Isajon Sulton. Bir tomosha tarixi (hikoya)

– Muhtaram do‘stlar, tomoshamizni boshlaymiz! – deya tantanali e’lon qildi bo‘yniga qizil rangli latta bog‘lab, ko‘krak cho‘ntagiga ham shu rangdagi atirgul taqib olgan o‘rtakash.

Shunday deyishi bilan shodon musiqa yangradi. Uni sahna ortidagi hovuzday chuqurda o‘tirgan o‘n chog‘li musiqachi chalmoqda edi.

– Marhamat, kutib oling. Sahnaga professor, Maestro… – u professorning ismini aytdi. – …tashrif buyuradilar!

Shundan so‘ng qora ingichka syurtuk kiyib, kapalaknusxa bo‘yinbog‘ taqqan kishi chiqib kelib, hammaga ta’zim qildi.

Tomoshabinlar turfa xil, ular orasida tujjorlar, ularning xotinlari, bolalari va hatto yasan-tusan qilgan chol-kampirlargacha bor edi.

Maestro zalga bir muddat jim qarab turdi. O‘tkir nigohi kishilarni tit-pit qilayotganday edi go‘yo. Keyin xotirjam ovozda dedi:

– Men muhtaram tomoshabinlarimizning g‘oyat ajoyib kishilar ekanini ko‘rmoqdaman. Faqat, bir nozik xususiyatni aytib qo‘ymoqchiman. Odamlar bir-birlarining tashqi ko‘rinishiga, tutumiyu gapiga qarab baho beradilar. Lekin ishonch bilan aytamanki, bu yerda hozir bironta ham yomon odam yo‘q. Fikrimga hamma qo‘shilsa kerak. To‘g‘rimi?

Kishilar qarsak chalib yuborishdi. Bu gap barchaga ma’qul kelgan edi.

– Aytmadimmi? – dedi professor, mamnun bo‘lib. – Haqiqatan xam, odam bolasi har doimo yomon yoki hamisha yaxshi bo‘lib yashay olmaydi. Yaxshilik ham, yomonlik ham odamning ikki yuzidir, desak ham bo‘laveradi. Ammo, bo‘lar-bo‘lmas, yasama ko‘zbo‘yamachiliklardan kimga foyda? Ishonchim komilki, mana-man degan sehrgar ham sizning ko‘zingizni bo‘yay olmaydi. Kelinglar, undan ko‘ra bir-birimiz bilan chin ko‘ngildan suhbatlashaqolaylik. Teatr nima bo‘pti, bor-yo‘g‘i bir tomosha-da. Iltimos, o‘zini yaxshi kishi deb hisoblaganlar yoki yaxshi hayot kechirdim, deb o‘ylaganlar barmoqlarini chalishtirishsin.

Kim chalishtirdi, kim chalishtirmadi, bilib bo‘lmasdi. Bir oz sukutdan so‘ng professor dedi:

– Men hozir baland ovozda “Bir” deyman. Shu sanoqdan so‘ng barmoqlari ochilmay qolgan kishilarni sahnaga taklif qilaman. Diqqat, boshladik.

Va roppa-rosa uch soniyadan keyin u baland ovoz bilan “Bir!” dedi. Keyin yanada shodlanib, negadir ko‘z ham qisib, barmoqlari ochilmay qolgan kishilarni yuqoriga chorladi.

O‘n chog‘li odam birin-ketin tepaga ko‘tarilib, saf tortishdi. Oralarida bashang qizil libosli ikki xonim ham bor edi.

– O‘zini yaxshi inson deb his qilmaydigan odam kamdan-kam topiladi, – dedi Maestro, qoniqish bilan. Keyin safda turganlarning birinchisiga yaqinlashib:

– Ismingiz? – deb so‘radi.

Gavdasini yog‘ bosgan, sochi to‘kila boshlagan u kishi ismini aytdi.

– Nima ish qilasiz?
– Shu, tirikchilik.
– Siz-chi?
– Falonchiman.
– Mashg‘ulotingiz?
– Yer-suvlar egasiman.

– Ko‘rib turganingizday, bu kishilar el orasida obro‘-e’tibor topgan kishilar, – dedi Maestro, tantanali ovoz ila. – Obro‘ni esa yomonlar qozona olmaydilar. Kelinglar, ularning qay daraja ajoyib insonlar ekanini birgalikda bilib olaylik.

