Amakim – dong‘i chiqqan tabib. Sindi-chiqdi, ko‘z-nazar – bariga davo topadi. Uni Surxon elida, azbaroyi hurmat yuzasidan mulla Toshboy, deb atashadi.
Birida uyimizga boysunlik chol daraklab keldi. Kampiri eshakdan yiqilib, oyog‘i sinibdi. To‘pig‘i borgan sari kadiday shishayotgan ekan. “Bir qadamam bosolmayapti, bi-ir borib ko‘rib bering”, deb turib oldi. Amakim o‘tgan kuni Bobotoqqa chiqib-tushgandi. Horiganidanmi, “o‘zini ob kelaqoling”, dedi. Chol oyoq tirab turib oldi, duolar qildi. Amakim yo‘l yurishga ishqibozmasmi, sal yumshadi. Manzil-makonini surishtirdi, ma’qul keldi, shekilli, bugun bizning musofirxonada tunang, olisdan kelganlar bor, so‘ng erta saharlab yo‘lga tushamiz, dedi.
Tongda jo‘nadik. Amakim kasbi taqozosi bilan butun Surxonni aylanib yuradi. Buyog‘i Regardan tortib Mozori sharifgacha qadami yetgan. Kurash, ko‘pkari bormi, qoldirmaydi. Shu bois odamlar orqavarotdan “yurtkezar” deb atashardi.
Mana, ko‘rib turganingizdek yana yurt kezishga tushdik. Amakim bilan men qirchang‘ida, chol esa orqada, eshakda. Dalalar oshib borayapmiz. Kun ko‘tarilgan sayin olovday qizdiradi. Ko‘m-ko‘k yo‘ng‘ichqazor bijirlaydi, bosh tortgan gullari ummon kabi sollanadi. Xushbo‘yi dimog‘ni qitiqlaydi, kayfiyatni ko‘taradi. Oq, sariq tusdagi kapalaklar shodlanib o‘ynaydi. Bedanalar biri qo‘yib, biri sayraydi. Gohi-gohida olovday porillab tustovuq ko‘tariladi, bo‘ynini cho‘zgancha uchadi va yana yo‘ng‘ichqazor bag‘riga g‘arq bo‘ladi. Bir xillari havoni zirillatib osmonga sapchiydi-da, allatovur qilib qichqiradi. Ayni shundaylari boshqalariga nisbatan kattaroq, semizroq va yana olisroqqa uchadi. Shunda amakim, bunisi xo‘rozi ekan, deb g‘udranadi.
Bunday dalalardan oshayotganingizda, ayniqsa, agar u cho‘l va adirliklar bag‘rida yo unga yondosh kengliklarda bo‘lsa, albatta, sizga mullato‘rg‘ay hamroh bo‘ladi. Ular sizni kun cho‘kkuncha kuzatib boradi. Mullato‘rg‘ayning qiziq odati bor: yo‘lingizdan bexosdan chiqadi-da, havoga ko‘tariladi, muallaq turgancha chuldiraydi, so‘ng tezlik bilan yana yerga sho‘ng‘iydi. Amakim uni juda shum qush, deb aytadi. Chunki u sharpa sezishi bilan inidan halisroqqa uchib, go‘yo polaponlariga qayg‘urganday sayraydi. Tabiiyki, shu yo‘l bilan xavfni aritadi, bolalarini omon saqlaydi. Xalq orasida olashaqshaq, degan oti bo‘lishiga qaramay, hakkani xo‘p maqtaydi. Alqashi barobarida ko‘p yillar burungi g‘aroyib voqeani gapirib beradi. Ya’niki, saratonda Oqtumshuqdan arpa o‘rib qaytayotganida Qorasuv daryosi bo‘yidagi xarsang supaga chiqadi. Issiqdan lohas bo‘lib, mulgib qoladi. Bir payt deng, tushidami, o‘ngidami, qulog‘iga hakkaning shaqillagani chalinadi va sakrab o‘rnidan turadi. Qarasaki, biror terak bo‘yi narida yiltillab semirgan, sap-sariq mor sudralib kelaveradi. Hakkayu maynalar tevaragida chag‘illab, oldinga yurishga qo‘ymaydi. O‘takasi yorilayozgan amakim qishloqqa qarab chopadi. Shu-shu, yotaridayam, turaridayam halovat yo‘qoladi. Ozib-to‘ziydi. Axiyri qishloqning mullasi – Mengboy xalfaga yoriladi. “Xalfa – qiziq odam edi-da, – deya eslaydi u. – Hech narsa qilmaydi, isiriq tutatib yubor, hammasi yaxshi bo‘p ketadi”. Meni yosh bola ko‘rdi, deb yomon ochuvi chiqadi, shunda. Senday xalpani, deb so‘kadi. So‘ng qo‘shni qishloqdagi Mo‘min xalfaga boradi. U darrov kitob varaqlay ketadi. Amakimning rangi-ro‘yiga qarab, yuragingiz tushibdi, hozir joyiga solamiz, deb ko‘kragiga tepib qo‘yadi va yana tayinlaydiki, albatta, o‘zingizni xaloslang, butunlay kushoyish topasiz, deydi.
