Kompyuterda nimadir yozib o‘tirgan edim, tashqarida tez-tez bosilayotgan qadam tovushi eshitildi. Shartta turib, ko‘p qavatli uyning ikkinchi qavati derazasidan tashqariga qaradim. Pastda esa qayoqqadir shoshgancha Men ketib borar edi. Badanim jimirlab ketdi, aslida, qaysi biri haqiqiy Menman?! Bu dunyoda bir mehmon, biroq o‘zini mezbondek tutadigan xotirjam Menmi, yo har soniya o‘zini o‘tga, cho‘qqa uraveradigan, go‘yo tezlashmasa, nelardandir quruq qoladigandek yuradigan ko‘chadagi shoshqaloq Menmi?..
Darrov ko‘chaga chiqib, shoshqaloq Menning ortidan yugurdim. Taxminan, ikki yuz qadam oldinda u ketib borar, qadami tobora tezlashar edi. Ayni damda chekkim kelib yonimdan sigaret olib tutatgan ham edim, mashinaning qattiq tormoz bosgani eshitildi. Yalt etib ortidan borayotganim shoshqaloq Men tomon qaradim.
Erda kimdir yotar, uch-to‘rt odam uning tepasida nimanidir muhokama qilishar edi. Yugurib ularning yoniga bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, yerda shoshqaloq Men ko‘zlari baqraygancha o‘lib yotardi. Ha, essiz, unga qancha gaplarim bor ediya.. Darvoqe, o‘lik…
* * *
…O‘likdan, qabristondan, janozadan qo‘rqaman. Tiriklardan qo‘rqish kerakligini bilaman, lekin men shundaymanda. Ko‘zim o‘rgansin, deb bir janozaga bordim. Ha, to‘g‘ri, hammasi oddiy ekan! Yurib, gapirib turgan odam endi jimgina yotibdi. Balkim baridan qutilgandir, balki tutilgandir. Ammo qabrga qo‘yilayotgan murdaning yuz tuzilishi kafandan ko‘rinib ketdi. Jasad ham Men ekanligimni ko‘rib, rosti juda hayratlandim. Axir, men yuribmanku, qachon o‘ldim?!
Xayolimga tartibsiz o‘ylar kela boshladi… Shu ondan o‘zimni zarra deb hisoblay boshladim. Boshqalarni ham. Umuman, hamma narsa zarra, degan qarorga keldim. Axir, dunyo zarralarning jipslashuvidan tashkil topgan. Bir kun kelib hamma narsa zarralarga parchalanib ketadi. Qiziq, o‘shanda bu cheksiz koinotda nima qolar ekan a!?
Marhumning uyida janoza tugab, yig‘ilganlar tarqalgan mahal qabristonga qarab yo‘l oldim. Muddao – qabrdagi murdani yana bir ko‘rish. Endi oldingi qo‘rquvimdan asar ham qolmadi. O‘zimda adoqsiz bir shiddat sezdim. Quyosh allaqachon ufqqa bosh qo‘ygan, qishloq ahli o‘z yumushlarini bitirib, uy-uylariga kirib ketgan. Mozorotgacha taxminan yetti yuz qadamni juda tez fursatda bosib o‘tdim. Qabriston darvozasidagi «Xush kelding, ey ko‘ngli butun odam!» degan yozuvni o‘qib, negadir kulgim keldi. Albatta, birinchi jumlaga, negaki… Ha, mayli, balki kimlar uchundir, balki, hamma uchun bu manzilga kelish, «xush kelishdir». Darvozadan kirishim bilan tirgagiga suyab qo‘yilgan velosipedga ko‘zim tushdi. Atrofga alangladim, hech kim ko‘rinmadi.
Ichkariga kirdim. Hali tuprog‘ining nami ketmagan lahad tepasidaman. Yenglarimni shimarib, qabrni kavlay boshladim. Birozdan so‘ng yelkamga bir qo‘l ohista tegdi. Sekin ortimga qaradim. Negadir men hech narsadan qo‘rqmayotgan edim. Odatda, bunday hollarda odam seskanib ketadi. Mendagi qo‘rquv hissi qayoqqadir yo‘qolgan edi. Ortimda oppoq soch-soqolli qariya jiddiy tikilib turardi.
