Erta bahor edi.
Ko‘ngil bog‘imdan bir nihol unib chiqdi.
Namxush, qoramtir tuproqdan ipdaygina bo‘lib osmonga – bulutlar diyoriga bo‘y cho‘zmoqqa chog‘langan bu jajji jonga avval-boshda ko‘p e’tibor qilganim yo‘q. Bog‘ katta, gullar ko‘p, shu ojiz vujudning yonginasida karnaygul tarvaqaylagan, uning naryog‘ida yoshli ko‘zchalarini gulbarglari ila pana qilgancha namozshomgullar yastanishgan, so‘ngroqda esa qizil, sariq, ko‘k, pushti ranglarning to‘fonini hosil qilib beorgullar barq urgan edi, uyog‘ida esa pechakgullaru atirgullar bori tarovatini ko‘z-ko‘z qilib bezangan, yastangan, o‘rlagan, chirmashgan, xullas – yashar edilar.
Bu jajji niholcha katta bir kesak yonidan unib chiqipti. Shu qadar qo‘pol, g‘adir-budir makonni tanlaganiga hayron qolasiz. Ipday gavdasi bilan hatto kesaktog‘ni xiyol o‘rnidan jildiripti ham – qaysargina, o‘jargina, o‘zbilarmongina ekan bu niholcha.
Bir-ikki kundan keyin yomg‘ir yog‘ib, kesaklarni ivitib yubordi, ular loyqa-bo‘tana bo‘lib, gulcha poyiga yastandilar. Osmon judayam baland, ko‘m-ko‘k.. g‘alati edi, bu navnihol osmonga mahliyo bo‘lgani boismi, shundan keyin biram gurkirab o‘sdiki, asti qo‘yaverasiz. O‘sgani sayin o‘z tarovatidan o‘zi mast bo‘ladi: goh nozik nimyashil yaproqlarini yoyib yuboradi, goh bir himranib, beshbattar o‘jar bo‘lvoladi. O‘zi mittiginayu tikonchalariyam bor. Bu tikonchalar hali qotmagan, sanchilish uyoqda tursin, qadalsayam qayrilib ketadi, ammo bu bog‘ qaysari yaqinlashgan jon zotiga tikanlarini ko‘z-ko‘z qilishini qo‘ymaydi.
Shu qadar ajoyib, xush bir gul. Bir oy o‘tib-o‘tmay, ikkita g‘uncha tugdi – g‘unchasiyam ajib: yashil to‘n kiygan, to‘nining ostidan pushti qabosi xiyol ko‘rinib turipti, qaboning chetlari nozik naqshlar bilan munaqqash bulgan. Bunday libos olamdagi hech bir gulda yo‘q.
– Ertaga qushchaga aylanib uchib ketib qolmaysizmi? – deb so‘rab qo‘yaman erkalab.
U mag‘rur, o‘ziga juda bino qo‘ygan – javobni-da ravo ko‘rmaydi.
Tarvaqaylagan karnaygullarni, joy tanlamas beorgullarni yomon ko‘rdim. Ikkitasini tag-tugi bilan kesib tashladim. Natijada qaysarim tegrasi ancha kengaydi. Ertasiga atirgullarning nariroqqa surilib olishganini ko‘rdim – ular hamma narsadan ham o‘z jonlarini asrab-avaylashlarini men bilmasam ekan?!
O‘jarim atrofida hur-hur yellar aylanisha boshladi. U esa bularga parvo ham qilgani yo‘q – g‘unchalari ozod, gulbarglari tik, qomati adl – hamon o‘ziga-o‘zi mahliyo.
Shu gulni yaxshi ko‘rib qoldim.
