Chorshanbi Dehnaviy. Bir burda non (hikoya)

Mamatqul ishdan kech qaytdi. Hovlisini qorong‘i ko‘rib, xavfsiradi. Eshikka o‘nglanib o‘nglanmay:
– Halima! – dedi noxush ohangda.
Uydan qizi yugurib chiqdi.
– Nega hamma yoq zim-ziyo?!
Qizi elektr chiroqni yoqdi. Tashqari yorishdi. Biroq Mamatqulning ko‘nglidagi g‘ashlik tarqalmadi.
– Onang qani?! – u zarda bilan yeng shimara boshladi.
– Ismat tog‘amnikida, – dedi qizi otasining qo‘liga suv quyarkan. – Ziyodulla tog‘am keptilar.
Mamatqul hovuridan tushdi. Ziyodullaning xizmatdan mazasi qochib qaytganini eshitgan edi. Tirikning tashvishi ko‘p bo‘lar ekan, borolgani yo‘q – yo‘l uzoq, toqqa bafurja bormasa, bir kun, ikki kunda ulgurmaydi. Bundan ziyodiga iloji yo‘q, katta bir xo‘jalikda yolg‘iz o‘zi traktorchi. Bugun kechikib kelishining boisi ham shu – erta choshgacha bo‘ladigan yerni birdaniga egat tortib keldi. Boshliq “xo‘p” deydigan bo‘lsa, yer suvdan chiqquncha birrov borib kelmoqchi edi. O‘zi kelgani yaxshi bo‘pti.
– Sovun!
Qizi atirsovun berdi. Mamatqul chandir kaftlarining yoriqlarida qotib qolgan qoramoyga sovun ishqalab, kaftlarini zarda bilan uqalay boshladi.
– Oyim sizni ham borsin dedi.
Mamatqul bormadi. Qizi suzib kelgan ovqatni ishtahasiz yedi. Ustidan ustma-ust choy ichib, o‘rnidan turdi.
– Mening to‘shagimni to‘sha, – buyurdi qiziga. – Manavi choynakdagi choyni ham so‘riga olib chiq.
Mamatqul to‘shakka cho‘zilib, mayin esayotgan shabadadan sekin tebranayotgan tok yaproqlari va yaproqlar ortidan goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay, sho‘xlikka o‘xshash ajib bir manzara kashf etayotgan yulduzlar jimiriga tikildi. Biroq zavqlanmadi. Charchoq yenggan vujudi karaxt, boshi guvullab, quloqlarida traktor tovushi tinimsiz aks-sado berar­di. ­Nimalar haqida o‘ylayotganini ilg‘amas, xayollari go‘yo o‘ziniki emasdek edi. Nima bo‘lgandayam, xotinining so‘ramay ketgani yaxshi bo‘ldi. Kutganida Mamatqul javob bermasdi. U Ismatni ham, uning xotinini ham yoqtirmaydi. Xotini o‘shalardan gap ochguday bo‘lsa:
– Yig‘ishtir o‘sha bezbetlaringni! – deya jerkib berardi.
– Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi, dadasi, – kuyunardi xotini.
– Ayirish emas, kesib tashlash kerak unday ortiqchalarni! – deya tishlarini g‘ijirlatgancha ishga jo‘nardi.
Ishda ham ahvol shu – birov botinib gapirolmaydi. Terisi yupqa, gap ko‘tarmaydi. Balki charchagandir. U tengilar allaqachonlar nafaqaga chiqib, qarilik gashtini surmoqda. Uning esa uyda qo‘nimi yo‘q. Sudralib yurgani-yurgan.
U tong otmasdan uyg‘onib, boshqa uxlayolmadi. Turib tomorqaga suv ochdi. Qizini uyg‘otib, sigirni sog‘dirdi. Mollarga o‘t tashlab, so‘ng traktoriga urindi.
Tushlikka yaqin xotini keldi. Uning ranjigani qovog‘idan sezilib tursa-da, bilintirmaslikka harakat qilib, uyga kirdi. Faqat dasturxon yozganda:
– Kecha bormadingiz, – deya gap ochdi. – Ziyodulla yo‘qladi.
– Tuzalibdimi ishqib?
– Bir buyragini olib tashlashibdi. Rangida qon, tanida jon yo‘q.
