Gulbuloq kattagina qishloq. Serqatnov yo‘l ustida, tog‘u cho‘lga boruvchilar shu yerdan o‘tishadi. Yoshroq yo‘lovchilar qishloq oralaganda atrofga alang-jalang qarashadi. Nega deganda azaldan Gulbuloqning qiliqsigan qizlarining dong‘i ketgan. Vaqtida bu yerlarda vulqon qaynagan deyishadi, tuprog‘i qizil, yashil, ko‘k. Balki, shu bois zaifalarining ham zuvalasi uning loyidan qorilgan emasmi, qaynoqqina, kiyikday o‘ynoqqina, ta’riflari Katta o‘raning polvon yigitlariga dovur yetib borgan.
Pirmanning polvonlik amali yo‘q, ammo chapdast yigit, konda tuz chopadi. Topish-tutushi yaxshi. Faqat qayliq bobida omadi chopmagan. Dastlab armiyadan bir o‘ris qizni yetaklab kelgandi. Enasi, xesh-aqrabolar rangi juda sariq ekan, deyishdi. Yana nuqul “mamasha”, “papasha”deb o‘rischalaydi, kiyimlariyam juda shiydam. Shunday bo‘lsa-da, qabul qilishdi. Ammo bir yil deganda ham kelinga lozim kiydira olishmadi. Natasha qaynota, qaynog‘alar oldida oppoq poychalarini lo‘mbillatib o‘tiraberardi. Oxiri bo‘lmadi, Pirman bir yoqqa ketganda xuddi ola mushukni yetti qir nariga adashtirgan kabi shaharga eltishdi. Vokzalga borgach, qo‘liga bir dasta pul tutqazishdi-yu, arining uyasidek gavjum kutish zalida qoldirib xayr-ma’zurni nasya qilishdi. Pirmanga: “O‘zi bir tomosholab kelayin, deb shaharga ketdi”, deyishdi. U qallig‘ining qaytishini kutdi, ammo Natashaginasidan darak bo‘lmadi. Shundan keyin Pirmanni uylantirish tashvishiga tushdilar. Peshonasining sho‘riga jo‘natgan sovchilari hamma yoqdan quruq qaytaverdi. Qizlar indamasa ham onalari: u lozimsiz xotin ko‘rgan, “dod!” bermaymiz, deb turib olishdi. Erkaklarning: “Shuning nimasini islaysilar, baribir narsa emasmi? Pirman man-man degan yigit bo‘lsa”, deganlari ham behuda ketdi. Kattatoshdan bittasi bitay degan edi, ammo omad kelmasa qiyin ekan, sovchisi, kimsan mulla Abdulloning uyqusi pand berdi. Ul zotning har zamonda tutadigan qattiq uyqulari bor edi. Chin bo‘lsa, yoshligida o‘ziyam qalliqqa borganida bo‘lg‘usi kelinchakning o‘tovida choshgohgacha uxlab qolgan ekan. Bir payt qaynota bo‘lmish daladan keb qopti. Begimiz qachon turarkan, deb tezak terib yurgan qiz qarasa, otasi to‘ppa-to‘g‘ri o‘tovga tomon eshakni xinalayapti. Urdi Xudo, deya etagidagi tezakni tashlab yugursa-ya! Bo‘sag‘adan bezillab qichqiraberibdi: “Turing-cha turing, otam kelyapti!” Boshqa paytda to‘p otsayam o‘yg‘onmaydigan mulla bu tovushni eshitib o‘rindan dast turibdi, imomlikka kiyadigan oq ishtonini qidiribdi, aksiga olib po‘stak adog‘ida ekan, arang topib bo‘rboyiga tortibdi-da, bog‘ichidan ikki qo‘llab tutgancha enkayib eshikka chopibdi. Enkayganining ma’nisi, yetim uvuqning tizmasiga qaymog‘i tursin deb sut to‘la tol tavoqni deb osib qo‘yishgan ekan. Qiz buni kelgan paytidayoq aytgan, eshikka chiqayotganda emasdan to‘kib yubormasligi uchun boshini past qilishini tayinlagan, mulla buni unutmagan, ammo qayergacha enkayishni bilmagan, endi ayni tovoq osilgan joydan o‘tdim, deb boshini adl ko‘tarsa! Sutni ag‘darib yuborgan. Tashqarida esa… Ovloqqa qochayapman, deb o‘ylab to‘ppa-to‘g‘ri eshakdan tushayotgan qaynotasining qarshisidan borgan. Qo‘lidagi zarang xalacho‘pni ko‘rgach, chappa burilib tikanzor chobiraga o‘rlapti. Ortidan qaynota uqtirarmish: “Ishtonni ko‘taring mullo, anovi sabilni chakamik yulmasin!”
