kiyinib, katta pul sarflab, arzimas yumushlarni kimlargadir qildiradigan kishilarga qarab, “Nasib etsa, men ham bolalarimni o‘qitaman”, deb niyat qilardi.
To‘g‘ri, chol-kampir ba’zilar kabi bolalari ortidan chopishmadi. Ular maktabda yaxshi o‘qishardi. So‘ng birin-ketin o‘z bilimlari bilan institutga joylashib olishdi. Ayrim tengqurlariga o‘xshab ijara uylarida yashashgani yo‘q, yotoqxonada kun kechirib, stipendiyaga qanoat qilishdi.
Shunday degan bilan eru xotin ularni butunlay taqdir hukmiga tashlab qo‘yishmadi. Ikki-uch joyda ishlab, oylab yovg‘on ichgan vaqtlari ko‘p bo‘ldi. Har neki yetolmagan orzu-niyatlarini bolalarining diplomli va ishli bo‘ladigan kunlariga asrab qo‘yishardi.
Ayniqsa, yoz oylari qiyin o‘tardi. Bir hovlidan uch qolip qazishardi-da, loy tepib, tandir qilib sotishardi.
Bir o‘g‘li iqlimi sovuq yurtlarda o‘qidi. Har doim tsentyabrda pulning o‘rniga olma-anor olib ketardi. Aytishicha, u yoqqa borgach, bu narsalarni besh baravariga pullardi. Bir safar bog‘ qorovuli bo‘lib ishlaydigan qo‘shnilari: “Ikki qop olma bo‘lsa, o‘zim berib yuboraman. Kattalar qurultoyga ketishgan”, deb qoldi.
Gulnor kampir unda yosh va chayir edi. Kenjasini yetaklab boqqa bordi: “Bir qopni sen velosipedingga ortasan, bittasini men orqalayman”. Baland-baland daraxtlarga chiqib olma terish oson bo‘lmadi. Ikkinchi qop to‘lay deb qolganda agronom kelib qoldi va o‘g‘lining yoqasidan tutib baqira ketdi:
– Hoy, muttaham! Nima qilyapsan?! Hozir milisa chaqirib, qamoqqa tiqtirib yuboraman, – tepada qaltirab o‘tirgan Gulnorga ko‘zi tushib, battar baqirdi. – Pastga tush, xudbin! Odamlar bolasini to‘g‘ri bo‘l desa, sen birgalikda o‘g‘irlik qilyapsan.
Gulnor qaltirab-qaltirab daraxtdan tushar chog‘ida shoxcha lozimini ilib yirtib yubordi.
– Opa, pulini to‘laymiz. O‘g‘lim Rossiyada o‘qiydi, shunga berib yuboraman degandim.
– Puling boshingdan qolsin, iflos! Sendaqalar dastidan xo‘jalik abgor!..
Gulnor har qancha yalinsa ham agronom ayol xovrini bosmadi. Baqirgancha og‘ir qoplarni yugurdagiga ko‘tartirib jo‘nadi. Gulnor esa bo‘m-bo‘sh qo‘l, ko‘zlari to‘la yosh va rangi qumdek oqarib ketgan o‘g‘li bilan qoldi. Sal o‘tmay qo‘shni kelib uzr so‘radi:
– Xafa bo‘lmang, hamsoya, o‘zi sal…
Gulnor hech narsa demadi.
– Sizlar boraveringlar. Kechga yaqin o‘zim picha eltib beraman.
– Yo‘q!..
Haqiqatdan hozir Gulnor uchun hech nima kerak emasdi. Tezroq yolg‘iz qolish va o‘kirib-o‘kirib yig‘lab olishni istar edi.
Ular qorong‘i tushguncha bog‘da qolib ketishdi. Gulnor pochasi yirtiq holda qishloq oralab yurishdan uyaldi.
Albatta, bu kunlarni kenjasidan boshqa hech kim eslamaydi.
