Uning qiyofasi hayotda bor odamlarning qiyofasidan uncha farq qilmaydi. Lekin o‘ziga xos jihatlari ham bor. Juda keksa bo‘lmasa-da, yoshi bir joyga borib qolgan odamlarga o‘xshab ketadi. Hayot mashaqqatlari uni g‘ijimlab tashlagan. Oriq jismiga monand yelkalari uni yanada ozg‘in ko‘rsatadi. Katak, yengi kalta, doimo etagi shimi ustidan tushib turadigan ko‘ylagi haftalab olinmaydigan soqoli rangiga juda ham mos.
U oddiy bir haydovchi. Eski, sharti ketib, parti qolgan “ZIL” mashinasining egasi. O‘ziniki, yuk tashiydi. Goh yuqoriga, goh pastga. Ko‘proq kechasi yo‘lga tushishadi. O‘lgudek charchashadi.
Ikkalasi bir-biriga o‘xshab ketadi. Ish yurishib tursa, haydovchi xursand, mashina yengil, beozorgina yo‘rg‘alaydi. Yo‘lda biror kor-hol yuz bersa, ikkalasining zardasi birdaniga keladi. Haydovchi bo‘ralab so‘kinishga tushadi. Mashina bo‘lsa “pat-pat, pix-pix” qilib, yurmay qo‘yadi, yursa ham lo‘killashdan nariga o‘tmaydi.
Haydovchi mashinaga o‘tirishdan avval, xuddi boshqa yer qurib qolgandek, kir, loy oyog‘i bilan ballonlarni tepib, bir gapni takrorlaydi:
— Qalaysan, birodar? Charchamadingmi? Charchashga haqqimiz yo‘q. Ishlashimiz kerak, ha, ish hali juda ko‘p, bo‘shashma…
Tili-jag‘i yo‘q mashina uning gaplarini tushunganday mung‘ayib qarab turaveradi. Bir nima demaydi. Ammo haydovchi murvatni burab, gaz pedalini bosishi bilan g‘izillab yo‘lga tushadi.
Odamlar ehtiyojini qondirish uchun u tashigan narsalarni bir joyga yig‘sa bormi, eh-he…
Mana, hozir ham usti to‘la yuk. Har biriga yigirmatadan vino joylashtirilgan yashiklar ustma-ust taxlangan, ustiga brezent yopib qo‘yilgan. Havo issiq, yopmasa ham bo‘ladi, ammo aroq yoki vino tashiganlarida hamisha shunday qilishadi. Mashina buni uncha yaxshi tushunmaydi, sababini birovdan so‘ray olmaydi ham… Bilgani, bugun ham bu yuklarni dalalardan, aylanma yo‘llardan yurib, qaysidir bir qishloq chekkasidagi magazinga topshirib qaytishadi.
Mashina shularni o‘ylab diqqat bo‘ladi. Qachon yo‘lga tushamiz? Kun bo‘lsa isib ketdi, issiqda yo‘l yurish azob.
Soat ikkilardan oshganida katta taxta darvozaning kichik eshikchasidan bo‘ynini xiyol oldinga cho‘zgancha haydovchi chiqib keldi. Odatiga ko‘ra, shimining chap cho‘ntagidan “Sever” papirosini olib, bir donasini labiga qistirdi, gugurt chaqib tutatdi, xuddi bu ishni birinchi marta qilayotganday, miriqib cheka boshladi. So‘ng mashina oldiga yaqinlashib, odatiga ko‘ra boshladi:
— Qalaysan, birodar, charchamadingmi? Charchashga haqqimiz yo‘q, ishlashimiz kerak, ana, soat ham ikkidan oshibdi.
U shunday deya old ballonlarni tepib-tepib qo‘ydi-da, buyruq ohangida dedi:
— Qani, birodar, ketdik, imillaydigan bo‘lsak, yarim kechaga qolib ketamiz.
Kalit buraldi, gaz bosildi. “ZIL” gurulladi, avvaliga biroz silkinib turdi, so‘ng bir maromda yo‘lga tushdi.
