Fotihadan so‘ng mehmonlar birdan qo‘zg‘aldi. Bojam ularni kuzatgani chiqdi. Gangur-gungur ovozlar avval dahlizda, so‘ng dolonda anchagacha eshitilib turdi. Davrada uch-to‘rttagina odam qoldik. To‘rroqda ikki qariya o‘tirardi. Ulardan biri, chuvak yuzlisi menga sal-pal tanish, bojamning qarindoshlaridan. Ammo ikkinchisi kim bo‘ldi ekan? Sira eslay olmadim.
Qariyalardan biri bafurja suhbatga hozirlangandek, sal enkayib chordana qurib o‘tirdi va tizzalari ustiga yostiq qo‘ydi. Uning oriq yelkasidan kuraklari so‘ppayib chiqib turardi. U keksalarga xos harakat bilan choy quydi va piyolani qaltiroq qoqshol panjalari orasida bazo‘r tutib, sherigiga uzatdi. So‘ng tomdan tarasha tushgandek qilib:
— Sizniki qaydan, mehmon? — deb so‘radi. Ikkinchi qariya xuddi shu savolni kutib turgandek, piyolani ohista yerga qo‘ydi-da:
— Hazoradan, — deb javob berdi bamaylixotir.
— Hazoradan? — deya qayta so‘radi chol ajablanib. Uning tiniq ko‘zlari oppoq qoshlari ostidan sherigiga tikondek qadalib turardi: — Raimqulga kim bo‘lasiz?
— Quda! — deb qisqa javob qildi mehmon va yer ostidan suhbatdoshiga bir quv nazar soldi. Aftidan, mehmonning suhbatga tobi yo‘qroq, shekilli, bezovta qilishayotganidan og‘rinayotgandek edi.
Men ular suhbatiga qiziqib quloq sola boshladim.
— E, ha-a… — dedi chol cho‘zib, ovozi biroz shang‘iroq edi. — Hartugul boyatdan beri tanimay turibman. Sharifa sizzi ulingizga tushgan-ma?
— O‘g‘limga emas, nevaramga, — tuzatdi uni kamgap suhbatdoshi va yonimizda o‘tirgan yigitni ko‘rsatib: — Ana o‘zi!.. — deya qo‘shib qo‘ydi.
— E, ha, ha… — dedi chol bir tutam soqoli uchini o‘ynab, yigitni bir sirra ko‘zdan kechirib chiqdi. — Yaxshi, yaxshi… Adashmasam ular Buxoroda birga o‘qishgan, o‘qishda topishgan, shunday-ma?
— Shunday.
— Durust, durust… Sizzi to‘y-po‘yda ko‘rgan chiqarman, lekin qarichilik-da, ko‘zdan chiqibdi… Aybga buyurmaysiz, quda…
— Man to‘yga kelolganim yo‘q. Ko‘rmaganingiz rost. Farg‘onada edim. Bu yerga birinchi bor kelishim…
Quda buva ham cho‘nqayib, yostiqni tizzasiga qo‘yib oldi.
— Farg‘onada deysizma, nechuk? — deb so‘radi chol bo‘ynini cho‘zib.
— Sanatoriyda edim.
— A, ha… Shuytib ko‘zim tushmagan ekan-da, emasam, bir ko‘rgan odamimni darrov taniyman…
Bu orada mehmonlarni kuzatib qaytgan bojam kirib hammamizdan: «Qanday, zerikmay o‘tiribsizlarmi?» deb so‘radi. Biz: «Yaxshi, rahmat» dedik. Bojam men tomonga engashib, jilmaydi-da: «Bafurja o‘tiravering, Oltinoy hali-beri chiqmaydi. Opa-singil bir xumordan chiqsin!..» deb shipshidi. Quda buva ham bojamdan: «Bizani kelinniyam turish niyati bormi?» deb so‘radi. Bojam: «Ona-bolani bilasiz-ku! Olti oyda bir ko‘rishadi-yu, darrov qo‘yib yuborarmidi?» dedi kulib.
— Qisinmang, quda, — deb dalda berdi chol ham, — bir kep qopsiz…
— Yo‘l uzoq. Qorong‘uda turtinib yurmaylik deyapman-da. — dedi mehmon uzrxohlik bilan.
— E, moshinaga nima, bir paslik yo‘l!… — dedi bojam jilmayib. — Yazna, siz qudamni zeriktirmay o‘tiring!…
Chol shalvillab yotgan baqbaqasini qashlay turib:
— Quda bilan hozirgina topishdik-da o‘ziyam! — dedi. Hammamiz kulib yubordik.