Bu safar Pirmanning tanidan sovchilikka borayotgan mulla Abdullo Sangrazaning burimidan oshgach, qattiq uyqusi kelibdi. Yo‘lning ustidagi yakka qayrag‘ochga yetib to‘rik g‘unondan tushibdi, nariroqdagi jing‘ilning to‘moriga qoziqbov solib mahkam bog‘labdi-da qayrag‘ochning soyaliroq joyini o‘nglab, sallani boshiga qo‘yib uyquni uraberibdi. Shu yotishda ikki yarim kun uxlagan, deyishadi. Bunga ishonmaganlarga yo‘l o‘tkinchilar: Toy bog‘langan jing‘ilning girdi changi chiqqan, ximcharoq shoxlarini esa to‘riq shipirib yeb qo‘ygan”, deya qasam ichishgan. Nihoyat, mullaning uyqusi qonib o‘rnidan turgan, rosa qornini tortib, bo‘yri bo‘yriga qavishgan g‘unonga minib Kattatoshga borsa! Fotiha to‘yining ustidan chiqibdi. To‘y u sovchilikka borayotgan qiznikida bo‘layotgan ekan… Kelganidan keyin Pirman: “Bitdima, mulla aka?” deb so‘rasa: “Bitdi, lekin senga emas, ko‘lqamishlik Haqqul gajakning ukasiga. Yaloq qizartar to‘yini ham yeb keldim”, debdi.
Omad kelmasa qiyin ekan-da.
Pirmanning Do‘smat degan traktorchi oshnasi bor edi. Do‘st Xudoning oti, deganlar, u qayishmasa kim qayishadi. U qish bo‘yi traktorini tarillatib zinkiygancha, unga qalliq izladi, biroq topishi qiyin bo‘ldi. Nihoyat, Qorabuloqdan bir zaifaning daragini topdi. Ancha o‘tirib qolgan qiz ekan. Pirman: “Kelib-kelib qari qizni olamanmi?” deb do‘stiga gina qilgan bo‘ldi.
– Bir ko‘rib kel. Olma edi-da darrov qo‘yningga kiradima?
– Uyiga boramizma?
– Bahorda Keldiyor akaning no‘xatpoyasini haydab bergandim. Shudgor haqidan ozroq qarzdor edi, shuni so‘rab boramiz. Tap-tayyor bahona.
Oshnasi ichida “jon”, deb turganmi, darrov rozi bo‘ldi. Qorabuloq qaydasan, deb jo‘nashdi. Uy egasi tegirmonga ketgan ekan, ko‘liklarni 13 yoshli o‘g‘li bog‘ladi. Enasi Xolcha checha ko‘ylagi yenglarini halpillatib ularga peshvoz yurdi. Norguloy ham erkak tovushi kelsa ang‘ishlaydigan odat chiqarganmi. Ayvonga chiqa solib ro‘molini yoya tashlab, ularga oyday jamolini ko‘rsatdi. O‘ziyam rosa yetilgan, yuzi sarishindan kelgan, lorsillagan qiz. Pirman uning lo‘mbillagan bilaklariga boqib esi og‘di, Norguloy xumor ko‘zlarini suzdi-da, oshxona tomonga yurdi. Xolcha checha choqqina mehmonxonaga yangi ko‘rpachalardan to‘shadi, mehmonlarni o‘tqazib yonlariga parquv bolishlardan qo‘ydi. Yuragi bir narsaning daragini sezganday seriltifot, ikki gapning birida: “Xush kelibsizlar og‘ajonlarim, yozilib o‘tiringlar, men hozir”, deb yugurgilagancha dasturxon yozdi, bor noz-ne’matlarini oldilariga qo‘ydi. Choyniyam keltirgach:
– Uzr, og‘ajonlar. Men endi oshxonaga chiqayin, – dedi.
– Tashvishni kattartmang, checha, biz qaytamiz, – dedi Do‘smat sustroq ohangda.
