Hamid G‘ulom. Mushkul savdo (hikoya)

Mirvali o‘zini kuyganlardan hisoblaydi. Sirdosh do‘sti Umrzoq undan hol-ahvol so‘raganda: «Bilmayin bosdim tikanni, tortadirman dardini», deb lutfan javob berdi. Bu, uning: «Salimann sinamay uylanib qo‘ydim, endi umrim azobga qoldi», — degani edi. Do‘stining bunday javobi Umrzoqqa erish tuyuldi shekilli, kuldi-da:
— Qani, bundoq o‘tir, daftaringni och! — dedi. Ular zavodning keng hovlisi o‘rtasidagi shovillab turgan fontan hovuzi bo‘yida quyuq yashilga bo‘yalgan panjara skameykaga yonma-yon o‘tirdilar. Ikkinchi smena hozirgina tugab, ishchilar tarqalishgan, bugun tayyorlangan sim chetanli pritseplar olib chiqib ketilgan, tsexlarda navbatchilar va remontchi mexaniklargina qolgan, bir qadar sokin payt edi. Soat o‘n birga yaqinlashgan, kunduzi qirq ikkiga chiqqan issiqning dami yarmiga qirqilgan, tiniq hovuzda jo‘sh urayotgan suvning yengil shabadasi orombaxsh.
Umrzoq skameyka suyanchig‘iga yelkasini qo‘ygancha fontanning tik jo‘mraklaridan otilayotgan, kalta simyog‘ochlarga kamalak shaklida osilgan neon chiroqlarning oq nurida tovlanayotgan favvoralarni tomosha qiladi va boshini kaftlari orasiga olgancha o‘tirgan yerida muk tushgan Mirvalini yupatishni ham, koyishni ham bplmay o‘y suradi. U do‘stining shu yil ko‘klamda bo‘lgan dovruqli to‘yini eslaydi. Mirvalining Chig‘atoy Oqtepasidagi obod hovlisida ziyofat bo‘ldi. To‘yga mo‘tabar mehmonlar — Politexnika institutining domlalari va zavod rahbarlari ham kelishdi. Kelin-kuyov to‘rdan joy olib, mehmonlar bog‘ni to‘ldirgan ezgu daqiqada yoshi yetmishdan oshgan muhtaram professorning hayajonlanib so‘zlagan nutqi Umrzoqning ko‘ngliga chuqur o‘rnashib qoldi:
— Bu — yangi olam. Bu — orzuday go‘zal hayot! Bu, azizlarim, ozod muhabbat tantanasi. Mirvali — mashinasoz injener, Salima — arxitektor. Sizlar, majlis ahli, xalqimiz gullari, umidn, istiqbolisiz. Muhabbat boqiy bo‘lgani, sadoqat uning yo‘ldoshi bo‘lgani tufayli dunyo boqiydir. Keling, azizlarim, yoshlar ishqi, vafosi, kelajagi sharafiga olqish aytaylik!
Oradan bor-yo‘g‘i ikki oy o‘tdi. Burgut siyoqli kuyovto‘ra sevgi, baxt ufqlarida baland-baland parvoz qilish o‘rniga qanotlarini kurkaday yig‘ib mo‘ltirab o‘tiribdi.
— Do‘stim, zinhor uilana ko‘rma! — Mirvali kalllasini mushtlab uh tortdi. — Kiringni o‘zing yuv, shimingni o‘zing dazmolla, ammo xotnn otlig‘ning soyasini ham yaqiningga yo‘latma!
— Paradoksni qarang-a! — Umrzoq miyig‘ida kuldi. — O‘tmishda xotinlar erlaridan shikoyat qilishar ekan, endilikda erlar xotinlaridan shikoyat qilishyapti.
— Men to uylanguncha uyqusida shirin tush ko‘rib yotgan go‘dak ekanman. Umuman, ko‘zimni parda bosib, hamma narsani chiroyli ko‘rib yurgan ekanman. Umuman, hayot, men tasavvur etgandan boshqacharoq ekan. Umuman…
— Umuman, — Umrzoq do‘stining lanj gaplarini qirqdi, — sen noshukur bandasan!
