Nurmamat Almurodov. Kalta ishton (hajviya)

Yakshanba kuni Tojiboy bilan Qirmizigul o‘zlarining “Neksiya”sida Chuqursoy ko‘liga otlanishdi. Ular bu kunni uzoq kutishgan edi. Ayniqsa, Qirmizigul eri cho‘milishdan gap ochdi deguncha, yuragida shubha-gumonga o‘xshash tuyg‘u g‘imirlab, o‘zini qo‘ygani joy topolmas edi. Endi bariga nuqta qo‘yadi. Qani ko‘rsin-chi, erining atrofida kimlar jilpanglab, girdi kapalak bo‘larkan?
Ular yo‘lda jim ketishdi. Tojiboy xotinining sirli-sirli qarab qo‘yganini payqamadi. Ko‘lga yetib kelishgach, Tojiboy apil-tapil yechina boshladi. Shimini tizzasigacha tushirdi-yu, negadir cho‘chib yana kiyib oldi.
Uni kuzatib turgan Qirmizigul:
— Ha, nima bo‘ldi? — dedi hayron bo‘lib. — Nega yuzingiz sholg‘omdek qizarib ketdi?
Tojiboy tabiatan uyatchan odam edi. Xotinining qochirig‘idan battar qizarib-bo‘zarib:
— Ishtonim yirtiq ekan… — dedi atrofga alanglab. — Cho‘mila olmayman, uyalaman. Tur, ketdik bu yerdan.
— Nuqul shu ko‘k ishtonga yopishib olasiz, — tanbeh berdi xotini. — Kiyaman desangiz boshqasi ham bor-ku!
Qirmizigul erining yirtiq ishtoniga ko‘zi tushib tirjaydi.
— Huv anovi, badanini oftobga toblab yotgan qiz-juvonlar uyalsin. Nega endi erkak bo‘lib siz uyalarkansiz?
— Esing joyidami sening, uyalaman deyapman, ketdik.
“Ha, demak erkaklarning yirtiq kalta ishtonda yurgani tuzuk ekan. Shunda ayollarga shilqimlik qilmay, bir chaqirim naridan o‘tishadi”, degan xulosaga keldi Qirmizigul.
So‘ng:
— Yirtiq bo‘lsa nima qipti, dadasi, — deya erini cho‘milishga da’vat etdi. — Qani bo‘ling. Tez suvga tushing, kim ko‘rib o‘tiribdi. Bir kalla tashlang-chi!..
— Voy, esi past. Ming qilsa ham xotinligingga borarkansan-da, nima qilibdi deydi-ya. Ering kichkina odammi, nodon. Kimsan — bank boshqaruvchisi bo‘lsa! Tanish-bilishlar ko‘rib qolsa, kim degan odam bo‘laman?
— O‘sha tanish-bilish deganingiz mabodo huv ana u, boyadan beri sizdan ko‘zini uzmay turgan tannoz emasmikan?
— Rostdanmi? Qani, ko‘rmayapman-ku?!. Tez chiq moshinaga, ketdik.
— Qirmizigul ming qistagani bilan, baribir, Tojiboy cho‘milmadi. Ular moshinada tezda ortga qaytishdi. Qirmizigul o‘zida yo‘q xursand. Mana, nihoyat chorasini topdi! Endi eri uni tuni bilan poylatib, yo‘liga ko‘z tiktirib bo‘pti!
Bu “kashfiyot”idan ko‘ngli taskin topgan Qirmizigul uyiga kelishi bilanoq erining ishtonlarini topib, sezdirmasdan yirtib chiqdi. Endi begona ayollarning yoniga yo‘lab ko‘rsin-chi!
U “kashfiyot”ini o‘zidek rashk azobini tortib yurgan sirdosh dugonalari — Saragulga ham, Klaraga ham, Munavvarga ham o‘rgatadi. Mayli, nima qilsa ixtiyori o‘zida. Ayting-ayting, erkaklarning baxtiga Qirmizigulning “kashfiyot”i ommalashib ketmasin-da.
U erining yirtiq ishtonlarini berkitib, “urra” qochganini tasavvur qilib kuldi. Radiodan taralayotgan sho‘x kuyga o‘yinga tushib ketdi.
Ertalab kiyinishga chog‘langan Tojiboy:
— Nima balo, nega bu ishtonlarning hammasi yirtiq! — baqirdi oshxonada nonushta hozirlayotgan xotiniga. — Tikib qo‘ysang bo‘lmaydimi?
— Savil qolgur, qirqinchi ip ham yo‘q edi, — javray ketdi xotini, — boriga shukur qilib kiyib ketavermaysizmi? Sizga charmdan tikib bersa ham chidamaydi-ku?!.
Tojiboy xotinining avzoyiga qarab shashtidan tushdi. U bilan tortishish befoyda, so‘zini o‘tkazaman desa, o‘ziga qiyin. Hozir yo‘qni yo‘ndirasiz, deb ikki oyog‘ini bir etikka tiqsa, iloji qancha. “Shimimning ichidagi ishtonni birov ko‘rib o‘tiribdimi?”
Tojiboy shu xayollar bilan alamini ichiga yutib kiyindi-da, ishga jo‘nab qoldi.
Ko‘pdan beri rashk olovida qovurilib yurgan Qirmizigul esa Tojiboyni kuzatib qolar ekan, ilk bora xotirjam nafas oldi. O‘zining uddaburonligidan sevinib, beixtiyor xirgoyi qila boshladi…