– E, tashvishi bor ekanmi? Ozib-yozib bir kepsizlar, bemalol o‘tiraberinglar, hali akangiz keladi. Men palovga kirishay, – dedi-da, chiqib ketdi.
Do‘smat oshnasiga “qanday” deganday ko‘z qisdi-da, issiq nonga qorin yog‘ini qalin bosib yeya berdi. Pirmanning esa tomog‘idan hech narsa o‘tmaydi, ikki ko‘zi qiya ochiq eshikda. Zora Norguloy ko‘rinib qolsa, deganday ayvondan ko‘z uzmas edi.
– Namuncha alanglab qolding? Olsang ko‘raverasan-da. hozircha nondan olib tur, qorningni to‘yg‘izmaysanmi, xumpar, uyog‘ini o‘zim boplayman! – deb chandidi oshnasi.
Orada Xolcha checha kirib bo‘sag‘aga cho‘kkaladi. Pirman ov ko‘rmagan toziday qiypangladi. Do‘smat uzoq homuza tortgach, gap ochdi:
– Endi checha-a, kelganimiz boisi…
– Aytavering, hech aybi yo‘q. Jonim, qizlik uyimiz, axir.
– Shu-u desangiz… Akam kelmadi-da.
– O‘zimiz javobini aytaveramiz.
– Unday bo‘lsa-a-a… Avval iqtisod, keyin siyosat, deganlar. Bahorgi shudgor xaqidan ozroq pul qolgan edi, shuni bersangiz…
Hafsalasi pir bo‘lgan ayol ko‘zini chaqchaytirdi.
– Hali shunga kelganmidinglar! E, bor bo‘linglar-e. Men bo‘lsam…
– Ha endi, biznikiyam haq-da, jo‘jabirday jonmiz checha.
Ayol boshini sarak-sarak qildi.
– Haqingizni akangizdan so‘raysiz, inim. Ishingiz shu bo‘lsa, xayr-xo‘sh!
– Yo‘g‘-e, darrov-a? Hali gap ko‘p, chechajon. Uyog‘ini so‘rasangiz, biz…
– Ozmon xardorga tobimiz yo‘q. Qosh qoraymasda ketinglar, oldi-ortilaringga qoratosh!
Shuytib ish bitmadi, oshnasi qarzini undiraman, deb qovun tushirdi. Pirman uning traktori uzoqdan tarillasa ham chappa buriladigan bo‘ldi. Bir kuni kondan tuz olib kelayotsa, tor joyda duch kelib qoldi. Noiloj jarga qapishib traktorga yo‘l bo‘shatdi. Do‘smat esa, tormozni taqqa bosib yoniga tushdi. Ko‘rishib so‘rashgach, qo‘yarda qo‘ymay kabinaga tuz-puzi bilan chiqarib oldi.
– Kechir oshna, mendan o‘tdi. – Uzrxohlik qildi u. – Chechasi tushmagur berdisini aytguncha…
– O‘l-e, haqingni undirishga boribedikma?!
– Gapni uzoqdan boshlamoqchi edim-da. Nima bilaman quvib solishini. Traktorni erganak-darbozaga yetmay to‘xtatdi.
– Uygacha hayda-da endi, – dedi oshnasi tumshayib.
– Yo‘q, gap bor.
– Qanday gap?
– Senga yangi qalliq topdim. Toza ketvorgan, balnisada ishlaydi.
– Anovi qorabuloqlik Maynagulni aytayapsanmi?
– Xuddi o‘zi.
Maynagul tegirmonchining qizi, biyday qorachagina, bo‘sh-bayovgina, tegirmonda supur-sidir qilib, qosh-kiprigi unga belanib yurardi. Ba’zida itlariga arpa uni tortgali kelgan, mo‘ylablari sabza urgan cho‘liqlarga ko‘z solardi. Hechkim uni vaqti kelib bo‘z bolalarning ko‘kayini kesadi, ne bir narrasherlarni ortidan ergashtiradi deb o‘ylamagan. Bo‘yga yetgach, uni shu yerlik xirmonchi Eson bobo kelin qildi. Kuyov bo‘lmish hali o‘smir, xirmonda galagov haydardi. Usta Parda bola faqir yangito‘shak, tag‘in charchab qolmasin, deb chapar yasab bergandi. Chapar degani zarang shoxlaridan ko‘ndalang-tikka to‘qilgan moslama, xirmonga qo‘shilgan ho‘kizlarga tirkaladi, bug‘doy poyalarini surgab yanchilishini tezlashtiradi. Biroq chaparning Sanaqulga eshak suvga yozilgancha foydasi yo‘q. Kechga dovur galagov haydagan boyoqish uyga burni so‘rrayib, oyoqlari chalishib horigancha kirib borardi. Chimildiqda esa uni to‘rsaloqday tirsillagan kelin kutardi.
