– To‘rtko‘z?! To‘rtko‘z, bu senmi? O‘-o‘zingmisan? M-m-meni izlab keldingmi? Se-e-na? Voy, azamat-ey! Qo‘y, yalama qo‘limni… e, yalamasang-chi, esi yo‘q. Tomog‘ing tushadi. Obbo! Ha-a, kabobning hidini sezibsan-da. Kabob isi… keyin, xompiyoz isi… Xompiyozning isi o‘lgudek sassiq bo‘lar ekan… hiq-q… ichingdan ham qaytib chiqadi-ya, la’nati. O‘zimga qolsa-ku, o‘lib qolsam ham og‘zimga olmasdim, aroqning sassig‘ini bosish uchun yedim-da. Aroqni esa… yurakning taftini bosish uchun ichdim. Ichmasam bo‘lmasdi-da. Qi-zi-q, aroq mening taftimni, piyoz aroqning taftini ko‘taripti, mana, yurakning tafti ham sal bosilganday…
Hm-m… yurak… sevinsak ham, qayg‘ursak ham, o‘ksinsak ham, so‘kinsak ham azobi shu sho‘rlikniki. O‘zi-ku… bizni yashasin deb tinim bilmaydi, yana bizning rohatimiz ham unga yuk bo‘lib tushadi. Hayotning qonuni o‘zi shu shekilli, kimki indamasdan ko‘proq ishlayversa, yanada ko‘proq ishlatgimiz kelaveradi…
Shoshma… shoshma… Men o‘rnimdan turib olay… He, ichkilikning uyi kuysin… O‘lgudek qornim ochqagani esimda, choyxonaga kirganimni ham bilaman… Bir kosa sho‘rva oldim, ikki six kabob… Shayton qanday yo‘ldan urib, bitta shisha olganimni bilmay qoldim. Choyning piyolasida ko‘zdan yashirib ichdim. Hm… umrimda birinchi marta yolg‘iz ichishim… Hozirgi ahvolimda kim men bilan ichardi? Endi buyog‘iga yolg‘izman, To‘rtko‘z. Mana shu tepamdagi daraxtdek yolg‘iz.
Xayriyat, shahardan sog‘-salomat chiqib olibman. Demak, uncha ta’siri bilinmagan ekan-da, oyog‘im sal chalishsa, anavi, qizil shapkalar sog‘ qo‘ymasdi, olib borib tiqib qo‘yishardi… Aytganday, nima farqi bor. Bugun tiqishmasa, ertaga tiqishadi… Faqat cho‘ntagimni qoqlashardi. Agar o‘jarlik qilsam, boshimga yana boshqa baloni ham orttirib olardim…
Ha… shahardan chiqqanman-u, shu yolg‘iz daraxtni qora tortganman. Tagida nafasimni rostlamoqchi bo‘lganman-da, keyin kayfim oshib… Yo‘ldan o‘tgan-ketgan parvo qilmagan, manavi dalaning egasi deb o‘ylagandir-da. E, hozir kimning kim bilan ishi bor…
Sen qanday topib kelganingga hayronman. Shuncha yo‘ldan-a? Barakalla, To‘rtko‘z…
Bo‘ldi… bo‘ldi… bas qil… Hadeb irg‘ishlayverma. Ertaroq uyga yetib olaylik. Eh-ha, hali ancha yo‘l bor. Men bugun o‘lgudek charchaganman, qaragin, oyoqlarim chalishib ketayapti. Chopa-chop…
Obbo, tentag-ey, yana aytib keldingmi? Ana, uyga ham yaqin qoldi. Huv, chirog‘i yoqilmagan uy bizniki. Hammanikida chiroq bor. Biznikida yo‘q. Balki, yana necha yillar yonmas ham. Tunda to‘ydanmi, tomoshadanmi qaytayotganlar uyimizning to‘g‘risiga kelganda, bir-birlariga qarab: “Bu haligi… o‘zimizda bosh hosilot bo‘lgan Boyjigitning uyi-da. Sho‘rlikning boshiga xotini yetdi. Hozir qamoqda yotipti”, deb afsuslanib gapirishadi. Balki, mazax qilib kulishar. Bu endi kimning kimligiga bog‘liq.
