Halima Ahmedova. Ko‘ngil derazalari (badia)

ONAMNING KO‘YLAGI

Xotiralar to‘lqini baland. Bu to‘lqin har kuni qalbim daryosiga kelib uriladi. Va qalbimdagi daryo sog‘inchning bahaybat suratiga aylanadi.
Nimagadir ichikaman. Ichikkanim sari suratga jon kira boshlaydi…
…Bolalikda juda injiq edim. Bo‘lar-bo‘lmas narsaga g‘ingshib onamning toqatini toq etardim. Ammo onamning mehri hech qachon toq bo‘lmasdi.
Hali esimda. Onamning kashtali ko‘ylagi bo‘lardi. Kashtada g‘uj bo‘lib ochilgan atirgullarning va uchayotgan qushlarning surati aks etgandi. Bu ko‘ylakni yaxshi ko‘rardim. Chunki onam uni egnidan qo‘ymas edi. Bu ko‘ylakning etagidan doim mahkam ushlab yurardim. Onam ham bunga ko‘nikib qolgan edi, nazarimda. U qo‘shni ayollar bilan uzoqdan-uzoq suhbatlashgan paytlari men onamning ko‘ylagidagi qushchalar bilan gaplashardim. Ba’zan bu qushchalar onamning ko‘ylagiga qamalib qolganday tuyulardi menga. Ularni ozod qilgim kelar edi. Ammo qushchalarning bu ko‘ylakdan ayrilgisi kelmayotganini his qilardim…
Onam asli qo‘shni qishloqdan. Kelin bo‘lib dadamning qishlog‘iga tushgan. Ikki qishloq orasida qabriston bor. Balandroq joyga chiqib qarasang, onamning qishlog‘i ko‘zga yaqqol tashlanardi…
Gohida onam parishon tortib qolardi. Va uyimiz qarshisidagi hovuz yonidagi do‘nglikka chiqib, kaftini peshonasiga soyabon qilgancha o‘z qishlog‘i tomon qaragani-qaragan edi. Men ham bir qo‘lim bilan uning etagini mahkam ushlab, ikkinchi qo‘lim bilan onamga taqlid qilgancha o‘sha tomonga boqar edim. Ammo hech narsaga tushunmasdim… O‘shanda ilk bor sog‘inchni onamning nigohlarida taniganman. Yillar o‘tgani sayin bu sog‘inch ravshan tortib bordi…
Onam bu dunyoni tark etgandan so‘ng ham uning etaklarini qo‘yib yubormadim. Zotan, u Vatanning o‘ziga aylangan edi.
Hali-hanuz tushlarimga onam o‘sha kashtali ko‘ylagida kiradi.
Ko‘nglim esa allaqachon bu kashtadan nusxa ko‘chirib olgan. Qishning qahratonida ham ko‘nglimdan atirgulning ifori keladi. Qushlarning ozod va baxtiyor sayraganini eshitaman…
Men etagidan mahkam ushlagan Vatan esa qulog‘imga onamday shivirlaydi:
— Qara, qanday chiroyli tong otyapti! Tur o‘rningdan. Yaxshilikning darvozasini kim birinchi ochsa, tole o‘shanga kulib boqadi!

