O‘tkir O‘sarov. Hayot (hikoya)

“Men har kuni shu yo‘lakdan ishga qaytaman. Turli odamlarni ko‘raman, turli xil voqealarga guvoh bo‘laman. Bir oz sinchkovroqman. Hamma narsaga e’tibor qaratishni yoqtiraman. Buni ko‘rganlar balki sal g‘alatiroq deb ham o‘ylashi mumkin. Lekin bu meni qiziqtirmaydi. To‘g‘ri, jurnalistika sohasida aytarli qalam tebratib, bir joyni obod qilmagan bo‘lsam-da, yozishni, kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘raman…”
Eshik taqillab Farruxning xayoli bo‘lindi. Yozuvdan bosh ko‘tarib qaradi. Xotini ekan. Kechki ovqatga chiqishni aytib ketdi. Mayli dedi-yu, yana kundalik yozishga tutindi. Sababi u yozgisi kelgan vaqtda ovqat ham, ish ham ko‘ziga ko‘rinmaydi. Lekin, qurg‘ur ilhom deganlari “ha” deganda kelavermaydi-da. Aslida buyuk yozuvchilar aytishgan: ilhomni kutib yuraversang, hech qachon arzirli asar yoza olmaysan, deb.
Farrux shunday xayollar bilan yana nigohini daftarga qaratdi.
“Vaqtning o‘tishini qara, – deb boshladi fikrining ilk jumlalarini. Chunki vaqt haqida ko‘p o‘ylardi, – kechagina o‘ynab yurgan bola edim, bugun esa bolalari bilan o‘ynayotgan otaman. Har gal kundalik yozishga o‘tirganimda vaqt haqida to‘lib-toshib yozgim keladi, lekin qurg‘ur bu vaqtning qadriga o‘zim yetmasam o‘zgalarga nimani ham ilinardim. Yozgandan keyin o‘quvchi sening qoralagan narsangdan bir nima olsin-da…
Bu voqealarning bo‘lganiga ham ancha bo‘ldi. U paytlarda yosh edik. Ko‘rganlarimiz qanchalik hayratlanarli bo‘lsa, shunchalik oddiy holatdek qabul qilardik. Bobom rahmatli kunda kunora dashtdan o‘zining yaxshi ko‘rgan eshagi bilan yovshon chopib kelardi. Yovshon aravaga chunonam ustamonlik bilan bosilardiki, naq uch metrcha kelardi. Bu manzarni esga olishim, u haqda hayrat bilan eslashimga sabab bor. Birinchidan, bobom ancha keksayib qolgan edi. Ikkinchidan, oyoqlari bir oz oqsardi. Uchinchidan esa, bu holatdan oradan yigirma yilcha vaqt o‘tib endi hayratlanayapman. Bobomga bu kuch qayerdan kelardi, aravaning ustiga qanday chiqib tushardi?! Savollar ko‘p. Hali bu umrning arzimasgina qismini bosib o‘tgan bo‘lsam-da, ko‘p hayratli voqealarni ko‘rdim. Biz hayratlanmaganlarimiz esa kundan kun texnikaviy taraqqiyot sari odimlayotgan dunyo oldida o‘zimizning ojizligimizni ko‘rsatmaslik uchun bir bahonadir, xolos.
Yana voqealarni bobomning hayoti bilan bog‘layman. Chunki u kishining hayot yo‘li men uchun hayratlanarli. Sababi oddiy – u faqat mehnat qilardi. Hayratlanarli narsalar esa mehnatning oqibatidan keladi.