Biram qizg‘anaman deng. Hali ochilmagan g‘unchalari isidan mast bo‘lib g‘o‘ng‘illayotgan asalarilarni ko‘rsam ham tepa sochim tikka bo‘lib ketadi. Goh-goh nariroqdagi karnaygul bargiga potmachumchuqmi, to‘rg‘aymi kelib, o‘zining sahroyi qo‘shig‘ini kuylab qoladi. Bundan battar achchiqlanaman. Yana kulib ham qo‘yaman: ho‘v nodonlar, buning qanaqa qaysar, qanaqa o‘jarligini bilsalaring, yuz chaqirim naridan qochardinglar, deyman.
O‘zi-ku bir gul, bir shirin xayol, ammo musiqani ham yoqtiradi! Buni tasodifan payqab qoldim. Ayvonda eski bir radio bor edi. Shuning qulog‘ini burasam, qitir-qitir etib turdi-da, birdaniga ovozi tiniqlashib, «Cho‘li Iroq»ni kuylab yubordi. Bog‘ni shu kuy tutdi. Sahnni aylanib, qaysarim yoniga keldimu lol qoldim: mung‘ayib olipti! Nozik bandlarida mitti-mitti tomchilar… O‘ksinibgina turipti…
– Bu qanday kuy?! – deb shivirlaydiyu battar o‘ksinadi.
– Bir ozgina dunyo g‘ami… – deb sharhlab qo‘yaman men.
«Cho‘li Iroq» battar faryod uradi, girya qiladi, gulim esa motamsaro, g‘amzada, yaproqlariyu ochila boshlagan g‘unchalari, butun vujudi dir-dir titraydi.
Naqadar munis, naqadar ma’yus… G‘am chekib turgan chog‘idayam shunchalar mas’uma, latif ko‘rindiki, o‘zimni tutolmadim, engashdim-da:
– Men sizni sevaman! – deb pichirladim.
Pichirlab ne zaril edi? Titrab turgan vujud yana adl bo‘ldi, g‘unchalar yana baland ko‘tarildi, yaproqlar rostlandi, bechoralikdanu o‘ksinishdan asar ham qolmadi. Ammo lom-mim demadi – so‘z qotishni-da o‘ziga ravo ko‘rmadi. Men-da indamadim, izhori dilimdan pushaymon bo‘lib, ayvonchaga qaytdim.
Gulga dil berib ne malomat istab eding? Odamsan, odamga ko‘ngil qo‘ysang bo‘lmasmidi, deymanu qalb chirqiraydi: «Olamda bunday gul tag‘in bormi? Bunday dil tag‘in bormi? Bir daf’agina mening ra’yimga boqsang-chi, sohibim?!»
Bu nadomatlarning sababchisi esa hanuz mag‘rur, hanuz kibor! «Cho‘li Iroq» g‘amidan ming to‘lg‘anadiyu yonginasida shu kuyni ortda qoldiradigan dil dardidan go‘yo bexabar!
* * *
Bahor adoqlab, yoz keldi. Karnaygullar battar tarvaqaylab, yonlaridan ikki-uch bachki shoxchalar chiqarib yubordilar. Namozshomgullar qartaydi, beorgullargina hanuz ranglari aynigan gulbarglarini beorlarcha yoyib turaverdilar.
Mening gulim o‘zgarmadi! Mening gulimning tarovati yanada ortdi! Mening gulim hanuz kiborligicha qoldi!
Shundagina razm solsam, bir paytlar atrofida girdikapalak bo‘lgan asalarilar allaqachon atirgullarga yopishib olishipti, potmachumchug‘u turg‘ayto‘ralar karnaygullarga oshiq bo‘pti – o‘zlariyam semirgan, barglarning ulkan gulvaraqlari orasidan turib, tahdidli sayrab qo‘yishadi.
