Anchadan buyon taniqli qiziqchi Xudoyberdi Ziyotovdan xabar ololmay yurib, bir kuni ataylab qidirib bordim. Borsam uyida nevaralaridan boshqa hech kim yo‘q.
— Katta otamiz kurortga ketgan, — deyishdi ular.
Yo tavba, deb o‘yladim, bu yangilik-ku, bir umr cho‘ponlik qilib yurib, bor-yo‘g‘i qistov bilan bir marta Toshkentga olib boruvdim. Haligi, balet teatri, xokkey tomoshasiga kiritganim esimda. Bu, kurortga borish tashabbusi kimdan chiqdi ekan?
— Katta otalaring kurortdan kelsa, mana bu telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, menga xabar beringlar, Xudoyberdi akam kelib ketdi, sizga salom aytdi, denglar, — deb qaytib ketdim.
Ko‘p o‘tmay qishloqdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Otaxon dam olishdan qaytib, elga osh berayotgan ekan.
Yo‘lga otlandim. Otaxonning suhbatini ham sog‘inib qolgan edim-da o‘zi. Uzoq yo‘l emasmi, qishloqqa kirib borganimda qosh qorayib qolgandi. Ko‘pchilik kelib-ketib, davrada otaxonning tengdoshlari, suhbatdoshlari qolgan, gurung avjida.
Mening kelganimni yetkazishdi, shekilli, bir zumda o‘zi qarshimga peshvoz chiqdi.
— E-e-e-e, ulum Xudoyberdi! Qaylarga jo‘g‘olib ketding. Senam birovdi sog‘inishdi bilasanmi o‘zing? Men seni izlab topolmasam, izlamagan jerim qomadi-ku, bolam, — dedilar.
Ozgina o‘pka-gina bilan quchoqlashib ko‘rishdik. Bir-birimizdan hol-ahvol so‘rashgunimizcha bir laganda osh olib kelishdi.
— E-e-e-e, ulum, — dedi otaxon yana, eng yaqinlariga gapirib yurgan ohangda, — sen mendan jashirinib jurganingdan beri ham ancha voqt o‘tdi. Ko‘p qiziq hangamalar bo‘ldi.
— Qiziq hangomalaringizni, o‘zingizni sog‘inib, ilgariroq ham kelib ketgan edim.
— Xabarim bor, sen oldingga qo‘ygan oshdi jegin-da, choy ich, meni jang‘i hangomalarimdi eshitaman desang, so‘zimdi bo‘lma.
— Gap bitta, — dedim men, — lekin kurortga borganingiz rostmi o‘zi? Hech ishongim kelmadi, o‘tgan safar Toshkentga borganingizda “kurort” desam og‘iz ochirmagandingiz-ku, shunga hayronman.
— Qariyalardi jilidan xabaring bordir, — deb hikoyani boshladi otaxonimiz, — kattakonimiz qariyalardi duvosini olay dedima, bir kuni kurortga borasiz, deb qoldi.
Ko‘p jo‘l jurdik, ular aytkandanam ko‘proq jurdig-ov, lekin qosh qorayganda kurort degan joyiga jetib keldik.
Hammamizdi bir katta zolga qamadi. Oylanasiga jumshoq o‘tirg‘ichlar qo‘yg‘on. Shulorg‘o hammamiz charchab o‘tirdik. Birovlar mulgibam oldi, menam ozgina mulgib oldim-u, lekin boshqalarga mulgiganimdi bildirmay, josh cho‘ponlarday tutib turdim o‘zimdi.
O‘rtoliqda bir joshgina qiz bola, kelganlardi otasini otini aytib chaqira boshladi, chaqirilganlar ikkitasi bir bo‘lib, uchtasi bir bo‘lib bittadan kalit olib tarqala boshladi. “Ergashev” deb meni ham otamdi otini aytib chaqiruvdi, bordim. Qo‘limga kalitti tutqazib, shoshmay turing dedi-da, yana “Ergasheva” deb bir kampirdi chaqirdi. “Birga kelganmisizlar” deb so‘rovdi, kampir mendan oldin “birga keldim” deb qo‘ydi. Ikkalamizga bir xonani aytuvdi, men “E-e, desam”, “E-e, demang, har biringizga bittadan xona berolmaymiz-ku, har ikkitangiz, uchtangiz bir xonada turasizlar”, dedi holigi qiz.
