— Qobilbek tomorqasini sotarmish.
Bu yangilikni eshitgan Tolibjon ota oromini yo‘qotdi.
— O‘zimizning mahalla, — dedi, — toshiyam, kesagiyam o‘zimizniki. Chetdan biror kishi kelib qoshiq solmasligi kerak.
Qariyaning yuragida shunday xohish uyg‘ondi. Ana shu tuyg‘u asta-sekin butun vujudini qamrab oldi. Xudoga shukr qildi. Yaxshiyam o‘g‘li Solijonni o‘qitib qo‘ygani. Hisobchi bo‘lib ishlayapti. Odamlar ertayu kech dalada ketmon chopib, kafti qavarib ishlayapti. Solijon esa qalamini bir aylantirsa kifoya. Bularning baridan, eng avvalo, Tolibjon ota naf ko‘radi. «Farzandning huzuri deb shunga aytsalar kerak-da», o‘yladi ota.
— O‘zi nima uchun sotarkan? — moshguruch soqolini tutamlab qo‘shni yigitni so‘roqqa tutdi chol.
— Otasini operatsiya qildirishi kerak ekan.
— Xotini-chi, u ham rozimikan, jo‘jabirday jon edi. Naqd to‘rtta bolasi bor-a! — mulohaza qildi qariya. Uning avvalo, o‘ylagani Qobilbekning oilasi emas, balki uning xotini ertaga xarxasha qilishi mumkinligi edi. Ha, chol o‘z tinchini ko‘zlayotgani aniq edi.
Tolibjon ota kechki payt boshiga tashvish tushgan va anchayin xarajatga giriftor bo‘layotgan, shu bois o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida tomorqa sifatida berilgan yerni sotmoqqa shay turgan Qobilbekning eshigiga bordi.
— Keling, ota, — cholni Qobilbekning o‘zi qarshiladi. Garchi ayni damda mehmonga ko‘zi uchib turmagan bo‘lsa-da, o‘zbekchilik, mehmon — atoi Xudo. — Ichkariga marhamat!
— Rahmat o‘g‘lim, umringizdan baraka toping, ko‘p yashang, — dedi odamning lafzi yarim rizqi ekanini juda yaxshi anglagan qariya, — do‘stim tuzukmilar?
— Buyraklari operatsiya qilinmasa bo‘lmas ekan.
— E, chakki bo‘pti-ku, attang, — garchand bu haqida avvalroq eshitgan bo‘lsa-da, biroz ajablanib va tashvishlangannamo bosh chayqadi Tolibjon ota. — Endi nima qilmoqchisiz?
— Pul lozim, uyda ikki juftgina tuyoq yo‘q. Ko‘z tikkanim o‘n sotixli tomorqa, xolos. Shuni pullasam… Agar vaqti kelib tomorqani o‘zimga qaytarib sotadigan kishi bo‘lganida yana ham yaxshi bo‘lardi. Hozir qo‘lim kalta, basharti shunaqa xaridor uchrasa, tomorqani arzonroqqa ham berib yuborardim.
Bu gap qariyaning shundoq ham hovurlardan tahlikaga tushgan qalbiga o‘t purkadi.
— Mayli bolam, — dedi, — bandasining boshi — Ollohning toshi deganlar. Otangizni rozi qilsangiz, saodatga erishasiz.
Tolibjon otaning bama’ni fikrlaridan so‘ng Qobilbekning unga nisbatan hurmati yana ham oshdi. «Shoyad, — o‘yladi u, — ana shu imon-e’tiqodli kishi tomorqamni olsa, bir kun kelib, ahvolim o‘nglangach menga, albatta, qaytarib beradi».
«Tomorqasini kun kelib qaytarib beraman, desam, hech bo‘lmaganda bir-ikki million yutishim mumkin», deb o‘ylardi Tolibjon ota bu yoqda.
Kelishdilar, Qobilbek rozi bo‘ldi. Uning tasarrufidagi yer o‘n millionga baho bo‘ldi. Ertasiga esa Tolibjon ota pulning yarmini berdi.