– Hali ko‘rmaganday bo‘p ketadi.
– O‘lmas! – Mamatqulning mehrsizligidan tutoqib ketdi xotini. – Boshqalarni-ku turqi sovuq tushgandi, endi Ziyodullaning ham yulduzi muzladimi? Suvingizning loyqalaganini kecha bormaganingizdan sezuvdim-a!
– Kecha ishdan kech qaytdim.
– Uzoq emasdi.
– Tilimni qichitma, xotin!
– Pochchasiz, ham begona emassiz! Tog‘angizning o‘g‘li!
– Begona bo‘lganda alam qilmasdi!
– Nimasi alam qiladi? Ayol bo‘lgandan keyin er qiladi-da!
– Duch kelgan itga yaloq bo‘libmi?
– Yetti yotdan battarsiz!
– Ha, mening loyim birikmaydigan tuproqdan!
Xotin zoti shu – bo‘lar-bo‘lmasga bo‘lishib, o‘z gapini ma’qullayveradi. Yo‘qsa, Mamatqul xotinining singlisini o‘z farzandidan kam ko‘rmasdi. Turmush totini tatib-tatimay beva qolganiga achinib, tuzukroq joyga tushishini, baxtli bo‘lishini istagandi. U-chi? Og‘aynilarining boshini egdi. Tag‘in bari apoq-chapoq! Mamatqulga qo‘ysa, yalab-yulqashsin, lekin uning tutilgan quyoshi yorishmaydi. Yuzi ham sinf doskasi emaski, istalgan paytda chaplanib, istalgan paytda artilaversa.
– Tilimni qichitma!
Aslida o‘zining tili qichirdi. Xotini bir og‘iz so‘z qotsa bas, barini go‘rdan olib, go‘rga tiqardi. O‘shalarni eslasa tepa sochi tikka bo‘ladi. Ayniqsa, Ismatni! Mehr yo‘q, oqibat yo‘q, sadoqat degani anqoning urug‘i! Nomiga oila! Insofi, diyonati bo‘lganida xotini o‘z erining ko‘ziga cho‘p suqarmidi?! Ularni og‘am, jigarim deb kelgan bir mushtipar qaynsinglisini shu ko‘ylarga solarmidi?! Ismat barini bilardi. Bila turib, xotinini oqlagani-oqlagan! E-e… Xotini avval o‘ziga xotin bo‘lsin. “Sadqai yigitlik ket! O‘z yalog‘ini qo‘rimagan it itmi?!”
– Ota, suv chiqipti, – tomorqa etagidan tovush qildi qizi.
Mamatqul to‘lg‘onib, o‘rnidan turdi.
Oqshomga yaqin Ismat Ziyodullani boshlab keldi. Mamatqul Ziyodullani bag‘riga bosib ko‘rishdi, so‘rashdi. So‘ng boquvdagi qo‘ylarning birini uyining orqasiga olib o‘tdi. Xotini suyundi. Mamatqul shuni istadi: “Umri qovog‘imni poylab o‘tdi, boyaqishning”.
U xotinini o‘zicha shunday e’zozlardi. Elas-elas eslaydigan onasi uchun ham, ­ochlikdan sillasi qurib, non izlab ketib, boshqa qaytmagan opasi uchun ham xotinini ardoqlamoqchi bo‘lardi. Shunchaki, eplamasdi. Bo‘lar-bo‘lmasga jahli chiqib, ardog‘i ichida qolardi… Mamatqul qo‘chqorni chiqarib so‘ydi. Ismat pochasini ushladi. Mamatqul gapirmadi. U qachon bo‘lmasin, qaynsinglisini uyidan qanday haydagan bo‘lsa, Ismatni ham shunday haydashga ahd qilgan edi. Lekin hozir emas, odamgarchilik qiyin narsa…
– Opam o‘gay bo‘lsa ham eshitgan zahoti bordi, siz esa…
– Aljirama, bola, – o‘zini arang tiydi Mamatqul. – Otasi bir o‘gay bo‘ladimi?! Opang senlar uchun jonini fido qilsa ham senlarning qoning qo‘shilmaydi. Elikmaydigan ho‘kizga o‘xshab!
– Opamdan nolimayman. Ginam sizdan. Singlim ham eri bilan keldi.