– Sahnaga uch-to‘rtta odamni taklif qilgandan ko‘ra, hammani birdaniga sehrlab qo‘yaqolsangiz bo‘lmaydimi? – deb so‘radi qiziquvchanroq bir kishi.

Professor unaqa qilib bo‘lmasligini, chunki kishilar keyinchalik nimalar bo‘lib o‘tganini eslay olmasliklarini tushuntirgach, “Diqqat! Boshladik!” deb e’lon qildi.

– Men hozir boshmaldog‘im bilan ko‘rsatkich barmog‘imni ko‘tarib, chertki ovozi chiqaraman, – dedi u. – Uni eshitganingizdan boshlab hammangiz oqko‘ngil suhbatdoshlarga aylanib qolasiz. Shundan keyin odamlarga aytadigan gaplaringiz bo‘lsa bemalol gapiraverishingiz mumkin. Rozimisiz?

– Rozimiz, – deyishdi sahnadagilar, bir oz ikkilanib.

Tomosha chiroqlari o‘chib, sahnadagilarni yoritdi.

Maestro shodon hitob qildi:

– Boshladik! Bir-ikki-uch! Marhamat! Siz qay tarzda yaxshi odam bo‘loldingiz?

Kallasi katta, davangirday odam birdaniga ho‘ngrab yig‘lab yuborgan edi, zalda kulgi ko‘tarildi.

– Men sirayam yaxshi odam emasman, – dedi u ko‘zidan yoshi shashqator oqib, hiqillab. – Aslida juda yaramas kishiman.

– Iya, buyog‘i qiziq bo‘ldi-ku, – dedi Maestro. – Lekin haqiqat shuki, yaxshi kishilar doim o‘zlarini malomat qilib yuradilar. Marhamat qilib aytingchi, nima uchun o‘zingizni yaxshi odam deb hisoblamaysiz?

– Men… men… – dedi u kishi. – Xotinimdan bekitiqcha bittasini yaxshi ko‘rib qolganman! – deb iqror bo‘lgan edi, kishilar yana kulib yuborishdi. Odamlarga bu yoqib tushdi, hatto “Ol-a, azamat, qandingni ur!” degan xitoblar ham eshitildi.

– Tomosha qiziyapti, – dedi Maestro. – Yaxshi ko‘rsangiz ko‘ribsiz, xo‘sh, unda nimaga iztirob chekyapsiz?

– U muttaham xotinimdan ham battar chiqdi, – dedi hiqillab. – Doim xarxasha qilgani qilgan. Xotinimdan esa … qo‘rqaman.

Yana kulgi ko‘tarildi. Hammaning oldida xotinidan qo‘rqishini ochiq-oydin tan olgan bu kishi birdaniga olomonga yoqib tushdi.

– Bola-chaqamni rizqidan qiyib o‘sha yalmog‘izga sarflayman, – dedi u, ko‘z yoshlari duvillab oqib. – Sarfiga pul yetkazolmaganim uchun har turli hiylalar qilishga, hammani aldashga majburman.

– Xafa bo‘lmang, – dedi Maestro. – Balki, boshqalar yordam berishar? Xo‘sh, bu odamga qanaqa qilib yordam beramiz?

– O‘sha manjalaqini sahnaga opkelishni iloji yo‘qmikin? – dedi birov.

– Afsuski, iloji yo‘q, – dedi Maestro. – Bu kishiga nima maslahat bersak ekan-a? Ko‘rib turganingizday, nihoyatda yaxshi odam, lekin hayotida xato qilib qo‘yibdi, shundan qiynalishi ham yaxshiligining alomati. Yoki, uncha yaxshi emas deydiganlar ham bormi?

– Bor dardu iztirobini to‘kib soldi, – dedi birov. – Ammo ichida shuncha dardi bor ekan, mayli, yaxshi deyaqolamiz.

Navbat ikkinchi kishiga keldi.

– Salom!
– Salom!
– Marhamat qilib ayting-chi, siz qanaqa kishisiz?

Keyin u tomonga egilib, hammaga eshittirib qulog‘iga shivirladi:

– Sizni juda kibru havoli, o‘zidan ketgan deydilar? Lekin yaxshi ekaningizni hech kim bilmasayam men bilaman!

Ikkinchi kishi xo‘mrayib turaverdi.

– Aytishni istamasangiz o‘zingiz bilasiz, – dedi Maestro. – Mayli, ixtiyor sizda. Uchinchi kishimiz esa…

Navbat uchinchi kishiga keldi.