— Qolganini, — dedi, — yerni hujjatlashtirgandan so‘ng olasan…
Burniga shapaloqdek ko‘zoynakni qo‘ndirgan notarius sotilgan tomorqani Tolibjon otaning nomiga rasmiylashtirib bergach, qariya chuqur tin oldi. Ter bosgan, hadik ufurib turgan yuzida tabassum uyg‘ondi…
* * *
Oradan yillar o‘tdi. Qobilbekning otasi baribir o‘nglanmadi. Uning chap tomon buyragi ishlamay qolgan, shu bois operatsiya qilib olib tashlangandi. Shundan so‘ng bemor bir yilcha yaxshi yurdi. Biroq kutilmaganda taqdir undan ikkinchi buyragini tortib ola boshladi. Ha, Qobilbekning otasi yana ko‘rpa-to‘shakka mixlandi. Tanasida oqib turgan qoniga virus yuqdi. Buyragi ishlamay qolgach, tanadagi zaharli chiqindilar tozalanmas ekan. Oqibatda viruslar qonga o‘tdi. Qobilbek otasining dardiga shifo izlab Toshkentga bordi. Bir apparat bor ekan. Odamning bir tomon bilagidan qon olib, ikkinchi tomonga tozalab o‘tkazar ekan. Lekin bu bilan ham bo‘lmadi. Bemorning joni qiynaldi.
Keksa bemorning umri shu taxlit yakun topdi. Uning umri so‘nggidagi dardli holi Tolibjon otaga qo‘l kelgandi. Qariya shunchaki, pulni band qilib qo‘yish uchun tomorqa sotib olgandi. U yerning narxi borgan sari oshishini chamalardi.
To‘rt yil deganda Qobilbekning omadi chopa boshladi. Nihoyat uning ham yelkasiga oftob tegdi. Savdo qilib biri ikki, mingi tuman bo‘ldi. Boyidi, biroq hali ham yashash uchun durustroq hovli-joyi yo‘q edi. Shunda tuyqus uning xayoliga qaytarish sharti bilan sotib yuborgan tomorqasi keldi.
— Buva, — dedi Tolibjon otani, qariya bu palla sakson yoshga kirgandi, — biz ham sizdek qarib yuraylik. Xudoga shukr, siz bergan pul bilan yelkamdagi yukni aritdim. Ammo otamning umrlari qisqa ekan, peshonamizga sig‘madilar.
— Umringdan baraka top, bolam, — shirin til bilan so‘zladi ota, biroq u Qobilbekni ostonasiga kelganini ko‘rgani hamonoq rangi-quti o‘chib bo‘lgandi. — Alloh jonni o‘zi beradi, omonatini qaysi payt olish ham uning izmida. Otang yaxshi odam edi.
Qobilbek qalbida imoni butun qariyaga minnatdor boqdi.
— Endi, tomorqamni qaytarib bersangiz, boshqa joydan hovli sotib olishimiz ham mumkin-u, ammo, o‘zbekchilik ekan, sizga bergan yerning tafti qo‘msayapti.
— Bergan emas, o‘g‘lim, sotganman deng, — Tolibjon otaning avzoyi buzildi. — O‘sha paytlari yer nisbatan arzon edi…
— Mayli, yer uchun qancha so‘rasangiz beray…
— Xo‘p, derdim-u, ammo, o‘g‘lim ko‘nmaydi-da.
— Ota, axir shartlashgandik-ku!?
— To‘g‘ri, lekin oradan qancha suvlar oqib o‘tdi, bu kunga kelib o‘sha yer menga ham qadrli bo‘lib qolgan…
Qobilbekning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Boisi, u tomorqani qaytarib olish uchun hech qanday qonuniy asosga ega emasdi. Biroq…
Oradan uch oycha vaqt o‘tib, Tolibjon otani o‘sha Qobilbekdan sotib olgan tomorqaning yon tarafidagi devor bosib qoldiyu ajali yetgan ekan, o‘mrovi sinib ketib o‘ldi.
Ta’ziyada Qobilbek ham el qatori qo‘l qovushtirib turardi. U ulamolarning marhumning birovda qolgan yo berar qarzi bor-yo‘qligini so‘rayotgan pallada bir boshqacha bo‘ldi. Va shu zahoti ichida gapirindi: astag‘firulloh, tovba-tovba. Yer eshitmasin, borib aytmasin. Og‘rinmasin…
— Sizdan roziman, – dedi pichirlab Qobilbek. Birov bu gapni eshitdi yo eshitmadi. Ketmonu belkuraklar tuproqlarning changini ko‘tardi. U bag‘ri kuyuk kishilarning ohlaridan yaralgan to‘zonga o‘xshardi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 37-sonidan olindi.