Xonanda qizning chuchmal muhabbati haqidagi yostiqday roman qo‘lyozmasining “suvini siqib” o‘tirgan edim, ichki telefon jiringladi.
– Hoziroq oldimga kiring, – dedi nashriyotimiz direktori tantanavor ohangda. – Sizga zo‘r yangiligim bor!
Qanaqa yangilik? Yaxshi ishlaganim uchun mukofot bermoqchimi? Shoshma… Meni bosh muharrirlikka tayinlasa-ya! Miyamga chaqmoqday urilgan bu fikrdan a’zoyi badanim bo‘shashib, quloqlarim tagida yoqimli kuy jaranglaganday bo‘ldi.
Qo‘limga daftar-qalam olib, direktorning huzuriga yugurdim. Izzat Anvarovich sakson yoshlar atrofidagi jikkakkina, cho‘qqisoqol otaxon bilan gaplashib o‘tirardi.
– Bu kishi faxriy yozuvchimiz Turg‘unmat O‘rtaovuliy bo‘ladilar! – dedi u cholga imo qilib. – Nuroniy yoshida ham qizg‘in ijod bilan mashg‘ul ekanlar. Gazeta-jurnallarda ko‘p asarlari chiqqan. Yaqinda ajoyib roman yozibdilar. Birinchi sahifasini o‘qiboq ko‘zimga yosh keldi. Bu asar faqat bizning nashriyotda chiqishi kerak! Tag‘in bitta-yarimta betayin “bosmakashlar” ilib ketmasin. Siz hamma ishingizni yig‘ishtirib, shu asarni nashrga tayyorlaysiz.
Boyadan beri qulog‘im tagida yangrayotgan mayin ohang o‘rnini allaqanday yoqimsiz shovqin egalladi. Direktorimiz qalingina daftarni qo‘limga tutqazganida esa alamdan issig‘im chiqib ketdi. U ahvolimni sezdi, shekilli, cholga sezdirmay “keyin gaplashamiz” deganday mug‘ombirona ko‘z qisib qo‘ydi.
– Bu romanim bir daftar bo‘ldi, – dedi direktorning maqtovidan og‘zining tanobi qochib o‘tirgan faxriy yozuvchimiz. – Keyingisini ikki daftar qilaman. Nevaramning aytishicha, do‘konlarda bundan ham kattaroq daftarlar bo‘lar emish…
– Siz bemalol yozavering, O‘rtaovuliy ota, – direktorimiz uning gapini bo‘ldi. – Lekin bir shartim bor – ularni ham begona qilmaysiz. Bunday purma’no romanlar faqat bizning nashriyotda chiqishi kerak!
Faxriy yozuvchimiz qattiq hayajonlanib dik etib o‘rnidan turib ketdi. Nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin tili kalimaga kelmay, bo‘g‘zidan “g‘iyq” etgan tovush chiqdi. Xuddi avliyoni ko‘rayotganday boshlig‘imizga baqrayib qarab qoldi. Izzat Anvarovich viqor bilan stolni aylanib o‘tib, uning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
– Demak, kelishdik!
Turg‘unmat O‘rtaovuliy xonamdagi almisoqdan qolgan kursiga joylashib o‘tirib olgach, uvada xaltasidan bir dasta gazeta olib, oldimga qo‘ydi.
– Men bir umr oziq-ovqat bazasida halol xizmat qilganman, – deb gap boshladi. – Pensaga chiqqandan so‘ng bekor o‘tirmay deb ijod qila boshladim. Manavi gazetalarda asarlarim chiqqan. Shu kunlarda hayotda ko‘rgan-kechirganlarim haqida ko‘p seriyali kitob yozyapman. Kecha oqshom birinchi seriyasini tugatdim. Sen buni kitob qilguningcha ikkinchi seriyasini ham olib kelaman.
Battar ensam qotdi. Bu chol kino bilan kitobning farqiga bormaydi, shekilli. Istar-istamas gazetalarni varaqladim. Ana xolos. O‘rtaovuliy ota deganlari juda serqirra ijodkor chiqib qoldi-ku. Gazetalarning birida besh-oltita to‘rtligi chop qilingan bo‘lsa, boshqasida allaqanday giyohlarning salomatlikka foydasi haqida maslahatlari o‘rin olibdi. “Yuqoridaryo sadosi” degan tuman gazetasida uning imzosi bilan mayda-chuyda xabarlar, lavhalar bosilgan. “Tilsiz yov keltirar tashvish” degan maqolada faxriy yozuvchimiz yong‘inning zararini birma-bir sanab, undan ehtiyot bo‘lish choralari haqida o‘git beribdi.
