Farrux Jabborov. Tuya dumiga ilingan maktab (hajviya)

Tanishuv

Jo‘g‘rofiya daftaringizga yozib qo‘yingkim, muxbirimiz Abu Kolumb ibn Beruniyning xabar berishicha, Alomat qishlog‘ida ham “supermaktab” topilibdi. Uning koordinatalari haqida aniq ma’lumot yo‘q, lekin Toshkentdan uzoqligi aniq. Mazkur maktabning fizika, kimyo, jo‘g‘rofiya, matematika…  fanlari o‘qituvchisi (o‘qituvchilari deb yozmoqchi edik, hammasi bitta odam ekan. Balki atamalar lug‘atiga “o‘qituvchilar to‘plami” degan terminni kiritish kerakdir) binoning necha ballik yer silkinishiga chidab berishini aniqlabdi. Ma’lum bo‘lishicha, maktab oldidan o‘tadigan yo‘lni berkitish kerak ekan. Xudo ko‘rsatmasin, o‘sha yo‘ldan bitta-yarimta sho‘x bolakay ot choptirib o‘tsa bormi, maktab qulab… Keling yaxshisi, statistikaga murojaat qilamiz. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, maktab  oldidan tramvay bir marta o‘tsa, bunga binoning chidab berishi dargumon ekan. To‘g‘ri-da, har bir inshoot mahalliy sharoitdan kelib chiqib quriladi. U yoqlarda tramvay desa, yerning ostida yuradimi deb so‘rashadi.
Yaqinda 1-sinf o‘quvchilari va o‘qituvchilari “RayONO”ga bosh urib borishibdi. Ular mudir janoblariga alifboni baland ovozda takrorlay olmayotganligidan nolishibdi. Hamma tovushlarni shivirlab aytganidan kim indamay o‘tirganini bilib bo‘lmas ekan-da. “RayONO”dan bizga “Kamchiliklarga barham berildi, faqat alifbo o‘qitiladigan sinflarga orqasidan tirkovuch tirkaldi”, degan mazmunda javob xati keldi.

