Ammam Mahbuda Nuriddinxon qizi xotirasiga
Kechagina bahorning nafasi ufurib turgan tabiat yana qovoq-tumshug‘ini osiltirib oldi. Oqshomga yaqin jimirlab yog‘a boshlagan yomg‘ir qorga aylandi. Tuni bilan yog‘ib chiqqan qor tongda tinib, izg‘irin shamol butun borliqni zabtiga oldi. Sobir molxonaga boradigan yo‘lning qorini kurab, sigirga yem-xashak tashlab qaytguncha sovuqda tarashadek qotdi. Qo‘li qip-qizil bo‘lib achisha boshladi. U kaftiga quh-quhlab uyga qaytarkan: “Fevral arosatga o‘xshaydiya, kechagina bahor edi. Bugun yana qish”, deb xayolidan o‘takazdi. Keyin tandir boshida etigini echib, kalish kiydi. Ust-boshini qoqib uyga kirdi. Qarasa, xona to‘rida ammasi – Mehri opa o‘tiribdi. Sobir ostona hadlashi bilan ammasi o‘rnidan turib quchog‘ini keng ochdi. Sobir salom berib ammasi bilan ko‘rishdi. Mehri opa jiyanini bag‘riga bosib, uni yosh boladay erkalab:
– Og‘ajonimdan, suyangan tovim, ishongan bog‘im! Mehribonim!!! – dedi. Ular ahvollashib bo‘lar-bo‘lmas Sobir ammasini savolga tutdi.
– Kim bilan keldingiz?
– Menga jin urarmidi, o‘zim kelaberdim, – dedi Mehri opa.
– Shu sovuqda sizga zarilmi, amma? Bir og‘iz telefon qilsangiz moshin bilan olib kelardim.
– Issig‘iyam-sovug‘iyam o‘zimizniki. Chidaymizda endi. Xudoning bergan kuni.
Sobirning ko‘ksida bir narsa chirs etib uzilganday bo‘ldi. Ammasining: “Issig‘iyam-sovug‘iyam o‘zimizniki”, degan gapi jon-jonidan o‘tib ketdi. Demak ammasini kimdir hafa qilgan. Mehri opa esa birovga aytib-aytmay tugunini ko‘tarib ko‘chaga chiqqanu Sobirning uyigacha bo‘lgan bir yarim chaqirimlik yo‘lni poyu-piyoda bosib o‘tgan. Bu yo‘lni shunchaki yurib o‘tsa ham mayli edi, kelguncha necha joyda to‘xtab, yig‘layverib bug‘ilib qolgan nafasini rostlab, keyin yana qishloq boshidagi tutqatorda ko‘z yoshlarni artib, yuzini ariqdagi sovuq suvga chayib kelib o‘tiribdi. Endi na birovga arz qiladi va na taqdiridan noliydi. Hamma dardini ko‘z yoshiga qo‘shib ko‘chaga tashlab kelganu hech bir hasrati qolmaganday kulib-quvonib gurung berib o‘tiraveradi. Siz ahvolini bilish ilinjida qancha qiynoq-qistovga olsangiz ham baribir, Xudoning bergan kuni, birovdan oldin, birovdan keyin bo‘lib yuribmiz, deyishdan nari o‘tmaydi.
Darvoqe, Mehri opa turmushdan ajrashgach boshqa oila qilmadi. Yaqinlari qanchalik qistovga olmasin, bir gapda turib oldi: “Erkak zoti shu bo‘ladigan bo‘lsa, qaytib er qilmaganim bo‘lsin!”
O‘shandan buyon u Sobirning ota-onasi va ukasi bilan bir uyda yashaydi. Hozir Mehri opani xafa qilgan ham ulardan biri. Kim bo‘lsa ham bilib-bilmay ammasining dilini qattiq og‘ritgan. Mana endi u bir hafta nari-berisida Sobirning uyida yashaydi. Shu vaqt mobaynida Sobirning bolalarini yuvib-taraydi, keliniga nasihat qiladi, uy yumushlariga qarashadi. Boshqa payt qorasini ko‘rsatmaydigan qo‘shni ayollar ham kunora gurung axtarib Mehri opani yo‘qlaydi. Ularni kuzatib qo‘ygan Mehri opa Sobir bilan tongotar gurung qiladi. Nihoyat, qaysidir kuni Sobirning ukasi yo otasi mashinada kelib signal chaladi. Mehri opa esa boladay quvonib tugun-tog‘arasini ko‘tarib jo‘naydi. Keyin Sobirning uyi ko‘ngli kabi huvillab qoladi. Tag‘in u har safar o‘ziga-o‘zi va’da berib: “Endi ammamni ko‘rsam hamma gapni aytib, azob yeb yurishingizga men aybdorman, deyman. Keyin meni urushsa ham, umrbod yuzimga qaramay ketsa ham mayli, bariga chidayman”, deydi.