— Yo‘-o‘-o‘q! — Mirvali Abror Hidoyatov Otellosining talaffuzidan qildi. — Ko‘nglim chinqiradi, uni ilonlar tatalaydi.
«Oralarida bir gap o‘tganmikin? — o‘ylab ketdi Umrzoq. — Salima og‘irtabiatli, o‘ta mulohazali qiz. Uning tabiatida yengiltaklikdan asar ham yo‘q. Yopishqoq yigitlardan bir chaqirim narida yurar, faqat Mirvalini sevar, ikkovining ahilligiga studentlarning havasi kelar edi. Nima hodisa sodir bo‘ldi ekan? Yoki uchinchi birov chang soldimikin bu oila oromiga?»
— Yorilsang-chi, nima gap o‘zi?
— Chimildiqqa kirgan kecham zilzila bo‘ldi. — Mirvalining ko‘zlari olamushuknikiday bejo yondi. — Zilzila yeru zaminni emas, mening baxtimni vayron qilgai ekan.
— Sabab?
— Sababki, Salimaga zilzila bahona bo‘lib qoldi. Umuman…
— Ochiqroq gapiraver!
— Do‘stim! — Mirvali Umrzoqqa yaqinroq surilib, tovushini pasaytiribroq dedi: — Umuman, oromim, halovatim shahrimiz tagidagi Ulomov chizib ko‘rsatgan o‘sha darzga tushib ketdi. Umuman…
— Uh! — Umrzoq bo‘g‘nlib o‘rnidan turib ketdi. — Yomon ko‘rganim mavhum gap. Sendagi bunaqa o‘zgarishni shu kungacha ko‘rmay qolganimga o‘zim hayronman. Ayb men xomkallada. Bo‘shagan murvatingni allaqachon burab qo‘yishim kerak ekan. Gap shu, kuyovto‘ra: yo ochig‘ini aytasan, yoki kechaman bunaqa taxminiy do‘stlikdan!
— Umuman, talabing to‘g‘ri, — Mirvali ancha bo‘shashdi. — Lekii mening ahvolimni ham tushungin-da…
— Xo‘sh, sen tasqaraga nima bo‘pti?
Mirvali hovuz bo‘ynga, Umrzoqning yonnga keldi va siniq tovush bilan:
— Salimadan gumonim bor, — dedi.
— A? — Umrzoq Mirvalining majhul yuziga tikilib so‘radi: — Gumoning kimdan?
— Hozircha hech kimdan. Umuman…
— Tag‘nn «umuman» deydi-ya! — Umrzoq do‘stining bilagidan qattiq ushlab skameykaga tortdi. — Qani, bir chekkadan, hovliqmasdan so‘zlab ber-chi! Gapni haligi zilziladan boshla!
Mirvali ingichka oyoqlarini bir-biriga chalishtirib, turtib chiqqan tizzasini ushlagancha bir nafas o‘yga toldi va Umrzoqqa sinashta boqib so‘radi:
— Menga ishonasanmi?
— O‘zimga ishonganday.
— Rahmat, do‘stim, — Mirvali yengilgina xo‘rsindi. — Umuman, yaxshi yigitsan, tantiligingga borman. To‘yimda kuyovnavkarim bo‘lgansan. Meni chimildiqqa kuzata turib tilagan tilaklaring hali ham qulog‘imda. Umuman…
— Muncha mijg‘ovsan! — Umrzoq do‘stini jerkib tashladi. — Gapni rezinkaday cho‘zmay, indallosini ayt, qo‘y!
— G‘azablanma, do‘stim. Boshingga tushmagan, bilmaysan. Ammo, umuman, haqsan. Faqat, iltimos… bu savdoning mushkulligini hisobga ol. Shunda menga nisbatan tosh qalbing yumshaydi. — Umrzoqning qalin tutash qoshlari yana chimirila boshlaganini ko‘rgan Mirvali gapning lo‘ndasini aytdi-qo‘ydi: — Salimaga ishonchim qolmadi, do‘stim.