– Men nazarimda toshbaqaga o‘xshayman, – dedi u. – Qalbimni ochay desam, qadrimga yetadigan hech kim yo‘q, shuning uchun kosamga qamalib olib, xo‘mrayib yursam ham aslida yuragim juda toza.

Olomonga bu gap uncha ma’qul kelmadi. “Yog‘ bosib ketganini qarang, balki ancha-muncha kishining haqidan urib semirgandir, kosasidan chiqib, qilmishlarining barini aytsin” deyishdi.

– Muhtaram jamoaning talabiga nima deysiz?

– To‘g‘ri, men muttahamman, – dedi u kishi, chin yurakdan. – Ko‘pni haqini yeganman, odamlarni aldaganman. Ammo, bola-chaqam oldida ko‘pni haqi ko‘zga ko‘rinarmidi? U ishlarning gunoh ekanini bilaman, harom yo‘llar bilan pul topsam o‘zim topaqolay, bola-chaqam to‘kin yashasin, javobiniyam o‘zim beraman deb allaqachon aybimni bo‘ynimga ham olib qo‘yganman.

– Unda sizni qanaqasiga yaxshi odam deya olamiz? – deb so‘radi Maestro.

– Aytdim-ku, o‘zim yaxshi odam bo‘lsam ham, bolalarim qiynalmasin deb yomon ishlar qilishga majburman, – dedi u kishi. – Menimcha, endi bu yo‘ldan qayta olmasam kerak. Bolalar o‘rganib qolishdi, shunday ketaveradi endi bu yog‘i.

– Ha, ishingiz qiyin ekan, – dedi Maestro. – Xo‘sh, bu kishini nima qilamiz? Qarang, o‘zi uchun emas, bola-chaqasi uchun tirishibdi. Balki kechirarmiz?

– Bola-chaqasini burnini yerga ishqab ishlatish kerak, – dedi boshqa bir kishi. – Mayli, bu odam baribiram yaxshi kishi ekan, ammo o‘zini sarf qilib yuborganini bola-chaqasi bilarmidi? Bilguniga qadar ishlataverish kerak, toki non topish qiyinligini bilib olishsin.

Maestro to‘rtinchi kishiga o‘tdi.

– Siz-chi?
– Men otamdan q-qo‘rqaman, – dedi u kishi, xiyol duduqlanib. Uning gapi odamlarda yana zavq uyg‘otdi.
– Iya, nega qo‘rqasiz?
– Otamni j-jahli yomon, – dedi u kishi hiqillab. – Yaxshi odam emasligim sh-shundaki, otam o‘lib qolganida suyunganman.

Zal jimib qoldi.

– Otasi o‘lganida suyunganlar yana bormi? – deb so‘radi Maestro, ammo birov javob bermadi. Hayratlanarlisi shundaki, bu gapni aytgan odamga birov nafratini ham izhor qilmadi.

– Rostini aytganingiz uchun rahmat, – dedi Maestro – Xo‘sh, nima uchun suyungansiz?
– Otam b-berahm kishi edi, – dedi u odam. – Haybatidan qo‘rqqanimdan ba’zan duduqlanib q-qolardim. Haligacha hayajonlansam, duduqlanaman.
– Buning ishi oson, – dedi Maestro. – Men hozir qo‘limni ko‘taraman, siz qarab turing. “Bir” deganimdan keyin duduqlanmang, xo‘pmi?
– Xo‘p, – dedi u kishi, itoatkorona.

Maestro aytganini qilib qo‘lini ko‘tardi-da, qattiq ovozda “Bir” dedi, keyin imo qildi.

– Ana, aytmadimmi? – dedi xursand bo‘lib.

Shundan keyin u odam to‘lib-toshib o‘z hayotida ro‘y bergan voqealarni gapira ketdi. Shunchalar ta’sirlanib gapirardi-ki! Goh kulimsirar, goh ko‘zidan yoshi oqib-oqib ketardi. Ota nihoyatda yaramas kishi ekan, bu odamning orzu-istaklari mo‘l, ammo hammasini ichiga yutib, aytgan yo‘rig‘ini bajarishga majbur bo‘libdi. “Meni ketmon sopi bilan ham urgan, – dedi shikoyat qilib. – Shunaqa qattiq urganki, ketmon sopi sinib ketgan. Axir, boshqacha odam bo‘lmoqchi edim, – dedi chuqur iztirob bilan. – Bo‘lolmay qoldim. Men ajoyib bir odam bo‘lmoqchi edim, nasib etmadi…”

– Mayli-mayli, – deya yupatdi Maestro, uning hayajonli hikoyasi tomoshabinlarni zeriktira boshlaganini sezib. – Keyingi qahramonimiz kutib qolmasin. Siz tinchlaning, bugundan boshlab hammasi izga tushib ketsa ajabmas.

