Gulnora Rahmon. Sipohiylar xonadoni (tragediya)

M. Mirhayo o‘g‘liga bag‘ishlanadi

Qatnashuvchilar:

Sayyid Sulton Alibek                        45 yoshlarda
Bekning katta xotini Zarnigorbegim                 40 yoshlarda
Bekning kichik xotini Sadafbegim                30 yoshlarda
Bekning katta o‘g‘li Bahrombek                    23 yoshlarda
Bekning ikkinchi o‘g‘li Ozodbaxsh                    22 yoshlarda
Uchinchi o‘g‘il Komronbek                        21 yoshda
To‘rtinchi o‘g‘il Davlatyor                        20 yoshda
Bekning Sadafbegimdan tug‘ilgan kichik o‘g‘li Shirinbek    13 yoshda
Malika Ma’suma Sultonbegim                    17 yoshda
Enaga                                    35 yoshlarda
Rizo Ali                                 40 yoshda
Shohbek Arg‘un                                50 yoshda
Ayg‘oqchi Qoraxon botir                        45 yoshda
Ayg‘oqchi ayol                                45 yoshlarda

Epizodik rollar: Navkar yigitlar, Mulozimlar, Bolalar

Voqea Shahrisabzda kechadi

1

Sayyid Sulton Alibek hovlisi. O‘ng tomonda ikki eshik. Biridan Zarnigorbegimga qarashli, ikkinchisidan Sadafbegimga qarashli xonalarga kiriladi. Uyning bir qismi va ikkinchi qavatdagi derazalar ko‘rinib turibdi. Chap tomonda naqshinkor so‘ri, atrofi gulzor, daraxtlar.
SAYYID SULTON ALIBEK. Yana yurtda yarim ochlik, yupunlik hukmron. Sulton Ahmad Mirzo olamdan o‘tdi-yu, uning davrida yelkasiga oftob tekkan xalq soyada qoldi. Emin-erkin nafas olib, yer-suviga qarab, savdo sotiqni yo‘lga qo‘yib, imoratlar qura boshlog‘on ulus yana bir badkirdorning hukmi ostida. Bu betavfiq Shohbek Arg‘un soliqlarni oshirishdan, haramga kaniz yig‘ishdan, bechora xalqning er yetg‘on yigitlarini cherikka majburan olishdan charchamaydur. Avval odamlar haramga olib ketishlaridan qo‘rqib qizlarini bekitur edilar. Endi mung‘a yosh bolalarni bekitish ham qo‘shildiki, bul Shohbek degan nokasning o‘zi ham, yaqinlari ham behad chuhrabozlikka, chog‘irga mukkasidan ketganlar. Bolalar ko‘chaga o‘yin o‘ynag‘oni chiqmay qo‘ydilar. Go‘yo yurtga vabo kelganday, hamma yoq jim-jit. Hatto itlar hurmay qo‘ydi. Hayot shu taxlitda davom etsa, ulusning holi ne kechur? Yana kuchi yetsa-etmasa urushga kiraveradi, kiraveradi. Ikki tomonga tushib, janglarda bir-biriga duch kelib, chopishg‘on og‘a-inilar necha-necha. Ba’zan bir-birlarini tanib, lol qolsalar, alarni boshqalar chopib keturlar. Bir ro‘zg‘ordan bir nechasi shahid bo‘lib ketganlar qancha. Bul nobakorni hazrati podishoh Bobur Mirzo bir yoqli qilurmi, deb umid qilg‘on edik. Ul zot yurtga yaroq ko‘tarib borolmayman, debdilar.
Yo Olloh, bu umr ayvonida yo ovchisen, yo ovdirsen. Farzandlarim, shukurkim, o‘zlarini himoya qila oladigan bo‘lib o‘sdilar. Yarog‘ ilmini o‘rgatdim, insofu diyonatni anglamoqni o‘rgatdim. Xalqparvarligu or-nomus ne ekanligina anglatib o‘stirdim. Illo, zo‘ravonlik bor yerda adolat uchun jang qilmoqqa tayyordirlar. Ey Olloh, aslo o‘g‘lonlarim chopushmasa, bir bechoraning o‘lib-kuyib o‘stirg‘onini o‘ldirmasa deyman. Shunday zamonlar kelsa-yu, odamlar jangu jadal, urush degan so‘zlarni eshitganda kuladig‘on bo‘lsalar. Faqat omonlig‘ bo‘lib, vaqtlarini binolar qurib, solih farzandlar tarbiyalab, farovonlikka intilib yashasalar. Bolalar urush so‘zining mazmuni neligini tushunmay, u ne degani deb otalaridan so‘rasalar.
(Zarnigorbegim kiradi.)
ZARNIGORBEGIM. (Tashvishlanib.) O‘g‘lonlarimiz tinmay mashq etadilar, buning boisi nedur? Ko‘nglim xavotirga to‘lmoqda.(Yaqin kelib bekning ko‘zlariga boqadi.)
BEK. (Mehr bilan xotinining yelkasiga qo‘lini qo‘yib.) Begoyim, illo, sipohiylar avlodidurmiz. Jangovor mashqlar farzandlar oladurg‘on ilmlardan biridur. Shohbek Arg‘un men singari beklardan cho‘chiydir, bizning o‘g‘lonlarni cheriklikka so‘ramoqqa yuragi dov bermaydir. Bir ishora qilsak, bizlarga xalq ergashadir. Shuning xavotirini bilib, bizga daxl qilmaydir. Zero, biz halollik va adolatga xizmat qilib dong taratganmiz.
ZARNIGORBEGIM. (Biroz xotirjam tortib.) Iloho so‘zlaringizga farishtalar omin degay. (Tashqarida qilichbozlik o‘yini mashqlarining suroni eshitiladi) To‘rt o‘g‘lon bir-birlari bilan qilich urushtirganicha kirib keladilar. Zarnigorbegim chiqadi. (Bek mashqlarni boshqara boshlaydi)
BEK. O‘ngingga qara, ko‘ksingni himoya qil, so‘l-so‘l! So‘lga qarashing bo‘sh! Ha, barakalla! Endi yaxshi!(Bek yigitlarning mahoratini kuzatar ekan, qiyofasida mamnunlik seziladi.
So‘ng bekning buyrug‘i bilan har bir o‘g‘lon bir o‘zi qolgan uchoviga qarshi jang qilib mahoratini ko‘rsata boshlaydi. Bek o‘g‘illarini “Bale, bale” deb ruhlantirib turadi. Shirinbek kirib keladi va bekning yoniga boradi. So‘ng otasiga qo‘shilib “Bale, bale” degan hitob¬lar qiladi. Mulozimlardan biri tavoze bilan kirib, chetda qo‘l qovushtirib turadi. Bek qo‘l harakati bilan sabr ishorasini qiladi. Mashq davom etadi. Mulozim mashq tugagach bekning ishorasi bilan yaqin keladi.)
BEK. So‘ylangiz, ne xabar?
MULOZIM. Eshik oldida bir darveshnamo kishi turadir, sizni ko‘rmak istaydir.
BEK. Ne yumushi bor ekan? Yemakmi, kiymakmi tilab turg‘on bo‘lsa, berib yuboravermaysizlarmi?
MULOZIM. Sizni ko‘rmak, va holo, o‘zingizga so‘y¬lamak istaydir.
BEK. Ayting, kirsun!
(Darveshnamo kiyingan kishi kiradi.)
DARVEShNAMO KIShI. (Ta’zim qilib.) Assalomu alaykum Sayyid Sulton Ali og‘o. Xonadoningizga qut-baraka va osoyishtalik tilaymen.
BEK. (Biroz taajjub bilan.) Va alaykum assalom! Kelingiz, o‘ltiringiz. Ovozingiz tanish tuyuladir, ammo kim ekanligingizni ilg‘amay turibmen.
DARVEShNAMO KIShI. (Biroz sukutdan so‘ng.) Boburshoh qo‘shinida doim o‘ng ilkingizda chopishadug‘on Rizo Ali ismlig‘ yigit yodingizdami?
BEK. (Jonlanib.) Ie-iye, Rizo Ali inim, eh-e undan buyon qancha suvlar oqib o‘tdi. Ha-ha, siz og‘ir yaralanib Andijonda, volidangiz qo‘lida qolg‘on edingiz. Men Boburshoh hazratlari bilan Xo‘jandda, Hirotda, Qandaxorda ham birga jang qildim. Ul zot hind sori yuzlang‘onlarida yaralanib, bunda qolib ketdim. So‘ng zavji-halolimni, farzandlarimni olib kelib, osoyishta hayot kechirdim.
(Qaytadan quchoqlashadilar.)
BEK. (Mulozimga qarab.) Tezda aziz mehmonga das¬turxon hozirlang! (Mulozim qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ta’zim qilgancha chiqib ketadi. So‘riga chiqib o‘tiradilar. )
BEK. Rizo Ali inim, hozir ne yumushlar bilan band¬siz? Sizni bu tomonlarga qanday shamollar uchurdi?
RIZO ALI. (Biroz sukutdan so‘ng, atrofga bir qarab oladi, so‘ng ovozini pastlatib) Shahringizda mevalar qimmat deb eshitdim…
(Bek zaruriyat tug‘ilganda aytiladigan yashirin ma’noli jumlani eshitib hushyor tortadi.)
BEK. (Alohida viqor bilan.)Ha-ha, faqat behilar arzon.
RIZO ALI. (Engil nafas olib.) Tashakkur, bek og‘a! O‘troqlashib ketib, xizmatga tayyor emasmisiz, degan xavotir ham yo‘q emasdi. Esingizda bo‘lsa, Sulton Arg‘unning birodarzodasi Habiba Sultonbegimning qizi Ma’suma Sultonbegimni Bobur hazratlari Xurosong‘a borg‘onda ko‘rib, xushlab, tilab, Kobulda uylang‘on edilar. Bir qiz tug‘ilg‘on edi. Boyaqish onasi qiz dunyoga kelarida Ollohning rahmatiga borg‘on erdi. Bobur hazratlari qizg‘a volidasining ismini qo‘yib ketgan erdilar. Shul qizaloq Andijonda, Sulton Muhammad Ali xonadonida bir qarindosh qiz shaklida yoshirin tarbiya ola turg‘on erdilar. Shohbek Arg‘un odamlari hid olmishdir. Malikani Hindg‘a, shoh otalari huzurig‘a jo‘natmak bo‘ldik. Hozir shu tomong‘a yo‘ldadirlar. Faqat yosh malika betoblanib qoldilar. Kengash qilib, rozi bo‘lsangiz, tuzalg‘unlaricha panohingizga olib keladirg‘on bo‘lib turibmiz.
BEK. (Salmoqlab.) Bosh ustig‘a, bosh ustig‘a.
RIZO ALI. Og‘a, ijozat bersangiz, alarni rozi¬li¬g‘ingizdan xabardor etsam. Tun qarong‘usida kirib kelurmiz. Faqat og‘a, nafaqat mehmonning kimlig‘i, balki mehmonlar borlig‘i ham sir tutilsa ma’qul bo‘lardi. (Fotiha qilib, o‘rinlaridan turadilar.)