90-yillarning boshi, yoz. Bobomning bog‘laridagi meva-chevalar g‘arq pishadigan davr. Ko‘pincha bobomning yonlarida o‘ralashib yuraman. Kichikkina ko‘rpachasiga o‘tirib olib xomtok qilayotganlari kechagidek ko‘z oldimda turadi. Nima uchindir o‘sha davrlarni sog‘inaman. Sababi – u davrning odamlari boshqacha edi. O‘zgacha mehr-oqibat, o‘zgacha samimiylik bor edi. Hozir esa undan-da yuksakroq mehr og‘ushidamiz, biroq hayratlanarli jihati – ularning hammasini moddiy manfaat bosib ketayogandek. Odamlar tirikchilik g‘amida o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradi. Birov bilan ishi yo‘q. Bejiz hayrat haqida gapirib, uni bobomning hayoti bilan bog‘lamadim. Sababi oldinlar ham odamlar mehnat qilishgan, lekin mehrni, oqibatni ham unutishmagan. Bir paytlar bir ota-onadan pul olib maktabga qatnagan aka-uka vaqti kelib pulga talashsa hech kim hayratlanmayapti. Qizi otasiga sevgan yigiti borligini aytsa ota hayratlanmayapti. Achinarlisi, xorij seriali qahramonlari bir qizga talashib, tortishib qolsa hamma hayratlanadi. Undan-da hayratlanarlisi – hamma joy hayratga to‘la-yu, lekin bu narsalardan hech bir odam hayratga tushmaydi. Chunki u odamning o‘z hayoti, o‘z yo‘li va o‘zining hayratlanadigan narsalari bor. Vaqt o‘tishi bilan ruhiy jihatdan ojizlashib boryapmiz…”
– Dadasi, ovqatingiz sovib qoldi!
– Hozir!
“Choy ichishga ketayapman. Kundaligimni qolgan joyidan keyinroq davom ettiraman”.
Farrux kundaligiga shunday deb yozdiyu dasturxon yoniga shoshildi.
– Ha, buncha ishtiyoq bilan nimalarni yozyapsiz? – kelishi bilan savolga tutdi xotini.
– O‘zim, shunchaki, har zamonda u-bu narsani qoralagim keladi. Vaqtida qog‘ozga tushirib qo‘ymasam, yodimdan ko‘tarilib ketadi.
– Dadasi, shu yozuvchilikni qayerdan ham o‘rgangansiz-a? Undan ko‘ra tuzukroq joyga boshliq bo‘lmaysizmi yoki tijorat bilan shug‘ullanmaysizmi? Yozuv-chizuv bilan oila boqib bo‘larmikanmi? Ikki kundan keyin ijara puli to‘lashimiz kerak!
– Bo‘ldimi, gapirib bo‘ldingmi? – Farrux xotinining doimiy diy-diyolariga o‘rganib qolgan bo‘lsa-da, sabrli bo‘lishga intilganidan yana doimgidek vazminlik bilan gapirdi.
– Yo‘q, gapirib bo‘lmadim. Yo tuzukroq ish toping, yo…
– Nima yo?.. Yoki bo‘lmasa sening javobingni beray, shundaymi?
Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Farrux bu gapni aytishga majbur bo‘ldi. Chunki xotini bari bir shu gapni aytardi.
– …
– Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Farzandlarimiz katta bo‘lsin, qanotimiz bo‘lib topish-tutishimiz ham yaxshi bo‘ladi. Sen ham ishlaysan, men ham bir nechta joyda ishlashga harakat qilaman. Faqat sabr qilish kerak.
– E, sabrim ham, boshqasi ham to‘ldi, – o‘ziga yarashmagan harakatlar bilan peshonasini tirishtirib, o‘zini xafa bo‘lganga soldi xotini.
– Bor, kirib yot, ana kichkinang ham uyg‘onib ketdi shovqinimizdan.
Ayol narigi xonaga kirib ketgan bo‘lsa-da, ovozi tinmas, bir nimalardan norozi bo‘lib, hayotni tinimsiz la’natlardi. Farrux esa bosh chayqagancha, xotinining qiliqlaridan ranjib, odatdagidek yozuv stoliga o‘tirdi va sevimli dardkashi kundalik daftarini ochdi.
