Isajon Sulton. Manzil (hikoya)

(Iqbol Mirzoga)

Bu yo‘limizning chek-chegarasi ko‘rinmaydi. Mo‘jazgina karvonimiz goh taram-taram tog‘lar silsilasiga duch keladi, goh buloqlaridan ko‘z yoshi singari tiniq suvlari oqib yotgan go‘zal bog‘li vohalarga kirib boramiz. Goh esa qarshimizda yastanib yotgan bepoyon sahro namoyon bo‘ladi. Ulovlarimiz toliqqan, o‘zimiz ham ozib-to‘zib, bir ahvolga tushib qolganmiz. Shunga qaramay, tunlari omonat chodir tikib tunaymizu tong otar-otmas tag‘in yo‘lga otlanamiz. Goho esa kunduzlari dam olib, kechalari yo‘l bosamiz.
Hamrohimiz— daydi shabada, yo‘l ko‘rsatuvchimiz — yulduzlar.
Har doimgidek, oldinda og‘amiz borayotir. Uning bir mahallar alpday bo‘lgan gavdasi endilikda oldga egil-gan, quvvatsizlangan. Nigohini ufqdan uzmaydi.
Uning ortidagi Muslim o‘z o‘y-xayollariga berilib ot ustida chayqaladi. Vatanimizda uning o‘n besh kunlik oydayin to‘lin mahbubasi qolgan. Xayolchanligi shundan.
Undan keyin Muhammad borayotir.
Eng kichik hamrohimiz — Abdulla esa ot ustida o‘tirganicha mudraydi. Yo‘lga chiqqanimizda u yosh bola edi. Safar davomida ko‘zlaridagi bolalarga xos ifoda qat’iyat va o‘ychanlik bilan almashdi. Yuzi cho‘zilib, peshanasiga ilk chiziqlar tushdi.
Bu manzil tomon bizlar ko‘p yillar avval yo‘lga chiqqan edik. Safardoshlarimiz ham ko‘p edi. Safarimizning ikkinchi yili, yo‘limizda gullab-yashnagan bir vohaga duch kelganimizda, odamlar bizning qay manzil sari yo‘lga otlanganimizdan voqif bo‘lishib, o‘z pod-shohlariga ro‘para qilishdi. Podshoh bizlar bilan taxtidan tushib ko‘rishdi, keyin: «Sizlar borayotgan manzil sari bu yerdan ko‘p odamlar o‘tishdi, ammo na manzilga yetganliklarini eshitdik, na qaytganlarini ko‘rdik. Yaxshisi., mening mulkimda qolinglar, obro‘li mansablarga tayin etayin, farovon hayot kechiringlar», deb ko‘p qistadi. Oxir-oqibat bir necha safdoshimiz bu taklifga ko‘nib, o‘sha vohada qolib ketishdi. Bizlar esa olg‘a intildik.
Safarimizning beshinchi yili ulkan bir sahroga duch keldik. U yerning odamlari bu sahroning oti Hazramavt ekanligini, o‘lim sahrosiligini aytishdi. Darhaqiqat, sahroning qumlari qop-qora, o‘z-o‘zidan to‘zon ko‘tarilib turar edi. Uning vahmi cho‘chitgan ikki-uch hamrohimiz ortga qaytishga ahd qilishdi. Bizlar esa yo‘limizdan qaytmadik. Buni qarangki, ochlik, tashnaligu toliqishni hisobga olmaganda, bu biyobonda hech qanday balo bizlarga daf qilmadi. Eson-omon ilgarilab boraverdik.
Yana ancha yo‘l bosganimizdan keyin tog‘lar bilan o‘ralgan bir vodiyga kirib bordik. Ko‘llari shishaday tiniq, odamlari g‘oyat go‘zal edi. Qeyin bilsak, bu yurtning oti Ko‘hi Qof ekan. Bular esa, odamzod emas, parilar ekanlar. Ayollari shu qadar fusunkor edilarki, boshqa joyda bunday husnni ko‘rmaganmiz. Ular ham qay manzil tomon borayotganimizni eshitishib, yo‘ldan qaytarishga rosa urinishdi, qolinglar, Guliqahqah bilan Gulianbar eng yosh joriyalarini ixtiyorlaringizga berishsin, umringizning so‘ngigacha rohatda yashang, deb tavallo qilishdi. Ancha-muncha hamrohlarimiz u go‘zallarga oshiq bo‘lib, o‘sha yerda qolib ketishdi. Bizlar esa olg‘a, faqat olg‘a intilaverdik.
