Fazliddin Vohid. Oraliq (hikoya)

1

Shodiqulni tomi bulutlar bilan bo‘ylashib turgan bino tomonga tiyiqsiz va iztirobli istak yetaklab keldi. Binoning birinchi qavatidagi lift oldida navbatga tizilganlarning boshi uzra yengil oppoq tuman aylanib turardi. Shu bois ularni bir-birlaridan ajratish qiyin bo‘lsa-da, Shodiqul navbatda turganlarning guldasta ko‘tarib olgan yigitlar hamda oppoq yo‘rgakpo‘sh quchoqlagan yosh ayollar ekanligini tusmolladi.
Navbat oxiridagi juftlik Shodiqulning ko‘ziga judayam issiq ko‘rindi, lekin qancha urinmasin, ularni qayerda ko‘rganini eslay olmadi. Ayolning qo‘lidagi yo‘rgakda tamshanib yotgan chaqaloqqa ko‘zi tushgach, o‘zini butunlay yo‘qotib go‘yo atrofni o‘rab turgan oppoq tuman ichida suzib keta boshladi. “Nahotki bu go‘dak menman” degan fikr borlig‘iga yopishib olgan edi Shodiqulning.
Liftga chiqib olganlarning ko‘pchiligi xursand. Hadeb bir-birini tabriklar, qutlashar va nimalardandir bahslashar edilar.
Birinchi va ikkinchi qavat ortda qolgan bo‘lsa-da, Shodiqul atrofidagilarning so‘zlariga tushunmas, faqat ularning yuz ifodalariga qarab jiddiy tortar yoki jilmayib qo‘yardi. U lift chirog‘idagi uch raqamini tiniq ko‘rdi. Endi atrofdagilarning so‘zlari ham tushunarli va aniq eshitila boshladi. Tunda g‘alati tush ko‘rdi, tushida Qirqqiz darasida yurgan emish. Bahorning erta tongi ancha salqin bo‘lsa-da, oppoq harir ko‘ylak kiyib olgan qizlar uni hadeb imlab chaqirar, yaqinlashgani sari qiqirlab kulishib tog‘ cho‘qqisi sari o‘rlab borishar emish. Tog‘ cho‘qqilari ortidan ko‘tarilayotgan quyoshning zarrin nurlari bahor osmonidagi oppoq bulutlarga urilib naqshlar yasar va bu naqshlar Shodiqulning ko‘ziga rim raqamidagi o‘n yetti shaklida ko‘rinardi.

2

Shodiqul uyqudan sarxush bo‘lib uyg‘ondi. Ko‘zi o‘n yettinchi qavatni ko‘rsatib turgan lift chirog‘iga tushdi. Endi lift sahnidagilar turfa kishilar bo‘lib, har kim o‘z fikri xayoli va tashvishlari bilan band. Yonidagi fetr shlyapa kiyib, uzun bo‘yinbog‘ taqqan kishiga Shodiqul sekin shipshidi: “Ayting-chi, domla, nega biz tor liftdamiz?”
Bu savolni eshitgan kishi Shodiqulga boshdan-oyoq shubhali razm soldi, uni sinchiklab obdan kuzatgach, ko‘rsatkich barmog‘ini qalin lablari ustiga bosdi-da, nari ketdi. Aynan ushbu savolni eshitgan qalin ko‘zoynakli tepakal kishi esa Shodiqulga ko‘zoynak ostida yiltirab turgan ko‘zlari bilan sovuq termilgancha: “Jim yurmasang, bundan ham torroq joyga olib borib qo‘yishadi”, deya teskari burildi. O‘zini qiynayotgan savolga javob topolmagan Shodiqulning ko‘ngli sovidi.
Yigirma uchinchi qavatda u uchratgan Layloning siymosi qalbiga ishq o‘tini yoqdi, ammo shaddod qiz bechora oshiqqa zarracha parvo qilmas, uning uchrashuv haqidagi takliflarini rad etardi. Shunday paytlarda Shodiqul:

– Mabodo kelmasang, azizam,
Osmon qoladi qorayib,
Hilol ham tark etib falakni
Ishq dashti qoladi torayib, –

deb o‘zini ovutardi.