— Endi hech qayoqqa ketmaysiz! — dedi chol kulgidan ruhlanib. — Bugun yotib qolasiz. Azonda o‘zim kep opketaman. Ollohnng panohida bir otamlashaylik! Eh-he, qancha suvlar oqib ketdi… Aytmoqchi suv tegirmoni oldida chiroyli bir machit bor edi, turibdima?
— E, qayoqda turadi! — dedi quda buva va sal jonlangandek bo‘ldi. — Buzilib ketgan. Avval kolxoz otxona qildi, keyin ombor bo‘ldi. Otam brigadirlik qilgan davrida naridan beri tuzattiruvdi. Adham brigad «zax bosib ketibdi, eskilik sarqiti-da» deb buzdirib tashladi.
— Hay, essiz-a!.. — deb bosh chayqadi chol. — Nonko‘r odamlar ham ko‘p-da…
Oraga biroz jimlik cho‘kdi. Bojam bilan kuyov bola nima haqdadir shivirlashib gaplashishardi.
— Biz tomonlarga nima yumush bilan borgandingiz? — deb so‘radi quda buva choldan. U nima uchundir cholning qulog‘i og‘ir bo‘lsa kerak deb odatdagidan balandroq ohangda, biroz xirildoq ovozda gapirardi. Chol ham uni shunday deb o‘ylab, chiyillagan tovushda qattiq-qattiq so‘zlardi. Xullas, ikkalasining tizzasiga yostiq qo‘yib yuzma-yuz o‘tirishi va bir-biri bilan baland ovozda gaplashishi xuddi parti ketib qolgan xo‘rozlarning don talashayotganiga o‘xshardi.
— Bir xolam adashib borib qolgan ekan, o‘shani izlab… O‘ziyam tomday garang edi, bechora!..
Quda buva o‘mganini sal ko‘tardi-da:
— Qaysi yillari? — deb so‘radi.
— Girmon urushidan avvalgi yillari…
— Oti nima edi?
— Oti Xosiyat edi! Mabodo eshitgan chiqarsiz?
— Xosiyat? — deya ajablandi quda buva va bit ko‘zlarini hayratga to‘ldirib cholga tikildi: — kar kelin emasmi?
— Xuddi o‘sha!.. Ha-ha… — dedi chol quvonib. Uni tanirmidingiz?
— U bizanikida to‘rt yil yashadi.
— Sizlarnikida?…
— Ha, — dedi quda buva yanada jonlanib. — U kishi bizlarga o‘gay ona edilar…
— Iya! — deya sapchib tushgandek bo‘ldi chol. — Siz… hali Ismoil akaning ulimisiz?
— Ha, kattasi.
— O‘ qudratingdan!… Buni qarang-a, tog‘-tog‘ bilan uchrashmas ekan, odam-odam bilan… yo, tavba!..
Ikkala cholning bir-biri bilan eskidan oshna chiqib qolishi hammamizni qiziqtirdi. Jimgina ularni kuzata boshladik. Qariyalar qayta boshdan ko‘rishishdi.
Nihoyat bizning chol:
— Otangiz bandalikni bajo keltirgan chiqar? — deb so‘radi.
— Ha, uzog‘i yili… Xolangizdan keyin qaytib uylanmadi, uzoq ham yashamadi. Xolangizni yoniga qo‘yganmiz.
— Xudo rahmat qilsin. — Chol yuziga fotiha tortdi: — Jannati odam edi, bechora…
Oraga yana jimlik cho‘kdi.
— Siz tegirmon noviga tosh tiqib suvini to‘xtatib qo‘ygan bola emasmisiz? — deb so‘radi mehmon.
— Ha, xuddi o‘shaman! — soqolini g‘ijimlab qih-qihlab kuldi chol. — Hozir maniyam xayolimga shu voqea kep turib edi… Buni qarang-a, qancha yillar! U paytlarda go‘l bola edik…
— Ha, umr oqar daryoday gap…
— Bolalik ahmoqlik, deb shuni aytadilar-da! Emasam, suv yo‘liga tosh tiqib zaril qoptima?..
— Ha, endi bir bevoshlikda!
— Shunday, shunday… — ham tili bilan, ham boshi bilan tasdiqladi chol. — Tegirmonchi yomon haqorat qiluvdi…
Ikkala qariya yoshlikda qilgan bevoshliklarini eslab ancha kulishdi. Nihoyat chol:
— Xolam sizlarnikiga qanday borib qolgan ekan? — deb so‘radi.
