Siz ayolni zaifa dedingizmi? So‘zingizni qaytib oling. Bu borada biroz o‘ylab gapirishga to‘g‘ri keladi. Yo‘q, men ularni shaxsiy himoyamga olmoqchi emasman. Chunki ular mening himoyamga zor emas. Ammo shunga qaramay, gapingizni qaytib olishingizga to‘g‘ri keladi. Nega deysizmi?
Tebsa-tebranmas, dunyoni suv bossa, to‘pig‘iga chiqmaydigan erkaklar ayollarni deb… odamga aylanganlarini eshitmaganmisiz?
Jiyanim bor. Sabrdan keyin tug‘ilgan. Bir joyda o‘tirolmaydi. Har kuni uchta paypoq yirtadi. Kutish desa labiga uchuq toshadi. Hech qachon aytilgan vaqtda kelmaydi, kerak payti izlab topolmaysiz. Diplom ishini domlalari auditoriyaga qamab qo‘yib yozdirishgan. Shu jiyanim bir ofatijon tufayli «qolip»ga tushdi-qoldi.
Itdan juda qo‘rqardim. Ishonasizmi, ayol tufayli bu qo‘rquvdan batamom xalos bo‘ldim. Voqea bunday bo‘lgandi. Bo‘lajak keliningiz bilan uchrashuvdan qaytayotgan edik. Ka-atta bir kuchuk bola bizga qarab pildirab qoldi-ku! Damim ichimga tushib ketdi. Shu payt yonimdagi xonim itdan qo‘rqqan odamlarni jini suymasligini aytib qoldi. Birdan dadillandim, yonimizdan beparvo o‘tib ketayotgan bechora itni shunday quvladimki, xuddi u odamu men itdek…
Harbiy xizmatdaligimda bir ehtiyotsizlik tufayli xizmatdoshimning oyog‘i lat yedi. Doktorlarga olib borish mening zimmamga tushdi. Borgunimizcha u oh-vohlari bilan hammamizni «qon» qildi.
Tibbiy bo‘limda esa ahvol butunlay o‘zgardi. Baxtimizga bizni shunaqa hamshira qarshiladiki, bemorning yodidan oyog‘i, bizning yodimizdan bemor chiqib ketdi.
Xullas, kelguncha tinimsiz voy-voylagan xizmatdoshimiz uni ko‘rib tirjaya boshladi. Hayron qoldim. Nima qilarkin degan o‘yda yaramasning lat yegan oyog‘ini jo‘rttaga bir-ikki turtib qo‘ydim. Og‘riqqa chidolmay chinqirib yuborishini kutgandim…
Chinqirish qayoqda, qah-qah otib kuladi, ablah. Buyam yetmaganday hamshiraning «ko‘p gapirmang urinib qolasiz» degan gapiga iyib, «sizning qo‘lingizda o‘lishgayam roziman» desa bo‘ladimi!
Gazetadan o‘qib qoldim. Bir ayol o‘g‘lini toptab tashlamoqchi bo‘lgan begemotni bir urishda narigi dunyoga ravona qilibdi. Agar u zaifa bo‘lsa, shunday bahaybat maxluqqa bas kela olarmidi?
Xullas, ayol — zaifa emas. Zaifa boshqa?
Kim deysizmi? Qo‘ying nima qilasiz, gapni ko‘paytirib?!