Isajon Sulton. Tosh kelinchak (hikoya)

Bizlardan bir-ikki yosh katta Nazar baquvvat, chayir, quyuq qoshlari chimirilgan, qora ko‘zlarida o‘t chaqnab turadigan shijoatli yigitcha edi. U jo‘raboshimiz bo‘lib, hammamiz nima desa itoat qilardik. Chunki aqlda ham, kuchda ham bir pog‘ona baland turardi-da. Bizlar chiqolmaydigan daraxtlar ustiga birpasda o‘rlab ketardi, baland shoxlari orasida ko‘rinmay, axiyri qush polaponini yoki tuxumini olib tushardi.

O‘zg‘irlikda va bezorilikda ham unga bas keladigan kimsa yo‘q. Kimningdir tovug‘ini o‘g‘irlab ketgan ham shu Nazar. Birovning itini urgan ham shu. Bizga o‘xshagan bolalar biror noma’qul ish qilsak, hammadan dakki eshitardik, ammo o‘sha noma’qulni Nazar qilsa, kattalar “Ha, endi” deb bosh chayqab qo‘yaqolishardi.

Nazarning otasi dalada suvchi, onasi uyda, mehnatkash kishilar edilar. Bizlar gohida ota-onamizning buyurgan ishlaridan bo‘yin tovlasak ham, Nazar sira unday qilmasdi, qaytanga, yumushlarni jon-jahdi bilan, berilib bajarardi. Shu sababli ota-onasi uni juda yaxshi ko‘rishardi.

Hammamiz endigina mo‘ylovi sabza urib, ovozi do‘rillay boshlagan yigitchalar, sinfdosh qizlarga yoki yondosh sinfdagilarga o‘zimizcha gap otib yurganimizga kulardi.

Muskullarini o‘ynatib, gaplashib turganlarning yoniga kelib atay baland ovozda so‘kinar, bundan qizgina bechoraning o‘takasi yorilib, shosha-pisha yo‘liga jo‘nab qolardi. Atay daf qilgani uchun unga qarshi chiqishga hech kimning shahdi yetmasdi. Xullas, balo edi bu Nazar deganlari.

Otlarga bir irg‘ishda minib olar, goho ikki otni yonma-yon choptirib, biridan ikkinchisiga sakrab o‘tar, toylarni arqonlashni yaxshi ko‘rardi. Uning baquvvat qo‘llarida asov toylar tezda yuvosh tortib qolar edilar.

O‘n yettiga kirib-kirmagan o‘smirlarning deyarli barchasining ko‘z ostiga olib qo‘ygan qizi bo‘ladi. Ko‘pincha qiz bexabar, uni talashib o‘zaro mushtlashib ham yurishadi.

Mening ham tanlab qo‘ygan qizim bor edi. Birgalashib maktabdan qaytayotsak, lop etib oldimizdan Nazar chiqib qolishidan hadiksirab alanglab borardik.

Otalarimiz “Uylantirib qo‘yaman” deb po‘pisa qilardilar. Mo‘ylov chiqib ovoz do‘rillagach, shunaqa hazillashishardi-da. U hazilga nima deb javob qilishingniyam bilmasding, kulib qo‘yaqolsang bir dard, indamasang boshqa bir dard. Har holda, shunaqa deb hazillashgan kishiga qovoq uygan ma’qulroq ko‘rinardi.

Nazar esa hazilga javoban xoxolab kulardi. Kattalar bilan bemalol, o‘z tengiday gaplashib ketaverardi, biz esa ular qarshisida qisinib-qimtinibroq turishga odatlangan edik.

Birgina u shunaqa edi: hech kimni nazar-pisand qilmaydigan, mag‘rur, chaqnoq, jasur Nazar.

* * *

Bir kuni tengqurlarimizdan biri g‘alati gap topib keldi.
– Aytsam, og‘zing ochilib qoladi.
– Qanaqa gap ekan?
– Nazar, – dedi u, atrofiga alanglab. – Nazar bittasini yaxshi ko‘rib qolibdi.
– Yo‘g‘-e, kimni?
– O‘zidan so‘rayolmadim.
– Unda qaydan bilding?
– Soy bo‘yida suvga termilib o‘tiribdi, – dedi u, gapiga ishonmaganimni ko‘rib. – Yur, o‘zing ham ko‘r.