Mening gulimning esa yangi oshiqlari paydo bo‘pti. Tong payti qarasam, subh o‘zining nozik qizg‘ish shafag‘ini yoyib, bir nimalar deb sirli pichirlayotir. Peshin mahali qarasam, qaynab-toshgan quyosh o‘zining haroratiga o‘zi chidayolmay, ishq otashidan so‘zlayotir. Shom mahali qarasam – zanjivachcha oqshom o‘zining iztiroblarga to‘la dil daftarini sahifa-sahifa ochib qo‘yipti. Xufton mahali qarasam, yulduzlarning biri olib, biri qo‘yib, gulim tevaragida jivirlashayotir.
Ammo mening gulim kibor-ku! Birovigayam parvo qilgani yo‘q!
– Siz yagonasiz! – deb shivirladim unga. – Agar ko‘yingizda jon bersam, tanim xoki poyingizga yoyilsa, xushbaxtlikdan tag‘in tirilarmi edim?
Gulim g‘unchasini men tomon xiyolgina egib, minnatdorligini anglatib qo‘ydi. Bu baxt, bu saodatni qay til birla bayon aylay?
Ko‘ngil obod bo‘ldi…
* * *
Yoz juda issiq keldi.
Mening gulim hissiyotlarga juda ta’sirchan, band-bandigacha pokizalik bilan to‘lug‘ edi. Bu ne saodatki, bog‘dan bir lahzaga bo‘lsa-da, tashqariga chiqishni istamasdim. Oylab-yillab shu ma’suma qoshida o‘tirgim kelaverardi.
Olamni shu qadar tiniq, sof deb bilar ediki, bundayin tiniqlikdan mening odamiy ko‘nglim lol qolar edi. Shuning barobarida undagi kiborlik uyat bilan, mag‘rurlik tortinchoqlik bilan qorishiq edi – qarshisida soatlab tiz cho‘kib ko‘ngil sharhidan so‘zlaganimda, och qizg‘ish gulyaproqlari yanayam qizarardi, gulkosasi quyi egilardi, shunda tevarakka anvoyi gul bo‘ylari taralib ketardi. Bu ilohiy ishqning o‘zginasi edi – axir, gulni faqat sevish, sevish mumkin, xolos. Ahyon-ahyonda tentirab o‘tib qolguvchi beqaror sabolardan-da tortinar edi u. Sabolarning g‘iybatchi ekanini esa men ham yaxshi bilar edim.
Karnaygullar battar xunuklashib, tarvakaylab-so‘lib borar, mening gulim esa ko‘z o‘ngimda ochilgani sayin tarovatga g‘arq bo‘lar edi.
Bu xushbaxtlik ta’rifini ifoda etishga haddim yo‘q. Farog‘at ichra ekanimni har onimda sezib turardim; bu tuyg‘ularning yuksakligi, najibligidan cho‘chirdim, gulimga termulib, negadir anduhga-da cho‘mar edim. Aqlim koyirdiki: «Nechuk farog‘atdan g‘am, xushbaxtlikdan musibat istayursan, nodon? Bo‘ylakim, musibatdan xushbaxtlik behroq turmasmi?» Ko‘ngil esa ezilib shivirlar edi: «Har quvonchning ortida anduh, har saodatning ortida g‘am yashirig‘liq emasmi?»
* * *
Yoz-da adoq bo‘ldi. Kuz keldi.
Bu kuzning oti Sayyod edi.
Sayyod o‘z ortidan xazon sipohini ergashtirib keldi.
Bu lashkarning nafasi sezilgani hamono karnaygullar taslim bo‘ldilar – ularning semiz tanalari qoraydi, barglari palaxsa-palaxsa bo‘lib uzilib tushdi, gulbandlari tuproqqa qorishdi. Beorgullar ham mahv bo‘ldilar, atirgullar yaproqlarini to‘kib, shumshayib qolishdi, pechakgullarning ozg‘in, uzun tanalari sarg‘ayib, cho‘zilib yotdi.
Vido onlari yuz ko‘rsatmakda ekanini ikkimiz ham sezar edik. Endi olamning eng ko‘hna kuyini boshqa cholg‘uvchi – Sayyod chalmakda edi, bu kuyning-da oti «Cho‘li Iroq» edi.