— Tuzuksan, — dedi haydovchi eshikni qars etib yopar ekan.
Mashina qing‘ir-qiyshiq yo‘llarni ortda qoldirib, tep-tekis asfalt yo‘lga chiqib olganida yanada xotirjam, silkinmay, titramay yura boshladi.
Shu zaylda ancha yurishdi. Keyin bir joyda to‘xtashdi. Haydovchi suvi sharqirab oqayotgan ariq bo‘yiga qo‘yilgan kursichaga yastanib o‘tirib, muzdek ayronni simirdi. Keyin ariqdagi suvdan paqirda olib, mashina g‘ildiraklariga, radiatorga sepdi. Juda mazza bo‘ldi-da.
Manzilga yetib kelishganida qorong‘i tushib bo‘lgan edi. “ZIL” to‘rt tomonga tarvaqaylab ketgan yo‘g‘on-yo‘g‘on tollar orasida joylashgan qishloq do‘koni omboriga orqasini qilib, “xayriyat-e” deganday, bir entikib to‘xtadi. Haydovchi yana papiros tutatib, do‘kon sotuvchisini izlab ketdi. Oradan ancha vaqt o‘tib, uch kishi bo‘lib qaytib kelishdi. Orqa bort ochildi. Brezent bir tomonga qayirib qo‘yildi. Yuk tushirildi. Xira lampochka yorug‘ida qog‘ozlarni rasmiylashtirishga ancha vaqt ketdi.
— Eminjon aka, — dedi do‘kon mudiri haydovchiga, — qaytishda Tolmozor orqali ketganingiz ma’qul, yo‘l ancha yaqin bo‘ladi.
Sotuvchi shunday deb haydovchiga ikki shisha vino uzatdi.
“ZIL” gurulladi. Kechki salqin ta’sirimi yo uyga qaytishayotganidanmi, motor bir maromda ishlay boshladi.
Mashina Tolmozordan o‘tib, yana katta yo‘lga burilganida haydovchi ashulani varanglatdi. “Andijonlik ukam”dan so‘ng “Sochining savdosi tushdi”, keyin “Qaro ko‘zim”ni o‘zicha qoyillatib xirgoyi qildi. Bir-ikki joyida ovozi xirillab qoldi, so‘zlarini adashtirib yubordi, ammo buni mashinadan boshqa hech kim sezmadi.
Oy orasi edi. Hammayoq qop-qorong‘i. Yo‘l chetidagi dov-daraxtlar mashina faralari yorug‘ida lipillab o‘tishadi, goho vahimali ko‘rinishadi ham. Mashina buni haydovchining olazarak ko‘zlaridan biladi.
Bir payt mashina bilan yonma-yon chopib borayotgan bir nima ko‘zga tashlandi. Haydovchi ashulasini to‘xtatdi. Aslida u tungi qo‘rquvdan chalg‘ish uchungina o‘zini ashula aytayotgan qilib ko‘rsatayotgan edi.
— Ie, bu nima bo‘ldi ekan, — xayoli seskandi haydovchining. Oradan biroz o‘tgach, o‘sha narsa o‘zini to‘la namoyon qildi. U navqiron, yetilgan, yollari silkinib turgan, bo‘yni uzun, o‘ynoqlab chopib borayotgan oq tulpor edi. Mashina bilan xuddi basma-basiga chopishayotganday edi. Haydovchi unga qarab, dikkaygan quloqlarini ko‘rdi, yoli mashinadan tushayotgan yorug‘da oltin kabi tovlanar, odamning xayolini o‘g‘irlardi.
Haydovchi oq tulpordan qolmaslik uchun tezlikni oshirdi. Tulpor ham boshini baland ko‘tarib, yanada tez chopa boshladi. Shunda kutilmagan voqea yuz berdi. Tulpor birdaniga chap tomonga burildi. Mashina ham…
Haydovchi jon-jahdi bilan tormozni bosdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, oldinda chuqur jarlik turardi. Mashinasi bilan pastga sho‘ng‘ishiga sal qolgan xolos…
Qattiq so‘kinib, mashinani orqaga qaytardi. “ZIL” “Ko‘zingga qarasang bo‘lmaydimi”, deganday g‘o‘ldirab ovoz chiqardi.
