O‘sar muallim ishdan dimog‘i chog‘ qaytdi. Kiyimlarini almashtirarkan qaysidir mumtoz qo‘shiq ohangida ming‘irlar, ashulaning bir-ikki misrasini xirgoyi ham qilib qo‘yardi.
− Tinchlikmi, buvasi, kayfiyatlari zo‘r-ku? – oshxonadan xotini ovoz berdi.
− Choyingni damlayver, gap ko‘p, kampir. Yuraging yoriladi!.. – ming‘irlayotgan kuyini kelgan joyidan davom ettirdi muallim.
− Eshitaylik yangiligingizni, yuragimiz yorilmasidan burun! – erkalandi Norjon damlagan choyini qaytarayotib.
− Ta’tilga chiqdim. Bug‘oltir, kassir bilan hisoblashdim. Bo‘stonliqqa − “Buloqli”ga ikki yo‘llanma! Qalay?
− Voy, buvasi, yaxshi-ku, biroq uyda shuncha mashqala* turib…
− Yana qanaqa mashqala? Ullaringni uyalariga, qizlaringni qiyalariga qo‘ndirgan bo‘lsang, og‘iling, qo‘ra-kataging bo‘sh bo‘lmasa!.. Senga aytdim-ku, bolalar uchun yelib-yugurib bo‘ldik.
− Og‘il oldidagi bostirma o‘n bog‘ somoningizni ko‘tarolmay qiyshayi-ib turibdi. Yoz kirsa, yangilab beraman devdingiz…
− Shuncha vaqt turgan narsa yigirma kunga qulab tushmas. Undan ko‘ra u yoq-bu yog‘ingni yig‘ishtirib, kiyim-piyim tayyorla!.. O‘qituvchi degan oting bor, otingga yarasha kiyin. Choyingni ichiboq bozorga jo‘na. Keliningni opket, shaharlik qiz, ko‘p narsani tushunadi. Ana, cho‘ntak to‘la pul. Istagancha ol!.. – Iyib ketdi muallim.
− Bor bo‘ling-e, buvasi, sizga nima bo‘ldi o‘zi?!.
− Hukumatingga ham besh ketdim, kasaba uyushmangga ham, – dedi O‘sar muallim jilmayganicha. – Yo‘llanmaning atigi o‘ttiz foizini biz to‘larkanmiz. To‘laginu marhamat, o‘n sakkiz kun yayrab dam ol! Yuravergan ekanmiz-da, a, kampir?
− Buvasi, yosh boladaysiz-a?..
Poyezd markazga erta kelarkan, shu kuniyoq sanatoriyga yetib borishdi. O‘sar muallimni jo‘shqin kayfiyat va yigitlarga xos g‘ayrat tark etmagan, poshnasidan uchqun sachrab, kampiri atrofida parvonadek charx urardi. Joylashishdi, bo‘lmada bir piyola choy ichishgach, sanatoriy bog‘ini aylanishdi. Aslida, bu yerning o‘zi bir ulkan bog‘ edi. Katta yo‘ldan bir chaqirimcha pastda – tog‘ etagida joylashgan bu maskanning bir tomoni yosh nihollar gurkirab o‘sayotgan o‘rkach-o‘rkach qir, ikki tomoni tog‘, yana bir tarafi sharaqlab oqadigan soy edi.
− Esingdami, kampir, lola sayliga chiqqanimiz? O‘shanda avtobusimiz huv anavi yo‘ldan o‘tgan…
− Sayl esimda-yu, lekin yo‘l yodimda yo‘q… Ey, buvasi, endi menga kampir deyishni, bas qiling. Uyatdir. Ziyoli odamlar bo‘lsak… Hali tushlik payti ko‘rdingizmi, ko‘pchilik bizga havas bilan qarashdi.
− Bu qaysi qishloqilar bo‘ldi ekan, deb qarashgandir…
− “Kampir”laganingizni eshitgan odam shu fikrga borsa, ajabmas!
O‘sar muallimning muallimligi tutib, kampirini savolga ko‘mdi:
− Birinchidan, qishloqiligimizni yashirganda yoki yashirmaganda nima yutib, nima yutqazamiz? Ikkinchidan, seni qanday chaqiray? Xonim debmi, bekam debmi? Uchinchidan, senu mening og‘zimizni poylab, bular bir-birlarini qanday chaqirisharkan deydigan bandaning o‘zi yo‘q, bo‘lmaydi ham!
− Birinchidan, siz bu yerda faqat O‘sar muallim emas, Gurlan degan yurt vakilisiz. Odamlar yurtingiz haqida sizga qarab xulosa chiqarishadi. Ikkinchidan, xonimu bekam emas, ilgarigidek, men “onasi”, siz “otasi” bo‘lasiz. Uchinchi savolingizga − kim biladi, hali kimlar bilan tanishib, kimlar bilan oshna tutinamiz?
− Rahmat senga-ey, kampir, ey, kechirasan, onasi. Oqilona savollarga mantiqli javob berding!
− Shunchaki savollarga mantiqli javoblar bo‘ldi deng! – nozlandi Norjon eriga bir qoshini ko‘tarib qarab.
O‘sar muallim yaxshi biladi. Kampirining biror narsadan ko‘ngli to‘lib, mehri mavjlansa, avvalo yuzida ifoda topadi: qosh-ko‘zi harakati tezlashadi; sariqdan ko‘ra oqqa moyilroq yuziga qizil enadi; boshi xiyol ko‘tarilib, yangi hilolday baqbaqasi sezilmay qoladi – yasharganday tuyuladi; nigohlari u yerdan-bu yerga ko‘chib, ma’no axtarganday kezinadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Muallim buning sababini tushunolmadi. Xotini tomon burilib qarab, hali ham husnini yo‘qotmaganiga iqror bo‘ldi, ko‘nglini rizolikmi, mamnuniyatgami o‘xshagan tuyg‘u egalladi…
− Mayli, sen aytganday bo‘laqolsin! – dedi.
Ikki-uch kun o‘tgach, sanatoriy mijozlari ko‘payishib, bog‘dagi yo‘laklar, ichkaridagi katta-kichik dahlizlar gavjumlashdi. Oshxonada bo‘sh o‘rin qolmadi. Muolajaxonalar oldida uzun-qisqa navbatlar hosil bo‘ldi. Mijozlar aksariyati yoshlari bir joyga borib qolgan kishilar bo‘lishiga qaramay, bu yer muhitini osuda deb bo‘lmasdi. Bu hol maktabda bolalar shovqinidan charchagan O‘sar muallimga yoqmadi. Biron-bir bezovta qilayotgan kasali bo‘lmagach, turli xil ho‘lu quruq emlardan ham sovidi. Vaqtni soy bo‘yida aylanib yoki xonasida televizor ko‘rib o‘tkazadigan bo‘ldi. Televizor ham charchatar ekan. Ko‘ngli atrofdagi shahar-qishloqlar, manzarali joylarni tusadi. Xotiniga maslahat soldi. U kishiga muolajalar yoqayotganmish, bormasligini aytdi. Nonushtadan so‘ng o‘zi ketdi. Tuman markazidagi bozorni aylandi, tog‘ bag‘ridagi qishloqqa olib boradigan ulovga tushib, tabiat qo‘ynida bo‘lib qaytdi…
Muallim xonalari eshigini ochiq holda ko‘rib, qadamini tezlatdi. Norjon eshikni doimo ichkaridan zanjirlab o‘tirardi. Ayol kishining sharaqlagan kulgisi eshitildi – kimdir mehmonga kelgan. O‘sar eshikni bir qoqib qo‘yib, ichkariga qadam bosdi. Ikki ayol birdaniga o‘rinlaridan turishdi. Mehmon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha yengil ta’zim qilib, so‘rashgan bo‘ldi. Qo‘ng‘ir rangga bo‘yalgan va kesilgan sochlari yelkasiga erkin tashlab qo‘yilgan, qoshu kipriklari quyuq, to‘ladan kelgan bu xotin muallimning talabalik tanishi edi. Lekin aniq eslay olmadi, biror soniya jim qoldi. Ayol jilmaydi.