2

(Bekning hashamatli o‘ymakor darvozasi oldidagi maydoncha. Narirog‘larda ham beknikichalik bo‘lmagan, mundayroq darvozalar. Darvozalar yonida arava va shunga o‘xshash buyumlar. Darvozalar ichkarisida daraxtlar. Uch-to‘rtta bola har tomondan yugurib chiqib, mushtlashib qoladilar. Shovqin-suronni eshitib sahnaga ikki ayol va bek kiradi. )
BOLA. (Shirinbekni urayotib.) Mana senga, mana senga, chaqimchi.
ShIRINBEK. (Yig‘laydi.) Men aytqonim yo‘q, aytqo¬nim yo‘q.
(Zarnigorbegim bolalarni ajrata boshlaydi. Bek kiradi.)
BOLA. (Yig‘lamsirab bekka shikoyat qiladi.) Men juda yahshi beking‘on edim. Qosim meni juda tez topib oldi. Shirinbek aytib qo‘yg‘on. O‘g‘lingiz chaqimchi bola. (Sadafbegim kelib Shirinbekni quchoqlaydi.)
ShIRINBEK. Yolg‘on so‘zlayapti, aytg‘onim yo‘q.
SADAFBEGIM. O‘zing noshud bo‘lsang boshqalar aybdor bo‘ladimi? Ket bu yerdan.
(Shirinbekni qo‘yib, bolaning yoniga boradi va turtib-turtib sahnadan chiqarib yuboradi. So‘ng o‘zining bolasini olib chiqib ketadi. Bek bilan Zarnigorbegim qoladi.)
ZARNIGORBEGIM. (Biroz istihola bilan, mayin ovozda.) Begim, kichik o‘g‘limizning tabiati boshqacharoq. Sadafbegimning ajdodlari sipohiylardan emas. Sipohiylar ro‘zg‘orining tartib-qoidasini bilmaydur. Uydagi gap-so‘zni tashqarida so‘ylashni yaxshi ko‘radir. Bola ham tantiq bo‘lib qolayotganga o‘xshaydi nazarimda.
BEK. (Zarnigorbegimga qarab.) Shirinbekni sipohiy qilmaymiz. Keksayganimizda yonimizda bo‘ladir.
ZARNIGORBEGIM. (Biroz sukutdan so‘ng.) Begim, sizni ranjitib qo‘yishni aslo istamaymen. Ammo, far¬zandlar tarbiyasiga jiddiy qaramog‘imiz zarur. Gap sipohiy bo‘lish-bo‘lmaslikda emas. Kichik o‘g‘lonimizni jilla qursa, tiliga mahkam qilib tarbiyalaylik.
BEK. Shirinbek hali juda yosh. Asta-sekin og‘alariga qarab tartib-qoidani o‘rganib boradir. Sizning tar¬biyangizni olmog‘i yomon bo‘lmasdi. Biroq onasini bila¬siz, salga arazlaydir. Keling, o‘z o‘g‘lonlarimiz haqida so‘ylashaylik.
ZARNIGORBEGIM. Farzandlarimiz urush ilmini bil¬g‘onlari tuzuk, ammo Olloh asrasin, aslo chopush¬moq¬liklarini istamaymen. Menga qolsa, tinch yashasak, kelinlar olsak, nabiralarimiz ko‘p bo‘lsa.
BEK. Uylantirurmiz. (Hazillashib.) Har birig‘a ikkitadan kelin olsak sakkiz, uchtadan olsak o‘n ikki kelin tushurg‘aymizkim, nabiralarning son-sanog‘i bo‘lmag‘ay.
ZARNIGORBEGIM. (Ranjigannamo.) Olloh-Olloh, o‘y¬la¬may so‘ylaysiz, begim. Bul ayollarning bir-biriga dush¬manlig‘i-yu, bir-birining oshig‘a og‘u solishlarning chegarasi bo‘lmag‘ay. Nabiralar esa bir-birig‘a yog‘iy bo‘lib o‘smaslig‘iga kim kafil bo‘lur?
BEK. (Jilmayib begoyimga yaqin keladi. Ikkala qo‘lidan ushlaydi.) Begoyim, sizdek farosatlig‘ kelinlar olsak, undog‘ bo‘lmas. Siz kundoshingiz bilan ahilsiz-ku.
ZARNIGORBEGIM. (Bekka qarab.) Yoshlik chog‘la¬rimizda dalalardan gullar terib shodlan-g‘on¬larimiz, kim o‘zarg‘a otda poyga qilg‘onlarimiz yodingizdamu? Menga er libosini kiygizub, qilich chopushishni o‘rgatur edingiz. So‘ng Bahrombekning tavalludida quvong‘onlarimiz, ini-larining dunyoga kelg‘onlarida shodlang‘onlarimiz yodin¬gizdamu? Bir-birimizga boqib to‘ymas edik. Bir-birimizg‘a suyanib, bir-birimizni avaylab yashayotg‘on edik. Sizning safardan Sadafbegimni olib qaytg‘on kuningiz yodingizdami, yo‘qmi, bilamdim-u, menga oson bo‘lg‘on emas.
BEK. (Hayron qolib.) Siz rashk qilg‘onmisiz? Hech sezmag‘on ekanman.
ZARNIGORBEGIM. Rashkni sezdirmak ayol kishining qadr-qimmatini yerga uradir. Kundoshni shodlantiradur. Oqila ayol yuragini it yeb qo‘ysa-da, rashkini ko‘rsatmay¬dir. Koshki, har bir erkak faqat bir ayolg‘a mehr qo‘ysa, qo‘sha qarisa.
(Bek Zarnigorbegimni bag‘riga bosadi, sochini silaydi. Zarnigorbegim so‘zini davom ettiradi.)
Qadimda bir donishmand kishining kuyovi yakka-yu yagona qizi ustiga xotin oladirgan bo‘libdi. Donishmand qizig‘a ko‘p nasihatlar qilibdi. Kundoshing kelgan kun xobgohingdan chiqmagin, toki iztirobingni boshqalar ko‘rmasin, deb tayinlabdi. Yana, alam bilan chiqib ketmasin, deb yog‘och kovushining tagidan ichig‘a qaratib mixlar qoqibdi. Tovonig‘a botsa hushyor tortadi deb. Bechora ayol yarim tungacha zo‘rg‘a chidabdi. So‘ng o‘tu otash ichra yonib, kovushlarini kiyib chiqib ketibdi. Dil azobi jon og‘rig‘idan qattiqroq ekan, ayol tovoniga mixlar botganini sezmabdi. U devonavash bog‘ kezib yurganida donishmand otasi uning izlaridagi qon tomchilarini ko‘rib, shu tomonga yo‘l olibdi. Ko‘rsaki, qizi o‘z-o‘ziga so‘ylab, ko‘zlaridan duv-duv yoshlar to‘kar va dir-dir titrar emish. Sekin qiziga yaqin kelibdi. Sodir bo‘lgan voqea sening bu qadar yonishingga arzimaydi qizim, terakka suyan. Darding ham, titrog‘ing ham daraxtga o‘tib ketadi debdi. Shundan buyon terak shaboda essa ham, esmasa ham, mudom titrab turarmish. Ayolning izlaridagi qon tomchilaridan tikanli patakgullar unibdi.
BEK. (Mahzun tortib.) Azizam, ma’zur tuting, sizning bu kechinmalaringizdan aslo xabarim yo‘qdur. Yanglishdimmi, taqdir ekanmi, mana, yana bir jajji o‘g‘lonimiz bor.
ZARNIGOR BEGIM. Iloho, aqlli, xushli bo‘lib o‘ssin. Ammo sipohiy qilmasak ham, tarbiyasiga qaramog‘imiz zarur.
BEK. Qaraymiz, begoyim, qaraymiz. Men mulozim va soqchi yigitlarga topshiriqlar beray. Har ehtimolga qarshi, otlar tayyor tursin.
(Ketadi. Sadafbegim kiradi).
SADAFBEGIM. Sizning Shirinbek haqindagi gaplaringizni ham, boshqa so‘zlaringizni ham eshitdim. Sizg‘a qolsa, o‘g‘lim sipohiy bo‘lsin-u, urushg‘a kirib o‘lsin. Sizning bu hatti-harakatingiz manim baxtimg‘a kuyishdan boshqa narsa emas. Tilingizni yolg‘ondan shirin tutasiz. Asli ichingiz to‘la hasad, rashk o‘tidir. Manam jim yurib– yurib bir gapiray-da axir.
ZARNIGORBEGIM.O‘ylamasdan so‘zlaysiz (Ketmoqchi bo‘ladi.)
SADAFBEGIM. (Ovozini balandlatib, g‘olibona ruh¬da davom etadi.) Ha, aytarg‘a gapingiz yo‘qdur. To‘g‘ri gap alam qiladir. Siz mang‘a hasad qilasiz.
ZARNIGORBEGIM. (To‘xtaydi. Kundoshiga achinib qaray¬di.) Sizga hasad qilamen? Nimangizga? Mana bu oltinlarni taqib olib, uzzu-kun to‘rt devor ichida o‘tirishing‘izgami? Koshki, ul-bul kitob mutolaa qil¬sangiz ham boshqa gap edi. Siz nimani ko‘ribsiz? Otangiz tenggi odamning zavjasi bo‘lib olib, eringizni har zamonda xonangizda uxlashidan boshqa ne baxtingiz bor? Ul sizni meningdek qo‘lida ko‘tarib daryo kechgan emas. Siz ul bilan meningdek gulzor oralab, bekinmachoq o‘ynabmisiz? Mayli, qirlarg‘a chiqib bir o‘ynab-kulaylik, qo‘l ushlashib chopaylik deng, borurmi? Bular ung‘a endi erish tuyuladir. Hali keksayib, husningiz ketg‘anida nimani eslaysiz? Qanday xotirag‘a tayanasiz? Holbuki, o‘zingiz tenggi yigitg‘a erg‘a chiqqaningizda, balkim mana bu oltinlar bo‘lmasdi, ammo teng-tenggi bilan bo‘lib, oltin baxtingiz bo‘lurmidi?(Zarnigorbegim ketadi.)
SADAFBEGIM. (Orqasidan titrab-qaqshab qichqi¬radi.) Bari bir siz kuyasiz!
(So‘ng o‘zi qoladi. Yer mushtlab yig‘laydi.)
(Yana so‘zlanadi.) Man baxtlig‘ emasman. Ammo san ham man tufayli baxtlig‘ emassan. Manga yo‘q, sanga ham yo‘q. (Chiqadi.)

