Boboravshan G‘oziddinov. Suv (hikoya)

– O‘z oyog‘i bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n!

Dilshod shunday deya o‘rnidan sapchib turdi-yu, derazadan tashqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan daraxtlarga, so‘ng tik tepalik yonbag‘ridagi yolg‘izoyoq yo‘lda chelakning og‘irligidan zo‘rg‘a odimlayotgan qo‘shni bolalarga qaradi. Sharqirab oqayotgan soyning toshloq sohili bo‘ylab yurgan nigohi nihoyat Beshtut qishlog‘iga tushdi-yu, tag‘in dardi yangilandi.

U o‘ttiz besh yillik umri kechgan Beshtutga hasad va nadomat aralash boqar ekan, ota hovlisi u yoqda qolib, o‘rtancha akasining o‘rniga – Yakkatepadagi uyga kuni qolganidan o‘kinar edi. Aslida-ku, Yakkatepa ham kishi havas qilsa arzigulik joy edi. Bundan uch yil burun ham soy boshidagi kichik buloq Beshtutga, biroz yuqorida joylashgan katta chashmaning suvi esa terak bo‘yi baravar balandlikdagi toshariqdan Yakkatepagacha bemalol borar, o‘n-o‘n besh chog‘li xonadondan ortgani esa u tiklagan molxonaning yonginasidan soyga enib ketardi. Shuning uchun ham otasi Turdi polvon uni bu yoqqa ko‘chiraman, deganida ko‘p ham dili og‘rimagan, qaytanga, pul topaman deb shaharma-shahar, yurtma-yurt kezib keksa ota-onasini yolg‘izlatib qo‘yganidan uyalgan va ko‘ch-ko‘ronini o‘z ixtiyori bilan ko‘tarib kelgandi. Ne kasofat urdiki, u ko‘chgan yili kuzakda sel kelib, tepadagi buloqning o‘zanini yuvib ketdi. Endi g‘ordan suvning shildirashi eshitiladi-yu, o‘zi ko‘rinmaydi, yomg‘ir to‘xtashi bilan tepa qishloqqa boradigan ariqning o‘zani tars-tars yorilib ketadi. Shundoq ham lalmi g‘allayu bahorgi yaylovdan boshqasiga yaramaydigan bu keng­likda yakkatepaliklar qo‘l chayishdan tortib ichimlik suvigacha soydan tashib, kun ko‘radigan bo‘lib qolishdi.

Dilshod shular haqida o‘ylar ekan, sinfdosh jo‘rasi Anvarning gapi yodiga tushdi:

– O‘zing o‘ylab ko‘r, pastga engan suvning yo‘lini to‘sib bo‘ladimi, a? Sen nasos o‘rnataman, qishloqqa suv chiqaraman, deysan. Lekin elning og‘ziga elak tutib bo‘larmidi?! Ming yil o‘tsayam, hamsoyalaring Oysifatning kasofati urib, nasosdan suv ichadigan bo‘lib qolgandik, deydi.

Dilshod sham yorug‘ida burqsiyotgan tutundanmi yoki Anvarning so‘zlarini tushunmaganidami, yuzini tirishtirib, navbatdagi qadahni dast ko‘tarar ekan:

– Tushunmadim, nimaga xotinimning kasofati uradi, – dedi ko‘ngli ham yemakxona kabi qorong‘ilashib.

– Lekin qoyilman senga! Bilib turib bilmaganga olasan-a?! O‘zingcha mardlik qilaman deysan-da! …Polvon seni nima uchun badarg‘a qilganini butun xalq biladi-ku!.. Xotining har ikki kunda shaharlik begona erkakning mashinasida shuncha yo‘ldan yolg‘iz kelsa… Nima, Beshtutning taksisiga o‘t tushganmi, a? Bir balosi bo‘lmasa…

Dilshod keyin nima bo‘lganini eslay olmaydi. Ammo ertasiga chap qovog‘i shishib, aft-basharasi tirnalganidan kishi tanimas qiyofada uyg‘ondi. U ichidagi olovni o‘chirish uchun sovuq choyni yutoqib ho‘plarkan, eshikdan ko‘rinish bergan Oysifatga qarata qo‘lidagi choynakni uloqtirdi. O‘sha kuni kechgacha er-xotinning janjali tinmadi. Axiyri Oysifat: “Qanday qasam ich desangiz, ichayin! Ket, desangiz ketayin, lekin bunday noma’qulchilikni qilmaganman! Necha marta aytay, u uzoq qarindoshim bo‘ladi, ikki marta olib kelib qo‘ydi. Shundayam tekinga emas, pulini sanab qo‘liga berganman!” – deb turib oldi.

U xotinining bu gaplaridan so‘ng ne qilarini bilmay qoldi. Aslida, ayolidan shu vaqtgacha ko‘ngli to‘q edi. Hozir ham unga jon-jon deb ishonishga tayyor. Ammo anavi malomat gaplardan so‘ng uning qarshisida ikki yo‘l bor: yo Oysifatga ishonib, bariga qo‘l siltab yashash yoki ajrashib, bolalarini o‘zi bilan olib qolish! Lekin har ikki holda ham farzandlariga jabr bo‘ladi. Illo, kun kelib bu mish-mishlar la’nat tamg‘asiday ularning yuziga botsa, dodini kimga aytadi?! Dilshod shular haqida o‘ylay-o‘ylay, g‘iybatlardan qochib, hech kim tanimaydigan, bilmaydigan uzoq shaharga ko‘chib qutulish kerak, degan qarorga keldi.

