Erkin Usmon. Uyimizga mehmon keldi… (hajviya)

Yakshanba kuni saharlab eshigimiz ko‘ng‘irog‘i jiringladi. Ochdim. Qarasam, qishlokdagi qarindoshimiz Sot¬voldi tog‘a xotini, o‘g‘li, kelini, nevaralari bilan ostonada iljayib turibdi.
“Mehmon otangdek ulug‘”, deb qo‘yibdilar. Er-xotin ularni ichkariga taklif qildik. Ikki xonali uyimiz to‘ldi-qoldi.
Ko‘rib xijolat bo‘lib ketdim. Tog‘aning qo‘lida bir xalta guruch, o‘g‘lining yelkasida yarim qop sabzi-piyoz, nevaralari qo‘lida besh-olti kilo go‘sht, o‘nta patir, kampiri bir xalta turshak, shaftoliqoqi, kelini tort ko‘tarib olibdi.
— E, nima qilardinglar shuncha narsani? — dedim uyalinqirab.
— Bir tovuqqa ham don, ham suv kerak, — dedi Sotvoldi tog‘a donolik bilan. — Shaharga, shoir amakimiznikiga borib, mehmon bo‘lib qaytamiz, deyishdi. Telefonlashmay, haddim sig‘ib boshlab kelaverdim. Besh-o‘n kun teatr-kino, park-mark qilib, o‘ynab-kulib ketishadi. Sen manavi go‘shtni xaladilnaga, sabzi-piyozni balkoningga joyla. Erta-indin Latofat, Sharofat, Arofatlar ham jiyanlaring bilan kelib qolishadi!..
Shunday qilib, ikki xonali uyimizni Sotvoldi tog‘aning avlod-ajdodlari, hali o‘zim ko‘rmagan-tanimagan jiyanlarimga qoldirib, er-xotin o‘g‘ilchani yetaklab Bo‘stonliqqa, dala-hovlimizga ketdik. Qulog‘imiz tinchisin, deb qo‘l telefonimni o‘chirib qo‘ydim. Ertasiga yoqsam, SMS kelgan ekan. Unda shunday yozilgandi:
“Shoir! Shaharda bir o‘ynab kelaydik, degandik. Uyingizni Sotvoldi tog‘aning bola-chaqasiga arendaga qoldiribsiz. Biz ham erta-indin uy ichimiz bilan dala-hovlingizga yetib boramiz. Kuting!
Salom bilan bojangiz Rixsixo‘ja.”.