Alisher Navoiy ijodiyotida “o‘zlikni anglash” – bosh masalalardan biridir. Inson ma’naviyatidagi ushbu muammoni mutafakkir turli asarlarida turlicha yo‘sinda sharhlashga, tushuntirishga harakat qilgan. Bir qarashda sodda tuyulgan ushbu masala, aslida, murakkabdir. Shuning uchun Navoiyning bu jumboqqa oid badiiy-falsafiy talqinlarini tushunish va tushuntirish ham oson emas.
Ulug‘ shoir “o‘zlikni anglayolmaslik” tushunchasini “topmamoq” – bugungi til bilan aytganda – “anglayolmaslik” so‘zi bilan ifodalaydiki, bu hol ishni yanada murakkablashtiradi. G‘azallaridan birida “El netib topqay menikim, men o‘zimni topmamon” deb yozadi. “Topmamon” so‘zi hozirda tushunarli bo‘lmagani sababli, odamlar mazkur misrani “El netib topqay menikim, men o‘zimni topmasam” shaklida “g‘alati mashhur”ga aylantirib yubordilar. Nutqlarda, maqolalarda, sarlavhalarda shu xato shakl mashhur bo‘lib ketdi. Oddiy odamlar emas, shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, hatto ayrim olimlar ham shunday qo‘lladilar. Misra shu holida ham juda go‘zal jaranglagani uchun, uni qo‘llayotganlar asliyatini qidirib ham ko‘rmaydilar. Demak, o‘zlikni anglash shu darajada murakkab va chuqur jarayon ekanki, hatto Navoiyday buyuk mutafakkir ham: “Men o‘z-o‘zimni anglab yeta olmayman-ku, el – boshqalar, xaloyiq meni qanday anglab yetsin?”, deya nido chekmoqda. “O‘zni topmoq” – o‘z-o‘zini, o‘zligini anglamoq, “o‘zni topmamoq” esa o‘zlikni taniyolmaslik, anglab yeta olmaslikdir. Navoiy she’riyatida “o‘zlikni anglash” yoki “anglayolmaslik”ning bunday shakli ko‘p marotaba takrorlanadi.
“Saddi Iskandariy” dostonining 63-faslida mazkur falsafiy-axloqiy tushuncha alohida badiiy sharhlanadi. Faslga “Hikmat” deb nom qo‘yilgan va u quyidagi sarlavha bilan boshlangan: “Iskandarning Arastudin savoli ul bobdakim, chun inson darki maqsudi asliy haqiqati idrokidin muarrodur, nega soyir hayvonotdin mustasnodur” (Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami, 8-jild. Xamsa. Saddi Iskandariy. T., 2011, 397-bet). Sarlavha “Hikmat” mohiyatini umumiy tarzda mujassam etgan. Shu bois, sarlavha mohiyatini to‘la va to‘g‘ri idrok etish uchun, uning sharhiga ham murojaat etamiz: “Iskandarning Arastudan, modomiki inson fahmi maqsadning asl va to‘liq haqiqatini idrok qilishdan ojiz ekan, o‘zga hayvonlardan ne farqi qoldi?” – deb so‘ragani” (Alisher Navoyi. Xamsa. Inoyat Maxsum va Mavjuda Hamidova nasriy bayoni. T., “Navro‘z” nashriyoti, 2019, 655-bet).
