
Bu usta barcha zamondoshlarimiz kabi orzu-havaslarga qalbi limmo-lim to‘la inson. Shuning uchun ham kim bilan so‘rashsa tirjayib turib ko‘rishadi. Katta, bodroq ko‘zlarini qitmirona o‘ynatib turib, ko‘zini sizdan tezroq olib qochadi. Yo yerga qaraydi, yo beparvo atrofga boqadi. O‘zini xotirjam ko‘rsatadi.
Mana hozir ham shunday bo‘ldi. Ustaga biror-bir ishini qoldirmagan oliygohning eng obro‘li domlalaridan biri G‘affor Xotamovich gulzorchaning atrofiga chiroyli bo‘lsin uchun bir g‘isht eniga qo‘yilgan betonchada o‘tirgan usta oldiga yaqinlasharkan usta o‘rnidan turdi. O‘rnidan turib-la chap qo‘li bilan ketini qoqqan bo‘ldi. O‘ng qo‘lini cho‘zib domla bilan ko‘rishdi.
– Ha, nima qilib o‘tiribsiz? – dedi domla xiyol o‘zicha kinoya bilan.
– Nima qilib o‘tirardim. Abdushukurni qo‘riqlab o‘tiribman. “Men kraska qilganda qo‘riqlab turing” degandi. Mana qo‘riqlab o‘tiribman.
Domla ustaning bu kesatiq gapi tagidagi ma’noni tushunsa ham parvo qilmadi. Aksincha, bee’tibor bo‘yoq qilish bilan band Abdushukurga yaqinlashib u bilan so‘rashdi. So‘ng uning ishini tomosha qilgan bo‘lib, ustani o‘z uyida ishlatolmaganiga ichidan g‘ashlandi. Bir nima deyishga, to‘g‘rirog‘i, ustani gap bilan “chimchilab” olishga harakat qilib fikran bahona qidira boshladi. Bahona topolmadi.
– Qarang-a, – dedi domla tirish bosgan oqish, cho‘zinchoq yuzini unga burib turgan joyiga o‘tirib olgan ustaning yapoldosh yuziga qararkan, ikkita tushib ketgan tishining o‘rnida qolgan og‘zining bir burchagidagi bo‘liqqa nazar soldi.
– Abdushukur bo‘yayaptilar, bu kishim qorovul. Nima, uni birov olib qochib ketadimi?
– Olib qochib ketisham gapmi. O‘g‘irlab ketishadi.
Usta tirjaydi. Elliklarga borgan bu insonning yuzida samimiylikmi, tushunib bo‘lmaydigan bir qitmirlikmi bor edi. Shu bilan birga qarashida mug‘ombirlik ham ifodalanib turardi.
Kun iliq. Ko‘kda porlab turgan bahor quyoshi jonlarga huzur bag‘ishlaydi. Ular turgan joydan besh qadam naridagi katta yo‘lda mashinalar vizillaydi. Bayram munosabati bilan oliygohning texnik xodimlari atrofni saranjom-sarishta qilish bilan ovora. Xususan, to‘rt qavatli hashamatli binoning oldi tarafiga e’tibor qaratilgan. Shuning uchun bayroqchalar ilinadigan katta-katta, aylana temir tutqichlar oppoq va ko‘m-ko‘k bo‘yoqlarga har xil qilib bo‘yalmoqda.
Lektsiyaning birinchi bo‘limini tugatgan domla oraliqda bo‘sh bo‘lgani uchun dam olishga tashqariga chiqqan. Ham toza havodan nafas olish, uni-buni ko‘rish unga yana yangi kuch bag‘ishlardi. O‘zining aytishicha, “yangilanib” olib talabalarga keyingi ma’ruzalarini maroq bilan o‘qiydi.
Aylana tutqichlarini bo‘yayotgan Abdushukur bu dargohga ishga kirganiga nari borsa o‘n yilcha bo‘lgan. Ammo usta bu yerga ishga qachon kirganini hech kim bilmaydi. Hatto yigirma yilga yaqin oliygohda ishlayotgan domla ham aytib berolmaydi. Domladan so‘rashsa, domla ba’zan hazillashib “usta Ne’matxon onasidan tug‘ilib-la institutga ishga kelgan”, deydi. Ba’zan bir oz mubolag‘a qilib “tug‘ilmasdan burun” kelgan ham deb yuborgan paytlari bo‘lgan. Shunda usta qizarib, tirjayib turib, “endi oshirvordingiz” deb qo‘ygan hollar ko‘pchilikka ayon. Ana shuning uchun unda g‘ururmi, kibrlanishmi, shunga o‘xshash holat namoyon bo‘lib turadi. Hozirgi o‘tirishi, Abdushukurga qorovulman, deyishlarida ham shu ma’no bor edi.
