— Odamlar ham har xil-da.
O‘rtabo‘y, qorachadan kelgan, to‘laroq gavdali mahalladosh yigitning qo‘qqisdan shunaqa deyishi g‘alati tuyuldi. Odamlarning har xilligi ajablanadigan gap emas. Lekin uning kutilmaganda shunday deyishining biror sababi bo‘lsa kerak.
— Nega unaqa deyapsiz? — deb so‘radim va javob kutib uning og‘ziga tikildim.
U boshini ma’nodor silkib, yana jinday o‘ylanib turdi-da, hikoyasini boshladi.
— Rustamjon sinfdoshim bo‘ladi, bilasiz. Otasi Sobirjon muallim — ustozimiz. Maktabda bizni o‘qitgan. Bir kuni Rustam ishxonamga keldi. Nafaqalar miqdori o‘zgarayotganini eshitganligini, imkoni bo‘lsa otasining pensiyasini ham qayta hisoblaganda bir qarab qo‘yishimni so‘radi. Uning nazarida nafaqaning cho‘g‘i ozroq emish.
Ijtimoiy ta’minot bo‘limida ishlayman. Bunaqa ishlar ham bo‘p turadi. Qonun doirasidan chiqmagan holda ustozimizga, yana do‘stimizga nafim tegsa, degan umidda hujjatlarini o‘rgandim. Chindan ham, domlaning nafaqasini hisoblaganda sal xatolikka yo‘l qo‘yilgan ekan. Aniqrog‘i, uning qo‘shni maktabda o‘rindoshlik asosida ishlab olgan ish haqlari unutilib qoldirilibdi. Qayta hisoblab ko‘rgandim, domlaning nafaqasi sal ko‘proq chiqadigan bo‘ldi. Darrov Rustamga ko‘ng‘iroq qildim. U menga qayta-qayta rahmat aytib, «Bizdan nima xizmat», deb so‘radi. Men hech qanday «Xizmat-pizmat» yo‘qligini, o‘z vazifamni bajarganligimni, faqat xatoni tuzatganligimni, qolaversa, xato ham o‘zimizniki ekanligini aytib, domlaga uzrimizni yetkazib qo‘yishini so‘radim.
— Go‘shakni qo‘yib endi ishga kirishganimda yana bir hamqishlog‘imiz kirib keldi, — deb gapini davom ettirdi suhbatdoshim. — U kishiniyam yaxshi taniysiz. Keling, ismini aytmay qo‘yaqolay. Topish-tutishi yomon emas. Ilgari ancha yillar nufuzli tashkilotlarda ishlagan. O‘g‘il-qizlarini ham joylab bo‘lgan hisob. Uch-to‘rt yil ilgari bir xodimning boshini aylantirib onasiga kattagina nafaqa tayinlatib olgan ekan.
O‘tgan yili taftishda «misi» chiqib qolib, bir necha yillik nafaqasini qaytarib to‘ladi.
Bu odam yana nima yumush bilan keldi ekan, deb o‘ylanib turganimda, boshlig‘imizni so‘radi. U kishi xizmat safarida ekanligini aytdim.
— Siz ham o‘zimizniki, — dedi keyin asta. — Shu kampirni nafaqasini sal ko‘paytirishni ilojini qilsak, deb.
— Axir, o‘tgan yili…
— Ha, endi oradan ancha vaqt o‘tdi. U ishlar bosilib ketdi. Yana qaytadan…
Men bu noma’qul ishga aralashmasligimni aytdim. Sal ranjiganday bo‘lib chiqib ketdi.
— Shuning uchun odamlar har xil, deyayotgan ekansiz-da.
— Yo‘q, gapim hali tugagani yo‘q. Bu yog‘ini eshiting. Anovi notavonning qilig‘idan ranjib ishdan kaytdim. Manzilga yetib «Damas»dan tushib ko‘chamizga burilsam, haligi domlamiz kutib turibdi. Darrov salom berib ko‘rishdim.
— O‘tgan kuni oshnang bir gap topib keldi. Nafaqamni qayta hisoblaganmishsizlar?…
— Ha, domla. Ilgari bir oz xatoga yo‘l qo‘yilgan ekan, shuni to‘g‘riladik. Endi pensiyangiz ko‘proq chiqadi.
Ustoz jilmaydi.
— Buni eshitdim. Lekin men bir narsani aniqlashtirib olay deb seni kutib turuvdim. Faqat, rostini ayt, bolam. Rostdan ham mening pensiyam noto‘g‘ri hisoblangan-u, sizlar tuzatdinglarmi?.. Yoki oshnangning yuzidan o‘tolmay, bir balolar qilib pensiyamni ko‘paytirdilaringmi?
Men kulib yubordim. Hammasi risoladagidey ekanligini, qilgan ishimizdan hech kim ayb topolmasligini aytdim.
— Gap birov ayb topishida emas, — dedi domla vazminlik bilan. — Qirq yildan ortiq muallimlik qildim. O‘quvchilarimga halolliqdan, to‘g‘rilikdan va’z aytdim. Uzoq yillar peshona teri bilan yig‘ib-terganim orqasidan ulug‘ haj safarini ado etdim. Farzandlar ham oyoqqa turib qolishgan. Xonadonimiz tinch, ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz to‘kin. Pensaga ja-a qarab qolganimiz ham yo‘q. Shunchaki, hamkasblarimnikiga qaraganda sal cho‘g‘i kamroqdek tuyuluvdi, bir surishtirib ko‘rgin, devdim-da. Amal-taqal qilib ko‘paytirib ke, deganim yo‘q. Agar, o‘shanaqa qilib ko‘paytirgan bo‘lsalaring, rostini aytaver. Shuncha yil halqumimni pok saqlab keldim, endiyam nopok luqmani og‘izga olib o‘tirmay…
— Nimalar deyapsiz, ustoz. Hammasi halol-pok mehnatingiz uchun oladiganingiz. Men siz o‘ylaganday ishga qo‘l urolmayman, bilasiz-ku. Axir, sizdan tarbiya olganman.
Gapimni dalillash uchun onasining pensiyasini oshirilishini so‘rab kelgan kishi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdim.
— Bay-bay-bay, shunaqa odamlar ham bor, degin. Juda to‘g‘ri yo‘l tutibsan. Hech qachon unaqa ishlarga aralashma. Demak, senga ishonsam bo‘ladi-a?
— Ishoning, ustoz.
— Barakalla, — deb ustoz yelkamga qoqib qo‘ydi. So‘ng duoga qo‘l ochdi…