Malik, Nishon, o‘sha qattiq kelgan qish eslaringdami? Qattol dara yo‘li, olijanob Safarov…
Bugun men uni «Toshkent» mehmonxonasi oldida uchratib koldim. Yo‘q, uchratishni kutmagan, o‘ylamagan edim — tasodifan duch keldi. Yonida o‘ziga o‘xshaganroq bir kishi. Tanimadim. Maydonda kezib yurishibdi. Hasan-Husandek bir xil kiyinishgan. Kiyim-boshlari yangi, a’losifat, ammo birovning egnidan nasiyaga olgandek qandaydir zebsiz, yarashiksiz. Chamasi, kecha kelishgan. Keliboq zarur ishlarini bitirishganu kechqurun yo «Toshbolta oshiq»qa (nechanchi marta?) yoki biron-bir (to‘ylarda eshitaverib zerikmagan) xushovoz xonandaning kontsertiga kirib miriqishgan. Bugun esa u yoq-bu yoqni aylanishgan, albatta SUM, GUMlardan sovg‘a-salom olishgan, restoranda o‘tirib «bir xumordan chiqishgan». Mana, endi mayin kekirib poytaxt manzaralarini ko‘zdan kechirishmoqda. (Axir, qishloqqa qaytganingda safar taassurotiga qiziqqan birov-yarim «Ha-a, bu Toshkentlar qalay ekan?» deya so‘rab-netib qolsa, mum tishlab turolmaysan-ku! «E, so‘ramang, birodar! Erkagu ayolini ajratib bo‘lmaydi. Qizlar ham shim kiyib qolibdi deng, barining sochi qirqilgan. Qiyomat. Lekin bu metro degani zo‘r ekan, hamma yog‘i marmar-a!») Hozir teatr maydoniga o‘tishadi: antiqa favvora tevaragini ham bir aylanishsin-da… Xuddi shu payt uchrashib qoldik.
— E, e, jiyan! — dedi Safarov quchoqlashmoqchidek qo‘llarini ikki yonga yozib.
Salomlashgan, hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldik: «Qaysi shamol uchirdi?» «Xizmatchilik, jiyan. Shahringizda mehmonmiz».
Taxminim to‘g‘ri chiqdi: kecha kelishgan ekan; «Xudo xohlasa, bugun oqshom poyezdni ko‘zlab turibmiz».
— O‘zimizning ukalardan, — deya Safarov meni sherigiga tanishtira ketdi. — Shu yerda, Toshkentda ishlaydi. Idorasi — huv anovi baland binoda. Ko‘ryapsizmi, tepasida soati ham bor! Shundaymi? (Gapini menga tasdiqlatib oldi.) Bular to‘-o‘rt-beshta bo‘lib bu yoqdan borishardi. Qishning kuni deng, sovuq, izg‘irin. Egnilarida charmga o‘xshagan yupqagina haligi, nima deydi, kurtkami, istansada dikillabgina yer tepib turishadi. Ustudent-da. Rahmim keladi. «Mininglar moshinaga», deyman. Ekspeditor edik, tagimizda moshina, istansadan taxtayu shifer tashiydigan vaqtlarimiz. Shuytib deng, to‘-o‘rt-beshtasini moshinaga o‘tqazib qishloqqa olib qaytaman. Yo‘l bo‘yi ashulani vang qo‘yib ketishadi. Ustudent-da. Mana, endi qarang, qanday odam bo‘lib ketishdi!! Toshkentday joyda ishlash bsonmi? Faxrlanamiz-da bular bilan, faxrlanamiz. Nima dedingiz?
— Shunday, shunday,— deya sherigi ham unga qo‘shilib men bilan faxrlandi.
— Qani, bunday bir choylashaylik bo‘lmasa, — dedi Safarov restoran tomon ishora qilib.
Men ham o‘z navbatimda ularni uyga taklif etgan kishi bo‘ldim.