Maynagul shu xonadonga kelin bo‘lib tushdi-yu, o‘zgardi. Sanaqul hardamxayol o‘spirin, hushi tutsa kelin bilan chimildiq ortida ozroq bobolaytaka o‘ynab, hushi tutmasa ko‘rpaga boshini burkab uyquga ketardi. Kelinning u yer-bu yeri badaniga tegsa: “E, muncha bilqillamay yot, erta turib xirmonga borishim kerak” derdi. Maynagulning bir emas ikki bo‘y yetgan qayinsinglisi bor, ulardan ish ortmaydi, uyda o‘tiraverib zerikadi, adoqdagi tuproq yo‘lga qaraydi. Motosekillarini tarillatib o‘tayotgan bo‘z bolalarga tikilib qizlik davri esiga tushganidanmi shiringina entikib qo‘yadi. Keyinchalik eshak, toy-tuvloq mingan barvasta cho‘pon yigitlar o‘tganda ham yuragi orziqadigan bo‘ldi. Xirmonning esa keti uzilmasdi. Eson bobo kelinining bekor vaqti ko‘pligini payqab kampiriga maslahat soldi:
– Shu-u, chog‘imda ro‘zg‘or yumushlarini ikki qizing binoyidek uddalaydi. Kelinni balnisaga supurg‘ich qilib ishga o‘tkazsak, nima deysan?
– Qalay bo‘larkin? – O‘ylandi Oyro‘zi momo.
– Besh-olti so‘m ishlab topsa tirikchilikka asqatarmidi.
– Bo‘lmasamchi. – Pulning daragini eshitgach, qo‘shilishdi kampir ham.
– Bosh duxtir bilan gaplashayin-chi.
Bosh do‘xtir rozi bo‘ldi.
Shunday qilib Maynagul qishloq shifoxonasida farroshlik qila boshladi. Bir yo‘la kelinlik liboslariniyam navbati bilan kiyadi, sochbog‘i, xapamatini ko‘z-ko‘z qiladi, o‘ziyam uni-buni ko‘rib yayrab keladi. Supur-sidirni o‘rniga qo‘ygani uchun do‘xtirlar undan mamnun, Ozroq beli qadoqlanib kelgan erkaklar esa tobora chiroy ochayotgan kelinga zimdan ko‘z tashlab og‘riqlariniyam unutishar, ora-sira gap tashlashardi. Chindan Maynagul moychechakday ochilib, kundan kun ko‘zga yaqin bo‘lib borar, pardoz-andozni maromiga yetkazar, ko‘cha-ko‘ydagi o‘spirinlardan tortib bo‘ydoq erkaklar, olifta xizmatchiyu muallimchalar ko‘z qissa nozlanib kulib qo‘yardi.
Bu orada kuz ham oxirladi, xirmonlar yanchilib bo‘ldi. Nihoyat, Sanaqul chapardan bo‘shab yosh xotinchasi oldiga zing‘illadi, hushi tutganida bilqillama belidan, momiqqina qo‘lidan ushlardi, ko‘nglini xushlardi. Tez orada Sanaqulni fermaga sanoqchi qilib cho‘lga jo‘natishdi. Endi to erta bahor, yaylov o‘rish mahaligacha o‘sha yoqda uloqib yurishi kerak. To‘g‘ri, har ikki oyda uyga kelib guldek xotinchasi bilan diydor ko‘rishadi. Lekin keyingi safar… Ko‘risholmadi. Maynagul otasinikiga ketgan ekan. O‘zi kelar, deb kutgunicha cho‘lga ketar vaqti yetdi. Maynagul esa bir qir naridagi Qorabuloqdan pardoz-andozini joyiga qo‘yib sollanib-sollanib shifoxonaga qatnayverdi, Sanaqulning peshayvonli katta uyiga burilib qaramaydi. Uni ko‘rishga mushtoqlarga to‘zim bersin, oshiqlarining soni ko‘paysa ko‘paydiki, aslo kamaymadi.