3
Bekning hovlisi

(Qorong‘ulik tushadi. Mulozim kelib shamlarni yoqib ketadi.
Rizo Ali to‘rt navkar yigit, enaga ayol va yosh malika Ma’suma Sultonbegim kirib keladilar. Malikaning boshida harir moviy ro‘mol, peshonasida mahorat bilan ishlangan, faqat Boburshoh xazinasiga xos noyob olmos qadalgan nozik-nafis tillaqosh.
Egnida jiyaklari zarhalli yashil mursak, mursak ostida yoqalari gajak, etagi uzun pushtirang kuylak, nozik belida zarrin kamar. Oq yuzli, qorako‘z, xiyol ochiq lablari ostida bir dona xol. O‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi dilbar bir qiz. Qo‘lidagi rumolcha bilan yuzini biroz to‘sib, mezbonlarga uyalinqirab qaraydi.Sulton Sayyid Alibek malikaga yaqinlashadi.)
BEK. (Xiyol ta’zim qilib.) Marhabo, qizim, mali¬kam, olloh menga shoh otangizga ko‘p yillar xizmat qilishni nasib etgan edi. Endi esa, ul zotning farzandig‘a ham sadoqat ko‘rsaturmiz.
MALIKA. Qulluq, og‘o. (Xiyol egiladi.)
ZARNIGORBEGIM. (Kelib, peshonasidan o‘pib ko‘ri¬shadi.) Bek og‘angiz haq gapni aytdilar. Xush kelibsiz.
SADAFBEGIM. (Chimirilib, xushlamaygina.) Xush kelibsiz…
So‘ng Bahrombek kelib yengil ta’zim qiladi.
BAHROMBEK. Xush kelibsiz…
OZODBAXSh. Xush kelibsiz, marhabo. (Ta’zim qiladi.)
(O‘zini unutib, hayrat bilan qarab turgan Kom¬ronbek malikaga yaqinlashadi. Malika ham yigitga hayratomuz qaraydi, qo‘lidagi yuziga tutib turgan ro‘molchasi sekin sirg‘alib yerga tushadi. Komronbek ro‘molchani yerdan olib, malikaga tutar ekan, ikkovlari bir-birlariga termuladilar.)
KOMRONBEK.Xush kelibsiz, malikam…
MALIKA. (Hayo bilan, xiyol egilib.) Tashakkur, og‘o….
(So‘ng Davlatyor, undan keyin kichik bekzoda kelib malika bilan taomil bo‘yicha ko‘rishadilar. Mehmonlar hozirlangan shohona joyga o‘tkaziladi. Malika yonidagi enaga ayolga ham izzat-hurmat ko‘rsatiladi.)
RIZO ALI. Bek og‘o, bir tashvishli yumush chiqib qoldi. Malika Ma’suma Sultonbegim yo‘lda Bobur xazratlari o‘z qo‘llari bilan volidasiga taqdim qilg‘an va o‘zlariga me’ros bo‘lib o‘tg‘an qimmatbaho olmos toshlar bilan bezatilgan zebigardonini tushirib qo‘y¬mishlar. Shohbekning hudud qo‘riqchilari topib unga yetkurmasliklaridan burun biz topib kelaylik. Agarchi topmasak, ko‘p mushkulotlar tug‘ulur. O‘g‘illaringiz harbiy ilmdan xabardormilar?
BEK. Xavotir bo‘lmang. Malikani xavfu, xatardan asrashni, shifolashni va dam olishlarig‘a imkon yaratishni bo‘ynimizg‘a olamiz.
(Bek malika Ma’suma Sultonbegimga yaqin keladi.)
BEK. Taqinchog‘ingiz yo‘qolganini qachon payqadingiz, qizim malikam?
MALIKA. Bilmaymen, bir kichikrak suv kechib o‘tilg‘och, ro‘molimni qayta bog‘layotganimda ko‘ksimda edi.
RIZO ALI. Xudo hohlasa, topib kelurmiz.
(Rizo Ali boshliq fuqaro kiyimidagi navkar yigitlar chiqadilar.)
ZARNIGORBEGIM. (Mehmonlarga qarab.) Yuringiz, ichkaridagi o‘z xonalaringizni ko‘rsaturmen.
(Bek to‘rt o‘g‘li bilan qoladi. )
BEK. Agar Shohbek Arg‘unning odamlari malikamizning taqinchog‘ini Rizo Alidan oldin topsalar, ahvol murakkablashadur. Malikani shoshilinch kuzatuvimiz zarur bo‘lib qoladi. Buning ustiga, u kishining otda ko‘p yurmog‘oni ko‘rinib turibdi. Yana betoblar. Tog‘ osha o‘tib ketolmaydilar. Biroq tog‘ bag‘rida o‘ta maxfiy g‘or yo‘l bordirkim, ko‘pchilik afsona hisoblaydir. Bundan bir necha yil muqaddam malikaning ammalarini shu yo‘ldan kuzatganmiz. Biroq vaqti-vaqti bilan belgilar o‘zgaradir. Bahrombek, volidangizni chorlang, yozuv-chizuvlar saqlanadigan sandiqchani keltirsinlar.
(Bahrombek chiqadi. Zarnigorbegim o‘g‘lining yonida, qo‘lida qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan yaltiroq sandiqcha bilan kiradi. Bek sandiqchani qopqog‘i ostidagi ikkinchi maxfiy qatlamni xanjar uchi bilan ochadi. Sarg‘aygan qog‘ozni olib yoyib tikiladi.)
BEK. Yozuvlar o‘chmog‘on. Rejasiyu belgilari aniq ko‘r¬satilg‘on. Olloh nasib etsa, qiynalmay topurmiz. Erta tongla vatanga, adolatli Temuriy shahzodalarga va xalqqa xizmat qilmoq borasida qasamyod qilurmiz. Zero, musulmon lashkari jangga qasamyodsiz kirmag‘ay. Biz ham elu yurtga, vatanga sadoqatimizni qasamyod birla muhrlagaymiz.

4

(Shohbek Arg‘un qarorgohi. Shohbek qandaydir ichim¬likni ho‘plagancha, shohona to‘shakda, zarrin yostiqlarga suyanib, yonboshlab yotibdi. Bir yonda musavvir boshini orqaga olib qarashlar, mo‘yqalamga bo‘yoq olish harakatlari bilan Shohbek Arg‘un suratini chizmoqda. Mashshoq torini sozlamoqda.)
MAShShOQ. (Hadiksirabgina.) Shohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, bir og‘iz aytar gapim bor…
ShOHBEK. Kechdim. So‘yla!
MAShShOQ. Shu kunlarda yupunrak libosda yurib edim, shamollab qolg‘ong‘a o‘xshaymen. Xonish aylamakka xavotir bo‘lib turibmen, ovozim ma’qul bo‘lurmu, deb.
ShOHBEK. (G‘azablanib.)O‘zingni tog‘orog‘a solmay, boshla!
MAShShOQ. (Kuylay boshlaydi.) Kecha kelgumdir debon, ul sarvi gulro‘ kelmadi…
ShOHBEK. Tuzukroq kuyla!
MAShShOQ. (Davom ettiradi.) Keldi qon og‘zimg‘a-u, ul sho‘xi badxo‘ kelmadi… (Shohbek Arg‘unga yana yoqmaydi. Sakrab o‘rnidan turib, mashshoqningning qo‘lidan musiqa asbobini yulib oladi va bir tepib sindiradi.)
MAShShOQ. (Beixtiyor.) Hay, attang, ota-bobo¬larim¬dan meros edi-ya!
ShOHBEK. Yana bir og‘iz gapirsang, so‘zimni qaytib olib, tilingdan dorga osaman! Tur, yo‘qol! (Mashshoq shoshilib orqa¬siga yurgancha, chiqib ketadi)
ShOHBEK. (Qarsak uradi, qiziqchi kiradi.)Hunaringni ko‘rsat!
QIZIQChI. (Har xil qiliqlar aralash qo‘shiq aytadi.) Lalay-lalaychi keldi, karnay-surnaychi keldi. Chiqib qarang, kim keldi, shohimizga kelin keldi! Qo‘lida uzukkina, ko‘zlari suzukkina… Kavushim tillo demish, podshoning qizi emish…
ShOHBEK. (Qiziqchini imlab chaqiradi. Qiziqchi o‘mbaloq oshib, shohning oldida to‘xtaydi.) Topgan gapingning kuladigan joyi yo‘q!
(G‘azab bilan qo‘lidagi jomga solingan ichimlikni qi¬ziqchining yuziga sepib yuboradi.) Yo‘qol ko‘zimdan! (Jomga qaytadan sharob quya turib baqiradi.)Ey, Xudo! Zerikib ketdim! Kim meni shod qiladigan gap topib kelsa, zarbof to‘n kiyib chiqadi! (Eshikda muhim xabar bo‘lsagina kirishga xuquqi bor maxfiy xizmat ayg‘oqchisi Qoraxon botur paydo bo‘ladi. Shohbek Arg‘un ishorasi bilanan ayg‘oqchi shohga yaqinlashadi.)
ShOHBEK ARG‘UN. (Qo‘lidagi ichkilikni ho‘plab, gazak qilgach.) So‘yla!
AYG‘OQChI. (Shohga yaqin kelib, fitnakorona.) Shohim, viloyat hududida nozik mehmon borga o‘hshaydir.
ShOHBEK ARG‘UN. (Vajohat bilan.) Cho‘zma, ochiqroq gapir. (Ayg‘oqchi musavvirga bir qarab olib, chiqib ketsin, qabilida jim turadi. Shohning ishorasi bilan musavvir ketadi.)
AYG‘OQChI. Hudud qo‘riqchilari bir zebigardon topib olmishlar. Chang, loy bo‘lmog‘onig‘a qarag‘anda yaqinda tushurilgan. Shahar ichkarisiga ketgan izlar yangi. Sinchimizning gapiga qarag‘anda, ular olti kishi bo‘lishgan. Zebigardondagi qimmatbaho olmos esa, Boburshoh tojida va uning ahli-ayollariyu qizlari taqinchog‘larida ishlatilg‘an. Bul tusli olmos faqat Boburshoh xazinasidag‘ina bisyor bo‘lib, ani hamma ham o‘zig‘a ravo ko‘rolmaydi.
(Shohbek Arg‘un tahdidli yo‘taladi.)
AYG‘OQChI. (Shosha-pisha.) Aningdek qimmatbaho olmosning boshqa turlari olampanohning o‘zlarida ham bisyordur.
(Shohbek Arg‘un mamnun tomoq qiradi.)
AYG‘OQChI. (Engil nafas olib.)Alqissa, taqinchoqdagi olmosning zalvoriga qarag‘onda, mehmon Boburshohning ahli ayollaridan, aniqrog‘i qizlaridan biri deb taxmin qilish mumkin. Boburshohning xotinlaridan biri farzandi dunyoga kelish barobarinda olamdan o‘tg‘oni haqida ma’lumotlarimiz bor. Farzand qiz bo‘lg‘on. Bu qizni shoh o‘zi bilan olib ketgan, degan gaplar yurardi. Lekin bu qiz shoh odamlaridan birortasining xonadonida voyaga yetguncha qoldirilg‘onlig‘i haqiqatga yaqinroq. Qo‘limizdagi zebigardon fikrimizni tasdiqlaydur. Haytovur, bu ayol shoh otasi chorlagan yosh malika bo‘lib chiqishiga imonim komil.
ShOHBEK ARG‘UN. (Hi-hilab kuladi.) Ko‘pdan buyon saro¬yimizg‘a arziydigan kelin tushmag‘ondi. Viloyotni g‘al¬virdan emas, elakdan o‘tkazing. Ul zeboyu barnoni topib, saroyga keltiring. To‘yu tomosho qilib, bir kuyov bo‘laylikkim, Boburshoh bepichoq so‘yilsin. Qoraxon boturg‘a to‘n keltiring!