Ermon qiyshiqqa o‘xshaganlarga xudo berib qoladi. “Boyjigit degan xudoning bir balosi bor edi, rais bilan oshnoligidan foydalanib, bosh hosilot bo‘lib oldi-da, ko‘p odamning rizqini qiydi, obro‘yimizni yopib turgan ortiqcha gektarlarni shu kasofat qirqib tashladi. Oxiri o‘ziyam go‘r bo‘lmadi. Falon yilga kesilib ketdi”, deb jirtak chaladi.
O‘shanday yaxshi-yomon, pastu baland gaplar tun qorong‘isida o‘rmalab yurgan kezlarida sen darvozaning tagidan sirg‘alibmi yo devorning kemtigidan oshibmi, g‘iybatchilarning oldiga chiqolmaysan, mening haqimdagi xolis gapingni aytib, birovini ma’qullab, boshqasining og‘ziga urolmaysan. Chunki bezabonsan.
Bilmadim, hech bo‘lmaganda Boyjigitning vahimali ko‘ringan xonadonida, ko‘pdan odamlar qadami uzilgan makonda sadoqatli tirik jon borligini, to‘rt oyoq va tilsiz bo‘lsang-da, umid bilan egangni kutayotganingni isbotlay olarmikinsan?
Ehtimol, qorin qayg‘usida bu bequt, bexosiyat hovlini tark etib, allaqayoqqa daydib ketarsan, o‘zing qatori uysiz, egasiz qavmlaringga qo‘shilib o‘g‘irlik qilarsan? Balki, or-nomusni qo‘ldan bermay ochlikdan sillang qurib hovlining biror burchagida jon berarsan yo yovuzroq jinsdoshlaring bilan o‘lja talashib, ado bo‘lursan? Tirik jonsan, sen ham yashashing kerak, axir.
Eh, bechora, hozir nega yo‘limga chiqding? Yolg‘izlikdan, huvillagan hovlidan qo‘rqdingmi, vahima bosdimi? Yo‘-o‘q, itlar yolg‘izlikdan qo‘rqmaydi. Chunki qishin-yozin yolg‘izsan-ku. Balki, pechning ichidagi hillangan ko‘mir parchasi xonani ilitganday, uy ichidagi insonning nafasi, tafti hovliga urib turar, seni isitar?
Shuning uchun tun bo‘yi, goh shamol tegmaydigan kunjakda mizg‘ib, goh salgina sharpadan sergaklanib, tonggacha uy eshigiga ko‘z tikib yotarsan? Eshik ochilishi bilan hovlining qaysi burchida bo‘lma, sevinib chopib kelishing, dumingni likkilatib irg‘ishlashing, ko‘zlaringni mening, bolalarimning ko‘zlariga tikib, oyoqlarimizga suykalishing o‘z taqdiringga shukronadir? Rahmatdir. Kim bilsin, balki it zotiga ham egalik va boshpanalik bo‘lishdan o‘zga baxt yo‘qdir? Xudo esa senga bu baxtni ham ko‘p ko‘rib turibdi. Yo‘q, bu yerda xudoni tilga olishim nojoiz, hammasi odamlarning, senu men yaqin bilgan, suygan, sig‘ingan, topingan odamlarning kasri-kasofati-ku.
Eh, To‘rtko‘z, To‘rtko‘z! O‘shanda sen do‘st qiyofasida to‘shagimga kirib olgan ilonni nega oldingga solib quvlamading, nega oyoqlaridan g‘archillatib tishlab olmading, nega bo‘g‘zidan tutmading? Qora qoniga belamading? O‘sha iflosliklarning o‘z taqdiringga ham daxli borligini bilmadingmi, bechora? Kaltaklashimdan cho‘chidingmi, miltig‘ini chiqarib otib tashlaydi deb qo‘rqdingmi? “Itim quturdi” degan bahona bilan turli emlashlar, hatto, tig‘larga duchor etishimni o‘ylagandirsan-da, sen sho‘rlik?
Shunday bo‘lishi ham mumkin edi. O‘zim boplab adabingni berardim. Axir, hurmatli raisimizni, bolalik do‘stimni, qadrdonimni ayamasdan talasang, men indamay qarab turarmidim?
