Salomat G‘oyibnazarova. Bo‘rilar ta’qibi (hikoya)

O‘sha yili qish juda sovuq keldi. Tog‘da ovqat topa olmagan bo‘ri va tulkilar qishloqlarga tushib tovuq, qo‘y-qo‘zilarga hujum qilayotganligi haqida uzunquloq gaplar tarqalgan bir paytlar edi. Buvim meni yeru-ko‘kka ishonmas, qayerga borsa birga olib ketardilar.
Bir kuni buvim Bulung‘ur tumanidagi qarindoshlarnikiga boradigan bo‘lib qoldilar. Onamning: “Kun sovuq, qol”, — deb qistashiga qaramasdan, men ham buvim bilan birga ketdim.
Mehmondorchilikdan so‘ng qaytishimizda qarindoshlar bizni katta yo‘ldan (Samarqand — Toshkent yo‘li) avtobusga o‘tqazib yuborishdi. Ancha yo‘l yurib bir joyga kelganimizda buvim shofyorga avtobusni to‘xtatishni so‘rab, tushamiz dedilar. Kech kirib, qorong‘u tusha boshlagan, atrof tuman. Buvim avtobusdan tushganimizdan so‘ng atrofga qarab, “tumanda adashdik, shekilli”, dedilar va katta tosh yo‘l bo‘ylab avtobus ketgan tomonga qarab yura boshladik.
Uzoqda g‘ira-shira chiroq shu`lasiga o‘xshash narsalar ko‘rinar, yerda esa oppoq qor, kun sovuq va izg‘irin, atrof tuman edi. Borgan sayin tuman qalinlashib, qorong‘ulik kuchaya boshladi.
Yo‘lning bir tomonida siyrak daraxtlar, ikkinchi tomonida esa oppoq qorli dalalar ko‘zga tashlanadi. Tuman juda qalinlashib, oppoq dalalar ham, uzoqdagi chiroq shu`lasi ham ko‘rinmay qoldi. Lekin, hamma yoqda oppoq qor bo‘lgani uchun qorong‘ulik unchalik sezilmas edi. Oyoq ostidagi qorning g‘arch-g‘urchi va har zamonda o‘tgan mashinalarning tovushini hisobga olmaganda, jimjitlik hukmron. Buvimning yonida ketar ekanman, yangi qizil etikchalarim bilan qorni qattiq-qattiq bosaman buvimniki kabi g‘archi eshitilsin, deb. Lekin, juda sekin eshitildi. Juda xushchaqchaq, har damda xoxolab kuladigan, yuzidan doim nur yog‘ilib turadigan buvimni shu topda taniyolmas edim. Buvim g‘amgin bo‘lib qolgan va nimadandir xavotirda edilar. Mening qadamlarim sekinlashganini ko‘rib orqasiga opichlab, choponining etagini ikki tomondan qayirib, oyoqlarimni o‘rab qo‘ydi. Buvim yo‘ldan har zamonda vizillab o‘tayotgan mashinalarga qo‘lini ko‘tarardi, lekin ular to‘xtamas edi.
— Buvijon, ular bizni tumanda ko‘rmayaptimi? — deyman, to‘xtamagan mashinalarning ortidan qarab.
— Ha, — deydi buvim, — ko‘rmadi.
— Buvi, qachon yetamiz, uyqim kelyapti.
Buvim qadamlarini yanada tezlashtirib:
— Uxlama bolam, hozir yetamiz, — deydi.
Buvimning mahsi-kalishi tagidan eshitilgan qorning bir maromda g‘arch-g‘urchi va qaysidir qo‘shiqni xirgoyi qilib ketishi menga yoqib, allalayotgan edi.
— Buvijon, qo‘shiq aytib bering, “qo‘lida likopchasi”ni ayting, — deyman.
— Xo‘p, — deydi buvim sekingina.
— Qo‘lida likopchasi, ko‘zida yoshi, Beglarxon, do‘stlarxon onang aylansun…
Bir vaqt buvimning ovozi titrab ketdi va meni yanada mahkamroq quchib oldi.
