Valijon velosipeddan tushib, endi bozor tomonga burilgan edi, kimdir yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Ortiga o‘girilgandi, qop-qora mo‘ylovchasi o‘ziga yarashgan, bashang kiyingan yigit kulimsirab, ikki qo‘lini cho‘zdi:
— E, akaxon, bormisiz? Salom bersak, alik olmaysiz?
— Uzr. Eshitmabman, — dedi Valijon yigitga hayron boqib. — Vaalaykum assalom.
— Siz Payzavodliksiz-a?
— Yo‘q, Axtachidanman. Fayzoboddan keyingi qishloq.
— Xuddi o‘zi. Axtachida sizni ko‘rganman. Ukangiz ishlayaptimi?
— Ukam yo‘q, jiyanim bor. Mo‘minjon. Ishlayapti… Ha, nimaydi?
— Anovini qarang. Men ukangiz, deb yurarkanman. Ammo-lekin juda bir-biringlarga o‘xshaysizlar. Mo‘minjon bilan birga ishlaganman. Xuddi o‘zingiz-a.
— Jiyanim ko‘mir omborida qorovul turadi…
— Shu-da… E, Mo‘minjon juda ajoyib, bahosi yo‘q, zalatoy. Bir qop yong‘oq, deysiz.
Valijon hamrohiga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib chiqdi. “Nega bu yigitni hech ko‘rmagan ekanman, — ajablandi u, — basharasi tanishga o‘xshaydi-yu… yo‘q, eslolmayapman”.
— Siz ham bozorgami? — dedi Valijon yigitning qo‘lidagi kanistrga ishora qilib.
— Xuddi o‘zi. Siz ja sinchkov ekansiz. Chayqov bozoriga ketayotuvdim, deng. Benziniga qaramagan ekanman, shu yerga kelganda o‘chib qolsa bo‘ladimi? — yigit yo‘l chetidagi qizil “Jiguli”ga imo qildi. — Kanistr ko‘tarib yo‘l chetida ancha turdim. Birontasi hojat chiqaray, demaydi. O‘zingda yo‘q — olamda yo‘q, deganlari shu-da.
— Endi nima qilmoqchisiz? — dedi Valijon yigitga astoydil achinib.
— So‘rashga tilim bormay turibdi, — dedi yigit, — lafzim qaytmasin, deyman-da. Bozor orqasida birov benzin sotardi, shunga tezda borib kelsam, degandim.
— Yaqinmi?
— Ana, shundoq bozorning orqasidagi uchinchi uyda.
— Mang, tezroq keling, — Valijon velosipedining rulini unga tutqazdi, — ishim zaril, ammo…
— Zumda qaytaman. Siz mashinaga ko‘z-quloq bo‘lib turing, xo‘pmi?
Yigit kanistrni rulga ilib, velosipedga chaqqon mindi.
Valijon qancha turdi, yigitdan darak yo‘q. Bir payt qizil “Jiguli” yoniga bir mo‘ysafid kelganini ko‘rdi. Jadallab o‘sha tomonga yurdi. Mo‘ysafid bamaylixotir mashina eshigini ochdi, yukxonaga qog‘oz xaltadagi xarajatini joyladi.
— E, to‘xtang, — dedi halloslab yetib kelgan Valijon. — Tog‘a, benzin topildimi? O‘g‘lingiz qani?
— Ha, birodar, sizga nima bo‘ldi? Qanaqa benzin? Meni kimgadir o‘xshatyapsiz, shekilli?
— Siz… siz…
— Ishqilib, ichmaganmisiz?
— Haligi kanistr… Yangi velosiped…
Valijon jo‘nab ketgan mashina ortidan jovdiragancha qarab qoldi. “Velosiped… kanistr… uchinchi uy…” Valijonning miyasida shu so‘zlar uzoq vaqt bir-biriga navbat bermay aylandi.