“Ana shu-da, hayot bizga hamma narsani tortiq qiladiyu uni la’natlaymiz. Undan bahramand bo‘lamiz-u, lekin bir umr norozi bo‘lib yuramiz. Hayotning bor go‘zalligini yaxshi yashashda, yaxshi yashashni esa hamma narsaning muhayyoligida deb bilamiz. Balki shundaydir. Axir hayotning o‘zi odamlarni shunday o‘ylashga, shunday yashashga majbur qilmoqda. Hayot olganniki, yeganniki bo‘lyapti. Yana bezbetlarcha “hayot juda beshafqat” deb qo‘yamiz.
Bizning eng katta kamchiligimiz hayotni sevmaymiz. Hayotni sevish bu mol dunyoni, o‘tkinchi hoyu-havaslarni sevish degani emas. Bu – hayotda haqiqiy inson bo‘lib, birovga nafing tegib, yaqinlaringni sevib yashashdir…”
– Ertaga bozordan kartoshka-piyoz olib keling, hech narsa qolmapti uyda! – xotinining gapi Farruxning xayolini bo‘ldi.
– Bo‘pti olib kelaman. Shuni ertaga aytsang bo‘lmasmidi, xalaqit beryapsan ishimga.
– E, xalaqit bermaganimda bir nimani qoyillatib qo‘yarmidingiz!
– Xotin, shunaqa gaplaring uchun ham mening yozganlarimda ma’no bor. Agar sen bunchalik fe’li tor bo‘lmaganingda balki men hech narsa yozmasmidim, – hazil aralash kulib gapirdi Farrux.
– E, boringe, sizga gapirib nima qildim, – dediyu xotini ranjigan qiyofada xonasiga kirib ketdi.
Farrux yana kundaligiga yuzlanar ekan, yoshligidan buyon qiynab kelayotgan dardi – ko‘ksining chap tomoni yengil sanchib qo‘ydi.
“Charchabman shekilli, yotib dam olaqolay. Vaqt ham allamahal bo‘libdi. Ertaga qiladigan ishlarim ko‘p”. Farrux shu xayollarda o‘rniga kirib yotdi. Biroq uyqusi kelmaganidan yana xayoli qochdi.
“Topish-tutishim aslida unchalik yomon emas. Faqat bir oz qiyinchilik tug‘­di­rayotgani ijara puli masalasi. Topganimning yarmidan ko‘pi shu xarajatga ketadi. Xotinimni ham tushunish kerak. U ham oilam, bola-chaqam deydi-da. Hechqisi yo‘q. Niyatimga yetishimga oz qoldi. Yana ozgina harakat qilsam, uyli bo‘lamiz”.
– Dadasi, turing choy tayyor. Siz peshingacha uxlasangiz, oilani kim boqadi?
Farrux doim vaqtli uyg‘onardi. Kechasi kech yotgani uchunmi bugun nimagadir ko‘ngli g‘ash bo‘lib, bir oz kech uyg‘ondi. Yuz-qo‘lini shoshilinch yuvdi–da, nari-beri tamaddi qilib ishiga otlandi.
– Mayli, men ketdim. Yaxshi o‘tiringlar.
– Bozorlik qilib keling.
– …
Farrux yo‘l-yo‘lakay bugun nimalar qilishi kerakligini, tahrir qilinmagan va chala qolgan maqolalarini o‘ylab ketdi. Ko‘ngil g‘ashligi tarqamasdi, ko‘kragidagi sanchiq kechagidan ancha kuchaygandi. Har gal og‘riq turganda yaqinda ta’tilga chiqishini, qishloqda ota-onasining oldida maza qilib dam olishini aytib, o‘ziga o‘zi va’da berardi.
– Farrux, seni bosh muharrir so‘rayapti, – hamkasbining ovozi xayolini bo‘ldi.
– Tinchlikmikan?!
– Ha, tinchlik. O‘tgan sondagi tahliliy maqolang yuzasidan bo‘lsa kerak. O‘sha qishloqni ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilibdi. Balki shuni aytmoqchidir.