Men bir narsa deyishga qo‘rqib, ha, juringlar xonamizga dedim. Bu kampir ham bir o‘zi kelishga qo‘rqqonma, bitta nebarasiyam bor jonida. Xonamizga kirsak, ikkita karavat borakan, uyam uncha kattamas, bir kishi zo‘rg‘a sig‘adi. Boshim qotib, ko‘p o‘ylab qoldim, ilgari birovlar kurortga borib kelganlarini aytib, hammani kuldirib jotardi. Shulardi o‘ylab ketdim, bulardi tartibi shunday ekan-da, deb holigi qizga yana borib, bu kampir mening kampirim emas deyishga qo‘rqdim, bulardi tartibini buzip qo‘ymayin yana dedim. Hech jerdi ko‘rmagan, qoloq bir cholakan demasin deb, uyaldim.
Kampirga, nebara bilan birga jotib turinglar, devorga qarab teskari jotinglar, men bir aylanib kelay qani, silar uxlog‘ondan keyin kelib jotarman, deb chiqib ketdim.
Kurort degani yaxshi bir joy ekan, doraxtlari ko‘p, o‘tlari qurib qomagan, o‘zi ham tovdi oldida ekan. Cho‘ponligim esimga tushib, choponimdi jerga, o‘tti ustiga to‘shab, jonboshlab jotib ko‘zim ilinibdi, yana ko‘zimdi ochmasi tong otib qopti.
Xonaga qoytib kesam, kampiram nebarasi minan juvinib, o‘ziga qarab uyag‘-buyag‘ini tuzatib turg‘anakan. Kampir deganim bunday qarag‘anda uncha kampirgayam o‘xshamaydi. Ishqilib, ayalminan kampirdi o‘rtalig‘idagi xotinga o‘xshaydi.
— Ertalab tursam joyingizda jo‘g‘akansiz, boshqa jerda jotib kelyapsizmi? — dedi kampir.
Gaplariyam meni gaplarimga o‘xshaydi, “je”lab gapiradi, shunisi menga jaqdi pichi.
Ertalab ovqat beraykan, ovqat joyig‘a bordik. Har bala ovqat bor, aravachada ovqat tashiydiganlar ob kelaveradi, sen tanlab ob jeyvirasan. Zolda odam ko‘p, hammaga shuncha ovqatti qayrdan jetkazarakan bular, bir kun jemasang, ikki kun jemasang, bu ovqatlardi, yana, pulam to‘lamasang, shunisini tushunmay, ko‘bini otini men ham bilmaydigan ovqatlardi jeb qorindi to‘yg‘ozdim.
Ovqatdan keyin har qoysimizdi, har joyga davolashga bo‘lib tashladi. “Menga vonnaga tushasiz”, dedi haligi televizorda chiqadigan qizga o‘xshaydigan qiz. “Vonnang nima?”, desam, “cho‘milish” — dedi. Kecha uydan chiqayotganda katta laganda cho‘milib keganman, desam ham qo‘ymaydi.
Xullas, vonna degan jayga jetalab obbordi-da, bitta kursini ko‘rsatib shu jerda o‘tirib turing, xonadan odam chiqsa, o‘zingiz kirasiz, ichkarida, xonada lungi bor, uni taqib olasizda, suv to‘ldirilgan vonnaga kirib jotasiz, dedi haligi qiz.
Ko‘p o‘tmay xonadan bir o‘ris kampir chiqdi, haligi qiz aytgandi qildim. Kampir chiqqan xonaga tez kirdim, birovlar kirib qo‘ymasin, dedim-da. Xonada haligi qiz aytgan lungi turgan ekan, menga ozgina kichkina keldi, shunday bo‘lsa ham bir balo qilib kiyib oldim-da, aytgan vonnasiga kirib jottim. Bu, vonna degani bizlardagi lagandi kattasi bo‘lar ekan, faqat rangi oppoq. Suvi issiqqina, joning jashnab, o‘zing bir pasta jasharib ketasan. Suviga bir balolar sog‘anma?
Bir payt eshik sharaqlab ochilib, boyagi o‘ris kampir kelib, tepamda bir nimalar deb, shang‘illab, haligi men kiygan lungiga jopishsa bo‘ladimi!