– Kimsiz? – dedim tahdid ohangida. U javob berish o‘rniga:
– O‘zing kimsan, namozshomda birovning qabrini bezovta qilayotgan shakkok!? – dedi.
– Marhumni ko‘rmoqchiman, bu men uchun juda muhim, – dedim o‘ylangancha.
– Mumkin emas, bu qonunda ham, shariatda ham taqiqlangan, – deya keta boshladi. Birpas o‘lik sukunat hukm surdi. Mozor darvozasidagi yozuv yodimga tushib, qariyadan:
– Nega darvozaga «Xush kelding!» deb yozgansiz? – deya so‘radim.
– Ko‘nglingdan savolingga javob topasan! Qalbi butun odamlargina buni anglay oladi! – dedi. Darvoza tomon yura boshladim. O‘yladim. Qanday? Nega? – degan savollar miyamda aylanardi.
Ortimdan «Yaxshi bor, ko‘ngli butun odam!» degan ovoz keldi. Chaqmoq urgandek bo‘ldi. «Bo‘ldi, endi hammasini so‘rayman!» deb o‘zimga va’da berdim. Undan nega menga ikki tomchi suvdek o‘xshashini, ko‘nglim butun yo butun emasligini qayerdan bilishini so‘ramoqchi edim… Lekin endi qariya hech qayerda ko‘rinmas edi…
* * *
Yolg‘iz yurishni yaxshi ko‘raman. Ba’zida ko‘chalarni, bozorlarni yolg‘iz aylanaman. Yolg‘iz yurishda nedir sinoat bordek tuyiladi menga. Yolg‘iz yursam, o‘zimni tezroq topadigandek his etaman. Shunday kunlarning birida katta beton yo‘l yoqalab ketib borar edim. Birdan yerda yotgan oq qog‘ozga ko‘zim tushdi. Ajib bir qiziqish bilan uni qo‘limga oldim. Qog‘ozdagi so‘zlar yanada qiziqish uyg‘otdi. Shu tobda nega boshqalar bu qog‘ozga e’tibor bermagan ekan, degan fikr xayolimdan lip etib o‘tdi. Balki hamma osmonga qarab yurar, men esa yerga…
Qog‘ozda «Ey ko‘ngli butun odam, seni uyda kutaman! Bilaman, sen, albatta, kelasan!» deb yozilgan edi. Maza qilib kuldim. Axir buni kimdir zerikkanidan yozgan va kutgan odami kelishi bilan mashina oynasidan uloqtirgan yoki biron talaba darsda bekor qolib yozganu, uyga qaytishda cho‘ntagidan chiqarib otgan bo‘lishi mumkinku, deb o‘yladim. Lekin o‘sha bolalik paytimdan odat sarguzashtsevarligim xumor qilib, qog‘ozda ko‘rsatilgan manzilga jo‘nadim.
Yo‘lda ketar ekanman, nimagadir kayfiyatim zo‘r edi. Inson hayotida me’yorlarsiz ham yashab ko‘rishi kerak. Shunda u me’yorning naqadar kerak ekanini anglaydi, degan fikr o‘tdi ko‘nglimdan.
Mana, manzilga yetdim. Endi xayolimga turli gumonlar kela boshladi. Bu yerda biror urushqoq ayol yashasa, umrimda eshitmagan tuhmatlar bilan menga yopishsaya?! Yo biror bezorilar to‘dasi bo‘lsachi!? Yo‘q, dedim past ovozda o‘zimga o‘zim qat’iyat bilan. Jilovsiz xayollarimni bir joyga yig‘ib, eshikni taqillatdim. Chunki uning qo‘ng‘irog‘i yo‘q edi. Ichkaridan «Kiravering, eshik ochiq», dedi ayol kishi. Ko‘nglimdagi shubhalar yana jonlandi. «O‘lding», dedim ichimda. «He», dedi yana bir ko‘nglim. Tavakkal, deb ichkariga kirdim. Orasta uy. Ko‘zimga birinchi tashlangan narsa ayvon devorida osig‘liq turgan kiyik shoxi. Shox yog‘ochdan yasalgan bo‘lsada, haqiqiyga o‘xshar edi. Poyabzalimni yechmasdan bir oz turib qoldim. «Kiring, nega jim bo‘p qoldingiz?» dedi ayol kishi ichkaridan. Tuflimni yechib, ayol ovozi kelayotgan xonaga kirdim. Katta stol bayramona bezalgan. Bu ertaklardagi ochil dasturxonning xuddi o‘zi edi.