Atrofdagi bor gullaru maysalarni sovuq urdi, kurmaklar allaqachon xazonga yuz tutdi, ajriq poyalari qorayib, hilvirab qoldi. Mening gulimgina Sayyod lashkarining to‘foni aro hamon adl, hamon mag‘rur, ifor sochib ochilib turaverdi. Sovuqdan qunishganimcha gulim oldida tiz cho‘kib, chashmimdan ashkim potrab otilaverar edi: men uni jonimdan-da ortiq suyib qolgan edim! Men usiz yasholmasdim! Gulim esa meni shivirlab yupatar edi…
Hademay qirovlaru bulduruqlar tushdi. Mezonlar ham ortiq uchmay qo‘ydi.
Bir kuni kech mahali…. gulimning meni chorlayotganini eshitdim. Oh, bu ovoz!.. Undagi iltijo, umid, ilinj, muhabbat!.. G‘amu xavotir ichra chaqnoq bir zarra kabi bo‘lib, otilib qoshiga bordim. Sayyod, bu makkor, dog‘uli Sayyod o‘zining azaliy ishini ado etgan, nigorim bu battol qo‘shinining qutqusiga dosh bera olmagan edi.
Sayyodning gumashtasi – qirg‘iyak shamoli boshim uzra g‘uvillab qahqaha otar, sochimdan yulqilar edi. Dunyoning o‘zi-da eng so‘nggi kuyni chalmakda, butun borliq alvido aytib, shu zavol girdobiga cho‘mmoqda edi. Nechun men odam bo‘lib yaraldim? Nechun bir maysa bo‘lib yaralmadim, mas’umam bilan birga shu muzlagan zaminga bosh qo‘ymadim?
Shamolda gulimning nozik bandi singan edi. Shu holcha, tuproqqa qorishgan holicha ham suyimli, aziz, dilbar edi.
Vido! Vido! Olam hamon vido marsiyasini aytar edi.
Bu mozoriston boshida qancha o‘tirdim ekan? Chunon behudligimdan subhu shomimni bilmasdim. Ketib aql vujudimdan, puxtayu xomimni bilmasdim. Bu yo‘lda misli Majnundek saranjomimni bilmasdim, ajalmi-obi hayot – sipqargan jomimni bilmasdim… Ko‘zimning yoshlari gulim bandining singan yeriga tomar, har tomganida mas’umamning xazon vujudi bir titrar edi…
Alhol, g‘amdan ko‘zlarim ochildi. Sarvdan tobut yasab, guldan kafan bichdimu qaysarimni bog‘im to‘riga dafn etdim. Bir marmartosh topib, unga yuragimning qoni bilan shunday bitiklarni bitdim:
«Bu lavha bir dilporadan husn sanamiga yodgordir.
Ayo charx, etting ortiq jabr bunyod,
Ko‘zim yoshlig‘, dilimda qoldi faryod,
Hayotim lolazoridin ayurding,
Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding…»
Ostiga esa shunday deb yozdim:
«Bunda madfun Kumushbibi binti Marg‘inoniy, tarixi tavalludi 1248, vafoti 1269 hijriy, jumodul-avval»
* * *
Dil bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi.
Endi men ne aylay? Bu dil bilan qayga boray?
Bu ne bog‘ki, ishqi boru sanami yo‘q?
Bu ne saltanatki, fuqarosi bor – podshohi yo‘q?
Bog‘ endi ship-shiydam, huvillagan, mag‘lub xazonlar uzra faqat Sayyod, battolu qattol Sayyod shumshayib kezar edi, xolos.
Alhol, ko‘nglimni shunda qoldirdimu o‘zim Otabekka qo‘shilib, Qo‘qon xonining amirlashkari, qo‘rboshi Qanoatshoh qo‘shini bilan shahid bo‘lmoq uchun ketdim…
1994