G‘afur G‘ulom. Ko‘ngilsizning “qilig‘i” (hikoya)

Bir tancha bo‘lib gurunglashib, g‘o‘za chuvib o‘ltirgan qiz-juvonlar qo‘yarda-qo‘ymay Sarvar xoladan o‘tgan gaplardan hikoya so‘ylatmoqchi bo‘ldilar. Sarvar xola qo‘lidagi ko‘sakning og‘zini yorar ekan, javob kutib tikilgan juvonlarga qaradi-da:
— Qurib ketsin o‘sha bema’ni gaplar, ishlaringizni qilsalaring-chi, aylanaylar,— dedi. Bunga Mukambaroy unamay:
— Ular, xola, nima qilarmish, biz ham o‘sha, sizning boshingizdan o‘tgan gaplardan eshitib qo‘ysak,— dedi.
Xonposhsho Mukambaroyga qo‘shilib:
— Ayta qoling, shuncha odamning sazasini bekorga o‘ldirmang, — dedi.
Sarvar xola o‘ltirgan xotin-qizlarga bir tikilib oldi-da:
— Xayr, qani aytsam aytay, — dedi, lekin quloqlaringni solib, jim o‘ltirasizlar, birontalaring qilt etib og‘iz ochsalaring, hikoya o‘sha yerda adoyi tamom. Mendan gina qilmanglar, xo‘pmi?
— Xo‘p, qani boshlang.
Sarvar xola hikoyasini boshladi:
— Dadam o‘roqchilikda mixchagarlik qilar edi. O‘zi kambag‘al, yolg‘iz qo‘l odam edi. Yoniga bironta shogird yoki xalfa solib ishlatishga qurbi yetmas edi. Onam ko‘pincha qo‘ni-qo‘shnilarimizning to‘y, ma’raka, uy-ro‘zg‘orlaridagi yumushlariga qarashib, ulardan non, osh olib kelib tirikchilikka qarashar edi, men bo‘lsam endi o‘n yettidan o‘n sakkizga qadam qo‘ygan navqiron qiz edim. Bizning uy ichimizda mendan kichik ikkitagina o‘g‘il ukalarim bo‘lsa ham, ularning qo‘lidan hali hech ish kelmas edi. Mahallamizda bizdan uch qo‘shni nari Qosimboy degan katta poyko‘pchi bo‘lib, uning to‘rt-besh joyda katta-katta juvozlari, guruchbozorda besh-oltita do‘konlari bo‘lar edi. Bular har haftada vagon-vagon guruchlarni Buxoro tomonga jo‘natib turar edilar. Qosimboyning qo‘l ostida kami elliklab gumashtalari, xizmatkorlari, shahardan shaharga qatnovchi odamlari bor edi. Bularning hamma hisob-kitoblarini to‘g‘rilaydigan boyning o‘ttiz beshlar chamasidagi G‘aniboyvachcha degan o‘g‘li bor edi.
Men kundan-kun o‘sdim. O‘g‘il ukalarim ham ulg‘ayib, bo‘ylari cho‘zila boshladi. Dadam bechoraning boshida yangi umidlar, meni erga berish, ukalarimni sunnat qilish kabi orzu-havaslar uyg‘ona boshladi.
Qiz ma’no birovning xasmi, qachon bo‘lsa ham o‘z tengi chiqsa, o‘rab-chirmab olib ketadi. Lekin o‘g‘il bolaning ishi qiyin. Uni sunnat qilish, uylantirish — hammasiga ham ota-ona javobgar. Dadamning miyasida ham meni erga berishdan ilgari ukalarimning qo‘llarini «halollab» olish tashvishi kattaroq edi. Chunki katta ukam o‘n ikkiga, kichigi o‘nga kirib qolganlaridan mahalla-ko‘ydagi kishilar ham dadamni ko‘rganda, nuqul shu to‘g‘rida so‘z ochib, uyaltirar ekanlar. Ba’zilari:
— Rahmatqul aka, to‘yni qachon qilamiz? Qachon sabzi to‘g‘raymiz?— desalar, ba’zilari bironta sotiladigan narsani dadamga ro‘kach qilib:
— Rahmatqul aka, siz shuni olib qo‘ying, mana, yaqinda, xudo xohlasa, boshingizda to‘yingiz bor. Biror egilingizga yarab qoladi, — deyar ekanlar.
Hatto bir kuni mahallaning so‘fisi:
— Rahmatqul, domlamizning yelkalari ham qichib qolgan emish. «Qachon to‘y bo‘ladi?» deb so‘ramoqdalar. Bu yil kuzdan qolmas, inshoollo, — deb dadamni mulzam qilar ekanlar.
Dadam xalqning ta’na-tavbasidan zerikib, bir kun onam bilan maslahat qildilar. Qanday bo‘lsa ham bir o‘nqovini topib, kishi ko‘rganday orzu-havasli to‘y o‘tkazish niyatida edilar.
Otam bilan onam o‘ylab-o‘ylab, oxiri Qosimboyvachchadan biror yuz ellik so‘m qarz olishni ma’qul ko‘rdilar.