Antiqa surat

Abdukarim akaning 4-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li antiqa surat chizgan emish. O‘qituvchi hayron bo‘lib: “Nega sen chizgan tuyaning dumi uzun?” deb so‘rabdi. (Chunki domla tuyaning dumi kalta bo‘lishini aniq bilarkan). Sinfning eng oldi o‘quvchisi antiqa rasm bo‘yicha o‘zining farazini ilgari suribdi. Uning fikricha, rasmdagi dum tuyaniki emas, balki tuyaning ortida turgan sigirniki bo‘lishi mumkin ekan. Xullas, kim nima desa debdi. Lekin suratning sirini rassomning o‘zi aytib qo‘ya qolibdi. Buning tarixi uzun ekan.
Har kuni uchinchi “smena”da o‘qib, xufton namoziga azon aytilayotganda uyga qaytish joniga tekkan Behzod otasidan: “Yangi maktab qachon quriladi?” deb so‘rabdi. Abdukarim aka javobni o‘zining yoshligi haqida gapirishdan boshlabdi. Chunki Yangi maktab quriladi degan mish-mish emas, rasmiy va’da o‘sha vaqtlari aytila boshlagan ekan. “Gapning indollosini aytganda, yangi maktab tuyaning dumi yerga tekkanda quriladi”, deb yakunlabdi Abdukarim aka o‘zining uzoq va mazmunli nutqini. Shuning uchun Behzod ezgulik yo‘lida tuyaning dumini cho‘zibdi. Hamma yulishga o‘rgangan bir paytda rassomning arzimagan narsa bo‘lsa ham qo‘shishi kunimizning haqiqiy yangiligi deb e’tirof etilmoqda.
Falokat
Devorlariga tirkovuch tirkalmagan maktabning yarmi, ya’ni 5 ta sinf qulab tushdi. Xayriyatki, qurbonlar yo‘q. Chunki falokat ro‘y bergan vaqti bu sinfda o‘qiydigan bolalar Bosim polvonnikiga ketgan edi. Nimaga deysizmi? Behzod yaratgan san’at asari e’lonlar taxtasiga osilib, Abdukarim akaning falsafasi bilan tushuntirilgach, hamma bundan g‘oyat ta’sirlanib ketishdi. Shundan beri har kuni 3-4 ta sinf Bosim polvon tuyasining dumiga tikilib o‘tiradigan bo‘ldi.
Maktab binosining qulab qolishi tuman tarix muzeyi mudirini chuqur qayg‘uga soldi. U kishi 18-supermaktab binosini ochiq muzeyga aylantirmoqchi bo‘lgan ekan. Chet ellik mehmonlar kelsa (kelmaslik ehtimoli kuchliroq), sobiq Ittifoq davrida farzandlarimiz mana shunday xarobalarda o‘qigan deb ko‘rsatish uchun kerak-da!
18-supermaktabda hamma o‘qituvchilar yuqori malakali bo‘lganligi uchun tuyaning dumiga qorovullik qilish bilan cheklanib qolmayaptilar. Yaqinda o‘qituvchilar xonasidan “Evrika!” degan baqiriq eshitildi. Bu zoologiya o‘qituvchisining hayqirig‘i edi. Domla anchadan buyon ko‘rgazmali qurol topolmay yurgan ekan. Mana tayyor tuya. Mabodo yaqin orada tuyaning dumi yerga tegmasa, butun maktab tuyashunos bo‘lib ketsa ajab emas. (Lekin shu yoshidan o‘quvchilar birovlarning nasibasini tuya qilishni o‘rganmasa bo‘ldi). Bir guruh shovvozlar “Dum o‘stirish tajribalari” borasida izlanish olib borishmoqda. Keksalarning aytishicha, yaqin qishloqlar ichida “dum” o‘stirish borasida O‘sarovning tajribasi katta emish. “U Madaniyat vazirligida ishlay boshlagandan beri, – deb eslaydi qariyalar, – Pastqishloqning ko‘p odamlari madaniyatli bo‘lib mansab pillapoyalaridan yuqorilay boshladi”.
Keksalarning bu ishga aralashuvi o‘quvchilarni chalg‘itib yubordi. Axir, ularni odamning “dum”i emas, tuyaning dumi qiziqtiradi. Laboratoriya portlab ketib maktabga zarar qilmasligi uchun tajribalar ochiq maydonda o‘tkazildi. Talofatlar bitta chinor, 4 ta terak. Yonib ketgan bo‘lsa kerak deb o‘ylarsiz. To‘g‘ri, yonib ketdi, lekin chinor va terak emas, direktorning oshxonasi yonib ketdi. (Kelining yog‘ dog‘lashni bilmasa qiyin ekan-da!) Maktab hovlisi ship-shiydam bo‘lgach, o‘quvchilar musiqa darsida “Oftob chiqdi olamga, yugurib bordim xolamga. “Xola, xola, kulcha ber!” Xolam dedi: “Toshingni ter!” qo‘shig‘ini kuylashmoqda.

Echim topildi!

Ilm yo‘li tuyaning dumini yerga tekkiza olmagach, hayot tajribalariga murojaat qilindi. Birinchi fikr tuman gazetasi muharririning o‘g‘lidan chiqdi:
– Yozish kerak!
– Nima deb?
– Tuyaning dumi yerga tegdi deb. Hamma ishonadi.
– Bee, qayerga yozasan? – gapga aralashdi adabiyot o‘qituvchisi. – Tuman gazetasini xodimlaridan boshqa hech kim o‘qimaydi. Markaziy gazetalarga yozsang ham, baribir bizga yetib kelmaydi. “Ommabop-hammabop” gazetalarga chiqarsang, hamma o‘qiydi – lekin hech kim ishonmaydi.
– Yozish kerak! – dedi raisning o‘g‘li.
–  Qayerga yozish kerak?
–  Qo‘shib yozish kerak!
– Bo‘lmaydi. Kattalar kelib dumning qolgan qismini top desa, nima qilaman, – deb o‘shqirdi direktor.
Eng jo‘yali gap qassobning o‘g‘lidan chiqdi. U tuyani yotqizishni taklif qildi. Kutilgan natija yuz berdi: tuyaning dumi yerga tegdi! Lekin qachongacha yerga tegib turarkin, xudo biladi. Tuyasini majburlab yotqizgani uchun Bosim polvonning jahli chiqib ketdi, o‘quvchi va o‘qituvchilarni o‘z og‘ilidan badarg‘a qildi. Hozirda o‘quvchilarning muqim manzili yo‘q. Lekin ko‘ngil ko‘chalariga xafagarchilik yaqin yo‘lay olmayapti… Yaqinda yangi maktab qurilib qolar. Tuyaning dumi yerga tegdi-ku!
…Voqealar rivoji haqida gazetimizning keyingi sonlarida xabar berishni va’da qilib

Jizzakiy