— Aytdim-ku, bugun oqshom poyezdga chiqmoqchimiz, — dedi Safarov afsuslangandek. — Lekin yanagi qatla yo‘limiz tushsa, siznikida albatta bir mehmon bo‘lishimiz bor, ha, hisobga olib qo‘ying, jiyan. Ehtiyotdan adresingizni yozib bering. Toshkent bizga Makkaday gap, mana shunday kelib-kelib turamiz.
Biz u bilan anchayin tanish hamqishloqlar kabi jo‘ngina ajralishimiz, men undan qishloqdagilarga salom aytishini so‘rab, u esa navbatdagi kelganida albatta mehmon bo‘lajagini ta’kidlab odatdagidek xayrlashishimiz, shahar odamiga xos parishonxotirlik ichida men uni birpasdan keyin unutishim, butunlay unutishim, yana o‘zimning bosh-adoqsiz tashvishlarimga sho‘ng‘ib ketishim mumkin edi. Shunday bo‘lgani tuzuk edi, ammo xo‘shlashar chog‘imiz u ishni buzdi — dabdurustdan so‘rab qoldi:
— Ho‘-o‘, Durdara esingizdami, jiyan? Bo‘ron chatoq?..
Durdara! La’nati Durdara! Esingdami, Malik? Esingdami Nishon?
Durdara, du-ur dara — chek-adoqsiz olis dara…
Egnimizda yengil nimcha-kurtka (palto bizga yarashmaydi: qo‘pol, uzun), bosh yalang (telpak og‘irlik qiladigan mahallar-da!) oyoqlarimizda yozlik boshmoq (qishligiga pul qayda?), uchovlon — Malik, Nishon va men yangi yil bayramini uyda, ota-onalarimiz bag‘rida o‘tkazish uchun qishloqqa jo‘nadik. Uyda bizni bezatilgan archa emas, qorbobo emas, sirli sovg‘a-salomlar ham emas — issiqqina sandal, atay asrab qo‘yilgan kuzgi uzumlar, olma, behi, ularning xonani to‘kinlik gashtiga to‘ldirgan anvoyi hidi, onalarimiz, ukalarimizning qadrdon quchog‘i, mehri kutardi.
Ammo poyezddan tushgach, bizni sovuq stantsiya, chillada mastiqqan bo‘ri misol xunuq uvillab oyoqdan chaladigan bo‘ron, yuzlarga zaharli ignadek sanchiladigan daydi izg‘irin qarshi oldi. Pisand qilmadik: yosh edik, sog‘lom edik. Sovqotardigu yaqin, juda yaqin joyda — huv anovi kul rang tuman pardasida osmonga o‘rlab, osmonga qo‘shilib g‘ira-shira ko‘zga chalinayotgan dovon ortida, adirlar qo‘yniga yashiringan bir qishloq borligini, unda uyimiz, issiq-issiq uylarimiz borligini, omad yo‘limizni bersa, hademdy u yerga yetib olishimizni o‘ylab, badanlarimizga iliqlik yugurgandek bo‘lardi. Yaqin, juda yaqin. Devdek xo‘mrayib turgan anovi dovondan eson-omon o‘tsak — uyga yetganimiz.
Bamisoli nuqul sovuq, badnamo temiru qo‘rg‘oshindan quyilib, rutubat makon qilgan qafasdek tor, nim-qorong‘i stantsiya binosidan navbatma-navbat chiqib, kaftimiz — quloqlarimizga qopqoq, yugurishga shaylanayotgan odamga o‘xshab, turgan joyimizda depsingancha yo‘lovchi mashinani poylay boshladik.
Omadimiz chopganimi, ko‘p kutishga to‘g‘ri kelmadi. Poyloqchilikka chiqqan Nishon o‘sha zahoti yugurib kirdi:
— Mashina!
