Habib Siddiq. Qaytgan duo (hajviya)

Bahodirjon degan hazilkash ulfatimiz bor. «Eshon aka» deb hazillashib yuramiz. Bir gal paxta yig‘im-terimiga chiqishganda brigada boshlig‘i depti:
— Mana shu traktorchimiz ja-a yaxshi yigit-u, kelin bilan oralari chatoq bo‘lib qolib, sal xafa bo‘lib yuripti-da. Eshon aka, bir duo qiling, zora kelinning ko‘ngli ilib…
— Quruqdan-quruq qanday bo‘larkan?..
— E-e, Eshon aka, ertaga eriydi-da!
Bahodirjon uzundan uzoq duo qilibdi. Traktorchi xursand bo‘lib ketibdi-yu, ertasiga qovoq-tumshug‘i osilib qaytib kelibdi.
— E-e, duoyingiz o‘tmas ekan…
— Siz mendan xafa bo‘lmang, — debdi Bahodirjon quvlik bilan, — o‘zim ham kechasi bilan uxlolmay chiqdim.
— Nega?..
— Yigirma yil avval olamdan o‘tgan otam tushimga kirib, «Shu yoshga kirib ham aqling kirmadimi, nega aytganimni qilmaysan. Mana, qilgan duoying egasiga borib qaytib keldi», dedilar.
— Rostdan-a?
— Ha-da!.. «Qaysi gapingizni bajarmadim, dada», desam:
— Bolam, nasiyaga duo qilmagin, degandim-ku, — deydilar-a.