— Nega endi?
— Negasini so‘rama. Umuman, Salima to‘g‘ri qiz, men uni egrilikda ayblamoqchi emasman. Uy tutishi joyida. Menga muomalasida nuqson yo‘q. Ota-onamga hurmati joyida. Ukalarimga mehribon. Umuman, turmushimizning bu tomoni ko‘ngildagidek.
— Qaysi tomoni ko‘ngildagidek emas? — Umrzoq toqatsizlanib so‘radi.
— Nima desam ekan? — Mirvali qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, fontan mavjiga tikilib qoldi. — Hamma narsa to‘g‘ri bo‘lishi mumkinu iliqlik, harorat bo‘lmasligi mumkin. Yurak nima? Qaynoq his. Aql nima? Aniq tafakkur. Men Salimada aqlni ko‘ryapman, lekin yurakni ko‘rmayapman. Ikkovi o‘rtasidagi birlikni ko‘rmayapman.
— Nodon! — Umrzoq do‘stiga o‘shqirdi. — Meni bir soatdan beri shu suyuq gapni aytishga ushlab o‘tiribsanmi?
— To‘xta-to‘xta! — Umrzoqning ketishga xezlanganini ko‘rgan Mirvali uning yelkasidan bosib, izoh bera ketdi: — Bu yerda boshqa masala bor.
— Masala?! — «Masala» deganda hayotdagi, ishlab chiqarishdagi katta muammolarni tushunuvchi Umrzoq bu so‘zni eshitib shashtidan qaytdi-da, do‘stiga tikildi: — Xo‘sh?
— Faraz qil, do‘stim, — endi Mirvali ham bosiq gapirdi, — sen dilingda go‘zal bir orzuni ardoqlab kelding, lekin u orzu senga chap berib ketdi. Yoki, sen bir g‘oyaga ishonding, u g‘oya esa, shishaday chil-chil sindi. Umuman, hayot — mashaqqatlarni yengish jarayoni. Men buni yaxshi idrok etaman. Shunday bo‘lsa ham…
— Tag‘ig falsafa! — Umrzoqning goragi toshib, skameykadan sapchib turdi. — Bas, ketdim, qorin ham bo‘lgancha bo‘ldi.
— Afsus… — Mirvali do‘stining yonida darvoza tomon asta yurib borar ekan, shikoyat qildi: — Afsus… Men seni yagona sodiq do‘stim, deb yuribman. Dunyo bebaqo emish, do‘stlar bevafo…
— Latta! — Umrzoq qadamini tezlatdi. — Xayf senga Salimaday bebaho qiz! Endi tushundim; ezmaliging joniga tegib, o‘zini chetga tortgan. Qol! Ergashma!
— Tushunsang-chi, axir… — Mirvali hamon do‘stining yonidan jilmay zing‘illab borar edi, — axir, hayot — ikki karra ikki to‘rt emas-ku. Hayot — murakkab integral hisob. Yo shunday emasmi?
— To‘g‘ri aytding, sen uchun murakkab. — Umrzoq kimsasiz trolleybusga chiqib, yumshoq kursiga o‘tirdi. Mirvali uning yoniga cho‘kdi. — Ammo men uchun, do‘stim, hayot — ravon yo‘l, nurli manzil, har qadami kaftday ayon.
— Balki… umuman haqsan. — Mirvali sal bo‘shashdi. — Ehtimol, men chigal muammolarni yo‘q yerdan o‘ylab chiqarayotgandirman. Lekin bir narsaga aqlim yetmay qoldi: nega boshqalarga, shu jumladan, senga hamma narsa ravshan, aniq, osonu menga unday emas?
— Chunki boshqalarning aqli butun, seniki yarimta. — Umrzoq zaharxanda qildi. — Hamma sog‘, sen jinnisan.
— Yo‘g‘-ey! — Mirvali sovuq ter chiqqan peshanasini kafti bilan siladi. — Esim joyida, fikrim qat’iy, hayot — jumboq, hayot — mushkul kalava. Ayniqsa xotin. Xo‘sh, ayt-chi, sen nega uylanmaysan?
