O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida viloyat partiya qo‘mitalari ikkiga: sanoat va qishloq xo‘jalik partiya qo‘mitalariga, bo‘lingan edi.
Viloyatning nufuzli idorasiga boshini durra bilan bog‘lab olgan ayol kelibdi. Eshikbonlar undan kelishining maqsadini so‘rashipti.
— Obko‘mga arzim bor, — depti ayol.
— Qaysi obko‘mga?
— Obko‘mga-da!
— Hozir ikkita obko‘m bor: qishloq xo‘jalik obko‘mi, sanoat obko‘mi. Arzingiz qaysi biriga?
Ayol javob berolmay hayron bo‘libdi.
— Nima masalada kelgansiz?
— Erim urdi. Shundan shikoyat qilib keldim. Qaysi obko‘mlaringga kirishim kerak.
Endi eshikbonlar ham o‘ylanib qolishibdi.
— Eringiz nima bilan urdi?- so‘rabdi ulardan biri.
— Sholi o‘rgani ketib yarim kechasi shirakayf bo‘lib keluvdi, «o‘sha yoqda tunab qolavermabsiz-da» desam, «E-e», dediyu o‘roqni irg‘itib yubordi. Shunda…
— Demak, o‘roq bilan ekan-da, — debdi eshikbon tanga topgan kalday iljayib. — U holda qishloq xo‘jalik obko‘miga kirarkansiz, opa… Mabodo, bolg‘a bilan urganda sanoat obko‘miga kirardingiz.