– Qo‘lyozmangizni qoldirib ketasiz, – dedim gazetalarni o‘ziga qaytarib. – Uch-to‘rt kunlik ishlarim bor. Shularni biryoqlik qilib, keyin siznikini…
– Boshqa ishlaringni qo‘ya tur, bolam, – O‘rtaovuliy ota gapimni bo‘ldi. – Avval mening kitobimni chiqar. Boya boshlig‘ing ham tayinladi.
Cholga gap uqtirish befoydaligini sezib, indamay qo‘ya qoldim.
O‘rtaovuliy ota bir varaq qog‘ozga ism-sharifimni, telefon raqamimni hijjalab yozib oldi-da, tez orada xabar olishini aytib chiqib ketdi.
Birozdan so‘ng Izzat Anvarovich qo‘ng‘iroq qildi.
– Qalay, faxriy adibimizni eson-omon kuzatdingizmi?
– Kuzatishga-ku kuzatdim, – dedim og‘rinib. – Lekin qo‘lyozmasini nima qilamiz.
– Shuyam muammomi? G‘aladoningizning bir chekkasiga tashlab qo‘ying, tamom-vassalom, ‑ dedi kesatib.
– Axir, O‘rtaovuliy otaga va’dani quyuq qilib yubordik…
– Soddasiz-da, ukajon, – kuldi direktor. – Otaxon bir adashib kep qopti. Biz uch-to‘rt og‘iz shirin gap bilan ko‘nglini chog‘lab jo‘natdik. Shu bilan olam guliston bo‘ldi.
Qiziqish ustun kelib O‘rtaovuliy otaning qo‘lyozmani varaqladim. Katak daftarga nuqta-vergulsiz, zich yozilgan satrlarga qarab turib ko‘zim tinib ketdi. Bor-ey, deb uni tortmaga tashlab qo‘ydim.
Ikki kundan so‘ng Turg‘unmat O‘rtaovuliy qo‘ng‘iroq qildi.
– Kitobim chiqdimi, bolam?
– Kitob chiqarish oson ekanmi, otaxon? – dedim g‘ashim kelib. – Avval qo‘lyozmani o‘qishimiz kerak.
– Nima, haligacha o‘qimadingmi? – dedi u tahdidli ohangda.
– Dastxatingiz tushunarsiz ekan. O‘qishga qiynalyapman.
– O‘qishga qiynalsang, kamputirga sol. Gazitdagilar ham shunday qilishadi.
Esi joyidami bu cholning! Bir kamim unga kotiblik qilish qoluvdi. Achchiq ustida faxriy adibimizni xafa qilib qo‘ymaslik uchun o‘zimni bosdim.
– Xo‘p, otaxon, siz aytganday qilaman. Ozgina sabr qiling.
O‘rtaovuliy otaning daftarini tortmadan oldim. Lekin biror satriga ham tishim o‘tmadi. Bu qo‘lyozmani xatm qilish uchun tajribali matnshunos biror yil zahmat chekishiga to‘g‘ri keladi.
Bu yog‘iga nima qilishni bilmay, jimir-jimir qilayotgan satrlarga ancha vaqt umidsiz termilib o‘tirdim.
Shundan so‘ng har gal telefon jiringlaganda yuragim po‘killaydigan bo‘lib qoldi. Aksiga olib, faxriy adibimiz kunda-kunora qo‘lyozmasidan xabar olishni kanda qilmaydi. Men esa “Asaringizni o‘qiyapman, keyinroq bafurja gaplasharmiz”, deya bir amallab qutulaman.
Dushanba kuni ertalab ishga kelsam, nashriyot dahlizida Turg‘unmat O‘rtaovuliy hazratlari savlat to‘kib o‘tiribdi! Uni ko‘rib qay ahvolga tushganimni aytib o‘tirmayman. Noiloj salom-alikni quyuq qilib, xonamga boshladim.
– Romaningizni o‘qidim, otaxon, – dedim g‘aladondan tanish daftarni olib. – Juda hafsala bilan yozibsiz. Qahramonlaringiz o‘ziga xos…
– Qaysi birini aytyapsan, bolam? – so‘rab qoldi gaplarim moyday yoqib, suzilib o‘tirgan O‘rtaovuliy ota dabdurustdan.