− Tanimadingiz-a, familiyangiz Sharipovmidi? Shunaqasiz-da, hech bo‘lmasa, bergan non-tuzim hurmati xotirangizning bir burchidan joy bermabsiz-da menga… – deya ikki qo‘lini paxsa qildi ayol.
− Bo‘ldi-bo‘ldi, siz – Ra’nosiz! – Beixtiyor qo‘llarini yozdi muallim xoxolab kulganicha, – kechirasiz, esim qursin!.. Onasi, bu kishi bilan qurilishda birga bo‘lganmiz. Oshpaz edilar…
− Ha-ha, aytdilar! – Xotini samimiy jilmaydi.– Oshiqlari bo‘lgan ekansiz, buni ham aytdilar!
− Men-a, menmi? – Sirli kuldi muallim.
…O‘shanda to‘rtinchi va beshinchi bosqichlar orasidagi ta’tilda universitet ko‘ngillilaridan iborat talabalar otryadi Sirg‘alida uy qurishgandi. Mavsum o‘rtalarida O‘sarning to‘pig‘i lat yeb, o‘n kuncha oshxonada ishlashiga to‘g‘ri kelgandi. Unga bir joyda o‘tirib qilinadigan ishlar − sabzavot tozalash va o‘tyoqarlik topshirilgandi. Qaysidir korxona madaniyat uyiga joylashgan ellik kishilik otryadning yemak-ichmagi mana shu Ra’no bilan ikkisining zimmasida edi. O‘sha yillari O‘sar bo‘sh qolgudek bo‘lsa, qo‘shiq aytardi. Negadir hazin ashulalar xush yoqardi unga. Ayniqsa, Botir Zokirov qo‘shiqlarini berilib kuylardi.
Bir kuni oshpaz zavxo‘zga ergashib bozorga ketdi. Kartoshkani tozalab bo‘lib, karam kelishini kutayotgan O‘sar xirgoyi qila boshladi. Qarasa, yemakxonaga aylantirilgan kontsert zali aks-sado berib, ovozi binoyiday eshitilyapti. U yuvinib ust-boshini tartibga soldi-da, sahnaga ko‘tarildi. Xayolida zal to‘la tomoshabin. Orkestr xizmatga shay turibdi. Hozir “Qaydasan, azizim” chalinadi, kerakli paytda O‘sar Sharipov musiqaga jo‘r bo‘ladi. Yo‘q, xonanda sahnaga parda orqasidan kirib keladi va yengil ta’zimdan keyin kuylashni boshlaydi. Mana bu boshqa gap!
O‘sar o‘sha kuni umrida birinchi marta ovozini baralla qo‘yib qo‘shiq aytdi. “Qaydasan, azizim”dan boshlab, “Gazli go‘zali”, to Rasul Hamzatning “Qochoq Habiba”sigacha kuyladi. O‘sar “kontsert”ni “Ra’no” bilan tugallarkan, zaldagilarga ta’zim hadya qildi. Ajabo, zalda chinakam qarsak yangradi. Boshini ko‘tarsa, talabalarga hormasinga kelgan universitet va fakultet rahbarlari, yoshlar qo‘mitasi vakillari, zavxo‘z va oshpaz Ra’no ham shu yerda. Xonandamiz qizargancha parda ortiga yashirindi…
O‘sar muallim choy ustida barini gapirib berdi.
− Biz “Ra’no” boshlanganda kelgan edik. Sezmadingiz. O‘shanda dekanning menga tegishganini ayting. “Yuragidan uribsan-ku, bolapaqirning”, deydi. (Hammalari kulishdi). Aslida, shu kuni mening yuragimdan urgandi bu kishi. Sezmadi yoki sezmaganga oldilar! – dedi Ra’no negadir ovozi hayajonli qaltirab.
− Chunki yuragim band edi… Mana bu biolog bilan… Oldinroq egallagan edilar… – muallim qizarganicha Norjonga ishora qildi.
− Bilaman, shu yil kuzdayoq aniqlaganman raqibamning kimligini. Xorazmliklar yigitlarini ko‘chada qoldirishmaydi… – chuldiradi Ra’no.
Eski tanishlar gapidan samimiyat ko‘tarildi. Oraga yolg‘on suqilib kirib, ularni o‘ng‘aysiz vaziyatdan olib chiqdi. Norjon hech narsa sezmadi. Aslida, “xonanda” va oshpaz qiz orasidagi asov, tiyiqsiz va tushuniksiz tuyg‘ular boshqacharoq yakun topgandi. Qizig‘i shundaki, bu mojaroda bosh rolni Ra’no o‘ynagandi. Uzun, qora sochini ikki o‘rim qilib ko‘kragi ustiga tashlab yuradigan Ra’no endi hadeb yigitni suhbatga tortar, karashma to‘la harakatu so‘zlari bilan atrofida parvona edi. Kechqurunlari shaharcha bog‘ida bo‘ladigan raqs kechalariga birga borishar, zamonaviy raqs o‘rgatish bahonasida bu yerda ham O‘sarni yolg‘iz qoldirmasdi. Qisqasi, sahna voqeasidan keyingi ikki-uch kun ichida qiziqishlaru ota-ona, qarindosh-urug‘lar haqida to‘la ma’lumot almashildi.
Bora-bora qiz kayfiyatiga monand tez-tez pirpiraydigan kipriklari, qoralikda qoshlari bilan bahs boylashgudek sim-siyoh ko‘zlari, naqsh olmadek yonoqlariga mos bejirim burniyu lablari yigit qarog‘idan o‘tib shuuriga muhrlandi. Lablaridan uchgan biri-biridan totli, nozu erkalanishlarga yo‘g‘rilgan so‘zlar yosh yurakda aks-sado berdi. Hozir eslolmaydi. O‘shanda qo‘shiq yoki she’r bilanmi, o‘z so‘zlari orqalimi, Ra’noga yaxshi ko‘rishini bildirgandek bo‘ldi…
Bir kuni kunduzi ham yarim qorong‘i bo‘lib turadigan sabzavot saqlanadigan kichkina xona shipidagi lampochkani almashtirishga to‘g‘ri keldi. “Sizning oyog‘ingiz og‘riydi…” deb, stol ustiga kursi qo‘yib, Ra’noning o‘zi o‘rladi yuqoriga. Lekin qo‘li lampochkaga yetmasdanoq kutilmagan hodisa ro‘y berdi – nimadir bo‘lib, qiz muvozanatini yo‘qotdi, bir chayqalib, to‘ppa-to‘g‘ri O‘sarning qo‘liga yiqildi. U ko‘zlari yumilgan, kokillari yerga sollangan holda yanada chiroyli ko‘rinardi. Qizning bir qo‘li yigit yelkasida edi. Umrida qiz bola vujudiga bunchalik yaqinlashib ko‘rmagan yigit o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, bardoshi barbod bo‘lib, labini lablariga bosdi. Bo‘sa taftidan o‘ziga kelgan Ra’no so‘zsiz tipirchiladi. Yigitning qo‘yvorgisi yo‘q edi…
Ertasi kuniyoq O‘sar Sharipov oyog‘ini davolatish bahonasida ishni ham, Toshkentni ham tark etdi…
Gap mavzusi aylanib bugunga ko‘chdi. Ra’no savdo sohasida ishlaydigan mahalladoshiga tegib, qatorasiga uch qiz ko‘ribdi. Eri avtohalokatda halok bo‘libdi. Uchala qizi ham yaxshi joylarga tushibdi. O‘zi kenjasi bilan birga emish. Zamon o‘zgargan yillardayoq, o‘qituvchilikni tashlagan, savdoga o‘tib ketgan ekan.
− Xudoga shukur, qizlarimning hammasini o‘qitdim. Kuyovlarim yeru ko‘kka ishonishmaydi. Hammasidan nevaralarim bor! Lekin baribir, boshingda bir soyang, orqangda suyanadigan qoyang bo‘lmasa qiyin ekan… – ohista uh tortdi Ra’no.