— Hali vaqt erta.
— A-ha! Bahonasini qarang! — Mirvali do‘stiga «og‘zingdan iliiding-ku!» deganday g‘olibona qarash qildi. — Bilaman, men sening nima sababdan uylanmayotgangangni: qo‘rni bosishdan qo‘rqasan. Uylanish — qorong‘i uyga qo‘qqisdan kirib qolish ekaniga ko‘zing yetadi… Quvsan, do‘stim!
— Hoy bola! — Umrzoq Mirvalini boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi. — Men so‘zlaringni hazil desam, chinga o‘xshaydi-ku. Qani, tushdik, trolleybus hadeganda yuradiganga o‘xshamaydi. Taksi olamiz. Hozir to‘g‘ri sening uyingga boramiz. Ovqat topiladimi? Ya’ni, och qolmaymizmi, deyapman?
— Bilasan-ku, Salima pazanda.
— Bo‘pti! Do‘stlar trolleybusdan tushishlari bilan Chuqursoy tomondan kelayotgan bo‘sh taksining ko‘k chirog‘i ko‘rindi. Umrzoq yo‘l o‘rtasida qo‘l ko‘tardi. Taksi to‘xtadi. Mashinaga chiqdilar. Umrzoq Chig‘atoy Oqtepasini, Mirvalining adresini aytdi.
Ular orqa o‘rindiqqa yonma-yon o‘tirgancha, jimib qoldilar.
Mirvali xotinini, uning bularni yarim tunda qanday kutib olishini o‘ylab ketdi. Salima har kungidek, bugun ham erining ishdan kelishini kutib, yo kitob o‘qib, yoki chizma stoli ustiga muk tushib o‘tiribdi. U kam uyqulik, ko‘p tikilishdan qizargan ko‘zlarini xatdan oladi-da, jiddiy yuzi yumshab, jilvaga to‘ladi, iltifotni, mehmonnavozlikni joyiga qo‘yadi. Lekin u kun va oqshom bo‘yi qayerlarda bo‘ldi, nimalar qildi? Bu Mirvaliga qorong‘i. Durust, Salima ishiga borgan, keyin uyga qayta turib magazinlarga kirgan, uyda esa qaynata va qaynanasining xizmatida bo‘lgan, nihoyat, o‘z uyida chizmasiga mashg‘ul… Bu tomonidan Mirvalining ko‘ngli to‘q. Lekin masalaning ko‘ngilni g‘ash qiladigan boshqa tomoni ham bor. Bu g‘ashlikka sabab, Mirvalining o‘z ta’biri bilan aytganda, keyingi haftalarda Salimada yuz bergan «ma’naviy o‘zgarish». U tashqi jihatdan hamon avvalgidek mamnun, quvnoq ko‘rinsa ham, Mirvali uning yuragi tubida allaqanday sir, dard, armon g‘imirlab qolganini sezgirlik bilan payqab oldi. Mirvali shuni o‘ylaydi va o‘ylagan sari o‘yi chuqurlashadi…
Soddadil Umrzoq esa, do‘stining «chuqur falsafiy» mulohazalarini kelin-kuyov yo‘lini kesib o‘tgan olamushukni pardalash uchun to‘qilgan uydirma deb biladi. Odatda ojiz yoki nohaq kishilar uz gunohlarini bekitish uchun boshqalardan noo‘rin gumonsiraydilar, hatto bo‘hton toshlarini otishga qo‘llari ko‘tariladn, Xullas, bu yerda yo bir anglashilmovchilik, yoki nohaq bo‘hton borligidan Umrzoqning sodda aqli dalolat berib turibdi…
Chig‘atoy Oqtepasida, yangi uylarning derazalari porlab turgan kenggina asfalt ko‘chada, aliflangan sarg‘ish darvoza oldida taksidan tushdilar. Mirvali eshik tugmasini uch marta bosdi. Hovlida yengilgina oyoq sharpasi sezildi. Kalit buralib, eshik qiyagina ochildi. Yorug‘ yo‘lakda Salima ko‘rindi.