– Haligi… bosh qahramon bor-ku?
– Men faqat bosh qahramonlarni yozaman!
– To‘g‘ri, yozganlaringizning hammasi bosh qahramon… – Biror arzirli gap topish ilinjida daftarni varaqladim. Aji-buji yozuvlar orasida “Arslon” degan so‘zga ko‘zim tushib qoldi. – Ha! Ayniqsa, Arslon obrazi o‘zining ezgu fazilatlari, samimiyligi bilan boshqalardan ajralib turibdi.
– Arslon – qo‘shnimizning kuchugi, – dedi O‘rtaovuliy ota. – O‘zi zotdor it. Men asarimda uning Sadir piyonistani kallasidan tishlab olganini yozganman.
– Shunaqami?.. Xullas, roman ancha hafsala bilan yozilgan. Lekin uni yanayam qiziqarli qilish uchun ozgina ishlash mumkin. Birinchidan, asarga sarlavha topish kerak. Shu paytgacha birorta kitob sarlavhasiz chiqmagan…
– Unda kitobga “Arslonning ezgu fazilatlari” deb nom qo‘yamiz.
– Romaningiz kuchuklar haqida bo‘lganida shunday sarlavha qo‘ysak yarashardi, – dedim pichingdan o‘zimni tiyolmay. – Baxtga qarshi, unda odamlar ham bor-da!
Tursunmat O‘rtaovuliy kinoyani payqamadi.
– Unday bo‘lsa, o‘zing birorta nom topa qol, bolam.
– Keyin fabulani ham jiddiy ishlash kerak. Voqealar ancha tarqoq, tushunarsiz. Xarakter, til masalasida ham kamchiliklar yetarli…
Boyadan beri yayrab o‘tirgan Tursunmat O‘rtaovuliyning qiyofasi o‘zgarib, qisiq ko‘zlari kattalashib ketdi.
– Hozirgina o‘zing romanimni maqtayotgan eding. Endi bo‘lsa, xatolari ko‘p deyapsan!
– Meni to‘g‘ri tushuning, otaxon, – dedim muloyimlik bilan. – Har qanday asarning yutuqlari bilan birga nuqsonlari ham bo‘ladi. Uni kitob qilib chiqarishdan oldin yaxshilab pishitib olish kerak.
– Bobong tengi odamni tanqid qilishga uyalmaysanmi?
– Men romaningizni tanqid emas, tahlil qilyapman.
– Kitobimni chiqarmaysan, shekilli? – dedi u menga o‘qday tikilib.
– Uzr, otaxon, bu ahvolda nashr qilolmaymiz.
– Sen juda bemaza bola ekansan. Menday faxriy yozuvchining romanini yomonlashga nima haqing bor? Hoziroq boshlig‘ingga kiraman!
Turg‘unmat O‘rtaovuliy daftarini qo‘limdan yulib olib, shitob bilan chiqib ketdi. Shu zahoti Izzat Anvarovichga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirdim.
– G‘alati chol ekan-ku, – dedi u kishi ham o‘ylanib. – Odamlarga hayronsan, ko‘ngli uchun bir-ikki og‘iz iliq gap aytsang, naq boshingga chiqib oladi… Bo‘pti, kotibaga aytib qo‘yaman, meni yo‘q deb yuboradi.
Ancha vaqt qo‘lim ishga bormay shumshayib o‘tirdim. Kunda-kunora shu ahvol. Asaringiz bo‘shroq desang, baraka topgur mualliflar naq yotib yoqalashadi. Qaysi kuni bittasi kaminani “adabiyotning dushmani” deb atadi. Nashriyot degan dahmaza joyda ishlayotganimdan xafa bo‘lib ketdim.
Tushlik ham tatimadi. Bosmaxonaning xo‘randalar bilan gavjum oshxonasida ancha vaqt xayol surib o‘tirdim. Shu payt Zamon Ali degan shoir do‘stim yemak to‘la patnis ko‘tarib kelib qoldi.
– Nega otasidan dakki eshitgan boladay shumshayib o‘tiribsan? – dedi u salom-alikdan so‘ng kosasidagi lag‘monga sirka aralashtira turib. – Tinchlikmi?
