Ibrohim Choriyev. Dadamning ishi (hajviya)

Komiljon har doimgidek bugun ham ishidan barvaqt qaytdi. Eshikni ochib, uni xush tabassum bilan qarshi olgan xotini Halimaxon mehribonchilik bilan hol so‘radi:
– Yaxshi keldingizmi dadasi? Charchamadingizmi?
– Rahmat. O‘zlaring tinch o‘tiribsizlarmi?
– Shukr.
Halimaxon eri qo‘lidan paketni olib, oshxona tomon yurdi, Komiljon esa ko‘cha kiyimlarini pijamasiga almashtirdi-da, yuvingani kirib ketdi. Qaytib chiqqanida bezatilgan stol atrofida besh yashar qizchasi va xotini kutib o‘tirishardi. Komiljon qizining do‘mboq yuzidan cho‘lpillatib o‘pdi, erkaladi:
– Oppoq qizim! Shirin qizim! Dono qizim! Bog‘chalar qalay? Xafa qilishmayaptimi?
Dono qiz javob berishga ulgurmay turib, Halimaxon gapga aralashdi:
– Bugun bog‘cha bo‘lmadi, dadajonisi. Ertalab olib borsam, taqa-taq berk: gripp tufayli bir haftaga karantin e’lon qilishibdi.
– Ie! Nima, uyda bir o‘zi qoldimi? – tashvish bilan so‘radi Komiljon qizining boshini silarkan.
Xotini qoshlarini chimirdi:
– Nega bir o‘zini qoldirar ekanman? Qolaversa, uyga qaytib kelishga menda vaqt qani? To‘ppa-to‘g‘ri ishimga olib ketdim. Ertaga sizning galingiz, dadajonisi…
Komiljon tushunmadi:
– Gal?! Qanaqa gal? U… nima deganingiz?
– Qanaqa gal bo‘lardi? Nima, o‘zbekchani ham tushunmaydigan bo‘lib qoldingizmi? Navbatingiz-da!
Eriga hamon yetib bormayotganini ko‘rib, Halimaxon izoh berishga kirishdi:
– Dadasi, axir o‘zingiz o‘ylang, men har kuni olib keta olmayman-ku! Odamlar nima deydi? Qolaversa, bizda ishlab chiqarish… Xullas, bir kun siz olib ketasiz, bir kun men, qarabsizki, bir hafta o‘tadi-ketadi!
Komiljon qoshig‘ini kosa chetiga qo‘ydi, bir nimalarni o‘ylab turib dedi:
– Qanaqa bo‘larkin?
Halimaxon bo‘sh kelmadi:
– Risoladagidek! Qizalog‘im, – murojaat qildi u Donoga, – ertaga dadangning ish joyiga borasan-a? Shunga kelishdik-ku! – serma’no qaradi u qiziga.
Donoxon onasiga xushnud bosh silkadi:
– Albatta! – so‘ng Komiljonga o‘girildi. – Dadajon! Meni ishingizga olib boring, xo‘pmi? Jon dada! Sizning ham ish joyingizni bir ko‘ray!
Komiljon chuqur xo‘rsindi, qoshig‘ini yana qo‘liga oldi.
Ertasi kuni ertalab soat to‘qqizda ishxonaga Dono bilan kirib kelgan Komiljonni to‘rt-beshta hamkasb-hamxonalari shod-xurram kutib olishdi. Xona to‘rida o‘tirgan tiqmachoqdek ayol Dononi yoniga imladi:
– Bu yoqqa kel, qarog‘im… Mana bu yerga o‘tir… yaxshi… mana bularni ol, – bir hovuch konfet uzatdi u.
– Isming nima?
– Dono!
– O! Ham go‘zal, ham dono! Komiljon! Katta bo‘lsa, shu qizingizni o‘zim kelin qilaman! Yodingizdan chiqmasin-a? – tilla tishlarini yarqiratib iljaydi u. – Nega ilgariroq olib kelmagandingiz bizning kelinni? Ko‘z tegadi deganmidingiz?