Ergashib boryapmanu xuddi Nazarning achchig‘i chiqadiganday o‘zimni noqulay sezaman. Nihoyat, aytilgan suv yoqasiga kelsak, haqiqatan ham Nazar! Suvga qarab o‘tiribdi.

Bizni sezib, boshini burib qaradi. Nigohi avvalgiday emas, shashti so‘nikroq.

– Ha? – dedi qovoq uyib.
– O‘zimiz, aylanib, – dedik.
– Mayli, boraveringlar, – dedi joyiga o‘tirib.

Bizlar uning darrov bir nima o‘ylab topishini, “Yur hammang, ortimdan” deb baliq tutishga kirishib ketishini yoki zovur do‘nglaridagi suvsar inlariga o‘t yoqib, jonivorlarni qo‘rqitishini kutgan edik. Unday bo‘lmadi, turib-turib, izimizga qaytdik.

Oradan bir necha kun o‘tdi.

Nazarning kimni yaxshi ko‘rib qolgani ma’lum bo‘ldi: narigi ko‘chadagi Samad novchaning qizi Ummugulsum ekan. E, dedim hafsalam pir bo‘lib. Cho‘pday ozg‘in, sochi kalta bir qiz-ku? Nimasi Nazarni mahliyo qilganini bilolmas edim.

Nazar unga sevgi izhor ham qilibdi.

Qiz buloq boshidan suv olib uyiga qaytayotgan ekan, qarasa, tol tagida Nazar turganmish.

– Hoy, to‘xta, – debdi qizga.

Qiz to‘xtabdi.

– Sen menga yoqasan, – debdi. – Senga uylanaman!
– E bor, toshingni ter, – debdi qiz. Nazarning achchig‘i chiqibdi.
– Nima deding?
– Toshingni ter, dedim, – debdi qiz ham. – Ket bu yerdan! Ketmasang, otamga aytib beraman!
– He, o‘sha otangni!..

O‘sha kuni Nazar qo‘shnining g‘o‘zapoyasini yoqib yubordi, keyin Samadning sigirining qorniga panshaxa tiqib oldi. Daraxtlarning mevali shoxlarini sindirib-sindirib tashladi, kuchuk-mushuklarni urdi. Bekor qildi, shu to‘s-to‘polon tufayli hamma Nazarning sevgisidan xabar topdi.

Otasiga ham, onasiga ham gap qaytarib tashlabdi.

Uning vajohatini ko‘rganlar indamas bo‘ldilar.

Ummugulsumning akalari bor edi, o‘shalar Nazarni urgani kelishibdi.

Nazar ularning oldiga hayiqmay, xotirjam chiqibdi. O‘sha yerda yotgan katta ketmonni olib, sopini bir urib sindiribdi-da:
– Gulsumni akasi bo‘lganingiz uchun indamayman. Ammo tez ketinglar, hozir belingizni mana shu ketmonsopiday sindirib qo‘yaman, – debdi.

Shahdini ko‘rgan akalar cho‘chib, o‘zlaricha bir-ikki tahdid qilgan bo‘lishib, ortga qaytishibdi.

Voqeani endi butun qishloq bilar edi. Shu bolaga bir-ikki og‘iz gapirib, epaqaga keltirib qo‘ya oladigan kimsa yo‘qmikin, der edilar. Nazarni-ya? Unga birov bir nima deya olarmidi? Buzoqni ko‘tarib shartta suvga otvorgan ham shu-ku? Bu bola keyinchalik yo o‘lib ketadi yo katta odam bo‘ladi, der edilar.