To‘ng‘ichlar osmondan o‘zlari shunday toparman-tutarman bo‘lib tushganday yurishadi. Kelinlar esa ularni molu dunyosi bilan yaratib qo‘ygandek muomala qilishadi. Ayniqsa, bosh kelin gaplariga chidab bo‘lmaydi: “Tushimda deng, tandir-tandir non pishirayotgan emishman. Darrov sadaqa chiqardim. Uch kundan so‘ng boshqarmaga ko‘tarilib ketdi. O‘g‘lingiz ham doim “sen bilasan, onasi” deb minnatdor bo‘ladi”. “Sendan emas, allohdan minnatdor bo‘lsin” deb, yuz yirtadigan odam kerak. Gulnor kampir esa indamaydi. Dilxiralik nimaga kerak?
Gulnor kampir oxiri ahd qildi: “O‘rgangan bovurim” deb shu kambag‘al o‘g‘limga jabr qilib yotmay, navbat bilan boshqa o‘g‘illarnikida ham turayin. Ularni ham oq sut berib boqqanman, o‘qitganman, uylantirganman!..
Ertalab to‘ng‘ich o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qildi:
– Bolam, menga mashina yubor. Zerikdim.
– Yest, onajon!
Kelin qaynona ortidan kirgan latta tugunni ko‘rib hayron bo‘ldi. Tili uchginasida qirg‘oqqa chiqib qolgan baliqday pitirlab turgan savolni bijildoq kichik qizi berib qo‘ya qoldi:
– Momo, bu nima? Biznikiga ko‘chib keldingizmi?
– Ha, bolam.
– Ur-r-ey! Endi biznikida yashaysizmi?
– Ha, shunday.
Qaynonasini ko‘rib: “Endi butun kunim qosh-qovoqqa qarash bilan o‘tarkan-da”, deb ensasi qotib o‘tirgan kelinning bu gapdan so‘ng tamom mazasi qochdi.
– Bor, bir ro‘mol olib kel, boshim yeb borayapti, – darhol ro‘molni peshonasiga tang‘ib oldi. – Voy, boshim!
Onasi buyrug‘i bilan bolalar dasturxon tuzashdi.
O‘g‘il esa ko‘rpachada yonboshlab, qo‘yniga kirgan qizchasini erkaladi. Buni ko‘rib, xotini qahrlandi:
– Hey, menga qarang, ish kiyim bilan cho‘zilib olmang, turing, ishingizga boring.
O‘g‘il xotiniga hech narsa demay, qizini erkalay-erkalay qo‘zg‘aldi.
Kampir hayfi kelib o‘y surdi: “Ay-y, odamzod-a! Buncha tor bo‘lmasang. Shu kampir tug‘ilib o‘stirgan o‘g‘ilning soyasida boybichcha bo‘lib yuribsan. Necha yilda onasi tugun ko‘tarib kelsa, birdan isitmalab qolasan”.
Kelin bosh og‘rig‘i bir hafta tinmadi. Maqtanishdan jag‘i tinmasdi, kamgap bo‘lib qoldi va nihoyat yorildi:
– Uyda biron gap bo‘ldimi?
– Yo‘q! Ularning qo‘li yupqaroq, boshi ko‘p, bu o‘g‘illarda ham haqim bor, bir kenjanikiga yopishib yotavermay devdim-da.
– Kenjada bir siz emas, hammamizning haqimiz bor. U yashayotgan uyga biz ham sherikmiz, – necha kundan beri ichida buruqsab yotgan o‘t nihoyat og‘zidan chiqib ketdi.
Kampir nadomat bilan bosh chayqadi:
– U uyga biroving bir g‘isht qo‘yganing yo‘q. U uyni cholim bilan men qurganman. Uyimni kimga berishni o‘zim hal qilaman.
Shu bilan qaynona-kelin o‘rtasida bo‘lib turgan uzuq-yuluq so‘zlashuvlar butunlay barham topdi.
Ertasi kuni kechqurun o‘g‘liga dedi:
– Meni ukangnikiga olib borib qo‘y!
– Sodiqnikigami?
Kampir achchig‘i kelib g‘udrandi:
– Olimnikiga.
O‘g‘il ham, kelin ham jilla qursa ko‘ngil uchun “Nega? Biznikida turaversangiz bo‘ladi-ku” demadi, deyolmadi.
