Erkin Usmon. Ilojini topdi (hajviya)

Tuman shifoxonasi. To‘rga tushgan baliqdek tipirchilayotgan bemorni baqirtirib olib kirishdi-da, baland karovatga yotqizishdi.
— Latta! — dedi do‘xtir sovuqqonlik bilan.
Latta uzatishdi. Bemorning ovozi o‘chdi.
— Arqon! — dedi do‘xtir.
Arqon berishdi. Bemorning tipirchilayotgan qo‘l-oyoqlari qimirlamay qoldi.
— Tirgovuch! — buyurdi yana do‘xtir.
Lattani olib bemorning past va yuqori jag‘lari orasiga kichkinagina plastmassa tirgovuch qo‘yishdi.
— Shprits! — dedi yana do‘xtir.
Bemorga ukol qilishdi va u tinchidi-qoldi.
— Uff! — do‘xtir kafti bilan peshonasidagi terni artib, mamnun qiyofada atrofidagi hamshiralarga qaradi. — Mana endi bemorning og‘riq tishini bemalol sug‘urib olsak bo‘laveradi!..