Habib Abdunazar. Hujra (hikoya)

To‘rt yillik talabalikdan keyin birinchi bor bahorni sog‘inib kelishim. Qishlog‘im ham ichimga kirib qolgandek; u bilan qo‘shilib nafas olaman, tomirlarimga yashil qon yuguradi. Tepalik osha dashtga yoyilib ketgan bostirma uylarga qarayman. Mana bu o‘ngirlarda, mana bu do‘ngliklarda chopib yurgan bolaligim ko‘z oldimga keladi: “Ey-y jo‘ralar!..” Tepaliklar aks sado qaytarmaydi, ular tog‘lar emas-da.
Qishlog‘imning nomi ham jismiga monand – Ko‘kdala. Bugun shundoqqina uyimizning yonidagi eng baland tepalikka chiqib, atrofga ko‘z tashladim-u, hayratimni ichimga sig‘dirolmadim; qishlog‘imga bu nom shunchaki berilmagan-da. Ehtimol, qish shuning uchun bizni yomon ko‘rar, hasadi kelar. Izillagan izg‘irini badaningni o‘yib olay deydi, yomg‘iri qorga, qori muzga aylanib, xanjardek sanchiladi…
Uyimiz katta yo‘l bo‘yida, qishloqdan biroz ajralib turadi. Yo‘l zovur yoqalab ketgan; ko‘chaning ikki cheti keta-ketguncha faqat tutlar. Ko‘prikdan o‘tib, kunbotarga yurilsa, zovur chetida uchta hovli bor: Elmurod raisning uyi, Arab buvaning uyi va bizning uy. Qishloq markazi biroz olisroqda bo‘lgani uchun, shu uch uy bolalari – sinfdoshim Anvar, men va boshqa bolalar erta tongda to‘dalashib maktabga borardik. Maktabdan qaytayotganimizda esa tuproq yo‘lda shaqildog‘ini sudragancha Amir bizni kutib olardi. Aqli noqisroq bo‘lgan bu bola – Anvarning akasi. Ko‘zlari katta, sochlari qo‘ng‘iroq, qoramag‘iz, novcha. Ko‘chada kimni ko‘rsa, oldiga yugurib kelardi-da, qo‘lidan ushlab, uyga yur deb turib olardi. Ko‘p so‘z bilmasdi: ota, ona, moma, non, aka – lug‘atidagi bor-yo‘q so‘z shu. Izg‘irin bo‘ladimi, jaziramami, unga farqi yo‘q, doim darvoza oldida o‘ynab o‘tirar, qo‘lida konserva qutilaridan ipga tizilgan shaqildoq bo‘lardi.
Bugun u ko‘rinmaydi. Darvoza oldida oq it qulog‘ini yerga bosib, bir ko‘zini qiya ochib yotibdi. Bir paytlari ko‘zimga haybatli ko‘rinadigan bu yog‘och darvoza endi urinib, shalvirab qolgandek. Itdan qo‘rqib, unga sezdirmasdan o‘tmoqchi bo‘lib, tez-tez yura boshladim. Shu payt “Oqboy! Bah-bah!” deya itini chaqirgancha Anvar chiqib qoldi. Meni ko‘rdi-yu:
– E-e, bo‘la, bormisan? – deya tirjaygancha quloch yozib kela boshladi. – Shaharlik bo‘pketding sanam. Bizaniyam eslaysanmi, o‘zi?
Men ham uni ko‘rib quvonib ketdim, axir necha yillik jo‘ram; mushtlashib katta bo‘lganmiz! Shu ko‘yi darvoza oldida ancha payt suhbatlashib o‘tirdik, so‘ng u qo‘yarda-qo‘ymay uyiga taklif qildi. O‘sha hovli, hech narsa o‘zgarmagan: shoxalab ketgan o‘rik, hovli o‘rtasidagi chordoqli uy, loysuvoq devorlar… Faqat uydan uzoqroqdagi omborxona eshigiga boshqa, kattaroq qulf osilibdi. Bola paytimiz mana shu omborxona oldida o‘ynab qolsak, Anvarning onasi qo‘liga tayoq olib quvib solardi; negadir shu hujraga yaqinlashgani qo‘ymasdi. Bizni quvib yuborgach, Mehri xola hujra bilan gaplashgandek omborxona eshigi yonida birpas o‘tirardi-da, ko‘zlariga yosh olib, ortiga qarab-qarab uzoqlashardi.