5
Bekning hovlisi

(Bek ikki-uch yigitlari bilan xaritani o‘rganayapti. Yonida Shirinbek yuribdi. Rizo Ali yigitlari bilan kirib keladi.)
BEK. (Kichik o‘g‘liga qarab.) Shirinbek, volidangizning yoniga boring. (Shirinbek ketadi.)
RIZO ALI. (Tashvishlanib.) Bek og‘o, taqinchoq topilmadi. Biz yurgan yo‘ldan Shohbek Arg‘un navkarlari izg‘ig‘onlarini eshitdik. Ahvol-ruhiyamiz murakkablashishi muqarrar. (Bek qarsak uradi. Mulozim kiradi.)
BEK. Yigitlarga ayting, otlarni egarlab, yarog‘larni sozlashga kirishsinlar.
(Sahna aylanadi.)
(Bekning o‘g‘illari harbiy liboslar kiyishayapti. Ham¬masi hayajonda.)
BAHROMBEK. (Beliga kamar bog‘layotib.) Oh, men orzu qilg‘on kunlar kelayotir. Odil shohlarg‘ag‘ina xizmat qilish bobida qasamyod qilib, malikamizni kuzatib hindg‘a keturmen. Bobur hazratlari xizmatig‘a kirib, shohu shahzodalarning dushmanlari boshlarini mana bunday qilib (qilichini sirmab har xil jangovar harakatlar qiladi.) sapchadek uzurmen. Shunday mardonavor janglar qilayki, shoh hayratda qolib, meni lashkarboshi etib tayinlar. Shunda padarimiz ota-bobolarimiz kasbining mendek davomchisi borlig‘idan, shunday bahodur bo‘lib yetilg‘onimdan behad faxrlanurlar.
OZODBAXSh. (Xayolchan.) Men ham borurmen. Biroq men malikamizni eson-omon yetkazib borg‘ach, ul mamlakatning me’morlik san’atini o‘rganurmen. Vatanga qaytib kelib, baland imoratlar qururmen. Shunday madrasalar solayki, ming yillar o‘tib ham avlodlar nomimni yod etsinlar. Men qurajak binolar ko‘p qavatli bo‘lur. Har qavat sahnida bog‘, hatto binolar tomida ham dovu daraxtlar, gulzorlar bo‘lur. Osma xiyobonlar bunyod eturmen. Unda dilbar qizlar bilan navqiron yigitlar sayr etib, qo‘shiqlar ayturlar. She’rlar o‘qurlar. Atirgul shaklida favvoralar tarxin chizib, suv otilib turmog‘ini ta’minlarmen.
OG‘A-INILAR. (Birin-ketin.) Ofarin, ofarin. Iloyo maqsadingizga erishing.
KOMRONBEK. (Hayajonlanib.) Men ham malikani kuza¬tib, borurmen. Ehtimol, malikamiz shoh otasini ziyorat qilg‘och, biz bilan qaytib kelur. Men ham o‘z vatanimda shoir bo‘lamen. Qahramonlik, mardlik va muhabbat haqida dostonlar biturmen…
(Bahrombek, Ozodbaxsh va Davlatyorlar uning malika qaytib kelar, degan so‘zlarini eshitib bir-birlariga imo qilib jilmayadilar, oshiq bo‘libdi qabilida. Komronbek she’r o‘qiydi.)
Mening ko‘nglumki gulning g‘unchasidek tah-batah qondur,
Agar yuz ming bahor o‘lsa, ochilmog‘i ne imkondir.
KOMRONBEK. Ofarin, ofarin!
(Yana o‘qiydi.)
Visoli lazzatidin zavq topmoqlik erur dushvor,
Firoqi shiddatinda yo‘qsa jon bermaklik osondur.
KOMRONBEK. Ofarin, xo‘p aytibsiz.
(Yana o‘qiydi.)
Ishqingda ko‘ngul xarobdur, men ne qilay?
Hajringda ko‘zim purobdur, men ne qilay?
Jismim aro pech-u tobdur, men ne qilay ?
Jonimda ko‘p iztirobdur, men ne qilay?
KOMRONBEK. Ofarin, siz beshak shoir bo‘lursiz.
DAVLATYoR. Og‘o, oshiq bo‘libsiz!
KOMRONBEK. (Xo‘rsinib.) Bilmadim, menga nedir bo‘layotir. Ash’or ustina ash’or biturmen. Kecha-tun ko‘zimga uyqu kelmaydur.
DAVLATYoR. Ollohim barchangizni niyatingizga yetkursin. Ammo men volidamiz va qiblagohimiz birla qolurmen. Uylanamen. O‘g‘lonlarim, qizaloqlarim bo‘lur. Padarimiz bilan shikorlarga chiqurmen. Erta tongda turib quyoshg‘a, daraxtlarg‘a salom beramen. Yaratganga shukronalar qilib, sokin va o‘troq hayot kechiramen. O, naqadar farahli orzular. Zamona tinch bo‘lib tursa Hindistong‘a, Behro‘z og‘amning oldilarig‘a mehmong‘a borurmiz.Og‘amiz u yoqda biror hindu go‘zaliga uylansalar, hindu xolli yangamiz va hinduda so‘zlashadurg‘on jiyanlar bilan tanishurmiz.
(Kuladilar.)

6
Bekning hovlisi

(Bek yolg‘iz. U yoqdan bu yoqqa yuradi. Zarnigorbegim kiradi).
ZARNIGORBEGIM. Begim, notinch ko‘rinasiz? Siz ne-¬ne jang¬larni ko‘rgan, ulug‘ shoh xizmatida bo‘lg‘on in¬son¬siz. Sizning mundog‘ bezovta ko‘rinishingiz maqbul emas. O‘g‘illarimiz ne xayolga borur? Navkar yigitlar ne deydur?
BEK. Begoyim, men keksayayapman shekilli. Bir qadar tinch va o‘troq hayotga o‘rganibmen. Qolaversa, ming sipohiy bo‘lmayin, bari bir yurt tinchligini, osoyishtaligini orzu qilg‘onmen. Mana, to‘rt o‘g‘lonni er yetilg‘onini ko‘rdik. Men alarga otda yurishni, qilich tutishni o‘rgatg‘onim bilan urushg‘a kirishlarini, chopishushlarini hohlamayman, begoyim. Ammo, xonning iskovuchlari itdek izg‘ig‘onlarig‘a qaraganda, betashvish o‘tirsak bo‘lmas. Mening qilichimni keltiring. O‘g‘illarimiz qasamyod qilsinlar.
ZARNIGORBEGIM. Olloh sizni ham, o‘g‘illarimizni ham o‘z panohida asrasin, begim.
(Zarnigorbegim qaddini tik tutib chiqib ketadi. Parda ortidan oh tortib yuborgani eshitiladi. Oddiy bir ayolga aylanib, bekka, o‘g‘illariga uzoq umr tilaydi. Jamiki o‘g‘il o‘stirganlarga rahming kelsin, deb iltijo qiladi. Yangi liboslar kiygan to‘rt o‘g‘il kirib keladi. Zarnigorbegim bekning qilichini keltiradi.)
BEK. (O‘g‘illariga qarab.) O‘g‘lonlar! Mamlakatdagi ahvolni ko‘rib turibsiz. Sizga Shohbek Arg‘un xaqida andak so‘zlaykim, bul nokasning kimlig‘ig‘a qarab, o‘zing‘izg‘a ehtiyot bo‘lg‘aysiz. Filjumla, viloyat aning qo‘lidadir. Navkari soni besh ming, olti mingdan ortiq. Bugunga kelib, Amu daryosidan Hindikush tog‘ig‘acha viloyot g‘ayri badahshon munikiligini bilursiz. Bul befarosat va fosiq kishining ilkidan ko‘p narsa kelur. Besh kunlik o‘tar dunyo uchun ne-ne ulug‘ zotlarni ko‘r qildurdi. Nechasini o‘ldurdi. Bul nokas Tangri qarshisida osiy, xalq oldida mardud, badzabon, fahshgo‘y, ichi tiyradur. Ya’nikim, yog‘iy ayyor, beshafqat va kuchlidur. Zaruriyat tug‘ilsa, shunday yog‘iyga qarshi turish oson bo‘lmag‘ay. Bobokalonimiz O‘rxon Ali O‘zbek bahodur hazrati sohibqiron xizmatida bo‘lg‘anlar. Mening bobom birla volidangizning bobosi ham Temuriy podshohlarga qasamyod keltirib, sadoqat ila xizmat qilg‘anlar. Mening padari buzrukvorim Bobur hazratlarining qiblagohi Umarshayx hazratlarining lashkarida bahodur bo‘lgan. Bu so‘zlarni aytmagimning boisi, hozir ota-bobolarimiz udumini davom ettirishga qasamyod qilamiz. Malikaning eson-omon hindg‘a jo‘nab ketishini ta’minlash mushkul bo‘lmog‘oni tuzuk. Biroq jang qilishga to‘g‘ri kelishini ham mustasno qilib bo‘lmas. O‘g‘lonlar! Qasamyod qiling!
(Yigitlar kelib otalari qarshisida safga tizilib ta’zim qiladilar,so‘ng boshlaydilar.) Bizkim, Sayyid Sulton Ali bahodir o‘g‘lonlari har qanday sharoitda, har qanday holatda sadoqatli sipohiy sifatida, vatanimizg‘a, xalqimizg‘a va odil podshohlarga xizmat qilamiz. Temuriy podshoh Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlari farzandi Ma’suma Sultonbegim hayotini saqlash va himoya qilish vazifasini o‘z jonimizni qurbon qilib bo‘lsa ham bajaramiz. Malikaning hayotiga tahdid qilg‘an har qanday kimsani kim bo‘lishidan qat’iy nazar, buyuk bahodir bobolarimizdan meros qilichdan o‘tkazamiz, deb qasamyod qilamiz.
(Navbat bilan kelib, bir tizzasiga cho‘kib, bekning qo‘lidagi qilichni o‘padilar.
Qorong‘u tushadi. Rizo Ali yigitlari bilan kirib keladi.)
BEK. Rizo Ali inim, biz jangovor ruhdamiz. Qorong‘u tushdi. Malikani bog‘li robodg‘a jo‘naturmiz.
(O‘g‘liga qarab.) Ozodbaxsh o‘g‘lim, volidangizni va mehmonlarni chorlang.
(Hamma kiradi. )
BEK. (Malika Ma’suma Sultonbegimga qarab.) Ham¬ma xavf-xatar o‘tib ketgunicha yigit libosida bo‘lursiz qizim-malikam.
MALIKA. (Xiyol egilib.) Ma’qul, bek og‘o.
BEK. (Buyruq ohanggida.) Komronbek, Davlatyor! Malikani bog‘li robodga eltinglar. Tonggacha yetib borib, joylashinglar. Boxabar bo‘linglar, hech kim ko‘rmasin. Darboza va bog‘ atrofini yaxshilab kuzatinglar. Shubhali biror holat ro‘y bersa, malikani bobo Botur kulbasiga yashirursiz. Malikaning navkarlari siz bilan bo‘lur. Biz o‘z yigitlarimiz bilan tog‘ ostidagi g‘or yo‘lini topg‘och, bog‘ hovliga kelurmiz. O‘zimizni bildirib, belgi berurmiz.
(Erkakcha kiyingan malika, enaga, navkar yigitlar, Komronbek va Davlatyorlar ketadilar.)
BEK. Bahrombek, Ozodbaxsh, biz bu kecha ul yo‘lni topaylik.
(Bek qarsak uradi. Mulozim kiradi.Mulozimga qarab.) Yigitlarga ayting, otlarni hozirlasinlar! (Mulozim chiqadi.)
(Bek avval Zarnigorbegim bilan, so‘ng Sadafbegim bilan xayrlashadi. So‘ng onasini yonida turgan kichik bekzodaning yoniga kelib, bag‘riga bosadi.)
ZARNIGORBEGIM. (O‘zini xotirjam tutishga harakat qilib.) Oy borib omon qaytinglar. Olloh panohida asrasin.

7

(Sharq bozori. Gilamlar, savatlar, so‘zanalar, kiyim¬lar, chilimlar, cholg‘u asboblari, neki bozorda sotil¬sa, shularning bari rastalarda bor. Davrga xos liboslarda odamlar u yoq, bu yoqlarga o‘tib turishibdi. Bir chetda tilanchi, bir chetda munajjim folbin, “Keb qoling, ob qoling” singari sadolar eshitilib turibdi. Haligi ay¬g‘oqchi boshchiligida Shohbek Arg‘unning odamlar bozor aylanib yurishibdi. Qaddi-qomati tik qiz-juvonlarni ko‘p to‘x¬tatadilar. Navkarlar bilan birga yurgan kampir qiz-juvonlar yuzidan pardasini ko‘tarib qaraydi.)
SARBOZLARDAN BIRI. O‘zi u qizni taniysizmi, ena?
KAMPIR. Endi dunyoga kelganda ko‘rganmen. Labi ostida qora xoli bor edi. Bunday xol yo‘qolmaydir. (Bekning bozor aylanib yurgan odami bu gapni eshitadi.)