— Kelinglar, — u o‘zini chetga olib yigitlarga yo‘l berdi. — Keling, Umrzoq aka! Qayoqdan kun chiqa qoldi?
— Bevaqt yo‘qlaganimiz uchun uzr. — Xijolatdan Umrzoqning neshonasiga ter chiqdi.
— Ishlarpngiz shunaqa.
Hovliga kirdilar. Peshayvon oldidagi kenggina sahnga zangori panjarali chorburchak so‘ri qo‘yilgan, xontaxta atrofiga atlas ko‘rpachalar tashlangan, lo‘la-bolishlar taxlangan edi. So‘ri yonidan gulzor boshlanadi. Atirgullar qiyg‘os ochilib elektr nurida ayvon tovlanadi. Hovli etagidagi baland ishkomda sanoqsiz uzum boshlari: qora chillaki, oq daroyi, endi oqara boshlagan husayni, hasaynilar osilib yotibdi. Hovliga suv sepib supurilgan. Hamma yoq ozoda, shinam. Ayniqsa, gul hidi kishini mast qilgudek dimoqqa uriladi.
Salima bo‘lsa bu chamanga ayniqsa yarashib tushgan. U harir oq shohi ko‘ylakda, losday qora sochlari boshiga turmaklangan, oyog‘ida jajjigina amirkon kavush. Kelin bo‘lgandan beri chunonam ochilib ketibdiki, Umrzoq unga tik boqishga jur’at eta olmadi. Faqat andishali nigohning sehrgar pardasi orqali Salimaning alifday tik qaddi-basti, ko‘ylak burmasini turtib chiqqan to‘lacha ko‘kragi, lo‘ppi oq yuzi, nafis burni, tabassumga moyil yupqa lablari va ayniqsa yonib turgan ko‘zlari ko‘rinib ketib, ichida: «Alhazar, yomon ko‘zdan alhazar!» deb qo‘ydi.
— Qani, so‘riga marhamat! — Salima kelinlarga xos tavoze bilan, yigitlarni taklif qildi.
— Qariyalar yotib qolishdimi? — Umrzoq so‘riga chiqib o‘tirar ekan so‘radi.
— Ha, uyg‘otaymi?
— Yo‘q! Yo‘q! Orom olishsin.
Salima pastgina zinadan ayvonga ko‘tarilib, uyga kirib ketdi.
— Chakki bo‘ldi-da… — Umrzoq so‘rida, do‘stining yonida tizzalab o‘tirgancha hamon xijolat chekar edi. — Tashvishga qo‘ydim.
Mirvali indamadi. U atlas ko‘rpachada chordana qurib o‘tirib olgan, ohorli ko‘kish dasturxon popugini o‘ynab, yana bir necha daqiqadan keyin do‘stining guvohligida Salima bilan o‘rtalarida bo‘ladigan gap-so‘zni o‘ylar edi.
Salima uydan katta patnis ko‘tarib chiqdi. Guldor patnis non, varaqi, uzum, murabbo, asal, sariyog‘, qand, tag‘in boshqa anvoyi mevalar bilan ziynatlangan edi, Mirvalining miq etmay o‘tirganini ko‘rgan Umrzoq darhol o‘rnidan turib, Salimaning qo‘lidan patnisni oldi. Salima tag‘in uyga kirib ketdi. Bu gal u bir qo‘lida choynak, ikkinchi qo‘lida laganda bug‘lanib turgan qovurdoq ko‘tarib chiqdi.
Uchovlari xongaxta atrofiga o‘tirganlaridan keyin Salima paxta gulli jajji piyolalarga choy quyib uzatdi, ovqatga taklif qildi:
— Ishdan kelgansizlar, olinglar?