Beshinchi kishi esa kutilmaganda Maestroga qarab tirjaydi.

– Sen yaramas, shunaqa qilib hammani aldab pul topib yuribsan-da, – dedi g‘olibona. – Hiyla-nayranglaringni yaxshi bilaman. Senga o‘xshaganlarni ko‘pini ko‘rganman.

Maestro ham jilmaydi-da, qo‘llarini ikki yonga yoyib, tomosha ahliga yuzlandi:

– Bu kishini nima qilamiz endi?
– Yaxshi odam emas ekan, qo‘polligini qarang, – deyishdi tomoshabinlar bir ovozdan. – Sahnadan tushirib yuboraqoling.
– Marhamat, – dedi Maestro. – Sahnalan tushing, degan iltimos bo‘ldi.
– Nega tushar ekanman? – dedi qo‘pol kishi, tixirlik qilib. – Umrim bo‘yi shunaqa bir joyga chiqib odamlarga gapirgim kelardi, mana, yetishdim. Shoshmang, meniyam aytar gaplarim bor.
– Aytaqolsinmi? – yana zalga yuzlandi Maestro.
– Yo‘q, kerakmas, – deyishdi kishilar.
– Uzr, – qo‘llarini ikki yonga yoydi Maestro. – Bizning jamiyatda xalqning irodasi qonun bilan teng. Men esa qonunni buzolmayman. Marhamat qilib, joyingizga boring.

Isyonchi to‘ng‘illay-to‘ng‘illay pastga tushib ketdi. Qolganlar esa sahnada qolishganidan xursand bo‘lib, iljayishdi.

Navbat bashang kiyingan xonimlarga keldi.
Maestro ularga ta’zim qildi-da, xalqqa eshitilar qilib pichirladi:

– Sizning g‘oyat go‘zal va ajoyib ekaningizga sira shubha yo‘q. Balki gapirmay qo‘yaqolarsiz?
– Gapirsin, gapirsin, – deb shovqin soldi olomon. – Eng qizig‘i shularniki bo‘ladi hali, qarab turing!
– Gapiraqoling unda, – dedi Maestro.

Shunda qiziq hol yuz berdi. Xonimlarning birinchisi nozlana-nozlana qosh qoqib, turli ifodalar bilan bir nimalarni so‘zlay ketdi, qizig‘i shundaki, gaplarini sira tushunib bo‘lmasdi. “Kimningdir qo‘shnisining tovug‘i baribiram tilla tuxum tug‘masa-da, unga mutlaqo aloqasi yo‘q boshqa allakimning qulog‘idagi marvaridli tilla baldoq qaygadir borilganida kimgadir o‘tib, bir aylanib yana egasiga qaytib kelishi ehtimoli bormi-yo‘qmi?” deb tugatdi u gapini va chiroyli ko‘zlarini olomonga tikib, jim bo‘lib qoldi.

– Bo‘ldimi? – deb so‘radi Maestro, kulib.
– To‘g‘risini aytsam, gapimning boshlanishi esimdan chiqib qoldi. – dedi xonim, o‘ng‘aysizlanib. – Lekin, asosiysini baribiram gapirib bo‘ldim-ku? Nima qilasiz meni qiynab?
– Menimcha, xonimlarga shafqat qilishimiz kerak, – dedi Maestro va yana ta’zim qildi. – Sizlar bu sahnaga faqat go‘zalligingiz uchungina chiqdingiz. Har doimo mana shunday latofatli bo‘lib qoling, marhamat!

Xonimlar viqor ila sahnadan tushib ketishdi.

– Diqqat! – deya e’lon qildi Maestro. – Biz bilan qoling! Tomoshamizning ikkinchi qismi boshlanmoqda.

Sahnaning chetidagi qizg‘ish-yashil chiroqlar yondi, mayin va nozik musiqa chalina boshladi. Sirasini aytganda, musiqachilar o‘z vazifalarini qoyilmaqom qilib ado etishmoqda, kuy ajoyib va diltortar bir voqea ro‘y berajagini bildirib havolanmoqda edi.

