Fozil Farhod. Shisha (hikoya)

Momaqaldiroq takror-takror gumburladi. Shamchiroq xira nur sochayotgan to‘zigan xona, ishtiyoqi so‘na boshlagan horg‘in ko‘zlar, tashvishlardan qoraygan yassidor yonoqlar, ajin oralagan qovoqlar, siyraklashgan oq-qora sochlar, anchadan beri qirtishlanmagan soqolu cho‘kma karavotga suyanib, cho‘qqaygan qomat birdan yorishdi.
Qadahni icharkan me’yordan oshib ketganidan, uning yuragi ko‘tarildi. O‘rnidan turasolib vannaxonaga chopdi. Muzdek suvda ko‘ngil aynishini bosmoqchi bo‘lib, boshini jumrak ostiga olib bordi.
«Juldur kiyingan bolakay hovlida chopib yurardi».
Kattagina shaharga kelib, hech qayerdan topilmagan taskinni mana shu shishadan qidirgan yigit bir oydirki shu ko‘yga tushdi. Hammasi «hayot qisasi»da bitilganidek: ijara uyning puli to‘langan so‘nggi kun, so‘nggi pulga sotib olingan sharob, so‘nggi soatlar…
«Boshiga ro‘mol o‘ragan kasalmand ozg‘in ayol har gal hovliga chiqqanida bolakayning yuz-ko‘zlaridan o‘pib ketardi».
Qaror qat’iy! So‘nggi taskin orom baxsh etadi hammasiga! Bu – balki taslim bo‘lishni tan olishdir? Nima bo‘lgandayam, endi hech kim, hech nima yo‘liga to‘sqinlik qilolmaydi. Mana shu arzon ijara uy birozdan so‘ng bariga guvoh bo‘ladi.
Xonaga qaytib kirarkan tayyor qilib qo‘yilgan kanop arqonni bilagiga o‘radi. Chayqala-chayqala uydagi yagona kursini xona o‘rtasiga olib keldi. O‘rindiqqa chiqib, chilchiroqqa tirmashdi. Og‘irlikni ko‘tarolmagan ko‘hna chilchiroq uzildi. Yigit yerga quladi. Ikkinchi, uchinchi… va nihoyat beshinchi urinishda hammasini kungildagidek bajardi: ikki enlik arqonning bir uchi chilchiroqni shiftga ulagan ilgakka bog‘landi, bir uchidan sirtmoq yasaldi. Mustahkamligiga ishonch hosil qilish maqsadida arqonga osilib ham ko‘rdi.
Bo‘shagan shisha yoniga cho‘kib, ko‘zlarini sirtmoqqa tikdi.
«Ona nimadandir xafa».
Momaqaldiroq tag‘in gumburladi. Avvalgisidan-da qattiqroq, vahimaliroq. Shiftga osilgan sirtmoq yorug‘da haqiqiy qiyofasini ko‘rsatdi – dahshat. Momaqaldiroq bunga hamohanglik bag‘ishlardi. Rutubatli tun esa sirtmoqning bundan-da dahshatli qiyofaga kirishidan xayrixohdek.
«Ona negadir bolasini quchoqlagancha, silkinib-silkinib yig‘ladi. Bolakay hech nimani tushunmay angrayardi».
Javondagi qatorlashgan bir nechta kitoblar-da yarq etgan chaqmoq yorug‘ida ko‘zga tashlanardi. Endi Tolstoy-da, Rumiy-da, hatto Navoiy-da yuragiga taskin bo‘lolmas, bu yo‘ldan qaytarolmasdi. Ichkilikka berilmasdan burun qishlog‘idan o‘zi bilan olib kelgan bu buyuklarning kitoblarini qayta-qayta o‘qir, o‘zi ham kichik-kichik hikoyalar yozar, yozganlari jurnallarda chop etilardi. Yangi-yangi kitoblar sotib olishni istardi. Biroq qalam haqi kambag‘allarcha kun kechirish uchungina yetardi, xolos.
Qo‘liga qalam olib, xat yozishga kirishdi. Muxtasargina qilib tamomladi: «…HECh KIM AYBDOR EMAS, ShUNChAKI… ChARChADIM… …o‘g‘li …may 20… yil».
«Ona to‘shakka mixlandi. Tuzalishi muqarrar kasallik uni shu ko‘yga soldi. Biroq… qaytib o‘rnidan turmadi, turolmadi. O‘shanda bolakay ulg‘aygan, hayotning achchiq uqubatlarining fahmiga borar, nima bo‘layotganini bilar, faqat bir narsa yuragini ezardi: ko‘ra-bila turib, qo‘lidan hech nima kelmasligi».
Qaroqlar namlandi. Halqalangan yosh tezda ajindor yonoqlarga dumalab tushaverdi, tushaverdi, tushaverdi.
