Shamolni so‘kma,
Non-tuzingni to‘kma.
Burungi naqldan.
Ko‘zi xira tortib qolgan Pirman chol behassa yo‘lga chiqib, suv yuvib ketgan jarlikka bexos tushib ketdi. Buni qarangki, o‘zi yomon ko‘radigan qo‘shnisi Jabbor mergan bog‘iga suv ochayotib ko‘rib qoldi-yu, boboni qutqardi. Beli lat yegan ekan, yosh boladay yelkasiga opichlab uyiga eltdi. Tog‘dan turayotgan shamol esa dovulga aylanib, bolasidan ayrilgan qashqirday uvlay boshladi. Adirdan esadigan shamol ko‘pincha beda o‘rog‘ini ko‘zlaydi. Arratish tog‘ cho‘qqilari tarafdan deyarli har yili goho bir oy, gohida yigirma kun izillab turadigan shamol qurib-qovjiragan yovvoyi o‘t-o‘lanni, ayniqsa tagi bo‘sh karraklarni, kirpiday g‘ujanak bo‘lib o‘sadigan xushbo‘y shivitlarni ildizi bilan sug‘urib, handaqlarga tiqib ketadi. Yoz shamoli don bog‘lab ulgurgan o‘t-o‘lan urug‘ini yulib-yulqib, usta dehqon kabi yer betiga sochadi. Agar shamol bo‘lmasa, qisir bulutlarni kim haydab kelib, bir-biriga qo‘shadi. U bo‘lmasa qoru yomg‘ir qayoqda? Xut shamoli-da, dov-daraxtlarni silab-siypab, allalab uyg‘otadigan. Kuz shamoli-da, yaproqlarni to‘kib, daraxtlarni uzoq uyquga tayyorlab qo‘yadigan. Javzoning oxirida boshlangan shamol esa uzumzor toklar tanasida paydo bo‘lgan hashoratlarga qiron keltiradi. Hamma shamolga ko‘nikib ketgan.
Tog‘ etagidagi qishloq odamlari, bog‘-rog‘lar mayning o‘rtasidan yozning qoq beligacha oqib turadigan daryochalar ham chashmalardan suv oladi. Bu yil Chashmiobda bahor kamyog‘in bo‘ldi. Qishdayam tuzuk-quruq qor bo‘lmadi. Biroq har yilgiday o‘riklarni sovuq urmadi, shig‘il meva tugdi. O‘rik mo‘l bo‘lganda arpa-bug‘doyning barakasi bo‘lmaydi, degan gap rost shekilli, adoqdagi dashtlarda lalmi g‘allazorlar bosh chiqaraman, deb turganida yomg‘ir tushmay, qovjirab qoldi. Bozorda arpa-bug‘doyning bahosi havolab ketdi. Mol-hol boqib kun ko‘radigan o‘rtakentliklar xas-xashakning kamligidan tashvishga tushib qoldilar. Qo‘lidan ish keladigan yosh-yalang ish qidirib yo‘l olishgan. Pirman cholning har ikki o‘g‘li Toshkent tarafdagi qurilishda ishlaydi. Har zamonda pul yuborib turishadi.
Uquvsiz, paxsa devordan tiklanib ustiga qiyshiq-qing‘ir to‘sin tashlanib, shox-shabba bilan yopilgan, hammayog‘i ochiq bog‘xona tomda yotgan Pirman chol inqillab-sinqillab qo‘yadi. Shamol esa kechayu kunduz tinmay uvillaydi. Oftob betinim qizdirganidan tog‘-tog‘ xarsanglar misday qizib ketadi. Go‘yo tog‘dagi hamma g‘orlarda birvarakayiga otash to‘la tandir qiziydi. Undan chiqqan alanga qaydadir — hech kim bilmas ungurda hosil bo‘layotgan shamol yordamida pastu balandga olov garmsel bo‘lib yog‘iladi. U shunchalik beshafqatki, yashnab turgan dov-daraxt bargini, jilg‘a bo‘yidagi o‘t-o‘lanni, hatto jilg‘aning o‘zini ham, kaptar ko‘zli chashmalarni ham cho‘g‘li tili bilan yalab-yulqab quritib yuboradi. Bunday dovulga bardoshi yetmagan boboyong‘oqlar toshni yorib o‘tgan o‘q tomiridan uzilib, qarsillab qulaydi. Hali mevasi pishib ulgurmagan o‘riklar, xom-xatala olmalar duv-duv to‘kiladi. Janda-janda bo‘lib uzum tukkan yertoklar qalin barglari bilan mevasini shamoldan yashirmoqchi bo‘ladi. Evi kelmaydi. Qancha chiransa ham barglari qovjirab, uzumlari po‘lqinchoq bo‘lib qoladi. Voyish qilingan toklar esa hammadan burun bor-budidan ayrilib ship-shiydon bo‘ladi. Yoz boshida uchirma bo‘lgan polaponlar to‘xtamay esayotgan shamolda bir arg‘amchi bo‘yicha ham ucha olmay, tap-tap yerga qulaydi.