3

…Layloning jismi va yuzidagi o‘zgarishlar Shodiqul uchun qanchalik quvonch keltirgan bo‘lsa, bugungi tasodifiy uchrashuv unga yana bir quvonch baxsh etdi. Bu uchrashuv yigirma yettinchi bilan yigirma sakkizinchi qavat o‘rtasida sodir bo‘ldi. Shodiqul tasodifan o‘n yildan buyon ko‘rmagan qadrdon do‘sti Shavkatni uchratib qoldi. Do‘stlar shu qadar samimiy ko‘rishdilarki, go‘yo butun borliq kengayib ketganday bo‘ldi. “Nahotki o‘n yil ko‘rishmadik?” Bu so‘z ham savol ham javob bo‘lib uchar edi ikki do‘stning lablaridan. “Ha o‘n yil” dedi Shavkat entikib. “Shu o‘n yil ichida men ko‘p yurtlarni kezdim, tijorat ishlari bilan ko‘plab mamlakatlarda bo‘ldim va dunyoning naqadar kengligiga ishonch hosil qildim. Dunyo keng bo‘lsa-da, sen bilan mana shu tor liftda uchrashib turibmiz, do‘stginam”.
Chaqaloqning chinqirig‘i “Tor dunyo keng bo‘ldi” degan xushxabar kabi yangradi Shodiqulning quloqlari ostida. Murg‘ak vujudning “inga”si ajoyib musiqa yanglig‘ jaranglar, havoda navolar o‘ynar, musiqaga jo‘r bo‘lib kuylayotgan onaning allasidan rivoyatlar to‘kilmoqda edi. Shodiqulning quvonchiga liftning temir qopqalari tor keldi. Uning oppoq matoga yo‘rgaklangan zurriyodi uchun juda keng olam kerak, toki bu olamning zamini ham osmoni kabi beg‘ubor va murg‘ak go‘dakning qalbi tong quyoshi nurlarini emib tovlanayotgan marvarid shudring kabi musaffo bo‘lsin. Zurriyodiga ana shunday keng dunyo istardi ota.
“Nahotki, o‘g‘limga soladigan imoratim shu la’nati lift misoli to‘rtburchak bo‘lsa” degan fikrdan dahshatga tushdi Shodiqul. “Nahot o‘g‘limga atab ekilgan va daryo epkinida tongni qarshilab, barglari shivirlab ashula aytayotgan bo‘ychan teraklar tor dunyoni yanada tor aylamoq uchun xizmat qilsa? La’nati to‘rtburchak! Insonni o‘ziga dahshatli kuch bilan bog‘lab tashlagan sirli xilqat. Inson qalbidagi hur nasim bo‘lib uchishga shaylangan go‘zal hissiyotlarning mash’um qafasi. Bu mash’um qafasga bir umr qul inson nahotki o‘z qo‘llari bilan bo‘g‘izlasa farzandi kabi avaylab o‘stirgan teraklarini?

4

Mahzun qo‘shiqlarining tinglovchisini yo‘qotgan daryoga tor keldi bu dunyo. To‘lqinlari qirg‘oqqa sapchib tun bo‘yi o‘kirib chiqdi daryo. Rutubatli osmon va atrofga dahshat solayotgan momoguldurak unga hamdard bo‘ldi.
…Ko‘zgudan Shodiqulga mo‘ylovi endigina sabza ura boshlagan, qosh-ko‘zlari xuddi quyib qo‘ygandek unga o‘xshab ketadigan, nigohidan kuch va shijoat yog‘ilib turgan yigitcha qarab turar, Shodiqulning soqol olishiga xalaqit berardi.
“Mana, nega ustaram o‘tmaslashib qolibdi”, degan fikrdan ko‘ngli yorishib qetdi Shodiqulning…
Lift to‘xtamay o‘z yo‘lida davom etardi. Har bir qavatdagi raqam charaqlab yonganida liftdagilar bir-birlarini qutlashar, tabrik nutqlari aytilar, qadahlar jaranglardi.
Orziqib kutgan qirqinchi qavatda lift uzoqroq turib qolganday bo‘ldi uning nazarida. Ertaga Shodiqulning tug‘ilgan kuni, qirq yoshga to‘ladigan kun. Axir inson hayotida bir bora bo‘ladi bunday damlar. Albatta orziqib kutilgan kunni munosib nishonlamoq kerak.

5

Mashhur hofizning “Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo” degan ashulasi taralayotgan bozorga kirib borarkan, bozor darvozasi yonida turgan gadoning sadaqa so‘rab ming‘irlagani qulog‘iga chalindi. Gadoning qo‘liga shalag‘i chiqqan qog‘oz pul tutqazarkan, gado unga shilpiq ko‘zlarini lo‘q qilib “Yana bitta qistirsang, moyli joyni olasan” deya ming‘irladi. “Qayerda ko‘rganman bu nusxani” degan fikr o‘tdi Shodiqulning xayolidan va birdan lop etib esiga bir paytlar poraxo‘rlikda nom chiqargan amaldor tushdi. Ushbu nusxa shahar hokimi bo‘lgan davrda shaharda poraxo‘rlik shunaqa ham avj olgandiki, odamlar pora berish uchun idoralar oldida tun-kun turnaqator navbatda turishardi. Hatto avtobus konduktorlari ham yo‘l chiptalari tarqatish o‘rniga “Yo‘lovchilar, tezroq pora beringlar. Pora bermaganlar jarimaga tortiladi”, deya ayyuhannos solishardi. Shodiqul isqirt gadodan chetga burilarkan, miyasidan tuyqus “Balki bozor aslida dunyoga o‘xshasa-chi?”, degan fikr yashindek o‘tdi. “Dunyo bozorga o‘xshaydimi yoki aksincha bozor dunyoning inson tomonidan yaratilgan mitti maketimi?” degan savol xayolini chulg‘adi. Bu falsafani teran anglamoq, tushunib yetmoq uchun qirqinchi qavatda yana bir fursat to‘xtab turmoq, fikrlamoq va o‘zni daqiqalarga qurbon aylamoq kerakligini teran his etdi Shodiqul. Lekin beshafqat vaqtning temir zanjirlariga mahkam bog‘langan liftni to‘xtatib turish mumkin emas. Aksincha bozor kezish, tirikchilik va ro‘zg‘or atalmish tubsiz komga bozor peshtaxtalaridan yulib olingan noz-ne’matlarni tinimsiz tashlab turish kerak. Garchi ertangi kun Shodiqulning hayotida orziqib kutilgan kun bo‘lsa-da, bugungi xarid unga erish tuyuldi, juda og‘ir botdi.
Shodiqulning dardiga sherik bo‘lib:

– Hayot-mamot janggohi – bozor,
Pullar – nayza, peshtaxta – qalqon,
Og‘riqlardan yig‘laydi zor-zor
Tarozilar, yarador vijdon, –

deya ingrardi bozorni chulg‘agan havo.
Shodiqul bor-budini pulga chaqib qancha chiranmasin, tarozining tosh qo‘yilgan pallasi bosib ketaverdi, og‘ib ketaverdi. U o‘zini osmonu falakka irg‘itib yuborilganday his qildi.

6

Bu kecha liftdagilar tun bo‘yi notinch bo‘lib chiqdilar. Tongga yaqin lift kuchli bir siltandi-da, to‘xtab qoldi. Temir eshiklar birdan taraqlab ochilib ketdi. Ichkaridagi olomon o‘zini tashqariga otdi. Dimiqqan havodan chiqib, kuzning musaffo tongida esayotgan mayin nasimlarga ro‘baro‘ bo‘lgan olomon dong qotdi. Havo shu qadar toza ediki, dimiqqan havodan nafas olishga o‘rganib qolgan kishilar entikib qolishdi. Sof havodan to‘yib olishgach asta-sekin har tarafga tarqala boshladilar. Olomonning bu holati uzoq vaqt qafasda yashab undan ozod bo‘lgach, nima qilarini, qay tomonga uchishni bilmay turgan tutqun qushning holatini eslatardi.
Kuz quyoshining zarrin nurlaridan ko‘zi qamashgan Shodiqul biroz kalovlanib turgach daryo qirg‘og‘idagi bo‘ychan teraklar sari yugurib ketdi. Mana o‘sha zilol suvli, qirg‘og‘ida yalpizning mayin va xushbo‘y hidi taralib turgan daryo. Teraklar musaffo tongga salom berayotgandek yaproqlarini tebratib, mayin shivirlamoqda. Yaproqlar orasidan suzib o‘tayotgan tong quyoshining zarrin nurlari jimirlab oqayotgan suvga tushib naqshin manzara hosil etmoqda edi. Shodiqul o‘zini ko‘m-ko‘k maysalar ustiga otdi.
Moviy osmon, musaffo havo, baland tog‘lar orasidan chiqib kelayotgan quyosh, keng olam. Barcha-barchasi uniki. Shodiqulning bo‘g‘zida tiqilib yotgan nido hayqiriq bo‘lib keng dunyoni larzaga soldi. HURRIYaT! Shodiqulning o‘z iztiroblari changalidan hurlikka chiqqan kun edi bu kun.
Ko‘m-ko‘k maysalar ustida chalqancha yotgancha tikilayotgan lojuvard osmon kabi tip-tiniq edi uning qalbi.

7

…Keyingi kunlarda Shodiqulning ko‘nglida sodir bo‘layotgan noxushlik lift­ning harakatiga ham ko‘chdi. Tongga yaqin lift qattiq silkindi va shiddat bilan pastga, zulmat qa’riga sho‘ng‘idi. Endi lift sahni zax va qop-qorong‘i edi. Qavatlarni ko‘rsatuvchi raqam chiroqlari yonmasdi.
Nihoyat, lift to‘xtab, eshigi ochilganda Shodiqul qayoqqadir shoshilib ketayotgan olomonga qo‘shilib qoldi. Kishilar yelkasi uzra tobut lopillab suzib borardi. Olomon qabriston darvozasi oldida biroz sekinlashdi-da, so‘ng qabriston sari singib keta boshladi.
Qabrlar oralab borar ekan, Shodiqulning ko‘zi bexosdan toshdagi lavhaga tushdi “Elomonov Shodiqul. 1950–1991 yillar”.
Shodiqul qabr tosh oldida cho‘kkaladi. Ko‘z o‘ngida harir matoga yo‘rgaklangan, boshi uzra oppoq bulut suzib yurgan, atrofga beg‘ubor ko‘zlari bilan jilmayib boqib turgan chaqaloq jonlandi.
Tuman esa quyuqlashib, qorayib borar edi.
Teran sukunat ichra Shodiqulning qulog‘iga yana lift shovqini chalinganday bo‘ldi. Bu tiyiqsiz va iztirobli yurakning so‘nggi urishlari ekanligini bilar­di u.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 1-son