Hanuz sirliligicha qolgan, doim qiziq tuyulgan bu hujra bugun negadir boshqacha, qandaydir sehrlangan kulbadek qayg‘uli, kimsasiz ko‘rindi. Go‘yo hujra bu xonadonga mutlaqo tegishli emas, o‘zga olamdan tushgan-u, unga yaqinlashgan odam baxtsizlikka yo‘liqadigandek. Derazalari yo‘q, eshik tirqishidan qarab, u yerda faqat quyuq zulmat hukmronligini sezish mumkin edi. Yo‘lakda kulbaga qaragancha ancha turib qoldim, shekilli, Anvar kelib yelkamga turtganini ham sezmabman. Biz bolalikda doim o‘ynaydigan joyimiz – chordoqqa chiqdik. Yonboshlab yotgancha uzoq gurunglashdik, bolalikni esladik.

* * *
– Tura qol, bolam! Tong otib qoladi, – deydi onam xavotirli ohangda. Tong otib qolishidan cho‘chigandek deraza pardasini surib, tashqariga qaraydi. Deraza qorong‘i, bulutlar tongni ortiga yashirgandek hurpayib turibdi.
– Yomg‘ir yog‘sa kerak, – deydi yana onam. – Bu havoda tong otganiyam bilinmaydi.
Injiqlik qilib, ko‘zimni arang ochaman. Ko‘zim qum tiqilgandek og‘riydi. Issiqqina ko‘rpadan chiqqim kelmay, yonimda yotgan ukamni turtaman. U g‘udrangancha boshqa yonboshiga o‘girilib, boshini ko‘rpaga toshdek o‘rab oladi. Onam ochgan derazadan kirgan shabada shudringli bedapoya hidini dimog‘imga olib keladi. Bir hovuch muzdek shabadaga bet yuvgandek seskanib ketaman, uyqum ochiladi. Ko‘zimni ishqalab-ishqalab, xuddi birov majburlagandek zo‘rg‘a o‘rnimdan turaman. Yuz-qo‘limni nari-beri yuvaman-u, onam tayyorlab qo‘ygan tugunchani olib, molxonaga chopaman. Onam mollarni shoxbandidan bo‘shatib, katta yo‘lgacha haydab chiqishadi. Tong qorong‘isi vahimali. Ozroq yurganimdan keyin g‘ira-shirada mollarini yantoqqa qantarib turgan Anvarni ko‘rib qo‘rquvim yo‘qoladi. Mollar bir-biriga qo‘shilib, poda bo‘ladi. Sigirlarga bir shoxi singan Katta sigir yo‘lboshchilik qiladi. Och sigirlar yo‘l chetidagi shoda-shoda qip-qizil munchoqdek osilib turgan yantoq gullariga bo‘yin cho‘zib, tishlab uzib oladi-da, yo‘lidan chalg‘imay chaynab ketaveradi. Birortasi to‘xtab qolsa, ortidan kelayotgan sigir shoxlari bilan nuqib, po‘pisa qiladi: “Tezroq yur”.
G‘ishtin do‘konning orqasi bedazor. O‘rilganiga ko‘p bo‘lmagan. Yakkam-dukkam beda g‘aramlari to‘niga o‘ranib yotgan odamdek qorayib ko‘rinadi. Sigirlar bedazorga yoyiladi, o‘t ko‘p bo‘lgani uchun olislab ham ketmaydi; bedapoya atrofini o‘rab turgan paxtazorga ham o‘tmaydi. Qorni to‘yganlari yotib olib kavsh qaytaradi. Bizni esa uyqu elitadi.
“Yana uxlab qolmanglar”, deya tayinlardi onam. Bedazor etagidagi tutzor bizga onam aytib bergan jinlar mamlakatini eslatardi.
– Yosh edim. Bir kun dalada, daraxt tagida o‘tirsam, – deydi onam, – tepamda, daraxt ustida bir chiroyli sariqqina qiz uzun sochlarini yog‘och taroqda tarab o‘tiribdi. Yonimda esa yog‘och kosa, ichida sadaqayrag‘ochdan yasalgan chiroyli tasbeh. Olaman desam, qiz ham, tasbeh ham yo‘qolib qoldi. Uxlamaganim yaxshi bo‘lgan, yo‘qsa meni jin chalib ketarmidi?..