Kampir Olimjon uyida bir oy yashadi. Eru xotin kun bo‘yi ishda, kampir esa nevaralarini qo‘ridi. Avvaliga eru xotin rosa xursand bo‘ldi: “Endi bog‘cha ham, eshik-darvozaga qulf ham kerak emas”. Ammo keyin-keyin o‘g‘li ba’zan jerkib tashlaydigan odat chiqardi. Oxiri kampir ko‘nglidagini aytib soldi:
– Ha, o‘g‘ilboy, to‘shagim sasidimi deyman? Ovozing baland-baland chiqyapti. Agar shunday bo‘lsa, ayt, ketaveray!..
Olimjon ko‘nglidagi ayon bo‘lib qolganday xijolat tortib kuldi:
– Sizga birov keting deyaptimi? Onam deb ba’zan-ba’zan erkalik qilsak aybmi?
Bir oy deganda uchinchi o‘g‘il kelib, olib ketdi. Kampir o‘zicha “O‘g‘lim meni sog‘inibdi-da” deb o‘yladi. Olimjon qo‘ng‘iroq qilib “Momoyni olib ket, biznikida zerikib qoldi” deganini, Odil “Xo‘p aka, biznikida ham uch-to‘rt kun tursin” desa, “Senikida ham bir oy turadi, mana men bir oy qarab berdim”, deganini keyinroq kelinidan eshitdi.
– Bo‘lmasa, men boray. O‘g‘lim uch-to‘rt kun tursin degan bo‘lsa, kelganimga haftadan oshib ketdi, – dedi kampir astoydil taraddudlanib.
– Qo‘ying-e, – dedi kelin yolg‘ondakam xijolat tortib. – Siz kelib uyimiz to‘lib qoldi. Qaynog‘alarim ham hech kelishmas edi, sizning bahonangizda…
Ammo kunlar o‘tgan sayin kampir sababli qora beradigan mehmonlarga zo‘r-bazo‘r dasturxon yozilib, til uchi mulozamat ko‘rsatiladigan bo‘lib qoldi.
Bir kun kampirni ko‘rgani kenjasi qadam ranjida qildi. Ishdan horib qaytayotir shekilli, rangi o‘chib, lablari qotibroq turardi. Kelin ichkarida dam olayotganini bilsa ham chaqirtirdi. Kelin yuzini ham yuvmay ming malol bilan turib kelib, qaynisi bilan shunchaki so‘rashdi-da, kampirga xo‘mrayib qaradi.
– Ha, nima deysiz?
– Choy-poy qil.
Kelin indamay xonadan chiqib ketdi. Anchadan keyin dasturxon yozildi, arzon-garov qand-qurslar qo‘yildi. Ikki piyola bilan bir choynak choy paydo bo‘ldi.
– Ovqat yo‘qmi? – so‘radi kampir og‘rinib.
– Qolmagan, – kelinning qoshi chimirildi.
– Ovqat nima kerak, – dedi Sodiq xijolat tortib.
Yolg‘on gapni mehmon ham sezgan edi. Boya kampir oshxonaga kirib, ochiq qolgan qozon og‘zini yopmoqchi bo‘lganda tagida ovqat borligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. “Hali katta o‘g‘li maktabdan qaytgani yo‘q. Ovqatni shunga olib qo‘ygan. Bergisi kelmasa, muzlatkich to‘la tuxum, qovurib qo‘ysa, dunyosi tugab qolmaydi-ku”.
Kampir og‘ir xo‘rsindi.
– Onajon, uyga yuring, – dedi Sodiq javdirab. – Bolalar juda sog‘inishgan.
– Xo‘p, bolam, – kampir ko‘zlarini yumgan ko‘yi bosh irg‘adi.
– Taraddudingizni ko‘ring, hozir olib ketay!
– Sen boraver, bolam, akang kelsin, mashinasi bilan eltib qo‘yadi.
Kechqurun Odilbek oldida ona o‘zini tutib tura olmadi:
– O‘g‘lim, bu yerda ham izzatimiz bitdi shekilli.
– Tinchlikmi?