— Onam rahmatlik ocharchilik yillari o‘ldi. Biz to‘rt go‘dak — ikki o‘g‘il, ikki qiz yetim bo‘lib otam qo‘lida qoldik. Zamon og‘ir, bir tomonda urush, xavf-xatar… Non desak kesak g‘irillaydigan kunlar edi. Kolxozlar tuzilganu, ammo hali juda nochor… Shunday kunlarda otamni «starshi» qilib ko‘tarishdi. Uni topgani katta ro‘zg‘orga urvoq bo‘larmidi? Pishir-kuydirga, kir-chirga singillarim yoshlik qilardi. Bir kuni odamlarga issiq ovqat tayyorlovchi oshpaz xotin otamga: «Bir kar kelinchak paydo bo‘lgan. Anchadan buyon menga yordamchi. Shu qulog‘i demasang, aqlu hushi, husni joyida… Hamma gapni tushunadi, gapiradi. Shuni ola ket, man ko‘ndirib beray. Yetimlaringni boshini silab, ro‘zg‘oringni obod qilar», debdi. Otam olib keldi, juda yuvvosh, mehribon ayol ekan, to o‘lguncha biznikida qolib ketdi…
— E, nimasini aytasiz! — so‘lish oldi chol va g‘amgin bosh chayqadi. — Juda mehnatkash ayol edi, boyaqish…
— Haq rost! — deb ma’qulladi ikkinchi qariya. — Farishtaday ayol edi! O‘tmishidan sira og‘iz ochmasdi. Faqat bir opam bor, der edi. Qay tarzda paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday sirli tarzda o‘lib ketdi, bechora… To‘rt yil birga yashagan bo‘lsak-da, kimligini bilolmadik. Bari dardini ichida saqlardi. Lekigin o‘tmishida qattiq xo‘rlik ko‘rgani, azob-uqubat chekkani bilinib turardi. Biz boshda uncha xushlamagan bo‘lsak-da, u zarracha parvo qilmasdi. Hammamizni oq yuvib, oq tarardi. Ayniqsa, singillarimni yeru ko‘kka ishonmasdi. O‘z so‘zini o‘zi eshitmasa-da, bizga muloyim, yoqimli so‘zlarni topib gapirardi. Juda hushyor ayol edi — hamma gapni ko‘zi bilan anglab, ko‘zi bilan gaplashardi. Qo‘shnilar uni «kar kelin» deyishardi. Bunga bizning achchig‘imiz chiqardi. Haqiqiy ismini bilmasdik ham. Otam sira ismini aytmas, labini qimirlatib bir imo qilsa, bas, nima deyayotganini darrov fahmlardi. O‘lganidan keyin oti Xosiyat ekanligini bildik. Bechorani umri qisqa ekan. Unga xudoni rahmi keldi, shekilli…
— Ha-a, — deb uf tortdi chol: — Adashmasam 33 yoshlarda ketdi-yov?..
— Xuddi shunday. 33 yoshida, qabr toshiga yozib qo‘yibmiz.
— Baraka topinglar! — dedi chol yengil xo‘rsinib. — Yaxshi ish qipsizlar!.. Xudo xohlasa, Sharifanikiga borganda, xolamning go‘riniyam ziyorat qilaman-da…
— Juda yaxshi bo‘ladi, albatta o‘ting! — dedi quda buva keng soqolini siypab.
Yana sukut cho‘kdi. Chol choydan quyib, entika-entika ichdi. Har yutinganida kekirdagidagi lo‘kidoni yuqoriga bir sapchib tushardi.
— Xolangiz biz tomonlarga nega bosh olib ketgan, sababini siz bilarsiz? — deb so‘radi quda buva suhbatdoshiga zimdan nazar solib.
— Ha, oz-moz xabarim bor, — dedi chol va yana soqolini chimchilab sukutga ketdi.
Bu javob hafsalamni pir qildi. To‘g‘risini aytsam, quda buvaning savoli meni ham dilimdagi savol edi. Kar kelinning sirli o‘tmishi hammamizni qiziqtirardi. Shuning uchun cholga umidvor tikildim. U esa nosqovog‘ini chiqazib, ezmalanib bir kaft nos otdi-da:
— Buni tarixi uzoq, — dedi soqovlanib va ko‘zlarini yumib oldi. Shu kuyi ancha turdi. Hammamiz uning og‘zini poylardik. Chol sust harakat bilan dastyor bola keltirgan kichik dastsho‘yga nosini tupurdi, keyin lab-lunjini artdi-da: «Aslida otam o‘sha xolamning kasriga o‘lib ketdi», dedi. So‘ng bu xulosasidan o‘zining ham ko‘ngli to‘lmadi, shekilli, «Balki taqdir shunday bo‘lgandir…» — deya qo‘shib ham qo‘ydi.
— Yo‘g‘-e, nima bo‘lgandi o‘zi? — deb so‘radi quda buva toqatsizlanib.