Ertasigayoq qishloq ahlini aytib, jonliq so‘yadi. Ko‘pning duosi ko‘l, deganiday, dard sekin-asta ariydi. Biroq u ancha bosiq, kamgap bo‘lib qoladi. Shundan buyon yolg‘iz yurmaydi, qavatiga akamni yo meni ergashtirib oladi.
Darvoqe, chol ham kamgap. Yo‘lga tushgandan beri miq etmaydi. Dala-tuz tugab, past-baland adirliklar qo‘yniga kirdik. Biron zog‘ yo‘q. Quyosh zabtiga olib, odamni elitmoqda. Amakim munkib ketmay, deb cholni gapga tuta boshladi.
– Bova, bu, Boysunning uchi-quyrug‘i yo‘q-da,
he-ech adog‘iga yetib bo‘lmaydi, – dedi.
Chol durust eshitmadi, nima deyapsiz, deganday boshini sarakladi.
– Boysunning keti keng, deyman.
– Ha-a, Xudo Boysunga kelganda saxiylik qilgan. Tog‘idanam, cho‘lidanam ayamagan.
Uning gapi amakimga yoqib tushdi. Mushtdaygina, pahmoqqina bo‘lgani bilan gaplari to‘qmoqday.
– Tog‘laringiz zo‘r…
– Bundayini boshqa joydan topolmaysiz. Shvetsariya tog‘lariga o‘xshaydi, deydi. Bekor gap. Bu – ulardan a’lo. Ilk insoniyat qadam izlari ayni shu yerda qolgan. Ishonmasangiz tarixni varaqlab ko‘ring. Hammasiga guvoh bo‘lasiz. Boyligini aytmaysizmi, ming xil va bitmas-tuganmas. Olimlar uning jismlarini o‘rganolmay, nom topolmay sarson. Ana, Qizilqoyani oling. Axir bu – sof, yer yuzidagi eng qimmatbaho granit. Unga ishlov berish, foydalanish kerak. Sizga aytsam, Boysun – ochilmagan qo‘riq.
Choli tushmagur tarixchi yo geolog bo‘lgan, deb o‘yladi amakim. O‘zidan so‘rashga botinolmadi. Kechadan buyon durust izzat-ikrom ko‘rsatmaganidan xijolat chekdi.
Olis yo‘lga tushsak, albatta, o‘rik qoq olvolamiz. Odamga ancha quvvat. Chol ro‘zador. Hozir qaysidir hijriy-qamariy oyning boshlanishi.
Osmondagi taqir bulutlar qizg‘ish tusga kira boshladi. Kun botmoqda edi. Biz qo‘ng‘ir tog‘ bag‘riga kirib borardik. Havo salqinlamoqda. Yupunman. Amakimning belbog‘idan mahkam ushlab, engashib oldim. Biroz issiq tutdi.