Ro‘parada, temir yo‘ldan narida saf tortgan, tevarak-atrofi egalarini kutib, qor ko‘rpasi ostida mudrab, zerikib yotgan yog‘ochu ko‘mir uyumlariga to‘la pastak-pastak taxta omborlar biqinida ko‘ringan yuk mashinasi g‘ildiraklaridagi zanjirlarni shaldiratib kelib yonginamizda to‘xtadi. Kabina oynasini tushirib, boshida savatdek telpak, po‘stini yoqalarini ko‘tarib olgan, yuzi shishinqiragannamo bir kishi bo‘ynini cho‘zdi:
— Ha, jiyanlar, yo‘l bo‘lsin?
— Bog‘bologa, — deya uchalamiz baravar javob qaytardiq,
— E, o‘zimizning bolalar-ku! Kimning uli bo‘lasizlar?
— Salim tegirmonchining, — dedi Nishon chiyillab. — Qahhor darozning ukasiman, elektrstantsiyadagi — dedi Malik istar-istamas po‘ng‘illab.
— Abrayevning, — dedim men oxirida, nimagadir umidvorlik bilan.
— E-e, shunday denglar? Buni qarang. — Savatdek telpak yoniga — shofyorga o‘girildi.
— Safarov,— dedi Nishon pichirlab. — Hamsoyamiz. Uyi sal nariroqda-yu, baribir hamsoya-da. Kabina ichidagi gap eshitilib turardi.
— Devonamisiz o‘zi, Norboy aka? Kunni qarang, bo‘lmaydi-e! — derdi shofyor o‘jar ohangda. — Ana, dovonni qor bosib yotibdi. Undan yuraman deganning yuragi otniki bo‘lishi kerak. Xudo ko‘rsatmasin, Durdaraning yo‘lini o‘zingiz bilasiz, borguncha…
Kabinaning narigi eshigi ochildi, quloqchinli, qora choponga o‘rangan shofyor tushib, oldimizga keldi.
— Ukadar, xafa bo‘lmaysizlar, — dedi u Nishonning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, — yukimiz og‘ir, dovondan yurolmaymiz. Ko‘ryapsizlar, moshinaning usti ochiq. Kiyimlaring ham… Yaxshisi, men sizlarni ammamnikiga olib borib qo‘ysam. Uyi shu yerda, yaqin. Bu kecha mazza qilib gurungni urib yotsalaring-da, ertaga — xudo poshsho, kun ochilib, qulayroq biron moshina bo‘lsa… Maylimi?
Biz mo‘ltirab Safarovga tikildik.
— Cho‘lli! Qo‘y shu gapni, bu yoqqa chiq! — dedi Safarov amirona ohangda. So‘ng bizga ko‘z qisib, mashinaga imo qildi: — Mininglar, bolalar! Ikki soat nima degan gap? Hash-pash deguncha yetamiz. Sovuq yeb ko‘yarmidi? Bo‘zbola, ustudent. Ammangnikida nima bor? Bugun praznik, uylariga boryashya kerak, Shundaymi, jiyanlar, a?
Yashang, Safarov amaki!
Bizga xuddi shu gap kerak edi. Lip etib uchalamiz ham mashinaga chiqib oldik. Mashina Safarovniki, unga ammasining uyini bahona qilib ortiqcha dahmazadan qutulmoqchi bo‘layotgan anovi, qo‘rqoq shofyor emas, tushungan odam Safarov xo‘jayin. Xo‘jayinning gapi gap! «Etagi» tushirilib, bo‘g‘zigacha terak bo‘yi keladigan uzun-uzun taxtalar ortilgan mashina haydovchisiga qo‘shilib og‘ringandek, istar-istamas joyidan qo‘zg‘aldi. Yo‘lovchi mashinaga intizorligimiz sovuq xo‘mrayib turgan qizg‘ish stantsiya binosi, tuman ichiga sho‘ng‘ib ketgan temir yo‘lu tevarak-atrofi ivirsib yotgann taxta omborlar bilan birga ortda qoldi. Mashina hademay bahaybat dovonga, dovon emas, bamisoli osmonga o‘rlab ketgan ilon izini chetlab o‘tib («Undan yuraman deganning yuragi otniki bo‘lishi kerak!») oddiy odam yuragi bilan yurishga o‘ng‘ay, tepasida qoyalar vahimali qaqqayib, ajdahodek og‘zini ochib turgan dara yo‘liga burildi.