— U paytlarda men ancha yosh edim, aqlim ko‘p narsaga yetmasdi, — deb hikoyasini boshladi chol. — Oq poshshoni yiqitishib, yangi hukumat tuzilayotgan paytlar. Hammayoq alg‘ov-dalg‘ov. Kim do‘st, kim g‘anim, kim haq, kim nohaq — ajratish qiyin. Zamona buzilib, aynib ketgan. Turmushdan xayri baraka ko‘tarilib, ofat dorigan palla…
Onamning onasi dardchil edi, bu qiyinchiliklarga chiday olmay uzildi. Kichik qizi — Xosiyat xolam sho‘ppayib bir o‘zi qoldi. Zamona aynib turganda bo‘ysara qizni yolg‘iz qoldirib bo‘larmidi? Qayga borsin bechora! Onam otam bilan maslahatlashib biznikiga olib kelishdi. Xolam endigina 16-17 yoshlarga kirgan, oq sariqdan kelgan juda chiroyli qiz edi. Biz uni xursandchilik bilan kutib oldik. Bir nasiba ko‘paygan bo‘lsa-da, foydasi ro‘zg‘orimizga ko‘p tegardi.
Loygarchilik tugab, yoz endi boshlangan paytda oqsoqolimiz «Korizdagi bug‘doyning qiltig‘i qizardi, tez o‘rib olmasak to‘kilib ketadi», deb ishga yaroqli ayolu erkakni toqqa yubordi. Otam bilan onam ham ketishdi. Xolam biz bilan qoldi. Bir kuni qizillar paydo bo‘ldi-da, hammani machit oldidagi maydonga to‘pladi. Shapkasida yulduzi bor bittasi otdan tushmay, dag‘dag‘ayu po‘pisadan iborat nutq so‘zladi. So‘ng og‘iz-burni tugul, qulog‘ini ichigacha jun bosgan bir davangini bizga ko‘rsatib: «Mana bu oziq yig‘uvchi komissar bo‘ladi. Hamma uning talabini bajarishi shart!» — dedi ko‘karib ketgan lablarini yalab. — Markazdan maxsus topshiriq bor — qishlog‘ingiz ikki yuz pud g‘alla berishi kerak. Baqir-chaqirni bas qiling, grajdanlar!.. Bilaman, yangi hosil o‘rilyapti. Ammo u qachon yanchilib, qachon keltiriladi — ungacha 10-15 kun o‘tadi! Hukumatga esa bugun-erta kerak. Sizlarning oziqlaring Qizil Armiya uchun, yosh Sovet mamlakati uchun zarur. Oziq markazga yuboriladi, eshelon Karmanada kutib turibdi!.. Siz mug‘ombirlarni yaxshi bilamiz. G‘alla bo‘lsa-da, yo‘q deysizlar. Kimda kim qasddan g‘allasini yashirsa beayov otib tashlansin! Erta-indin tribunal keladi. O‘rtoq komissar. Sizni g‘ayrat va tashabbusingizga ishonamiz. Uch kun muhlat!..» dedi-da otiga qamchi bosib ko‘zdan yo‘qoldi.
Olomon ini buzilgan ariday g‘uvullaydi, hamma karaxt, ojiz…
Butun kulfat ana o‘sha kundan boshlandi. Qishdan ramaqijon bo‘lib chiqqan dehqon sho‘rlikda don qoptimi? Dovuchcha, sho‘ra yeb kun ko‘rishyapti-yu… Bitta-yarimta o‘ziga to‘qroqlar og‘zidagi oshini oldirishni istamay, qolgan-qutgan don-dunini kechalari o‘zlariga ma’qul joylarga ko‘mib qo‘yishibdi. Ularni kasofati hammamizga urdi. Qishloqda qizillarning xufyasi borligini kim bilibdi deysiz?.. Ikki kun ichidayoq uch kishi namunali otuvga hukm qilindi! Qolganlari qo‘rqib ko‘mgan donini o‘zlari chiqarib berdilar. Bug‘doy, tariq, oq jo‘xori ortilgan aravalar ko‘chalar to‘pirini chiqarib u yoqdan-buyoqqa g‘iz-g‘iz qatnaydi. Bu och bo‘rilar koshki to‘ysa!..