– Tinchlik, – dedim istar-istamas. Tuyqus Zamon Ali ishlaydigan gazetada ham Turg‘unmat O‘rtaovuliyning she’rlari chop etilgani esimga tushib qoldi.
– Qaysi kuni gazetangizda besh-oltita ajoyib to‘rtlik chiqqan ekan, – dedim gapni uzoqdan boshlab. – Turg‘unmat O‘rtaovuliy degan shoirniki…
Ishtaha bilan lag‘mon yeyayotgan do‘stim kutilmaganda qalampir chaynab olgandek aftini burishtirdi.
– Eslatma shu odamni!
– Nega?
– To‘g‘risi, o‘sha to‘rtliklarning muallifi o‘zimman!
– Tushunmadim?
– Turg‘unmat O‘rtaovuliy deganlari – yoshini yashab, oshini oshab bo‘lgan keksa bir odam, – kuyib-pishib tushuntira ketdi u. – O‘zicha bir nimalarni qoralab, gazetalarga qatnab yuradi. Yozganlarini o‘qib bo‘lmaydi. Lekin choli qurg‘ur qadalgan joyidan qon olmay qo‘ymaydiganlar xilidan. Gazetada bir enlik narsasi chiqmaguncha holi-joningga qo‘ymaydi. Buning ustiga, keksa odam… Shunga kimdir shapaloqdek maqolasiga, kimdir birorta xabar-pabariga uning ism-sharifini qo‘yib yuboradi. Otaxon ham xuddi o‘zi yozganday xursand bo‘lib qoladi. Qalam haqini tiyinma-tiyin sanab oladi. Men ham o‘sha to‘rtliklarni uning nomidan chiqarib tinchidim.
– Sening o‘sha arzanda shoiring ruboiyga qanoat qilmay, endi roman yozishga o‘tibdi! – dedim alam bilan. – Bir haftadan beri “Kitobimni chiqarasan”, deb boshimni qotirib yotibdi.
Shoir do‘stim ichakuzdi latifa eshitganday miriqib kuldi.
– Ha, senga qiyin bo‘pti, – dedi so‘ng hamdardlik bilan. – Bizga o‘xshab gazetada ishlaganingda ham mayli edi. Endi undan osonlikcha qutulmaysan.
Tushlikdan battar dilim xufton bo‘lib qaytdim. Xonaga kirishimni kutib turganday telefon asabiy jiringladi.
– Yog‘liqqina oshlarni yeb, maishat qilib kelyapsizmi? – dedi Izzat Anvarovich kinoya bilan.
– Yo‘q… Karam sho‘rva ichdim, – dedim hech narsaga tushunolmay.
– Sizning dastingizdan men bechora och-nahor xonada qamalib o‘tiribman!
– Tushunmadim…
– G‘alchamisiz, nimaga tushunmaysiz? Anavi chol qabulxonada chayla qurib yotib olgan. Men bilan uchrashmasdan ketmasmish!
– Iya! Turg‘unmat O‘rtaovuliy haliyam shu yerdami? – dedim hovliqib.
– Yarim soatdan so‘ng vazirlikda majlis boshlanadi, – dedi boshliq vazmin, ammo qahrli ohangda. – Hoziroq cholni tinchitmasangiz, boshqa ko‘zimga ko‘rinmang!
Oyog‘imni qo‘limga olib qabulxonaga yugurdim. Kotibaning yonidagi kursida g‘o‘dayib o‘tirgan faxriy yozuvchimiz meni ko‘rib battar qovog‘ini uydi.
– Sen bolani ishdan haydatmaguncha qo‘ymayman. Kerak bo‘lsa, boshlig‘ingdan kattalarga ham boraman!
– Kechiring, otaxon, – dedim tilim zo‘rg‘a kalimaga kelib. – Kitobingizni albatta chiqaramiz. Yuring, xonada gaplashaylik.
Baxtimga, Turg‘unmat O‘rtaovuliy ko‘ngilchan odam ekan. Shu zahoti jahldan tushib, ortimdan ergashdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday yengil tortdim…
Har yomonning bir yaxshisi bor, deb bekorga aytishmagan ekan. Shu voqea sabab anchadan beri navbat kutib yotgan mo‘jaz kitobcham bosilib chiqdi. Faqat muqovasida “Turg‘unmat O‘rtaovuliy” ismi-sharifi savlat to‘kib turardi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 4-son