8

(Shohbek Arg‘un saroyi. Shohbek Arg‘un hufiyalarini yiqqan. Bir necha erkak va bir ayol tik turibdi. Shohning o‘zi yonboshlab yotibdi.)
ShOHBEK. Xo‘sh, biror natija bormi?
AYG‘OQChI. Hozircha hech qanday natijaga erishmadik. Ammo bir kengashli fikr bor. Ijozatingiz bilan bayon etsam.
ShOHBEK. So‘zla!
AYG‘OQChI. Biz mundin bir necha muddat avval Boburshohga xizmat qilg‘an beklarning ro‘yxatini tuz¬dik. Ular ko‘pchilik emas. To‘qqiz-o‘n kishi chamasi. Bu xonadonlarg‘a xotin kishi yuborib, gap olmog‘imiz lozim. Shunday qilinsa, yosh malikaning daragi chiqib qolsa ajab emas.
ShOHBEK. Bale! Shundoq qilingiz.
AYG‘OQChI. (Xotin ayg‘oqchiga qarab.) Siz ushbu beklar xonadonlarig‘a kirib, men bir zebigardon topib oldim. Shuni ozg‘ina suyunchi evazig‘a egasig‘a qaytarmoqchimen. Faqat, avval egasi taqinchoqning belgilarini aytsin, deysiz. Agar xaqiqatg‘a kim yaqin so‘zlasa zebigardonni berib, suyunchini olib ketaverasiz. Qolg‘ani bizning yumushimiz.
(Xotin ayg‘oqchi qo‘liga zebigardonni oladi. Ko‘ksiga taqqansimon harakat qiladi. So‘ng, beo‘xshov xunuk kuladi. )

9

(Bekning bog‘-hovlisi. Naqshinkor eshiklar. Gullagan dov-u daraxtlar. Atirgul butalari. Xullas, go‘zal bir go‘sha. Komronbek u yoq-bu yoqqa yurib qo‘riqchilik qilyapti. Qolganlar darboza va yon atrofni qo‘riqlashga ketishgan. Ikkinchi qavat derazasi ochilib, malika ko‘rinadi.)
KOMRONBEK. (Pastdan.) Assalomu alaykum, malikam. Yangi tongingiz muborak bo‘lsin.
MALIKA. Tashakkur, og‘o. O‘zingizga ham muborak bo‘lg‘ay. Og‘o, bu bog‘ munchalar go‘zal bo‘lmasa. Chiqib bir oz sayr etishga ijozat bering.
KOMRONBEK. Maylingiz, men sizga chechaklar uzib berurmen.
(Malika Ma’suma Sultonbegim bir husniga o‘n husn qo‘shilib, hayoyu ibo bilan chiqib keladi.)
KOMRONBEK. (Hayajonlanib.) Koshki, bizning bog‘da bir umr sayr qilsangiz-u, men sizning oromingizni to o‘lguncha qo‘riqlasam. Shunda men ismi jismiga monand Komron bo‘lur edim.
MALIKA. (U ham hayajonlanadi.) Qololmaymen, bek og‘o. Men shoh otamni go‘dakligimdagina ko‘rganmen. Juda ko‘rgim keladir. Istasangiz birga ketaylik. Olis Hind diyorida podishoh otam xizmatiga kirursiz.
KOMRONBEK. Podishoh otangiz xizmatiga kirish sharaf. Ammo men vatanga qaytamen. Men podishoh otangiz ash’orlarini behad sevamen. Bir qanchasini yod bilurmen.
(She’r o‘qiydi.)
Takalluf har necha suratda bo‘lsa, ondin ortuqsen,
Seni jon derlar, ammo betakalluf jondin ortuqsen.
Parining husn ichra garchi oti benihoyatdur,
Meni devona qoshinda, va lekin ondin ortuqsen.
MALIKA. (Davom ettiradi.)
Pari bu husn birla ko‘rsa yuzingni bo‘lur telba,
Seni ta’rif etar, lekin sifat qilg‘ondin ortuqsen.
Qadam ranjida qil ko‘nglim uchun ey yorning o‘qi,
Mening bu notavon ko‘nglimga chun darmondin ortuqsen.
KOMRONBEK. (Davom ettiradi.)
Iqomat chunki qilding, Boburo ul hur kuyida,
Maqoming ravzadin avlo, o‘zing rizvondin ortuqsen.
MALIKA. Og‘o, ash’orni behad shirali o‘qursiz.
KOMRONBEK. (Ilhomlanib.)
Qaro zulfing firoqida parishon ro‘zgorim bor,
Yuzingning ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.
Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zimdin qon ravon qildi,
Nega holim yamon qildi, men andin bir so‘rorim bor.
MALIKA.
Jahondin menga g‘am bo‘lsa, ulusdin gar alam bo‘lsa,
Ne g‘am yuz muncha ham bo‘lsa, seningdek g‘amgusorim bor
KOMRONBEK.
Agar muslih, men ar mufsid, va gar oshiqmen, ar, obid,
Ne ishing bor sening zohid, meningki ixtiyorim bor.
Fig‘onim oshdi bulbuldin, g‘ame yo‘q zarra bu quldin,
Bas-e Bobur, o‘shal guldin ko‘ngilda xorxorim bor.
MALIKA. Ofarin, ofarin. O‘zingiz ham bitur¬misiz?
KOMRONBEK. Biturmen, lekin alar maqtangulik ermas.
(Ichkaridan enaga chiqadi).
KOMRONBEK. Men yigitlardan bir xabar olib kelay.
(Ketadi.)
MALIKA. (O‘ychan.) Bibijon, shul yigitni ko‘rsam, yuragim tez-tez urib ketayotir. Uning ovozi biram shiralig‘, yuzidagi kulgichlariyu qora qoshlarini aytmaysizmi? Menga nedir bo‘layotir, bibijon.
ENAGA. (Kuyinib, tashvishlanib.) Oh, jonim bolam-a, oh, qizginam-a. Sipohiyga aslo ishqingiz tushmasin. Ularning hayotida nima ko‘p, urush ko‘p. Birida bo‘lmasa, birida chopib ketsalar holingiz ne kechur?
MALIKA. (Seskanib.) Oh tilginangiz kesilsin-a, bibijon, aytmadim deng, qaytib oldim deng. Farishtalar omin deb yubormasinlar.
ENAGA. (Shosha-pisha.) Aytmadim, bolam, aytmadim. Iloyo tilim kesilsin. Balkim siz bilan birga Hindg‘a borsalar, shoh otangiz saroyg‘a yumushg‘a olsalar, baxtiyor yashab ketarsizlar.
MALIKA. Shunday dey qolmadingiz-da boshdin. Shoh otamning xizmatig‘a kirmasa, shoh otam ziyoratidan so‘ng bul yigit birla qaytib kelurmen.
(Malika chetda turgan naqshinkor kursi yoniga keladi. Taxlangan bir nechta qog‘ozdan birini olib enagaga ko‘rsatadi.)
MALIKA. Bibijon, qarang, men ul yigitning suratini chizdim. O‘xshabdimu?
ENAGA. (Suratni qo‘liga oladi, uzoqdan tutib qaraydi.) Ofarin, ofarin. Xuddi-ki o‘zi bo‘libdur. Hali shoh otangiz sizning bul san’atingizni ko‘rsalar, ash’or bitishlaringizni bilsalar, benihoya shodlanurlar.

10
Bekning hovlisi

SADAFBEGIM. (Vaysab-vaysab pardoz qilayapti.)
He ordona qolsun. Sipohiylarcha tartib, sipohiy¬larcha tarbiya emish. Bir so‘zni so‘zlab bo‘lmaydur. Qo‘shni xotinlar bilan gaplashilmaydur. Mehmon kelsa, hech kimga bildirilmaydur. O‘lsin tartibiyam, tarbiyasiyam. Bola bechorag‘a ko‘chaga chiqish mumkin emas. Bolalar bilan o‘ynash mumkin emas. Jong‘a tegdi bularning hammasi.
(Mulozim kiradi.)
MULOZIM. Begoyim, bir ayol kirmakka izn so‘raydir. Sizni ham, katta begoyimni ham bilamen der.
SADAFBEGIM. Ayting, kirsun!
(Ayg‘oqchi ayol kiradi.)
AYoL. Assalomu alaykum, begoyim. Bekning kichik zavjasi benihoya go‘zal deganlari rost ekan.
(Sadafbegim erib ketadi. Qo‘lidagi ko‘zguga goh uzoqdan, goh yaqindan qaraydi. So‘ng, ayolga nazar tashlaydi.)
SADAFBEGIM. Va alaykum assalom. Keling, bibijon. O‘zim ham zerikib o‘tirg‘on edim. Ha aytg‘ancha, ne yumush bilan keldingiz?
AYoL. Men bir tabib ayolmen. Tog‘u toshlardan dorivor giyohlar terib yuramen. Abadiy navqironlik sirlarini bilamen. Yurakka, jigarg‘a shifo bo‘lg‘uchi giyohlarim bor. Yana bir giyohim ham bordirki, er kishig‘a damlab ichirsang‘iz, muhabbatni abadiy sizg‘a qo‘yur.
(Sadafbegim qiziqsinib muhabbat giyohini qo‘liga oladi. Hidlab ko‘radi.)
SADAFBEGIM. Bir kunda necha mahal ichirilur?
AYoL. Ichaman, desa, beravering. Jinday novvot ham eritib, damlamag‘a qo‘shib yuborsangiz, sevgisi shirin ham bo‘lur.
SADAFBEGIM. (Yonidan hamyoncha chiqarib, kampirning oldiga tashlaydi.) Bering, hammasini olaman! (Ayol shoshilib hamyonchani olar ekan, giyoh dastasini Sadafbegimga topshiradi.)
AYoL. Begoyim, men dalada giyoh terib yurib, bir taqinchoq topib oldim. Siz shaharning badavlat xonadonlariga mansub qiz-juvonlarni taniysiz. Hech kim biror narsa yo‘qotdim deganini eshitmadingizmi? Egasi topilsa, andak suyunchi evaziga qaytarur edim. Bozorg‘a chiqarib sotsam, bir dunyo pul berurlar. Ammo, mo‘mina va soliha ayollarg‘a savob ham kerak.
SADAFBEGIM. (Beixtiyor.) Zebigardonmu?
(Kirib kelayotgan Zarnigorbegim bu gapni eshi¬tadi.)
AYoL. (Jonlanib.) Sizniki edimu?
ZARNIGORBEGIM. (Sadafbegimning o‘rniga javob beradi.) Yo‘q, olis qarindoshimizniki. Kaptarning tuxumidek qimmatbaho olmos tosh bilan bezatilg‘on. Egasi allaqachon jo‘nab ketg‘on. Bezakni uyingizda saqlayapsizmi yoki yoning‘izdamu?
AYoL. (Hovliqib.) Yonimda, yonimda!
(Ayol to‘rvasini kavlay boshlaydi. Zarnigorbegim yonidan hamyon chiqaradi)
ZARNIGORBEGIM. (Hamyonini salmoqlab ko‘radi.) Sal cho‘g‘i kamrak. Bir daqiqa sabr eting. Men hozir yana bir hamyon keltiramen.
(Chiqib ketadi va tez qaytib kiradi.)
ZARNIGORBEGIM. Mana bu tillolar sizg‘a.(Ayol zebigardonni uzatadi. Zarnigorbegim taqinchoqni bir qo‘li bilan oladi.)
AYoL. Tashakkur, tashakkur. (Egilib Zarnigor¬begim¬ning bir qo‘lidan hamyonni olayotganda, begoyim yengil harakat bilan yengidan xanjar chiqarib ayg‘oqchi ayolga sanchib oladi.)
SADAFBEGIM. (Yig‘lamsirab.) Voy bechoragina. Beshafqat jallod ekansiz!
ZARNIGORBEGIM. (Qat’iy qilib.) Asli xanjarni sizg‘a sanchib olmak kerak edi. Erning ham, o‘g‘illarning ham, malikaning ham boshini go‘rga tiqayotg‘on edingiz. Oh, bu erkaklar, sal ko‘zga yaqin bo‘lsa na zotig‘a qaraydi, na farosatig‘a. (Zarnigorbegim qarsak uradi. Mulozim kiradi.)
MULOZIM. Xizmat,begoyim?
ZARNIGORBEGIM. Mana bu jasadni bog‘ etagiga tez ko‘mib tashlang.
MULOZIM. (Engashib, marhumaga qaraydi.) Hamyon qong‘a bulg‘onibdi, begoyim. Tillolar ham.
ZARNIGORBEGIM. Yerniki, yerg‘a! Marhumaga qo‘shib ko‘mib yuboring.(Ayolni ko‘tarib chiqib ketadilar.)
ZARNIGORBEGIM. Hech kim hovlidan chiqmasun. Hech kim kiritilmasun.
(Sadafbegimga qarab tahdid bilan.) So‘zimni ikki qilg‘on sog‘ qolmag‘ay! (Ketadi. )

11

(Sadafbegimning xonasi. Tashqaridan o‘ynayotgan bolalarning qiy-chuvi eshitiladi. Shirinbek xarxasha qiladi.)
ShIRINBEK. Ko‘chaga chiqamen. Bolalar bilan o‘ynagim kelyapti.
SADAFBEGIM. Mumkin emas.
ShIRINBEK. (Oyoqlarini tapillatadi.) Chiqamen, chiqa¬men, chiqamen.
SADAFBEGIM. Yur, orqa maxfiy darichadan chiqaramen. O‘sha yerdan kirib kel. Ko‘p qolib ketma. Anovi yalmog‘iz bilsa, o‘lturadi.(Chiqishadi.)