Birpasda qosh qoraydi. Qorong‘uda qushlarning sayrashini birinchi marta eshitdim. Ajoyib bo‘lar ekan. Biroz yurib, yo‘l bo‘yidagi to‘mpaygan kulbaga duch keldik. To‘xtadik. Ulovlarni tosh devor biqinidan chiqib turgan qoziqqa qantardik. Chol zim-ziyo kulbaga kirib ketdi. Shitir-shitir ovoz keldi, gugurt chaqildi va toshdan terilgan boshpana yoridi, devorda cholning ulkan gavdasi akslandi. Kelaveringlar, dedi. Uzun-kalta bo‘lib kirdik. Xona tor, devorlari tutundan qoraygan va allaqanday yoqimsiz hid o‘tirib qolgan. Yerda kigiz, ustida girbishin ko‘rpacha. O‘tiringlar, degan amrona xitob bo‘ldi. O‘tirdik. U belbog‘ini yechib, o‘rtaga yozdi. Qo‘ynidan bir necha bo‘lak qotgan non va qurt chiqardi. Amakim irg‘ib turib, xurjundan o‘rik qoq bilan suv ola keldi. Qani olinglar, dedi. Oldik. Qotgan non biram shirin ekan.
Keyin bilsak, bu yo‘lovchilarning qo‘nog‘i ekan. Bunga qo‘ngan odam dam oladi, o‘zidan nima ortsa – gugurt, shox-shabba, qoq non va boshqa narsalarni keyingi yo‘lovchilar uchun tashlab ketarkan.
Chol amakimga zimdan qaradi, uzr ohangida, endi, mulla aka, to‘g‘ri tushunasiz, bizning Machay qishlog‘imiz shunday olisda, dedi.
– Men Bo‘rijardan o‘tgandagi Machaymikan, deb o‘ylab edim.
– U – oddiy Machay. Bizniki tog‘ning tepasidagi. Katta Machay, deb aytiladi. Oz qoldi. Bu yoqlarniyam ko‘rgan yaxshi-da. Tabiati butunlay o‘zgacha.
– Zo‘r ekan. Rosti, Katta Machayga qadamim yetmagan. Bir paytlar Chak-chak tomondan baland dovondagi ovulga olib borishgan. Menimcha, u sizlardanam narida bo‘lsa kerak. Qandaydir amaldorning qizi betob ekan. Yarim tunda bemorni kirib ko‘rdim. U qoqsuyak bo‘lib yotardi. Vaqti-soati yaqinlashgan, ramaqijon bo‘lib yotardi, yordam berib bo‘lmasdi. Bechora onasi holi-jonimga qo‘ymadi. Unga haqiqatni aytmadim. Uy sohibi safarda ekan. Yotig‘i bilan tushuntirmoqchi edim.
Chol qilt etmasdan, sovuqqon boqqancha eshitib o‘tirdi.
– … boumid turli muolajani bajardim, qizning ko‘nglini ko‘tarishga, hayotga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otishga harakat qildim. Ikkimiz yolg‘iz qolganimizda u qo‘limni mahkam siqib, doktor, bari befoyda, o‘zingizni qiynamang, dedi. Hafsalam yanada pir bo‘ldi. Boyaqish onaga sabr tilab, tong bo‘zarmasdan qaytdim.
Olov so‘nib, lag‘cha cho‘qqa aylandi. Atrof qizg‘ish rangga kirdi.
– Nechchiga chiqdingiz, bova, – so‘radi amakim. – Bollardan nechov?
– Saksonni o‘rib qo‘ydik, mulla aka. Bunday qarasak, jarning yoqasiga kep qobmiz. Baholi qudrat g‘imirlab yuribmiz. Lekin sizniki maza. Yo‘l yurgan, el ko‘rgan qarimaydi.
– Sizni hech kim saksonga kirgan, demaydi. Ko‘z tegmasin hali dayovsiz.
– Sizga o‘xshab yo‘lovchimiz-da. Yanayam, hammasi odamning o‘ziga bog‘liq. Har kim o‘zini yaxshi ko‘rishi kerak.
Gurung qizidi. Chol otga ishqiboz ekan. Tarlon, jiyron, bo‘z ot, chavkar otlar haqida gapirildi. Bizning otni maqtamadi. Aksincha, ro‘zg‘orbop, dedi. Qiziq, tog‘ kechasi vahimali, jimjit bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Unday emas, ming xil ovozga, sayroqqa to‘lib ketarkan. Tevarakda shoqollar ulidi. Tulkilar cho‘zib-cho‘zib akilladi. Ovozi g‘alati va qo‘rqinchli. Chol tog‘lik-da, qush, hayvon, hasharot, garandayu guranda ovozini ajrata biladi. Bir mahal uzik-uzik chirillagan tovush keldi. Bu – yerilon. Odamga ziyoni yo‘q. Qaynatib ichsa, yuz xil dardga davo… Uxlab qolibman.