Komissar boshchiligida uch-to‘rt askar bola uyma-uy yurib don yig‘adi. Komissar degan kasofat cho‘rt kesadigan, muomalani bilmaydigan, qo‘pol avboshlar xilidan ekan. Bostirib kirgan xonadondan, he yo‘q, be yo‘q, «Don ber!» deb so‘raydi. «Don qolmagan» desang, «Nega yo‘q?» deydi. Yo‘qni yo‘ndirib bo‘larkanmi? «Yashirgansan, top!» deydi o‘dag‘aylab. «O‘zimiz ochmiz» desang, ishonmaydi. «Bekor aytibsan! O‘ hozir yashirgan doningni topasan, yo biqiningdan darcha ochaman, — deydi to‘pponchasini dehqonning qorniga tirab. — Bilib qo‘y! Don yashirgan o‘rangga o‘zingni uch marta ko‘mib, uch marta kavlab olaman!…» Shundan so‘ng bechora dehqon nima qilsin! Bor qur-qutini chiqarib beradi-da…
Bizni qaznoqdan ikki kalapo‘sh oq jo‘xori topildi. Komissar menga ko‘mganingni top deydi. Men yo‘q deyman, bolalik qip qo‘rqib, yig‘layman. Xolam ichkarida edi. Komissarning menga qilayotgan zug‘umiga chidayolmadi, chog‘i, kichkina bir bo‘xcha ko‘tarib chiqdi-da, to‘g‘ri nomahramning oldiga kelib: «Ma, manavini ol! Onamdan qolgan bisot. Xotinchangga berarsan!.. Endi ukamni tinch qo‘y!» dedi. Asti bunday qilmasa bo‘lardi… Komissarning ko‘zlari o‘lja hidini sezgan shernikiday yondi. Xolamni boshdan oyoq kuzatib chiqdi. Bo‘xchaga e’tibor ham qilmay tishlarini g‘ijirlatdi «O‘, zo‘rsan-ku marja! Burjo‘yni qizimasmisan mabodo?», dedi beo‘xshov tirjayib. Xolam: «Men burjo‘yni qizi emasman, chorikor dehqon qiziman. Ota-onam o‘lgan, yetimman!..» dedi va shaxd bilan burilib, meni yengimdan tortdi-da, ichkariga boshladi.
Kasofat komissar hovlida birpas serrayib turgach, «Shoshma, hoy marja», deya ortimizdan yurdi. Askarlar beparvo irjayishib-tirjayishib hammayoqni ostin-ustin qilish bilan ovora edilar.
Biz uyga kirishga kirdigu, lekigin zanjirlashga ulgurolmadik. Kuchli tepkidan eshik turumi qo‘porilib ketdi. Jundor komissar quturgan buqadek haybatli edi. U hansirab, rangi undek oqarib ketgan xolamga chang soldi. Xolam sho‘rlik voy-chay qilib o‘zini opqochishga urinardi. Qayoqda, davangiga kuchi yetarmidi!… O‘sh bola bo‘lsam-da, hartugul erkak kishiman, qarab turolmadim, borib komissarning etagiga yopishdim. U ko‘zlari qonga to‘lib menga qaradi-da: «Yo‘qol, bu yerdan!» deb pishqirdi. Men jonim boricha tortqilayverdim. Oxiri u shart o‘girildi-da, meni tepib yubordi. Poygahga uchib tushdim. Ko‘z oldim qorong‘ilashib qancha turganimni bilmayman, bir payt ko‘zimni ochib qarasam, la’nati menga to‘pponcha o‘qtalib turibdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, a’zoyi badanimdan yengil bir hovur ko‘tarilib, tilimni tagigacha muzlab ketdi! «Hozir seni g‘allani yashirgan unsur sifatida itday otib tashlayman, yaramas bola!.. — dedi: — Qani bu yerdan quri-chi!..»
Jon shirin ekan, quda, emaklab chiqib ketdim…
Chol hikoya qilishdan to‘xtab, choy hupladi. Ko‘zlaridagi namni sochiq bilan artdi. Tomoq terisi shalvillab, iyagining ikki yonida ikkita xaltacha osilib turardi. Hayajoni biroz bosilgach:
— O‘sha paytda qilgan qo‘rqoqligimni hali hanuz kechirolmayman! — dedi o‘ychan. — Esimga tushsa isitmam chiqib ketadi…
— Bundan ortiq qo‘lingizdan nimayam kelardi, axir juda yosh bo‘lgansiz-da! — dedi quda buva tasalli ohangida.
— To‘g‘ri, hech narsa kelmasdi! Lekigin xolamni yolg‘iz tashlab ketmasligim kerak edi…
— U yaramas sizni otib qo‘yishi ham mumkin edi-da! — dedi yana quda buva hamdardlik bilan.
— Ha, bu uning qo‘lidan kelardi. U o‘sha topda hech narsadan qaytmasdi…
— Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? — deb so‘radi mehmon o‘rtaga cho‘kkan jimlikni buzib.