Hatto, Turg‘unboy qorovulga aytib, ottirib tashlashim ham hech gap emasdi. Shunaqasi ko‘p bo‘lgan-ku. Odamlar yaxshilik qilgan eng sadoqatli do‘stlarini hech gapdan hech gap yo‘q nobud qilishgan-ku. Bilmay turib, aldanib, albatta. Begonalar, yotlar aldamagan ularni, yolg‘on do‘stlari aldagan. Chin do‘st bilan yolg‘on do‘st bir-birining dushmani, To‘rtko‘z.
Xayriyatki, itlar hasadni bilmaydi, balki o‘lja-po‘lja talashishlari mumkindir, lekin egasining mehrini talashmaydi, qizg‘anmaydi, baxillik qilmaydi.
Yo‘q, sen kaltakdan ham, o‘limdan ham qo‘rqmagansan, dunyoda shunaqa razil jazolar borligini bilmassan ham. Chunki yaylovdagi onangdan ajratib olib kelganimda ko‘zi ochilmagan kuchukcha eding. Seni umringda hech kim urmagan, bo‘yningga zanjir ham osmagan. Erkin o‘sgansan, erka o‘sgansan. Binobarin, sen Xonqulovni mening do‘stim, oilamning do‘sti, qadrdoni deb bilgansan.
Sen-ku zoti bo‘lak jonivorsan, iliq so‘zning gadosisan. Men-chi? O‘n besh yil katta-kichik maktablarni ko‘rgan, oliy ma’lumotli, oq-qorani tanigan gumroh ham uning kimligini sezmay qolganman, eng aziz, eng jonajon, kerak bo‘lsa, jonini ham ayamaydigan og‘aynim deb bilganman. U esa…
Balki sen mening yo‘qligimda Xonqulov kelganda Oyzoda tayyorlagan lazzatli taomlarning mazali sarqitidan mast bo‘lgandirsan? Axir, nafs degan balo ko‘zni ko‘r, quloqni kar, o‘zni qul qilib qo‘yadi. Jami mut’eliklar, tilsizliklarning sababi shu tupsiz o‘pqon – nafs emasmi? Sen-ku sen, nafsidan ilingan inson bolasi ham dorbozning maymuniga aylanib ketadi, o‘zligidan kechadi, tiliyu dili baravar bog‘lanib, o‘zini o‘zi kishanlab beradi tuban zotlar qo‘liga.
Eh, odam bolasi shirin so‘z, mehrga shu qadar tashnaki, xuddi poyonsiz sahroda tasodifan buloqqa duch kelgan qalandardek o‘zligini unutib, boshi aylanib, ko‘zi tinadi, asl ne, qalbakilik ne, farqlay olmay qoladi.
Men Xonqulovning havoyi qasamlari, Oyzodaning shirin so‘zlariga uchganman, dunyoda ikkalasidan azizroq odamim yo‘q, deb bilganman…
Ikkalasini o‘z qo‘lim bilan bir to‘shakda, qip-yalang‘och holda tutib olganimdan keyin uyat, oriyat, nomusdan qutulish uchun o‘zlarini zovurga tashlab, sharmsiz tanalarini g‘arq qilishlari lozim edi. Ammo buning o‘rniga qilgan qilg‘iliklarini qara: Oyzodaning shallaqiligiga ko‘ra, men raislik martabasini egallash uchun qiyomatlik do‘stimga va halol xotinimga tuhmat qilayotgan ekanman. O‘zimning manfaatimni oilamning tinchligi, bolalarimning baxtidan ustun qo‘ygan emishman. Xotinim og‘zidan shunaqa so‘zlar chiqqaniga o‘lasanmi, kuyasanmi?
Xonqulovning hunari-ku baridan oshib tushdi. U alamda bo‘g‘ilib, mening izimni butunlay quritishga tushdi. Shu yo‘l bilan Oyzodani butunlay o‘ziniki qilib olib, davri davron surgisi kelibdi.
Qilgan tuhmatini qara, men xo‘jalikning bir vagon taxtasini o‘z amalimdan foydalanib, qarindosh-urug‘larimga ulashgan emishman. Bunday olib qaraganda hammasi to‘g‘ri, taxtaning hajmi ham, og‘aynilarimga berganim ham. Lekin nima maqsadda?