Yo‘lga tushishdi. Haydovchi rulga deyarli yopishib olgan, peshonasidan esa muzdek ter oqayotgandi. Atrof qorong‘i, faralar yorug‘ida yana avvalgi manzara — yo‘l chetidagi dov-daraxtlarning beo‘xshov ko‘lankalari. Xuddi oq tulpor yoki boshqa bir narsa orqasidan quvib kelayotganday… Ko‘nglini xavotir bosdi.
Bu holat mashinaga ham ta’sir qildimi, u silkinib-silkinib, xuddi bo‘ralab so‘kinayotgan odamday beo‘xshov harakat qila boshladi. Haydovchi bundan jahllanib, goh gaz, goh tormoz pedalini bosadi.
Yo‘lda yana bir voqea sodir bo‘ldi. Mashina yo o‘zi silkinib to‘xtadi, yo bo‘lmasa haydovchining oyog‘i tormoz pedalini ezg‘ilab yubordi. Yo‘lning o‘rtasida bir narsa xuddi uzala tushgan devday yastanib yotardi. Haydovchi ko‘zlarini katta-katta ochib qaradi. Nima bo‘lishi mumkin. Haligi tulpor desa, yo‘q, o‘xshamaydi. Signal bermoqchi bo‘ldi, ammo yuragi dov bermadi. Tura solib tashlanib qolsa-chi…
Biroz o‘ylanib turdi, yana papiros tutatdi. Keyin faralarni yoqib, tikilibroq qaradi. Besh-olti qop narsa. Birorta yuk mashinasidan tushib qolgan.
Kabinadan tushib, oyog‘i bilan turtib ko‘rdi. Adashmabdi. Birorta tadbirkor katta bozordan ulgurji xarid qilgan turli xil yegulik, shirinliklar…
— Bunday “o‘lja” har kuni ham uchrayvermaydi, olish kerak, — dedi haydovchi o‘ziga o‘zi. Bu gapni ovozini pastlatib, mashina eshitib qo‘yishidan xavotirlanib aytdi. Mashinasiga qaragan edi, u “Qo‘y, birovning haqi, buyurmaydi”, deganday unga unsiz qarab turardi.
— Nima, men o‘g‘rilik qilayapmanmi? — dedi haydovchi mashinaga qarab, — sen horigan bo‘lsang, men ham horidim. Nasibamiz ekan, yo‘limizdan chiqdi. Ertaga birortasiga o‘tkazamiz, puliga senga zapchast olaman, yeyilib ketgan ballonlaringni almashtiraman. Bildingmi, nima, meni insofsiz deyapsanmi? Gapni ko‘paytirma.
Haydovchi xuddi birov kelib qoladiganday, atrofga olazarak qarab, qoplarni tez-tez mashina bortiga joyladi. Kabina eshigini ochib, joyiga o‘tirmoqchi edi, kutilmaganda oyog‘i toyib, yerga quladi. Tovonining bir joyi jizillab ketdi, peshonasini esa eshik raxiga urib oldi. Bo‘ralab so‘kindi, mashina ham, qop ham eshitadiganini eshitdi. Keyin bir amallab, og‘riq oyog‘ini asta ko‘tarib, joyiga o‘tirdi. Murvatni buradi. Ammo mashina miq etmadi. Jim turaverdi. Rosa urindi, foydasi bo‘lmadi. Mashina umrida bir qadam ham yurmagan falaj odamday, haydovchining so‘kinishlarini, kapotni sharaqlatib ochib-yopishlarini eshitmayotganday, o‘t olmadi. Unga o‘sha yo‘ldagi besh-olti qop yuk og‘irlik qilgandi…
Bundan og‘ir yuklarni miq etmay ko‘targan mashina shu qoplarga kelganda “bo‘…” deb yubordi chog‘i…