12

(Bolalar bekinmachoq o‘ynagan joy. Uch-to‘rt bola nishonga uzoqdan tayoq otib tekkizish – chillak o‘ynayapti. Shirinbek kelib qo‘shiladi. O‘yin bir muddat davom etadi. Birdan har tomondan Shohbek Arg‘unning bir necha nav¬kari kirib keladi. Bolalar bir zumda qochib ketishadi. Shirinbekning yolg‘iz o‘zi qoladi. Shohbek Arg‘unning haligi ayg‘oqchisi Shirinbekka yaqinlashadi. )
ShIRINBEK. Assalomu alaykum.
AYG‘OQChI. Va alaykum assalom. Borakallo, borakallo. Bekning o‘g‘loni bek bo‘ladi-da. Juda aqlli bola ekansiz. (Shirinbek kerilib u yon bu yonga yuradi.)
AYG‘OQChI. (O‘smoqchilab.) Bu bekzoda, uyingizda meh¬mon¬lar bormi deyman.
ShIRINBEK. (Qat’iy.) Uyimizda mehmonlar yo‘q.
AYG‘OQChI. (Gap ohanggini sezadi.) Hay, hay, hay, bek o‘g‘lon yolg‘on gapirmaydir. Uyingizga mehmonlar kirib ketishganini o‘zim ko‘rganman. Gap shundaki, uyingizdagi mehmon – ulug‘ mehmon. Ul mehmonni shohimiz ziyofatga chaqirmoqchilar. Negadir otangiz ularni qizg‘anadir. Mehmonlaringizg‘a bir og‘iz shohimiz ziyofatga chorlayaptilar, deyman. Yo‘q deyishsa, yo‘q-da! Odatda ulug‘ zotlarni podshoh ziyofatg‘a chorlamasa, ayb bo‘ladi.
ShIRINBEK. (Biroz yumshab.) Uyimizda mehmonlar yo‘q.
AYG‘OQChI. Bo‘lmasa u yoq-bu yoqqa ketishdimi? Aytavering. Siz aytqoningizni hech kimga aytmayman. Mehmonlar shoh saroyiga tashrif buyurishsa, otangiz ham keladilar. Podshohimiz aytadilarki, Sayyid Sulton Alibek kichik o‘g‘lonlari Shirinbek bilan kelsinlar, deb. Shunda og‘alaringiz inimizni shoh chorlayapti deb, sizga havas qilishadi. (Shirinbek jonlanadi. Ayg‘oqchi davom etadi.) So‘ng, ulg‘ayganingizda shohimiz sizni xizmatig‘a oladilar. Ot minib, qilich chopib, dushmanlarning kallasini sapchadek uzib yurasiz.
ShIRINBEK. Yo‘q. Men Boburshoh xizmatig‘a borurmen.
AYG‘OQChI. Boburshoh uzoqda. Otda olti oylik yo‘l. Andin so‘ng, uning lashkarida lak-lak hindular bor. Olmaydir. Sizni shohimizg‘a o‘zim tavsiya qilaman. Bu yigit bekzoda, sipohiylik ilmini biladir. Ani olaylik deyman. Sizg‘a ot berilur. Otning qanaqasini yoqtirasiz, to‘riqmi, samanmi?
ShIRINBEK. (O‘ylanib qoladi.) Bilmaymen.
AYG‘OQChI. Hay, hay, hay, astag‘firilloh. Bek otangiz ham g‘alati-da! Otlar ham og‘alaringizga, keskir qilichlar ham og‘alaringizga. Hali qilichingiz ham yo‘qdur?
ShIRINBEK. Yo‘q, bermadilar.
AYG‘OQChI. Keling, mundoq kelishamiz. Men sizg‘a xozir mana bu keskir qilichni beramen. Bir yaxshi ot ham beramen. Siz sekingina mehmonlar qayerda dam olayotg‘onini aytasiz. Otangiz mehmonlar qayerdalig‘ini siz aytganingizni aslo bilmaydir. Ko‘rib o‘tirg‘oni yo‘q-ku. Men esa ont ichaman. Sizning aytqoningizni birovga aytsam, Xudo ursin! (Shirinbek yaltirab turgan qilichni qo‘liga olib, havoni sermab, urushgannamo harakatlar qiladi. Ayg‘oqchi hamyon chiqaradi. )
AYG‘OQChI. Bu ham sizg‘a. (Shirinbek hamyonni salmoq¬lab ko‘radi. So‘ng cho‘ntagiga soladi. Qilichni tamosha qiladi.)
AYG‘OQChI. Xo‘sh, kelishdikmi, bekzoda? Birov ko‘rib qolmasidan tezroq ayting. (Shirinbek atrofga alanglaydi. Ayg‘oqchini yaqinroq imlaydi.)
ShIRINBEK. (Sekin shivirlab.) Mehmonlar bog‘ hov¬lida.
AYG‘OQChI. Padaringiz, og‘alaringiz ham o‘sha yerdami?
ShIRINBEK. Yo‘q, otam mehmonlarni kuzatib qo‘yodig‘on yo‘lni qidirib tog‘ tomon ketganlar. Mehmonlarni tezroq ziyofatga chorlamasangiz, ketib qolg‘aylar. Mani ham chorlashni unutmang.
(Ayg‘oqchi qilichni qini va kamari bilan Shirinbekka topshirib jadal jo‘naydi.)

13
PARDA

(Tog‘, katta-katta xarsang toshlar. Bek ikki o‘g‘li va o‘z odamlari bilan, jami olti-etti kishi. Toshlar oralarini sinchiklab qarayaptilar.)
BEK. (Birdan quvonib ketadi.) Topdim. Mana o‘shal belgi. Hech narsa o‘zgarmag‘on. Bu g‘or tog‘ yo‘li masofasini o‘n barobar, mashaqqatini yuz barobar kamaytiradi. Ollohga shukur. Malikani eson-omon Hindg‘a yetkursak, Tangri oldida ham, olampanoh Boburshoh oldida, ham yuzimiz yorug‘ bo‘lur. (Ko‘pchiliklashib toshni suradilar.)
BEK. (G‘or ichkarisiga quloq tutadi.) Shamolning guvillab kelishig‘a qarag‘anda toshlar ko‘chib tushib, yo‘lni to‘sib qo‘ymag‘on. Bu yo‘ldan Bobur hazratlarining egachisini kuzatib qo‘yg‘onimizg‘a ham ancha bo‘ldi.
BAHROMBEK. Ota, ijozat bersangiz, men malikani Hindg‘a kuzatib borurmen.
BEK. (Xushnud.) Ijozat, ijozat.
OZODBAXSh. Menga ham izn berasizmi, qiblagoh?
BEK. (Birdan mahzun tortadi.) Ulg‘ayib qolibsizlar-ku o‘g‘lonlarim. (Bir-bir quchoqlaydi. Ko‘ziga yosh oladi.) Men-ku chidarman-a, volidangizga mushkul bo‘lur.
OZODBAXSh. Komronbek ham bormoqchi edi, qiblagoh. Sizlar bilan biz qaytgunimizcha Davlatyor birga bo‘lur. Shirinbek ham o‘sib kelayotir. Zamona omon– omon bo‘lib tursa, bir muddat Hindda bo‘lib qayturmiz, otajon.
YIGITLARDAN BIRI. Qaranglar, bu tomong‘a otliq¬lar kelayotir!
BEK (shoshilib.) Toshni o‘rnig‘a suramiz! (Bir harakat bilan toshni suradilar. Ot tuyog‘ining suroni kuchayadi. Shohbek Arg‘un navkarlari bostirib kiradi.)
OVOZLAR.Ana ular! O‘ra! Bos! (Jang boshlanadi. Bah¬rombek mahorat bilan jang qiladi. Bek asosan o‘g‘illari atrofida jang qiladi. Bir yosh sarboz Ozodbaxshga ro‘baro‘ bo‘ladi. Ozodbaxsh yosh yigitni ko‘rib to‘xtaydi. Ikkala yigit bir-birlarini tanib qoladilar.)
BEK. (Jang qila turib.) Chopib tashla, o‘g‘lim!
OVOZ. (Yosh sarboz tomondan.) Qilich sol, o‘g‘lim!
(Ozodbaxsh qilich ko‘tarmaydi. Yosh sarboz ham. Kimdir kelib Ozodbaxshni, kimdir yosh sarbozni uradi. Axiri Shohbekning sarbozlari va bekning bir necha yigiti yiqilib, o‘zi, Bahrombek va bir navkar qoladi. Ozodbaxsh va yosh navkar yonma-yon yarador yotadilar.)
BEK. Ozodbaxsh, o‘g‘lim! (Boshini tizzasiga oladi.)
BEK. Kimdir bizni sotg‘on ko‘rinadir. Tur, o‘g‘lim! Inilaringga ko‘makka boraylik! (Ozodbaxsh qaddini ko‘¬tarolmaydi. Bek o‘g‘lini avaylab bag‘riga bosib, yelkasiga nazar tashlaydi va birdan oh tortib yuboradi.) Bu ne azobing, tangrim! (Bahrombekka yuzlanib.) Tabib keltiringlar! (Yigitlar yugurib chiqib ketishadi.)
OZODBAXSh. (Holsizlanib.) Ota, suv… bering…
BEK. (Kimgadir buyurmoqchiday atrofga alang¬laydi, yana o‘g‘liga yuzlanadi.) Hozir, bolam, hozir olib kelaman. Yarang og‘ir emas, sabr qil! (Tez chiqib ketadi. Ozodbaxsh va sarboz yigit bir-birlariga qarab zo‘rg‘a jilmayadilar.)
OZODBAXSh. Javohir, senmisan?
JAVOHIR. Ozodbaxsh, senmisan?
OZODBAXSh. Og‘ir yaralandingmi?
JAVOHIR. Bilmon, qornimdan sanchdilar.
OZODBAXSh. Og‘riyaptimi?
JAVOHIR. Do‘zaxiy og‘riq. Ko‘zim oldi qorong‘ulashib bormoqda. Tezroq hazrati Azroyil kela qolsaydi.
OZODBAXSh. Undoq dema. Bahrombek og‘am tabib olib keladilar. Xudo xohlasa, shifo topurmiz.
JAVOHIR. O‘zingning ne yeringdan yaraladilar?
OZODBAXSh. Yelkamdan urdilar. Hanuz qilich yelkamga sanchilg‘onucha qolg‘onday.
JAVOHIR. Ozodbaxsh, omon qolsang, Ja’far degan savdogarning Gulyuz ismlig‘ qizini top. Aytgilki, Javohir so‘nggi nafasida sening nomingni aytdi, seni yod etdi de. Meni unutsin. Ro‘zg‘or qurib baxtli bo‘lsin.
OZODBAXSh. Javohir, unday dema, do‘stim, yashaysan hali. O‘sha qizga o‘zing uylanasan. Sen yilqi boqar bobo Boturni bilasanmi?
JAVOHIR. Bilurmen.
OZODBAXSh. Boboning bir qizi bordur. Dutor chertsa, yilqilar yemakdan to‘xtab, bosh egib tinglarlar. Bir ash’orlar aytur, Navoiydin, Boburdin. Ahdi paymonimiz bor edi.
Javohir alahlay boshlaydi.
OZODBAXSh. Javohir, o‘zingni yo‘qotma do‘stim, bizni qutqarishadi.
Javohir boshini bir ko‘taradi. Gulyuz deydi. So‘ng bosh qo‘yadi. (Ozodbaxsh ham alahlay boshlaydi, onasini chaqiradi.) Onajon, yelkam og‘riydur, malham qo‘ying, keling, kelaqolsangiz-chi. Meni olib keting, onajon.
(Bek qo‘lida suv to‘la idish bilan yugurib kirib keladi. O‘g‘lining boshini ko‘tarib, suv ichiradi.)
OZODBAXSh. (Biroz o‘ziga kelib.) Otajon, meni kechiring. Men yaxshi sipohiy bo‘lolmadim. Ishonchingizni oqlay olmadim.
BEK. (O‘rtanib.) Mayli sipohiy bo‘lmasang ham. Tuzalib ketsang bas, o‘g‘lim.
OZODBAXSh. (Holsizlanib.) Otajon, volidamni, og‘a-inilarimni asrang. Mendan rozi bo‘ling.. La iloha illallohu…(Joni uziladi.)
BEK. (Faryod chekadi.) Ey, falak! Dastingdan dod! Gulday o‘g‘lim-a! Ozodginam-a! Me’mor bo‘lmoqchi eding-a! Og‘a-inilaringga ne deyman! Volidangning ko‘ziga qanday qarayman!

