Ertalabdan ota-bolaning o‘rtasidan olamushuk o‘tdi.
— Esingni yig‘, bola! Bunaqangi ishlarga hali yoshlik qilasan.
Aslida-ku, Oltmishboy aka bunaqa gaplarni shu bugun eshitayotgani yo‘q: esini tanibdiki o‘zicha bir ish qilolmaydi.
— Gap bitta, nevarangning to‘yiga toychoq oborasan, tamom vassalom!
Umrzoq otadan yoshini so‘rasangiz: “Ot yili kirganda yuzga to‘lgandim, hozir bilmayman nechaga kirganman”, deydi. Bu otaxonning bir gapini ikki qilgani qishloqning sakson-to‘qsondan oshgan boboylarining ham haddi sig‘maydi-ku, endigina ellikdan oshgan o‘g‘li otasiga gap qaytaradi. Nima emish, Oltmishboyning qo‘shni qishloqqa uzatilgan qizi Norxol o‘g‘ilchasining “qo‘lini halollayotgan” emish-u, bular bo‘lsa to‘ybolaga toychoq obormas emish. Qaysidir kuni qizining o‘zi kelib shunday deb ketibdi. “Ota, kelgan odam uyimning ichiga qaraydi, og‘ilxonamga kim ham kirib ko‘rardi, deysiz. Qolaversa, u dardisarga har kuni o‘t sol, suv ber, deganday yuzta tashvishim mingta bo‘ladi. Men ham, kuyovingiz ham ishda bo‘lsak… Yaxshisi, shuning o‘rniga boshqa tuzukroq narsa oborib qo‘yaqoling. Televizormi, muzlatgichmi… Otam to‘yda obkelgan deb eslab yuramiz”.
— Ho-o, ko‘ngillarining ko‘chasidan! — dedi bu gapni eshitgan Umrzoq ota. — Bularga qolsa to‘yda osh ham damlamasa-yu, ichiga karammi, makaronmi solib sho‘rva tarqatsa. Ana shunaqa qilib yana bitta zamonaviy qiliq chiqarsa…
Xayolidan shu gaplar o‘tgan Umrzoq ota bolalarini tergadi:
— E-e, bekorlarni aytibsan ikkoving ham, — dedi o‘g‘liga yovqarash qilib, — aql degani bormi o‘zi sen nodonda!
Oltmishboy aka ham bo‘sh kelmadi:
— O‘zlari toychoq kerak emas, deb turganidan keyin nima qilay. Qo‘liga zo‘rlab tutqazaymi! Shular xursand bo‘lsa, men ham xursandman. Bolalarimning ko‘ngliga qarasam, so‘raganini bersam, ahmoq bo‘lamanmi, ota?
Umrzoq ota tajanglanib “obbo” deb qo‘ydida, keyin shunday qilsa xuddi asabi bosilib qoladiganday ko‘ksigacha tushib turgan oppoq soqolini tutamlab davom etdi:
— O‘g‘lim, birinchidan, to‘y qizingnikimas — nevarangniki. Ikkinchidan, to‘yga toy yetaklab borish avvalgilardan qolgan udum.
— Ota, shu udumlarimizda biror bir ma’ni bormikan-a? Qay go‘rdan chiqqan-u, kimga kerak bo‘lgan ekan mana shunaqa qiliqlar. Gohida o‘ylab qolaman-da bunaqa odatlar bekorga elning tinkasini quritmayaptimikin deb. Bo‘lmasa to‘yxonaning o‘rtasida otga balo bormi, tavba!
Umrzoq ota qo‘lidagi paxta gulli piyolaga qaraganicha biroz o‘ylanib qoldi, keyin o‘g‘liga qarab:
— Rivoyat qilishlaricha, qiyomatda kuchli to‘fon bo‘lar ekan. Yer yuzidagi barcha mavjudot-u maxluqotlarni to‘fon chirpirak qilib uchirar emish. Ana o‘shanda faqat ot — yol-u dumi, etlari titilib ketgan jonivor to‘rt oyog‘ini yerga mahkam tirab, egasini kutar ekan.