Shu bilan dadam ertasiga bomdoddan chiqqandan so‘ng to‘g‘ri Qosimboyvachchaning hovlisiga borib qarz so‘ramoqchi bo‘libdi.
Qosimboyvachcha avvaliga: «Qo‘limda naqd oqcham yo‘q, berganim bilan vaqtida uzolmasdan uyaladigan bo‘lmang. Siz bilan biz yonma-yon qo‘shni, tag‘in o‘rtamizga sovuqchilik tushib, nari-beri gapga qolmaylik», deb turli shartlar bilan vekselga qo‘l qo‘ydirib, yuz ellik so‘m bermoqchi bo‘libdi. Bu pulning yuz so‘mi naqd oqcha, qolganiga o‘z juvozidan guruch berar ekan, dadam yuz ellik so‘mga har oyga besh so‘m ijara to‘lashi lozim ekan.
Shu bilan uyimizda xursandchilik paydo bo‘ldi, Hammaning og‘zida «to‘y-to‘y», qavm-qarindoshlarimiz «muborak bo‘lsin»ga kela boshladilar. O‘n besh kunga qolmay dadam o‘g‘illarining qo‘lini «halollab» oldi.
Sarvar xola so‘zini shu yerga yetkazganida qiz-juvonlarga qarab:
— Bo‘ldi, qoqindiqlar, mening boshimdan o‘tgani shu,— dedi.
Qiz-juvonlar chuvillashib:
— Ular, dadangizning to‘yi qursin, bizga uning nima qizig‘i bor. Qolganini ayting. Gapning moyligi kelganda to‘xtatmang-da, xolajon,— deyishdi. Sarvar xola jilmayib turib so‘zga boshladi:
— Oradan bir necha kun o‘tdi. Bir kun boyning uyida xizmat kilib yuradigan Shafoat amma degan oqsoch onamdan: «Ishlarimga ozroq boqishib yuborsin», deb meni so‘rab olib chiqib ketdi. Men chiqdim. Dadamning boydan qarzlari bo‘lganidan, boyning uyida bo‘ladigan butun movliyatlarda chiqib, xizmat qiladigan bo‘lib qoldim. Bora-bora: «Kimsan, boybuvangdan qochasanmi!» deyishib Qosimboydan qochmaydigan qilishdi. Men boyning uy yumushlarini qilishga ko‘p chiqar edim. Bir kun boyning katta xotini mendan koyib:
— Sarvar, agar bizning uydagilarning hammasidan ham qocha beradigan bo‘lsang, bizning uyga chiqma, nahotki bittayu bitta G‘aniboyvachchadan qochsang, xudoga shukur, u kichkina odam emas. Sendaylarga zor ham emas,— dedi.
Men boyning o‘gli G‘aniboyvachchaga salom berib ko‘rindim. Uyalganimdan qora terga tushib, yerga termilar edim. G‘aniboyvachcha menga juda qattiq tikilib kuldi-da:
— Ha, Sarvarxon, omonmisiz, barakalla-barakalla, katta qiz,— deb chiqib ketdi. G‘aniboyvachchaning xotini Zumrad kelin oyi mashhur boylardan Inoyathojixonning qizi bo‘lib, uncha aytaturgan chiroyli emas edi. G‘aniboyvachcha unga ko‘p ham iqi suyub qaramas edi. Shu vajhdan G‘aniboyvachcha kim ko‘ringan kishilarning xotin-qizlariga olayib yurar edi. Men G‘aniboyvachchaga ko‘ringanimni onamga aytganimda, onam koyib:
— G‘aniboyvachchaning koshki niyati sog‘ bo‘lsa, dadasi topganini ko‘cha-ko‘yda sovurib yuradi, chakki qilibsan, qizim,— dedi.
Xayr, bir kun yana Qosimboyning uyiga mehmonlar keladigan bo‘lganidan, oqsoch meni chaqirib ketdi. Men ularning keldi-ketdisining ko‘pligidan zerikib, chiqmay degan edim ham-ku, biroq dadam bechoraning yuz-xotirini qilib chiqishga majbur bo‘ldim. Men chiqqanimda, boyning uyiga hech qanday mehmon kelishining asari bo‘lmay, uyda hatto boyning xotinlari ham, kelinlari ham yo‘q edilar. Oqsoch meni aldab olib chiqqan ekan. Shafoat amma menga iljayib:
— Oppoq oyimlar bilan kelinlari nax ko‘ch-ko‘ronlari bilan qudalarining uyiga ziyofatga ketishdi. Abdufattoh G‘uljadan qaytgan ekan, bu kun u yerga hamma yig‘ilgan. Boybobong ham o‘sha yerda. Bugun sen bilan men yolg‘iz uyning bekasimiz, he-he-he.
Men mayda-chuydani surishtirib o‘ltirmay, hovli yuzalarini supurish-sidirishga boshladim. Qozon-tovoqlarni yuvdim, Shafoat amma bu paytlarda uy ichlarini yig‘ishtirib yurar edi. Men ariq labida samovarning kulini to‘kar edim. Shafoat amma boyning kichik xotinining uyidan:
— Sarvar, hay Sarvar, opang aylansin, borib kelin oyingning uyini sen yig‘ishtirib qo‘ya qol, koshki u oyimxonim o‘lgurlar birovga o‘z yuklarini ortmoqchilab yurmasalar,— dedi.