Buloq bo‘yida Nazarni haydab yuborgani bilan, qizning bir-ikki dugonasi uning ham Nazarga bee’tibor emasligini aytishibdi. To‘g‘ri-da! Tegirmonga tushsa butun chiqadigan, shahdu shiddati jismiga sig‘may toshib turgan Nazarga tegmasdan, kimga ham tegardi? Yo‘qni yo‘ndiradigan, borni bor qiladigan bunday yigitga qaysi qiz yo‘q deydi? O‘n yetti yoshida qaysi qizning aqli kiribdi, qaysi qiz sevgi havaslari bilan chin muhabbatni ajrata olibdi? Bahorning ifor islari taralgan iliq kechalarida baxtli-saodatli hayot haqidagi orzulari og‘ushida yotar ekan, ham Nazarning sevgisi boshini aylantirgan, ham jiddu jahdidan hayiqqan bo‘lsa bordir. Nimasini aytasiz, lekin ishni qizning ota-onasi buzibdi. “O‘lsin, shu bolani ko‘rsam doim qo‘rqaman, qizim ham bir umr qo‘rqib yashasinmi? Qachon qarama, soch-tirnog‘i o‘sib, o‘zi paxmoq bo‘lib yuradi” deganidan keyin qiz bo‘ysunibdi. “Ota-onam nima desa shu” deb turaveribdi. Nazar buni eshitgach, ancha o‘ylanib o‘tirdi. Keyin tirnoqlarini olib, sal o‘ziga qarab yursa-da, qiz tomon baribiram fikridan qaytmadi.

Odamlar ishlarini qo‘yib Nazarning qilmishlarini tomosha qilar bo‘ldilar. Qachonki uning hayqirig‘i eshitilsa, bir nimani boshlagan bo‘lib chiqar edi. Ummugulsumning oilasi o‘ziga to‘qroq bo‘lgani uchun Nazarning oilasini mensimabdi, “Qizimni tagli-tugli, o‘qigan bolaga beraman” debdi.

Shunda Nazar Murodni chaqiribdi.
– Vey, o‘qishga qanday kirsa bo‘ladi?
– Qaysi biriga?
– Bilmadim, – debdi. – Qaysi biriga bo‘lsa ham.
Murod kirish tartibini tushuntiribdi.
– Sen menga o‘sha kitoblarni topib ber, – debdi Nazar. Murod topib beribdi.

Kirish sinovlarigacha ancha-muncha vaqt bor edi. Shu kunlarda uni faqat kitob o‘qib o‘tirgan holida ko‘rdik. Hech kim bilan gaplashmadi, o‘qiyverdi. Sinov kuni ketdi institutiga, suyunib qaytib ham keldi, avvalgi sho‘xliklari, shiddati yangitdan barq urgandek edi. To javoblar chiqquniga qadar shodon yurdi. Javoblar chiqqach esa xomush bo‘lib qoldi: kirolmabdi.

Bizlar ham o‘z hayotimizda davom etardik. Kimlardir o‘qishga kirdi, kimlardir kirolmay, qaylardandir ish topishdi.

Nazar esa… nazardan qola boshladi.

Ishlagisi kelmas, hafsalasi pir edi. Hech qayerga sig‘masdi, kechalari daydib yuraverardi. Oradan ancha-muncha vaqt o‘tgani uchun kishilar ko‘nikib ham qolishdi. Kuchuk hursa, bir nima taraqlasa “Ha, Nazardir-da” deydigan bo‘lishdi. Avval xotinlar uning ustidan kulgani botinmas edilar, Nazar sezib qolsa bo‘ralab so‘kar yoki kesak g‘irillatardi, endi esa indamas, parvo qilmas bo‘ldi.

– Yigit uylansa esi kiradi, deyishardi. Qarang-a, qanaqa bezori bola edi, ko‘ngil qo‘ydiyu bosildi-qoldi, – deyishardi kishilar.

Uyidagilar unga uni-buni ro‘para qilib ko‘rishdi, qani ko‘nsa? Yo uyga kirib bag‘rini yerga berib yotvoladi, yo qaygadir ketadi. To‘qaylaru dalalar orasida yurib-yurib qaytib keladi.