Qoyalarning xira ko‘lkasidan boshqa narsani ko‘rib bo‘lmaydi — hamma yoq tuman. Chiroqlarini yoqqan mashina paypaslangancha, toqatni toq qilgudek imillab bormoqda. Go‘yo tuman ichida silkinib, tuman belanchagida tebranib turgandekmiz. Qiyalik yoki do‘nglikka ko‘tarilganda xuddi tuman qo‘yniga singib, tumanga qorishib ketgandek bo‘lamiz. Dara bo‘ylab allanima, yo‘q, ajdaho na’ra tortayotgandek. Ajdaho bizni domiga chorlamoqda, yutmoqda…
— Dovondan ketsak zo‘r bo‘lardi-da, — dedi Nishon quloqlarini kaftlari bilan ishqarkan. — Birpasda yetardik.
— O‘lging kelgani yo‘qmi? — dedi Malik.
— O‘lmoq yo qolmoq-da jo‘ra, bu nima azob?
— Shoshmay tur endi, uyga borganda o‘lasan. Davay, ashula aytamiz.
— Ashulaga balo bormi shu paytda? — deya luqma tashladim men. — Sovuqda o‘laman deb ketyapsanu!
Ular gapimga parvo qilishmadi, boshlashdi:
Qarg‘alar-r-r uchsa-a-a qarayli-i-ik…
— Qo‘shilsang-chi,— dedi tishlari takillayotgan Nishon menga. — Isigandek bo‘lasan, xudo ursin. Sovuq esingdan chiqadi-da. Qani, ha! Qarg‘alar-r-r…
Men esa labimni qimirlatishga ham qo‘rqardim: sovuq kiradi. Yo‘q, ular ham sal o‘tmay «isinib bo‘lishdi» — bas qilishdi. Biri qulog‘ini, biri burnini ishqashga tushdi.
Mashina sekinlagandek bo‘lib, Safarovning ovozi eshitildi:
— Ha, jiyanlar, jimib qoldilaring? — dedi u kabinadan hovur purkab. —Baland-baland aytinglar-da ashulani, biz ham eshitaylik!
— Yetib qoldikmi, amaki? — deb so‘radi Nishon chiyillab.
— Yetamiz, yetamiz. Daraning og‘ziga oz qoldi. Daraning og‘ziga yetguncha… burnimiz, quloqlarimiz ishdan chiqdi, ular haqida qayg‘urmay qo‘ydik — yo‘q hisobi bo‘lib qoldi. Oyoqlarimizga yopishdik. Lekin oyoqlar na bunday iliganga o‘xshar, na birdan muzlab, bizni tinch qo‘yar edi. La’nati boshmoq ichiga xuddi aysberg muzidan bir bo‘lak joylangandek! Nishon bo‘ynidagi sharfni yechib oyog‘iga o‘radi. Malik bilan men ham shunday qildik. Ammo quloq-burun boshqa-yu, oyoq boshqa, ular har xil etdan yaralgan ekan.
Bir vaqt Nishon piq-piq qila boshladi.
— E-ha, Gamletim, o‘ylay-o‘ylay oxiri o‘lmoqqa jazm etdilarmi, — dedi Malik. Ichimizda dadilrog‘imiz ham, sho‘xrog‘imiz ham shu edi. — Tentak bo‘lib qoldi bu, — dedi keyin menga qarab va jiddiy uqtirdi: — Sovuq yomon-da, odamni mana shunday tentak qilib qo‘yadi. Sen ham ehtiyot bo‘l!
— Yig‘layapman, — dedi Nishon qalt-qalt uchib, eshitilar-eshitilmas. — Picha isiganga o‘xshayman. Sizlar ham yig‘langlar.
— Ana, aytmadimmi?! — dedi Malik yana kulgiga olib. — Sog‘ odam shu havoda isidim, deydimi?