Eson bobo kelinning azmoyishi sal boshqachaligini payqadi va qudasinikiga bordi. U bilan yil seryog‘in kelganidan rosa gurunglashib bo‘lgach, kelinga yuzlandi:
– Maynagul yur, uyga ketamiz. Kuyoving ham 3-4 kunda kelib qolsa kerak.
– Bova men… Men endi bormaydigan bo‘ldim. – dedi kelin ro‘moli uchini o‘ynagancha.
– A-a? Gapingni angsor eshitdimma kelin? Qachon bormoqchisan emasa?
– Qachoni yo‘q. Bova, betingizga aytganim uchun ayb qilmang, o‘g‘lingizam bir ekan, menam.
Eson bobo bu gapni eshitib sillasi suvga ketdi. Qudasiga qaragan edi, u yer chizib qoldi. Dilida, ha endi yosh narsa, biroz yolg‘izsirabdi, hademay o‘g‘lim kelsa o‘zi boradi, degan o‘y bilan uyiga ketdi.
Bahor keldi. Chorva toqqa yaylov o‘rishladi. Podalar buqaloch bo‘lgan, juvonlar g‘unajinlar ortidan surdovlashgan, sovliqlarning yelinlari sutga to‘lgan, qo‘zilari emib yayrab dirkillashgan, yelkalariga oftob tekkan cho‘liqlar kebanaklarini tashlashgan, qo‘nishga borsak, sog‘imga kelgan bo‘y qizlarni ko‘rarmikanmiz, deyishib qo‘shiqlarini vang qo‘yishardi:
Ko‘kkana kalabosh to‘rlama,
Kichkana deb xo‘rlama.
Kichkanalardan o‘sarman,
Ko‘kayginangdi kesarman.
Sanaqul ham bir narsadan quruq qolganday shoshib-toshib, xotinchasini sog‘inib uyga keldi. Ammo quralamish qolishini hali bilmagandi. Kelsa, Maynagul uyda emas. Katta qizning eriday picha dag‘dag‘a qildi:
– Nima bu, qachon kelsam uyda yo‘q, otasinikidan beri kelmaydi. Kelin degan uyda o‘tirmayma, mov bo‘lgan pishakday har joyda yuraberama? Shu qilig‘iga bir ko‘rsatib qo‘yaman-a!
– Kelsa ko‘rsatasan-da, bolam, – dedi urchuqni girillatib yigirayotgan enasi.
– Ha aka, siz shuytib yurabersangiz yangam mov pishak bo‘lmay, oypari bo‘larmidi – kesatdi katta singlisi.
– Men nima qippan?
– Go‘r qipsan, – dedi otasi zig‘ir yoqqa obdon pishgan guppi choponi etagini zarda bilan qoqarkan, – dashtdan beri kelmagan erkakda yosh kelin turama!
Bu gapning ma’nosini o‘g‘li bildimi-bilmadimi, jim qoldi. Maynagul esa kelmadi. Oldingidek kerilgandan kerilib, xushtorlarning yuragiga o‘t yoqib yuraberdi. O‘zini boshi ochiqday, erdan chiqqan juvonday tutardi. Izidan ergashgan nechov, olaman degan nechov. Bir odati, hech kimning ra’yini qaytarmas, shashtini sindirmas edi. Endigina mo‘ylabi sabza urgan yigitchalar oldiga zing‘illashar, bevatanu uyda gulday xotini borlarning ham unga issiq oshday ko‘ngli ketardi. Shu bois oradan ko‘p o‘tmay o‘rtada toytalash bo‘ldi: men olaman, men olaman, degan polvonning hisobi yo‘q.
Pirmanning ham ishqi ketardi-yu, jazman xaridorlikka jur’at etolmasdi. Shu bois oshnasining yangi taklifiga yuragi urmadi.
– E, uning dori baland, baribir bitkazolmaysan.
– Qo‘rqma, bu safar ishkal chiqmaydi. Qasam ichaman!
– Hay bilmadim-da, sen aralashgan ish bitishi qiyin
– Gajirlik qilmay gapni eshit. Bilasan, tegirmonchi tusgana bojam bo‘ladi. Maynagulni erdan chiqqan juvon, deb xotinli-xotinsiz yo‘l o‘tkinchilar bezor qilishayotgan ekan. Hali Eson akaning uliminanam orasi pichoqminan kesganday ayrit bo‘lmagan. Xullas, bojam joyi chiqsa, behbidrog‘ini topib bosh egali qil, deb menga o‘zi og‘iz ochdi.
