Darvozadan kirib kelgan erning ko‘zi hovli supurayotgan xotiniga tushdi-yu, xunobi oshib, peshonasi tirishdi.
– Hay-hay, esing joyidami o‘zi?..
– Ie, keldingizmi, dadasi. Qaramabman-a?..
– Shunaqa, qaramaysan. Qilgan ishingni qara-ya!
– Ha, nima qilibman, – hayron bo‘ldi xotin.
– Axir, shunaqa ham supurasanmi?..
– Tushunmadim.
– Nimasini tushunmaysan?.. Bunaqa supurishga supurgi chidaydimi?.. To‘rt kunda yeyilib tugaydi-ku!
– Ha-a, shunga shunchami?
– Shunga-da! Supurgini ehtiyot qil, deb senga necha marta aytganman. Qara buning ahvolini, – xotini qo‘lidagi supurgiga ishora qilib davom etdi er. – Bozordan olib kelganingga hali ikki yil bo‘lmay yarmi yeyilib ketibdi. Asta, ohista supursang, uzoqqa yetadi.
– Xo‘p, dadajonisi, – deya jilmaydi xotin erining fe’lini yaxshi bilganidan gapni cho‘zmay.
– Xo‘p deysanu bilganingdan qolmaysan.
Chetroqda turgan polietilen xaltachaga ko‘zi tushgan erning yana jig‘ibiyroni chiqdi:
– Ie, manavi nimasi endi?
– Po‘choq.
– Ko‘rib turibman – po‘choq! Lekin, buni qara, namuncha qalin archding. Senga necha marta aytganman, sabzi bilan kartoshkaning po‘chog‘ini yupqaroq archgin, deb. Necha yildan beri senga o‘rgatolmadim. Haliyam qalin-qalin archib, qancha sabzavotni uvol qilding, xotin.
– Voy-vo-ey, shunga shunchami?..
– Ie, bo‘lmasam-chi?.. Anavi o‘n to‘rt yil avval olgan katak ko‘ylagimni ham ora kunda yuvaverib rangini o‘chirding. Bo‘lmasa, hali ancha vaqt kiyishim mumkin edi. Ehtiyot qilishni bilmaysan, xotin.
– Xo‘p, dadasi. Endi ehtiyot qilaman, – dedi xotin bir yutinib.
– E-e, necha marta aytgansan bu gapni. Lekin amal qilmaysan.
Derazaga qarab, bir nima esiga tushganday:
– Ha, darvoqe, o‘tgan kuni manavi oynani artding-a?
– Ha, artdim.
– Shunaqa qattiq artdingki, o‘sha paytda oynalar yupqalashib teshilib qolmasaydi, deb yuragimni hovuchlab o‘tirdim. Sa-al sekinroq-da, axir. Bu uy, bu oynalar otamdan qolgan-a!.. Puling kuymaganda, qadriga yetmaysan.
– Biram vahimachisiz-ey, dadasi.
– Vahimachilik emas bu, tejamkorlik, xotin. Senga o‘rgatolmay halakman. Bugun nima ovqat qilyapsan?
– Manti qilyapmiz.
– Ha, yaxshi. Hoynahoy ko‘k mantidir yo kartoshkalimi?
– Yo‘q, go‘shtli.
Erning jahli chiqib ovozi bir parda ko‘tarildi:
– Ie, senga aytgandim-ku, go‘shtni teja deb, mehmon-pehmon kelganda ishlatamiz. O‘zimizga ana ko‘kdanmi, ja-a bo‘lmasa, kartoshka yo qovoq manti ham yomon emas, sog‘likka koni foyda.
– Bir go‘shtli manti yeylik dedim-da, dadasi, – dedi xotin vaziyatni yumshatish uchun yalinchoq ohangda. Sal hovridan tushgan er fikrlarini dalillashga tushdi:
– Ko‘p go‘sht yesang qon bosiming ko‘tariladi. Ana unda dorixonaga qatnab, poyabzalimning tagi teshiladi. Dori-darmonning narxini bilasanmi o‘zi? Osmonga chiqib ketgan. Bunaqada uyimni kuydirasan-ku, xotin.
Birdan xotinining oyoq kiyimiga ko‘zi tushib yana so‘roqqa tutadi:
– Ie, onasi, shippak olibsanmi?
– Ha, oldim. Yarashibdimi? – dedi xotin oyog‘ini sal ko‘tarib.
– Yarashibdimi, deysan-a?.. Nima keragi bor shu matahning?.. Ana omborxonada eski kalishim yotibdi-yu. Orqa tarafini qaychilab olib tashlasang, binoyidek shippak. Bemalol uch-to‘rt yil sudrab yursang bo‘ladi.
– Vo-oy, shuni bilmabman-a? – deya kesatdi xotin.
– Senga ertalab ishga ketayotganimizda gazni, chiroqni o‘chirib, suv jo‘mraklarini berkitib ket, deb doim tayinlayman.
– Shunday qilyapman o‘zim ham, dadasi.
– Endi ishga ketayotganingda anavi devordagi soatni ham to‘xtatib qo‘yib ketasan.
– Vo-oy, nega?
– Hamma ishga ketgandan keyin soatning yurishi kimga kerak. Axir, uning murvatlari yeyiladi-ku, esi past xotin. Ishdan qaytgach, yana yuritib qo‘yasan-da.
– Voy bo‘y, namuncha endi?..
– Tejamkorlikni o‘rgan, xotin, tejamkorlikni!
Birdan nimanidir eslaganday ko‘zi chaqnagan xotinning supurgisi qo‘lidan tushdi, “Hozir, dadasi” deganicha tezgina uyga kirib ketib, biroz o‘tgach qo‘lida galstuk bilan chiqib keldi.
– Mana, ko‘rib qo‘ying, dadasi.
– Nimasini ko‘raman? – dedi er bepisandlik bilan.
– Galstuk! Bir taqib ko‘rasizmi?
– Endi bunga ham pul sarflaganingni aytib qon bosimimni ko‘tarmoqchimisan?
– Yo‘-o‘q, dadasi, – dedi xotin nozlanibroq. – Eski ko‘ylagimdan sizga galstuk tikib qo‘ydim. Tejamkorligimga endi qoyil qolarsiz, dadajonisi.
Erning basharasi battar tundlashdi.
– E-e, mutlaqo qoyil emasman.
– Ie, nega? – dedi xotin o‘ksinib.
– Men sening tejamkorligingga qachon tan berishim mumkinligini aytaymi?
– Ayting, – dedi xotin oshiqib.
– Mening eski galstugimdan o‘zingga ko‘ylak tikib olganingda!
Xotin hayratga tushganidan tili lol bo‘lib qoldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 26-son