Tashqaridan qaraganda oson tuyuladigan, lekin dunyodagi eng azobli tirikchilik – pilla tashvishini o‘ylab qildim-ku shu ishni. Xonqulovning o‘ziyam yaxshi biladi mening niyatimni.
E, bu tashvish shunaqa tig‘iz, shunaqa og‘irki, belgilangan reja bajarilguncha yetmish ikki tomiringdagi darmoningni sug‘urib oladi. Hovlima-hovli yurib barg qirqqan, tashigan, uy-uylarga taqsimlab bergan ishchilarning izidan chopaverib, itlar ham horiydi. Lekin odamlar horimaydi. “Hay, yigirma-yigirma besh kunlik qiyinchilik o‘tadi-ketadi”, deb belida bolta qistirilgan arqon belbog‘i bilan, uyqusizlikdan qizargan ko‘zlari g‘iltillab yuraverishadi.
Qurt boqishda har yili so‘kichak masalasi qiynaydi. Yog‘och otliqqa ham topilmaydigan bu zamonda qishloq dehqoni o‘n bir-o‘n uch bolorlik mehmonxonasini enlaydigan uch qavatli so‘riga yetadigan yog‘ochni qayoqdan oladi.
Shuning uchun Xonqulov bilan kelishib, Rossiyaga yuborilgan olmayu uzumga alishtirib keltirilgan yog‘ochlarni har yil qurt boqadigan xonadonlarga tarqatdim. To‘g‘ri, shularning ko‘pi qavm-qarindoshim. Endi qishloqda bir ota, ikki ota nari bo‘lmasa, bari ham bir-biriga tomir-da, To‘rtko‘z. Biri tog‘a, biri jiyan, biri ammangning kuyovi, biri tog‘angning qudasi, biri qayningning bojasi…
Keyin qurt taqsimlashda ham ishni qarindoshlardan boshlaysan. Bo‘lmasa boshing g‘irt g‘avg‘oga qoladi. Sal nariroq odamning eshigini qoqsang, gaping og‘zingdan chiqmay yoqangga yopishadi:
“Ha, baring amalga minib olib, begona bitganni ezaver, qarindosh-urug‘ing yallo qilib yursin-da, bola-chaqamiz bilan biz o‘lib ketaveraylik!”
Shunaqa noxush, notayin gap-so‘zlardan qochib, avval boshdan o‘zingga tobin, so‘zingni yerga tashlamaydigan xonadonlarga bosh suqasan.
“Tog‘a, amma, xola yoki bo‘la… shunday-shunday… bir kunga ho‘kiz o‘lmas, ikki kunga egasi bermas, uch-to‘rt kunda o‘tib ketadigan g‘alva. O‘zimizning odam, sazamizni o‘ldirmaydi, deb keldik. Besh-olti kun qattiqchilikni bo‘yningizga olasiz endi. Bu yaxshilik esdan chiqmas, bir urug‘ning shox-shabbasimiz axir. Bir-birimizda qolib ketmas. Xudo xohlasa, mana o‘g‘illar er yetib, qizlar bo‘y yetib kelayapti. To‘y-tomoshada biz ham qarab turmasmiz, axir…”
Ular avvaliga oyoq tirab bo‘lsa-da, ishqilib, so‘zingni yerga tashlashmaydi. Iltimosingga ko‘ngandan keyin, lafzingga yarasha sharoitiga ham qarashasan. Taxtani ham sal tili qisiqligimdan, qolaversa, zarurligidan berdirdim.
“Qarindoshlar, pilla bir yillik tirikchilik emas, qurt tutib bo‘lgandan so‘ng yog‘ochni asrab qo‘yinglar, davlatning narsasi”, dedim.
Mana oqibati, ko‘zning qorasiday qilib, avaylab-asrab qo‘yilgan joyida “ashyoviy dalil” degan tamg‘a bilan hujjatlashtirib, bo‘ynimga tavqi la’natdek osib o‘tirishibdi. Yo‘q qilib yuborishganda yoki o‘zim biror yoqqa suv qilib, bitta dalolatnoma bilan hisobdan chiqarib yuborganimda nima bo‘lardi? Hech narsa. Birov izini ham topolmasdi.
Oxir-oqibat barisi Xonqulovning nayrangi, qolaversa, Oyzodaning besharm ko‘z yoshlarining ta’siri ekanini angladim.