– Ona, Amirni ham o‘sha sariq qiz shunday qilib qo‘yganmi, – deyman qo‘rqqanimdan, xayolimga daraxt tagida uxlab yotgan Amir keladi.
– Yo‘q, – deydi onam o‘yga cho‘mgancha, – u onadan shunday tug‘ilgan. Uning onasi uxlab qolgan, bolam, onasi…
Onam uxlab qolmasligimiz uchun bu ertaknamo hikoyani ichidan to‘qirmidi yoki bo‘lgan voqeami, ishqilib, uyqumiz keldi deguncha soch tarab o‘tiradigan qiz ko‘z oldimizga kelardi.
– Uxlama, sariq qiz chalib ketadi, – deyman Anvarga go‘yo o‘sha qiz hozir kelib qoladigandek atrofga alanglab.
Kun chiqqach uyga qaytamiz. Shu bilan kechki salqingacha mol boqish tashvishidan ozodmiz, salqin tushgach, mollarni zovur chetlarida biroz aylantiramiz. Mollar yana yo‘lga chizilib, to‘g‘ri uyga jo‘naydi. Qaytishda ham Katta sigir podani yetaklaydi. Kelguncha yo‘lda shataloq otgan poda horg‘in va og‘ir qadam tashlaydi, qorni to‘ygan-da. Bir-biri bilan shoxlashib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan buzoqlarga sigirlar bosh silkib hafsalasizgina “jim yur” degandek tanbeh beradi.
– Hamma mollar Kattaning bolasi, – deydi Anvar targ‘ilni ko‘rsatib. – Xo‘ron mol. Otam sotgani qo‘ymaydi, sigirlarimizning barakasi, deydi.
– Shuni aytyapsanmi? – deyman Anvarning maqtanchoqligini xushlamay. – Qari-ku buning!
– Qari bo‘lsayam, uncha-munchasining shoxini qayiradi, – keriladi Anvar.
Chindan, hamma mollar o‘shaning izidan ergashardi, birortasi unga tik bormaydi. U bir hamla qildimi, tamom, hatto masiqqan ho‘kizlar ham pusib ketadi.
– Alasuzgich undan zo‘r. Kecha Kattaning kuchi yetmadi, o‘zingam ko‘rding-ku, – men ham molimni maqtayman. – Har kun bir satil sut beradi. Kecha zovurga botib qolgandayam-chi, o‘zi chiqib ketdi.
– O‘shanday paytda dumini qayirish kerak, galvars, – deydi Anvar bilimdonlikka o‘tib. – Mol dangasa bo‘ladi, dumini qayirsang, joni og‘rib, chiqishga o‘zi harakat qiladi. Molni joni dumida.
– Undaymas, – deyman jahlim chiqib, – kerak bo‘lsa, o‘zingning molingni dumini qayir!
– E-e-e, – deydi Anvar, – baribir, san gapga tushunmaysan…
Mollar qaytguncha barra o‘tlarga ham e’tibor bermay, mo‘rab-mo‘rab qo‘yadi. Zovur yoqalab borayotgan poda ikkiga bo‘linadi. Yelini tarsillab turgan sog‘in sigirlar uyga yaqinlashgach, sabri chidamay, lo‘killab yuguradi, o‘zini molxonaga uradi. Buzoqchalar og‘zi ko‘pirib, onasining yelinini siltab-siltab emadi.
Onam mollarni shoxbandidan bog‘lab oladi. Keyin buzoqning ipini qo‘limga berib, o‘zi sut sog‘ishga tutinadi. Onam alla aytganda ham, mol sog‘ayotganda ham g‘amgin bir qo‘shiq kuylayotgandek bo‘lardi, tomog‘iga yig‘i tiqilgandek tovushi titrab-titrab chiqardi. Go‘yo sigir ham onamga qo‘shilib yig‘layotgandek ko‘zlaridan yosh oqib, jim turardi.