— Keyinma?.. Keyin tashqari chiqsam, ukalarim maydonda to‘planishib, iz-iz yig‘lab turishgan ekan. Ichkaridan o‘zini himoya qilayotgan bechora xolamning beayov chinqirig‘i eshitilardi…
Xuddi shu asno osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, bilmadim, qo‘lida o‘roq bilan otam paydo bo‘lib qoldi! U hozirgina ko‘pkaridan chiqqan otday hansirardi. Bizgayam ishi bo‘lmay, to‘g‘ri uyga bostirib kirdi. Ortidan men ham ergashdim. Komissar xolamning dodlashiga, yig‘lashiga, yalinib-yolvorishiga parvo qilmay, kiyim-boshini burdalash bilan band ekan. Bizni kirganimizni payqaganiyam yo‘q. Otam g‘azabdan ko‘karib: «Nima qilyapsan, hayvon!» dedi-da, ayamay, kuragi o‘rtasiga o‘roq sanchdi! Komissar ko‘zi olayib o‘girildi va otamga ko‘zi tushdi. U to o‘zini o‘nglab olguncha otam o‘roq bilan qanshariga boplab tushirdi. U begona tilda bir nimalar deya g‘udrandi, yuzini changallab, cho‘k tushib o‘tirib qoldi. Otam uni tepib yuborgandi, xuddi tagi chirigan kundaday ag‘anab tushdi. Bir pasda hammayoq qon bo‘p ketdi.
Xolam esa uvada ko‘ylagini changallagancha dahshatdan haykalday qotib qolgan edi!.. Shovqin-suronni eshitib askarlardan biri hovliqib kirdi, fojiani ko‘rib, rangi oqarib ketdi. So‘ng hamon vajohatdan qaltirab turgan otamga miltiq o‘qtaldi. Otam indamay uni ko‘ziga boqdi. Askar nima uchundir otmadi. Oxiri otam uni turtib yuborib eshikka yo‘naldi. Shundan so‘nggina askar o‘ziga kelib, otam orqasidan o‘q uzdi. Otam menga o‘xshagan kichik jussali edi. Lekin uni o‘qqayam chap bera oladigan darajada chaqqon ekanligini bilmagan ekanman!… Bir zumda yo‘q bo‘ldi qoldi! O‘q ovozini eshitishgan askarlar chopib kelishdi. Ahvolni ko‘rib, baqirib-chaqirib, muhokama etishdi-da, oxiri ikkitasi yarador boshliqlarini aravaga solib, shtabga eltadigan bo‘lishdi.
Otam shu ketganicha ikki oy bedarak yo‘qoldi. Uning iziniyam topisholmadi. Biz avvaliga o‘q-so‘q tekkan bo‘lsa to‘qay-mo‘qayda o‘lib qolib, etini shog‘ollar yeb ketdimikan, deb o‘yladik. Yo‘q, keyinchalik bilsak, otam Ergash To‘qsabo to‘dasiga borib qo‘shilgan ekan. O‘sha paytda yori, xotini, qizi, yangasi nomusiga chiday olmagan alamzada yigitlar To‘qsabo to‘dasiga borib qo‘shilishardi. Ular kun sayin ko‘payib, qizillarning dodini berishdi. Biz tomonlarga umuman dorimay qo‘ydi. Endi otam bemalol uyga kelib ketardi…
— Komissarga nima bo‘ldi? U o‘libdimi? — deb so‘radi quda buva cholning so‘zini bo‘lib.
— Yo‘q, joni qattiq ekan nomardni! Karmanaga eltib davolatishibdi. Lekigin uni, baribir, Qoraqismoqda To‘ymurod tog‘a otib o‘ldirdi! — dedi chol.
— Ajab bo‘pti! — dedi quda buva soqolini siypalab: — Bu, otangiz qanday qochib qutulibdi?
— O‘zimam hozir shuni aytmoqchi bo‘p turuvdim, — dedi chol miyg‘ida jilmayib. — U paytda qishloqda ko‘chaning o‘zi yo‘q edi. Uylar yakkam-dukkam, yakka xo‘jalikda. Har bir hovliniyam, uyniyam ikkitadan eshigi bor — biridan kirasan, ikkinchisidan chiqasan. Hozirgiday patalok qayda, bari — bolor, vassajuft. Xullas, ular otamni quvib Hojiboboning hovlisiga borganda butunlay izini yo‘qotishibdi.. Hoji bobo uyining pasti paxtazor edi. Askarlar otamni uydan chiqib, o‘sha yoqqa qochgan, deb uylashgan. Holbuki, otam bir eshikdan kirganu ikkinchisidan chiqmagan — yo‘q bo‘p qolgan!..
— Qanday qilib? — deb so‘radim sabrim chidamay. Chol men tomonga bir qarab oldi-da:
— Shipga yopishib! — dedi kulimsirab. — Xuddi tartanakday ikki bolor orasiga oyoq-qo‘lni tirab yopishib olgan. Askarlar tepasiga qaramay, narigi eshikdan to‘g‘ri to‘qay tarafga o‘tib ketishgan. Otam esa tappa yerga tushib, bu tomonga — toqqa qarab qochgan…
— Balo ekan-ku! — deb yubordik qoyil qolib.