O‘z ko‘ngil qo‘ygan qizlarimiz bilan goh-goh bekitiqcha gaplashib turganimizda, shu holimizga shukr qiladigan, Nazar go‘yo bizdan ko‘ra baxtsizrog‘u o‘zimizni baxtliroq his qila boshlagan edik. Nazar esa tobora kuchliroq yonardi sevgi olovida. Misoli parvona edi, o‘zini tinmay o‘tga urardi. Qizning ko‘chalarini aylanib yuraverardi. Joniga tegsa, shartta to‘qayga ketvorardi. Nimagadir odamlar yo‘q joylarga ketardi.

U yoqlarda nima qilardi? Bolalar bir-ikki marta uzoqdan ko‘rishibdi: hech nima qilmasdan tentirab yuraverar ekan. Kimdir bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib yig‘laganini ham ko‘rganini aytsa-da, birov ishonmadi. Nazar-a? Har ne bo‘lsa bo‘lar, ammo Nazar yig‘larmidi?

Keyin yana bir gap eshitdik. Nazar qizning otasi bilan gaplashibdi!

Birovning qizini yaxshi ko‘rib qolgan yigitning qiz otasi bilan gaplashishi aqlga sig‘adimi? Lekin, u – Nazar-da!

Samad novcha ishidan qaytayotgan ekan, bir mahal oldidan chiqibdi.

Sochlari o‘sib ketgan, ko‘zlarida junun yolqinlanib turganmish.

Samad novcha hamma gapni sezibdi, o‘zicha ko‘rmaganga olib o‘tib ketmoqchi ekan, Nazar to‘xtatibdi.
– Hoy Samad aka, – depti. – Qizingizni yaxshi ko‘rib qolganman. Usiz yashagim kelmay qoldi. Aytgan xizmatingizni qilaman, Ummugulsumni menga bersangiz bas.

Ota uni boshini egib turishini ko‘rib, balanddan kelib koyibdi:
– Qanaqa odobsiz bolasan? Yurish-turishingni qara, turqingni qara. Oldimga chiqib bezrayib aytgan gapingni qara, kim tarbiya bergan senga o‘zi?

Shunda Nazar debdi:
– Menga o‘dag‘aylama. Ota bo‘lsang o‘zingga. Hurmatingni qilib, el qatori qizingni so‘radim, nimangga do‘q urasan? Hozir jag‘ingni ikkiga ayirib qo‘yaman!

Xullaski, yana bo‘lmapti.

Ruhi ko‘z o‘ngimizda so‘nib bormoqda edi. Ko‘rsangiz, avvalgi Nazardan asar ham qolmagan, yurish-turishidagi shiddati yo‘qolgan, hardamxayol, bir o‘ziga kelib atrofga alanglasa, bir xayollari ichiga g‘arq bo‘lib ketadigan yigitga aylanib bormoqda edi. Nasihatlar, o‘gitlar, misollar kor qilmas bo‘ldi.

Nihoyat, bir mahallar kaltakdan cho‘chib qaytib ketgan akalar yana bir bora jur’at qilib, oldidan chiqib rosa savalashibdi.

Nazar bu safar indamabdi. Gap ham qaytarmabdi. Jim turaveribdi. Kaltak zarbidan yerga yiqilganida g‘ujanak bo‘lib olibdi. Akalar o‘zlaricha bir ishni qoyillatgan kabi, yotgan joyida ham bir-ikki tepishibdi, keyin “Yana u-bu desang, o‘lasan” deb po‘pisa qilib jo‘nashibdi.

U tomon ahvol shunday davom etaversa, yaxshilik bilan tugamasligini bilib, shoshilinchda qizlarini uzatish payiga tushishdi. Aslida har doim ro‘y beradigan voqea emasmi bu? Qiz uzatilib, Nazar ham uylanaqolsa – olam guliston, shu bilan hammasi o‘z o‘rniga tushadi. Ammo, qaniydi Nazarni ko‘ndirib bo‘lsa? Bu sovchilar ham avvalgilari kabi Nazardan hayiqishibdi, anavi telba yana bir baloni boshlab yurmasmikin, deb tashvish bildirishibdi. Nihoyat, ishni imi-jimida bitirishga kelishib olishibdi.