Pirman chol saksondan oshsa ham, hali bunday shamolni ko‘rmagandi. Belidagi og‘riq aralash beixtiyor shamolni so‘kmoqchi bo‘ladi. U shunday ozorlanib ketadiki, beixtiyor g‘azabi qo‘zib, bo‘g‘ziga tiqiladi. Biroq shamolni so‘kib bo‘lmaydi. U yolg‘iz Yaratganning o‘ziga tegishli. Uni Qodir Egamning o‘zi to‘xtatsa bo‘lar. Shul bois chol og‘zidan takror-takror istig‘for tushmaydi. Keyin o‘ylab ketadi. Ko‘zi ochiq, kuchga to‘lgan paytlar Tog‘ qorovuli nomini olgandi. Endi yigirmadan oshgan qirchillama yigit edi. Tog‘dagi har bir giyohni, har bir butani, ayniqsa, archalarni o‘z bolasiday asrab-avaylardi. Miltiq ko‘tarib chiqqan yosh-yalang, undan qutilib ketishi qiyin edi. Eski zamonning belgisi, deya keyinroq odamlar yomon odat chiqardi. Yangi yil arafasida tog‘ archasiga hujum boshlashdi. Oh-oh, qancha-qancha durkun archalar kesilib ketdi-ya. Payti kelib odamlar tog‘dagi anzurpiyozni kovlab, konserva zavodiga topshirib pul ishlashga kirishib ketdi. Ana endi nishonaga ham topib bo‘lmaydi. Sumbulgiyohni, oqdori (itkuchala)ni kimdir ming dardga davo deb e’lon qildimi, ularniyam kovla-kovla qilib quritib yuborishdi. Pirman cholni tinglaydigan odam qolmadi. Oxirgi yo‘lbarsni Oqtoqqa qarab yo‘l olganini ko‘rganda tog‘ qorovuli ellikdan oshib qolgan, uning izidan termula-termula ko‘zida ko‘z qolmagan edi. Oxirgi qobonlarni ham cho‘loq mergan otib, konchilarga sotganini ko‘rib, hech iloj qilolmaganidan bir hafta bo‘g‘ilib yurganini hecham unutolmaydi. Qashqaldoqni xashaki tabiblar, jayrani norg‘ul-norg‘ul lo‘li yigitlar ovlab quritishdi. Dori-darmon bo‘ladi, deb ilonni pishirib yeyishga ruju qo‘yishmasa ham bo‘lardi. Zarafshon va Hisorning qiblaga uzatilgan qo‘liday yastangan va ikki tarafidan quyosh tushib turadigan bu tog‘ dorivor giyohlar o‘sadigan qo‘riqxonaga aylantirilsa, qaniydi? Uning o‘rniga odamlar bu xosiyatli tog‘ni yaylovga aylantirishdi. O‘z boshiga qarovsiz, suruv-suruv yuradigan otlar, tog‘ning hammayog‘iga sochilib ketgan qoramol podalari temir tuyoqlari bilan turnako‘z buloqlarning ko‘zini ko‘r qilib, navqiron butalarni tag-tomiri bilan kemirib yubordi. O‘rtakentliklar yaylovni qo‘rib, navbati bilan o‘tlatishardi. Endi esa hech kimning pishagini «pisht» deb bo‘lmaydi. Daryo bo‘ylarini aytmaysizmi? Qamish, yovvoyi buta ko‘pligidan suv ko‘p bo‘lib, gulmohi baliqlar g‘ujg‘on o‘ynar edi. Suvlar issiqdan parlanib daryo suvi qurib ketganidan gulmohilar tog‘ning eng baland jilg‘asi tomon qochib ketganini ko‘rib, dod-voy, demaganning joniga balli. Oy baldoqli Avliyo balig‘i bo‘ladigan toshhovuzning balig‘ini tutib yeganning burni qonamaganiga nima deysiz? Avvallari Pirman cholga rahmatli kampiri tasalli berar edi. U qazo qilganidan so‘ng, cholga yashashni qizig‘i