Gulchehra Asronova. Tong yog‘dusi (hikoya)

Shaharchamizda shov-shuvga sabab bo‘lgan fotoko‘rgazmaga oshiqib yetib bordim: gazetaga xabar yozishim kerak edi, biroq Islomjon degan havaskor suratkashning mo‘jazgina to‘plamiga mahliyo bo‘lib, maqola yozish uchun ma’lumotlar olishni ham unutdim.
“Tong” deb nomlangan kollajga jamlangan suratlar baayni mo‘jiza! Oqarayotgan tonglar bitta rakurs – bir nuqtadan suratga olingan, lekin hayratlanarli manzaralar! O‘ndan ortiq tasvir va shuncha betakror subhidam. Adirning ikki o‘rkachi osha olamga asta bo‘ylayotgan oftob jamoli dam yarim ochiq, dam yerda tik turgan oltin tangadek tovlanadi…
Suratlarga uzoq tikilib, bittasida muallaq turgan uch-to‘rtta shaffof tomchini payqab qoldim. Qiziq, oynadagi yomg‘ir tomchisimi bu? Yaxshilab razm solsam, ayrimlarida deraza raxining cheti, yana birida esa oynadagi chiroq aksi ko‘zga tashlandi. Ajabo, demak… ularning barchasi uy ichidan, deraza yonidan suratga olingan ekan-da? Chapda turgan uch-to‘rt novda ham e’tiborimni tortdi. U bir lavhada kurtak­lari bo‘rtib, boshqasida yaproqlari sarg‘a­yib turar, go‘yo fasllar shu yerdan boshlanib, shu yerda intiho topganday har tus va taraddudda namoyon edi.
Nega muallif faqat bir joyda, uy ichida turib ishlabdi? Shafaqning bunday ro‘ylarini ilg‘ash va “tutib qolish”gacha necha fasl almashdi ekan? Yo Islomjonni topib, hammasini o‘zidan so‘rasammikan?
Ko‘rgazma tashkilotchilardan birini topib, Islomjon haqida so‘radim va… ustimdan sovuq suv quyilgandek bo‘ldi.
– “Tong”mi? Bu to‘shakka mixlangan yigit olgan suratlar. Elektron pochtadan olganmiz, telefon raqami bor. Agar zarur bo‘lsa…
…Islomjonning uyiga torgina yo‘lakdan borilar ekan. Men keng, mo‘l hovlida tursa kerak, deb o‘ylagandim. Bu hovli mahallaning chetida bo‘lib, pastakkina, saranjom-sarishta ekan. Meni uning onasi – istarasi issiq, serharakat juvon kutib oldi. Ismi Mohlaroy ekan. “Qo‘ng‘iroq qilganingizdan beri betoqat bo‘lib kutyapti”, deya dahlizdan o‘tib, ichkariga boshladi u.
Pastga ohorli yakandozlar chorburchak qilib solingan, to‘rdagi divanda o‘n ikki-o‘n uch yoshlar chamasidagi rangpar, lekin tim qora ko‘zlarida hayot mehvari porlab, butun qiyofasida allaqanday teranlik barq urib turgan o‘smir qavat-qavat yostiqqa suyanib o‘tirardi. Uning salomiga alik ola turib: “Men sizni katta kishi deb tasavvur qilgandim, qoyil, Islomjon!” deya yaqinlashib, qo‘l uzatdim.
Bola negadir qimir etmadi. Rangi xiyol o‘zgardiyu nigohini olib qochdi. Shunda Mohlaroy chaqqonlik bilan o‘g‘lining ko‘rpacha ustidagi bemajol qo‘lini ushlab men tomonga uzatdi. Yuragim bir qalqdiyu o‘zimni hamon mamnundek tutib o‘smirning nozik qo‘lini kaftlarim orasiga oldim.
– Yashang, o‘g‘lim, zo‘r suratlar olibsiz, – dedim o‘rinning oyoq tomoniga omonat o‘tirib. – Mana, ataylab shahardan keldim. Siz haqingizda yozmoqchiman.
– Gazetagami?
Bolaning ko‘ziga boyagi jilvalar qaytdi.
– Ha, ehtimol, kitobga.
– Zo‘r-ku! Suratlar sizga yoqdimi? Unda menmas, onam haqida yozing. Axir, men suratga ololmayman.