Jimgina ovqatlandilar. Umrzoq ziralab dimlangan yumshoq qo‘zi go‘shtini ishtaha bilan chaynar, kelin-kuyov o‘rtasida nima gap o‘tganini o‘ylar, do‘stining boyagina zavod hovlisida kuyib-pishib qilgan shikoyatiga asos topa olmay, obdan boshi qotgan edi. Ovqat asnosida Salimadan:
— Ishlaringiz yaxshimi, singlim? — deb so‘radi.
— Rahmat, Umrzoq aka. — Salimaning chiroyli oq yuzi jiddiylashdi. — Ish ko‘p…
— Ha, Toshkentni qayta qurish oson emas —Umrzoq qo‘lini artib, so‘ri panjarasiga suyandi. — Hozir nimani loyihalayapsiz?
— Shahar markaziga tushadigan yangi mahallalardan birini. — Salima hamon jiddiy qiyofada javob berdi. — To‘qqiz, besh qavatli uylar, maktab, bog‘cha, yasli, poliklinika, kinoteatr va magazinlar kompleksi. Sharq uslubida qulay, obod, antiqa mahalla bo‘ladi.
— Katta ish. —Umrzoq Salimani maroqlaiib ko‘zdan kechirdi va «nodon do‘stim bu go‘zal, oqila qizdan nima nuqson topdi ekan?» — degan savol ko‘nglidan o‘tdi-da, sinash maqsadida so‘radi: — Mirvali yordam berib tursa kerak?
Salima eriga: «Qani endi o‘zing javob ber!» — degandek qarab qo‘ydi.
— Sohamiz boshqa-boshqa. — Mirvali do‘stining ilmoqli savolini bartaraf qilishga shoshildi. — Bizniki mashinasozlik, bu kishiniki arxitektura.
— Ajoyibsan, do‘stim! — Umrzoq kuldi. — Men sendan Salimaxonning loyihasini chizib berishni talab qilayotganim yo‘q. Men ma’naviy yordamni aytyapman. Ya’ni, sen o‘z yoringga ishda, turmushda madadkormisan? Axir, yaqin kishilar orasida eng oddiy, eng tabiiy munosabatlar bor-ku, masalan, hamdardlik, ko‘ngil so‘rash, shirin so‘z…
— Hoy do‘stim, sen umuman nimalar deyapsan? — Ishning o‘zi uchun chappasiga keta boshlaganidan tashvishlangan Mirvali qovog‘ini uyub oldi. — Nega kelding o‘zing?
— Men seni mujmal desam, durustgina qo‘rqoq ham ekansan. — Umrzoq cho‘ntagidan «Samarqand» sigaretasini olib tutatdi. — Salimaxondan yashiradigan gapim yo‘q. Meni uyingga sening hasrating yetaklab keldi. Sen vafoli xotiningning parvosizligidan noliding. Ammo men uyingga kelib, Salimaning senga parvosizligini emas, aksincha, sening Salimaga parvosizligingni ko‘rib turibman. Isbotlab beraymi?
— Isbotla! — Mirvali o‘tirgan yerida bir sapchib tushdi. — Umuman… isbotlab bo‘psanku-ya!.. Ammo urinib ko‘r! Umuman…
— Umuman-pumumani yo‘q! — Umrzoq ham siltanib oldi. — Keldik. Tun soat o‘n ikki. Salima uyg‘oq. Seni kutib o‘tiribdi. U ham ishdan tolib kelgan. Hammayoqni yog‘ tushsa yalagudek tozalagan. Qariyalarni ovqatlantirib uxlatgan. Senga joy, choy, ovqat tayyor. Qo‘ng‘iroq chalishing bilan eshikni ochdi. O‘tirmasingdan dasturxon yozdi. Sen-chi? Sen nodon, nima qilding? Salom berish u yoqda tursin, salomiga alik ham olmading. Bu bir. Sevimli xotiningga kulib boqish, uni erkalash o‘rniga qovog‘ingni solasan. Bu ikki. U bechora yugurib-elib xizmat qilyapti, sen bo‘lsang yordamlashish u yoqda tursin, so‘rida chordana qurib o‘tirib olding. Bu uch. Endi ayt-chi, do‘stim, sen o‘zing kimsan: kechagi student, bugungi injener, kechagina Salimaga muhabbatingdan lof urgan yigitmisan yoki Xudoyorxonning etagidan tushib qolgan bekzodamisan?