Azonda uyg‘onsam, ular ot boldirini qarichlab o‘lchayotibdi. Qancha uzun bo‘lsa, shuncha yaxshi bo‘larkan. Bu – govlak ot, dedi chol. Bo‘rini ko‘rsa, o‘zi yerga yiqiladi. Zotdor va yana shum, abjirlari esa bo‘rini o‘ynatadi. Baribir, bo‘ri ularniyam gallaydi. Qurg‘ur, dumiga osiladi-da. Ot oldinga chiranganda, qo‘yvoradi. Qarabsizki, jonivor o‘mganlaydi. Jondor kelasolib, qornini yoradi. Yana deng, otning tumshug‘idan tishlab tortgan bo‘rini ko‘rganman. Eski usul – mahkam tortib qo‘yvoradi va o‘tirib qolgan otning bo‘g‘zidan oladi. Jondor degani juda aqlli hayvon. Faqat zabon yo‘q.
Erga shudring ingan. Otning abzali ham olachalpoq nam. Bobo ufqqa qaragancha, hozir mo‘jiza ko‘rasizlar, dedi. Qontalash ufq asta-sekin kengayayotir. Quyosh oltinday yaraqlab, bosh ko‘tarmoqda. Avval gardishi, so‘ng bo‘y-basti ko‘rina boshladi. U sekin, lekin bir zaylda ko‘tarilmoqda. Shu payt harakatdan to‘xtaganday, osilib qolganday tuyuldi. Chindan ham u qotib qoldi. Sal chekindi va yana yuksakka talpindi. Zamin uni qo‘yvormayapti. Odamni vahm bosdi. Endi nima bo‘ladi? Quyosh silkina-silkina oxiri yer qobig‘idan chiqib ketdi. So‘ng, butun olam nurga to‘ldi.
– Quyosh har tongda shunday azoblanadi, – dedi chol. – Bu holni boshqa joyda kuzatolmaysiz.
Yana yo‘lga tushdik. Archa, gujum va yana bir qancha daraxtlar bilan qoplangan qo‘ng‘ir tog‘ oralab ketayapmiz. Osudalik. Tungi qaynoq hayotdan nishon ham yo‘q. Birgina qushlar sayraydi. Osmonda tasqaralar qanotlarini keng yozib, o‘lja poylaydi. Lekin ular hech sayramaydi.
Amakim cholning tilini ancha tushunib qoldi. Galma-gal qishloqlarni, polvon va otlarni maqtaydi.
– Polvonlarning zo‘ri Toshtemir, – dedi amakim.
– Be, uning davri o‘tdi. Hozir Qaytmas qishlog‘idan Lochin laqabli polvon chiqqan. Qurmag‘ur, o‘ynoqlab olishadi. Kuchi ko‘p. Kelbatiyam Toshtemirlardan kam emas.
– Bizdagi Eralini ololadimi?
– Eralingiz mug‘ombir. Agar u halol olishsa, bemalol oladi.
Gurung bilan bo‘lib cho‘qqilarini oppoq qor qoplagan qoya poyiga borib qolibmiz.
– Bu – bizning qishloq, – dedi chol.
– Jannatday yerda yasharkansizlar.
Lekin bunda na Oltinsoyni, na Sherobodni ko‘rib bo‘lardi. To‘rt tomon ham cho‘qqilar edi.
Toshdan terilgan, biqinib, mingashib ketgan uylarning biriga kirdik. Tim qora, ko‘zi sarg‘ish, bo‘ydor, baquvvat it qarshimizga yugurib chiqdi. Laqabi Muxtor ekan. Egasi tanbeh bergach, bizga izzat-ikrom ko‘rsatib, qirqilgan dumini likillatdi. Hovli keng, qayroq toshni tarashlab, yotqizgan. Mezbon kunchiqarga qaragan bo‘lmaga boshladi. Keng va yorug‘ xonaning to‘rida, qavat-qavat ko‘rpacha ustida mushtdekkina kampir cho‘zilib yotibdi. U o‘rin ichiga cho‘kib ketgan, dabdurustdan kirgan kishi, tabiiyki, ko‘rmasdi. Salom berdik. Nimjongina ovoz alik oldi. Amakim to‘rvasidan dori-darmon, tayoqcha, allaqanday yog‘larni oldi. Chol kampirning qalin paypog‘ini yechdi. To‘piqning usti ko‘m-ko‘k, atrofi oqarib shishgan.