Qiz esa “Otam nima desa shu” deb turganmish. Nazardan gapirishsa, indamasmishu ammo ko‘zidan yoshi duv-duv oqib ketaverarmish.
“Qiz bola yig‘laydi-da, – deyishibdi amma-xolalari. – Bu umr savdosi, erga tegayotganida yig‘lamagan qiz bor ekanmi?”

Bir kuni o‘sha amma-xolalari bilan bozordan qaytib kelishayotsa, Nazar oldilaridan chiqibdi.

– Hoy, jon bolam, qo‘ying, keting endi, – debdi xotinlarning yoshi kattarog‘i. – Nima qilasiz bechorani qiynab? Og‘zidan qora qonini keltirdingiz-ku qiz sho‘rlikni?

Shunda Nazar shunaqangi gaplarni gapiribdiki, hamma hayron qolibdi.

– Axir, men sen bilan bitta bo‘lib qolganman-ku, qanday qilib ketay, – dermish.

– Axir, ko‘zim sendan boshqani ko‘rmaydi-ku? Shafaqni rangiga qarasam ham seni ko‘raman. Oyga qarasam ham, quyoshga qarasam ham seni ko‘raman.

Qayga boqsam, sen borsan.

Sensiz men qup-quruq jasad bo‘lib qolaman-ku, axir, ichim sen bilan limmo-lim to‘lgan-ku?

Yurishingni, kulishingni, qovoq uyishingni hech kimga o‘xshatolmayman-ku? Ko‘cha-ko‘yda zor bo‘lib qolaman-ku senga?

Bilsang, hatto iting bo‘lib qolishni orzu qilaman-ku, o‘sha it ham mendan ko‘ra tuzukroq, tepsang ham, ursang ham mendan baxtliroq deya?

Sen… nima qilib qo‘yding… meni? – dermish.

– Eh-he, qaranglar, – deyishardi kishilar. – Muhabbat ham odamni shunchalar xor qiladimi?

– Hoy, erkaksan-ku? – deyishibdi unga. – O‘zini qo‘lga ol, nomusing yo‘qmi?

– Nomus nima o‘zi? – debdi.

– Hoy badbaxtlar, tushunyapsizlarmi, usiz yashay olmayman axir!

Shunday deb yig‘lab yuboribdi Nazar.

– He o‘l, – deyishibdi kishilar, botirlanib. – Ko‘zingni yoshini oqizishga uyalmaganingni qara.

– Jon og‘alar, bir nima qilinglar, – dermish Nazar. – Xudoning taqdiri shu ekan, qanday qilib buzishga aqlim yetmayapti. Sizlar yordam beringlar, axir?

– Senga qanday yordam berardik, o‘zi istamay turgan bo‘lsa?

– Nima qilsam rozi bo‘larkin? – deya tirnoqlarini tishlab-tishlab gapirarmish Nazar. – Nima qilsam, menga u sovuq, yoqtirmas nigohi bilan qaramas ekan? Nima qilsam bir dam to‘xtab, gapimga quloq solar ekan?

– Hech nima qilolmaysan, – deyishibdi odamlar. – Ha, to‘g‘ri aytding. U taqdirni Xudo yaratdi, buzolarmiding?

* * *
Nihoyat, xavotirlaru tashvishlar aro to‘y ham bo‘lib o‘tdi.

Odamlar Nazar junbushga kelib to‘yni buzadi deb o‘ylashgan, pahlavon akalaru jo‘ralar qo‘r to‘kib, to‘yxona atrofini aylanib kezishgan edi.
Yo‘q, Nazar kelmadi. O‘sha kuniyam, ertasigayam, indinigayam uni birov ko‘rmadi.

Hofiz “To‘ylar muborak”ni aytganida, davra shoyon qizidi.

To‘ylar muborak,
ey yori jonim,
To‘yona bo‘lsin-a
tan birla jonim…

Tavba, bitta jonu bir tanim boriydi, shuni endi sen olaqol, deganimi bu? Bu dunyoda kezib yurishimning hech ma’nisi qolmadi, har ikkisi ham to‘yingga to‘yona bo‘laqolsin, deganimi bu?