Shu kuni kechki ovqatga birga chiqishdi, oqshomgi sayrda ham birga aylanishdi. Asosan, yoshlik xotiralaridan iborat suhbatlarga goh-goh aralashib, miyig‘ida kulib yurgan Norjonning avzoyi xonalariga kelgach, birdan o‘zgardi. O‘sar muallim televizor oldidagi oromkursiga o‘tirarkan:
− Bir choynak choy bo‘lgandami! – degandi, Norjon ochiqchasiga hujumga o‘tdi:
− Oshpazingizga qo‘ng‘iroq qilaqoling!
− Ho‘, kampir, nima bo‘ldi? Tinchlikmi o‘zi?!
− Nima bo‘ldimish, dard bo‘ldi! Undan ko‘ra qo‘ltiqlashib, quchoqlashib yuraqolinglar! Ne balo, g‘unajinday ko‘zini suzib, o‘lib borayotir… Yo xudoyo tavba, oltmishni qoralagan odamlar!
− Nima qiladi endi, o‘ttiz yildan beri er ko‘rmasa, – gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi muallim.
– Er ko‘rmasa, birovga yopishadimi? Yana aytib qo‘yay – shu o‘lguringiz har baloni ko‘rgan!
− Tavba qildim, de! To‘g‘ri ayolni egrilikda ayblash, bilasanmi, gunohi azim!
− Choyni o‘sha to‘g‘ri ayolingiz bilan ichaqoling! – Norjon karavotiga chiqib ters qarab, yotib oldi, piq-piq yig‘lagani eshitildi…
O‘sar muallim hayotida birinchi martadir xotini yonida bo‘laturib o‘zi choy qaynatib ichdi.
Norjonning qosh-qovog‘idagi bulut ertalab ham tarqamadi. U odatdagi “Yaxshi yotib-turdingizmi”ning ishorasini ham qilmay, sochiqni yelkasiga tashlaganicha g‘oz yurib yuvinish xonasiga kirib ketdi. O‘sar muallim taxtaday qotdi. Jahldan bo‘g‘riqdi. Tutaqib baqirdi:
– Norjon!..
Yuvinish xonasidan javob bo‘lmagach, o‘ziga o‘zi gapirganday:
– Jinni-pinni bo‘lgandir bu xotin, – deya g‘udrandi.
– Ha, endi biz jinni… O‘shaningiz oqila, go‘zal!
– Norjon, o‘chir ovozingni! Bo‘masa!..
Muallim vannaxonaga bostirib bordi. Ichkaridan zanjirlangan eshikni bir tepdi. Ilkisdan bu yerda musofir-mehmonligi esiga kelib, xijolat tortib birdan jimidi.
Bariga xotini aybdor! Qo‘shnilar nazdida kim bo‘lishdi endi? Battar tutaqdi. Tor xonada qafasdagi arslonday u yoqdan-bu yoqqa tashlandi. Biroz o‘tib, eshikni qoqdi.
Xonadan Norjonning kinoyali tovushi eshitildi:
– Ovora bo‘lmang, shayton qo‘shilgan jang aravangizdan tushib, uzr so‘ramaganingizcha eshik ochilmaydi!
Muallim chidab turolmadi. Andishani unutib, yana baqirdi:
– Yetar! Bo‘ldi qil, Norjon! Jonimga tegding! O‘zing shaytonga malaylik qilyapsan!.. Xudodan qo‘rq!
– Ha, endi joningizga tegadigan bo‘p qoldikmi?
– O‘chi-ir!.. – Muallim bu safar eshikka bir musht tushirdi.
Norjon erining birdaniga tinchib qolganidan shubhalanib, chala-chulpa chayinib, dam olish xonasiga qaytdi. Xonada hech kim yo‘q edi. Javonni ochib bildiki, ko‘cha kiyimida chiqib ketibdi. Qo‘ng‘iroq qildi. Telefon erining yostig‘i tagidan ovoz berdi. Xotin vujudini qaltiroq bosdi.
“Sharmandalik! Megajin bilan rejalashib ulguribdi-da! Kechadan beri unga yon bosib gapirgani boisi shu ekan-da! Ahdu paymon qilishib, qolib ketsa-ya? Bolalariga nima deydi endi? El-yurt ko‘ziga qanday qaraydi? Sharmandalik!”
Norjon o‘rnida yuztuban yotib, rosa yig‘ladi. Bolishu sochig‘i ho‘l bo‘ldi.
Bir mahal eshik taqilladi. “Bor ekanlar-ku!” Yuragi hapqirdi Norjonning. Yelib borib, zanjirni tushirdi. O‘sha megajin − Ra’no!
− Assalomu alaykum, tinchlikmi, nonushtaga ham chiqmadingizlar?
Norjonning qulog‘iga hech narsa kirmadi.
− Siz shu yerdamisiz?..
− Boshqa qayerda bo‘lay, o‘zi kechadan avvalgi kun keldim-ku! – dedi ayol yelka qisganicha. U Norjonning yig‘idan bo‘g‘riqqan yuziga nigoh tashlab bir zum turdi-da, nimanidir angladi shekilli, g‘irra burilib, qaytib ketdi.
“Ra’no shu yerda!.. Nimalar bo‘lyapti o‘zi? E, Xudo, nima qilsang ham aqlimdan ayirma! Keksa boshim bilan odamlarga masxara bo‘lmay! Hamma ayb o‘zimda. Tavba qildim, Xudoyim! O‘sarimni qaytar!..” Bu gaplar Norjonning xayolidan kechyaptimi, yig‘i aralash aytilyaptimi, o‘zi ham bilmasdi…
Norjon kun bo‘yi na ovqatga chiqdi va na muolajaga bordi, motamsaro bir kayfiyatda xonanishin yotib oldi.
U go‘yo jonsiz losh, karavotida cho‘zilib yotar, xayoliga bironta jo‘yali fikr kelmas edi.
Avval kenjasi Ro‘zmat, ikki soatlar o‘tib to‘ng‘ichi Saida qo‘ng‘iroq qildi. Ajabo, har ikkisi ham dadasining sog‘lig‘i bilan qiziqdi. Aldashga to‘g‘ri keldi – “kursdosh do‘stinikiga ketdi”, dedi.
Kechqurun eshik ohista taqilladi. Eri emas. U bunaqa imillamaydi.
Ra’no ekan. Bir qo‘lida palov to‘la kosa, ikkinchisida meva-cheva solingan yelimxalta. U eshik oldida jilmayganicha turardi. Norjonning ko‘zlariga bir qarab olgach, yoqimli ovozda salom berdi.
Norjon ham jilmayishga urindi, alik olib, ayolni uyga taklif etdi.
– Keling, Ra’noxon, ichkarilang!
Ra’no degani balo ekan. Bo‘lmaga kirgach:
– Tobingiz yo‘qmi deyman, dugona. Siz urinmang, hammasini o‘zim qilaman, – deya choynak-piyolani o‘zi tozalab, elektrga choy qo‘yib yubordi. – Tushlikdan so‘ng kelay dedim-u, navbatdan boshim chiqmadi. Qarasam, ujinda ham yo‘qsizlar. Keyin oshxonadan ulushlaringizni olib kelaverdim… Choy qaynaguncha mevalardan olib o‘tiring!
Norjon oromkursida o‘tirganicha o‘z uyida mehmonligidan izza chekar, uzzu kungi ochlik va yig‘i uni batamom holdan toydirganligi endi sezilayotgandek edi. Yuziga o‘rnashib olgan g‘am soyasini haydashning ham iloji yo‘qdek edi. Ra’no endi unga raqiba emas, samimiy dugona, sirdosh do‘stdek tuyula boshladi.
Ra’no o‘zini beparvo ko‘rsatishga urinar, lekin quv ko‘zlarida o‘ynayotgan mubham bir nur er-xotin orasidagi mojaro haqda tusmollayotganini fosh etib turardi.
Choy damlandi. Bola-chaqa, quda-anda, ro‘zg‘ordan gap ketdi. Baribir, suhbat qovushmadi. Tarozining haqiqat pallasi bosib bo‘ldi, yolg‘on-yashiq, yasama muomala po‘kakday qalqiyverdi. Vaqt zuvillab o‘tib borar, qorong‘i tushib, xonada chiroq yoqilishiga qaramay, muallimdan darak yo‘q edi. Bundan har ikki ayol o‘zicha ezilar, xona havosi borgan sari og‘irlashayotgandak edi…
Nihoyat, Ra’noning sabri tugadi:
– Rostini ayting, nima bo‘ldi sizlarga? – deb so‘radi.