Xotinsizlik jonidan o‘tganmi yo ostirtindan ishqi ketganmi, Pirman bo‘shashdi.
– Mayliku-ya, lekin qayinsinglingning hammaga ro‘yxushligi yomon-da.
– E, senga tushsa birpasda yuvvosh bo‘b qoladi. Sal tulumingni chayqay-san-da endi. Hali ikkoving ko‘rishasan, gapni bir joyga qo‘yasan, ana undan keyin depti-da.
– Qachon?
– Uyog‘ini o‘zim aytaman.
Ikki kundan keyin Do‘smat traktorini Pirmanning erganagi oldiga bel qilib dedi:
– Tayyorgarligingni ko‘r, shu oqshom uchrashuvga borasan.
Oshnasi Maynagulning vaslini rosa intiqib kutgan esa-da, yuragi taka-puka bo‘ldi.
– Oshnajon, hech betlayolmayappan-da.
– Nima, umringda qalliqqa bormaganmisan? Qo‘rqma, hammasi kelishilgan, bojam bilan gapni bir joyga qo‘yganmiz. El oyog‘i singach, qorong‘ilatib asta ovuliga o‘rlaysan, hovli adog‘ida poylab turasan, uy-ichi uxlashga yotganda qiz oshxonaga o‘tadi, shunda ustiga shartta kirib borasan-da, gaplashaverasan.
Pirman odam-odamni tanimaydigan govgumda yo‘lni chap solib Qorabuloqqa jo‘nadi. Sangloq bilan yurib qaloqdan oshdi, hayatning ichi bilan daraxtlarni qoralab boraverdi. Hovliga yaqinlaganida it hurdi, lekin bog‘langanmi, g‘ingshishdan nariga o‘tmadi. Qorong‘ulikni to‘rt kunlik oyning nuri xira yoritardi. Oshxonaning ro‘parasidagi qari o‘rik orqasiga panaladi. Anchadan keyin uy tomondan shobir keldi, erkakning do‘ng‘illagani eshitildi, ayol kishi esa baland ovozda gap uqtirdi: “Mayna qizim, fonusni ol, oshxonani supurib saranjomla, shoshilmasdan idish-oyoqniyam yuv, ertaga uyga mehmonlar keladi”. Bu gaplarni aytib bo‘lgach, ayol qattiq-qattiq yo‘taldi. “Enasi, parol qilayapti, ishing besh, Pirman!” deya dilidan o‘tkazdi ikki ko‘zi yo‘lakda bo‘lgan konchi. Hammasi sinosob bo‘lgach, nihoyat, mayda qadamning shipillagani quloqlariga chalindi. Yigitning yuragi qinidan chiqayozdi.
Qo‘lida fonus ko‘targan Maynagul ko‘rindi, oshxonaga o‘taverib to‘xtadi, birpas nimagadir angsarib quloq tutgach belini bilqillatgancha, oshxonaga kirib ketdi. Pirman tappa kirib yosh juvonning yuragini yormaslik, o‘ziyam dadillanib olish uchun ancha hayalladi. Bir piyola choy ichim vaqt o‘tgachgina, o‘rnidan asta qo‘zg‘aldi. Oyoq uchida borib eshikka quloq berdi, avvaliga jimlikday tuyuldi, so‘ngra nedir saslar eshitilganday bo‘ldi. Idishning shiqirlashiga unchalik o‘xshamasdi. U zarb bilan eshikni tortdi. Ichkaridan hiloyi ildirilgan ekanmi darrov ochildi. Qarasa, Maynaguli yolg‘iz emas! Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, unga basharasiyam, usti-boshiyam qop-qora, qorakuyaga belangan pakana kimsa kanaday yopishib olgan. Fonusning xira yorug‘ida kimligini tanib bo‘lmasdi.
– Hey, sen kimsan? – deb baqirdi Pirman.
Ortiga o‘girilganda tanidi: u kim-kim, buzuqiligi bilan atrofda dong chiqargan “maymun” laqabli Abdal edi. Tunlari birovlarning oshxonasi mo‘risidan tushib yosh kelinlarni yo‘ldan ozdiradi, deyishardi, rost ekan, deya dilidan kechirdi Pirman.
– Abdal maymun?