Kishilar shundagina necha yillardan beri eshitib yurganlari shu qo‘shiqning aslida juda dardli ekaniga e’tibor berishdi:

Oydek yuzingni
ko‘rgoni keldim,
Hasrat o‘tida-yo
kuygoni keldim…

Ham hasratli, ham shodon, o‘zi yo‘q oshiq tilidan aytilayotganday bu qo‘shiq shu tarzda to‘yxona uzra mavjlanib qanot qoqaverdi, Hamma o‘ynab-kulgani kelgan, vaqtichog‘lik qilishni istardi, Nazar birovning esiga yo keldi, yo kelmadi. “Borgan joyingga toshday tushgin. Toshday tushginu toshday qolgin” degan tilaklar aytildi.

Qishloqning yuqori qismida tevaragida jingulu chakalaklar o‘sgan Toshkelinchak degan qarovsiz joy bor edi. U asli tosh emas, suyganiga yetolmasdan, odamlardan qochib borib toshga aylanib qolgan bir kelinchak der edilar. Nazar o‘sha joyda tunni o‘tkazibdi.

Qo‘shiqchiga ham bir nima bo‘lganmi? Nazar Toshkelinchakda bag‘rini yerga berib yotaverdi-yu, bu yoqda barcha alyorlar Nazar tilidan aytilaverdi:

Bu musofir dashtida har dam tutoshib yonaman,
Har qayon borsam bu kun, yo‘ldan adoshib boraman.

Na otam bor, na onam, hech kishim yo‘qdir maning,
Har tagi devorlarda zoru sargardonaman.

Ne gunoh qildim, Xudo, dunyoda men bo‘ldim g‘arib,
Har qayerda bekasu bechoraga hamxonaman.

Dog‘lab qo‘ydi yurakni bu falakning gardishi,
Qismatim shundoq ekan, men jumladin begonaman.

Toshkelinchakning Ummugulsumga nima daxli bor? Ota-ona irodasiga bo‘ysunib, boshqa bir xonadonga palaxmon toshiday otilib ketayotgan bo‘lsa? Shu kuni Nazarning ilinj gavhari ham toshga urilganday chil-chil sindi, shodon davra uning holidan keyinroq xabar topdi.

Hah qizgina-ya, ota-onangni gaplariga qaramasdan, shu Nazarga tegib qo‘yaqolsang, osmon uzilib, yerga tusharmidi? Seni yeru ko‘kka ishonmay, umrini oxirigacha avaylab o‘tmasmidi, tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirmasmidi?

To‘ydan ancha vaqt o‘tgach, uni yana Ummugulsumlarning uyi ko‘chasida ko‘rishibdi. Yaqinlashib boraversa, qiz xonadonining sariq kuchugi yugurib chiqib, oyoqlariga suykanibdi, boshini ishqab angillabdi, shu-shu, yonidan sira ketmas, izidan qolmas bo‘libdi. Qayga borsa lo‘killab borarmish, o‘tirsa o‘tirarmish, yursa yurarmish.

Nazar ko‘chaning katta yo‘lga tutashadigan yerida soatlab turaveribdi, Ummugulsum bolasini yetaklab kelishini poylabdi.
Ummugulsum kelsayam, unga qaramay o‘tibdi. Nazar ham qaramabdi, ammo yuzi to‘satdan yashnab, xuddi suv ostida uzoq qolib havoga chiqqanday yutoqib nafas olarmish.

O‘shanda jununi qaytibdi, rosmana odam bo‘lib qolibdi. Keyin Ummugulsum o‘tgan yo‘llarga intizor-intizor termilib, qumoq yo‘lda qolgan ikkita izga tegib ketmaslik uchun ehtiyot bo‘lib, yonida bir-bir odimlabdi: biri bejirim, ikkinchisi – mittigina izcha.