Norjon sochiqni yuziga bosganicha piqillab yig‘lab yubordi. Yig‘i aralash dedi:
– Bariga o‘zim, men jinni sabab! Zarra aqlim bo‘lganida kelib-kelib sizday ayoldan qizg‘anarmidim. O‘shanga achchig‘i chiqib, saharlab ketib qoldi…
Ra’no xandon otdi. So‘ngra tegishmachoqligi tutib dedi:
– Yig‘ingizni hoziroq yig‘ishtirmasangiz, chindan ham cholingizni aylantirib olaman. Xorazmga yolg‘iz ketasiz! Chin Ra’no so‘zim!
Ra’no yana chax-chax urdi. Norjon “raqiba”si samimiyatini e’tirof etdi: avval chiroyli jilmaydi; keyin yengil qah-qahi bilan kulgiga qo‘shildi.
– Shuginaga shuncha motammi? Rosa oqko‘ngil ekansiz-ey, chiqonjon!* Yurgandir-da, birorta kursdoshi yoki eldoshinikida…
– Ishqilib, omon yursa bo‘ldi…
Shu payt yostiq ustida yotgan qo‘l telefoni jiringladi.
– Ana aytdim-ku! – deya Ra’no telefonga qo‘l cho‘zdi.
Norjon o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, intilmadi, qosh-ko‘zi harakati bilan “o‘zingiz tinglab ko‘ring-chi” ishorasini qildi.
– Valaykum assalom! Ha, o‘sha kishining telefoniga tushdingiz!.. Dugonasiman… (Norjon qo‘l ishorasi bilan “men yo‘qman” dedi). U kishi ish bilan chiquvdilar. Ra’no! O‘sar domla biladilar… Bo‘pti-bo‘pti… Mayli, salomat bo‘ling!..
Ra’no telefonni joyiga tashladi.
– Aytdim-ku, sizga!.. Muzaffar degan do‘sti bormi, asli mang‘itlik? O‘shanikida ekan! Xo‘jaykasi salom aytdi… Birgalashib kelinglar, deyapti… Voy, chiqonjon-ey, odamni rosa ezib yubordingiz-da… – dedi Ra’no “chiqonjon”ga urg‘u berib.
U piyolasidagi sovib qolgan choydan ho‘plab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Men hozir…
Eridan xabar topgan Norjon ancha yengil tortdi. Mehmoni eshikdan chiqishi bilanoq ko‘zgu oldiga bordi. Ko‘zgu ichidan sochi, qoshu ko‘zi parishon, g‘amzada ayol xijolatomuz boqib turardi. U chayinish bo‘lmasiga o‘tib, yuzini yuvdi, sochlarini tartibga keltirdi.
Dasturxon boshiga qaytganida Ra’no allaqachon shu yerda edi. U xonasidan bir yelim xalta ul-bul yemish ko‘tarib chiqqandi. Qazi, meva-cheva va salqin ichimliklarni bir-bir xaltachadan olib, hafsala bilan stol ustiga terardi.
– To‘g‘risini aytsam, bugun kuni bo‘yi sizlar haqda o‘yladim. Yuragimni g‘alati bir g‘ashlik egallab oldi. Shukurki, mana, tinchlik ekan…
G‘oyat samimiy kechgan ikki ayol suhbati yarim tunga qadar davom etdi. Ra’no bolaligi, maktab muhabbati, talabalik davridagi oshiqlari, marhum eri, qizu kuyovlari haqida to‘lqinlanib so‘zlay boshladi. U ustalik bilan bir mavzudan ikkinchisiga ko‘char, aksari voqeadan quvnoq bir xulosa chiqarardi. Norjon ul-bul narsadan totingan bo‘lib “raqiba”si og‘ziga tikilar, uning o‘ziga xos “ijro mahorati”dan hayratlanib, zavq olayotgani sezilib turardi. Ra’noning so‘ziga yarasha o‘zi ham chiroyli edi. To‘la-to‘q yuziga yarashiqli shahlo ko‘zi, quyuq kipriklari… Norjonning xayolida “Yo tavba, nahotki, shu ayol mening tengdoshim bo‘lsa?” degan fikr chaqnadi.
Nihoyat, Ra’no: “Sizam bundoq gapiring-da!” deb, Norjonni suhbatga tortdi.
– Ra’no, siz go‘zalsiz! Baxtsiz ham emassiz! Hademay, nevaralaringiz kattarishib, odam bo‘lishadi… Aytmoqchi, shuncha husnu latofat bilan nega er qilishni o‘ylamagansiz?..
Ra’no qah-qah otdi. Birdaniga kulgidan to‘xtadi.
– Yana o‘sha oshiqlarimni esga solyapsiz-da, chiqon!.. Rostiga ko‘chsam… ular hozir ham topiladi. Ammo-lekin uyalaman… qizlarim, kuyovlarimdan uyalaman! Ellashib ketsam, ne xo‘p!.. Biron-bir vaj bo‘lib, kelishmay qolsam, kim degan odam bo‘laman? Qanday bosh ko‘tarib yuraman mahalla-ko‘yda?
– Bir hisobdan siz haqsiz!.. – dugonasi fikrini quvvatladi Norjon.
Ra’no:
– Mendan bo‘lak hech kimni ko‘z ochib ko‘rganidan ayirmasin! – deya yana bir qadah ko‘tarib, xonani tark etdi…
O‘sar muallim ertasiga ham qaytmadi, indiniga ham. Bu kunlari Ra’no Norjonning yonida bo‘ldi. Qaytmasidan avvalgi kun kechqurun xonadagi telefon jiringlaganida ham Ra’no shu yerda edi. Go‘shakni u ko‘tardi.
– Allo, assalomu alaykum! E-ey… O‘sar aka, o‘zingizmi? Salomat bo‘ling-ey, qayoqlarda qoldingiz, bormisiz o‘zi? Ha-da, boshqa qayerda bo‘lardilar? Mana, go‘shakni beraman.
O‘sar muallim g‘irt mast edi. To‘ytepadamish. Kursdoshlari bilan birgamish… Norjon lom-mim demadi, tiliga so‘z kelmadi. Bazo‘r “Qachon kelasiz?” deyoldi burnini tortganicha. Go‘shakni yana Ra’no oldi-da:
– Mayli, o‘zingiz biling! Kelmasangiz ham bo‘laveradi… Biz ham bir kunimizni ko‘ryapmiz! – deya aloqani to‘xtatdi. – Ertaga kelarmish!.. Mana, erkaklarning fe’li-xo‘yi. Yana bu kishim ziyoli, muallim…
Ra’no o‘rnidan turib, balkon eshigini ochdi, devordagi mitti radioning tugmachalaridan birini bosdi. Xonada o‘ynoqi musiqa jo‘rligida xonanda ovozi yangradi:
Sizning yurak yurag-u, bizniki yurakmasmu?
Sizga visol kerag-u, bizlarga kerakmasmu?
Ra’no yana kuldi:
– Buni qarang-a, chiqon, qo‘shiqni qarang. Xuddi siz uchun to‘qilganday…
Norjon indamadi. U erining jo‘yali bir gap aytmaganidan xafa edi. Tag‘in yo‘qlab qolmasmikan, degandek mo‘ltirab, yoshli ko‘zlari bilan telefon tomon qarab-qarab qo‘yardi.
– Norjonoy, bo‘ldi qiling yig‘ini. Mana, eshitdingiz-ku, sog‘-omon ekan o‘sha supraquloq erjoningiz.
Norjon jilmaydi. Dugonasining topqirligiga besh ketdi. Tavba, shuncha yil birga yashab, erining qulog‘iga qaramabdi…
Ra’no radioda allaqanday muxlis bilan telefon orqali bidirlab gaplashayotgan boshlovchining ovozini o‘chirib, o‘zi xirgoyi qila boshladi:
Sizning yurak yurag-u, bizniki yurakmasmu?
Sizga visol kerag-u, bizlarga kerakmasmu?
