Korxonamizda mish-mish tarqaldi: yuqoridan nufuzli komissiya kelayotgan emish. Xodimlarning mustaqil fikrlarini o‘rganarmish! Dastlab o‘z fikrlarimizni yozma ravishda taqdim qilar ekanmiz. Keyin o‘sha fikrimizni har birimiz minbarga chiqib himoya qilarkanmiz.
Bu gapni eshitib, boshim osmonga yetdi. Bizning fikrimiz bilan ham qiziqadiganlar bor ekan-ku! O‘sha kuniyoq kabinetning eshigini ichkaridan bekitib olib mustaqil fikrimni qog‘ozga tushirdim. O‘qib ko‘rib o‘zim ham yayrab ketdim: uncha-muncha komissiyaning og‘zi ochilib qoladi-yov. Korxonamizdagi ahvolni tahlil qilib, astar-avrasini ag‘darib tashladim. Hammasi zo‘r! Biroq bunaqa gaplarni tomdan tarasha tushgandek, qo‘qqisdan aytib baloga qolsam-chi?.. Shunaqa mulohazalar bilan ish kunining oxirida bo‘lim boshlig‘imizning xonasiga asta mo‘raladim. Hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, mustaqil fikrlarim joylangan papkani qo‘ltiqqa mahkam qisgancha kirib bordim. U ham mustaqil fikrlarini yozayotganmidi, bilmadim, stoli ustidagi qog‘ozlarni shoshibgina yig‘ishtirib tortmaga tashladi.
– Fikrlaringiz chakki emas, – dedi u yozgan fikrlarim bilan tanishib chiqqach o‘yga tolib. – Sal “randalash” kerakmikan. Axir, o‘zbekona rioya, andisha degan gaplar bor, uka!
Uning aytganini qilib mustaqil fikrimni ancha silliqladim. Chunki yoshi ulug‘, tajribali odam, bir nimani bilmasa gapirmaydi-da.
Kechqurun uyda mustaqil fikrim haqida maqtanib qo‘yib baloga qoldim.
– Esingiz joyidami? – dedi xotinim hayajonlanib. – Sizga kim qo‘yipti, bunaqa katta ketishni. Nima bo‘lganda ham korxonada g‘imirlab yurib, bola-chaqa boqyapsiz. Siz tinchgina, indamay yuravering. Nima qilasiz boshingizni arining uyasiga tiqib?..
– Iloji yo‘q, ayasi. Mustaqil fikr aytish kerak, majburiy. Ketidan attestatsiya bo‘ladi, o‘sha fikrlaringiz baholanadi, deyishyapti.
–Ana ko‘rdingizmi, unda tem bolee ehtiyot bo‘lish kerak. O‘ynashmagin arbob bilan deydilar-ku!..
Ana shundan keyin “malikai dilozor” mustaqil fikrlarim qanaqa bo‘lishi kerakligi haqida o‘z takliflarini to‘kib soldi. Uning purma’no ko‘rsatmalariga amal qilib, yozganlarimni jiddiy tahrir qilib chiqdim.
Ertasiga ishxonaga saharlab yetib keldim. Kasaba uyushma qo‘mitasi raisining xonasidan qandaydir ovoz eshitilardi. Astagina kirsam, u kishi odatiga xilof ravishda do‘ppisini yechib bo‘yinbog‘ taqib, qo‘lida bir varaq qog‘oz bilan toshoynaga qarab turibdi. Meni ko‘rib, shoshib qog‘ozni taxlab cho‘ntagiga solib qo‘ydi, o‘ng‘aysizlanib tepakal boshiga urinibgina qolgan do‘ppisini qo‘ndirdi. Chamasi, mustaqil fikrini aytishni ko‘zguga qarab mashq qilgan, shekilli. Bechoraning ahvolini ko‘rib shunaqa komissiyani o‘ylab topganlarni ham bo‘ralab so‘kib yuboray dedim. Mustaqil fikr degan narsani tushida ham ko‘rmagan ayrim bechoralar o‘zlarini qiynab, chiranib yurak hurujiga yoki ruhiy xastalikka chalinmasa, deb qo‘rqdim-da. Axir, ba’zi mas’ullar uchun mustaqil fikr bilan ishlash langarsiz dor ustida yurishdan ham vahimali-ku!..
Koridorda rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i meni bir chetga tortdi.
– Boshbux ikkimizning mustaqil fikrimizni yozib bering. Bizda unaqa gaplarga vaqt qayoqda deysiz.
– Mayliku-ya, lekin sizning fikringizni men qayoqdan bilaman?
– E-e, qiziqmisiz, aka … Haligi ashula bor-ku: “Sizning ayvon bizning ayvon emasmu?” degan. Xo‘p, deng, chorak yakunida mukofoti naqd.