Biroq, ko‘p o‘tmay Malik ikkalamiz ham «tentak bo‘lib qoldik» — boshqa iloji yo‘q edi. Chindan ham, odam sal yengil tortgangami, isigangami o‘xshadi. Toshbaqa misol bo‘ynimizni ichimizga tortgan ko‘yi g‘ujanak bo‘lib, uvillagancha bir-birimizning pinjimizga tiqilamiz. Rahmi keldimi, Malik Nishonning oyog‘ini bag‘riga oldi, men oyog‘imni asta Nishon tomon uzatdim…
Biz hozir «ajdaho»ning naq «oshqozoni»da edik. Hali ancha yurishimiz kerak, ancha. Boyagi hazil-mutoyibayu «ashula», «yig‘i» — hech biri kor qilmay qoldi. Endi go‘yo ortiq sezgi-hisdan mahrum, jonsiz uchta gavda, uch jasad «ajdaho oshqozoni»da qalqib-qalqib shunchaki suzib yuribdi, xolos. Faqat bu jasadlarning ich-ichida bittadan chiroq miltillaydi: «Axir, uyga boryapmiz-ku, uyimizga! Axir, yetarmiz-ku! Uyimiz issiq, pechka bor, sandal bor, olma, uzum, behi…»
Bir vaqt mashina to‘xtadi, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitildi. Karaxt, bemajol gavdalarimizni ko‘tarib qaradik.
Ura! «Ajdahoning qorni» — daradan chiqibmiz! Ana, ko‘kish g‘ubor ichida ikki adir oralig‘idagi soylikda joylashgan besh-o‘n xonadonli Avjin ovuli! Undan naryog‘i — yarim soatlik yo‘l. Ura!
Mashinamiz soylikka engan joyda to‘xtab turardi. Oldi qarmoqqa o‘xshagan, kamonsimon xoda bilan to‘silgan; yo‘l chetida omonatgina taxta hujra. Shlagbaum! Egnida eski chakmon, to‘shi ochiq, yuz-ko‘zini soqol bosgan bir kishi kabina oldida Safarov bilan munozara qilmoqda.
— Meni taniyapsizmi o‘zi, Bo‘ron aka? — derdi Safarov bo‘g‘ilib.
— Menga bunday siyosat qilmang, xo‘pmi! Men sizni tanimayman! — derdi kishi jangarilik bilan. — Aytdim-ku, mumkin emas!
— Ebi, bu odamga bir balo bo‘lganmi o‘zi? Har kuni o‘tib-qaytib yurgan yo‘limiz bo‘lsa…
— Bugun o‘tmaysiz-da. Bugun — kalantir!
— Axir, ertalab ketayotganimizda hech gap yo‘q edi-ku? Qorangizni ham ko‘rmadik? Qachondan boshlab…
— Hozirdan boshlab — kalantir! Tushdan keyin shunday buyruq bo‘ldi. Yuqoridan!
— Qo‘ying, Bo‘ron aka, o‘zimizning odamsiz, — deya Safarov kabina eshigini ochib oyog‘ini tushirarkan, murosa qilishga urindi: — Anov ola tayog‘ingizni ko‘taring endi, yo‘ldan qoldirmang odamni buytib. Tepada yuk bor, ko‘ryapsiz.
— Anovilar-chi? Ular ham yukmi?
— Ular… — Safarov biz tomon o‘girildi, — o‘zimizning bolalar, ustudentlar.
— Ayting, tushsin.
— E-e, qo‘ying-da shu gapni, Bo‘ron aka! Toshkentday joydan praznik qilib kelishyapti, uylariga borishi kerak.
— Uyiga shunday ko‘karib boradimi? Uni qarang, sob bo‘pti-ku bari. Yo‘q, tushadi, gap tamom! Kalantir!
— E, karantinlamay keting! — dedi Safarov achchiqlanib. — Taxta-maxta kerak bo‘lsa, bunday aylantirib o‘tirmay…
— Kalantir deyapman, musulmon, taxta emas!