E, To‘rtko‘z, sen nimani ham tushunarding, og‘ayni? Odamzodning itligi tutsa, undan vahshiy maxluq topilmaydi. Bilmadim. Agar itlarning odamgarchiligi tutsa nima bo‘ladi. Oyzoda endi tirikligimda yuzimni ko‘rmasligi kerak. Xonqulov ko‘zidan yiroq bo‘lganim afzal. Shuning uchun bir balo qilib meni oradan ko‘tarishlari, yo‘qotishlari kerak.
Yo‘qsa, qaysi yo‘l bilandir qasd olishim mumkin. Qishloqda bu sharmisorlikni hech kim kechirmaydi. Unutmaydi ham. Xonqulovning ham xotini bor, singillari bor. Oriyat uchun… alamimdan birortasini gap qilishim mumkin… Biroq mening ko‘nglimda bunday niyat yo‘q.
To‘rtko‘z, eh, To‘rtko‘z… Birovning nomini haromlaganim bilan o‘zimniki halol bo‘lib qolmaydi-ku. Borki, uning singillaridan birini bulg‘arman… keyin… sharoit majburlasa uylanarman. Bir ko‘rpada yotgan bilan u menga xotin bo‘larmidi? Akasiga g‘anim bo‘lgan, o‘zini yomonotliq qilgan kishiga vafo qilarmidi? Yo‘q, albatta.
Keyin ayb, faqat, Xonqulovda ham emas. U-ku past ketibdi. Do‘stligimizning yuziga oyoq qo‘yibdi. Vijdonidan kechibdi. Lekin pokizaligida men bilan pokiza yostiqqa bosh qo‘ygan xotinimni nima jin urdi? Es-hushi qayoqqa uchdi? Oilaning or-nomusi, ayollik sha’ni-g‘ururi qayda qoldi? “Bu zamonda kamroq tug‘ish urf, ikkitasi yetadi”, deb do‘xturlarga allambalo qildirgandayoq fikri buzuqligini sezmagan ekanman. O‘shandayoq shayton yo‘ldan ozdirgan ekan uni. Ayol zoti mayinroq gapirgan erkakka ko‘zini suzib, ko‘kragiga bosh qo‘yaversa, bilmadim, oxiri nima bo‘ladi?
Eh, To‘rtko‘z, bu ayollarni bilmaysan-da, bilmaymiz-da? Pul, latta-putta bo‘lsa o‘zini jarga tashlashdan ham qaytishmas ekan. Mana, shu Xonqulov siyog‘ida odamni qiziqtiradigan nima bor? Bir ho‘kiz sifat kimsa… Lekin cho‘ntagi to‘la jaraq-jaraq pul. Qiziq… zamon o‘zgargan bilan muttaham odamlar o‘zgarmas ekan. Har doim ularning oshig‘i olchi. Xonqulov sho‘ro davrida direktor edi, hozir ham shu. Faqat endi shirkat raisi deyiladi. Ilgari o‘lik jonlarning hisobiga ming-ming so‘m pul ishlardi. Endi esa yaxshi yerning barini ayamasdan sotib yotibdi. Nomiga shartnoma tuziladi. Kuzga kelganda esa mahsulot yo‘q… shartnoma bekor… So‘raydigan odam yo‘q. Chunki boshqa ayrim amaldorlar ham sherik… Oyzoda ham puliga uchgan. To‘g‘ri-da, men qo‘lida bir hosilot bo‘lsam, oylik maoshimdan boshqa narsam bo‘lmasa. O‘g‘irlik qo‘limdan kelmaydi.
Ermon qiyshiq necha martalab: “Ho‘v, inson, o‘zingning ham, boshqalarning ham nasibasini qirqma. Otangdan qolgan mulk yo‘q. Xo‘jalikdagi behisob yerning bir chetidan ozroq sotsak kamayib qolmaydi. Xaridorni men topaman. Bahonada uch-to‘rt yuz ming yoningga qoladi, qorningni og‘ritmaydi, qora kuningga yaraydi”, deb javradi. Men quloq solmadim.