“Saloming bo‘lmasa, ikki yamlab bir yutardim”, deganday mukofot haqida gapi bo‘lmasa bu nusxaga boradigan tomonini ko‘rsatib qo‘yardim-a. Biroq “eriyman” deb turgan odamni ranjitib qo‘ysak, hamyonga ziyon!
Avval o‘zimnikini biryoqlik qilib olay-chi. Shu niyatda o‘z fikrimni boshliq muoviniga ko‘rsatib olmoqni o‘yladim. Hoynahoy, xursand bo‘lib ketsa kerak, deb o‘ylovdim.
– O‘zingiz yozdingizmi?.. Mustaqil fikrni-ya? – dedi u taajjublanib. –Bizning korxonadagi odamlarga bunaqa notanish atamalarni tushuntirish uchun “Ijtimoiy fikr markazi”dan vakil chaqirtirib, maslahat soati tashkil qilishga to‘g‘ri kelarmikin, deb o‘ylovdim. Ana shundan keyin muovin qo‘lyozmamni o‘qir ekan, “iye, iye” deb quydi-yu, dami ichiga tushib ketdi.
– Ha, mayli, – deb qo‘ydi u oxiri chaynalibgina. – Lekin yana bir karra ko‘ring, uka. To‘g‘ri gapirib tuqqaningga yoqmaysan, deganlar-ku!
Darvoqe, bu gapda jon borga o‘xshaydi. Endi, mustaqil fikr aytish kerak ekan deb hamma narsani ostin-ustin qilib tashlash shartmi?.. Fikrimni qayta elakdan o‘tkazib bir boshdan qayta yozib chiqdim. Ayrim rahbarlarning qo‘polligi va manmanligi haqidagi gaplarni talabchanlik va jiddiylik deb o‘zgartirdim. Korxonamizda tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik urchib ketgani haqidagi faktlarni o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik deb izohladim. Hisobchining devonxonadagi eri yo‘q xotin bilan don olishib yurishi to‘g‘risidagi fikrimni beva-bechoralarga muruvvat ko‘rsatishga tenglashtirib qo‘yaqoldim. Xo‘jalik mudirining davlat mulkini talon-taroj qilishi haqida yozganlarim uning oilaparvarligi, ro‘zg‘orini butlash uchun yelib-yugurishi ta’rifiga almashdi. Bunga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qorovul-porovullarni boplab tanqid qilib tashladim.
Shunga o‘xshash tuzatishlardan keyin yozganlarim risoladagiday chiqdi, shekilli. Lekin, baribir taomilga ko‘ra birrov birinchi muovinning oldidan o‘tib qo‘yganim ma’quldir. Kengashli to‘y tarqamas, deydilar-ku.
U kishi qo‘lyozmamni olib odatdagidek erinmasdan ko‘zoynagini taqib, qizil ruchkasini olib, o‘quvchining yozma ishini tekshirayotgan muallimdek tuzatib chiqdi. Mustaqil fikrlarim pati yulingan tovuqdek bo‘lib qoldi. Avvaliga sal ranjidim. Keyin o‘ylab, o‘zimni bosdim. Chunki bu odam mana shu kursida bejiz o‘tirgani yo‘q! Oqu qoraning farqiga boradi, korxonaning pastu balandini biladi. Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib minnatdorlik bildirdim.
– Bularni sal epaqaga keltirgach, – dedi birinchi muovin xonadan chiqishga chog‘langanimda, – birrov o‘zlarining oldidan o‘tib qo‘ying. Har qalay, yoshsiz, o‘sadigan kadrsiz.
Kutilmagan bu gapdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Kotibaga ertaga shokolad olib berishni va’da qilib, mustaqil fikrimni kompyuterdan chiqartirib oldim.
– Shokoladni ikkita olib kelavering, – dedi kotiba suzilibroq. – Shef ko‘rgandan keyin buningizni yana qaytadan tuzatamiz. Hammaning mustaqil fikrini shunday qilayapmiz.
Qabulxonada anchagina odam to‘planib qolganini shunda tushunib yetdim. Hoynahoy, mustaqil fikrlarini tasdiqlatib olish uchun navbat kutishayotgandir-da. Huzurlaridan chiqqach, xodimlar bo‘limiga ham bosh suqib o‘tish kerakmikin? Harqalay, mustaqil fikrimizga muhr bostirib olsak ishonchliroq bo‘ladimi, deyman-da.
Ana shunaqa gaplar, oshna. Halizamon o‘sha nufuzli komissiya a’zolari kelib qolishsa, hammamizning mustaqil fikr bilan ishlayotganimizni ko‘rib, og‘izlari lang ochilib qolsa ajab emas.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 12-son