— O‘ bobo, mana bu Abrayevning o‘g‘li bo‘ladi! — dedi Malik meni ko‘rsatib.
— E, menga desang, xudoning uli bo‘lmaysanmi — tushasan!
— Ha, bular tushsa, bizni qo‘yib yuborasizmi, axir? — dedi Safarov ilojini topgandek.
— Tushsin qani.
Mehribon Safarov qo‘llarini ikki yonga yozgancha bizlarga qarab nochorona iljaydi:
— Jiyanlar, o‘zlaring ko‘rib turibsizlar, bu odamga xudo bas kelmasa…
Mashinadan birinchi bo‘lib Nishon tushdi. Tushdi-yu, joyidan turolmay o‘tirib qoldi.
— Ha? — dedi Malik unga engashib.
— Oyog‘im… — Nishonning afti ayanchli bujmaydi.
— Bular endi nima qiladi? — dedi Safarov.
— Ishingiz bo‘lmasin, siz ketavering, — dedi kishi to‘siqni ko‘tarib mashinaga yo‘l ocharkan.
— Aytganday, qachondan beri bu karantinchilikka o‘tdilar? Ilgari chorvada edilar shekilli? Yo bunisi beg‘alva, serdaromadroq ekanmi? — Safarov kinoya bilan uni bir achitmoqchi bo‘ldi.
— Bu yo‘ldan sizga o‘xshaganlar o‘tadigan bo‘lsa, men doim shu yerdaman!
— Zo‘rsiz, zo‘rsiz, — dedi Safarov gapga e’tibor bermay va kabina eshigini yoparkan, bizdan uzr so‘ragan bo‘ldi: — Xafa bo‘lmaysizlar endi, jiyanlar.
Mashina g‘ubor ichida ko‘rinmay ketgach, yonimizdagi kishi «Noinsof!» deb to‘ng‘illadi va bizga o‘girildi:
— Yuringlar.
U qiyalikka qarab yo‘l boshladi. Malik ikkovimiz Nishonni ikki yonidan olib indamaygina unga ergashdik.
U bizni kayoqqa olib bormoqchi? Nega yo‘ldan qoldirdi? Qayoqdan paydo bo‘ldi o‘zi? Maqsadi nima? La’nati «kalantir»!
Oldimizda ho‘qqidek bo‘lib churq etmay ketayotgan bu odam, uning yarg‘oq telpagi, eski chakmoni, paytavasi chuvalib borayotgan qo‘pol etigi ko‘zimizga balodek ko‘rinardi. Lekin shu tobda qo‘limizdan nima keladi, ilojimiz qancha?
«Kalantir» bizni ovul chetidagi, girdi tosh bilan o‘ralgan qo‘raga olib bordi, peshayvonsiz imoratning chap yonidagi kichik bir xonaga boshlab kirdi-da, o‘zi chiqib ketdi; shu bo‘yi qorasi ko‘rinmadi. Xiyol o‘tib, boshiga qalin ro‘mol o‘ragan, ko‘k duxoba kamzulli novcha bir ayol kirib:
— Yaxshi yuribsizlarmi, yigitlar? Sovqotibsizlar-da? — dedi va poygakdagi pechkaga lang‘illatib o‘t yoqdi. Keyin dasturxon yozib, non-choy, bir tovoqda qovurdoq keltirib qo‘ydi; boshimizda turib bir lahza bizga razm soldi-da, — yeb-ichib o‘tiringlar-a, aylanaylar, — deya xonadan chiqdi.
Qovurdoqni paqqos tushirdigu o‘zimizni og‘ir, lohas seza boshladik. Xona xiyla isib qolgan edi: Badanlarimiz bo‘shashib, yayrab, quroqi yakandozlarga cho‘zilgancha lo‘labolishlarga yonboshladik. Sovqotib charchagan ekanmizmi, issiq elitibdimi, ko‘zimiz ilinibdi, tarrakdek qotib qolibmiz. Tush ko‘rgan bo‘lsak, uchalamizning ham tushimizga la’nati Durdara emas, issiqqina uylarimiz, sandal, olma, uzum, behilar, ukalarmiz, onalarimiz kirgandir…
Toshkentdek joydan atay yo‘lga chiqib, manzilimizga bir qadam qolganda birovning uyiga majburan qo‘nib, yangi yil bayramini uyquda, ana shunday tushlar bilan «kutib oldik».