– Do‘stlar, bizlar hozir yosh bolalarga aylanamiz, – dedi Maestro.

– Gapimni diqqat bilan eshiting! – dedi u buyruq ohangida. Musiqa tindi.

– Bir daqiqadan so‘ng hammamiz bolalik davrlarimizga qaytamiz, – dedi u tantana ila. – Teskari sanashni boshlayman. Men sanoqni tugatganim ondan siz bola holiga qaytasiz! Boshladik!

– O‘n!

Kishilar jim bo‘lib qolishdi.

– To‘qqiz!
– Sakkiz!
– …Besh!
– …Ikki!
– Bir! – deyishi bilan sahna chiroqlari yana o‘chdi-da, o‘rtani doira shaklida yoritgan oppoq nur qoldi.

– Yoshingiz nechada?
– O‘n uchda, – dedi burro qilib u kishi, ikki qo‘lini ikki yoniga tushirib. Zo‘r berganidan hatto burnining uchi terlab ketdi.
– O‘qishlaringiz yaxshimi?
– Yaxshi.
– Baholar qalay?
– Unchamas, – dedi u xijolat tortib. – Lekin tuzatishga so‘z beraman.
– Qaysi fanlarni yaxshiroq bilasiz?
– E-e… Hm-m… Jismoniy tarbiyani.

– Ha, jismoniy tarbiya ham bo‘laveradi. – dedi Maestro qoniqish bilan. – Chunki qolgan fanlarning birontasi hayotda kerak bo‘lmaydigan fanlar. Rost-da, – dedi u, birdaniga jonlanib. – Masalan, fizikaning oltin qoidasining hayotga qanchalar aloqasi borligini hozirgacha men ham bilmayman. Lekin hayotning oltin qoidalarini hammamiz yaxshi bilamiz, shunday emasmi?

– Shunday, shunday, – deyishdi zaldagilar.

– Siz-chi?
– Beshinchi sinf o‘quvchisiman.
– Fanlarga qiziqasizmi?
– Ha.
– Masalan, qaysi fanga?
– Matematikaga, – deb javob qildi “bola”, negadir o‘ng‘aysizlanib.
– Qiziq-ku, masalan, men matematikani juda yomon ko‘rardim, – dedi Maestro. – Sizni faqat olqishlash kerak. Ayting-chi, matematikaning nimasi sizga yoqib qoldi?
– To‘g‘risini aytaversam, urishmaysizmi? – deb so‘radi “bola”, beshbattar tortinib.
– Yo‘g‘-e, nega urishar ekanmiz? – dedi Maestro. – Bemalol aytavering.
– Men.. men… – duduqlanib qoldi u, keyin shartta aytdi: – Matematikadan dars beradigan muallimani yaxshi ko‘rib qolganman.

Zal gur kulib yubordi.

– Ana xolo-os! – dedi Maestro, yana qo‘llarini ikki yonga yoyib. – Dardingiz bedavo ekan-ku?

Navbat keyingi kishiga keldi.

– Xo‘sh, siz-chi? – deb so‘radi Maestro, o‘sha quvnoq ohangda.

– Senga nima? – dedi u kishi, birdan xo‘mrayib. – Ishingni qil, o‘ralashmasdan.

– Xo‘p-xo‘p, uzr, – dedi Maestro, undan uzoqlashib. Keyin e’lon qildi: – Endi umumiy savolga o‘tamiz. Savol barchangizga birday taalluqli. Hozir xotirangiz uyg‘onadi, bola bo‘lsangiz-da, ayni paytdagi aqlu zakovatingiz o‘zingizga qaytadi. Xo‘p, savolim shu: katta holingizga qaytishni istaysizmi?

– Yo‘q, – deb yig‘lab yubordi birinchi turgan semiz kishi, azbaroyi istamaganidan oyoqlarini tapirlatib. – Kerak emas, sirayam xohlamayman.

– Siz-chi?

– Onamni oldiga ketaman, – dedi burnini shilq-shilq tortib. – Menga bu yer yoqmayapti. Onamning oldiga boraman.
Xo‘mraygan kishiga navbat keldi.

– Siz?
Kutilmaganda u mushtlarini qisimlab, oldinga bir qadam tashladi-da, ko‘ksini kerib:

– Nima? – dedi hurpayib. – Bittaga bitta chiqasanmi?