TUPROQNING TILI

Hovlidagi tomorqaga onam qarardi. Qo‘lidagi ketmon bilan yer chopardi. U yer chopayotganda kimning¬dir joniga ozor berishdan qo‘rqqanday ketmonni ohista urardi. So‘ng esa o‘tirgancha begona o‘tlarni yulardi. Men unga qarashardim. Shunday paytlarda bir gapni ko‘p takrorlardi:
— Tuproqdan aylanay, tuproqning ham joni bor, qizim…
Qiziqishim zo‘r kelardi:
— Tuproqning tili ham bormi, ona?
Savollarimdan u yayrab ketardi. Va darsini qiziqarli o‘tkazishga uringan ustozday erinmay tushuntirardi:
— Tili bor, qizim. Dunyodagi bor gulu giyoh, daraxtlar, hatto fasllar ham uning tilida gapiradi. Ishonmasang, tinglab ko‘r…
U yana begona o‘tlarni yulishga kirishib ketardi. Shunda men ziyrak o‘quvchiday yana uni savolga ko‘mardim:
— Nima, begona o‘tlar tuproqning tilini bilmaydimi?
Onam jilmayardi. Biroz sukut saqlab, javob berardi:
— Begona o‘tlar tuproqning tilini buzadi.
Hech narsani tushunmasdim. Ammo har kuni rayhonlarning, daraxtlarning gapirishini poylardim. Ammo ular «ikki» baho olishdan qo‘rqib javob bermaydigan o‘quvchilarday jim edi…
Qaysidir qishda qulog‘imdagi tilla sirg‘achamning bittasini qorbo‘ron o‘ynab yo‘qotib qo‘ydim. Rosa izladim. Topolmadim. Bahor kelib, qorlar erigach, hovlimizda o‘sgan binafshaning yaprog‘ida nimadir yaltirab ko‘rindi. Yaqinroq borib qarasam, yo‘qotgan sirg‘acham bishafshaning kaftida turardi. O‘shanda sirg‘achamni olayotganda binafshaning shivirlaganini aniq eshitdim. U menga tuproqning tilida she’r aytdi…
Shundan so‘ng she’r yozadigan bo‘ldim. Kitoblarim chiqdi. Ba’zan she’rlarimni o‘qiganlar meni «Yaxshi shoirsiz», deb alqashadi. To‘g‘ri, bu gapdan ruhim ko‘tariladi. Ammo vijdonim qiynaladi. Bu she’rlarni men emas, balki tuproq yozganini ularga aytgim keladi. Aytganim bilan ular tushunarmikin?!
Axir, kapalakning qanot qoqishidan, rayhonlarning shirin iforidan, aylanib-aylanib to‘kilgan o‘rik gullaridan, daraxtlarning mayin titrashidan, o‘zbekona fasllarning hayratidan she’r ko‘chirib yozganim haqiqat-ku!
Demak, men shunchaki ko‘chirib olguvchiman. Haqiqiy shoir esa bu — Vatanning tuprog‘i.

O‘ZBEKChA TONG

Tongni yaxshi ko‘raman. Tong ozoda kelinga o‘xshaydi.
Va yana onamni eslayman. U juda ham saranjom-sarishta ayol edi. Barchamizni tong otmasdan uyg‘otardi. Tongda rizq bo‘ladi, derdi. Bolalikda rizq nimaligini tushunmasak-da, erinib-erinib uyg‘onardik. Va tongdan qandaydir mo‘jiza kutardik…
Endi bilsam bu mo‘jiza tiriklik javharidagi umid ekan…
Hali-hamon tongni orziqib kutaman, mo‘jizani ham. Shaharchilik, ba’zida o‘rnimda yotgancha uni kutib olaman. Rostini aytsam, shunday paytlarda tongdan uyalib ketaman. Chunki onam tong hammayoqni ozoda qilib, yuz-qo‘lni yuvib kutish kerak, deb ta’kidlagani-ta’kidlagan edi…
…Qaysidir davrada xorij safaridan qaytgan bir do‘stimiz entikib-entikib u yerning tongini maqtadi.
— Tong go‘yo dengizlar ustidan sakrab-sakrab kelayotgandek edi — dedi u. Shunda men negadir og‘rindim. Ichimda o‘yladim, nahotki bu do‘st o‘zbekcha tongni ko‘rmagan bo‘lsa!? Yuragimda nogahon tongning qadamlarini eshitaman. Ko‘z oldimda aziz manzara tiklanadi. Oq teraklar ma’sum jilmayadi. Bog‘lar qadim ohangda tebranadi. Artofga mehrning mushki taraladi. So‘ng esa oppoq savatini rizqqa to‘ldirgan tong ko‘rinadi. U erinmay har bir derazadan bosh suqib, hol so‘raydi, rizq tarqatadi.
Eshik qo‘ng‘iroqlari shodlikdan hayqiradi:
— Sizga sut, qaymoq kerakmasmi?!
Ko‘chalar farroshlarning supurgisi ohangida bag‘ri to‘lib kuylaydi. Karnay-surnaylarning baxtiyor ovozi jarchilik qiladi:
— Hamma nahorga oshga!
Daraxtlarning ishqidan sarxush qushlar tiriklikka, ishqqa hamdu sano aytib sayrashga tushadi. Ularning chug‘urlashi yurakning bir toriga kelib uriladi va yurak ham yangi orzularni kuylashdan mast bo‘ladi…
Ko‘nglimda tiklangan manzaradan xushbaxtlanaman. Va hech kimga sezdirmay davrani tark etaman. Yo‘l bo‘yi osmonni to‘ldirgan yulduzlar meni ta’qib qiladi. Ularning shivir-shiviri juda yaqindan eshitiladi. Ammo ularga parvo qilmayman. Axir, men tongni kutishga ketayapman.
Yo‘limni qandaydir qora, daydi mushuk kesib o‘tadi. Taqqa to‘xtayman. Irimga ishonmasam-da yo‘lni aylanib o‘tmoqchi bo‘laman. Ammo oldinda tong borligi esimga tushib mardona qadam tashlayman…
Cho‘lpon yulduzi kiprigimga qo‘nganda uyg‘onaman. O‘zbekcha tong onamga o‘xshab ketadi. Onamning kashtali ko‘ylagini kiyib keladi. Derazadan sirg‘alib kiradiyu ko‘zlarimga sog‘inch bilan tikiladi. Tongni to‘yib-to‘yib hidlayman. Undan vatanimning, vatanimdan esa onamning xushbo‘y hidi keladi.