Xiyol xotirjam tortganidanmi, shu tuni Norjon qotib uxladi. Ertasiga uni eshik qoqib Ra’no uyg‘otdi. Ertalabki nonushta vaqti o‘tib ketibdi. Chayinib olgunicha Ra’no dasturxon yozib, choy damladi.
– Qalay, yengil tortdingizmi? – so‘radi Ra’no salom-alikdan keyin.
– Rahmat, tuzukman.
– Endi bunday qilamiz, – dedi Ra’no jiddiy gap boshlab. − Tursin, bari tursin, tarixchi-arxeolog O‘sar Sharipovga syurpriz hozirlaymiz. Uch kunlik “samovolka”* uchun jarima! Ko‘ramiz, ne kechar ekan holi?
Norjon hali uning gapini uqar-uqmas o‘rnidan turdi.
– Shoshmang, men hozir kelaman… – Ra’no chiqib ketdi. Zum o‘tmay, qo‘lida paxta matodan tikilgan havorang yozlik kepka va yana tagida bir-ikki qadahcha ichishligi qolgan shisha bilan paydo bo‘ldi.
– Voy, nima bu? − dedi Norjon hovliqib.
− “Qoralaylik”… Zo‘r konyak qo‘shnilarimdan so‘rab oldim. Buncha qo‘rqib ketdingiz, chiqanjon, − kuldi Ra’no shishani stol ustiga qo‘yarkan. Keyin qo‘lidagi kepkani javonning bosh kiyim qo‘yiladigan tokchasiga tashladi: − Baraka topishsin, avvalgi mijozlar unutib qoldirishibdi. − Keyin bamaylixotir xalati cho‘ntagidan yarimlagan “Pall-Mall” qutisini chiqarib, stol chekkasiga qo‘ydi-da, stolga cho‘kdi. − Ana bo‘ldi!..
− Nimalar qilayapsiz, opa. U meni sog‘ qo‘ymaydi! Tinch o‘tiraylik, opa, qo‘ying.
– Vahima qilmang, yoningizda men borman!.. Yo‘g‘imda kelsa, bir gudok tashlang. Uchib kelaman-u, o‘zim davom ettiraman spektaklni!.. Shunaqayam bo‘ladimi, uch kun tashlab ketib… Dam olishniyam burundan chiqardi… Gap shu! Kelsa, salom bermaysiz, o‘zi boshlasa, alik olmaysiz!.. Bularga ko‘zi tushib, savol nazari bilan qaraydi. O‘zingizni beparvogina tutib, G‘iyosning o‘sha “Sizning yurak yurag-u…”sini xirgoyilaysiz! Yuragini bir sichqon kemirsin! Yaxshisi-chi, kelishi bilanoq haligi… gudok tashlang! Eshik ortida turaman. Zaril bo‘lsa, shartta kiramanu…
Norjon “tog‘” desa, Ra’no “bog‘” dedi, “bog‘” desa, “chorbog‘” dedi. Munozara rosa cho‘zildi. Oxir-oqibat, Norjon so‘zini o‘tkazdi – uning qat’iy qarshiligi bilan bo‘lg‘usi “spektakl” stsenariysidagi ziddiyat biroz yumshatildi: O‘sar muallim kimsasiz xonaga kirib keladigan, bo‘lmadagi manzarani ko‘rib, “jazosini tortadigan” bo‘ldi.
Maslahat mahsiga qamalgach, xona kaliti eshikbonga topshirildi. Ikki ayol Ra’noning derazasidan sanatoriyning kirish darvozasini bemalol kuzatsa bo‘ladigan ikkinchi qavatda joylashgan bo‘lmasiga o‘tishdi. Derazaga pashsha-chivindan himoyalanish uchun ko‘kimtir to‘r tortilgan, bu esa, ichkaridagi kishiga o‘zi ko‘rinmagan holda tashqarini kuzatish imkonini berardi.
Norjonning yuragi gup-gup urar, uning uchun go‘yo vaqt to‘xtab qolgan edi. U o‘zini chalg‘itish uchun televizor qarshisidagi oromkursiga cho‘kdi. Ra’no deraza qarshisida o‘tirvolib, allaqanday jurnalni varaqlar, diqqat-e’tibori darvoza tomonda edi. U ham ancha jiddiy tortgan, chamasi, kutilayotgan drama finalini ko‘z oldiga keltirishga urinardi…
Domla ko‘p kuttirmadi. Teleekranda bellashayotgan ikki xonanda bittadan ashula aytib ulgurmayoq Ra’no o‘rnidan dik turdi.
– Keldilar! Ana, balo ham urmagan erjoningizga!
Norjon bir qadamda Ra’no yonida paydo bo‘lib, to‘rpardaga peshonasini tiradi. Kishilar orasida bir qo‘lida kamzuli, ikkinchisida ikki-uch kitob bilan kelayotgan erini tanidi. Yoz quyoshidan ko‘zlari qisilgan O‘sar muallim bir qarashda horg‘in va ozg‘in ko‘rindi. Norjon erini ayab ketdi. Ra’noni unutib, poygakka shoshildi.
– Ha, chiqonjon, sizga ne bo‘ldi? Hali domla xonaga boradilar, keyin kalit uchun eshikbonga…
– Tog‘a uni taniydi. Kalitni eshikdan kirganidanoq qo‘liga tutqazadi…
– Voy-vuy, rosa sog‘inibsiz-da, o‘shaningizni! Tushunsangiz-chi, darhol kirib borsak, qizig‘i bo‘maydi. Besh-o‘n daqiqa o‘tsin!..
Norjon hech narsa eshitmagandek, shippagini oyog‘iga ildi, o‘zini dahlizga urdi. Noiloj qolgan Ra’no unga ergashdi.
Ikki ayol hansiraganlaricha eshik oldida to‘xtashdi.
– Kiring, Ra’no! – eshikka ishora qildi Norjon.
– O‘ziz boshlang, chiqon, o‘zingiz!
Hech kim jur’at etmadi. Eshikka quloq tutganlaricha jim qolishdi.
Ichkaridan yo‘talmi, ixrashmi, xo‘rsiniq va ingrashga monand tovush eshitildi. Televizormi, javonga o‘xshash og‘ir bir narsa polga gursillab yiqildi.
Xotinlar bo‘lmaga kirishganida O‘sar muallim ikki karavot orasidagi to‘shama ustida yonboshlab yotganicha ixrar, og‘zidan ko‘pik aralash so‘lak oqardi. Muallim qo‘lida o‘sha yozlik kepkani changallaganicha yotardi.
Norjon uvvos soldi.
Ra’no navbatchi shifokorga chopdi.
Yigirma daqiqacha keyin bu ikki dugona tuman shoshilinch tibbiy yordam markazining reanimatsiya bo‘limi dahlizidagi yog‘och o‘rindiqda bir-biridan bexabardek qosh-qovog‘i osilganicha o‘tirishardi.
Bir payt bo‘lim eshigi qiya ochilib, hamshira ovoz berdi:
– Bemor Sharipovning yaqinlaridan kim bor?
Ikki ayol birdaniga oyoqqa qalqdi. Shundagina Norjon Ra’noning ko‘zlariga qaradi. Ra’no “chiqonjon”i nigohida ajib bir ma’ni ilg‘adi-da, ko‘zlarini olib qochib, o‘rindiqqa holsizgina o‘tirdi.
Norjonni kiraverishdagi burchakda o‘tirgan ko‘zoynakli kishiga ro‘baro‘ qilishdi. Uni eriga tegishli ba’zi ma’lumotlar olish uchun chaqirtirishgan ekan. Oxirgi savol xastalik bilan bog‘liq bo‘ldi:
– Eringizning odatiy qon bosimi necha edi? – degan savolga:
– U kishi qon bosimini o‘lchatmasdilar, – deb javob berdi. Javob berdi-yu, eri haqida o‘tgan zamonda gapirayotganidan qo‘rqib ketdi, – sog‘liklari yaxshimi ishqilib, – deya piqilladi.
– Vahimaga o‘rin yo‘q, opa, hammasi o‘tib ketadi, Xudo xohlasa… Demak, avval infarkt yo insult holatlari kuzatilmagan?
– Yo‘q!