Yomg‘ir sharros-sharros quya boshladi. Yomg‘ir-da, xayrixohdek.
Yomg‘irning shig‘irlashi uni qancha vaqt o‘ziga maftun etdi, bilmadi. Tomchilar qaridan qandaydir taskin topilgandek. Ammo uning-da neligi mubham, u-da ko‘makchi bo‘lolmayapti.
Tongning allaqanday oqliklari ko‘rina boshladi.
«Tobut yerdan uzilgancha, havolanib qabriston tomon ildamladi».
Miyasidagi o‘ylar tezroq tugashini istagan yigit shart o‘rnidan turib, kursiga chiqdi. Vaqt o‘tganidanmi, bulutlarga qo‘shilib uzoq yig‘laganidanmi kayfi tarqab, boyagi chayqalishlar yo‘qoldi. Hech qanday qo‘rquvsiz sirtmoqni bo‘yniga ildi. Baridan – iztirobli xayollar, uyqusiz kechalar, mazmunsiz kunlar, poyonsiz qo‘lyuqaliklardan qutilish uchun birgina harakat, lahzalargina kifoya, xolos. Butun ixtiyor oyoqlarda qolgan.
«Qabristonning sokinligi yurakni yanada uvishtiradi. Barcha amallar bajarib bo‘lingan. Hamma uy-uyiga jo‘nagan. U ketishga shoshmaydi, shosholmaydi. Chunki birdan-bir ka’batullasi shu yerda».
Sirtmoqqa osilgan ko‘zlardan yosh dumaladi. Umrini bolasiga bag‘ishlagan onaizorning qanchadan-qancha istagi armon bo‘lgusi endi. Ko‘z yumayotib, o‘g‘lining albatta o‘qishga kirishini, suyganiga uylanishini (ammo qiz allaqachon turmushga chiqib ketgan), bo‘lajak nevaralari hovlini to‘ldirib yurishlarini juda-juda xohlardi.
O‘ylab qarasa, o‘qishga bormaganigayam ancha bo‘libdi. Endi farqi yo‘q. Borgani bilan baribir darsga kiritishmaydi: shartnoma puli to‘lanmagan.
Hali navqiron bu vujudni endi hovlida chopqillab yurgan bolakayning beg‘uborligi-da, onaizorning so‘nggi istagi-da, kutilayotgan yorug‘ kelajak-da to‘xtata olmaydi.
Shu dam…
«Butыlki pakupayem».
Tashqaridan kelgan bu ovoz suyanchiqsiz kursini bir tomonga qiyalatib sirpanayotgan oyoqlarni harakatdan to‘xtatdi. Bu payt yomg‘ir tinib, tong ham ancha yorishib qolgan. Beixtiyor sirtmoqdan boshini chiqarib, o‘rindiqdan tushdi-yu, derazadan tashqariga qaradi: havo sokin, g‘uborlar yuvilgan. Eshakka ulangan aravaga tirikchilik ilinjida mingashib olgan ust-boshi yag‘ir, negadir ikkala qo‘li ham yelkasigacha yo‘q qorachadan kelgan mushtdek lo‘li bolaning quvnoq ko‘zlaridagi ishtiyoq ham ayricha. Yigit bolakayning ko‘zlariga, ust-boshiyu ko‘ylagining bo‘m-bo‘sh yenglariga uzoq tikilib, nedir uqqandek bo‘ldi.
«Onaizor to‘shagidan boshini zo‘rg‘a ko‘tarib, shivirlardi: eng og‘ir damlarda ham hech qachon yashashdan to‘xtama! Qiyinchiliklar o‘tadi, uning ortidan esa yorug‘ kunlar albatta keladi…»
To‘rtinchi qavatdagi derazadan soqollari o‘sgan allaqanday yigitning savolomuz qarab turganini sezgan bolakay oyoqlari yordamida eshakni bir dam to‘xtatib, ko‘zini yuqoriga tikdi. Chindan-da o‘sha ko‘zlardagi yashashga bo‘lgan ishtiyoq batamom o‘zgacha edi.
Yigit taslim bo‘ldi…
Qarsillagan tovush xonani tutib ketdi.
Devorlar bir qalqib tushdi.
Birozdan so‘ng uyni sukunat egallab, yorishib kelayotgan quyosh nurlari ichkariga ena boshladi. Yarim ochiq qolgan derazadan kirgan nasim tokchadagi shamni o‘chirdi. Kimlarnidir aybdorlik hissidan qutqaruvchi maktub yiqilgan kursi va singan shisha bo‘laklari tomonga uchib tushdi.
Xaridor bolakayning jarangdor ovozi tobora uzoqlashar, shiftga osilgan sirtmoqda esa yarimlangan shisha chayqalib turardi…