Dono uning gaplariga e’tibor bermadi, Komiljon qizardi:
– Gapniyam olasiz-da, Ra’noxon! Qanaqa kelin, qanaqa ko‘z… Olib kelganimning esa sababi bor: bog‘chani karantinga yopishibdi, bir haftaga. Kecha Halimaxon olib ketgan edi, bugun esa men…
Tiqmachoqdek ayol jilva qildi:
– Qani edi hamma erkaklar sizdek bo‘lsa! Har kuni olib kelavering, to bog‘cha ochilguncha, xo‘pmi?
Qolganlar ham ayolning gaplarini ma’qullashdi, Donoga turli shirinliklar, mevalar berishdi.
Dono joyida o‘tirgancha, katta xonaga bir-bir ko‘z yugurtira boshladi: ana, burchakda kattakon, oppoq muzlatgich ovoz chiqarmay ishlab turibdi, har derazada bittadan konditsioner, tokchalarda esa tuvakka o‘tqazilgan gullar… Ana, devorlarga taniqli artist va qo‘shiqchilarning suratlari osib qo‘yilgan: Ozodbek, Gulsanam… Ana, dadam o‘tirib olib, gazeta varaqlayapti, undan sal naridagi amaki esa boshini stol ustiga qo‘yib… ie, uxlayaptimi? Voy! Stol ustida ham uxlab bo‘larkanmi?
Ana, menga konfetlar bergan xola… o‘ziga pardoz berayaptilar! Bizning bog‘cha mudiramiz ham xuddi shu xola kabi xo‘ppa semiz! Uning ham og‘zi to‘la tilla tish!
Anavi amaki nima qilayaptilar? Dadamning chap tomonidagi? Skanvord yechayaptilarmi? Dadam ham uyga borganlarida divanda yotib olib nuqul skanvord yechadilar…
Dono yarim soatlar chamasi shunday o‘tirib, hamma narsani, shu jumladan, xonadagilarni ham obdon kuzatib bo‘lgach, nihoyat zerikdi va qalin gazeta to‘plamini berilib o‘qiyotgan dadasiga murojaat qildi:
– Dada!
Komiljon o‘qishdan bosh ko‘tardi:
– Labbay qizim? – jilmaydi u.
Dono unga javdirab qaradi:
– Zerikib ketdim… Dadajon, yuring, ketaylik!
– Qayoqqa?
– Ishingizga…
Komiljon bir oz hayron bo‘lib turdi-da, so‘ng kulib yubordi:
– Bu nima deganing, qizim? Shu yer mening… ish joyim-ku! Men mana shu amakilaring, mana shu xolang bilan, mana shu xonada o‘tirib ishlayman-da! Obbo qizim-ey…
Donoxon ishonib-ishonmay so‘radi:
– Shu yerda ishlaysizmi? Unda nega hech narsa… qilmayapsizlar?
Endi boshqalar ham kulib yuborishdi, stolga boshini qo‘yib uxlayotgan amaki kulgu tovushidan uyg‘onib ketdi, atrofga alazarak ko‘z yugurtirdi. Krossvord yechayotgan amaki boshini sarak-sarak qilgancha, jilmaydi:
– Ajoyib qizingiz bor ekan-ku! – dedi avval Komiljonga, so‘ng Donoga o‘grildi. – Qizim, bilasanmi, dadangning ishxonasi rostdan ham shu yer! Birga ishlaymiz! Men, masalan… mana bu qog‘ozni… bu yerdan olaman-da… hu anovi joyga qo‘yaman! Bu amaking esa… o‘sha qog‘ozni u yerdan olib, boshqa joyga qo‘yadi… Anavi chiroyli xolang esa, – tiqmachoqdek ayolga imo qildi u, – ish tugashidan sal oldin hammasini yig‘ishtirib…
Ammo u gapini tugata olmadi, tiqmachoqdek ayolga o‘zi va ishi haqida gapirishlari yoqmadi shekilli, pardoz buyumlarini achchiq bilan sumkasi ichiga joylar ekan, norozi to‘ng‘illadi:
– E! Kimga hisob berayapsiz, Rustam aka?! Yosh bola nimaning farqiga borardi! Aytaveradi-da! – U shunday deb, stoli tagidan katta-kichik, semiz-oriq papkalarni olib, stoli ustiga taraqlatib tashlay boshladi, – shu tirmizak qoluvdi o‘zi… Erkaklarga ham hayronsan, onasi bilan yubormay, uyalmay-netmay, bolani ishxonaga yetaklab kelib o‘tiribdi… Tavba…
U tinimsiz to‘ng‘illar ekan, qizarib ketgan Komiljon Donoga ko‘z ostidan o‘qrayib qaradi:
– Eshitdingmi? Endi jim o‘tir? Bizning ish joyimiz shu yer!