“…Ketaman bu Sahroyi kabirdan… ketama-an-n!”

Dilshodning so‘nggi so‘zlari Turdi polvonga toshday og‘ir botdi. Polvon jussasini tik tutmoqchiday, orqadagi yostiqqa suyangancha boshini ko‘tarib, hamon deraza qarshisida turgan o‘g‘liga:

– Berman kel, – dedi.

Dilshod istamaygina onasining yoniga cho‘kkalladi. So‘ng:

– Ota, to‘g‘risiyam shu! Bu yerdan ko‘chmasam bo‘lmaydi, – dedi.

Hech bir gapdan xabari bo‘lmagan polvon o‘g‘lining bu so‘zidan battar achchiqlanib:

– Shuncha odam ne bo‘lsa, sen ham shu! Suvni borsakelmasdan tashisang ham, qishloqdan bir qadam nari ketmaysan! Begona elda bolalaring kimning qo‘liga tikiladi-a? Topgan bahonang – suv, suv! Ana, soy to‘lib oqib yotibdi. Bir kunda ikki satil ko‘tarib chiqsang, o‘lmaysan! Shahar ko‘rib, juda naziklashib qolgan bo‘lsang, enang ikkimiz tashib beramiz! – dedi. Shu bilan ota-bola o‘rtasidagi muzokara nihoyasiga yetdi. Dilshod boshqa bir og‘iz ham gapirmadi. Polvon buni o‘zicha tushunib, kampirini oldiga solib, uyiga jo‘nadi. Ikki kun o‘tar-o‘tmas, Dilshod yana o‘sha pultopar ishini axtarib, allaqaysi shaharga ravona bo‘ldi. U ketdi-yu, ortidan gap bolaladi: “Dilshod pul yig‘ayotgan emish”, “U shahardan dang‘illama bir hovlining savdosini pishitib qo‘yganmish…”.

Buni eshitgan polvon kelinini qistovga oldi. Ammo Oysifat: “Bilmadim, aniqmas”dan nariga o‘tmadi. Chol bundan biroz taskin ham topgan edi, tag‘in mish-mishlar battar avj oldi. O‘sha g‘iybatlar bilan aralashib, kelini haqidagi gap-so‘z ham qulog‘iga yetdi. Shundan so‘nggina polvon Dilshodning nega “ko‘chaman”ga tushib qolganini fahmladi. Yakkatepaliklarning: “Bu gaplar rost bo‘lmasa, shuncha yildan buyon oqib yotgan bulog‘imizni sel olib ketarmidi? Polvonning kelini kelib, qishlog‘imizdan fayz ketdi”, degan gapi uning gardaniga chilvirday botdi. Bir ko‘ngli o‘sha shaharlik taksichi bilan kelinini xumordan chiqquncha qamchilamoqchi ham bo‘ldi. Ammo bu tuhmat toshidan bo‘lak narsa bo‘lmasa, yuzi shuvut bo‘lishidan cho‘chib, shashtidan qaytdi. Tag‘in soy boshidagi buloq yodiga tushib, to‘rig‘ining boshini o‘sha tomonga burdi.

Turdi polvon yilqini o‘z ixtiyoriga qo‘yib ketarkan, o‘rgimchak to‘riga ilingan o‘lja yanglig‘ xotiralar girdobida qolgan edi. Huv o‘shanda, buloqni sel yuvib ketgan paytda polvon yakkatepaliklarni yig‘ib, qishloqqa suvni qay yo‘sin qaytarish mumkinligi haqida gap tashlagan edi. Bunga har kim har turli so‘z aytsa-da, gap ravishi polvonning o‘ziga borib taqalgan va suv­ni qaytarish imkonsizligi allanechuk tushkun bir ohangda aytilgan edi. O‘shanda o‘g‘lining yon qo‘shnisi Rustam: “Ha, endi, polvon bobo, suvni pastga qaratib tortib ketgan bo‘lsangiz, o‘zingiz qaytarib berasiz-da! Lekin bu bizning qo‘limizdan keladigan ish emas. G‘orning chuqurligini borib ko‘rdingizmi?” degan edi. Turdi polvon esa bu gaplarni shunchaki hazil bilgandi. Endi o‘ylab qarasa, Rustamning har bir so‘zida achchiq kinoya, kosa tagida nim kosa bor ekan. Turdi polvon o‘sha gaplarni eslar ekan: “Elning oldida bo‘larimcha bo‘lgan ekanman-ku!” der va yer yorilishini kutib o‘tirmayoq, tuproq tagini makon tutgisi kelib ketardi. Axir, oriyati tog‘dan baland bo‘lgan kishi uchun bu kabi so‘zlar o‘lim bilan barobar emasmi?! Boz ustiga bir zamonlar Eshmat to‘qimchi qo‘shni ayolga yovqarash qilgani uchun uni el oldida sharmisor qilib, bu yerlardan bosh olib ketishiga sababchi bo‘lgan ham Turdi polvon edi. Mana endi kelini… O‘rni kelsa tog‘ni ham jildirishga qurbi yetadigan polvonning qaddi bu g‘amdan dol bo‘ldi. U bir kunning o‘zida yana yetmish yoshni yashab o‘tdi. Yillar ayovsiz chiziq tortgan yuzi g‘amdan qorayib, soch-soqoli birdan oqargandek bo‘ldi. U Dilshodni farzandlarini yolg‘iz tashlab, oylab, yillab yo‘qolib ketgani uchun bo‘ralab so‘kar, xayolan o‘g‘lini ham, kelinini ham o‘lgudek qilib do‘pposlardi. Tag‘in Oysifatning bundayin telbalik qilishiga ishonmas va shu choqda yakkatepaliklarga qarata: “Ko‘ngillaring bir yutum suv bilan to‘ladigan bo‘lsa, chelaklab boshlaringdan quyganim bo‘lsin!” derdi. Sirasini aytganda, polvonning ko‘ngli g‘iybatparast va loqayd qish­loqdoshlaridan ham, ular nafas olayotgan yorug‘ ochundan ham sovib ketgandi.