— Ha, — deb ma’qulladi chol, — otam rahmatli juda epchil odam edi!..
— Xo‘sh, keyinchi, otaxon, keyin nima bo‘ldi? — deb so‘radik baravar.
— Keyinma… — deb so‘lish oldi chol. — Keyin qizillarga mador kuchi kelib, ular yana kuchayib qoldi. Qishlog‘imiz burungiday yana ikki kuch o‘rtasida talash… Endi otam faqat kechqurunlari bekitiqcha kelib ketardi. Sotqinlar hamisha topiladi. Bir kuni qizillar yollagan hufya otamni sotibdi.
Kech kuzak edi, osmon to‘la yulduz. Havo iliq bo‘lgani sabab biz supada — chorpoya ustida olamdan bexabar uxlab yotuvdik. Yarim kechasi to‘s-to‘polondan uyg‘onib ketdim. Qarasam, uchta askar otamni uyqusida bosib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, savalab yotishgan ekan. Bir pasda uyimiz qizil qiyomatga aylandi! Onam, xolam bir tomonda, ukalarim bir tomonda baqir-chaqir qilishadi, iz-iz yig‘lashadi. Qani birov yordamga kelsa!.. Xullas, hech narsa qilolmadik. Otam hammayog‘i qon, darvozadan chiqa-chiqa onamga: «Kunim bitganga o‘xshaydi, xotin. San bolalarni ehtiyot qil!…» deya tayinladi. Uning oxirgi aytgan gapi shu bo‘ldi.
Askarlar otamni sudraklab olib ketishdi. Onam meni otamning tog‘asi — Egamberdi bobonikiga yubordi. Boboni uyg‘otib, bor gapni aytdim. Bobo yaktagini kiyib, eshagini to‘qimladi-da, askarlar izidan jo‘nadi.
Qolgan gapni bobomdan eshitganman. Uni aytishicha, otamni qishloq sho‘rosining binosiga qamab qo‘yishibdi. Tong otishi bilan Karmanaga eltib sud qilisharkan. Qishloq sho‘rosining raisi o‘z boy otasini qamattirgan bir muttaham edi. U o‘rischa yozuv-chizuvni bilgani uchun raislikka tayinlangandi. Qodirqul (uning oti shunday edi) yangi hukumatga juda sodiq, berahm kishi edi. Bobom uning boy otasi eshigida bir umr mehnat qilgan, qo‘yini boqqan. Shularni inobatga olar deb, raisning oldiga kirib yalinib-yolvorgan. Rais: «Bekorga kepsiz boboy. Jiyaningizning gunohi katta. U bosmachi, Sovet hukumatining dushmani! Uning jazosini faqat odil Sovet sudi beradi», degan. Bobom tiz cho‘kib, qadr-qimmatini yerga urib, yaramasning etagini o‘pib, yig‘lagan: bir paytlar uni ko‘tarib katta qilganini aytib avf so‘ragan. Raisning ko‘ngli sal yumshab: «Mayli, oq soqolingiz hurmati, borib jiyaningizga ayting, tavba qilsin, hamtovoqlari yashiringan joyni aytsin, o‘zi bizga qo‘shilsin! Ana shunda bir savalab, gunohidan kechamiz…», degan.
Bobom otamni oldiga borib: «Hov, yaramas bola, tavba qil, raisning aytganiga ko‘n!» degan. Otam: «Bu yerdan keting, tog‘a. Bu siz aralashadigan ish emas!» degan. Bobom: «Ko‘zingni och: xotin, bola-chaqang bor, ularni yetim qilma», degan. Otam: «Siz raisga ishondingizmi? O‘z otasini sotgan odamga-ya! Unda vijdon, iymon nima qilsin?» desa, bobom: «Ah, o‘jar bolam-a, u menga so‘z berdi!..» debdi. Shunda otam kulib: «Siz soddasiz. Ularning mug‘ombirligini bilmaysiz. O‘z molim uchun o‘zimni o‘g‘riga chiqargan, uyimizga bostirib kirib ahli-ayolimga zo‘ravonlik qilgan, yer-suvimiz, or-nomusimiz uchun jang qilsak, xalq dushmaniga, bosmachiga chiqarib otishga hukm qiladigan hukumatga ishonib bo‘larkanmi, tog‘a?…» degan.