Dono quyuq kipriklarini pirpiratdi:
– Ish… deysizmi? Hammalaringiz o‘tiribsizlar-ku! Men kecha oyijonimning ishxonasiga borgandim, ular sira ham bunaqa qilib o‘tirishmas ekan: katta-katta dastgohlar ishlab turibdi, yuk ko‘taruvchi mashinalar…
Komiljon stoliga qulochkashlab musht tushirdi:
– Jim bo‘l tirmizak! Nega hadeb bidillayverasan! Aytishdi-ku senga, ish joyimiz shu yer deb!
Gursilatib urilgan musht zarbidan xonadagilarning barchasi birday cho‘chib tushdi, deraza oynalari zirilladi. Otasi vajohatini ko‘rgan Dononing rangida rang qolmagandi. Lablari yig‘lashga taraddudlanib qiyshaydi, qo‘rquv to‘la ko‘zlari katta-katta ochilib, Komiljonga termulgancha qoldi…
Ancha vaqt xonada yurakni siqadigan sukunat hukm surdi, hatto ovozsiz ishlayotgan muzlatgichning ham tovushi baralla yangray boshlagandek tuyuldi. Endi hamma ko‘zlar stollar ustidagi qog‘oz va shu kabilarga tikilgan, yuzlarda uyat, xijolat zohir edi.
Nihoyat Komiljon o‘ziga keldi: dir-dir titrab, yosh to‘la ko‘zi bilan o‘ziga termulib turgan qizini kuzatar ekan, yuragi birdan orziqib ketdi, tomog‘iga bir nima tiqilgandek bo‘ldi, xato qilib qo‘yganini tushundi.
U o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi-da, bir-bir bosib kelib, qizining ro‘parasida to‘xtadi, cho‘kkaladi, Dononing mitti qo‘lchalarini kurakdek kaftlari orasiga oldi:
– Qizim… kechir meni… – dedi u tovushi titrab. – Axir… o‘zing ham… Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Endi ayt qizim, nima qilay? Nima qilay kechirishing uchun?
Dono qo‘rqib qarab turdi-da, to‘satdan bo‘ynidan achomladi:
– Dadajon! Dadajonim… o‘zimning dadajonim… siz hammadan yaxshisiz…
Zurriyotining bunchalar tez kechirganidan, uning pardek yengil vujudi taftidan to‘lqinlanib ketgan Komiljonning ko‘zlari birdan namlandi:
– Qizginam… nima qilay? Nima qilsam gunohimni yuvaman? Ayt, nima desang hammasini…
Dono qo‘lchalarini hamon uning bo‘ynidan olmasdi:
– Hamma-hammasinimi, dadajon? – shivirladi u hiqillab.
– Ha!
– Aldamaysizmi?
– Qizginam, qachon seni aldagandim?
– Unda yuring… bu yerdan ketaylik!
Komiljonning yuragi po‘killadi, javob nima bo‘lishini ich-ichidan sezib tursa ham, noiloj so‘radi:
– Qayoqqa… qizim? Qayoqqa ketamiz?
– Qayoqqa bo‘lardi? Ishingizga-da! Axir, kecha aytgandingiz-ku, ish joyimga olib boraman, deb! Nega bu yerga olib keldingiz?
O‘rnidan turgan Dono endi uning qo‘lidan mahkam tutgancha jon-jahdi bilan tashqariga sudrar, Komiljon esa xuddi najot tilagandek hamxona-hamkasblariga bir-bir ko‘z yugurtirar, ammo ularning birortasi yurak yutib, ish stolidan bosh ko‘tara olmasdi…