Isajon Sulton. Yigirma birinchi asrning sakkiz yashar bolasi (hikoya)

Vaqt shomga yaqinlashib qolgan edi.
Dunyoning bir burchida tug‘ilib, endigina sakkiz yoshga kirgan bolakay televizor tomosha qilmoqda edi.
Televizor hozirgina Germaniyada Paulo degan sakkizoyoqning olamdan o‘tganini ma’lum qildi. Butun olamni o‘rgimchak to‘riday egallab olgan telekanallarning mashhurlaridan biri – National Geographic dasturlaridan u sakkizoyoqlarning bor-yo‘g‘i uch-to‘rt yil umr ko‘rishini bilib olgan edi. Allaqaysi mamlakatda o‘tkazilayotgan futbol musobaqasida kimning g‘olib chiqishini butun insoniyatga aynan mana shu sakkizoyoq bildirgan, biroq,  afsuski, ikki soat oldin g‘aroyib jonzot jonini Haqqa topshirgan, eniyam, bo‘yiyam olti qulochlik ulkan shisha idish ichida hozir ifodasiz ko‘zlarini baqraytirib harakatsiz yotar edi.
Telekanallar uni salkam avliyo deb e’lon kilib yuborishdi, o‘tgan yilgi musobaqani ham u bexato aytib bergan edi. Yuzlab kishilar alvon yopinchiqli qutiga solingan sakkizoyoq jasadini tantanavor ko‘tarib borar, qayg‘uli musiqa chalinar, qisqasi, dunyoning turli burchaklaridagi minglab kishilar hozir uni so‘nggi yo‘lga kuzatmoqda edilar. Xiyol o‘tmay, alvon yopinchiqli quti dengiz suvlarida chayqala boshladi, to‘lqinlar uni odamlar tashlagan vido gulchambarlari bilan qo‘shib uzoqlarga – ummon qa’riga olib ketdi.

* * *
Bola boshqa dasturga o‘tdi, bu yerda Kolumbiyada ro‘y bergan suv toshqini ko‘rsatilmoqda edi. Yuzlab begona kishilar o‘z tillarida baqirib-chaqirishar, semiz bir ayol ho‘ngrab yig‘lar, onasining etagidan ushlab olgan sakkiz yoshlar chamasi bolakay kameraga angrayib qarab turardi.
So‘ng Afrikaning ekvatorga yaqin o‘lkalaridan birida ro‘y bergan voqea namoyish qilina boshlandi. Eti borib ustixoniga yopishib ketgan sakkiz yashar bolakay jizg‘inagi chiqib ketgan tuproq ustida zo‘rg‘a sudralib, qayoqqadir holsiz-holsiz intilmoqda edi. Ortda, katta bir tosh ustida bahaybat o‘laksaxo‘r qush unga qilt etmay qarab turardi. Surat ostida yozuv qalqib chiqdi: “Afrikaning kurg‘oqchil o‘lkalaridan biridagi bu bolakay hozir ikki chaqirim naridagi oziq-ovqat tarqatish markazi tomon emaklab bormoqda. Ortdagi o‘laksaxo‘r esa bolaning joni chiqishini kutmoqda…” Tantanavor bir ovoz mazkur fotosuratning xalqaro Pulittser mukofotini olganini ta’kidlar, bolaning taqdiri nima bo‘lgani esa noayon edi.
Keyingisida qanaqadir yapon professori kuyinib o‘z tilida gapirmoqda edi. Surat ostidan ingichka chiziq shaklida o‘tayotgan inglizcha subtitrlarni u bemalol o‘qidi: insoniyat texnologiyalar tahdidiga yo‘liqqani uchun u, o‘zining sakkiz yashar o‘g‘li bilan birga yaponlarning qadim syoppuku an’anasini ado etishini bildirmoqda edi. Syoppuku nimaligini bola bilmas edi, yonidagi kichkina kompyuterning tugmasini bosib ko‘rgach, angladi: o‘z joniga qasd qilish degani ekan.
Hozir telekanal yapon professorining tutumini shou-dasturiga aylantirib yubordi, bir qancha tillarda jar solayotgan suxandonlaru turli ranglardagi yozuvlar bugun soat to‘rtda amalga oshiriladigan o‘sha an’ananing juda qiziq bo‘lishini va’da qilar, tomosha qilishni tavsiya etar, “faqat biz bilan qoling!” deya bong urardi.
Keyingisida bir kishi butun insoniyatni Budda ta’limotlarini ado etishga chaqirmoqdaydi. Ortda yarim yalang‘och, semiz bir kishining ulkan tosh haykali ko‘rinib turar, uning tevaragi yosh bolalar bilan to‘la edi. Gapiruvchi qadimiy bir tilda nimalarnidir joni achiy-achiy uqtirarkan, shu asnoda turli tutatqilarini tutatdi, keyin haykal qoshiga borib, ora-sira bolalarga o‘girilgancha, ibodatni qanday ado etishni namoyon qila boshladi.