Matn o‘qishli va qiziqarli bo‘lishi uchun nasriy bayon mualliflari uslubda ilmiylikdan biroz chekinganlar. Jumladan, “o‘zga hayvonlardan ne farqi qoldi?” iborasi fikrimiz dalilidir. Navoiy boshqacharoq fikr aytmoqchi bo‘lgan: “Iskandarning Arastudan savoli shu haqdakim, insonning fahmi asliyat haqiqati maqsadini aniqlashdan ojiz ekan, u nimasi bilan o‘zga hayvonlardan ajralib turadi?” Yuqoridagi matnda “dark” so‘zi – “fahm va idrok bilan aniqlash, sezish, bilish”, “muarro” so‘zi – “bo‘sh, xoli”, “biror-bir narsani fahmlash, idrok etish qobiliyatiga ega bo‘lmaslik”, “mustasno” – “istisno”, “ajralib turish”, “imtiyozlilik” ma’nolarida qo‘llangan. Endi “maqsudi asliy haqiqati” iborasini yana ham tushunarliroq sharhlamoqchi bo‘lsak, “ilohiyotning sir-sinoatlari, inson va koinotning qanday paydo bo‘lgani, asl moyaning nima ekanligi, azal va abad qonuniyatlari, yashashdan maqsad nima ekanligi” kabi falsafaning bosh masalalari anglashiladi. Bularni aniq, tiniq, to‘liq tushunib yetishga, haqiqatan ham, insonning aqli, fahmi, idroki ojiz. Lekin u shu ojizligini biladi va o‘shalarni anglab yetishga tinimsiz harakat qiladi. Sarlavhada oddiy emas, balki ilohiy haqiqat nazarda tutilgan.
Filologiya fanlari doktori Suvon Meli fasldagi “Topmamoq shiddati” iborasini maxsus maqolasida alohida talqin etadi (Qarang: “O‘zAS”, 2023 yil, 25 avgust soni). Avvalo, bir iborani ayirib olib talqin etishga urinish to‘g‘ri emas va bu kutilgan natijani bermaydi. Chunki bor-yo‘g‘i 12 baytdan tuzilgan mazkur fasl falsafiy fikr-tushunchalar zanjiridan iborat. Ana shu zanjirning bir halqasi uzib olinsa, kompozitsion butunlik, falsafiy-mantiqiy uzviylik barham topadi. Qolaversa, “Saddi Iskandariy” dostoni to‘g‘risida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan olim Ilyos Ismoilov asar kompozitsiyasini maxsus o‘rganib, ushbu faslni “bob” deya ajratish noto‘g‘riligini, u joylashgan bobda bunday bir necha qisqa falsafiy fasllar mavjudligini, ularni o‘zaro ajratmasdan, kompozitsion butunlikda tadqiq etish to‘g‘ri bo‘lishini ilmiy asoslagan.
Asl mohiyatni ochish uchun, loaqal, faslni to‘liq sharhlash talab etiladi. Fasl dialog usulida ijod qilingan bo‘lib, 2 savol va 2 javobdan tashkil topgan. Iskandarning dastlabki savoli quyidagicha ifodalangan:
Yana so‘rdi farmondehi ganjposh:
“Ki ey nuktada aylagan ganj fosh,
Bukim ashrafi xalq inson erur
Ki, Haq sirri zotida naqqosh erur,
Chu ul sham’din ravshan ermas ko‘zi,
O‘zi ganjidin voqif ermas o‘zi.
Nedin bo‘ldi bas ilmu iyqon aro,
Aning birla farq o‘zga hayvon aro?”
Ushbu dastlabki savolda Iskandar Arastudan so‘rayaptiki, ey nozik ma’nolarni sharhlashda bilim xazinalarini sochuvchi mukarram zot, modomiki jami yaratilmishlarning eng sharaflisi inson ekan (bu o‘rinda “xalq” so‘zi “yaratilmish” ma’nosida), Haq, ya’ni Ollohning ilohiy sirlari faqat uninggina zotida (siyratida) yashirin ekan, toki Olloh va uning sirlari timsoli – shamdan ko‘zi ravshan bo‘lmasa, ya’ni ilohiyotni anglab yetmasa, o‘zining ruhiyatidagi xazinadan g‘aflatda qolaveradi. Insoniyat shunday g‘ofil holatda ekan, hodisotni aniq bilish, aniq sezish, aniq anglab yetish ilmida (ilmi iyqon) uning hayvonot dunyosidan farqi nimada?