Men esa Anvarlarning uyi tomonga qarab-qarab qo‘yaman. Anvarga sigirlarni bog‘lashda Amir yordamlashardi. U qo‘liga bir qarich cho‘p olib, uzoqroqdan turib mollarni qaytarishga urinar, qaysarlik qilganini so‘kkancha quvib yurardi:
– Chu, hah, mo-o-o…
Quyosh tik ko‘tarilib, olamga yorqin nurlarini sochadi. Onam dasturxonga issiqqina shirchoy, piyolada qaymoq qo‘yadi. Shirchoydan ichar-ichmas kiyinib, so‘mkamni ko‘targancha Anvarlarnikiga yuguraman. Maktabga shoshamiz. Amir yo‘l boshigacha Anvarning so‘mkasini ko‘tarib boradi, so‘ng shaqildog‘ini sudrab uyga qaytadi. Sinf jurnaliga Amirning ismi yozilgan bo‘lardi. Muallim Anvarni doskaga chiqaradigan bo‘lsa, “Amir Qulmurodip” deb murojaat qilardi.
– Amirni o‘rniga boraman, – deydi Anvar nigohlari bilan yer chizib.
– San-chi, sani o‘rningga kim maktabga chiqadi, – deyman ajablanib. – Sani ukang yo‘q-ku?!
– Bilmadim, – yelka qisadi u. – Otam biladi…
Maktabdan qaytgach, men doim Anvarlarning uyiga chiqib, u bilan birga o‘ynardim. Amir bizga sherik. U qishin-yozin ustiga jemper, keng yo‘l-yo‘l noka ishton, kalish kiyib yurardi. Uning yig‘laganini ko‘rmaganman. Anvar ursa ham, og‘zini burishtirib yig‘lagan bo‘lardi-da, ko‘zidan bir tomchi yosh chiqmasdi. O‘yinga qo‘shmasak, bizga yomon qarab, bir chetga borib olardi-da, tuproq o‘ynardi. Cho‘plarni sindirib, boshiga ip bog‘lab chiqardi. Bu bog‘lovdagi sigirlar bo‘lsa kerak. Gohida konserva qutilarini bir-biriga bog‘lab shaqildoq yasardi.
Uzoqqa cho‘zilmagan ko‘klam salqinidan so‘ng kunlar qiziydi. Qoq tush paytida esa qishloq odamlari uy derazalariga qalin mato tutib, qorong‘i qilib uxlaydi. Oftob uradi deb ko‘chaga ham chiqishmaydi. Tuproqdan hil chiqadi. Bir kuni Anvarlarning hovlisiga sekin o‘tdim; jim-jit. It meni taniydi, indamaydi. Endi anorlarni uzib satilga solayotgandim, jo‘yak ichida o‘tirgan Amirga ko‘zim tushdi. U o‘qrayib qaradi. Qo‘lida shaqildog‘i.
– Ikkita anor oldim, – dedim uni aldagan bo‘lib. – Maylimi, hech kimga aytmaysanmi?
U o‘rnidan turib qo‘limdan satilni oldi-da, simto‘g‘aradan engashib satilni bizning hovli tomonga o‘tkazib qo‘ydi. Anvarlar bilan hovlimiz o‘rtasida devor emas, simto‘g‘ara bo‘lsa-da, Amir biror marta undan oshib o‘tganini ko‘rmaganman. Men chelakdagi anorlarni to‘kib, yana olmoqchi bo‘ldim. Amirni aldashga urindim. U bu safar indamay o‘tirmadi:
– Moma, mom, a, ma… – Amir qo‘li bilan imo-ishora qilgancha uyga lapanglab yugurib ketdi.
Men o‘zimiz tomonga sakrab o‘tdim-da, ikki chetiga rayhon ekilgan ariq ichiga yotib oldim. Ammo Amir ham, boshqa odam ham uydan chiqmadi.
Bir kuni otam bilan Anvarning otasi gaplashib turganini ko‘rdim:
– Maktablari bor, bersang bo‘lardi, – dedi otam Amirga imo qilib.
– Surishtirdim, foydasi yo‘q emish, – dedi Elmurod rais g‘amgin tus olib.
– Sheroboddagi Avliyo otaga olib borsang-chi, zora, shifo topsa. Mulla-pulla deganday… – dedi otam qo‘lidagi tok qaychi bilan vayishdagi tok novdalarini butarkan.