– Biz yetim o‘sganmiz. Tarbiya beradiganimiz bo‘lmagan-da! Izzat-hurmatni bilmaymiz!
– Kambag‘alni kim ham suyipti. Bizning ham boshimizga quyosh tegar, pochcha.
– Nariroq tur, boshingga bolta tegadi! – Mamatqul dilidagini to‘kolmayotganidan ijirg‘andi.
Rost-da, Ismat tengilarning koshonasi shohona. U, yetti yil bo‘ldi, chorduvolda yashaydi. To‘shamchilari namiqib buruqsigan, yerning zaxidan kirgan kishining burni jiyi­ladi. Ilgarilari Mamatqul tegizib gapirardi. Hech qursa, uyingning oldiga to‘rtta daraxt o‘tqaz deb. Odamga gap kor qilmasa bekor ekan. Oxiri o‘zi o‘tqazib, “yorildi”.
– Dalada ishlamasalaring, ro‘zg‘orda ishlamasalaring, senlarda uyat degan narsa bormi o‘zi?! Bu yurishda ochdan o‘lasanlar!
“E, ro‘zg‘orning barakasi – ayol. Ayol qiziqmasa, ayiqqa o‘xshab, shishib yotsa, biri ikki bo‘larmidi bu bezbetlarning?!”
Ziyodulla bir haftacha turdi. Bir kuni ertalab pochchasiga maslahat soldi:
– Ukalarim yosh. Ularni yedirish, kiyintirish kerak, pochcha.
– Ha, – dedi Mamatqul o‘ylanibroq. – Sening ham tani joning sog‘ emas. Onang bechoraga qiyin. Ismat ko‘chib kelmagandayam arqonlaringga qil bo‘lib turardi…
– Yomoni, tog‘da ish yo‘q, pochcha. O‘rmonga kirib ishlayin desam tuzalganimcha yo‘q.
– Maslahat berishdan og‘zim kuygan, uka. Ismatni magazinchi bo‘lma dedim, bo‘ldi. Endi itdan suyak qarzdor.
– Ismat akam shu yerda qolib ishla, deydi.
– Akangni kallasi bo‘lsa, o‘ziga ishlatsin. Paxtaning ishi o‘yin emas. Filni pashsha qiladi. Keyin, paxtada bir zumda seni boyitadigan pul ham yo‘q. Menga qo‘ysang, uyga bor. Ukalaringga bosh bo‘lib, otangdan qolgan qo‘y-qo‘zilarga qarashsang, o‘shalardan urchigani ham bir ro‘zg‘orni tebratadi. Tuzalib ketganingdan so‘ng ixtiyor o‘zingda.
Ziyodulla xayrlashib, akasinikidan jo‘namoqchi bo‘ldi. Ammo toqqa qaytmadi. Ketmon ko‘tarib dalaga chiqqanini ko‘rib Mamatqulning iygan mehri qotdi.
– Ziyodulla ko‘rinmay ketdi, – ba’zida surishtirardi xotini Mamatquldan. – Sovmikin?
– Sovdir-da!
– Biron nima deb ranjitganingiz yo‘qmi o‘zi?
– Sen tillashadigan bo‘psan, xotin. Bu ishing menga yoqmayapti.
– Fe’lingiz tahlikali-da. Bir ko‘rsangiz – bahor, bir ko‘rsangiz – chillayi zimiston!
– Menga yashash qimmatga tushgan, xotin. Uni xor qiladiganlarni ko‘rsam, jinim qo‘ziydi. Hech qursa, Ziyodulla odam bo‘lsin degandim. Ismating uniyam nog‘orasiga o‘ynatdi. Ertami kechmi buyragi shishadi, ham moli ketadi, ham joni! Mana, mening dardim!
Mamatqulning aytgani keldi. Ko‘p o‘tmay Ziyodullaning qovoqlari shishib, ko‘zlarining osti solqilanib qoldi.
– Ziyodullaga ayt, do‘xtirga ko‘rinsin, – yana Mamatqulning o‘zi chiday olmadi. – Bolaning mazasi yo‘q.
– Tomog‘iyam yo‘q. Akasining qozoni haftadaga bir qaynamaydi. Topganlari bo‘lka non. Bu Ziyodulla tugul sov odamniyam kasal qiladi. Bugun Ismat keluvdi…
– Choydan quy.