Ha, bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i singdi, endi oradan qanchadir vaqt o‘tgach, har narsa o‘z maromiga tushadi, deb o‘ylagan edik. Axir, “O‘laman, sattor” deb dunyoni buzishga chog‘langan ne-ne kishilarni izmiga solmagan u? Ummugulsum o‘z ro‘zg‘orida bola-chaqali bo‘lib yashab ketadi, Nazar ham yurib-yurib, axiyri bir kun uylanadiyu hayot o‘z o‘zaniga tushadi, degan edik.

Voqea shu bilan tugasa mayliydi. Ammo hayot turli tasodifu balolarni kishi boshiga kutilmaganda solar ekan. Har kim o‘z ishi bilan ovora bo‘lib yurgani mahal, bir kuni Ummugulsum ikkinchi bolasini tug‘olmay olamdan o‘tibdi, degan xabar keldi.

Falakning yozug‘ini ko‘ring! Kuyov taraf “Kelin emas, qiz bo‘lib tushgan edi, kelinlik uyidan chiqaramiz” desa, ota taraf “Tug‘ilib-o‘sgan uyi vatani bo‘ladi, o‘z uyidan chiqaraylik” deb tortishib qolishdi. Nihoyat, o‘z uyidan chiqarishga rozi bo‘lishdi.

Kelgan ham, ketgan ham achinar edi Ummugulsumga. Sho‘rlik, hayotga kelib nima ko‘rdi? Gulday ochilgan edi, guldayligicha ketdi-ya!

Ta’ziya-marosimlarga Nazar ham keldi. Odamlar to‘planmasidan darvozaxona yoniga turib olar, izdihom uzilguncha qimirlamas edi. Fotiha o‘qilsa duoga qo‘l ochmas, birovlar bilan gaplashmas, jim turardi, xolos.

Ta’ziyaga biz ham bordik, unga bir nima deyishga so‘z topolmay, ko‘rishib, o‘tib ketaverdik.

Endi Nazarni ko‘rgan odam Nazar demasdi. Haqiqatan ham, bu tana ichidagi Nazar qaygadir ketib qolganday, ko‘rinishi Nazaru ichi bo‘m-bo‘shday edi. Ko‘zlari ham bo‘m-bo‘sh, tevaragiga qayrilib qaramasdi, o‘z dunyosiga g‘arq bo‘lib, boshi oqqan tomonga ketaverardi.

Tevaragida jingulu chakalaklar o‘sgan o‘sha Toshkelinchakka borib, toshga o‘tirib olardi.

Telbaga o‘xshardiyu ammo telba deb bo‘lmasdi. Es-hushi joyida, ammo u malakning sehri aqlini chulg‘agan edi-da.

Ne qismatki, malak endi yo‘q edi!

Ha, endi unga hech kim tegmay qo‘ydi. Birov so‘z ham qotmadi. O‘z ixtiyoricha, nima qilgisi kelsa shuni qilib yuraverdi. Parvardigori Olam shu bandasining jonini olmadi, u yana ancha yashadi. Ammo buni yashash deb bo‘larmidi? Ruhi haqiqatan ham Ummugulsum bilan birga ko‘milganday edi.

Umr suvday oqaverdi. Tengqurlarning ko‘pi bola-chaqali bo‘lib, kap-katta kishilarga aylanishdi. Ummugulsum dunyodan o‘tgach, Nazarning ham qadru qiymati qolmadi, kishilardan uzoqlashib, biz bilgan siymosi xiralashib, tobora afsonaga ko‘milib boraverdi.

Marosimlarga, gap-gashtaklarga kelib qolardi. Marosimda keksalar xush ko‘radigan so‘zlar aytilsa, jon qulog‘i bilan tinglardi:

U nimadir, havolarda do‘langan?
U nimadir, yer yuzini suv olgan?
U nimadir, suv ichida joni bor?
U nimadir, po‘sti yo‘g‘u doni bor?

– U menman, hoy odamlar, – der edi Nazar. – Menman-ku axir?

Rivoyat esa davom etaverardi:

U nimadir, yashil-qizil o‘sadir?
U nimadir, oyog‘i yo‘q kezadir?
U nimadir, yetti daryo suzadir?
U nimadir, yoqasi bor, yoni yo‘q?
U nimadir, qanoti bor, qoni yo‘q?
U nimadir, odam yutar, joni yo‘q?
U nimadir, yemadilar, to‘ydilar?
U nimadir, qiyomatga qo‘ydilar?