Men «xo‘p» dedim-da, supurgini ko‘tarib, G‘aniboyvachchaning xotinining uyiga kirdim. To‘g‘ridan ham, uy yig‘ishtirilmagan, kelinning butun pardoz-andoz buyumlari, yechgan kiyim-kechaklari yer bilan bitta bo‘lib, uy yuzasida chochilib yotar edi. Hatto o‘rinlari ham yig‘ilmagan edi. Mening yoshligim, nodonligim qursin, ko‘nglimga shu paytda bir pardoz qilish kelib qolib, kelinning oynasining yoniga kelib qolib, upa-elik, surmalari bilan qosh-ko‘zlarimni pardoz qilmoqqa boshladim. Shafoat amma uyning eshigini ochib, kelib menga qaradi-da, kemshik tishlarini irjaytirib:
— Ha, qiz o‘lmagur, hech kim yo‘g‘ida pardoz-andozingni qilib qol, tag‘in er olib qochib ketmasin,— deb eshikni yopib chiqib ketdi.
Men uning orqasidan kulib qoldim. Shu tobda birdan uy ichidan:
— Sarvar,— degan tovush eshitdim. Yuragim urmoqqa boshladi. Atrofga ko‘z yugurtirib, hech kimni topa olmadim. Tag‘in:
— Sarvar, pardoz qilmasang ham chiroylisan,— dedi haligi ovoz. Yalt etib qarasam, G‘aniboyvachcha taxmondan zardivolni qayirib, menga jilmayib turar edi. Men, «voydod» deb eshik tomonga yugurdim. Qarasam, eshik orqasidan zanjirlangan edi.
Shafoat amma bilan G‘aniboyvachcha birikib, meni shunday qo‘lga tushirmoqchi bo‘lganlarini payqadim. Qochib qutulishga birorta eshik qidirar edim. G‘aniboyvachcha taxmondan tusha kelib, qo‘limni mahkam ushladi.
— Sarvar, bari bir, qochib qutula olmaysan. O‘zing yaxshi bilasanki, men xotinimga ko‘ngilsizman. Men seni o‘zimga xotin qilib olaman,— dedi.
Bu choqda, u o‘z so‘zlarini bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib, yutoqib so‘zlar edi. Men yig‘ladim. Hech ilojim qolmadi.
Sarvar xola o‘z so‘zini shu yerga kyoltirganda bir uh tortib qo‘ydi va ko‘ziga yosh olib:
— Yuzimga sovuq suv sepib, Shafoat amma o‘zimga keltirganda, G‘aniboyvachcha yo‘q, men bir pullik odam bo‘lgan edim,— dedi.
Butun bir tancha xotinlar bir-birlariga qarashib oldilar-da:
— Keling, xola, sadag‘ayi ko‘z yoshingiz ketsin, o‘tgan ishdan tush yaxshi, qolganini gapiring, keyin nima bo‘ldi,— dedilar.
—Qoqindiqlar, keyin nima bo‘lar edi, — dedi Sarvar xola,— dadamning boydan oqcha olganiga bir yilcha bo‘lgan bo‘lsa ham bir tiyin to‘lay olgani yo‘q edi. Boy notariusdan odam bilan kelib, uyimizni hatlatdi. Mahalla-ko‘yning narxi bilan hovlimizni boy o‘ziga bir yuz yetmish besh so‘mga qoldirdi. Boyning dadamdagi haqi ijarasi bilan ikki yuz o‘ttiz besh so‘m bo‘lar ekan. Qolgan oltmish so‘m pulni dadamga zakotga ushatdi. Biz o‘z uyimizni boyga topshirib, ko‘chlarimizni ortmoqlab, mana shu yerga kelib qoldik. Dadam meni bir qoshiq obi yovg‘on bilan hozirgi erim Sa’di xalfaga erga berdi. Shundan so‘ng, kuyov, qayin ota chorikorlik qilib, bizni boqmoqqa boshladilar. Biz ham qo‘ni-qo‘shnining xizmatini qilib, ularga qarashar edik.
Mana hozir bo‘lsa, otam-onam o‘lib ketdilar. Sa’di akangiz yer islohotida Qosimboyning yerini egallab, mol-mulkli bo‘ldi. Ukalarim pochchasining yonida yordamchi. Qosimboy o‘lib, G‘aniboyvachcha shaharda oyoq cho‘tkalar emish, yeri hukumat tomonidan bo‘lashib berilgan, deb eshitgan bo‘lsam ham, allazamonlardan buyon ko‘rganim yo‘q,— deb Sarvar xola so‘zini tugatdi.
Butun xotinlar Sarvar xolaning hikoyasi ustida gapira-gapira bir qancha g‘o‘zani chuvib qo‘yganlarini bilmay qoldilar.
Men ayamning yonboshiga suyanib, pish-pish uyquga ketgan edim.

1928