Farruxning hamkasbi to‘g‘ri taxmin qilgan edi. Jamoada to‘g‘riso‘zligi va qalami o‘tkirligi bilan obro‘ topgan Farruxni muharrir juda hurmat qilardi.
– Mumkinmi, G‘ofur Soliyevich? – muharrirning qiya ochiq eshigidan boshini suqdi Farrux.
– Ha kel, Farruxjon…
– Chaqirtirgan ekansiz?
– Maqolang shov-shuv bo‘lib ketdi. Rahmatnomalar kelayapti. Sening ustamonliging shundaki, yozganing hech kimning burnini qonatmaydi. Lekin nishonga aniq tegadi.
– Rahmat, – maqtovdan bir oz xijolat bo‘lib yerga qaradi Farrux.
– Sizga yana bir topshiriq, Farruxjon, – negadir sizlashga o‘tdi muharrir. – Sud ocherki yozishingizga to‘g‘ri keladi. Tog‘dagi o‘g‘rilar galasining harakatlari kuchayib ketgani haqida aytgan edim. Shular haqida bir yozsangiz.
Farrux aslida bugun ta’tilga ruxsat olmoqchi, qishlog‘iga borib ota-onasining mehriga to‘ymoqchi, bolaligini eslab, ko‘chalarni kezmoqchi edi.
– Nima, taklifim yoqmadimi?
– Yo‘q, nimaga. Mayli, bugundan ishga kirishaman.
– Unda omad tilayman. Sizga ishonaman.
Farrux muharrirning xonasidan chiqqanida ko‘ksi yanada qattiqroq sanchdi. Bir oz rangi oqargan shekilli, hamkasblari hol-ahvol so‘radi.
– Farrux, yaxshimisiz? Mazangiz…
– Yo‘q, hammasi joyida. Bir oz toliqibman shekilli.
Kechgacha berilgan topshiriqlarni bajarib, uyiga vaqtliroq qaytdi. Yo‘l-yo‘lakay bolalariga shirinliklar ham oldi. Uyga kirib kelar ekan to‘rt yoshli Javohir peshvoz chiqdi.
– Mana o‘g‘lim, sizga shokolad olib keldim.
– Rahmat dadajon! – xursand bo‘lib ketdi o‘g‘li.
“Hayot, naqadar shirinsan-a”. Farruxning xayoliga kelgan bu fikrdan o‘zi ham g‘alati bo‘ldi.
– Mana, onasi, bozorlikni ol. Pulim yetgancha olib keldim. Bir amallab tur. Qolganini bir-ikki kunda olib beraman.
– Boriga baraka bersin. Ovqatlanasizmi?
– Ishtaham yo‘q. Sal keyinroq…
Ko‘ksidagi og‘riq kuchaygandan kuchayib borayotgan bo‘lsa-da, yaqinlarini tashvishga qo‘ymaslik uchun indamadi. Shuning uchun ishtaham yo‘q deb bahona qilib qo‘yaqoldi. Xonasiga kirib bir oz yotdi. Aslida umuman dori ichmasdi, og‘riq zo‘rligidan tinch­lantiruvchi dori ichdi va uxlashga harakat qildi. Ha deganda uyqusi kelavermagach, ko‘ngli nimanidir sezgandek o‘rnidan turib kundaligini oldi va bir nimalarni yozishga tutindi. Yozganlariga bir ko‘z yugurtirib, stolning ustiga qo‘ydi. Narigi xonaga o‘tish maqsadida joyidan turgan edi, boshi aylanib yiqilib tushdi. Gursillagan ovozni eshitgan xotini yugurib keldi.
– Voy dadasi, sizga nima bo‘ldi?!
– Hech nima, hammasi joyida. Shovqin solma, bolalarni qo‘rqitasan. Tez yordam chaqir, bir oz mazam bo‘lmayapti.
– Hozir, – dediyu xotini shifoxonaga qo‘ng‘iroq qilish uchun yugurib ketdi.

