Tungi navbatchilikdan keyin ishdan horib-charchab kelsam, xotinim qo‘limga telegramma tutqazdi.
“Ikki kundan keyin to‘y, — deyilibdi unda. — Tutingan o‘g‘lingizni uylantirayapmiz. Siz kelmasangiz bizga tatimaydi. Kamoli ehtirom bilan falonchi.”
Telegrammani o‘qib o‘ylanib qoldim. Keyin falonchining kimligi esimga tushib ketdi. Bundan o‘n yilcha muqaddam olis tumanlardan birida ko‘richagi yorilib asorat bergan bir bolani operatsiya qilgan edim. O‘shanda ota-onasi “Endi o‘g‘limizning tutingan otasi bo‘lasiz”, degan edilar. Shunga ham allaqachon o‘n yil bo‘lib, o‘g‘ilchamiz uylanayapti ekan. Dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani uchun to‘yga borishga qaror qildim. Hamkasbim Azim do‘xtirni ham hamrohlikka ko‘ndirdim.
Yozning boshi emasmi, hali kelinchak ko‘klamning tarovati ketmagan, atrof ko‘m-ko‘k, havo dam olishga chorlovchi tarovatli. Mashinani boshqarib ketar ekanman, nuqul ashula aytgim keladi, yurak sururga to‘la. Hash-pash deguncha tog‘li tumanning to‘yxonasiga kirib bordik. Atrof tumonat odam. Kuyovbolaning dadasi bizni to‘yxona ahliga rosa bir soat tanishtirdi… Buyog‘iga esa oqu qizili aralashib ketdi. Tungi soat o‘n ikkilarda to‘y tugadi…
— Mehmon ako, — dedi kuyovbolaning tog‘asi qo‘limdan tutib. — Ende bizning hovliga borib dam olamez. Hovli shundoqqina qishloqning chetida, bir yog‘i toqqa tutashib ketgan, maza qilib hordiq chiqarasez. Hayme?
“Hay” — deyishdan bo‘lak iloj qolmagandi. Buning ustiga kecha navbatchilik og‘ir o‘tgan, tuni bilan operatsiyada bo‘lgan edik. Charchoqning zo‘ridan ko‘zlar biyo-biyo bo‘lib turibdi. Yarim soat o‘tar-o‘tmas tog‘aning hovlisiga yetib bordik. Kelinoyi hovliga, kattagina qayrag‘ochning tagidagi supa ustiga Azimboy ikkalamizga o‘rin solib berdi. Qishloq tuni chindan ham tarovatli, mayin shabadadan daraxtlar jilva bilan chayqaladi, bepoyon osmonda yulduzlar ko‘z qisib charaqlaydi. Tog‘dan esgan toza havo odamni mast qilay deydi. Allaqayerlardan kelayotgan bahorgi gullarning anvoyi hidi dimoqni qitiqlaydi.
— Bunday go‘shada yashagan odam keksaymasa kerak, — dedim azbaroyi rohat qilganimdan Azimboyga qarab… U esa… allaqachon xurrakni urgan ekan… Shirin xayollar meni ham girdobiga tortib, qanday uyquga ketganimni bilmay qolibman… Bir payt reaktiv samolyotning mudhish ovozidan uyg‘onib ketdim-u yarim yalang‘och o‘tirib olgan Azimboyga ko‘zim tushdi… Qo‘rquvdan ko‘zlari kattalashib ketgan. Bechoraning tili kalimaga kelmasdi. Qarasam, tog‘aning harom qotgur qirchang‘i eshagi bo‘shalib kelib, naq tumshug‘imizning tagida hangrab yuborgan ekan.
— Haytovur, — dedi Azimboy ichko‘ylagining yoqasiga tuflab. — Men bomba portladimi debman.
Charchoq zo‘rlik qildimi, birpasdan keyin ikkalamiz ham qotib qoldik. Necha daqiqa uxladim, bilmayman. Isrofilning suridek mudhish hayqiriqdan sakrab turib ketdim. Ovoz sohibi Azimboy ekan.
— It bo‘lay, — dedi u ko‘rpadan irg‘ib turib. — Oyoq tomonimdan ko‘rpa ichiga bir balo o‘rmalab kirdi. Ilon bo‘lsa kerak.