* * *
Bola keyingi dasturga o‘tdi. Unda qo‘rqinchli film namoyish etilayotgan ekan.
Qanaqadir tushunarsiz yo‘llar bilan tirilib, nima uchundir vahshiylashib ketgan g‘alati maxluqlar tiriklarga daf qilmoqda, aqlni shoshirar darajada kuchliligi va yanayam qo‘rqinchlisi – o‘lmasligi bilan qo‘rqitmoqda edi. Bola manzaralarni birpas tomosha qilib o‘tirdi-da, zerikdi. Bu qo‘rqinch voqealarda mantiq yo‘g‘iydi – ilmu fan kashfiyoti yoxud bo‘lar-bo‘lmas jodular natijasida tirilgan o‘liklar nima uchundir tiriklarni yeyishga juda-juda qiziqar edilar. Bola, mabodo o‘lgan kishi tirilsa, nima istashini o‘ylab ko‘rdi, ensasi qotib, boshqa kanalga o‘tdi.
Navbatdagisi – Space dasturi edi. Olti oydirki, uch fazogir zirhli fazo kemasining ichida, Yer atrofida vaznsizlik sharoitida yashamoqda edilar. Ular insoniyatga qarata, suvda suzgan kabi havoda suzgancha qo‘l silkitdilar, bola ham hazillashib qo‘l silkib qo‘ydi. Fazo kemasiga yondosh suzib borayotgan boshqa sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratda fazogirlar kemasining bir chetigina ko‘rinar, cheksiz shu bo‘shliqlardagi uch kishi insoniyat Vatanidan chetga chiqqani holda g‘oyat go‘zal va maftunkor Yerga mahliyo bo‘lib boqmoqda edilar. Biroq, go‘zalliklardan zavqlanishdan ham ko‘ra ularning muhimroq boshqa vazifalari boriydi: bu kishilar tuproq ostidagi neft konlarini fazodan izlash dasturini endigina tugallab, undan ham muhimroq boshqa dasturga – harbiy josuslik dasturiga kirishishlari lozim edi.

* * *
Keyingi dastur – TV-qimorxona ekan. Yuzlab kishilar muhtasham va shovqinli bir saroyga to‘planishgan, qichqirishar va baqirishar, pul tikishar, ko‘zlari hayajondan chaqnar edi. Yutuqqa katta pul qo‘yilgan bo‘lib, unga ega chiqadigan kishi umrining oxirigacha rohat-farog‘atga ko‘milishi va’da qilinmoqda edi. O‘yinnig halol va haqqoniyligini isbotlash uchun kechagi o‘yinda g‘olib bo‘lgan bir bolakayni ham studiyaga taklif qilishibdi. Dunyoning eng yosh millioneri hozir juda yaqindan ko‘rsatilmoqda edi. U sun’iy jilmayish bilan, ammo ko‘zlari javdiragancha tomosha ahliga qo‘l silkitardi. Yonidagi ota-onasi esa baxtiyorlikdan ko‘zlari chaqnab, shosha-pisha nimalardir der edilar. Bola tengdoshining juda-juda zerikkanini, siqilganini va charchaganini, yutuq-putuq uni zarracha qiziqtirmayotganini sezdi. Biroz achinish bilan qarab turib, yana boshqasiga o‘tdi.