– Yo‘g‘-e, – dedi Maestro. – Hecham unaqa niyatim yo‘q.

– Unda tek o‘tir, ko‘p javramasdan, – dedi “bezori”, yer ostidan atrofiga nazar tashlab.

* * *

– Aziz do‘stlar, tomoshamizning so‘nggi qismiga ham keldik, – dedi Maestro, nimagadir qayg‘uli ohangda.
Zal bir to‘lqinlanib oldi.

– Nima, istamaysizmi? – deb so‘radi Maestro.

– Yo‘q, davom etaqoling, iltimos, – dedi norg‘ul yigit.

Keyin sahna yoniga keldi, Maestro engashib uning gapini tinglagach, baland ovoz bilan:

– Sirayam iloji yo‘q, – dedi. – Afsuski, buning sirini ochib bo‘lmaydi. Ammo, qay tarz sodir bo‘lishi tarixini ayta olaman. Aytaymi?

– Ha!
– … Bir paytlar … dedi u, ovozini pasaytirib. – Juda qadim zamonlarda, Qizil dengiz sohilida sahar vaqti bir yulduz porlagan edi…

* * *

Tun o‘tib, hali quyosh chiqmasidan, sahroning toza osmonida yangi bir yulduz paydo bo‘lgani odamlarni shoyon sarosimaga solib qo‘ygan edi.

Gap shundaki, Sulaymon payg‘ambarga shamol bo‘ysunib istagan yeriga olib uchar, hayvonlar va Tangri taoloning ko‘zga ko‘rinmas maxluqlari hukmini og‘ishmay bajarar ekanlar, kishilar orasida “Sulaymon bu ishlarni sehru jodu yordamida amalga oshiryapti” degan mish-mishlar urchib ketgan edi.

Odamlar haqiqat hamda sehru jodu orasidagi farqni bildirish uchun yer yuziga Horut va Morut degan ikki farishta tushirilganidan hali bexabar edilar.

Aytadilarki, farishtalarning ba’zilari inson avlodlari yer yuzida haddan ziyod buzg‘unchilik qila boshladilar, sen ular o‘rniga boshqa xalqni yoki bizlarni tushirsayding, unday buzg‘unchilik qilmas edik, deb aytganlarida, Tangri taolo, agar ular bilgan narsalarni siz ham bilsaydingiz, albatta buzg‘unchilik qilgan bo‘lardingiz deya, oralaridan uchtasining yer yuziga tushishini istagan ekan. Uchovlondan biri bu ishning orti kesik ekanini payqab, tavba qilgach, qolgan ikkitasi yer yuziga tushibdi.

Buzg‘unchilik qilmasliklariga qattiq ishongan u farishtalar Zuhro ismli g‘oyat ajoyib va go‘zal bir ayolga duch kelishibdi. Zeboligidan aqlu hushlarini yo‘qotishibdi.

“Biz bir fitna edik, o‘zimizdan ham quvvatliroq boshqa bir fitnaga duch kelmadikmikin” deyishibdi ular.

Ayolning go‘zalligidan aqlu hushini yo‘qotgan farishtalar o‘zlari bilgan xos bilimlarini Zuhroga bildirishgach, Tangri taolo ularni Bobildagi bir chohga hibs qilibdi. Zuhro esa, farishtalar sirini bilgani uchun osmonga ko‘tarilib, alal-oqibatda yulduzga aylanibdi.
Sehr o‘rganuvchilar ana shu voqeani bilganlaridan so‘ng Bobilga daryoday oqib kelaverishibdi.

Vaholanki, sehru joduga hech qanday ehtiyojlari yo‘q edi. Kimdir boshqalarning o‘y-fikrlarini yoki nimalar qilayotganini bilib turish uchun, kimdir hukmronlikni qo‘lga olish uchun, kimdir boshqalar nazdida o‘z darajasi balanroqligini ko‘rsatib shuhrat topish uchun u ishlarga qo‘l ura boshlabdi.

Ajablanarlisi shundamishki, u ikki farishta kelguvchilardan “Osmonga Zuhro yulduzi chiqdimi?” deb so‘rashar, “Ha, chiqdi” deyishsa, qayg‘uga botib yana yer ostiga kirib ketar ekanlar.