Dalada kartoshka, piyoz, qovun-tarvuz serob, bog‘da nima ko‘p, meva ko‘p. Sal imo qilsam, uyimga mashinalab olib kelishadi. Keyin esa o‘zlari vagonlab o‘g‘irlashadi. Chunki, mening og‘zimni moylab, tilimni bog‘lab olgan bo‘lishadi. Indayolmay qolaman. Eh, To‘rtko‘z, odam bolasining tili qisiq bo‘ldimi, o‘lgani shu.
Lekin hozir ahvolim chatoq. Qamaladigan bo‘p turibman. Gunohsizligimni isbotlaydigan dastagim yo‘q. Xonqulov bilan Oyzoda to‘rni boplab to‘qishgan, undan chiqib ketish og‘ir.
Buni tergovchi ham bilib turibdi. Biroq meni oqlay desa, Xonqulovdan oladiganini olib qo‘ygan. Men esa mirquruqman. Shuning uchun qonunni ro‘kach qilayapti. Bu qonun degani ham ushlovsiz narsa ekan, qayoqqa bursang o‘sha yoqqa ketaveradi…
Mana, oshna, uyimizga yetib keldik. Qara, teraklarimiz ham qorong‘idan qo‘rqqandek titramoqda. U sho‘rliklar ham hovlidagi jimlikdan tahlikada. Gullar, rayhonlar, ishkomlardagi uzumlar ham mung‘ayib qolgan bo‘lsa kerak. Inson baxtiyor kezlarida bu narsalarni sezmas, o‘ylamas ekan.
Men hech qachon oddiygina uy ham g‘am-g‘ussaga botadi deb o‘ylamagandim. Uy ham sevinar, qayg‘urar ekan. Qara, uyimiz naqadar g‘amgin. Derazalari hasratdan qorayib, devor bilan bir bo‘lib ketibdi. Ilgari qanaqa jilmayib turishardi. Sen ularning mayin tabassumi yog‘dusida hovlida xotirjam aylanib yurarding, mening esa olisdan ko‘zim tushishi bilan butun g‘uborim tarqab, ko‘nglim yorishardi…
Charchadingmi, To‘rtko‘z? Besh chaqirim joyga chopib borish, begona qishloqning chetida, itlaridan cho‘chib egangni poylab o‘tirish osonmi? Buning ustiga yana qaytib ham kelding. Qorning ham o‘lgudek och bo‘lsa kerak. Sen bechoraga kim ham ovqat berardi? Mendan boshqa hammaga begonasan. Oyzodani yaxshi ko‘rarding. U ketdi. Butunlay ketdi. Balki qaytib ham kelmas. U kelsa men bo‘lmayman. Endi ikkalamiz bir uyga sig‘maymiz, sig‘olmaymiz.
Shoshma, shoshma! Buncha irg‘ishlaysan, tentak? Bo‘ldi, suykalmay tur. Darvozani ochay, uyga kiraylik. Senga non beraman. O‘zim ham choy ichaman. Og‘zimning taxiri chiqib ketdi. La’nati aroq bilan piyozning kasri bu… E, alam qilib ketdi-da.
Ha, endi sen tura-tur. Men ayvonning chirog‘ini yoqay, hovlining egasi borligi, tirikligi bilinsin. Mana, ko‘rdingmi, hamma yoq yop-yorug‘ bo‘ldi…
To‘rtko‘z, To‘rtko‘z… ish chatoq, og‘ayni. Bittagina non qobdi. U ham toshdek qattiq. Boshqa narsa yo‘q. Ivitib qo‘yaymi? Sen sho‘rlikning tishing ham o‘tmas hali. Zarang bo‘p ketipti bu savil. Yopilganigayam yarim yil bo‘lganov. Yo‘g‘-e, Oyzoda anavi sharmandalik kunida Xonqulov uchun yopgan bo‘lsa kerak, demak, yigirma kunlik. Shundan beri sen ham xayolimga kelmabsan. Nima bilan tirikchilik qilding, sho‘rlik? Biqining ich-ichingga kirib ketibdi, juning paxmayib qolganiga qaraganda, hech narsa yemagansan. Qayoqdan ham yeysan? Mening ko‘rgan kunim dalada bo‘lsa, uyda qozon qaynamasa. O‘g‘irlikkayam o‘rganmagansan bechora. Ma-a, qattiq bo‘lsa ham kemir, bugun boriga baraka. Ertaga xudo poshsho…