Mana shu yerga kelganida Nazar ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lar edi.

* * *

Pahlavon Nazar hikoyasi mana shu.

U mahaldan beri ko‘p suvlar oqqan, ko‘p narsalar unut bo‘lgan. Ammo Nazar o‘tirgan tosh haliyam bor, oyoqlarining izi shundoqqina turibdi.

Aytadilarki, Nazar mana shu yerda, Toshkelinchak qabri yonida jonini haqqa topshirgan ekan.

Ummugulsum o‘tganidan keyin Nazar kelib o‘tirgan joylar hozir ziyoratgoh. Odamlar kelib u yerdagi bodomga lattalar boylashadi, duolar qilishadi.

Hikoya shu bilan tugasa-ku mayliydi, ammo hali yana bir gap bor.

Nazarni dala-dashtda, nima uchundir o‘z xonadonini tark etib, ortidan sira qolmas bo‘lgan o‘sha Ummugulsumlarning sariq itini ergashtirib yurganini ko‘rishgan emish. Jonivorlarning kishi aqli yetmas g‘alati qiliqlari bo‘ladi, kuchukning bu tutumi sababini birov bilmas edi. Har zamonda Ummugulsumning qabri tepasiga kelganini, boshida kunlab o‘tirganini aytishadi. Uni Ummugulsumning eri ham, qarindoshlari ham haydashmabdi, zora shuning duosi tegsayu marhumaga savob yetsa, deb indamay qo‘yib berishibdi.

Indamay qo‘yib berishibdi deymiz-u… Aslida bu kishilar uchun shuyam katta narsa. Hayotda ekanida qo‘yib berishmadi-ku? Shunga qaramasdan, Ummugulsum o‘tganidan keyin ham Nazarga go‘yo katta yaxshilik qilishayotganday mamnun ko‘krak kerishganiga nima deysiz?

Nazar haqidagi gap-so‘zlar el orasida haliyam bor.

Ha, bu – mana shunday qayg‘uli, hasratli ishq dostonidir. Aslida qaysi bir ishq dostoni qayg‘uli va hasratli bo‘lmagan? Qaysi ishq shodliklaru quvonchlarni yetaklab kelibdiki, bu yetaklab kelsin? Qachonki ishq otashi tutashsa, odam so‘zona bo‘ladi. Jigari laxta-laxta qon bo‘ladi. Indamasa, ichi lov-lov yonadi. Aytay desa, tili kuyadi, aytmay desa, dili…

Ishqsizlar esa to‘y-to‘ychiqlarda, to‘satdan Nazarning hasratlarini ifodalay boshlagan o‘sha ajoyib qo‘shiq ostida, dasturxondagi narsalardan bemalol yeb-ichib, maza qilib yayrashadi.

Bitta Nazar yo‘q.

Bitta Ummugulsum yo‘q.

* * *

Toshkelinchak, qalbi tosh kelinchak hikoyasi – mana shu.

Qishloqdan chiqaverishda, bepoyon dalalar orasida u ziyoratgoh haliyam bor. Bir qismi hozir choyxonaga aylangan, ba’zi kishilar o‘sha joyga kelib, bazmu jamshid qilib o‘tirishadi.

Ziyoratgoh yonidan katta yo‘l o‘tgan, bir yog‘i O‘shdan Ergashtomga, bu yog‘i Qamchiq dovoni oralab Toshkentdan Qozog‘istonning bepoyon cho‘llariga qarab ketadi. Turli-tuman uzun-qisqa arobalar qatnovi bir zum bo‘lsin tinmaydi.

Ey yaxshilar! Mabodo o‘sha yoqqa yo‘lingiz tushib qolsa, Toshkelinchak oldida ozgina tin oling. Bulog‘idan bir yutum suv ichib, Nazaru Ummugulsum haqiga duo qilib o‘ting.

Shoyad, savobi tegsa ajabmas.

2015