– …
Elmurod rais tirsagidan kesilgan o‘ng qo‘ltig‘iga nosqovog‘ini qistirib, chap qo‘li bilan qopqog‘ini burab, unga bir otim nos tashlab chekdi. Uning qo‘lini yoshligida varaqa* yulib ketganini eshitgan bo‘lsam-da, men uchun u onadan shunday tug‘ilgandek edi. Balki Anvarning otasini esimni tanibmanki shu holda ko‘rib, boshqacha tasavvur qilolmaganim uchundir? Bolaligimizda birortamiz jim bo‘lmay yig‘layversak, kesilgan qo‘lining yengini shimarardi-da, burishtirib tikilgandan so‘ng qolgan beo‘xshov chandiq izlarini ko‘rsatib qo‘rqitgan bo‘lardi. Buni ko‘rgan har qanday bola birdan jim bo‘lardi-qolardi.
Bir kun Anvar bilan maktabdan qaytayotib, Amirning katta tuproq yo‘lda qandaydir yog‘och qutichani sudrab chopib yurganini ko‘rdim. Hech qancha vaqt o‘tmay yo‘lda Mehri xola paydo bo‘ldi-yu, Amirni do‘pposlay ketdi. Amir qo‘llari bilan yuzlarini to‘sgancha: “Ma, ma, ko‘tti..” deb yig‘lar, ammo odatdagicha ko‘zidan bir tomchi yosh chiqmasdi. Mehri xola xumoridan chiqquncha kaltaklagach, bizni ko‘rdi-yu, to‘xtadi va Amirning qo‘lidagi qutichani bag‘riga bosganicha ortiga qaray-qaray lo‘killab uyga chopib ketdi. Shu payt kutilmaganda Anvar ham akasini kaltaklashga tushdi. Bu manzaradan karaxt bo‘lib qoldim. Oxiri chidolmay, sumkamni yerga tashlab, Anvarning qo‘liga yopishdim.
– Nimaga urasan? – ajratgan bo‘ldim.
– Ishing bo‘lmasin! Baribir tushunmaysan.
Shu-shu bo‘ldi-yu, bejirim ishlangan quticha xayolimni butunlay band etdi, go‘yo unda qandaydir tilsim yashiringan. Uni bilishga shunchalik intiq edimki, hatto u tushlarimga ham kirib chiqadigan bo‘ldi.
– Anvar, ke jo‘ra, o‘sha qutichani bir ko‘raylik, – dedim bir kun sabrim chidamay.
– Yo‘q, bo‘lmaydi, – dedi Anvar qat’iy. – Onam yashirib qo‘ygan.
Bir kun Amir qo‘limga bir parcha qog‘oz tutqazdi; xat ekan. Qo‘shni qiz – Arab boboning qizi Feruzadan. Avvaliga hayiqdim, nega, o‘zim ham bilmayman, so‘ng sevinib ketdim. Yuragim ming bir bo‘laklarga bo‘linib, tomirlarim bo‘ylab yugurgandek bo‘ldi. Xatni qayta-qayta o‘qidim: “Sizni kechga darvoza yonida kutaman…”
Xatni qo‘ltiqlab Anvarning oldiga borsam, u hovli chetidagi omborxona yonida simdan traktor yasab o‘tiribdi. Ikkalamiz omborxona eshigiga suyanib, sevgi maktubini muhokama qilishga tushdik.
– Uncha chiroylimas-ku, – deydi Anvar, – boshqasi quriganmi senga?!
– Ishing bo‘lmasin, – deyman jahlim chiqib. – Layliyam chiroyli bo‘lmagan…
– O‘-o‘, Majnun bo‘lmoqchimisan, – deydi u ustimdan kulib.
Shu payt uydan Mehri xola chiqib qoldi. Bizni hujra yonida ko‘rib, ko‘zlari ola-kula bo‘lib baqira ketdi:
– Nimangni yo‘qotgansan, hammang shu yerga kelasan?!
Mehri xola yerda yotgan Amirning shaqildog‘ini olib otdi. Ikkalamiz oyog‘imizni qo‘limizga olib, ikki yoqqa gumdon bo‘ldik. U anorzorga, men ko‘chaga qochdim. Ko‘p o‘tmasdan ikkimiz yana molxona tarafda paydo bo‘ldik.
Kun botay deb qoldi. Devorga suyanib turgan quyosh sekingina uy ortiga o‘tib ketgandek. Oyoq-qo‘llarimni yuvib, dasturxon boshiga o‘tiraman. Otam choy ichib bo‘lgach, bir chetga yonbosh­laydi-da, oyog‘ini menga uzatadi. Ukamga ishora qilaman:
– Bugun san!
