“1966–1979 yillar orasida O‘zbekiston hududida Moskva tomonidan o‘ta yashirin suratda to‘rt marotaba yadro portlashlari amalga oshirilgan. Bular bizga oshkor bo‘lgani xolos.
Bunday o‘ta mudhish, jinoyatkorona qilmishlarning yana qancha-qanchasidan hamon ko‘pchilik bexabar”.
“Ogonyok” jurnali, №23. 2010 y.
Moskva.
DEBOChA
Qo‘shnimiz Qozog‘istonda amalga oshirilgan atom bombasi sinovi – “Semipalatinsk fojiasi” nomi bilan fosh etilib, jahon jamoatchiligi tomonidan mintaqamiz aholisi, tabiat olamiga qilingan vahshiyona tajovuz – genotsid deb, baholangani sir emas. U hamon o‘z asoratini namoyon etib turibdi.
“O‘zbekistonda … Xirosimadan keyin yadro bombasi portlatilganmi?!”… Eshitgan quloqqa ancha noxush chalinuvchi bu savolga javob izlab, ko‘pdan beri xayolim faromush edi.
Bahorning tarovatbaxsh yomg‘irli oqshomlaridan birida tasodifiy voqea ro‘y berdi-yu, yaqin “o‘tmish”ning ma’lum va noma’lum so‘qmoqlari bo‘ylab kezib chiqishimga to‘g‘ri keldi.