Doktor juzdonini yopib, ichkari xonaga kirib ketdi.
Ko‘ngli ancha taskin topgan Norjon shu yerda yurgan oq xalatli kelinchakka yuzlandi:
– Singlim, amakingizni birrov ko‘rib chiqish uchun kimdan ruxsat so‘rashim kerak?
– Voy, xolajon-ey, avval amakim o‘zlariga kelsinlar! Haliyam vaqtida opkepsizlar, omadingiz bor ekan, jarayon yaxshi ketyapti. Kechqurunga qarab o‘zlari so‘rab qolsa ajabmas, “atrofimda kim bor?” deb… – dedi juvon yoqimli tabassum bilan. – Diqqinafas bo‘lib, karidorda o‘tirmang! Bemalol aylanib kelavering! Sanatoriyda ekansizlar, muolajalardan qolmang. Yaxshisi, menga telefon raqamigizni qoldiring. Ko‘zlarini ochishi bilan qo‘ng‘iroq qilaman!..
– Baraka toping, singiljon, shunday qiling!..
Hamshirami, kichikroq vrachmi, shirinsuxan bu juvonning ismi jismiga mos ekan – Gulchiroy. O‘zaro telefon raqamlarini olishgach, Gulchiroy Norjonni eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
Norjon dahlizga chiqqach, to‘g‘ri tashqariga yo‘naldi. Ra’no o‘tirgan muyulishga qayrilib ham qaramadi.
Ra’no Norjonni shifoxona oldidagi bog‘chada quvib yetdi.
– To‘xtang, Norjon! Iltimos, bir daqiqa!
Norjon to‘xtab, ortiga qayrilganida Ra’no yo‘lak chekkasiga o‘rnatilgan skameykaga o‘zini tashlaganicha rostakamiga ho‘ngrardi.
– Meni kechiring, chiqon! Men ahmoqni kechiring! – dedi u yig‘i aralash. – Qaydan ham bilibman bunaqa bo‘lishini, oxiri zil bo‘lishini!..
Norjon ham o‘rindiqqa ohista o‘tirdi. Sochlari to‘zg‘ib, yuzlari yig‘idan bo‘g‘riqqan bu ayolni ham tushunish kerak, chap qo‘li bilan Ra’noni quchdi. O‘zi ham so‘zsiz yig‘ladi.
Dugonasi mehrini tuygan Ra’no:
– Do‘xtirlar nima deyishdi, yaxshi ekanmilar? – deya so‘radi.
– Shukur, beri qarayotganmish. Vaqtida obkepsizlar, deyishdi. O‘ziga kelsa, chaqiramiz deyishdi…
Ayollar choyxonada tamaddi qilishdi, bog‘cha o‘rtasidagi hovuzcha bo‘yida yurib salqinlanishdi. Vaqt toshbaqadek imillar, quyosh yashil qirlar sari og‘ib borar, biroq Gulchiroydan biror mujda yo‘q edi.
Yoz quyoshining so‘nggi nurlari bilan birga ayollarning sabri ham tugab bitdi. Bo‘limga borishib, eshikni qiya ochishga jur’at qilishdi.
– Keling, kelinglar! Amakim tuppa-tuzuklar, uxlayaptilar. Men hozir… – Gulchiroy eshiklardan biriga kirib ketdi. Tezda qaytib: – bittangiz ko‘rib chiqishingiz mumkin, – dedi.
Norjon palataga qaldirg‘ochday uchib kirdi. Eri yoniga qo‘ndi. Yuzini yuziga bosdi.
O‘sar muallim xonaning o‘ng tomonidagi turli asboblar qurshovidagi karavotda yupqa choyshab ostida chalqancha yotar, bir tekis nafas olardi. Norjon hayratlandi: avvallari eri uxlaganida havoni burnidan olib, burnidan qo‘yvorardi, hozir boshqacha – burnidan dam olib, og‘zidan chiqarar, og‘ir xo‘rsiniqqa mengzagan puff-puff degan sas xonada aks-sado berayotgandek edi…
Norjon buning sababini qaytar chog‘i Gulchiroydan so‘radi.
– Amakim rosa charchaganlar! Yozning issig‘ida ham shuncha ichadimi odam? Avaylasangiz bo‘ladi-ku, xolajon! Erkak kishi qarilikka yaqinlashgan sari e’tiborga ehtiyoj sezadi. Haliyam yuraklari mahkam ekan. Omon qoldilar!
Norjon hech narsa deyolmadi.
– Endi sizlar qaytaveringlar! Amakim bugun uxlab, dam olsinlar! Xavotir olmang, yonida kunu tun odam bo‘ladi. Xudo xohlasa, ertaga ertalab hech narsa ko‘rmagandek uyg‘onadi.
– Yarim tunda uyg‘onsalar-chi?
– Yo‘q, uxlaydilar. U kishiga hozir tinchlik kerak. Shu uchun ham uxlatib qo‘yibmiz! – Gulchiroy “gap tamom” degandek eshiklarning biri sari yo‘naldi.
Norjon tuni bo‘yi tikanda ag‘anagandek mijja qoqmadi. Yuragini dahshatli fikrlar oqimi garmseldek kuydirardi: “eri ertalab zo‘raki uyqudan uyg‘onadi, o‘zini kasalxonada ko‘rib hayratga tushadi, sog‘lom aql oqibatga sabab izlaydi, xonadagi manzarani eslab, yana eziladi, kasal xuruji yana qaytalaydi, shuning uchun ko‘z ochgan paytida tepasida turishi kerak, haziling boshingni yegur Ra’no ham shu yerda bo‘lishi lozim, boshqa yo‘li yo‘q, yo‘qsa, erini boy beradi!” Ola sahar ko‘zi ilinganicha toshday qotibdi. Telefonining budilnigiga ham uyg‘onmabdi…
Uni oshxonadan nonushta qilib qaytayotgan Ra’no uyg‘otdi. Norjon uyg‘ondiyu kechagi fikrlar girdobiga quladi. Eshik oldida Ra’noni ko‘rib, yalindi:
– Baraka toping, tez chiqing! Bo‘masa, O‘sar akangizdan ayrilamiz!..
– Nima gap o‘zi, qo‘ng‘iroq qilishdimi yo? Uyg‘onibdimi?
– Keyin bilib olasiz, tezroq bo‘ling! Iloyo, umringiz uzoq bo‘lsin, tez chiqing!
Darvoza oldidan taksiga o‘tirib, zumda yetib borishdi.
Vestibyulda turgan xodimaning aytishicha, Gulchiroyning smenasi tugab uyiga ketibdi. Yangi navbatchilar hali ishga kirishmabdilar. Soat to‘qqiz yarimlarda boshlasharmish ishni…
Norjon g‘ala-g‘ovurdan chetroq chiqib, Gulchiroyning raqamini tera boshlaganida kelinchakning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
– Eshitaman! Ha, men. Shu yerdaman. Asosiy korpusga kiriladigan joyda. Qarang-e, sizni uyiga ketgan, deyishuvdi. Bo‘pti, mana, hozir yetib boramiz!
– Ketdik. Gulchiroy hali shu yerda ekan! – Norjon Ra’noning qo‘lini ohista ushlab ichkariga ishora qildi.
Norjonga soyadek ergashib yurgan Ra’no biror narsa deyishga botinolmay sukut saqlar, aftidan dugonasi xavotirini tushunib yetgandi.
Ko‘p o‘tmay, qo‘ng‘irtob sochlari yelkasiga tashlangan, havorang ko‘ylagi yarashib tushgan sarvqomat Gulchiroy ularni bo‘lim dahlizida kutib oldi. Ayollar bilan iliq so‘rashgach, Norjonga siniq tabassum hadya qila turib:
– Opa, sizda ikki og‘iz gapim bor, – dedi.
– Bu kishidan yashiradigan sirimiz qolmadi, gapiravering, singlim!
Gulchiroyning xonasiga kirishdi. Ayollar kushetkaga, Gulchiroy stol yonidagi suyanchiqsiz kursiga joylashishdi.