— Buvijon, nega ovozingiz titrayapti?
— Sovqotdim shekilli bolam, sen sovqotmadingmi?
— Yo‘q, — deyman, biroz sovqotgan bo‘lsam ham.
Oppoq qor bilan qoplangan, faqat mashinalar izigina bilinib turgan tosh yo‘lga qarasam, qon izlari va chuvalangan teri parchalariga o‘xshash narsalar yotibdi.
— Buvi, bu nima? Qonmi? — deyman qo‘rqib.
— Qarama, — deydi buvim yanada qadamini tezlatib.
— Nimaning qoni, buvi?
— Mushukniki, mashina urib ketgan bo‘lsa kerak, — deydi buvim noiloj.
Bir vaqt yo‘lning narigi chekkasida qalin tuman ichidan ikkita, yo‘q to‘rtta va undan-da ko‘proq yonayotgan ko‘zlar ko‘rina boshladi, ular biz bilan baravar yurar, bizni ta`qib qilar edi.
— Buvi, qarang, ana yo‘lning u chetida, tumanning orasida.
Uyda ham mushukchamning ko‘zi kechasi qorong‘uda shunday yonishini ko‘rgan edim.
Buvim to‘xtamas, qadamini tezlatar va bir qo‘li bilan tirsagiga ilib olgan tugundan mening temir krushkam bilan qoshig‘imni olib qo‘limga tutqazdi hamda taqillatib yurishimni so‘radi.
Men buning nima uchun kerakligini bilmasam-da, ko‘zi yonayotgan mushuklardan qo‘rqqanim uchun so‘ramadim. Krushkamni buvim va men o‘rtamizda joylashtirdim. Bir qo‘lim bilan buvim yelkasidan mahkam quchib, bir qo‘limdagi qoshiqni temir krushkaga taqillatib ura boshladim. Buvim esa yig‘iga o‘xshash bir ohangda xirgoyi qilar, ovozi va yelkalari titrar edi.
Birozdan so‘ng qo‘rqibgina yo‘lning narigi chetiga qarasam, yonayotgan ko‘zlar ancha orqada qolayapti. Oldinda bir nechta yorug‘lik shu`lasi ko‘rindi va itlarning hurgani eshitildi. Buvimning qadamlari biroz sekinlashdi.
— Buvijon, mushuklar orqada qoldi, — deyman xursand bo‘lib.
— Ha, — deydi buvim, — endi krushkangni taqillatma, yetib keldik.
Buvim yo‘l chekkasidan sal ichkariroqdagi bir uyga qarab yurdi. Darvoza oldidagi itlar vajohat bilan hurkib turgan bo‘lsa-da, buvim qo‘rqmadi.
Shu choq ichkaridan bir kishi chiqib, itlarni haydadi va buvim bilan ko‘rishib, bizni uyga boshladi.
— Kechasi tovuqlarni tulki, bo‘rilar yeb ketyapti, shuning uchun itlarni bo‘sh qo‘ygan edik, — deya amaki xijolat tortdi.
— Xijolat bo‘lma oyna, shunchalik yetib kelganimizga shukr, — dedi buvim (odatda buvim o‘zidan kichik yoshdagi qarindoshlar bilan “oyna”, “chiroq”, deb muomala qilar edilar).
Yaxshigul xolam pechkaga olov yoqdi, mendan aylanib, o‘rgilib darhol choy va yegulik ovqatlar tayyorladi.
Buvim ularga tumanda adashib avtobusdan ancha oldin tushib qo‘yganini va yo‘lda bo‘rilarga duch kelganimizni aytdilar.
Ular Ollohga qayta-qayta shukronalar aytib, nevaraginamni sog‘-salomat olib kelganimdan xursandman, dedilar.
Ovqatdan so‘ng buvim xolamlar bilan choy ustida suhbatlashib o‘tirishdi, men esa uxlab qoldim. Ertalab uyimizga mashinada yetib oldik va onamga bo‘rilardan qanday qutilganimizni aytib maqtandim. Buvim esa yig‘ladilar…