Arastu Iskandarning bu savoliga juda oson va tushunarli javob beradi:
Dedi nuktapardozi oliy sifot
Ki: “Inson erur mudriki kulliyot.
Erur o‘zga hayvon bu ishdin bari
Ki, inson erur borchaning sarvari”.
Nukta, ya’ni nozik ma’nolarni zakovat bilan pardozlab gapiruvchi “oliysifat” hakim Arastu aytdiki: inson butun borliqni idrok etish salohiyatiga ega zot. O‘zga hayvonot dunyosi bunday salohiyatdan yiroq. Shu boisdan ham, inson jamiki mavjudotning sarvari hisoblanadi. Aslida, mana shu gapning o‘zi Iskandarning savoliga yetarli javob edi. Ya’ni Arastu aniq qilib aytdiki, inson butun borliqni idrok eta oladi. Hayvonlar esa bunday salohiyatga ega emas. Shuning uchun inson koinot gultoji, jamiki yaratiqlar sarvari sifatida ajralib turadi. Lekin Iskandarning savoli bundan-da chuqurroq mohiyatga ega va u yana qo‘shimcha javobni taqozo etadi:
Dedi: “Bilmasa ulcha maqsud erur
Ki, maxfiydur o‘zida, ne sud erur?”
Ushbu baytning mazmuni nasriy bayonda qanday berilgan bo‘lsa, Suvon Meli ham uni zikr etilgan maqolasida aynan keltiradi: “Maqsad uchun kerakli bilimini kishi maxfiy saqlasa, bundan ne foyda?” Aslida, baytda bunday ma’no ifodalanmagan. Savolning mohiyati, bizningcha, bunday: “Inson “ulcha”, ya’ni o‘shancha imtiyozi bilan o‘zida Olloh maxfiy mujassamlashtirgan maqsad-muddaoni bilmasa, uning koinot sarvari bo‘lganidan nima foyda?” “O‘shancha” imtiyozning ma’nosi yuqoridagi baytlarda ifodalangan ediki, buni nasriy bayonchilar ham, Suvon Meli ham e’tibordan qochirgan. Insonning “o‘zida maxfiy” imkoniyati “Haq sirri zotida pinhon erur” jumlasida aks etgan.
Savolga Arastu bunday javob beradi:
Dedi: “Ulcha bordur o‘zida nihon,
Bilurdin fuzunroqdur ahli jahon.
Vale muncha bilmishki, bilmaydurur,
Bu maqsud darkini qilmaydurur.
O‘zi bilmasi anglag‘on so‘zu dard
Ani borcha maxluqdin qildi fard”.
Ushbu baytlar mazmunini sharhlashda ham Suvon Meli deyarli aynan nasriy bayondan foydalangan. Gazetadagi matn bilan taqqoslang: “Dono aytdiki: – Jahon ahli o‘ziga qanchalik fazilatlar berkitilganini bilmagani holda, bilgandan ham afzalroq va ulug‘roqdir. Lekin inson o‘ziga berkitilganini bilmagani, o‘z maqsad va muddaolarini yetarlicha idrok etmagani holda shunchalik ko‘p narsa biladiki, o‘zini o‘zi yaxshi tushunmagani holda anglagan so‘zlari – so‘zlardagi ma’nolari, muddaoyu umidlari uni boshqa barcha maxluqlardan ajratib ulug‘lab turadi”. (Alisher Navoiy. Xamsa. Inoyat Maxsum va Mavjuda Hamidova nasriy bayoni. T., “Navro‘z” nashriyoti, 2019, 656-bet).