Ustaning oliygohda qiladigan ishi eshik, romlarni yaxshi yopilib ochilishini ta’minlash. Mayda-chuyda yog‘och ishlari bo‘lsa qilish. Ishqilib ertadan kechgacha bilim maskanining ichida yurib ish topib o‘z vazifasini ado etish. Shanba, yakshanba kunlari esa tepasiga temirdan yuk ko‘targich o‘rnatib olgan “zapa” mashinasini tarillatib o‘tin bozoriga qarab ketadi. Kunini shu yerda o‘tkazadi. Besh-to‘rt so‘m topgan bo‘ladi.
Nima ko‘p, Xudoning kuni ko‘p. Misqollab topgan botmonga aylanarkan. Haftaning har ikki kunida topganini bola-chaqa yeb-ichganidan oshirib usta bitta “zapa”sini ikkita qildi. Ko‘ribsizki, “qo‘lida puli borning changalida sho‘rva” deganlaridek borib-borib usta ham boylardek xotinni ikkita qilish payida bo‘ldi. O‘zining aytishicha “general bo‘lishni orzu qilmagan askar askar emas”. Shuning uchun u boylarga o‘xshashni o‘ylaydi, ba’zan boylardan qayerim kam deb qo‘yadi. Ikkita hovlim bor, ikkita xotinim, ikkita “zapam” bor deb maqtangani maqtangan. Rostdan shunday, uning ikkita “zapa”si bor. Goh u xotininikida, goh bu xotininikida, goh u, goh bu “zapa”si bilan bo‘lib turadi. Tirishib tirmashib yashaydi. Yoshi elliklarga borgan bilan o‘zi ancha yosh ko‘rinadi. Hech qachon hafa holda yurganini birov ko‘rmagan. Doim tirjayib turadi. Hozir ham domla bilan tirjayib so‘rashdi-da, joyiga o‘tirib oldi.
Domla bir paytlari ustani ishlatmoqchi bo‘lgandi. Hojatxonasiga yangi eshik qurgan edi. Shunga, zulfin, qulf o‘rnatib qo‘yay deb.
– Usta, ish bor dedi. Xuddi mana shunaqa kun edi. Bahor o‘rtalab qolgan edi. Odamlar kostyumlarini tashlay boshlagandi. Ayrimlar yengi kalta ko‘ylakka ham o‘tgandi. Oliygoh hovlisidagi yog‘och eshakda, o‘rikning olachalpoq soyasida uch-to‘rt texnik xodimlar gaplashib o‘tirishgandi. Usta ularning ro‘parasida tik turib allanimalarnidir gapirar, yig‘ilganlar hazil-huzul bilan kulishib turardi. Usta yengi kalta ko‘ylagini shimi ustida tushirib olgandi.
– E, yoz qilib yuboribsizu, usta, – dedi domla ular bilan bir-bir ko‘risharkan.
– “Ha, endi yuragimizda o‘timiz borda – domla!” – dedi usta tirjayib.
– Usta, uyda jinday xizmat bor. Qachon qilib berasiz? Eshikka qulf qo‘yish kerak.
– Qachon qo‘yib beray?
– Vaqtingiz qachon bo‘ladi?
– Shanba kuni.
– Xo‘p, mayli.
Ular kelishishdi. Ammo usta domlanikiga bormadi. Bormaganki, sababini ham aytmadi. Domla ishi ko‘payib usta bilan uchrashish imkonini qilolmadi. Oradan besh kunlar chamasi o‘tdi. Nima bo‘ldi-yu, katta tanaffusda domla sport zal tarafga o‘tib bordida Koridorda o‘tish joydagi romlarni tuzatib turgan ustaga duch keldi. Domla ustaga va’dalashganini eslatay dediyu, eslatmadi, ham. Usta ham bora olmaganligi unga uzr-ma’zur qilmadi. Lekin domla ustaga va’da berib qo‘yib, va’da ustidan chiqmaganligini bir kunmas bir kun yuziga solishni , uning tuturiqsiz odam ekanligini ko‘pchilik oldida aytib xumordan chiqishni ko‘ngliga tugib yurdi. Shunday qildi ham….
O‘shanda xuddi bugungiday havo iliq edi. Bahor quyoshi yorug‘ nur sochar, daraxtlar endi kurtak chiqara boshlagandi. Texnik xodimlar u payt oliygohning old tomonida emas, orqa tomonida ish qilishardi. Bino orqa tarafidagi gulzorlarga ishlov berilardi. Daraxtlar qirqilib, oqlanib gullar atrofi yumshatilar, xullas bahorgi yumushlar bajarilardi. Usta hozirgidek gulzor chetidagi betonga ket qo‘yib emas, qo‘lidagi ketmonini gulzor qirg‘og‘iga yotqizib olib uning dastasiga o‘tirib olgan edi. U tirjayib o‘tirardi. Yapoldosh yuzlarida mamnunlik alomatlari bor edi. Bu mamnunlik alomatlari birga ishlayotgan hamrohlariga qoyillatib aytgan gaplaridanmi, yo ulardan eshitayotganlaridanmi, bilib olish qiyin edi. Chunki biz ularning suhbatlaridan uzoqda edik.