Ikkovlon unga qarab baqaday qotishdi. Nihoyat, Abdal uni tanib qo‘rqqanidan kalovradi, quchog‘idagi Maynani qo‘yib yubordi va o‘zini mo‘riga urdi. Pirman ortidan tashlandi, ammo oyoq qo‘llari chayir, nihoyatda abjir “maymun” hash-pash deguncha mo‘riga tirmashib tomga chiqdi – ketdi. Maynagul uyatdan qizaringan, qorakuya tekkan yuz-ko‘zini yashirib piqillardi.
– Bu nima qilganlaring? Kelib-kelib Abdal maymun bilan-a!
– …
– Axir, bu oqshom men senga xaridor bo‘b kelgandim. Do‘smat pochchang bilan kelishgandik, seni menga olib berasi edi. Sen bo‘lsang… Nima balo, yo maymun bilan va’dalashganmiding?
– O‘lay agar, til biriktirganim yo‘q. O‘zi kepti, mo‘ridan!
– Quchoqlashganlaring-chi? – Ta’na qildi Pirman.
– O‘zi yopishdi, men nima qilay, – dedi Maynagul sho‘rqillab yig‘larkan.– Aslida sizni kutgandim…
– Seni endi elansang ham olmayman, – dedi ixlosi qaytgan konchi.
Kutilmaganda Maynagul boshini adl ko‘tarib unga qaradi, ilonniyam inidan chiqaradigan muloyim ovozda qulog‘iga pichirladi:
– Unday demang, jon aka, men sizdan boshqani demayman.
– E, oshiqlaring son mingta-ku, menga yo‘l bo‘lsin!
– Bari o‘taversin. Avvaldan sizni ko‘zlaganman, sizdan boshqaga tegsam Mayna otimni boshqa qo‘yaman.
Juvon ko‘zlarida yosh bilan uni og‘ushladi, Pirman g‘ujurli yigit, tirsillagan siynalari ko‘kragiga tekkanida ko‘ngli juda sust ketgan bo‘lsayam, oriyati yo‘l qo‘ymadimi, Maynagulni o‘zidan nari itarib, oshxonadan chiqib ketdi…
Eh, attang! Qushchaning o‘zi qo‘liga qo‘nay, deb turgandi-ya! Yana ishkal chiqib o‘tiribdi. Xotinsiz o‘tish peshonasiga yozilganga o‘xshaydi, shekilli. Ammo batamom emas ekan. Keyingi oqshom ayvonda omadsizligidan o‘kinib o‘tirganida… Do‘smat traktorini tarillatib erganagi oldida zarb bilan to‘xtatdi-da, signalini chaldi. Pirman joyidanam qo‘zg‘almadi. Oshnasi esa varanglataverdi. Oxiri uydagilar chiqib xabar olishdi.
– Do‘smatning traktori-ku, – dedi otasi o‘g‘liga. – Nimaga kepti, borib so‘ramaysanmi?
– E, nimasini so‘rayman, yurgandir-da, valdirab. Boring-da, kelgan joyiga jo‘nating, ko‘rmayinam-kuymayinam, – po‘ng‘illadi Pirman.
– Ha, nimaga qaytishib qoldinglar ikki oshna? Oralaringdan ola mushuk o‘tdima?
– Qora mushuk o‘tgan, qorabuloqqa tushgan, bildingizma, ota!
Bu orada ichkaridagilarning bari chiqib ayvonda shovulday bo‘lib turishdi. Do‘smat traktorini o‘chirib tormozini taqqa bosdi-da, kabinadan oq ro‘molga o‘rangan, egniga adras ko‘ylak, iroqi jiyakli lozim kiygan Maynagulni tushirdi, ketidan ko‘k ko‘rpani tashladi, o‘ziyam tushib jaynab kulgancha xitob qildi:
– Hey Pirman, qallig‘ing keldi, qarshi ol! Siz, ota, Mullo Abdulloga odam yuboring, nikohni qiysin, keliningizni obkeldim.
Pirman bir nimadan uyalganday ichkariga kirib ketdi. Kelinni xotin-xalaj, bola-baqra qurshab oldi. Enasi Mengsuluv momo quchoq ochib ko‘rishdi, bosh-adog‘iga qarandi, yasan-tusanidan ko‘ngli to‘ldi shekilli: “xayriyat”, deya, ichkaridan kimdir olib chiqqan korson tovoqdagi qand-qurslarni boshidan socha ketdi…
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 6-son