– Bugun ukang kelgan edi, xotining ikkita tuxumga arzitmadi!..
– Siz aytdingizu qovurib bermadimi?
– E-e! Aytishim shartmi? Ko‘rib turibdi-ku, ishdan ochqab kelayapti.
Odilbek jahli chiqib sayradi:
– E-e, ona, shuningizni to‘q kuni bormi? Sizning ko‘nglingizni deb hamisha qarashib kelaman. Lekin to‘ymaydi, doim och. Bir umr shuni g‘amini yedingiz, nafaqangizni shunga berasiz, uyida yashab, cho‘riligini qilasiz. Endi, hech bo‘lmasa menikida yashayotganda shuni o‘ylamang. Lapashangligi uchun biz aybdormi? Hadeb xafa bo‘lasiz? Yana nima qilay? Uyimning to‘ridan joy berib qo‘yibman, yeb-ichib o‘tiribsiz.
– Uyingning to‘ri o‘zingga nasib qilsin, bolam, – kampirning rangi oqarib ketdi. – Mayli, hozir ishdan charchab qaytgansan chog‘i, lekin ertaga ertalab ola ketasan.
– E-e, ona!..
Kampir shu oqshom tuguvli turgan tugunini qayta tugdi. Samandarnikiga borishni istamadi. Bir ota-ona o‘n o‘g‘ilni boqadi, o‘n o‘g‘il bir ota-onani boqolmaydi deganlari shumikin? Esiz, besh o‘g‘il tuqqan, besh o‘g‘ilni o‘qitgan boybichcha-ya, “Ko‘nglingizda nima gap bor?” degan mehrga yo‘g‘rilgan savolni eshitmaganiga necha-necha yillar bo‘lib ketdi-ya. Esiz, alloh undan bir qiz farzandni ayagan ekan-a. O‘g‘illar ham o‘z kuniga o‘lmasin, qiz ich kuylak bo‘lardi-da. Ay, dunyo-ya!..
Kenja o‘g‘il uyda ekan. Odilbek mashinasi darvozaga ro‘para bo‘lishi bilan yugurib peshvoz chiqdi. O‘zicha xijolat chekib, bir qo‘li bilan onasining tirsagidan oldi, biri bilan tugunini ko‘tardi. Qadrdon, sarishta xonaga kirgach, kechadan buyon kampirning yuragini siqimlab turgan narsa g‘oyib bo‘ldi va yumshoq karavot sari yurdi.
– Kechirasan bolam, bir oz cho‘zilay.
– Mayli, bemalol.
– Ay, bolam-a! – Kampir ko‘zlarini yumib oldi, shu yotishida o‘ylayaptimi, uxlayaptimi anglash qiyin edi. Anchadan so‘ng horg‘in pichirladi. – Mayli, shunisigayam shukur.
Kampir boshqa gapirmadi. Kechki ovqatga ham turmadi.
Sodiq akalariga bir-bir qo‘ng‘iroq qildi.
– Onamizning tobi yo‘q, hech narsa yemayaptilar!
– Kecha Odilnikida soppa-sog‘ o‘tirgan edi-ku.
– Odilning xotini bir narsa degandir-da.
Har qaysisi har narsani ro‘kach qildi. Biri ishdan charchab kelgan, birining mehmoni bor, yana biri choyxonaga chiqishi kerak ekan… Hammasi ertaga ertalab ishga ketishda bir yo‘la xabarlashib o‘tishini aytdi.
Tongga yaqin kampir uzildi. Dunyo birdan huvullab qolganday bo‘ldi.
Avval oqshom bir og‘iz gap bilan yetib kelgan yolg‘iz singil faryodi olamni tutdi.
– Besh o‘g‘illi boybichcham,
Suyunganim opam-ov,
Topolmayin bir dardkash,
Kuyunganim opam-ov.
Shunday kunda yuragim
Tilindi-ku, opam-ov,
Bir qizingni yo‘qligi,
Bilindi-ku, opam-ov…
Saldan keyin boybichcha yotgan xonada besh o‘g‘il baravar “Onam-ey!..” – deya uv torta boshladi…