Domla G‘affor Xotamovich qo‘lini orqasiga qilgan holda yurib borib ustaga yaqinlashdi. Usta domlaning hurmati uchun o‘rnidan turgan bo‘ldi. Ish qilayotganlar domlaga o‘girilib qarab u bilan so‘rashgan bo‘lishdi.
– Assalomu alaykum, domla!
– Va alaykum assalom! Hormanglar!
U ustaga e’tibor qilmadi go‘yo. Texxodimlar bilan hazil-huzul qilib, keyin ustani endi ko‘rayotganday bir tikildi-da dedi:
– E, assalomu alaykum! Usta Ne’matxon o‘zlari-ku! Hormasinlar! O‘tiribdilarmu yalpayib…
Usta odatdagicha iljaydi. Shu bilan birga kibr aralash domlaga bepisand qaradi.
– Ish qilyapmiz, domlajon! Ish!
– O‘tiribsizu, ketmonni sopiga ketingizni qo‘yib. Qani ishlaganingiz? Ish qilganga o‘xshamaysiz!
Bu gap texxodimlarga xush yoqardi. Domlaning yalqov usta, qitmir Ne’matxonni gap bilan chimchilashi ular uchun ayni muddao edi. Shuning uchun ular ichlarida “o‘la, boplayapti-ku”, deyishardi.
– Domla, – dedi usta Ne’matxon ovozini xiyol ko‘tarib. – Biz ishlamayapmizmas, ishlayapmiz. Siz bizning ishga aralashmang.
Endi domlaniki qo‘zidi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri “hujumga” o‘ta boshladi:
– Usta, – dedi u asabiylashib. – Siz karillamang. To‘g‘risini aytganda siz va’dasida turmaydigan insonsiz. Erkak kishi o‘z gapining ustidan chiqadi. Mabodo, ishi chiqib qolgan bo‘lsa, to‘g‘risini aytadi. “Ishim chiqib qoldi, uzr”, deb. Siz bo‘lsa….
Ustaning yapoldosh yuzi qizil tusga kirdi. U avval odaticha tirjaydi. Keyin birdan qovog‘ini solib, ikki qo‘lini pesh qilib domlaga paxsa qila boshladi:
– Ey inson, nima deyapsiz o‘zi?! Nima bo‘ldi, hadeb egovlaysiz? Gunohimiz nima? Ayb ish qilgan bo‘lsak shartta ayting! Pichingni nima keragi bor.
– Bu pichingmas. Bor gap. Erkakning lafzi bo‘ladi. Va’da berdimi, ustidan chiqishi kerak.
“Erkakning lafzi bo‘ladi” degan gap Ne’matxonga og‘ir botdi. Unga go‘yo “erkakmassan” deganday tuyuldi. Burnining ostidagi kichkina mo‘ylovi uchdi. Yupqa shishinqiragan lablari pirpiradi. O‘rnida turib o‘tirgan ketmonni shart yangi olingan egatlar ichiga uloqtirdi. Ovozini balandlatdi:
– Axir men nima qilay? Men bechoraga kim rahm qiladi, xotinim ikkita bo‘lsa. Bolam beshta. “Zaporoj”im ikkita. Hovlim ikkita. Jonim esa bitta. Qaysi biriga ulgiyman. Hojatxonangizga qulf o‘rnatib bermagan bo‘lsam-la, g‘adavlayverasizmi? Yetar endi, domlajon bu kesatiq gaplar….
Domla inday olmay qoldi. Bu gaplarni eshitayotgan texxodimlar iljayishib domladan nima sado chiqarkin deb qarab turishardi. Domla hech gap qilmadi. Boshini solintirib sukutga cho‘mdi. Nima ham derdi. Xotinni ikkita, uchta qilishga harakat qilayotgan buning singari joni bittalar atrofda kammi? Albatta, kam emas.Ular “sichqon sig‘mas iniga g‘alvir bog‘lar dumiga” qabilida hayot kechirishga moyil odamlar. Shunday yashashmasa ko‘ngli o‘rniga tushmaydi. Bu ham bo‘lsa odamlarning balki yaxshi yashashga intilishidir. Balki bu millatning asrlardan beri yashab kelayotgan o‘ziga xos ruhiy udumidir. Kim bilsin….
Domlaning indamay qolganini ko‘rib turgan Abdushukur gap qotdi:
– Domla, joni bitta odamga rahm qiling.
Hamma kulishdi. Ne’matxon usta ham sharaqlab kuldi. Domla miyig‘ida kulimsiradi-da ortiga qaytib lektsiyasiga kirib ketdi. U darsni tamomlab oppoq rangli yangi “Neksiya”siga o‘tirarkan joni bitta odamning “Zapa”siga qarab qo‘ydi. Qaradiyu uning “Zapa”si ikkita ekanligini eslab kulimsiradi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son