* * *

– Yuragi og‘ir kasal, – dedi Farruxni kasalxonaga olib kelgan shifokor uning xotiniga
– Axir qanaqasiga? Hali yosh bo‘lsa, ichmasa, chekmasa.
– To‘g‘ri, lekin eringiz ko‘p dard chekkan. Kasali o‘tib ketgan. Vaqtida davolatmagan. Dam olishsiz surunkali ishlagan, ko‘p narsani yuragiga olgan, ta’sirlagan.
– Nima qilsak bo‘ladi, do‘xtir?
– Bilmadim, bir narsa deya olmayman.
Xotini yig‘lagancha uning yoniga kirdi.
– Nimaga yig‘laysan? – dedi Farrux o‘zini tetik ko‘rsatishga urinib.
– Uydagilarni chaqiraman.
– Yo‘q, keragi yo‘q. Men yaxshiman. Ularni xavotirga qo‘yma.
– Nimaga aldaysiz, dadasi. Do‘xtir menga hammasini aytdi.
– Xafa bo‘lma. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz hali farzandlarimizning orzu-havaslarini ko‘ramiz. Birgalikda baxtli bo‘lamiz. Uyimiz ham bo‘ladi. Keyin tinch-totuv yashaymiz.
Farrux gaplari ishonchsiz chiqayotgan bo‘lsa-da, hali hayotdan to‘ymagani shundoq ko‘zlaridan ko‘rinib turardi.
– Onasi, uyda stol ustida bir varaq qog‘oz qoldirib kelganman. Shuni olib o‘qi. Hammasini yozganman.
– Dadasi, unday demang. Hozirgina birga baxtli bo‘lamiz degandingiz-ku, – yig‘lab gapirdi xotini.
– Yolg‘on gapira olmas ekanman. Mendan rozi bo‘linglar. Ota-onamga, yaqinlarimga ayt. Hammasi rozi bo‘lishsin. Farzandlarimni, seni Xudoga topshirdim. Ularni ehtiyot qil.
Farrux gapira turib butunlay hansirab qolgan, gaplari uzuq-yuluq chiqayotganidan bazo‘r tushunsa bo‘lardi.
– Siz ham bizdan rozi bo‘ling, – bu gapni aytish xotiniga qanchalik og‘ir bo‘lmasin aytishga majbur edi.
– Hayot naqadar go‘zal…
Farruxning ko‘zidagi bir tomchi yosh yonog‘iga dumalab tushar ekan, oxirgi aytgan gapi shu bo‘ldi.

* * *

Farruxning ma’rakalari o‘tgach xotini uning oxirgi vasiyati – stol ustida qoldirgan xatini o‘qish uchun xonasiga kirdi.
“Onasi, men sizlarni, ota-onamni, yaqinlarimni, hayotni sevaman. Men hayotimning oxirgi lahzalarini yashayotganimni sezayapman. Bilaman, menga turmushga chiqib ro‘shnolik ko‘rmading. Na bir o‘zingning uyingda yashay olding, na bir istagan kiyimingni kiya olding. Bular uchun men sendan uzr so‘rayman. Lekin men hayotimni quruq o‘tkazmadim. Yaxshi nom qoldirdim. Menga armon bo‘layotgani ota-onam keksayganda ularning duosini ko‘proq ololmadim, xizmatlarini qilolmadim…
Onasi, bolalarimizni o‘qit. Bankda bitta uyga yetadigan pul jamg‘arib qo‘yganman. Faqat senga aytmagan edim. Sovg‘a qilmoqchi edim. O‘zingni ehtiyot qil…”
Oradan ko‘p o‘tmay Farruxning xotini bir xonali bo‘lsa-da, uy sotib oldi.
“Hayot qanchalar beshafqat!…”
Bu chala qolgan kundalikning eng oxirgi sahifasidagi so‘nggi yozuv edi…

«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.