Aslida esa, Zuhro yulduzi haqidagi rivoyat afsonadan boshqa narsa emas. Insonlar nazdida Bobilga Sulaymon payg‘ambar zamonida rostdan ham ikki farishta tushirilgani va ular sehru jodu o‘rgatganlari haqidagi gaplargina aniq va rost, qolganlari to‘qima bo‘lishi ham mumkin.

* * *

– Bir mahallar Qizil dengiz sohilida mana shu voqea ro‘y bergan, – dedi Maestro. – Endi do‘stlarimizga so‘nggi savolimizni beramiz. Avval aytganimday, pastga tushganlaridan so‘ng hech narsani eslay olmaydilar. Sahnada qancha vaqt bo‘ldingiz deb so‘rasangiz, besh yoki to‘rt soniya deb javob beradilar. Hatto yanada aqlliroqlari bir soniya deyishlari ham mumkin. Tomoshamizning uchinchi qismida bizlar bu kishilarning keksalik vaqtiga sayohat qilamiz. Qarang! – deya xitob qildi u. – Bolalik o‘tgach, kishilar u beg‘uborliklarini yuraklari ichiga juda mahkam berkitib tashlaganlarining shohidi bo‘ldik. Yashash, mol-dunyo hirsi va yana allaqancha tug‘yonlar aro umr o‘tganida, bu kishilarning qanday xulosaga kelishlari qiziq emasmi sizlarga?

– Qiziq, albatta qiziq! – deyishdi zaldagilar.
– U holda marhamat, tomoshamizning yakuniy qismi! – deb e’lon qildi Maestro.

Birinchi kishining o‘zini qarib-qartaygan chol sifatida tutishi kulgili va qiziqarli edi.

– Ko‘zlarim yaxshi ko‘rmayapti, – deb shikoyat qilganida, olomon kulib yubordi. Ha, tomosha rostdan ham ajoyib bo‘lmoqda edi.

– Nechchiga kirdingiz? – deb so‘radi Maestro undan.

– Sakson ikkiga, – dedi u, chollarga xos qaltiroq ovoz bilan. – Quvvat sira yo‘q, bolam, – deb shikoyat qildi Maestroga. – Tomoqdan ovqat o‘tmaydi, zo‘rg‘a qimirlab yuribman. Xudoga shukr qilmay iloj qancha?

– Keksalik gashti deyishardi, qanaqa ekan?

– Qanaqa gasht? – dedi u. – Har kecha tish-tirnog‘ing bilan hayotga yopishib, ildizlarini mahkam changallab yana bir kun yasharmikinman deb qo‘rqasan, ertalab ko‘z ochganingda quvvatsizligingni, qarilingni bir dam unutgan bo‘lasan, yoki bolaligingni, yigitligingni tush ko‘rasanu uyg‘onib xursand bo‘lib yotasan, keyin a’zolaring birin-ketin uyg‘ona boshlaydi, og‘riqlaring ham uyg‘onadi. Qarasang, yana o‘sha ahvol… ko‘rganing esa shirin xayol yoki yorug‘ tush ekan… – deb xo‘rsindi u. – Yuribmiz-da bolam, qimirlab.

Ikki yuzi qip-qizil, tog‘ni ursa talqon qiladigan davangirday bu kishining gaplari kulgili edi. Maestro ham jilmaydi.

– Shuncha odam sizning nasihatingizu o‘gitingizga ilhaq, – dedi keyin. – Ularga aytadigan biror gapingiz bormi?

– Nimayam derdim, – dedi u, mijjalarini artib. Keyin “O‘tirib olsam maylimi?” deb so‘radi.

– Mayli-mayli, – dedi Maestro.

– Gapim shuki, – dedi u bir oz o‘ylanib. – Rostdan ham hayoti dunyoda bir-ikki kunim qoldimi-yo‘qmi, bilmayman. Ammo shuni aytgan bo‘lardimki, yaqinlaringizni sira aldamang, – dedi u afsuslanib. – Umr judayam bebaho narsa, behudaga zoye qilmang. Mana, shuncha yashabmanu lekin o‘ylasam, deyarli barini arzimas narsalarga sarflab yuboribman. Hammangizga xudo rahm qilsin.

– Aytganingiz kelsin, – dedi Maestro samimiy ohangda va keyingi kishiga o‘tdi.