– Avval tanishib olaylik, – deya gap boshladi Gulchiroy, – men reanimatsiya bo‘limi shifokoriman. Kechagi qog‘oz to‘ldirgan kishi Fozil Husanovich – bo‘lim boshlig‘i. Yanglishmasam siz – Norjon opa, O‘sar Sharipovning rafiqasisiz. – Keyin Gulchiroy Ra’no tomon burildi, – siz kim bo‘lasiz bemorga?..
– Ismim Ra’no. Universitetda birga… nima desamikin, bir davrda o‘qiganmiz. Sanatoriyda tasodifan uchrashib qoldik…
– Yaxshi, bo‘masam, maqsadga ko‘chaqolay! Domlaning sog‘ligi yaxshi. Yaxshigina emas, zo‘r deyish mumkin. Biroq kayfiyati nol! Oldimga hech kimni kiritmang, bu atrofda meni taniydigan odam yo‘q, deydi. Norjon opa, siz haqda eslatishga harakat qilsam, sanatoriydagi ayollardan biridir, deydi. Davolanishga bir o‘zlari kelganmish…
Norjon yuziga ro‘molchasini bosganicha “piq-piq” yig‘ladi. Ra’no nigohini shaxmatnusxa to‘shamali polga qadab, tumtayganicha qotdi.
– Bu insult tufayli hosil bo‘lgan xotira zaifligi emas. Menimcha, oralaringdan nimadir o‘tgan… Tezda domlaning ko‘ngliga yo‘l topmasak bo‘lmaydi. Ruhiyatidagi parokandalik qilingan muolajani chippakka chiqarishi mumkin. Bu jiddiy masala. Fozil Husanovich hozir besh daqiqalik taqsimotdan chiqib keladilar. Ayol kishisiz, oilaviy muammolarni yaxshi tushunasiz, deb sizlar bilan ilk suhbatni menga topshirdilar…
Ayollar biri olib-biri qo‘yib, bo‘lib o‘tgan voqeani bor tafsilotlari bilan bayon qilib berishdi.
– Obbo, opajonlarim-ey! Mana buni tagi zil hazil desa bo‘ladi, – dedi Gulchiroy kulganicha va darrov jiddiy tortdi. – Xo‘sh, bunga domlani qanday ishontiramiz? Menimcha, har ikkingiz kirib borib, bo‘lgan voqeani shoshmasdan, tartibli tarzda so‘zlab berasiz…
Shu payt eshik qiya ochilib, yoshgina qizning boshi ko‘rindi.
– Gulchiroy Salimovna, ikkinchi palatadagi bemor bezovta bo‘layapti.
Gulchiroy xotinlarga bir nima demoqchidek og‘iz juftladi-yu, hech narsa aytmay shoshganicha xonani tark etdi. Norjonning yuzi oqardi.
– O‘sar akam nechanchida edi? – so‘radi Ra’no.
– Ikkinchida!
U shivirladimi yoki madorsizlikdan ovozi chiqmadimi, Ra’no daf’atan anglay olmadi… Yuziga ko‘zi tushgach, qo‘rqib ketdi. Norjonni kushetkaga yotqizib, “men hozir” deganicha tashqari otildi.
Norjonni ham emladilar. Biroq qanchalik urinishmasin, yotib davolanishga ko‘ndi-rolmadilar.
Yarim soatlardan so‘ng xonada Gulchiroy paydo bo‘ldi.
– Kim aytadi sizni besh farzandni katta qilgan, yuzlab shogirdlarni uchirma qilgan ayol deb. O‘zingizni mundoq qo‘lga oling, xola! Hali amakimning oldiga kirib, qilmagan aybimiz uchun uzrxohlik qilishimiz kerak!.. Ve-ey, xolajonim-ey, rostini aytsam, sizdan o‘pkaladim. Shuginaga shunchami? Bo‘ldi qiling endi, turing o‘rningizdan! Birga choy ichamiz! Men ham qoldim bugun shu yerda! Vrachlik, Gulchiroy so‘zim – sizlarni oyoqqa turg‘azmay uyga qaytish yo‘q!..
Norjon vujudiga qon yugurdi, qon bilan birga oqibat yomg‘iridan so‘ng ko‘karadigan allaqanday nomsiz, xush tuyg‘ular rangu tarovati bilan kirib keldi. U Ra’no yordamida yuz-qo‘lini yuvdi.
Stollardan biri kushetkalar orasiga olinib, kichkina dasturxon yozildi. Nasibadoshlar Gulchiroy qistovi bilan yeb-ichishar, xayollarida esa bir muammo – O‘sar muallim sog‘lig‘i edi. Ammo bu haqda so‘z ochishga hech kimning yuragi dov bermas, aftidan har kim o‘zicha vaziyatdan chiqish yo‘lini izlardi.
– Amakimiz bugun ham g‘ayriixtiyoriy uyqudalar, – dedi Gulchiroy choydan so‘ng, – kechqurun olti-ettilarda uyg‘onsalar kerak. Shungacha nimadir o‘ylab topishimiz shart. Silliqqina bir tadbir…
– Bo‘ldi, bas, uyg‘ongan zahoti oldiga birga kiraylik! Yig‘layman-siqtayman, hammasini tushuntiraman. Aybimni bo‘ynimga olaman! – dedi Ra’no yana ko‘zyoshlariga erk berib, – hazillashmay men o‘layin, o‘zimning sho‘rpeshanaligim yetmaganiday bularning ham toleiga soya solib o‘tiribman men qora qarg‘a!
– Opa, shoshmang-chi, gapingizda jon borga o‘xshaydi. To‘g‘ri, bor gapni faqat siz ayta olasiz. O‘sha ko‘ngilsiz dramaning muallifi sifatida… Lekin og‘zaki tarzda emas. O‘zingizni yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin. Menimcha, diqqatingizni jamlab, eng asosiy voqealarni qog‘ozga tushirishingiz kerak. Eng qisqa, lo‘nda shaklda, bir betchalik xatga sig‘dirasiz. Ma’qulmi? Siz nima deysiz, Norjon opa? – so‘zini savol bilan tugalladi Gulchiroy.
Gulchiroyning taklifi Fozil Husanovichga ham ma’qul tushdi. Boshliq ishtirokidagi kichkina maslahatda kelishib olindi: Ra’no o‘sha muxtasar uzrnomani kechqurungi beshlarga qadar tayyorlab keladigan bo‘ldi, Norjon shu xonada hakimlar nazoratida bo‘la turgani maqsadga muvofiq deb topildi.
Ra’no kechqurungacha kuttirib qo‘ymadi, soat o‘n birlardayoq qo‘lida uzrnoma bilan paydo bo‘ldi. U kelgan chog‘ Gulchiroy bo‘sh palatalardan bittasida dam olardi. Shu sabab uzrnoma matni bilan ilk bor Fozil Husanovich tanishdi.
– Qoyil-ey, opa! Bu gaplarga tosh ham eriydi. Shoir-poir emasmisiz, mabodo? Ammo-lekin hazilingiz juda og‘ir ekan… – dedi u qog‘ozdan bosh ko‘tarib, keyin qo‘shib qo‘ydi, – Norjon opaga ham o‘qitib ko‘ring! Gulchiroyga ham…
Uzrnomadan xabar topgan bo‘lsa kerak, Norjon yotgan xonaga Ra’no bilan oldinma-ketin Gulchiroy ham kirib keldi. Maktubning, ayniqsa, xotima qismi bag‘oyat samimiy chiqqandi:
“…Guvohi bo‘layotganingizdek, barchasiga men sababchi, bosh aybdor – men! Norjoningiz farishtaday toza. Yetti yil sizsiz uxlasa ham, oting o‘chgur bu gunohi azim uning tushiga ham kirmaydi. Umring quyoshi shom sari oqqanida bunaqa hazilni kim qo‘yibdi senga, deydigan inson qani menga? Meni kechiring, Norjonning esa kechirgudek zig‘ircha ham gunohi yo‘q! Talabalik yillarimizda oramizda bo‘lgan o‘sha pokiza hurmat, mehr-oqibat, baham ko‘rgan osh-tuzimiz haqi bugungi gunohimdan o‘ting! Meni afv eting!..
Sizga uzoq umr, jufti halolingiz bilan totuv hayot tilab, Ra’no”.