— Haqorat qilma! — Mirvali bo‘g‘ilib o‘shqirdi.
— Bu haqorat emas, achchiq haqiqat, do‘stning adolatli tanbehi! — Umrzoq o‘rnidan turdi. — Salimaxon, shirin taom uchun tashakkur, endi menga ruxsat. Ammo Mirvaliga ham bir soatgina ijozat berasiz. Ikki do‘st shahar kezib, yigitchasiga gaplashamiz. — Umrzoq do‘stining bilagidan tortdi. — Tur, ketdik!
Salima indamaygina o‘rnidan turdi-da, eriga yumshoq jilmaydi:
— Bora qoling, ko‘nglingizni yozib kelasiz, har kungidek xunob bo‘lavermaysiz.
— Umuman, mayli…
Mirvali istar-istamas o‘rnidan turib hovliga tushdi. Ikki do‘st ko‘chaga chiqdilar.
Yangi ochilgan bu uzun ko‘cha odamlardan xoli, jimjit, simyog‘ochlardagi chiroqlardan, derazalardan sochilib turgan shu’lalardan charog‘on edn. Yo‘l ustidagi oynaband magazin eshigi tagidagi kursida qorovul chol mudrab o‘tiribdi. Allaqaysi hovlida to‘y bo‘layotgan bo‘lsa kerak, nog‘ora yangraydi, ashula eshitiladi.
Ular o‘n daqiqacha jim bordilar.
Bir qavatli uchastkalar, serdaraxt bog‘lar tugab, besh qavatli yangi bino yarqirab ko‘rindi.
— Ajoyib imorat! — dedi Umrzoq zavqlanib. — Peshtoqidagi naqshlarni, keng ayvonlarini qara? Bilasanmi, arxitektori kim?
— Salima… — Mirvali nechundir bo‘shashibroq javob berdi. — Loyihasini ikki oy bosim chizdi.
— Ofarin! — Umrzoq yo‘l o‘rtasida turgancha nigoh bazo‘r qamrab oladigan zo‘r binoni tomosha qildi, — Qancha talant, aql, mehnat mevasi bu! Shunday xotining bilan faxrlansang arziydi!
— Hm… — Mirvali endi ko‘z ochgan buzoqday ximradi. — Bu bino bilan unda turuvchilar faxrlansinlar. Men bo‘lsam, xotinimning menga ishqi, sadoqati, mehri, iltifoti bilan faxrlanishni istayman. U meniki, ha, faqat meniki! Tushunasanmi sen shu tuyg‘uni? Uning bo‘lsa, xayoli chizmada, ishqi ishida, vaqti butunlay loyihalarga sarf bo‘ladi. Men uning uchun soyaman, ha, jonsiz soya!..
— Yolg‘on!!! — Umrzoq baqirib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. — Sen shaxsiyatparastsan! Sen ko‘rsan, ko‘zlaring go‘zallikni, hayotni ko‘rmaydi. Bas, hafsalam pir bo‘ldi. Qol! Men ketdim.
Umrzoq qadamini tezlatib, shahar markaziga olib boradigan yangi yo‘ldan, tramvay izi bo‘ylab yurib ketdi. Yarim soatcha yurganidan keyin orqasidan, qung‘irog‘ini jiringlatib tramvay yetib keldi. Umrzoq unga yurib ketayotgan yerida chiqib oldi. Bu – so‘nggi tramvay bo‘m-bo‘sh edi. Kursilardan biriga o‘zini tashladi. U bugun juda tolgan, ayniqsa Mirvalining mijg‘ovligi uni ezib yuborgan edi. U Salimaning loyihasi bilan qurilgan bino oldida yolg‘iz qolgan do‘stini o‘ylar ekan, beixtiyor uflab:
— Og‘ir savdo! — deb qo‘ydi…
Chindan ham bu — hayot muammolaridan biri, mushkul savdo edi.