* * *
Bu yerda bolalar o‘rtasida boks musobaqasi bo‘layotgan ekan. Ekvatorga yaqin mamlakatlarning birida o‘tkazilayotgan bu musobaqaga ham yuzlab kishilar to‘planishibdi. Mana, atrofi arqon bilan o‘ralgan ringga ikki bolakay chiqib keldi, zang chalingach, ular bir-birlariga tashlanib, shafqatsizlik ila do‘pposlashga tushib ketishdi. Sal o‘tmay, bittasining og‘zi-burni qonga belandi, tomoshatalablar esa urgan bolani olqishla, qiyqirib sakray boshladidar, bularning orasida oqbilak ayollar, yosh qizaloqlar va ularning otalari ham boriydi.
So‘ng Amerika sohillarida halok bo‘lgan yuzlab delfinlar ko‘rsatildi, sochlarini shamol yulqilayotgan, qo‘lida mikrofon tutib olgan o‘rta yashar bir kishi hech bir sababsiz halok bo‘lgan delfinlarning  cheki ko‘rinmas jasadlari aro bir nimalarni bezovtalanib gapirmoqda edi. Nima uchundir bu aqlli jonzotlar oilaviy halokatni afzal ko‘rishgan, bahaybat bu baliqlarning yonida kichkina murg‘akkinalari ham boriydi.
Butunjaxon texnologik kanali dunyoda qalinligi bir mikron bo‘lgan zirh kashf etilganini bildirmoqdaydi, olmosdan ikki karra mustahkam bu zirh ko‘zga ko‘rinmas darajada yupqa bo‘lib, yaqin kelajakda har bir odam terisining ostiga joylashtirilishi va shu tariqa, barcha kishilar zirhli himoyaga o‘tishlari mumkin edi. Yaponiyada esa gen o‘zgartirishlari orqali qush kabi sayrovchi kalamushlar olamga keltirilganligini aytardilar, haqiqatan ham chirqillovchi bu kalamushlar o‘z katakchalarda pitirlab sayramoqda edilar.
“Dunyo mutantlarga to‘lib bormoqda! – der edi diktor. – Bugun tevaragimiz sun’iy yurakli, sun’iy buyrakli va hatto sun’iy ko‘zli kishilar bilan to‘la, ular biz bilan yonma-yon yashamoqdalar. Yigirma birinchi asr – mutatsiya va misli ko‘rilmagan evrilishlar asri bo‘lajak!” deb xitob qilardi olim.

* * *
Bola bundan ham zerikdi. Pult tugmasini yana bir bosganida, ekran bir lipilladiyu tarixiy sahnalar ko‘rsatila boshlandi.
Ekranda to‘satdan qurollangan yosh bolalar paydo bo‘lganida, u qiziqsinib qarab qoldi.
Bu yerda bir dinning ikki oqimi urushmoqda edi. Berigi taraf, dushman yosh bolalarni o‘ldirmaydi deb ishongani bois, mingdan ziyod o‘n-o‘n ikki yashar bolani qurollantirgan, hozir bu bola askari dushman tarafga bostirib bormoqdaydi.
Qiziq lashkar edi bu:  shon-sharafli yurishni zafar ila tugallab, din uchun yo shahid, yo g‘oziy bo‘lishi lozim bu lashkarning ba’zilari goh kapalaklarning ortidan quvlab ketar, goh bir-biri bilan urishib qolar, kaltak yegani hatto “Otamga aytib beraman”, deb yig‘lar ham edi. Mana, ular qirdan o‘tdilar. Qarshilarida haqiqiy lashkar – dushman lashkari namoyon bo‘ldi. Bolakaylar lashkari esankirab, nima qilarini bilmay qoldi.
Kattalar askari ham po‘lat zirhli otlari, keskir nayzalari va manjaniqlarini jangga tayyor tutgani holda, hayratda edilar: jangga kirmay deyishsa, bu bolakaylarning ko‘zlarida savash uchqunlari alangalanib yonmoqda, kiray deyishsa – hali balog‘atga yetib-etmagan murg‘aklar…
Axiyri qo‘mondondan shunday buyruq va fatvo keldi: bu bolakaylar haqqa qarshi jang qilmoqdalar, shu sabab ham dushmandirlar. O‘ldirgan g‘oziydir, o‘lgan shahid! Mabodo tirik qolishsayu sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayishsa, u holda haqiqiy tahdidli dushmanlarga aylanishlari turgan gap. Ana shu tarz jangga ruxsat berildi.
Burg‘ular chalindi, karnaylar o‘kirdi. Kattalar askari selday bo‘lib yosh bolalar lashkari ustiga oqdi.
Kichkinalar lashkari birpasda tumtarakay bo‘lib ketdi. Biri ho‘ngragancha yugurib borib, daraxt ortiga yashirindi, boshqasi ro‘parasida haybat solib kelayotgan bahaybat askarni ko‘rib, ko‘rqqanidan ishtonini ho‘l qilib qo‘ydi, boshqasi “Ota! Ota!”deya chirillab yig‘lab qocha boshladi, yana biri yaralangan otning ortiga yashirinmoqchi bo‘ldi, hayvonning jon chiqar paytidagi tipirchilashlaridan qo‘rqib ketdi va o‘sha zahoti ortiga qarab tiraqaylab qochishga tushdi.