– Yaxshi, juda yaxshi yozilibdi. Silliqqina qalamingiz bor ekan, opa! – dedi Gulchiroy.
– O‘rinli gaplar. Juda chiroyli ifodalabsiz. Katta rahmat, sizga, – ma’qulladi Norjon ham.
– Endi menga ruxsat berasizlar. Meni ko‘rgani bolalarim kelishayotgan ekan, – dedi Ra’no nazarini yerga qadaganicha.
Albatta, unga hech kim monelik qilmadi. Norjon uni tibbiy markaz darvozasigacha kuzatib qo‘ydi. Yo‘l-yo‘lakay qayta-qayta uzr-ma’zur qilishdi.
Norjonni o‘z xonasida Gulchiroy kutayotgan ekan.
– Xolajon, bilasizmi, markazga yangi bemor keltirildi. Operatsiyaga men ham taklif qilinganman, – dedi u xijolatpazlik bilan, – domlani hozirgina ko‘rib chiqdim. Ahvoli yaxshi. Vaqtliroq uyg‘onishi ham mumkin. Siz tashvish tortmang, Fozil Husanovich o‘sha yerda. Xatni u kishida qoldirdim. Uyg‘ongach, mavridini topib, o‘zlari beradi. Zaril topsa, sizni ham chaqirishlari mumkin. Hozircha shu yerda bo‘la turing. Aytmoqchi, mening o‘rnimga o‘zingizday ajoyib bir opamiz, mening ustozim keladilar, siz haqda aytdim u kishiga. Ya’ni sog‘lig‘ingizga qarab turadilar… Mayli, xola, nasib qilsa operatsiyadan so‘ng pochchamiz oldiga birga chiqib, choyxo‘rlik qilamiz!
– Iloyo, aytganingiz kelsin! Qo‘lingiz yengil bo‘lib, bemoringiz tezda oyoqqa tursin! – beixtiyor yuziga fotiha tortdi Norjon.
Ko‘p o‘tmay, xonaga Gulchiroyning “ustoz opasi” kirib keldi. O‘zini Karima Jalilovna deb tanishtirgan bu ayol kelishgan qad-qomati, yuz tuzilishi, iliqqina istarasi, qoshu ko‘z harakatlari bilan Ra’noni eslatardi. Norjon “uzoqroq qarindoshidir, balki”, degan tusmolda aslini surishtirdi. Vodiylik ekan. Bo‘stonliqqa kelin ekan.
Karima Jalilovna tanishish asnosida Norjonning yurak urishini tingladi, qon bosimini o‘lchadi. Hamshirani chaqirib, hapdori oldirib ichirdi. Keyin O‘sar muallim bilan qiziqdi. Karima ham xuddi Ra’nodek suhbatijon ekan. Chorak soatchalik gurungda Norjonning yurak-bag‘riga kirib, O‘sar domlaning “kasallik tarixi”ni ipidan ignasigacha bilib oldi.
– Mushkul bir vaziyatda qolibsizlar. Ammo uzrnomani yaxshi o‘ylab topibsizlar! Egachi, bir narsaga hayronman. Nahotki, eringiz shu darajada gumondor bo‘lsa? Shuncha yillar sinashgan jufti halolini… Ichi qoralik-ku, bu!
– To‘g‘ri aytdingiz, singlim. Ammo uning ichini qora qilgan ichkilik, aroq! Uch kun tinimsiz ichilgan shaytonning suvi kallani buzadi-da, – dedi Norjon yig‘lamsirab. – Kursdoshlari ham o‘lsin!..
– Gap bu yoqda deng! Yig‘lamang, egachi, Xudo xohlasa, domla ikki-uch kunda oyoqqa turib ketadi. O‘shanda kursdoshlariga qo‘ng‘iroq qildiring. Kelib bir ko‘rib ketishsin kursdoshini qay ahvolga solganlarini!
Karima bemorlardan xabar olgani chiqib ketdi. Hapdori ta’sirimi, charchoqdanmi, Norjonning qovoqlari og‘irlashdi. Kushetkaga cho‘zilib, ustiga choyshab tortdi…
Norjon eshikning ochib-yopilishi va yengil qadamlar tovushidan uyg‘ondi. Gulchiroy ekan. U biroz horg‘in ko‘rinar, ammo ruhiyati tetik edi.
– Tabriklayman, xola! Pochchamiz uyg‘onganlar, salom xatni o‘qiganlar! Jilmayi-i-ib yotibdilar! Bir piyola sharbat ichdilar!..
Norjon ilkis nima deyarini bilmay qoldi. Ko‘ziga yosh keldi, yosh tomog‘iga ham tiqildi. Nihoyat:
– Operatsiyangiz yaxshi o‘tdimi? – deb so‘radi.
– Ha, boshlab yuborishdi. Maslahatga chaqirishgan ekan. Arzimas narsa…
Biroz jimlikdan keyin yana so‘rashga jur’at topdi:
– Borib ko‘rsak bo‘ladimi otasini?
– Ha, albatta, hoziroq yuring!..
Ular oldinma-ketin palataga kirishganida O‘sar muallim hali ham pinakda, Karima Jalilovna kursida qalin jildli kattakon daftarni tizzasiga qo‘yganicha allanimalarni yozib o‘tirardi. Norjonning xo‘rligi kelib, poygakda turib qoldi. Karima qog‘ozdan boshini ko‘tardi, Norjonga qarab:
– Yig‘ini qo‘ying! Hozirgina ko‘zi ilindi, – dedi.
– Ha-ha, uyg‘onsalar xafa bo‘ladi, yig‘lamang, – gapga aralashdi Gulchiroy.
Karima Jalilovna o‘rnidan turib, daftarni Gulchiroyga uzatdi. O‘zi bemor ustida engashdi, bilagidan ushlab, pulsini “tingladi”. Muallimning yuzi ohista to‘lqinlandi, keyin ko‘zlarini ochdi. Jilmaydi, lab-lunji qimirlab-qimirlab, oxiri portladi:
– Bir bo‘saga shunchami, Ra’no?!
Karima Jalilovna tosh qotdi. Gulchiroy Norjonga yopishib:
– Alahsirayapti, xolajon, alahsirayaptilar! Yuring-yuring, keyin kiramiz… – shivirladi va ayolni tashqariga yetakladi. – Xola, ko‘zyoshini yig‘ishtiring! Eng asosiysi – krizis orqada qoldi. Endi qo‘rqadigan joyimiz yo‘q! – dedi dahlizga chiqqach, – siz dam olaturing, men choy tashkillashtiraman!
Gulchiroy Norjonni xonasi eshigigacha kuzatib, palataga qaytdi. Eshik oldida ustozini uchratdi.
– Tushunmadim? – yelka qisdi Karima Jalilovna ko‘zoynagi ustidan kulib boqib.
– Siz-ku, mayli-ya, Norjon xola tushunmaganlari yaxshi bo‘ldi. Tushunganlarida bu kishim ham kulardilar. – Xandon otdi Gulchiroy ustozining yelkasidan quchib. Keyin qo‘shib qo‘ydi, – u sizni bir ayolga o‘xshatdi, menimcha… Keyin bafurja aytib beraman!..
– Gap kovlashni yoqtirmayman-u, ammo bunisi qiziqqa o‘xshaydi…
Gulchiroy so‘zida turdi. Shu kuni kechqurun O‘sar muallim oyoqqa turib, oddiy palataga ko‘chirilgachgina uyiga qaytdi.
Kechki choyni eri bilan birga ichgan Norjon yeru ko‘kka sig‘may sanatoriyga keldi. Quvonchini baham ko‘rish uchun ikkinchi qavatga – Ra’nonikiga oshiqdi. Eshigini avval ohista, javob bo‘lavermagach qattiqroq qoqdi…
Qavat navbatchisidan so‘rab bildi – Ra’no tushlikdan ham avvalroq ma’muriyat bilan hisoblashib, sanatoriydan butunlay chiqib ketgan ekan…
_________________
* Mashqala – (sheva) muammo.
* Chiqon – dugona.
* Samovolka – qismni ruxsatsiz ravishda vaqtincha tashlab ketishni ifodalaydigan harbiy atama.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 4-son