Xullas, qancha urinmasin, yalinib-yolvormasin, otam ko‘nmabdi. Bobom rais oldiga suvga tushgan bo‘lka nondek bo‘shashib qaytibdi. «Ha, ko‘nmadimi?» debdi rais iljayib. Bobom noiloj bosh chayqabdi. «Or yo‘l qo‘ymabdimi? Uni o‘sha To‘qsabo buzgan». Bobom boshi bilan «ha» ishorasini qilibdi. «Yaqinda hammasini tutib, butunlay quritamiz. Jiyaningiz ana shuni tushunmayapti». «Unga nima jazo berasizlar?» deb so‘rabdi bobom. «Nima bo‘lardi! O‘lim yoki katorga!» debdi rais bamaylixotir. Bobom tiz cho‘kib, yana yalina boshlagan ekan, rais: «Xalq dushmaniga shafqat yo‘q!» deb cho‘rt kesibdi. «Ijozat bering, yana bir urinib ko‘ray?». «Yo‘q, — debdi rais, — endi kech! Yaxshisi keting, oyoq tagida ko‘pam o‘ralashmang, yo‘qsa o‘zingizniyam!..»
Tong saharda, xo‘rozlar uch karra qichqirishgach, otamni chortoq aravaga solib Karmana tomonga jo‘nashibdi. Bobom ham, balki u yerdagilar ro‘shnolik ko‘rsatar, degan umidda eshakka minib aravani qoralab boraveribdi. Askarlardan biri aravada, qolgan ikkitasi ikki tomondan aravani qurshab ot ustida otamni qo‘riqlab ketaverishibdi. Nima bo‘libdi-yu, otam qo‘lidagi chilvir yechilib ketibdi. U askarlar ko‘zini shamg‘alat qilib oyog‘ini ham yechibdi. So‘ng arava haydab ketayotgan askar bola quymichida duppayib turgan to‘pponchani asta sug‘urib olibdi. Arava Oydinko‘lga yetganda otam suv so‘rabdi. O‘ng tarafdagi otliq aravaga yaqinlashib: «Ha, suvsirab qoldingmi? Mana, hozir to‘rt kosa ichasan!..» deya qamchisini ko‘targan ekan, urishga ulgurmay, peshonasidan o‘q yeb qulabdi. Chap tarafdagi otliq naganini chiqarib otaman deguncha, otam lip etib aravadan sakrabdi-yu, o‘zini qamishzorga uribdi. Otishma boshlanibdi. Bobom eshagini niqtab, «E, xudo o‘zing asra!» deb kelaveribdi. Afsuski, otam olgan to‘pponchada bor-yo‘g‘i uchta o‘q bor ekan. U aravakashni yaralashga ulguribdi, xolos. Tirik qolgan suvoriy mergan ekan, qamishzor oralab qochayotgan otamning kuragidan tegizibdi. Otam bir munkib yiqilibdi-yu, yana turib, yugura boshlabdi. Biroq otliq unga darrov yetib olibdi va qurolsiz otamga qarata uch-to‘rt marta o‘q uzibdi…
Bobom nafasini ichiga yutib, askar yigit bir o‘lik va bir yaradorni ortib jo‘nab ketguncha kutib turibdi. So‘ng asta otam oldiga boribdi. Bechora otam bo‘z ishtonda, og‘zidan qulog‘igacha xanjar bilan kesilgan holda yotar, laxta qon labidan ham oqib turar ekan…
Chol o‘pkasi to‘lib, entikib nafas ola boshladi, yuzlari bujmayib qorayib ketdi. Biz chol o‘zini bosib olguncha dam chiqarmay kutib turdik. U anchadan so‘ng yuz-ko‘zini sochiq bilan artdi-da:
— Qisqasi, arava topib, kechga yaqin otam jasadini keltirib ko‘mdik, — dedi va to‘satdan tusi o‘zgarib: — Lekigin to Girmon urushi boshlanguncha yangi hukumat kun bermadi bizga. Oti yomon Oypari «bosmachi»ning uli bo‘p qoldim…
* * *
Bir pasdan so‘ng bojamning katta o‘g‘li kirib, ayollar turishganini, xotinim meni kutib turganini aytdi.
Men keksalardan izn so‘radim. Chol duo o‘qib, fotiha qildi. Menga qo‘shilib quda buva ham turmoqchi edi, chol yengidan ushlab, to‘xtatdi:
— Siz birpas shoshmang, gap bor! — dedi.
Quda buva noiloj qaytib o‘tirdi. Men xayrlashib, tashqari chiqdim. Dolonda ko‘rishmagan ayollar bilan so‘rashdik. Nihoyat mashina oldiga borib, kuzatgani kelgan bojamdan:
— Bu chol sizga kim bo‘ladi o‘zi? — deb so‘radim.
— Yaznam, — dedi bojam, — xolamni eri…
Motor qizigach, chiroqlarni yoqdim. Ikki chekkasi tutzor yo‘l yorishdi. Ketayotib, kuzatuvchilar bilan yana bir sidra xayr-xo‘sh qilgach, yo‘lga tushdik.