Qeyinchalik yo‘limizda bunday vohalar, vodiylar uchramay qo‘ydi. Hammayoq bir xil tusdagi yantoqlaru sho‘ralar yakkam-dukkam o‘sib yotgan taqir yer. Pastak-pastak butalar oralab o‘tib borayotirmiz.
Diydamiz qotib, ko‘ngillarimiz ham tosh bo‘lib ket-di. Tevarakdagi manzaralar dilni to‘lqinlantirmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Avvallari olis-olislarda qolib ketgan diyorimizni ko‘p qo‘msar edik. Endi esa, bu tuyg‘u zaiflashib, deyarli unutilgan. Muslim ham endi mahbubasini eslab, xayollarga berilmaydi, nigohi qattiqlashgan, iyagida qaysarlik chuqurchasi paydo bo‘lgan. Kunduzlari tinimsiz yo‘l bosamiz. Tunash uchun otdan tushganimizda esa, yuraverganimizdan yer ham tinimsiz chayqalib turganday tuyuladi. Apil-tapil ovqatlanamizu qoq yerga cho‘zilib, shu zahoti toshday qotib uxlab qolamiz.
Kichkina Abdullamizgina bundan mustasnyu. Yoshligiga borib, goho-goho quyosh botayotganida sahro adog‘idagi shafaq yog‘dusining o‘yiniga hardamxayol termilib qoladi. Rangi o‘zgarayotgan osmon, nurlarning jilvalari uning yodida qandaydir aziz xotiralarni uyg‘otadi shekilli. Avvallari bunday manzaralarga termulganida qora ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lar edi. Hozir unday emas. O‘ychan tortib qoladi, xolos.
Olg‘a, faqat olg‘a! Tuyg‘ular o‘tkinchidirlar. Boyliklar bebaqo, go‘zallar bevafodirlar. Intilayotgan manzilimizda bizlarni misli ko‘rilmagan mo‘jizalar -kutayotir. U yerda har birimizning ismimizga zarb etilgan tilsim qopqalari bor. Bu qopqalarning halqasidan tutib, ismimizni aytsak bas: tilsim ochiladi. Bu xazina egasining har qanday istagi o‘sha ondan boshlab, aytilgan zahoti amalga oshadi. U manzilga yaqin qoldi. Yurak sezayotir — juda yaqin qoldi…

* * *

Nihoyat, bizlar oralab borayotgan bu g‘alati sahro tugab, ummonga qo‘shilib ketgan joyida tilsim tog‘ini topdik. U ulkan, ulug‘vor, g‘oyat go‘zal edi. Billurdan bo‘lib, tungi yulduzlarning yog‘dusida qoramtir tusda xiyol jilolanar, bag‘rida turli ranglar tovlanib, goho sirtida ham akslanib o‘ynar edi.
Deyarli umr bo‘yi izlaganimiz — Tilsim vodiysig Tilsim tog‘i mana shu edi. Bu tog‘ning qopqalarida har birimizning ismimiz bitilgan halqachalar ham xiyol nur taratib, o‘ziga chorlardi. Uvishib qolgan oyoqlarimizni bazo‘r bosib, tog‘ sari yurdik. Toshchalarni shiqirlatib, kichkina Abdulla birinchi bo‘lib chopganicha qopqalar yoniga yetib bordi-da, bir nimalar deb qichqirdi. Uning nimalar deganini anglamadik, anglaydigan alpozda ham emasdik.
Tog‘ bag‘rida qopqalar ko‘p edi. Ular vaqt o‘tishi bilan qoraygan, qadimiy bitiklari va Sulaymon payg‘ambarning muhri o‘cha boshlagan, halqalari ham eskirgan, ammo metin-mustahkam turardi. Undagi ismlar bisyor edi, ammo halqalarda men yo‘lda qolib ketgan do‘stlarimiznint ismlarini ko‘rmadim. Shunda bu tilsimning bir hikmati yalt etib miyamda chaqnadi: demak,. ismlari bu yerda yo‘qligi uchun ham ular yo‘llarda qolib ketishgan ekan-da?