– Assalomu alaykum, – dedim sal yengil tortib. Shunda beixtiyor ayolga qaradim. Qarshimda ko‘zi tim qora, sochi yoyiq, yuziga parda tortilgan o‘ttiz besh yoshlardagi juvon turardi. Izn so‘ramasdan stulga o‘tirdim. Ertalabdan ko‘chada yurib charchaganman.
– Yaxshimisiz, nimaga yuzingizga parda tutib oldingiz, nima uchun qog‘ozga bunday gapni yozib, ko‘chaga tashlab keldingiz? – dedim ayolga termilib.
– Men sening kelishingni bilardim! – dedi u savollarimni javobsiz qoldirib.
Bu yerda qandaydir sir bor yoki shunchaki hazil, degan fikr o‘tdi ko‘nglimdan.
– Qayerdan bilardingiz? – dedim kulimsirab.
– Ha, bilardim, chunki sen mening erimsanku! – dedi ayol ko‘rinishi o‘zgarmay. Boshimga kimdir temir bilan urgandek bo‘ldi. Ana endi tuhmatga qoldim, deb o‘yladim ichimda.
– Men sizning qanday eringizman! Kun ko‘rishga, non topishga boshqa yo‘l qolmadimi? Manavi narsalarni ham mendan oldingi «erlaringiz»dan undirgan bo‘lsangiz kerak! – dedim jahl bilan stoldagi narsalarga ishora qilib. Ayol gapirmadi.
– Sizdan inson sifatida rozi emasman! – deb o‘rnimdan turdim.
– O‘tir, o‘tir qayoqqa ketyapsan, ko‘ngli butun odam! – dedi u. Ho-holab kulib yubordim.
– «Ko‘ngli butun» sizning ov parolingiz shekilli?! – dedim.
U jimgina orqa tomonidagi tokchada turgan suratni ko‘rsatdi. Suratda xuddi menga o‘xshagan odam va mana shu ayol turar edi. Shartta ayvonga chiqdim, tuflimni kiyib ko‘chaga yugurdim. Duch kelgan birinchi restoranga kirdim. Maqsadim to‘yib ichish. Balkim men kasaldirman. Bo‘lishi mumkinku! Masalan, shizofreniyaning boshlang‘ich holati. Bu narsalar mening ko‘zimga ko‘rinayotgandir. O‘zi oxirgi paytlar kam uxlaydigan bo‘lib qolgan edim.
Restoranga kirib barmenning oldiga bordim. Cho‘ntagimga qo‘l soldim, lekin cho‘ntagimda ichkilikka yetadigan pul yo‘q, faqat ikki dona sigaretga yetadigan pul bor ekan. Holatimni ko‘rgan barmen:
– Ha, ishdan haydashdimi, o‘rtoq? – deb so‘radi.
– Yo‘g‘-ey, shunchaki, o‘zim, bir ichmoqchi edim. Pulim yo‘q ekan. Sigaret beraqoling! – deya cho‘ntagimdagi pulni uzatdim. Barmen pulni olib, ikki dona sigaret uzatar ekan «Haa, bu bozor iqtisodi, puling bor bo‘lsa, yashaysan, bo‘lmasa, yo‘q. Tekin narsa faqat masjidda bo‘ladi!» dedi salmoqlab. «To‘g‘ri, to‘g‘ri!» dedim jilmayib.
* * *
Bomdod mahali azon tovushidan uyg‘onib ketdim. O‘rnimdan turib o‘tirdim. Azonning ko‘ngilga orom beradigan ovozi tindi. Birdan din, namoz haqida o‘y sura boshladim. Telefonimning kalendariga qaradim – juma. Musulmonlarda juma muborak kun. Shu kun musulmon jam bo‘lib ibodat qilishadi. Xuddi shunday yahudiylar shanba, xristianlar yakshanba kuni jamlanib, o‘z diniy amallarini ibodatlarda bajaradi. E, shu hammasi bir kunda ibodat qilsa bo‘lmasmikan!? Axir, Xudo bittaku!