Yangi yilning birinchi tongi uyg‘onib ko‘zimni ochsam, ostonada kechagi ayol turibdi. — Sizlarga moshina yuboribdilar… Shosha-pisha sheriklarimni uyg‘otdim. Ko‘zlarimizni ishqay-ishqay xonadan chiqarkanmiz, dasturxonda qo‘l urilmagan bir tovoq oshni ko‘rdik. Kechagi!
Tashqarida bizni biqiniga «Veterinariya» deb yozilgan mosh rang yengil mashina kutib turardi. Ayolga na «rahmat», na «xayr» deyishny unutib, mashinaga o‘tirdik.
Shofyor asli shu ovullik ochiqqina, so‘zamol yigit ekan, o‘zi gap boshlab qoldi:
— Kecha kechalab kelgan edim. Bayramda boboy-momoyni yo‘qlab ko‘yish kerak-da. O‘zim sovxozda turaman. Sizlarning bu yerda ekanliklaringni bilganimda kechayoq olib borib qo‘yardim. Ertalab Bo‘ron chatoq aytdi, «Uyda mehmon bolalar bor edi. Toshkentdan qelishayotgan ekan», dedi. Saharlab uyga boribdi.
— O‘zi qayerda? — dedim men.
— Hozirmi? Molning boshida, qo‘rada bo‘lsa kerak-da.
— Shlagbaumda emasmi?
— Shlagbaumda nima bor unga? — dedi yigit kulib. — Cho‘pon-ku, cho‘ponligini qiladi-da. Hozir mollarning ahvoli chatoq.
— Kasal tarqaganmi? Karantin deyishayotuvdi? — deb qiziqsindi Malik.
— Karantin-parantin-ku emas, sovuq. Sovuqda molni asrash, qishlovdan to‘kis chiqarish osonmi, oshna!
— Kecha bizni karantin deb yo‘ldan olib qoldi-ku?
— Kim? Bo‘ron chatoqmi?
Malik bo‘lgan gapni aytib bergan edi, shofyor qiyqirib kuldi.
— Obbo, chatog‘-ey, sizlarni toza boplabdi-ku! Karantin deyilsa, birinchi biz bilmasmidik? U nima qilib yurgan ekan shlagbaumda? Karantin bo‘lganda ham odam o‘tkazilaveradi-ku? Aytmadilaringmi? Chatoqligiga boribdi-da. Sizlarni bir mehmon qilgisi kelganmi? Isinib olsin, deganmi? Qiyomat odam. Fe’liga tushunish qiyin. O‘rligi tutsa, aytganini qildirmay qo‘ymaydi. Arzimagan bir gapning ustidan tug‘ishgan ukasi bilan- necha yildan beri gaplashmaydi. Lekin o‘zi zo‘r cho‘pon, yaxshi odam. Obbo, chatog‘-ey, sizlarni rosa boplabdi-da.
— Ukkag‘ar «Qalantir»! Bayramni uyda o‘tkazolmadig-a! — dedi Malik.
Uchalamiz Bo‘ron chatoqni boplab so‘kib oldik.
Ertasi kuni otam ko‘chadan qaytib: — Safarovning mashinasida kelgan ekansizlar-a? — deb qoldi. — Boya choyxonada ko‘rdim, «Qarasam, stantsiyada diqillabgina turishibdi, olakeldim», dedi. Men bo‘lgan gapni, bir kun yo‘lda tunab qolganimizni otamga aytmadim. Bo‘ron chatoq haqida ham gapirmadim. Indamay qo‘ya qoldim.