Amakim shishni avval sug‘ur, keyin, ot, yovvoyi cho‘chqa, ko‘lvor ilon yog‘i bilan obdon ivitib, ishqadi. Tana yog‘ni birpasda shimib oldi. Kampirning inqillashiga qaramay, bir-ikki burab ham ko‘rdi. Keyin paypoqni kiydirib, yana ko‘rpaga o‘radi. U uxlab qoldi.
Bemor shomga yaqin uyg‘ondi. Oyoqdagi shish qaytib, kampirning yuziga qon yugurgan. Lekin to‘piq haliyam qizib, qotib turibdi. Amakim suyak inidan ko‘chib, pay cho‘zilibdi, dedi. Kampirning oh-vohigayam qaramay, oyoqni yana bir-ikki qirsillatib buradi, tortdi, paxta o‘radi va bintli tayoqchalarni mahkamlab bog‘ladi.
Shu kecha cholnikida tunadik. Ertalab qarasak, bemor hovlida hassada yuribdi.
– Boringizga shukr, umringizdan baraka toping, – dedi u amakimga. – Odam oyoqdan qolmasin ekan. Hafta tugal yotdim. Jonim halqumga keldi.
U qishloq kampiriga o‘xshamaydi. Turish-turmushi, gapi ziyolinamo. Yo shahardan ko‘chib kelgan, yo Katta machayliklarning bari adabiycha gaplashadi, o‘zicha tusmolladi amakim.
Uyda ikkisidan boshqani uchratmadik. Chol qo‘y so‘ydi. Qo‘shnilar chiqdi. Ziyofat tugagach, qaytdik. Ular bizni pul-chaqa, yana turli gazmol bilan siyladi. Kampir bo‘sag‘agacha kuzatib qo‘ydi. Chol esa bizga hamroh bo‘ldi.
Pastga enish oson. Hademay, Boysundan chiqib, Handalga yetdik. Chol kampirini geolog olima Maryam Aliyeva, dedi. “Asli Kavkazdan. Bir ugina ajdodlari udumini buzib, o‘zga elga keldi. Ammo haligacha, o‘lsam, yurtimga, otamning poyiga eltib ko‘masiz, deb qo‘ymaydi. Xo‘p, deyman”.
Ular Moskvada o‘qishgan. Maryamga ko‘ngil qo‘yib, yetti yil chechen yurtiga qatnagan. U oilada o‘n qizning biri. Otasi chapdast odam. Udumga ko‘ra, eshikdan kelgan mehmonga hurmat ko‘rsatadi. Yaxshi gap va sovg‘a-salom bilan oshiq yigitni qaytarib yuboraveradi. Oxiri, yigit tog‘dan bir cho‘ponni topib, o‘g‘il tutinadi. So‘ng cho‘pon Maryamni o‘g‘liga so‘raydi. Ota rozi bo‘ladi. Shunday qilib, Maryam Boysunga kelin bo‘lib tushadi. U bu yerga tez ko‘nikkan. Uning Kavkazga o‘xshash jihati ko‘p. Qariyb qirq yil institutda ishladi, Boysunda tadqiqot olib bordi.
– Siz kasaliga davo topolmagan o‘sha qiz – mening yagona qizim edi, – dedi chol og‘ir xo‘rsinib. – Toshkentda o‘qidi. Asli chechen bo‘lgan samarqandlik kursdoshidan ko‘p sovchi keldi, qaytardim. O‘zimning Boysunimga beraman, dedim. Ikkisigayam buyurmadi. O‘ldiyu ketdi. Qaynotam aytgich edi, qiz bolani birinchi va qo‘ymay so‘raganga ber, shunisi chinbaxt, qolgani badbaxt.
Amakim bir muddat cholga qarab qoldi. Iskandar ko‘prigining ustida edik, xo‘shlashdik. U ketdi…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 3-son