Gugurtni yoqib, o‘rin-to‘shaklarni silkitib qaradik. Azimboyning chotiga kirib olgan jonivor kichkina mushukbola ekan, bechora sovqotganmi, onasini qo‘msaganmi, har holda issiq to‘shakka uribdi. Bir oz hovrimizni bosib, yana uyquga ketdik… Jungli o‘rmonida chupa-chups shimib sayr qilib yurgan emishman. Bir mahal chog‘roqqina tog‘ bag‘ridagi kattakon g‘orga duch keldim. Ichkariga kirmoqchi bo‘lib, oldinga intilganimni bilaman, tog‘ g‘or-pori bilan yuqoriga ko‘tarildi va 180 darajaga burildi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, tog‘ — ulkan dinozavr, men g‘or deb o‘ylagan chuqurlik esa dinozavr dumining tagi ekan. U burilib katta tezlik bilan quva boshladi. Vahimali chinqirishini-ku, qo‘yavering! Jon holatda qochaman deb yiqilib tushdim. Ko‘zimni ochib qarasam, to‘shakdan ho‘l ariqchaga ag‘anab tushgan ekanman. Shundoqqina paxsa devor ustida mushuklar juftlashib, azbaroyi rohat qilganidanmi, ayyuhannos solib miyovlashar edi.
— Normalniy mushuklar fevral-martda mov bo‘lmasmidi? — dedi so‘ljayib o‘tirgan sherigim.
Bir amallab ichkiyimdagi loylarni artib, joyimga chiqdim. Junjikib to‘shakka kirdim. Bir ozdan keyin badanimga iliqlik inib, ko‘zlarim yumildi. Necha daqiqa o‘tdi, bilmadim, dodlagan ovozdan cho‘chib uyg‘ondim. Azimboy tutqanoq tutgandek qaltirar, chalakam-chatti kalima ham qaytarar edi.
— Meni alvasti bosdi, — dedi dir-dir titrab. — Tirnoqlari o‘tkir, ko‘zlarimni o‘yib olay dedi. Tumshug‘i uchqur, qanotlari ham bor. Ilgari o‘n yoshimda palovga to‘yib, qo‘limdagi moy yuqi bilan uxlaganimda ham bosgan edi. He, sanga qo‘shilib to‘yga kelmay…
U alamdan behayo so‘zlar bilan so‘kindi. Men Azimboyning naq qanshari ostida turgan “alvasti”ni ko‘rish uchun sinchiklab qaradim. U qayrag‘och shoxida sheriklari bilan nimanidir talashib, pastga — Azimboyning basharasiga qulab tushgan babaq xo‘roz ekan. Qorong‘uda chindan ham alvastidek bo‘lib turibdi. Soatga sekin ko‘z yugurtirdim, uning millari tungi uch yarimni ko‘rsatardi.
— Endi, og‘ayni, alvasti yoki yana boshqa birovi bosti deb vahima qilishni yig‘ishtir, bir yarim soatgina mizg‘ib olaylik, — dedim uni insofga chaqirib. — Hademay tong otadi, 200 chaqirim yo‘l bosib ishga ham yetib borishimiz kerak.
Xullasi kalom, qaytadan uyquga ketdik. Dimog‘imda badbo‘y bir hidni sezib, ko‘zlarimni ochdim. Peshonamda so‘laqmondek tumshug‘ini basharamga o‘qtalganicha bahaybat qo‘ng‘ir ayiq turardi. Nafasim ichimga tushib ketdi.
— To‘yga kelmay men o‘lay, — dedim ichimda. — Ey, xudo, ajalim yetaklab keldimikan meni? To‘xta, to‘xta, bu tog‘larda oxirgi ayiq o‘ttiz yil burun otib o‘ldirilgan, deb Qizil kitobda o‘qigan edim. Demak, bu maxluq g‘or-porlarda yashirinib yurgan va odamzoddan beshafqatligi uchun o‘ch olmoqchi bo‘lib uzoq payt poylagan. Men sho‘rpeshona uning nasibasiga to‘g‘ri kelib qolganga o‘xshayman. Alvido, tanish-bilishlar. Ayiq yeb ketgan mendek bir omadsizni eslab turinglar. Alvido!