* * *
Bola yana dastur almashtirdi.
Halok bo‘lgan madaniyatlar va tamaddunlar haqida edi bu dastur. Butun boshli xalqlar va madaniyatlar kuchli shamol, zilzila, chaqmoq, bo‘ron va hokazo balolar tufayli yer yuzidan tamomila supurilib ketgani haqida hikoya qilinar, o‘zi ko‘rinmayotgan bir kishi shunday deb xitob qilmoqda edi:
«Kitobni o‘z qo‘li bilan yozib, so‘ngra uni arzon bahoga sotish uchun: «Bu Tangrining huzuridan», deydiganlarga halokat bo‘lsin!»
«Ularga o‘z qo‘llari bilan yozgan narsalaridan halokat bo‘lsin! Ularga topgan foydalaridan halokat bo‘lsin!»

* * *
Hovlida kimdir tomoq qirdi. Ota ishdan qaytgan edi.
Bola televizorni o‘chirib, shoshib otasining qarshisiga chiqdi va dona-dona qilib salom berdi. Ota kulimsirab, alik oldi, shunda ko‘zlariga mamnuniyat va shukr ifodalari balqdi. O‘g‘lon otasining qo‘liga suv quydi, chopib borib, sochiq olib keldi. Ota uni erkalab, “umringdan baraka top, bolam” deb alqadi.
Kech kira boshladi. Shabada yomg‘ir isini olib keldi.
Ona ovqatni suzib keltirdi.
Hovlidan rayhon bo‘ylari anqir edi. Uzoqlarda, juda ham yuksakda yulduzlar jivirlardilar.
–     Otamning qoshiga bordim, – dedi Ota, onaga. – Jami o‘tganlarimizning haqlariga duo qilib keldim.
–     Xudo rozi bo‘lsin, savob qilibsiz, – dedi ona.
–     Ovqatga qaranglar, bolalarim, – dedi ota, lekin bolalar qo‘l uzatishmay,uni kutishdi. “Bismilloh” deb ota taomga qo‘l uzatdi, bolalar esa onaning ham qo‘l uzatishini kutishdi. Onadan so‘ng aka, opa, so‘ngida u qo‘l uzatdi.
Buni kuzatib turgan ota yana bir marta “Barakalla, bolam” deb qo‘ydi.
Taom yeyildi.
Taomdan so‘ng fotiha o‘qildi. Ota, shomga qadar eson-omon yetkazgani uchun Yaratganga xamd aytdi, umrlarini uzoq va xayrli qilishini, barakat to‘la rizq ato etishini so‘rab duo qildi, keyin kichkina o‘g‘ilga karab “Dasturxonni sen qoqib kela qol, bolam, savob kichkinalarga bo‘lsin” dedi. Bola o‘rnidan turganida ona shunday deb o‘rgatdi: “Dasturxonni rayhonlar orasiga qoqqin, bolam, shoyad qushlar yeb ketsa. Savob bo‘ladi, savobini payg‘ambarimizga, barcha avliyolarga, dunyodan o‘tgan barcha ajdodlarimizga bag‘ishladim deb aytgin, xo‘pmi?”
Bola shunday kildi.
Shu tariqa, tevarakka shom qo‘ndi. Har kungiday, boshqalaridan farq qilmaydigan oddiygina bir shom.

2010