– Umr juda qisqa ekanini bilmay qolibman, – deya iqror bo‘ldi u. – O‘ylab qarasam, benihoya ko‘p bo‘lar-bo‘lmas narsalar bilan maqtangan ekanman. Endi esa… – deb birdaniga yig‘lab yubordi u. – Qaytay desam, sira ilojim yo‘q, yaxshi ishlar qilay desam, madorim yo‘q.

– Hechqisi yo‘q, xafa bo‘lmang, – deb yupatdi uni Maestro va keyingi kishiga o‘tdi. U o‘siq qoshlari ostidan hanuz xo‘mrayib qarab turardi.

– Qancha yillardan beri oldimda o‘ralashib yurasan? – dedi u birdaniga. – Nima kerak senga?

– Hech narsa kerak emas, shunchaki siz bilan ikki og‘iz gaplashmoqchiman xolos.

– Bor, ishingni qil, senga aytadigan hech qanaqa gapim yo‘q, – dedi xo‘mraygan kishi.

* * *

Zaldagilar shiftni ko‘chirgudek bo‘lib tinimsiz qarsak urishar, nihoyatda shod edilar.

– Aziz do‘stlar, tomoshamiz sizga ma’qul kelganidan xursandman, – dedi Maestro. – Ha, tomoshamiz oxirlab qoldi. Hozir sahnada chiroqlar yonadi, hamma narsa charog‘on, hozirgina g‘arq bo‘lganingiz sirli dunyo sahna bilan qo‘shilib g‘oyib bo‘ladi. Siz charchab, o‘yin-kulgi qilishga kelgan kishilarsiz, albatta, bir dunyo tashvishingiz borligi barchaga ayon. Yoshingizdan qat’iy nazar, dunyo toshlarini ortmoqlab yurganingizni hamma yaxshi biladi. To‘g‘ri emasmi?

– To‘g‘ri, to‘g‘ri! – deb qichqirdi olomon.

– U holda sizga yana bir haqiqatni oshkor qilish payti keldi.

Zal yana bir to‘lqinlanib oldi.

– Gap shundaki, sizga ko‘rsatganimiz bu sahna haqiqat emas, bor-yo‘g‘i bir tomosha edi, – dedi Maestro. – Men ham hech qanaqa Maestro emas, shu teatrning oddiy bir aktyoriman. Sahnadagilar ham aktyorlardir. Siz aziz tomoshabinlarimizga yangilik taqdim etish maqsadida tomoshaning shunaqa shaklini tanladik. Boringizga shukr! – deya ta’zim qildi u.

Jilmayib turgan boshqa aktyorlar ham ta’zim qilishdi.

Olqishlar va siylovlar ohangida yana musiqa taraldi, ammo kutilgan gulduros qarsaklar eshitilmadi.

Zal negadir jim edi.

Keyin kutilmagan hodisa ro‘y berdi.

Old qatorda o‘tirgan bahaybat yigit qo‘lidagi muzqaymog‘ini sahnaga qarata otdi.

– Ablah! Yaramas! – deb baqirdi ko‘zi qonga to‘lib, g‘azabi oshib. – Hali aldadingmi xalqni?
– Aldabdi!
– Muttahamlar! Yolg‘onchilar!
– Mana senlarga!
– Pulni qaytar, yaramas!

Sahnadagi voqealarga chin yurakdan ishonib, hayratlanib o‘tirgan olomon birdaniga g‘azabga minib, qo‘lida neki bor, barini sahnaga ota boshladi. Hamma, hatto bashang kampirlar ham elni aldashga jur’at qilgan bu badbaxtlarni jazolashni talab qilib baqirib-chaqirar edilar.

– Yo‘qol! Daf bo‘l! – deb qichqirar edi olomon.

Kursilar qarsillab sinar, teri koplamali suyanchiqlaru temir oyoqlarni ham g‘alati bir tarzda sug‘urib olib, sahnaga otar edilar. Aktyorlar sahnadan qochib chiqishga majbur bo‘lishdi, hatto parda ortidagi musiqachilar ham shosha-pisha asboblarini ko‘tarib, qaygadir yashirinishdi.

Tezda o‘t o‘chiruvchilar guruhi yetib keldi. Sahnada nosrang zarhal kiyimli harbiysifat kishilar paydo bo‘lganini ko‘rgan odamlarning hovuri bir oz bosilib, birin-ketin afsus ichra tarqala boshladilar.

Tajriba tariqasida o‘tkazilgan va bor-yo‘g‘i bir martagina namoyish etilgan teatr tomoshasi mana shu tarzda nihoya topdi.

2014