Ayiqning badbo‘y tumshug‘i tobora yaqinlashib, nihoyat burnimning uchiga tiraldi. U menga tashlanishga negadir shoshmasdi. Yosh bola shokoladni yeyishdan avval obdon tikilib rohatlangani kabi u ham o‘ljasidan rohatlanmoqchi shekilli. Voy la’nati maxluq-ey!
To‘satdan zoologiya kitobida ayiqlar to‘g‘risida o‘qigan bir narsa esimga tushib qoldi. Unda yozilishicha, ayiqlar harchand och bo‘lmasin, o‘limtiklarni yeyishmas ekan. Faqat o‘zlari o‘ldirib, keyin tanovul qilar ekan. Bu ma’lumot meni bir oz ruhlantirib yubordi. Demak, nima qilib bo‘lsa ham tong otgunicha o‘zimni o‘likka solib yotishim kerak. U yog‘iga xudo poshsho! Ey xudo, bechora bandangga rahm qil!
Necha daqiqa qimir etmay yotdim, bilmayman, bir mahal orqamga burga kirib chimillatib chaqdi. Chaqqanda ham shunaqa achitdiki… Qo‘l zormandani orqamga tiqishdan va huzur qilib qashinishdan o‘zimni arang tiyib turibman. Qimirlasam, o‘lik emasligim la’nati maxluqqa ayon bo‘lib qoladi, laqillatganim uchun u boshimni silamasa kerak, har holda! Aksiga olib la’nati burga naq dumbaga qaytadan nish urdi. Sakrab ketishimga bir bahya qoldi. Ey xudo, bu nima azob, yuragini har kuni kalxatlar cho‘qib yeydigan Prometey ham, osmonni ikkita qo‘lida bir umr ko‘tarib turadigan Atlant ham mendek bardoshli bo‘lmasa kerak? Bir bora huzur qilib qashinish uchun minib yurgan mashinamni ham tikib yuborgan bo‘lar edim. Ammo, gap hozir hayot va mamot ustida ketayapti, qashindingmi, o‘zingni ayiqning oshqozonida ko‘raver! Undan naryog‘i o‘zingga ayon! Birpasdan keyin burgalar kavaleriyasi hujumni boshladi. Hushimdan ketganim ming bora afzal edi — o‘yladim men. Shu payt birorta so‘takroq anesteziolog narkoz berib yuborsa ham mayliydi. Bu nima azob?
Ko‘zimning qiri bilan ufqqa tikildim. Oppoq shoyi ro‘moldek bo‘lib tong yorishib kelmoqda. Padari qusur, maxluq rapidadek betini basharamga tiraganicha bir qadam ham jilishni xayoliga keltirmayapti.
— Sharik, mehmonning tepasida nima qilib turibsan, qirilgur, — tog‘aning xotini itini chaqirdi. — Tur yo‘qol, qani! He itdan tarqagan…
Tepamdagi maxluq sekin burilib, boshimdan nari ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bu kattaligi naq buzoqdek keladigan ko‘ppak ekan. Vahimachi bo‘lmay men o‘lay, salgina e’tibor berib qarasam, ikki soat uning badbo‘y hididan bahra olib jon hovuchlab yotmagan bo‘lardim.
— Uzer mehmonjon, — bidirlagancha tog‘a kelib mulozamat qildi. — Itemiz shundoq vafodor, mehmonimezga ber kor-hol bo‘lmaso‘n deb sezni personalniy qo‘riqlab cheqqon. Palage toza-da jonevorneng…
He, palagingga qo‘shilib har narsa bo‘lgin. Bolalarimni otasiz qoldirishingga bir bahya qoldi-ku, zang‘ar!
Xullas, labdagi uchuqlar bitib gazaklar ketguniga qadar Azimboy ikkalamiz bir hafta “bolnichniy” ochtirdik. Azimboy ikki- uch oy psixiatr oshnamizga ham qatnab davo oldi. Shundan beri qishloqqa to‘yga deyishsa, uzr okajon, deymiz va ich-ichimizdan qaltiroq keladi.