qolmaganiday, birin-ketin ko‘zlari ham xira tortib qoldi. Balki shundayi durustdir. Eng qizig‘i, Pirman bobo hali shu yoshga kirib, uyida bir kun ham yotib qolmagan. Har kuni «Yo pirim», deb o‘rnidan turib, bomdod namozini o‘qib, hassasini qo‘lga olib, o‘ziga yod bo‘lib ketgan so‘qmoqlardan (yaqin kelgan sharpani, hech bo‘lmasa oyoq ostini g‘ira-shira ilg‘ashi bor) yurib, dovuldan ozorlanib, dov-daraxtni siypalab yurgani-yurgan. O‘sha kuni ham bosh chashmaning suvi qancha kamayganini bilmoq uchun ketayotgandi. Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r, deganlaridek, to‘g‘ri yo‘ldan ketayotgandi, shamol itardimi yoki boshi og‘ib gandiraklab ketdimi, suv yuvib ketgan jarlikka tushib ketdi. Hushi o‘zida bo‘lganida azaldan yomon ko‘radigan cho‘loq merganni siltab tashlab, emaklab bo‘lsayam chiqib olardi. Bugun esa lat yegan belining og‘rig‘idan emas, uch oydan beri to‘xtamay esayotgan shamolning oqibatini o‘ylab, azob chekayotgandi. Buni qarangki cholga tegishli bo‘lgan chakalakda qishin-yozin yashab, hamma qushning tuxumiga qiron keltiradigan, fevraldayoq uyasini ta’mirlab, hammadan burun tuxum quyib ochib chiqadigan hakka yoki maynaqushning bolalari ham kattarib, kunini ko‘radigan bo‘lib qolgan. To‘qson kunni yuzini ko‘rgan shamol tumshug‘idan dumining uchigacha ikki yarim qarich keladigan hakkachalarni ham donlagani qo‘ymay, toshga toblab urgani ham rost. Eng keyin tuxumdan chiqqan to‘rtinchisi esa, hozir titrab-qaqshab qolgan kaljurjiday boshini egib kelib, Pirman cholning etagi bariga kirib ketdi.
Pirman chol hakka degan zotni qancha yomon ko‘rsa ham, buyam bir xudoning jonzotida, deb indamay qo‘ya qoldi. Balki shu tufayli belidagi og‘riq to‘xtar…
Burungidan qolgan rivoyat bor: quyosh har tongda erta turib ibodatli mo‘minday poklanib, yuzini qiblaga burib, to shomgacha ter to‘kib nur taratar, son-sanoqsiz ko‘zlari bilan jumlai jahonni kuzatib, yashnatar, kechqurun esa Tangri dargohiga borib, bandalar qilmishi, kirdikorini ko‘rib, kuyib ado bo‘layotganini aytib, ertaga chiqmayman, deb arzi dod qilar ekan. Yaratganning amri esa har safar shunday bo‘larmish: — Erta tongda turib, baland tog‘ tepasidan qaraysan. Agar bironta bandam uyqudan uyg‘onib, poklanib, mening nomimni yo‘qlayotgan, o‘ziga ham, boshqalarga ham insof va omonlik tilayotgan bo‘lsa, o‘shaning sharofati uchun jumla jahonni yoritgani, isitgani chiqaverasan.
Pirman chol shularni o‘ylar ekan, peshin namoziga tahorat olish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. U chorpoya labidagi obdastani olishga enkayganida, ikki qadamcha narida — tunov kuni dovul yiqitgan keksa tut to‘nkasi yonida yangi nihol unganiga ko‘zi tushdi. Endi til chiqargan barglarni ko‘rdi-yu, ko‘ngli yorishib ketdi.