U labini burib, tumshug‘ini bir ko‘taradi-da, sekingina karavotdan tushib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yana oyoq uqalash o‘zimga qoladi. Otam xurrak otadi. “Ana uxladi”, deyman, oyog‘ini tizzamdan pastga ehtiyotkorlik bilan qo‘ymoqchi bo‘laman; xurrak to‘xtaydi-yu, otamning tahdid­­li ovozi eshitiladi: “Qayoqqa?” Muk tushib otamning oyoqlarini endi g‘ijimlab-g‘ijimlab uqalay boshlayman. Otam og‘riqdan bo‘ldi qil deydimi desam, qaytangga: “O‘-o‘-o‘, ana shunday, shunda-ay…” deb mamnun bo‘ladi. Men otamga qaray-qaray qachon uxlarkan deb uqalashda davom etaman. Anchadan so‘ng otam rostakamiga uxlab qoladi…
Ammo bu paytda Feruza “va’dasiga vafo qilmagan” yigitdan arazlab allaqachon uyiga kirib ketgan bo‘ladi. Men esa Feruzani maktab yoki ko‘chada ko‘rsam, uyalib, uzoqroqdan o‘tib ketadigan bo‘ldim.
Maktab davri ham tugagach, qadrdon qishlog‘im bilan xayrlashib, shaharga o‘qishga ketdim. Ammo xayolimda shaqildog‘ini sudragan Amir, sirli qutichayu mo‘jazgina hujra, o‘g‘lining boshiga mushtlab urayotgan qo‘shni xola… – bolaligim bilan bog‘liq mana shu xotiralar begonalar yaqin yo‘latilmaydigan sirli hujra ichida edi go‘yo.

* * *
Anvar bilan tushgacha gaplashib o‘tirdik. Oxiri ketar chog‘ chordoqdan tusharkanman:
– Esingdami, onang anavi hujra yoniga hech kimni yo‘latmasdi, – dedim hujrani ko‘rsatib.
– Esimda! – dedi Anvar qandaydir horg‘in ovozda hujra tomonga qarab qo‘yarkan. Shu payt hujra siridan voqif bo‘lishga judayam qiziqayotganimni bilganday yelkamga qoqib, meni o‘sha tomonga boshladi. – Qani, yur! Sanga bir narsa ko‘rsataman.
Uning gapidan qiziqishim yanada ortib, izidan ergashdim.
Anvar katta qulfni sharaqlatib ochdi. Hujra og‘ir tebrandi. Ichkariga qadam tashlashimiz bilan uning burchagiga qo‘yilgan sim karavot ustida o‘tirgan devsifat qop-qora odam eshikdan otilib kirgan nurga dosh berolmay bilagi bilan ko‘zlarini to‘sib oldi. Joyimda haykaldek qotdim. Ko‘zlari yirik va horg‘in, sochlari yelkasiga qo‘ng‘iroq bo‘lib tushgan, soqollari o‘sgan haybatli odam menga qarab turardi. Ustida – to‘n, nokadan qilingan yo‘l-yo‘l ishton, oyog‘ida – kalish. U shunday qattiq tikildiki, qalqib ketgandek bo‘ldim, so‘ng go‘yo meni ilgari ham qayerdadir ko‘rgandek jilmaydi. O‘rnidan turib, yana joyiga o‘tirdi. Anvar esa ombor to‘rida nimalarnidir kovlashtirardi.
Biroz o‘tgach, Anvar chang bosgan qutichani ko‘tarib keldi. Darrov tanidim – o‘sha quticha. Ammo men ortimda o‘tirgan odamdan hadiksiraganimdan bu qutichani nima uchun ko‘tarib chiqqaniga ahamiyat bermadim: xayolimda go‘yo o‘sha odam hozir ortimdan kelib meni bo‘g‘ib oladigandek. Anvar nimalarnidir gapirardi-yu, biroq butun fikru xayolim ortimdagi odamda edi.
– Anvar, Anvar, – dedim ehtiyotkorona uning bilagiga sekin turtib va ortimga ishora qilib so‘radim. – Kim bu?
– Tanimadingmi? – dedi Anvar.
“Yo‘q” degan ma’noda bosh irg‘aganimni ko‘rgach, qo‘rqqanimni sezdi, shekilli, kulib yubordi.