Polvon shunga o‘xshash o‘ylar bilan buloq boshiga qoziq qoqib, xurjundagi uzun arqonning bir uchini unga bog‘ladi. Boshqa tomonini esa g‘orga tashlab, arqonga osilgancha pastga tushdi. Polvon uning tubiga yetganda tizzasiga urib oqayotgan muzdek suvdan boshqasini his etmas, qorong‘ida ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas edi. Odam burilib olishi mushkul bo‘lgan torgina chuqurning chor tarafi tosh bilan o‘ralgan, suvning qayerdan chiqib, qay tomonga ketayotganini bilish mushkul edi. Umrining yetmishinchi dovonidan oshib o‘tgan chol sovuqdan dirdiragancha dam qo‘li, dam oyog‘i bilan paypaslanib, suv oqib ketayotgan joyni axtarardi. Nihoyat, avval suv chiqayotgan, so‘ng singib ketayotgan yerni topdi. G‘orning tubidan bir qarich tepa joydan suv qaynab chiqar, biroq odamning beliday keladigan yoriq uni yutib yuborayotgan edi. Polvon g‘or tubidan tosh axtarar ekan, yakkatepaliklarni ham, o‘g‘li Dilshodni ham koyiy boshladi. Axir, suv ketayotgan joy unchalik katta emas ekan. Ular bo‘lsa ko‘rmay turib: “Suv bunday joyda pastga qarab ketdimi, oldini to‘sishning foydasi yo‘q”, degandi.

– Yo, tavba, – dedi polvon Dilshod bilan yuzma-yuz so‘zlashayotganday, – bitta tosh bilan bitadigan chuqurni deb shunday yerdan ko‘chib ketaman, deysan-a?! Mana, endi uying tepasidan bir ariq suv oqib tursin-chi, ko‘chib qayerga borarkansan!

Turdi polvon shunga o‘xshash o‘ylar ichra qo‘liga ilashgan tosh bilan suvning yo‘lni to‘sdi. Ammo toshning bo‘rtig‘i ko‘tarib qoldimi, toshning tagidan suv ketishi to‘xtamadi. Polvon biroz engashib, toshni oyog‘i bilan tepdi. Foydasi bo‘lmadi. Tag‘in qattiqroq bir harakat qilgan edi, qo‘yayotgan to‘sig‘i baravar oyog‘i ham chuqurning narigi tarafiga o‘tib ketib, soni tosh orasida siqilib qoldi. Turdi polvon oyog‘ini tortib olishga qanchalik urinmasin, majoli yetmas, yoriqqa to‘siq bo‘lib qolganidan suv sathi ko‘tarilib borar edi. Polvon boyagidan ham battar dir-dir qaltirar, shu barobarda peshonasidan achchiq ter quyilardi. Oyog‘ini chiqarib olishga behuda urinar, kimdir ichkariga qarab tortayotganday edi. G‘or tepasida bog‘liq turgan ot esa xavfni oldindan payqagandek, yer tepsinib, qisqa-qisqa kishnar va qozig‘i atrofida tinimsiz aylanardi. G‘or esa suv bilan to‘lib borardi. Polvon borgan sari holsizlanar, hamon oyog‘ini tortib ololmay sarson edi. Nihoyat, zabonsiz jonivor bor quvvatini yig‘ib, old oyoqlarini havoda o‘ynatgancha siltab, arqonini uzdi-da, qishloq tomonga shiddat bilan yugurib ketdi. To‘riqning shiddati vujudiga sig‘masdi. Quloqlari orasidan vizillab o‘tayotgan sovuq shamol va hojasining g‘ami aralash ko‘zyoshi shashqator bo‘ldi. Yakkatepaning uch yildan buyon quruqshab yotgan tosharig‘ida shildirab suv oqa boshladi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 12-son