Demak, bugun juma ekan. «E, yaxshi bo‘ldi, men ham bugun jumaga chiqaman» deb ko‘ngildan o‘tkazdim. Keyin o‘ylab qoldim: «Kecha ichmaganmidim?!» Yo‘q, o‘t qopim og‘rigani bois anchadan beri ichmayotganim esimga tushdi.
Nonushta qilib, ishga jo‘nadim. Avtoulovga chiqishim bilan, bir narsa yodimga tushib, o‘zimdan o‘zim uyalib ketdim. Axir, men oxirgi ishxonamdan bo‘shaganimga endi uch kun bo‘ldiku! Hali yangi ishga kirganim yo‘q. «Mayli, juma namozigacha bozorlik qilib kelaman», deb o‘zimga taskin berdim.
Bozor ro‘parasidagi bekatda avtobusdan tushib qoldim.
Bozorga kirdim. Shovqin alomat. Tez-tez ro‘zg‘orga kerakli narsalarni olib bozordan chiqayotgan edim, ro‘mol sotib o‘tirgan ayolga ko‘zim tushdi. Ro‘mollar ko‘zimga chiroyli ko‘rinib ketdi. Ayolimga sotib olmoqchi bo‘lib, sotuvchiga yuzlandim.
– Buni qanchaga berasiz? – dedim napormon ro‘molni ushlab.
– Bir yuz ellik ming! – javob berdi sotuvchi.
– O‘h-ho‘, – dedim ajablanib.
– Turkiyaniki, sifatli narsa, – deb ajablanishimga izoh berdi sotuvchi.
Besh daqiqacha tortishib savdo qildim va o‘sha ro‘molni bir yuz o‘ttiz mingga sotib oldim. «Ayolim bir xursand bo‘lsin!» deb o‘yladim ichimda.
Ozroq yurganimdan keyin bir tanishimni ko‘rib qoldim. Erkak bo‘lib, ayollarning haligi narsalarini sotayotgan ekan. Salom-alikdan so‘ng unga hozirgina sotib olgan ro‘molni ko‘rsatib: «Arzon oldim, turkiyaniki ekan!» dedim maqtangannamo. Tanishim ro‘molni ko‘rarkan, kulib: «Kamida yetmish mingga yeb qo‘yibsizda!» dedi.
– Ie, nega yeb qo‘yaman?!
– Bu hech qanday Turkiyaniki emas, o‘zimizda vodiydan chiqadi. Huv, o‘n metr narida eng zo‘rini ellik-oltmish mingdan sotishyapti, – dedi u menga achingandek.
Tanishim bilan xayrlashib, avtobusga chiqdim. Ketar ekanman, xayolimda sotuvchi ayolni o‘ylar edim. «Axir, u meni aldadim, deb o‘ylaydi. Ertaga biron falokatga yo‘liqadi. Keyin men va menga o‘xshaganlarning aldab topgan pulini, kerak bo‘lsa, undan ham ko‘pini sarflaydi. Nega u bu dunyoda hech kim birovning haqini birov yeyolmasligini tushunmaydiya!»
Uyga keldim. Narsalarni ayolimga berib, soatga qaradim. Namozga qirq daqiqa qolibdi…
Juma namozi boshlandi. Imom sura o‘qiyotgan mahal unga ko‘zim tushdi. Negadir men imomga juda o‘xshar ekanman. Tush ko‘rayotgan bo‘lmay tag‘in, deb o‘ng tarafimdagi odamga qaradim. Hayhot, u bilan ham bir xil ekanmiz. Keyin chap yonimdagi kishiga qaradim, tavba, u bilan ham ikki tomchi suvdekmiz. Ilojsiz, mumkin bo‘lmasa ham, ko‘zimni yumib oldim.
Juma namozi tugadi. Imom duo qilayotganda ham ko‘zimni ochmadim. Nihoyada o‘rnimdan turib, masjiddan chiqish eshigiga qarab yurdim. Atrofga qaradim. E, qiyomat, hamma odamlar bir xil ko‘rinishda edi. Asli ko‘rinish kimniki bilmayman, ammo bir xil tusdagi odamlar, bir tomonga, chiqish eshigiga intilar edi.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 8-son