QALDIRG‘OChLAR

Bolalikning bahori boshqacha. Uni eslaganim sari entikib ketaveraman…
Nazarimda o‘shanda quyoshga juda yaqin edik. Bahor kela solib, bobom yashaydigan uyning tomiga qizg‘aldoq ekardi. Ko‘p o‘tmay qizg‘aldoqlar bir quchoq bo‘lib tom ustida alangalanardi.
Shundan so‘ng onam tomga chiqishimizni ta’qiqlab qo‘yardi. U ¬qizg‘aldoqlarni toptab tashlashimizdan qo‘rqardi.
Mening esa tomga chiqqim kelaverardi. Tomga chiqib, qishloqni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim.
Bir kuni onamdan yashirincha tomga chikdim. Va uch-to‘rtta qizg‘aldoqni bexosdan bosib, yanchib qo‘ydim. Onam buni bilgach, mendan xafa bo‘lib, rosa koyidi:
— Sen qizning hech aqling kirmas ekan-da?! Tomda nima bor senga?
Bolalikning o‘jarligi bilan men ham bo‘sh kelmasdim:
— Nima bo‘pti? Bir-ikkita kizg‘aldoqni yanchganim uchun shunchami? Qizg‘aldoqlaringiz mendan ham afzalmi?
Onam bir pasda hovuridan tushardi. Va men quloqsiz qiziga ko‘nglida asrab yurgan bebaho sirini ochardi:
— Qizg‘aldoqlar qaldirg‘ochlarni chaqiradi, qizim, bilmasang, bilib ol!
Men esa gapning tagiga yetmaguncha qo‘ymasdim:
— Qaldirg‘ochlar kelsa, nima ¬bo‘ladi?
Onam ko‘zlarida bahorning ¬rangidan sachragan shodlik porlab ketardi:
— Qaldirg‘ochlarmi? Ular kelsa, rizq keladi, mehr keladi…
Onam qaldirg‘och so‘zini shunday muhabbat bilan aytardiki, bu onaning farzandiga bo‘lgan mehriga o‘xshab ketardi.
Yozin-qishin uyimiz derazasining bir oynasi olingan turardi. Onamning aytishicha, qaldirg‘ochlar yopiq derazali uylarni xush ko‘rmas ekan. Hamma uyimizda qaldirg‘ochlarning uyasi bo‘lardi. Qish kunlari onam ularga tashna sog‘inch bilan qarab-qarab qo‘yardi.
Bahorda qaldirg‘ochlar hovlimiz ustida charx urgan kezlar dunyoda onamdan baxtiyor odam topilmasdi. Nazarimda qaldirg‘ochlar ham onamni yaxshi ko‘rardi. Va uning boshidan aylanib-aylanib uchardi. Onam shunda baxshiga aylanardi:
 
Qaldirg‘ochu-qaldirg‘och,
Qanoting boshimga toj…

…O‘sha kunlarni eslaganim sari yuragim hapriqib boraveradi. Qaldirg‘och va onamni bog‘lab turgan tuyg‘u haligacha menga sir.
Onamni so‘nggi yo‘lga kuzatgan kunimiz behisob qaldirg‘ochlar simlarni to‘ldirib, ichikib-ichikib sayradi. Ularning sayrashi yig‘i-sig‘i ovozini bosib ketdi. Ammo mangu uyquga ketgan onamning ruhi ularning sayrashini eshitganiga ishonchim komil.
…Endi har gal Vatan osmonida qaldirg‘ochlarning charx urib uchayotganini ko‘rsam, ko‘ksimga onamning mehrli nafasi urilganday bo‘ladi.
Hozir qishning o‘rtasida bahorni sog‘inaman. Va yana qaldirg‘ochlarniyam. Yuragim orziqishda onam avaylagan qizg‘aldoqlarday titraydi. Kelajak bahorning qadamlariga ishonaman. Uning osmonida charx urajak qaldirg‘ochlarning qanotidagi Haq bitgan mehru-muhabbat, rizqu-nasibaga ham.
Zotan, men yashayotgan elning ko‘ngil derazalari quyoshga qaragan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 3-sonidan olindi.