Sen ham buni hech kimga aytmagandirsan, Nishon? Sen-chi, Malik? Darvoqe, nimasini aytardik, nima deb aytardik? Bir paytlar qish kuni ikki soat sovuqda yurgan bo‘lsak yuribmiz-da, aytishga arzigulik nimasi bor buning?
Ammo ba’zan yomg‘irda mening belim og‘rib qoladi. Juda qattiq og‘riydi, Nishon. Juda qattiq, Malik. Sizlarning-chi, sizlarning qayerlaring og‘riydi? Nimadanligini bilmaysizlarmi?..
Bugun men Safarovni «Toshkent» mehmonxonasi oldida uchratib qoldim. Yo‘q, uchratishni sira kutmagan, o‘ylamagan edim — tasodifan duch keldi. Bugun u menga yana o‘sha la’nati darani, bizga qilgan yaxshiligini eslatdi. Shunda yodimga boshqa bir voqea tushdi. Institutga kirish imtihonlaridan biri paytida tishim qattiq og‘rib qoldi. Bir azobda imtihonga kirib chikdimu yaxshi baho olganimdan suyunib, jag‘imni ushlash ham xayolimda yo‘q, ko‘chada ketayotsam, kimdir: «Ho‘ yigitcha!» deb chaqirib qoldi. Qarasam, bir-biriga yarashgan yoshgina kelin-ko‘yov. Ikkalasining ham qo‘lida muzqaymoq, menga qarab jilmayib turishibdi. «Imtihon topshirdingizmi? Necha baho oldingiz?» — deydi yigit. «To‘rt», — dedim hayron bo‘lib. «Yashang, mana, sizga mukofot! — u qo‘lidagi qog‘ozi ochilmagan muzqaymoqni menga tutqazdi. — Oling, oling, tortinmang. «Besh» olganingizda boshqa narsa sovg‘a qilardik, a?» — shunday deb u kelinchakka yuzlandi. Muzqaymoq yalayotgan kelinchak jilmaygancha bosh irg‘adi. «Ikkita olgan edik. Mana, bittasini opangiz yeyapti, bunisi — sizga. O‘zimniki edi, sizni ko‘rib, sizga bergim keldi. Imtihondan yaxshi o‘tganingiz uchun. Qani, oling». Ular menga shunday ochiq chehra, samimiyat bilan boqib turishardiki, muzqaymoqni olmay ilojim qolmadi. Oldimu tish og‘rig‘imni ham unutib yeya boshladim va, taajjub, og‘riq taqqa to‘xtadi.
Kim bilsin, balki o‘shanda yigit muzqaymoqni juft qilib olishga olganu, keyin yegisi kelmay qolgandir, balki uning ham tishi og‘rib turganu tashlab yuborishga ko‘ngli bo‘lmay, meni ko‘rib shunchaki manzirat kilgandir? Kim bilsin. Lekin mana, oradan shuncha yil o‘tganiga qaramay, gohida o‘sha kelin-kuyovni qo‘msab qolaman, qidiraman. Ularni hamon o‘shanday — biri biriga yarashgan yoshgina kelin-kuyov holida ko‘rgim keladi…
Bizga yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan olijanob Safarov…
Ko‘zimizga balodek ko‘rinib, nafratimizni qo‘zg‘agan Bo‘ron chatoq…
Menga muzqaymoq hadya etgan o‘sha kelin-kuyov…
Malik, Nishon, men bugun ham ba’zida yana o‘sha daraga tushib qolgandek bo‘laman va o‘zimga taskin beraman, o‘zimni ovutaman: «Mana, hozir uyga yetaman, issiqqina uyimga. U yerda…» Shunda beixtiyor olijanob Safarov yodimga tushadi. Bo‘ron chatoqni esa negadir eslamayman. Sizlar eslaysizlarmi uni? Kim edi u? Qanaqa odam edi? Nega u bizni yo‘ldan olib qolgan edi, Malik, bilasanmi? Sen-chi, Nishon, la’nati Durdara yo‘lidagi himoyasiz hamrohim?..
1979