Hammamiz har yonga tarqalib ketdik. Men o‘z ismim yozilgan halqani topdimu qarshisida harakatsiz, jim turib qoldim. Samoda olis yulduzlar miltiraydi. Vujuddan mador ketgan, ko‘ngilning o‘tlari so‘ngan, g‘ayrat susaygan… Ammo tilsim tog‘i azim, buyuk, ulug‘vor, sirtida butun olam aks etayotir.
Yurak gup-gup ura boshladi. Hozir halqani  tutamanu ismimni aytaman. Momaqaldiroq gumbirlab, chaqmoq chaqnaydi, qadimiy tilsim zanjirlari uvalanib to‘kiladi, qopqa ochilib, bir yo‘lak namoyon bo‘ladi. Yo‘lak to‘ridagi yillar changi qoplagan tokchada eski bir chiroq bor. U qo‘lga olinsa bas — har qanday istak aytilgan zahoti ro‘yobga chiqadi.
Buning isboti sifatida qopqaga shunday bitiklar bitilgan:
«Ushbu xazina Tangrimning qullaridan birining ismiga tilsimlangandir. Yaratganning sifatlariga qasamki, bu tilsimning egasi, men — Palbos otlig‘ jin, sohibimni buyurgan yeriga ko‘z ochib yumguncha yetkazib boraman. Olam boyliklarini oyog‘i ostiga to‘kaman. Istagan yurtiga podsho etaman. Qurtu qushlar va hayvonlar tilini o‘rgataman. Olamning barcha go‘zallarini sohibimning izmiga bo‘ysundiraman. Men faqat Tangrimning oldida va u belgilagan qazoyu qadar qarshisidagina ojizman…»
Tog‘ning chuqur bag‘rida bir shu’la yilt etdi, nurlar o‘ynab, halqaning sirtida o‘z aksimni ko‘rdim. Undan yillar :yuziga ajin bo‘lib muhrlangan, qaddi egilgan, nigohi xiralashib, ruhi zaiflashgan bir odam jim boqib turar edi.
Daydi shamol  ohista  esar,  yulduzlar behis jimirlar edilar. Qopqadagi bitiklarning ma’nisi ongimga lsta-sekin o‘yilib kira boshladiyu afsus va pushaymondan qichqirib yuboray dedim.
Nega? Nega bunday bo‘lib chiqdi?
Bu afsonaviy tilsimning karomati shugina xolosmi?
Yillar davomida tosh-metin bo‘lib ketgan qalbimdan kuchli bir bo‘ron ko‘tarilib keldi.
Axir, bu tilsim hadya etajak mo‘jizalarni bizlar .yo‘llarimizda qoldirib kelmadikmi?
Axir, bu safarga otlanganimizda har qanday is-takni amalga oshirishga yetarli g‘ayratimiz bor emasmidi?
U iznimizga beradigan go‘zallarning afzallarini Ko‘hi Qofda ekanimizdayoq rad etib, shu tomon oshiqmadikmi?
U baxsh etadigan lug‘at — qurtu qushlar tili menga bolaligimdayoq tushunarli emasmidi? Yalpizga qo‘nib turgan oltin ninachilar bilan soatlab suhbatlashmasmidim?
Yo‘q, ko‘zimga yosh kelmadi. Ammo jon-jaxdim bilan halqani maxkam qisimlab turib qichqirdim:
«Tag‘in, tag‘in nimalarni hadya eta olasan, ey Sulaymon payg‘ambar muhri ostidagi zot? Seni deb kechgan umrimga — osmoni feruza, quyoshi nafis, suvlari kumush, yoqut qushlari shodon sayragan bolaligimga qaytara olasanmi hech yo‘qsa? Senga intilgan yo‘llarimda sochilib ketgan, endilikda men abadiy yo‘qotgan tuyg‘ularimni ko‘nglimda yana qayta bino eta olasanmi? Qadimiy tilsim degan nomingga munosib nimalarni baxsh eta olasan, ey sukunat diyorining tutqun podshosi?»