Lekin mustaqil yondashib, yangicha talqin etiladigan bo‘lsa, boshqacha mazmun chiqishi ham mumkin: “O‘zida qancha sir-sinoat yashiringani jahon ahlining o‘zi bilganidan ortiqroqdir”. Hozirgi til o‘lchamlari bilan yondashib, Navoiy tilini to‘g‘ri tushunib bo‘lmaydi. Ko‘p talqinchilar shu masalada adashadilar. Navoiy tuzgan badiiy jumlalar bugungi tilimiz andozalariga tushmaydi. “Lekin, deydi yana Arastu, insonning qanchalik ko‘p narsani bilishini bilmasligi, ayni paytda, eng oliy maqsad – o‘zlikni anglashini fahm etolmasligiga sabab bo‘ladi. Aynan o‘zini o‘zi bilmasligi, to‘liq anglab yetmasligini tushunish, his etish dardi, o‘zligini anglab yetish yo‘lidagi kuyib-yonishlari uni barcha maxluqlar, ya’ni Olloh yaratgan boshqa jonzotlardan ayirib (fard etib) qo‘ydi”. “Bilmaganimni bilganim – bo‘ldi mening donoligim”, deydi Navoiy shu ma’noga uyg‘un boshqa bir asarida.
Suvon Meli kashf etmoqchi bo‘lgan g‘oya quyidagi baytda mujassam:
Talab ranji-yu, topmamoq shiddati
Bo‘lubtur aning mujibi shavkati.
Baytdan so‘ng Suvon Meli: “Baytning ma’nosi nasriy bayonda o‘ta noaniq va siyqa ifodalangan”, deb mualliflar sha’niga qattiq gapirib yuborgan. To‘g‘ri, ularning bayonlari nuqsonli, lekin “o‘ta noaniq va siyqa” emas-da. Shu narsani tushunish kerakki, ular yashagan zamonda na o‘zlikni anglash va na ilohiyot sirlari haqida gapirish mumkin edi. Qolaversa, S.Meli oldingi baytlar sharhida ularning bayonlaridan foydalandi. Bu – ularning qarashlari bugungi nuqtai nazarga batamom ters yoki juda orqada emasligini bildiradi. Holbuki, S.Melining o‘z talqinida ham noaniqlik, mavhumlik, umumiylik bor: “Vaholanki, misrada talab, ya’ni qat’iyat bilan qilingan istakka yetishmoq mashaqqati va topmamoq shiddati haqida gap ketmoqda”. Baytda umumiy “talab” va “shiddat” haqida gap ketayotgani yo‘q. Unda oldingi baytlarda izchil yoritib kelingan o‘zlikni anglash haqidagi fikrlarning xulosasi, yechimi aks etgan. “Talab ranji” deganda insonning o‘ziga nisbatan o‘zligini anglab yetish talabi va bunga erishishning mashaqqatlarini tushunish mumkin. “Shiddat” so‘zi ham bugungi ma’noda emas. “Topmamoq shiddati” deganda mutafakkir insonning o‘zligini topish, anglab yetish sari uzluksiz intilishi, umrbod matonat (shiddat) bilan kurashishini nazarda tutgan. Ma’lumki, inson jami mavjudot orasida eng matonatli, irodali zot ham. U o‘zligini topmasa, shu bilan qanoatlanib qolmaydi, balki sabr-toqat, matonat bilan o‘zligini topish sari davom etaveradi. Uning mana shunday matonatliligi koinot sarvari yanglig‘ shavkatiga sababdir, deydi shoir.
Faslda yana bir yakunlovchi bayt bor:
Nedin o‘zgalar ko‘nglida tobdur
Ki, bu dardi noyob-noyobdur.
Ushbu baytda “o‘zgalar” deganda, insondan boshqa mavjudot nazarda tutilgan. “Tob” so‘zi kuch-qudratni anglatib (“betob”, “tobi yo‘q” iboralari ma’nosini eslang), hayvonot dunyosi qanchalik quvvatli bo‘lmasin, unda o‘zlikni anglash tuyg‘usi yo‘qligini bildiradi. Shoir bu ifodalar orqali o‘zlikni topolmaslik, anglab yetolmaslik dardi hayvonot dunyosi uchun “noyob-noyob” – topilmas xislat ekanligini ta’kidlab, yana insonning fazilatda yagona xilqatligini sarafroz etadi.
Nusratullo Jumaxo‘ja,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 40-son