– To‘g‘ri, suratga men olganman, – deya gapni ilib ketdi Mohlaroy. – Lekin manzaralarni u tanlagan. Har sahar quyosh chiqishini suratga oling, deb chaqiraveradi.
Sekin-asta gapimiz qovushib, suhbat qizidi.
Islomjonning bitta ukasi bor, otasi vafot etgan ekan.
Mohlaroy ziyraklik bilan muddaoga o‘tdi.
– Bir kuni erta tongda, ukasini maktabga jo‘natayotgan paytim meni chaqirib qoldi. Xavotirlanib kirsam, derazadan tashqariga hayratlanib boqib turibdi. “Aya, qarang, quyosh bulutni teshib o‘tyapti!” dedi. Rostdanam, quyuq bulutlarni tilimlab o‘tgan oq nurli billur ustunlar yerga tutashib turibdi. “Ajoyib-a? Rasmga tushiring?” – dedi so‘ng. Telefonda suratga olib qo‘ydim. Keyin xotirjam o‘tirib ko‘rsak, juda boshqacha chiqibdi. Shu-shu ko‘nglimizga cho‘g‘ tushdi. Har safar Islomjon tong otishini kuzatib, g‘aroyib manzaralar topib, meni chorlaydi. Har doim mana shu yerdan suratga tushiramiz.
– Maylimi, men ham…
– Albatta, – deya Mohlaroy o‘zini chetga oldi va men Islomjonning bosh tarafiga o‘tdim.
Ha, bu o‘sha rakurs!
Deraza raxi, novdalar, hu-uv adir o‘rkachlari…
Yo‘q, bu men o‘ylaganday oddiy bir kunjak emas, beg‘uborlik, hayotsevarlik va mehr kesishgan buyuk nuqta edi. Uning ta’sir maydoniga kirib qolgandek, adirlardan ko‘z uzolmay qoldim…
– Ajoyib! Tor ko‘cha, zich uylar, anavi tepalik – hammasini chetda qoldirib, kunchiqarning o‘zinigina muhrlabsizlar.
– To‘g‘risi, mundayroq suratlarimiz ham bir g‘aram, siz eng yaxshilarini ko‘rdingiz.
Men Islomjonga qaradim. Uning ko‘zlari suvday tiniq va tubsiz edi.
– Bu yerdan adirlar juda chiroyli ko‘rinar ekan.
– Ha, ayniqsa, ertalab, – dedi Islomjon entikib. Olis-olislarga termulib, so‘ng g‘ururlanib qo‘shib qo‘ydi: – Ayam menga: “Sen boshqalar ko‘rolmagan ranglarni ko‘rasan”, deydi. Xudo xohlasa, tuzalib ketsam, ayam bilan eng baland qirga chiqamiz. O‘shanda bulutlarni yaqinroqdan ko‘raman. Zo‘r suratlar olamiz.
– Iloyo, shunday bo‘lsin…
Bolaning orzusidan qalbim to‘lqinlanib yana ancha suratlarni tomosha qildim, sohira tong tovlanishlarini his etdim. Uning “Xudo xohlasa” deb boshlanuvchi mana shu tonglar singari orzulari mo‘l, sof va rangin edi. Islomjon mo‘jizakor tonglardan birida yangi hayot boshlashiga ishonardi.
Unga olamning naqadar kengligi va har zarrasi Yaratganning mo‘jizasi ekanligini ang­latgan onaning ko‘z yoshlarini istarali yuzidagi siniq tabassum tiyib turardi. Ona kurashardi. Nazarimda, uning ich-ichida nimadir to‘lib borar, oftob olgan yuzini har zamon silab o‘tayotgan jolalar dengizdan tomchi edi, xolos.
Adashmabman, sal o‘tmay u o‘g‘lini go‘dakni yotqizganday osongina yonboshlatib, “Tomorqadagi bog‘imiz rosa gullagan, bir ko‘ring”, degan bahona bilan meni tashqariga boshladi.
Biz chorsidekkina mevazorning bir chetidagi so‘riga o‘tirdik. Havoda o‘rik gulining sezilar-sezilmas ifori kezar, qushlarning yoqimli chug‘uri bir tinib, bir avj olardi. Olam shunday sokin, gullarga g‘arq bo‘lib yotgan bu hovlida hayratu shavqdan bo‘lak tuyg‘uga o‘rin yo‘qdek.