Billur tog‘ sukutda, sassiz-sadosiz,  oysiz  osmonga bo‘y cho‘zganicha yuksalib turardi…
Dil huvillab, bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi.
Yo‘qotgan narsalarimizdan ko‘ra buyukroq, ulug‘roq, ajibroq mukofotlarni kutgan edik bu tilsimdan. Endi esa… u va’da etayotgan narsalarnint bari biz uchun keraksiz, hatto ortiqcha. U narsalar bizni yoshlik chog‘larimizda o‘ziga chorlab, maftun etar edi. Endi unday emas.
Endi…
Halqadan qo‘limni asta tortdim. Shu’lalar so‘ng bor o‘ynadi, silliq sirtdan menga umidsiz bokib turgan aksim qoramtir sathga singib ketdi.
Ortimga o‘girilib, beixtiyor qadam tashladim. Endi qayoqqa yursam ham axamiyatsiz edi. Faqat safar chog‘ida har qanday mushkul vaziyatda ham harakatdan to‘xtamaganimiz bois, o‘z-o‘zimdan otlar tomonga yurdim. Nariroqda tag‘in toshchalar shiqirladi. O‘z ismlari bitilgan tilsimlar tomon ketgan safdoshlarim ham boshlarini quyi egganlaricha ortga qaytmoqda edilar. O‘z dafinalariga kirishga ularning ham yuraklari dov bermagan edi.
Nahotki bu manzilga yetolmaganlar xushbaxt bo‘lsala r?
Bu savolga kim javob bera oladi? Tilsim tog‘i hamon jim… Yangi mehmonlarini kutib, beun ko‘kka bo‘y cho‘zgan…
Endi qayga yo‘l olaylik? Bu yergacha bosib kelgan yo‘limiz g‘oyat uzun, mabodo ortga qaytsak ham, vatanimizga yetib borgunimizcha, ortimizdan uchqurroq ot mingan boshqa bir suvoriy — ajal albatta quvib yetadi.
Oldga ketish ham ma’nisiz. Tandirning peshanamizga bitgan manzili shu. Boshqa manzil yo‘k.
G‘alati bu vodiyning oysiz osmoni ostida bir-birimizga sasskz termuldik.
Og‘amiz ot boshini ortga burdi.
Endi tamomila noumid, faqat to‘xtab qolmaslik uchungina yo‘l bosayotirmiz. Qayda otdan qulaymizu qayda so‘ng bor orom uyqusiga cho‘mamiz — noaniq.
Faqat…
Faqat Abdullagina bizlardan ancha tiyrak, nigohi o‘tkir, bilagi baquvvat, egarda shamshodday o‘tiribdi.
Yagona umidimiz sendan, Abdulla. Bizlar endi bu yo‘llarda birin-ketin qolaveramiz. Faqat sengina yetib borishing mumkin vatanimizga. Yetib borishing shart ham. Bizlarga nima bo‘lsayam hayallama, otingga qamchi ur. Bu yo‘llarda otdan qulasak, suyayman deb vaqtingni zoye ketkizma. Bu tilsim tomon yo‘lga chiqqanlar ko‘p. Uning haqiqatini ularga sengina yetkaza olasan.
Otingni qattiqroq qamchila, ukajon. Hozirning o‘zida bizlardan o‘zib, ufq ortida ko‘zdan yo‘qolsang ham mayli. Bizlar ko‘zda yosh bilan otdan yiqilarkanmiz, ortingdan termulib qolamiz. Toki sen ko‘zdan g‘oyib bo‘lar ekansan, begona bu yurtlar tuprog‘iga bosh qo‘yayotib, osmoni feruza, suvlari kumush, tuprog‘i oltin, kishilari xushbaxt vatanimizga yetib borganingni, yo‘lchilarga bu tilsimning haqiqatini yetkazganingni tasavvur qilamizu shu bilan bu yo‘llarga so‘ng bor tikilamiz va hech qanday tilsim baxsh etolmaydigan oromga — abadiy uyquga manguga cho‘mamiz…

1995