Bizning 8-“A”dan birinchi bo‘lib sevgi savdosi Ahmad mallaning boshiga tushganiga oradan shuncha yil o‘tib ham ishongim kelmaydi. Sarg‘ish yuzini moshday-moshday sepkil qop¬lagan shumshuk partadoshimning tuppa-tuzuk nozik ko‘ngli borligi yetti uxlab tushimga kirmagandi. Lekin tanaffus payti hammamiz to‘planib turgan davrada oshiq bo‘lib qolgani, ayniqsa, xat yozmoqchiligini aytganida birdan e’tiborga tushib qolgani bor gap. Eng qizig‘i, bu notavonning suyuklisi “B” sinfdagi Ra’no ekan – demak g‘aroyib sarguzashtning rivojini uzoqqa bormay, shu atrofda kuzatishimiz mumkin.
Darslar tugab, ishqiy maktub “hashar”iga naq besh yigitcha safarbar bo‘ldik. Ahmadlarnikida sharoit yo‘qligidan, Sobirning bobosi o‘tgandan keyin huvillab yotgan hujrada yig‘ildik. Bugun shuncha bola bir bo‘lib “dars tayyorlash”ga kelganimizni ko‘rgan ayasi sho‘rlik o‘zida yo‘q suyunib ketdi: yaxna choylargacha opkirib berib, o‘g‘lining peshonasidan cho‘lpillatib o‘pib ketdi.
Shunday qilib, ishga kirishdik. Ahmadvoy birvarakayiga uchta fandan tutgan katak ko‘zli daftarining o‘rtasidan bir juft varaqni sug‘urib oldi-da, xontaxta ustiga yoyib, a’lochimiz Mashrabjonga yuzlandi:
— Sen yozasan, xating chiroyli.
— Mayli, lekin nima deyishni aytib turasanlar.
— Tashvish qilma, buyog‘ini qiyvoramiz! — dedi Vali qitmir o‘z-¬o‘zidan havolanib. — Yoz. Sevgilim Ra’no! To‘xta! Hurmatli sevgilim Ra’no…
Yaqinimda o‘tirgan Ahmadning “qult” etib yutunganini aniq eshitdim. — Men sizni… Menga qara, nechanchi sinfdan beri yaxshi ko‘rasan o‘zi?
— Hmm… Oltinchidan deb qo‘yaver.
— Dovdir, Ra’no o‘zi o‘tgan yili keldi-ku maktabimizga!..
— Unda yettinchidan-da.
— Mayli, “birinchi ko‘rgandayoq sevib qolganman”, deyaver. O‘shanda qiziq bo‘ladi.
— Tag‘in-chi, sen hammadan chiroylisan, desin…
Ra’noning husni aslida juda maqtagulik emasdi, biroq bizning oshiq devonaga qiyoslaganda go‘zallarning go‘zali, desa ham bo‘laveradi. Xullas, hammadan bir chimdim bo‘lib maktub ham bitdi. Lekin mallaning yana bir hunari chiqib qoldiki, na kulishni bilasan va na…
— Ey, shoshmanglar, — dedi hovliqib, — shundan yana bitta ko‘chirib beringlar? Har ehtimolga qarshi-da. Matlubaga…
— Kimga?!
— Matlubaga. Agar Ra’no yo‘q desa, unga berib ko‘raman.
Angrayib qoldik. Bu sermuhabbat tullakning ishi pishiqligini qarang! G‘o‘r aqlimiz bilan sevgi maktubidan Matlubaning nomiga ham nusxa ko‘chirdik. Keyin kimdir akasi qizlarga xat yozganida atir sepishini aytib qoldi.
— To‘g‘ri, qizlarning ta’bi nozik bo‘ladi, — dedim men ham ma’qullab. — Uylaringda atir bormi?
— Ha, dadam soqol olgandan ke¬yin sepadigan adikalo‘n bor.
— Tez opke!
U bir muddatga g‘oyib bo‘lib, so‘ng tirjayib kirib keldi va ko‘ylagi ichidan “Shipr” deb yozilgan ko‘k shishani chiqardi.
— Buni surtsang, siyoh shuvalib ketadi-ku, — gap qotdi a’lochimiz.
— To‘xta, yo‘li bor! Ma, xatni ushlab tur.
Vali atirni qo‘liga olib qopqog‘ini chala ochgancha qiyshaytirdi-da, jonining boricha “puf-f-f!” degandi, odekolon tomchisi mayda zarrachalarga bo‘linib, to‘g‘ri borib qog‘ozning yuziga qo‘ndi. Shunday qoyilmaqom usul bilan ikkinchi nomani ham xushbo‘ylab qo‘ydik. “Anqib” turgan shu ifor ayni damda boshimizni aylantirgudek yoqimli edi…
Endi buni Ra’noga qanday yetkazish rejasini tuza-tuza, tarqaldik. Axir qizning otasi kimsan Jo‘ra jontalash, ushlagan joyini uzib oladigan odam. Aksiga olib, maktabdan paxta chopig‘iga javob bervorishgan – xatni sumkaga solib qo‘yishdek zo‘r imkoniyatdan mosuvomiz.
Vali ikkalamiz Ahmadga sherik bo‘lib, “B” sinf ishlayotgan qartaga har kuni tushlik payti velosipedda qatnadik, lekin bu qiz tushmagurlar mayda o‘rim sochdek bir-biridan ajralishmadi. Uchinchi kuni kechqurun yurak yutib uylariga boradigan bo‘ldik. Ammo qishloq joyda qorong‘ida qizi bor uy yoniga bordingmi — baloga qolding!
Qo‘rqqanimiz bo‘ldi — Jo‘ra tog‘a darvoza yonida poylab o‘tirganimizni ko‘rib qoldiyu urra solib quva ketdi. Na u so‘radi sababini, na biz oqlanishga urindik. Yaxshiyam dala yaqin. Zovur bo‘ylab o‘lguday yuguryapmiz-u, orqamizga tars-turs kesak urilyapti. Har kaltak yeganda: “Voy dood!”, “Yaxshi ko‘rmay o‘l, malla!..” — deb yozg‘irib qo‘yishni kanda qilmasdik.
Alqissa, jontalash charchab to‘xtaguncha jonimiz halqumga keldi. Bu biz — yuragida sevgi atalmish totli tuyg‘u endigina nish urayotgan, sirli olam ohanrabosidan sarmast yigitchalar uchun birinchi saboq edi. Zimis¬ton dalada tuproqqa tizzalab o‘tirgancha hansirayotgan uchovlonning anchagacha so‘zlashga holimiz bo‘lmadi. Sukunatni Valining do‘rildoq ovozi buzdi:
— Hoy mubtalo, bo‘ldi, qizlar maktabga qaytguncha kutasan! Bunaqada ano‘v qaynatang senga qo‘shib bizniyam pachaq qiladi.
— Jontalash deganlaricha bor ekan. Ahmad, o‘zi bu dadang yugurdimi yo kesak terdimi?
Kulgining portlagan tovushidan tut shoxlarida mizg‘ib o‘tirgan qushlar bir potirlab, tinchidi. Tebranib-tebranib kuldik, Ahmad esa har zamon ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagini avaylab paypaslab qo‘yar, nazarimda, xatni yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqardi.
Biz keyin ham ko‘pdan-ko‘p xushbo‘y maktublar yozdik. Qanchasi rad etildi, yana qanchasi, ehtimol, hali-hanuz sinfdosh qizlar sandig‘ida ro‘molchaga o‘rab saqlanayotgandir…
“O‘zAS”dan olindi.