– Bog‘ingiz biram fayzli ekan!
– Ha, dadasi o‘z qo‘li bilan ekkan ko‘chatlar bugun ro‘zg‘orimizni tebratyapti, shukr. Endi…
Mohlaroy bir lahza taraddudlanib, jim qoldi.
– Islomjonning dadasi… bolalikda rassom bo‘lishni orzu qilgan ekan. Bu haqda ko‘p gapirardi. Binoyidek chizardi ham.
– Rostdan-a?
– Ha, ammo… saqlanib qolmagan. U ham otasiz o‘sgan, to‘ng‘ich farzand bo‘lgani uchun maktabni bitirar-bitirmas tirikchilik tashvishiga ko‘milgan. Rassomlik haqida o‘ylashga fursati bo‘lmagan. Lekin, bilasizmi, har zamon-har zamonda surat chizib turardi. Tong paytlari.
Mohlaroy bilan nigohlarimiz to‘qnashdi.
– Ha, otasi ham tongni yaxshi ko‘rardi. Xuddi o‘sha adirlar ortidan mo‘ralagan quyoshning olamga yangi ranglar sochganini hayratlanib so‘zlardi. Chizishdan to‘xtamadi, ammo keyinchalik niyati o‘zgardi. “Endi Islomjon rassom bo‘ladi!” deydigan bo‘ldi. Nuqul: “Islomjon rassom bo‘ladi! Mening orzularimga o‘g‘lim yetadi, hali ko‘rasan!” derdi Atak-chechak paytidan uning qo‘liga qalam tutqazib, ustidan o‘zi ushlab ufqni chizar edilar. Ulardan baxtli odam yo‘q edi!
Ukasi tug‘ilgan paytlari Islomjon to‘satdan og‘rib qoldi. O‘shanda boshimizdan o‘tgan kunlarni aytishga tilim bormaydi… Xullas, bir yil shifoxonama-shifoxona yurdik. Shol deb tashhis qo‘yishdi… Go‘dakkinaga!.. Avval oyoqlari, keyin esa qo‘llari ishlamay qoldi. Nachora, osmon uzoq – yer qattiq, asta-asta taqdirga ko‘ndik. Lekin otasi… Mittigina jonsiz qo‘llarni siypalab, tuni bilan yig‘lab chiqardi. Bir kuni esa… barcha chizgan suratlarini boqqa olib chiqib yoqib yubordi. “Mana, nihoyat orzularimga o‘t qo‘ydim!” dedi. Yig‘layverdim, yig‘layverdim… Yuragi ham yonib ado bo‘lgan ekan o‘shanda, ko‘pga bormadi…
Ayol chuqur xo‘rsindi, yelkalari bir ko‘tarilib-tushdi.
– Afsus… U dunyosini bersin. Islomjon o‘shanda necha yoshda edi?
– To‘rt yoshda, dadasini elas-elas biladi. Allohning qudratiga hayronlar qolaman, opa. Ota orzusi baribir qondan o‘tgan ekan. Qo‘llarida jon bo‘lsa-ku, balki…
Onaning ko‘zlarida yana yosh qalqdiyu tezda o‘zini qo‘lga oldi.
– Noumid shayton, Mohlaroy. Bolangiz hali yosh, tuzalib ketadi.
– Ha, Xudodan umidimiz bor. Kecha poytaxtdan kelib ko‘rgan shifokor ko‘nglimni ko‘tarib ketdi. Keyin, o‘sha ko‘rgazma, mana sizning qadamingiz… hammasi bolamga kuch beryapti. Hali gazetda chiqsa, quvonchi bir jahon bo‘ladi!..
Ketyapman.
Beixtiyor ortga o‘girilaman – u hamon derazadan qarab turibdi. Sezdim, ma’sum chehrasiga nim tabassum yoyildi. Haligi tanish novdalar esa go‘yo tiriklik tantanasidek tebranadi. Ular hozir yam-yashil, gurillab o‘syapti.
Tosh ko‘chadan katta yo‘lga chiqdim. Quyosh allaqachon tikkaga kelib, adir ustiga to‘plangan bir to‘da oq bulut esa go‘yo ulkan yurak shakliga evrilar edi…

“O‘zAS”dan olindi.