— Ol-la! — deb yubordi Oltmishboy aka. — Shu gapni qizim eshitganidami, “O‘ho‘, fantastika-ku” deb rosa kulgan bo‘lardi.
— Gapni bo‘lmay eshit! — chol o‘g‘lini jerkib berdi. Keyin shoshilmay gapida davom etdi, — jonivorlar orasida odamga eng yaqini ot bo‘ladi, bolam! Azal-azaldan oti borlar badavlat sanalgan. Biz yoshligimizda otga talashib minardik, qachonki, birov uyga yur deb sudrab olib kelmagunicha, otning yonidan beri kelmasdik. Shungami, ilgarigi erkaklar ancha qoruvli bo‘lardi. Saksonboy-u To‘qsonboylar tug‘ilardi o‘sha vaqtlarda.
Oltmishboy aka lom-lim deyolmay qoldi.
Umrzoq ota yana o‘tmishini xotirlab:
— Ilgari de, bolam, yolu dumi qop-qora, oppoq otimiz bo‘lardi. Aqlli, uchqur edi, jonivor. Kolxozlashtirish yillari olib qo‘yishdi. Keyin qaytib ko‘rmadim. Ha-a, bolam, “kolxozga ishlasin” deb odamlarning otini tortib olib qo‘ydi. Keyin “sovxoz” degan yana bir balosi chiqdi-da, “Traktor-mashina chiqdi, endi bularning keragi yo‘q”, deb otlarni fermaga tiqib qo‘ydi. Qamovda turib ne-ne nasli toza otlar yo‘q bo‘lib ketmadi deysan, bolam! Endi yana qaytadan otlarning zotini tozalab olish uchun eh-ha, ancha mehnat, ancha vaqt kerak. Sen bo‘lsang tilbizor deysan. Toychoq qayoqda-yu, muzlatgich qayoqda?
Hozir Oltmishboy aka hovlidagi taxta so‘rida otasining ana shu gaplarini eslab o‘tirgan edi, darvozadan o‘g‘ilchasini yetaklab Norxol kirib keldi.
— Assalomu alaykum, ota! Mehmon kerakmasmidi, mabodo!
— Vaalaykum, kel, qizim…
Oltmishboy aka o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qizining qo‘lidan chiqib chopqillaganicha o‘ziga qarab talpinib kelayotgan nevarasini dast ko‘tardi-da, peshonasidan o‘pdi:
— I-ya, i-ya! Mening nevaram kelibdi-ku! Yash-shasin!
Oltmishboy aka to‘y bolaning burnidan chimchilab qo‘yib, so‘radi:
— To‘yingga nima oboraylik?
— Samolyot! — dedi to‘ybola o‘ylab o‘tirmay.
— O‘h-ho‘! Bolaning ko‘ngli osmonda-ku, a?! — dedi Oltmishboy aka quvonib.
Bularning ovozini eshitib ichkaridan Oltmishboy akaning xotini Tojnor xola chiqib keldi.
— Eh-ha, mehmonlar kelibdi-ku!
Tojnor xola qizi va nevarasi bilan ko‘rishib, ayvonga boshlayotgan edi, Norxol unamadi:
— Ovora bo‘lmang, aya, darrov qaytaman. Ishim boshimdan oshib yotuvdi, sizlarni to‘ydan oldin bir ko‘rib ketayin degandim. Keyin anovi… To‘yonani ham bilib qo‘yayin devdim-da!
Oltmishboy aka do‘ppisini yechib boshini qashidi. Kaftining orqasi bilan peshonasidagi terni artgan bo‘lib g‘udrandi.
— O‘zimga qolsa-ku, bitta yaxshi muzlatgich obormoqchi bo‘lib yurgandim. Lekin bobong hammasini muzlatib o‘tiribdi-da, qizim!