14

(Bekning bog‘ hovlisi. Komronbek malikaga gullar uzib beryapti.)
KOMRONBEK. (She’r o‘qiydi.)

Sendek menga bir yor-u jafokor topilmas,
Mendek senga bir zoru vafodor topilmas.

Bu shakli shamoyil bila hud hur parisan,
Kim jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas.

Ey gul, meni zor etmaki husning chamanida,
Ko‘zni yumib ochguncha bu gulzor topilmas.

(Malika davom ettiradi.)

Baloyi ishq manga har dam jafoyidur,
Bu ishqdin kecha olmon ajab baloyidur.

KOMRONBEK. Ma’sumabonu, o‘qigan ash’orlaringiz shikasta, dilingizda mahzunlik seziladir. Sezga ne bo‘ldi?
MALIKA. Negadir ko‘nglim notinch, og‘o. Bir g‘alati tush ko‘rdim. (Uyalinqirab.) Tushimda sizni ko‘ribmen.
KOMRONBEK. Meni tush ko‘rg‘oningizdan komronmen.
MALIKA. Koshki, ko‘rmog‘on bo‘lsam erdi.
KOMRONBEK. (Hayron bo‘lib.) Nechuk, malikam? Tushingizni so‘ylab bering.
MALIKA. (Biroz sukut saqlab.) Bir necha ulkan lochin qushni bir chumchuqcha cho‘qiy boshladi. Alar chumchuqchani mensimagannamo e’tibor qilmadilar. Ammo chumchuqcha alarni shunday cho‘qib tashladiki, ko‘pisi yiqildi, qolg‘onlari gurro-gur uchib qochmoqqa tutundilar. Haligi yiqilg‘on qushlar yonig‘a borsam, birisi siz emishsiz. Ko‘zlaringiz yoshg‘a to‘la, ammo qo‘zg‘alolmaysiz emish. Men yolvordimki, turing, og‘o, Hind sori keturmiz. Siz esa yo‘q, dedingiz.
KOMRONBEK. (Kulimsirab.) Tushingizning aksi bo‘lur. Demak, men siz bilan Hindg‘a ravona bo‘lurmen.
(Navkar yigitlardan biri yugurib kiradi.)
NAVKAR. Shohbek Arg‘unning yigirma chog‘li otliq navkari shu tomon kelur, bek.
KOMRONBEK. Aniqmu? Balkim bog‘ yonidan o‘tib keturlar.
(Yana bir navkar yugurib keladi.)
NAVKAR. Bek, chopishurg‘a to‘g‘ri keladir. Shoh navkarlari darbozani urishmoqda.
KOMRONBEK. Malikam, zudlik bilan libosingiz ustidan to‘n kiyib, sochingizni qalpoq ostiga bekiting. Davlatyor, malika bilan bobo Botur kulbasiga uchinglar. Ul sizlarni yoshirur. O‘shal yerda uchrashamiz.
DAVLATYoR. Og‘a, sizni qanday tashlab ketamen?
KOMRONBEK. Inim, mashvarat payti emas. Olloh nasib etsa, hammasi yaxshi bo‘lur.
(Malika bilan Komronbek bir-birlari tomon qadam tashlaydilar. Ikkalasi bir vaqtda bir-biriga ikkala qo‘llarini cho‘zadilar. Barmoqlar bir zumga uchrashadi. Xavotir va mehr to‘la nigohlar bilan xayrlashib, ikki tomon ketadilar. Navkarlar bostirib kirishadi. Tengsiz jang bo‘ladi. Komronbek mahorat ko‘rsatib jang qiladi. Jang tugayozganda yiqilib yotganlardan biri kelib, orqasidan qilich soladi. Komronbek yiqiladi. Shohbek ayg‘oqchisi boshchiligida navkarlar kirib keladilar.)
OVOZLAR. Malika qani? Malika qochibdi!
AYG‘OQChI. (Atrofni tez aylanib chiqadi.) Otlarga mining, malikani quvamiz. (Ketishadi. Bek, Bahrombek va navkar kiradilar. Bek yugurib kelib, cho‘k tushib Komronbekni bag‘riga bosadi.)
BEK. O‘g‘lim, ne bo‘ldi senga?
KOMRONBEK. (O‘rnidan qo‘zg‘olishga harakat qilib.) Otajon, yurak-bag‘rim kuyib ketayapti…
BEK. Ey falak, bu ne ko‘rgulik!
BAHROMBEK. (Yaqin kelib bag‘riga bosadi.) Inijonim, sizga ne bo‘ldi? Ichingiz. (Og‘ziga ko‘zachadan suv quyadi.)
KOMRONBEK. Oramizda sotqin bor, qiblagoh. Shohbek Arg‘unning navkarlari malika qani, deb bostirib kelishdi. Malikani Davlatyor inim bobo Botur kulbasiga olib ketdi. Ozodbaxsh qani?
BEK. (Yarador farzandini ayab, rostini aytmaydi.) Ozgina yaralandi, Xudo hohlasa shifo topib ketur.
KOMRONBEK. Ilohim. (Bahrombekka qarab.) Og‘a, o‘zingizni ehtiyot qiling, qiblagohim, siz ham. Onaizorimg‘a aytinglar, ko‘p kuymasinlar, malikani asrang, Hindg‘a beziyon yetkuring. Malikaga Komronbek bir tola soching‘iz himoyasig‘a jon bag‘ishladi dengiz. La ilaha illalohu. (Joni uziladi)
BEK. (Ko‘ksiga mushtlab yig‘laydi.) Ey falak, dasdingdan dod, bir kunda ikki suyangan tog‘imdan ayrildim! Senga nima yomonlik qilgan edim, ey tangrim!
BAHROMBEK. Komronbek inim, sen uchun ham, Ozodbaxsh uchun ham qasos olamen. Shohbek degan murtadning boshini uzamen. (U ham yig‘laydi.)