Xotini choy quydi.
– Ismatning xotini har narsani bahona qilib, Ziyodullani sig‘dirmayotganmish.
– Bu bo‘ladigan savdo edi.
– Uyga bor desam, ishlaganning nomini ko‘tarib, quruq borishga uyalarmish.
– Halima! Sigir bo‘shalibdi, qizim, bog‘lab qo‘y.
– Pochchamdan so‘rang, bemalol bo‘lsa, biznikida yashab, ishlasam depti.
– Mening uyim uyidan bezganlarning qo‘nog‘i emas.
– Bir parcha nonni it ham yeydi, dadasi.
– Bir parcha non?! – Mamatqulning bo‘g‘ziga bir narsa tiqilib, gapi og‘zida qoldi.
Aytganida ham nima o‘zgarardi. To‘qlikda kim tushida non ko‘ribdi. Mamatqul ko‘rgan. O‘nlab, yuzlab! O‘shanda Normat tog‘a uning qo‘lidan yetaklab, og‘aynilari­nikiga bir-bir olib borgan edi.
– Qani, o‘sha bir parcha non, – deyishardi bari sovuq oh tortib. – Begunoh bir go‘dakning uvoliga qolishdan yomoni yo‘q, tog‘a. Busiz ham qabriston o‘likdan to‘lib-toshdi.
Normat tog‘a Mamatqulni qaytarib, uyga olib keldi. Qachonlardan buyon cho‘g‘ ko‘rmagan sandalga oyoqlarini cho‘zib, boshini changallagancha qah-qah otib kuldi.
– Senam kul, jiyan, – dedi tog‘a ko‘zyoshlarini majolsiz artib. – Donishmandlar shunday qilishgan – ochlikdan kulib, to‘qlikdan yig‘lasharkan. Mazmuni: bir ochlikka bir to‘qlik, bir to‘qlikka bir ochlik muqarrar degani ekan. Qattiqroq kul. Irim qip. Barakalla. Endi anovi tokchadagi dasturxonni olib kel. Ko‘zim tinyapti…
Tog‘a kattakon shol dasturxonni ochdi va kaftdekkina qotgan qora nonni olib Mamatqulga uzatdi. Tog‘aning tomirlari bo‘rtgan qo‘llari qaltirardi.
– Olgin, – undadi tog‘a Mamatqulning olayib qolgan nursiz ko‘zlariga tikilib. – Yeb ol. So‘laging oqmasin. So‘ng opangning daragiga chiqamiz.
Mamatqul nonni oldi. Tog‘a yuzini sandalga qo‘ygancha ko‘zlarini yumdi. Keyin bilsa… Joni chiqqan ekan…
– Kunini topsa unutmas, – Mamatqulni ko‘ndirishga urinardi xotini. – Tog‘angizning arvohi chirqiraydi-ya.
Mamatqul javob bermadi.
Biroq…
Ziyodulla Mamatqulning uyida ham tuzalmadi. Shishlari solqilanib, xipchagina yigit barzangiday tus ola boshladi. Kasalxonada ahvoli og‘irlashdi.
– Ikkinchi buyrak ham ishdan chiqqan, – tushuntirdi davolovchi do‘xtir. – Bu yerda saqlashning foydasi yo‘q. Markazda ilojini qilish mumkin. U yerdagi imkoniyat va zamonaviy uskunalarni nazarda tutyapman.
Mamatqul Ziyodullani markazga olib jo‘nadi.
– Pochcha, – dedi Ismat Mamatqulning zambil ko‘targan qo‘lidan ushlab. – Qayerga olib bormoqchisiz? Foydasi yo‘q.
– Foyda! Foyda!!! Mana, oqibati!
– Odamni tanisa ham mayli edi, pochcha!
– Nari tur!!!
– Buning nimasidan umid qilasiz?! – Ismat Mamatqulning yo‘lini to‘sdi.
Mamatqul o‘zini boshqa tiyolmadi. U bo‘sh qo‘lini qulochkashlab, bor kuchi bilan Ismatning yuziga musht tushirdi. Ismat avval gandiraklab, keyin yiqildi.
Mamatqul dir-dir titrab, o‘ziga kelolmayotgan bir holda mashinaga o‘tirdi…

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son