– Amir-ku. Akam, – dedi qo‘llarini yelkamga tashlab. U qo‘qqisdan qanday kulib yuborgan bo‘lsa, yana shunday g‘amgin tortdi. – Akamga shu yerdan joy qilib berganmiz.
Ichimdan nimadir chirt uzilgandek bo‘ldi. Amir uyalgandek yerga qarab turardi. Anvar akasining karavotiga qutini qo‘yib, yerda sochilib yotgan narsalarni yig‘ishtirishga tushdi. Qutini qo‘limga olib ochdim: bujmayib qolgan kichkinagina qo‘l. Seskanganimdan oyoq-qo‘llarimgacha muzlab ketdi. Qutini bexos qo‘limdan tushirib yuborganimni bilmay qoldim. Qopqog‘i ochilib, ichidan qo‘l otilib chiqdi. Po‘stak terisidek tirishib qolgan qo‘l va xiyol bukilgan barmoqlar… Ko‘z oldimga bir qo‘li yo‘q Elmurod rais keldi. Anvar yalt etib menga qaradi. Men bu holatdan hijolat tortgancha yerda yotgan qo‘lga tikilib turardim. Shu payt Amir qutini o‘nglab, qo‘lni avval qanday holda turgan bo‘lsa shunday joyladi. Ammo qo‘l bilan birga kapalakdek ohista yerga qo‘ngan tumor shaklidagi qog‘oz buklami Amirning e’tiboridan chetda qoldi. Men o‘sha tumor shaklidagi qog‘oz buklamini olib, beixtiyor ichini ochdim. Siyoh ranglari biroz xira tortgan jumlalar ko‘zimga allaqanday tanish tuyulganidan sinchiklab qaradim: Feruzaning Anvarga yozganlari ekan.
Amir bir xatga, bir quti ichidagi tarashaday qurib mittigina bo‘lib qolgan qo‘lga qarab turar, Anvar esa hamon narsalarni yig‘ishtirish bilan ovora, ora-sira nimalarnidir gapirib, “Esingdami?”, “To‘g‘rimi?” deb qo‘yardi. Men esa uning gaplarini anglab-ang­lamay “Ha” deb qo‘ya qolardim, ammo o‘zim olis xotiralarga g‘arq edim. Xatni Amirning qo‘liga tutqazdim-u, tashqari chiqdim. Ortga qaradim, go‘yo omborxona eshigidan bir qo‘l ko‘kka sanchilib turgandek, yillar g‘uborini yashirib kelgan hujra qartaygandek; Mehri momoning o‘zi mana shu hujraga evrilgandek, u barcha baxtsizliklarini shu hujrada asragan-u, ochsa, ular olamga tarqalib ketadigandek tuyuldi menga.

* * *
Yoz chillasi edi. Ertalab ishga borganimdan telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘tardim. Tanish ovoz: sinfdoshim Ikrom ekan. Qisqa salom-­alikdan so‘ng Elmurod raisning tong-saharda joni uzilganini, peshinda chiqarilishini xabar berdi. Go‘shakni qo‘ydim-u, ishdan javob olib, to‘g‘ri qishloqqa jo‘nadim.
Uyga yaqinlashganimda azaga kelganlar marhumni olib ketayotganlari ustidan chiqdim. Taksidan tushib, safga qo‘shildim. Haydovchi ham ortimdan ergashdi.
Odamlar marhumni qabrga qo‘ygach, go‘r og‘ziga g‘isht qalayotgan ediki, uzoqdan quticha ko‘targancha halloslab kelayotgan Amir ko‘rindi. Anvarni turtib, o‘sha tomonga ishora qildim. Ikkimiz gap nimadaligini tushundik. Anvar darhol mullaning oldiga borib, unga nimalardir dedi. Mulla qabr ichida g‘isht qalayotgan kishilarni to‘xtatdi.
Amir yetib kelgach, Anvar uning qo‘lidagi qutichani oldi-da, g‘isht qalayotgan kishilarga uzatdi. Keyin dafnga yig‘ilganlar siqimlab tuproq olib, duo o‘qib qabrga tashlay boshlashdi. Nazarimda, odamlar Elmurod raisni emas, bir paytlar doktorlar dorilab qutiga joylab bergan qo‘lni ko‘mayotgandek edi. Shu payt ortimdan g‘ayrioddiy ho‘ngragan ovoz eshitildi…

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 6-son