15

(Bekning hovlisi. Zarnigorbegim bezovta. U yoqdan bu yoqqa yuribdi. Bek katta o‘g‘li Bahrombek bilan kirib keladi. Zarnigorbegim peshvoz chiqadi. Bahrombekni bag‘riga bosadi.)
ZARNIGORBEGIM. (Xavotir aralash.) Ozodbaxsh qani, begim?
BEK. (Qayg‘uli ovozda.) Begoyim, bizni sotdilar. Ozodbaxsh bilan Komronbekni Olloh bizdan qaytarib oldi. (Zarnigorbegim oh tortib yuboradi.)
ZARNIGORBEGIM. Ey, Tangrim! Men senga ne gunoh qilg‘on edim-ki. Ostonadan eson-omon kuzatgan farzandlarimni qaytib ko‘rmaymen? Nega mening suyangan tog‘larim bul taxlil qulaydir?! Nega men hech bo‘lmasa alarning jonsiz tanalarini quchoqlab, qon yig‘lab vidolasholmaymen?! Nega mening dilbandlarim chimildiq ko‘rmasdan, biror zurriyod qoldirmasdan yorug‘ dunyodan ketur? Tangrim! Menga bunday qaro kunni ko‘rsatguncha, jonimni olsang bo‘lmasmidi? (Yig‘i aralash so‘raydi.) Nechuk bu hol yuz berdi? Nahotki, nonu tuzingizni yeb, xizmatingizda yurg‘on yigitlardan nobakor chiqdi? Shunday nokas borlig‘ini sizdek sinchi inson nechuk sezmadi?
BEK. (Bek g‘amdan tosh qotgan.) Bilmayman, azizam, bilmayman!(Bek o‘zini qo‘lga olib.) Bahrombek, yigitlarni chorlang. Zudlik bilan qarorgohni tark etmasak, yana jangga kirishga to‘g‘ri kelur.
Bahrombek chiqadi.
BEK. (Norozi ohangda.) Begoyim, Sadafbegim nega ko‘rinmaydir?
ZARNIGORBEGIM. (O‘z xayollari bilan band, g‘amgin.)Uxlaydir.
BEK. (G‘azabnok.) Uxlaydir? Shuncha surondan keyin ham uxlaydirmi? Tura kelmaydimi? Tezroq bo‘lishsin, ayting.
(Zarnigorbegim chiqadi. Bek xizmatidagi uch-to‘rt yigit kirib keladi.)
BEK. (Ularga qarab.) Men sizlarni otasiz, beqarov qolg‘anlaringizda xizmatqa oldim, asradim, avayladim. O‘z farzandlarim kiyadig‘on liboslarg‘a o‘radim. Yemak-ichmakdan kam qilmadim. O‘sg‘on ro‘zg‘orlaringizga madad berib turdim. Maktabg‘a berib, savodingizni chiqardim. Odamiylikdan saboq berdim. Maosh berib turdim. Farzandlarim yonida o‘g‘lonlarim dedim. Ammo kimdirki, boshimg‘a balo bo‘ldi. Meni sotdi. Bu sotqin jonimg‘a yaqin bo‘lsa ham, qonimg‘a yaqin bo‘lsa ham ayamaymen.
YIGITLAR. (Birin-ketin.) Alhazar, bek og‘o, alhazar.
YIGITLARDAN BIRI. Har birimiz sizning va ahli ro‘zg‘oringizning himoyasig‘a bosh qo‘yurg‘a tayyormiz. Olloh nomi bilan ont ichamizki, shunday.
BEK. Bilmadim, bilmadim.
(Zarnigorbegim, Sadafbegim va Shirinbek kiradilar. Shirinbek kelib bekni quchoqlaydi.)
BEK. (Ko‘ngli yumshab.) O‘g‘lim, Hind sori keturmiz. Siz ulg‘ayib avval navkar, so‘ng navkarboshi, andin so‘ng lashkarboshi bo‘lursiz. Shohbek Arg‘undan og‘alaringiz uchun qasos olursiz.
ShIRINBEK. Qasos olamen, qasos olamen! (Yugurib ketadi.Zum o‘tmay haligi qilichni ko‘tarib keladi. Shig‘ etib qinidan chiqarib sirmaydi. Bahrombek hushyor tortadi.)
BAHROMBEK. Inim, bu qilichni qayerdan oldingiz? (So‘ng qilichni qo‘lga olib, yozuvini o‘qiydi.) “Olampanoh Shohbek Arg‘undin bahodurliklari uchun Qoraxon botirga tuhfa”. (Bek qilichni qo‘liga oladi. )
BEK. Bul qilichdan Shohbekka yaqin sipohiylar tuturlar. Shirinbek, o‘g‘lim, sizga bu qilichni kim berdi? (Shirinbekning rangi quv o‘chadi, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.)
ShIRINBEK. Ko‘chadan topib oldim.
(Zarnigorbegimning harakati, ko‘z qarashlaridan gap nimadaligiga fahmi yetganligi bilinadi.)
ZARNIGORBEGIM. (Sadafbegimga qahr bilan qarab.) Bolaga ko‘chaga chiqishga ruxsat bergansiz.
BEK. So‘yla, bu qilichni senga kim berdi?
ShIRINBEK. Ko‘chada o‘ynayotg‘on edik, bir sipohiy kelib siznikida mehmonlar bor, o‘shal mehmonlarni shohimiz ziyofatg‘a chorlamoqchi, ular qayerda dedi. Men avval aytmadim. So‘ng, bul qilichni berg‘och, mehmonlar bog‘ hovlida dedim.
BEK. (Birdan g‘azablanib.) O, bag‘rimdagi ilonvachcha, o‘z og‘alarini boshini yegan odamxo‘r, ikki o‘g‘lonimning bahosi shu bir parcha temir bo‘ldimi? (Shirinbek qo‘rqa– pisa cho‘ntagidan hamyoncha chiqaradi.)
ShIRINBEK. Tillo ham berdi.
BAHROMBEK. Ey, Xudoyim, bu nima bedodlik?
BEK. Hali sohibqiron Amir Temurg‘a lashkarboshi bo‘lg‘on, O‘rxon Ali O‘zbek avlodidan sotqin chiqmag‘on. Chiqmag‘ay!
BEK. (Sadafbegimga qarab.) Padaring asir tushg‘onda, o‘z jonini qutqarib, seni menga tuhfa qilg‘on edi. Afsus, belimdan quvvatim ketg‘on ekan, sening qoning ustun keldi.
(Shirinbekka qarab.) Seni dunyoga o‘zim keltirdim, dunyodan o‘zim haydayman.
BAHROMBEK. Qiblagoh, balkim onasi bilan ketkizib yuborarsiz? Buning qoni to‘kishga arzimaydi.
BEK. Yo‘q, o‘g‘lim. Sotqinni dunyoga qo‘yub yuborsang, o‘zidan ko‘payib urchib ketur. Bunday sotqinlardan to‘rttasini kechirsang, bir xalqning yarimi sotqin bo‘lib ulg‘ayur. Men buni omon qoldirsam, Sayyid Sulton Ali bahodurning tarix oldida yuzi qaro bo‘lur. Bundaylar omon bo‘lsa, yer yuzidan o‘zbek degan millat yo‘qolib ketur. Sotib yuborishur.
SADAFBEGIM. (Bekning oyog‘i ostiga o‘zini tashlaydi.) Bolamni o‘lturg‘uncha mani so‘yung. Mani parchalang. Bung‘a o‘ynog‘oni chiqishg‘a man ruxsat berib edim. Mani o‘lduring. (Bek iflos narsadan hazar qilganday oyoqlarini Sadafbegimdan nari tortadi.)
BEK. Bugun o‘ynog‘oni chiqmasa, ertaga chiqardi. Bugun sotmasa ertaga sotardi.
ZARNIGORBEGIM. Begim, bolani menga bering, tarbiya berib ko‘ray. Ikkisidan ayrildik, uchinchisidan ham judo bo‘lamizmi?
BEK. Oh, begoyim. Qalbingiz mudom mehr-shafqatg‘a, oliyjanoblikka to‘la. Biroq bir narsani o‘ylamayapsiz. Agar tarbiyangizni olib ulg‘aysa, vijdon azobidan aqldan ozadi. Ulg‘ayib er yetsa, sotqin degan nomni ko‘tarib yashashi oson bo‘lurmi? «Ana, sotqin kelyapti», derlar. Bolalarini, «ana, sotqinning bolalari», derlar. Neki sir qochg‘on yerda mening avlodim ro‘baru kelaverur. «Sayyid Sulton Ali bahodurning kichiki sotqin edi-da», derlar. (Sadafbegim Zarnigorbegimning oyog‘iga yiqiladi.)
SADAFBEGIM. Begoyim, bolamni asrab qoling. Bir umr cho‘ringiz bo‘lay. Bir umr xizmatingizni qilay! (Zarnigorbegim qilt etmaydi. Shirinbek o‘rnidan turgan onasining orqasiga bekinadi.)
BEK. Ozodbaxsh, bolam. Qancha chopushish ilmini bilsang ham me’mor bo‘laman der eding-a. Komronbegim, komron bo‘lmagan Komronim. Bitilmagan ash’orlaring o‘zing bilan ketdi-ya. Shoir bolam-a. Bahrombek, qilichimni bering!
ZARNIGORBEGIM. Begim, agarchi niyatingizdan qaytmas ekansiz, birgina zarb bering. Norasida ortiq qiynalmasin.
BEK. (Uvillab yig‘layotgan Shirinbekka.) Tur o‘r¬ningdan, jilla qursa so‘nggi nafasingda o‘zingni er tut!
(Shirinbek birdan jiddiy tortadi. G‘oz turadi).
ShIRINBEK. Men tayyormen, qiblagoh. Men sizga loyiq o‘g‘lon bo‘lolmadim. (Bek birdan qilichini tashlaydi. Bolaning yuz-ko‘zlaridan o‘padi.)
BEK. Ilon bo‘lsang ham bolamsan! (So‘ng sekin bag‘ridan chiqarib, o‘rnidan turadi.)
BEK. Yur!
BAHROMBEK. O‘zingizni qiynamang, qiblagoh, yigitlarga topshiring bu yumushni.
BEK. (Qat’iy qilib.) Bekzodani jallodga berolmaymen. Ilon bo‘lsa ham bekzoda. Kalima keltir!
ShIRINBEK. (Hazin ovozda.) La ilaha illalohu, Muhammaddin rasululloh. (Yupqa parda ortiga o‘tishadi. Pardada ota va o‘g‘ilning sharpasi ko‘rinadi. Ota qilich sirmaydi. O‘g‘il ohista yiqiladi. Dekoratsiyadagi osmon qip-qizil tusga kiradi. Ayollar oh tortib yuboradilar. Bek qaytib kiradi.)
BEK. (Uvvos solib yig‘layotgan Sadafbegimga qarab.) Begoyimlik senga yarashmadi. Ozodsan! Illo, Olloh senga endi farzand bermasin! Sendan faqat sotqinlar bino bo‘lur.(Sadafbegim yig‘lagancha chiqib ketadi.)

16

(Haligi tog‘li joy. Toshlar oralarida yulg‘unlar o‘sib yotibdi. Bir tomondan Sayyid sulton Alibek, Zarnigorbegim, Bahrombek va uch yigit kirib keladilar. Ikkinchi tomondan malika Ma’suma Sultonbegim, Davlatyor, enaga ayol va Rizo Ali kirib keladilar.)
MALIKA. (Bekka qarab.) Assalomu alaykum, bek og‘o!
BEK. (Parishonlik bilan.) Vaalaykum assalom, qizim-malikam.
MALIKA. (Xavotirlanib.) Komronbek og‘a ko‘rinmay¬dilar?
DAVLATYoR. Ozodbaxsh og‘am qanilar, qiblagoh?
BEK. (Malikaga qarab.) Sipohiylik qismati og‘ir va sharaflidir, qizim-malikam. Farzandlarim adolatni, insofni, diyonatni, or-nomusni himoya qilishg‘a qasamyod qilg‘on edilar. Sizni xavfu xatardan himoya qilishda jonlarini fido qildilar.
MALIKA. O, komron bo‘lmog‘on Komron og‘om. (Yurak-larni sel qilib she’r o‘qiydi. )
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
DAVLATYoR. Ozodbaxsh og‘am, Komron og‘am. Qanday go‘zal orzularingiz bor edi-ya. Bu hayot ummonini sizlarsiz qanday kechamen? Suyang‘on tog‘larim, og‘alarim.
(Bahrombek inisini quchoqlaydi. Zarnigorbegim har ikkalasini quchoqlaydi.)
BEK. Toshni suringlar. Yo‘lg‘a tushasizlar.
DAVLATYoR. Kichik oyim bilan Shirinbek ko‘rin¬may¬dilar.
BAHROMBEK. Alar endi yo‘qlar.
DAVLATYoR. (Iztirob aralash.) Halok bo‘ldilarmi?
ZARNIGORBEGIM. Qismat o‘z xatosini qon bilan, ko‘z yoshiyu zardob bilan to‘g‘riladi.
BEK. (Zarnigorbegimga qarab.) Azizam, siz o‘g‘lonlar bilan malikani kuzatib boring. Men ketsam Sayyid Sulton Alibek qo‘rqqonidin qochib ketdi, derlar.
ZARNIGORBEGIM. Men sizsiz ketolmayman,begim! Qolishg‘a ijozat bering.
BEK. Yog‘iy benihoya ayyor, begoyim. Alar halollik birla kurashmaydilar. Siz malika va o‘g‘lonlar bilan eson-omon Hindg‘a yetib borib, Bobur hazratlari panohida bo‘lib turing. Zamona biroz tinchigach, qaytib kelursizlar. (Xayrlashadilar. Bek va ikki yigit toshni o‘rniga suradilar.)
BEK. (Sinchiklab qarab.) Qo‘zg‘olg‘oni bilinmaydi. (Ketadilar.).

17

(Bekning hovlisi. Yigitlardan biri kirib keladi.)
YIGIT. Bek og‘o, shohning ayg‘oqchisi darvozani ochishimizni talab qilyapti. Yonida navkarlar ham bor. Yoningizga kiritaylikmi yoki qirib tashlaylikmi?
BEK. (Asabiy kuladi.) Aha! Tulkuning o‘lgusi kelsa, yo‘lbars bilan o‘ynashadi! Oching darvozani it emganlarga! (Ayg‘oqchi Qoraxon botir navkar yigitlar bilan kirib keladi.)
AYG‘OQChI. (Tahdidli ovozda.) Bek! Bu Boburshohning o‘zi bilan olib ketmagan yarim yetim qiziga shunchalik jon fido qilib nima qilasan? Bir Boburshohning zuryodi demasang, na davlati, na mamlakati bor! Topib bersang, shohimiz meni ham, seni ham tilloga ko‘madi! Malikani bergin-da, istasang Boburshohingning yoniga jo‘na, istasang makoningda qarilik gashtini sur!
BEK. (G‘azab bilan.) Qoraxon! Senda na or bor, na nomus bor! Goh Eron shohi xizmatidasan, goh Xuroson shohining! Kim oldingga suyak tashlasa, shuning qo‘lini yalaysan! Sening fohisha ayoldan nima farqing bor?! Mening ota-bobolarim temurzodalarg‘a sadoqat ila xizmat qilg‘on! Orim-nomusim qasamyodimg‘a sadoqatdur!
AYG‘OQChI. (Mazax qilib.)O‘g‘lonlaring ham o‘zingdek mard-u bahodurmu? Seni kenja o‘g‘loning necha tilloga sotg‘onini bilasanmu?
BEK. Farzandlarim Temuriyzoda malikaning sha’nini Shohbekday murtaddan himoya qilib, halok bo‘ldi! Men farzandlarim bilan faxrlanaman! Shukur qilki, men jallod emas, sipohiyman! Yo‘qsa, sen zaharli ilonning yosh o‘g‘lonimni avragan tilingni sug‘urib olardim! Ollohga shukurki, qasos onlarini yaqinlashtirdi! (Qilichini sug‘urib, ayg‘oqchiga hamla qiladi. Qattiq jang boradi. Bek ayg‘oqchini yaralaydi.)
BEK. (Oyog‘ini ayg‘oqchining ko‘ksiga tirab.) Senga san¬chilg‘on qilichni yuvg‘on bilan toza bo‘lmas! Tuf, murtad! (Qilich sanchadi.)
(Biroq o‘g‘lonlarining qazolari esankiratib qo‘ygan bek ehtiyotkorlikni unutadi va og‘ir yaralanadi. Jang tugaydi, bekning yoniga sadoqatli yigitlari keladi.)
BEK. O‘g‘lonlarim, og‘ir kunimda yonimda bo‘ldingiz. Sizlardan roziman. Farzandlarimg‘a va barcha meni so‘ra¬g‘onlarg‘a aytingizki, neki jangga kirg‘on bo‘lsam, el uchun, vatan uchun kirdim, neki xatti-harakat qilg‘on bo‘lsam or uchun, nomus uchun qildim! Qolg‘onini Olloh bilur… (Holsizlanadi.) La ilaha illallah…(Joni uziladi.)