— Nega? — dedi Norxol otasiga hayron boqib.
— E-e, bobong nima derdi. Urf-odatni buzmagin, indamaygina toychoq obor deydi-da! — dedi Oltmishboy aka zardasi qaynab.
Norxol ranjiganini yashirmadi:
— Voy-bo‘-o‘y! Yotvolib gapiraverar ekan-da bobom ham! Udumi qursin. Otni boshimizga uramizmi biz! U o‘lgurning to‘yimi bo‘lmaydi, kechasiyu kunduzi yotmasdan yeydi, deyishadi. Koshki, kuyovingiz ot boqishni bilsa! Daladan ikki bog‘ xashak olib kelsa qovog‘i osilib ketadi.
— Ob-bo! — dedi diqqati oshib Oltmishboy aka. — Biri bolaga toy oborasan desa, yana biri oborma, deydi. Nima qilaringni ham bilmaysan ekan.
Shu damgacha bir nima demay jimgina o‘tirgan Tojnor xola ham suhbatga qo‘shilib, maslahat soldi-yu masalani bir zumda oppo-oson hal qildi-qo‘ydi.
— Siz mundoq qiling, dadasi! Bozordan yaxshi bir muzlatgich oling-da qizingiznikiga oborib qo‘ying. Shu bizdan to‘yona bo‘laqolsin. Keyin mening akamlarda ot ko‘p, bittasini to‘y kuniga xo‘jako‘rsinga so‘rab tursak, yo‘q demas. To‘y o‘tgandan keyin qaytarib olaveradi-da toychog‘ini. Shu bilan otam ham tinchiydi, qizingiz ham.
Onasining bu gapi Norxolga moyday yoqib tushdi:
— Ha-ya, dada, shunaqa qiling, yaxshi yo‘li shu! — dedi onasini quchoqlab olguday bo‘lib.
Ha-a, bunaqangi narsalarga oyingning kallasi darrov ishlay qoladi. Lekin eshitgan odamlar nima deydi, qizim! Qo‘ni-qo‘shniyu qarindosh-urug‘ deganday…
Norxol tiqilinch qilishga tushdi:
— E-e, qo‘ni-qo‘shni bilan nima ishingiz bor, dada!
Qizi unday dedi, xotini bunday dedi: ona-bola o‘rtaga olib oxiri Oltmishboy akani ko‘ndirdi. To‘yona hal bo‘ldi: muzlatgich — naqd, toychoq — prakat.
— Sen xursand bo‘lsang bo‘ldi, qizim! Shu senlarning baxtlaring uchun yashab yuribmiz-da! — dedi Oltmishboy aka. — O‘g‘lingni olib bobongni oldiga kir. Kelganingni bilsa, nega kirmay ketdi, deb o‘pkalab yuradi.
Qizi kirib ketgach, Oltmishboy aka o‘ylanib qoldi: qiziga mehri jo‘shganidan otasining yuziga oyoq bosmayaptimikan? Umrzoq otaning ertangi kun tashvishi bilan kuyunayotganiga nahotki befarq qarasa? Xo‘p, otasi-ku uning bu qilig‘ini sezmay qolar. Ammo keyin nevarasining oldida gunohini oqlay olarmikan? Kun kelib nevarasi es-hushini tanib, bu kunlarning nayranglaridan o‘kinarmikan yo kularmikan? Nima bo‘lganda ham shu to‘ybola toychoq minmay ulg‘ayganiga armon qilsa kerak.
Oltmishboy aka yechib qo‘ygan do‘ppisini boshiga hafsalasiz qo‘ndirdi. Ichkaridan esa Umrzoq otaning chevarasini suyib erkalayotgan ovozi eshitildi: “Aylanayin, bobosini yo‘qlab kelgan to‘ybolamdan. Mening toychog‘im shu bola. Toychog‘im!..