Ey, betovfiq, uyating borma, jopishma menga, qitig‘im kelyapti, desam ham faqat “isnimi” deydi. Gapingga tushunmayapman, o‘zbekcha gapir desam ham yana lungiga jopishib “ne shuti, isnimi” deydi. Ochchig‘im keldi, sho‘tiymayman ham, isnimayman ham, teginma bu kurortti lungisi, qo‘lingdi tort, dedim.
Shu vaqt shovqindan shu yerda xizmat qib jurgan bir qiz kirib qoldi. Erkaklar laganda cho‘milayotgan jerda erkaklar xizmat qilmaydimi, axir? Yo tartibi shundaychamikan? Bor qizim bir erkagingdi chaqir, manovi betovfiqti mendan ajratib osin, dedim. Bir jigit darrov kirdi, shu jerda poylab turg‘anma? Buni gapini tushuntir, ayt — menga jopismasin desam, kampirminan bir balolardi chug‘urlashib, so‘ng xo-xolab kuladi, gapiraman deydi-da yana kuladi. Kulma, axir, ulum, men kuladigan ahvolda emasman desam, otaxon bu kampirdi kalgutkasini nega kiyib oldingiz deb, yana xo-xolaydi. Kalguti nimasi, bilmadim…
Kiyimlarimdi kiyib haligi jigitga “Bir uqalag‘ich topib ber”, dedim.
— Xo‘p, yuring, — deb irshayadi-da — o‘zi sizga uqalag‘ich nimaga kerak, kampiringizni o‘zingiz minan olib yuribsiz-ku, kechqurunlari uqalatmaysizmi u kishiga, — deydi.
— E-e, ulum, nima deyapsan, qonaqa kampirim, u meni kampirim emas, kampirim jo‘q bo‘lganiga jetti jil bo‘g‘on, — dedim.
— Unda birovdi kampiri bilan nimaga bir xonada jotibsiz? — deydi.
— Jotqanim jo‘q birovdi kampiriminan, toshqarida jotib chiqdim kechasi, — desam qornini ushlab xo-xolaydi.
Birovdi kampiriminan bir xonaga qomab qo‘yib, yana nimaga kulasan, ey bola desam, otangizni oti Ergashevmi? — dedi. Ergashev, desam, kampirning otasining oti ham Ergasheva-ku, sizlarni er-xotin deb bir xonaga joylashtirgandir-da, nega tushuntirmadingiz ularga? — deydi.
— Gapirishga qo‘ymadi haligi televizorda chiqadigan qiz. Jur menminan, xonamdi bo‘lak qib berasan, — deb xonamizga borsak, kampir nebarasi bilan o‘tirgan ekan. Bizlardi er-xotin deb bir xonaga joylashtirgan ekan, asli eringminan kesang jaxshi dam oladigan joyakan desam, “Erim jo‘q bo‘g‘anig‘a besh jil bo‘g‘an bo‘sa qanday qilib kelaman erimminan?”, deydi kampir. “Jesirmisan?” desam, “Jesirman”, deydi. Menam jetti jildan beri jesirman, dedim. Kampiri qurg‘ur hali ham sho‘xligi bosilib bo‘maganakan chog‘i “Chappa qorab jotsangiz — shu jayda jotaversangiz ham mayli, bizar ham nebaramizminan devorga qarab jotaveramiz”, deb hazillashadi qurg‘ur.
Shu desang, juragimdi bir jeri jiz etdi, xonamdi boshqa qib chiqib ketdim-da, ullarimdi chaqirtirdim, ularga bor gapni aytib berdim, jetti jil kampirsiz qiyinchilik ko‘rib jurganimdi o‘zlari ham bilib jurayidi, shekilli, maqsadimdi tez poyqashdi.
Ullarim mendanam choqqon chiqishdi, o‘rtaga odam qo‘yib, avval kampirdan, keyin uni bolalaridan rozilik olib, kurortdan qaytsam odamlardi chaqirib, osh damlab, mulloni chaqirib, nikohimizdi qiyib, bizlardi er-xotin qilib qo‘yishdi.
Hozir sen jiyatgan osh — shu to‘yding oshi, ulum, — deydi otaxon og‘zi qulog‘ida kulib. — Bu to‘y qoriyalar jilining tuhfasi bo‘ldi menga.