* * *
O‘shanda Sobir o‘n yashar bola, ammasi Mehri opa esa bo‘y yetgan qiz edi. Ular tun-kun bir-biridan ayrilmas, ammasi uy yumushlarini bajarayotganda ham, paxta terimiga chiqqanda ham jiyanini yetaklab yurardi. Oqshomlari esa Sobirning darslarini birga tayyorlashar va jiyanini ertak aytib uxlatar edi. Sobir biror sho‘xlik qilib, ota-onasidan dakki yeydigan bo‘lsa ham ammasi uni himoya qilardi. Shu sabab Sobir ota-onasidan ham ko‘proq ammasini yaxshi ko‘radi.
O‘sha yili bahorning adog‘ida Mehri opani qo‘shni mahallaga uzatib ketishdi. To‘ydan so‘ng oradan biror hafta o‘tib-o‘tmay ammasini sog‘inib xar-xasha qilgan edi, onasi Sobirni olib ammasining uyiga bordi. Shu kuni onasi uylariga qaytmoqchi bo‘ldi, Sobir esa ammam bilan yotaman deb turib oldi. Mehri opa ham jiyanining yonini olib:
– Checha, tashlab ketsangiz ham bo‘laberadi. Uzoq joy bo‘lmasa, ketaman deb qolsa oborib tashlaymiz, – dedi.
Noiloj qolgan ona, o‘g‘lini qoldirib yakka o‘zi ortiga qaytdi. Bundan quvongan bolakay kuni bilan ammasining izidan qolmadi. Kechki payt ishdan qaytgan pochchasi Tursinboy aka Sobirni ko‘rib:
– Mehmon bola hali ketmadimi? Yarim kechasi turib olib enamni sog‘indim, deb janjal qilmaydimi? – dedi. Mehri opa esa:
– Yo‘q, – dedi. Bu javobdan qoniqmagan pochchasi Sobirga yuzlanib:
– Kechasi siyib qo‘ymaysanmi? – deb so‘radi. Sobir uyalib boshini egdi va yo‘q deganday ishora qildi. Tursunboy aka indamay nari ketdi. Zum o‘tmay Mehri opani chaqirib nimadir dedi. So‘ng Sobirning yoniga qaytgan ammasi:
– Og‘ajon, seni jezzang uyga oborib qo‘yadi. Esli-xushli boladay o‘zing tez-tez yurib bor, jezzang ishdan charchab kelgan, xo‘pmi? – dedi. Sobir noiloj rozi bo‘ldi. Shu-shu bo‘ldiyu Sobir pochchasini yomon ko‘rib qoldi. Bo‘lmasa, u Sobirga biror yomon gap aytgani yo‘q. Lekin bari bir Sobir pochchasi haqida o‘ylasa ko‘z oldiga ertakdagi yomon odamning qiyofasi kelardi.
To‘ydan keyin uch oy o‘tar-o‘tamas Mehri opa shom qorong‘isida uylariga qaytib keldi. Uning yig‘layverib ko‘zlari qizarib shishgan, o‘zi ham bir ahvolda edi. Mehri opa uyga kirishi bilan yangasining bo‘yniga osilib uvvos tortib yubordi. U o‘zini tutolmay yig‘larkan: “Checha, bu do‘zaxda yasholmayman… Enam tirik bo‘lganda buncha xo‘rlanmasdim… Uyini yelkamning chuquri ko‘rsin”, derdi. Yangasi esa uni yupatishga urinardi. Mehri opa tag‘in battar yig‘i-sig‘i qilarkan: “Checha, qaytib u uyga bormayman”, dedi. Sobir ammasi avvalgiday uylarida yashashini eshitib, bolalarcha soddalik bilan sevindi. U bobosi va otasi o‘tirgan xonaga yugurib kirar ekan:
– Ota-ota, suyunchi bering, – dedi.
– Ha, nima gap? – dedi otasi umidvor qarab.
– Ammam endi uyimizdan ketmaskan. Har doim biz bilan yasharkan!
– Tilim bor deb valdirayverasanmi, tirrancha, – deb otasi Sobirning yuziga tarsaki tortib yubordi. Keyin qilgan ishidan afsuslanganday yuzi ayanchli tus olib:
– Bor yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma, – dedi.
* * *
Kelinlik uyidan qaytib kelgan Mehri opani kimdir almashtirib ketganga o‘xshardi. Zero, u Sobirning darslariga yordam bermas, ertak ham aytmasdi. Aksincha, iloji boricha Sobirni ertaroq uxlatib, yuzini yostiqqa bosib piqqillab yig‘laydi. Maboda Sobir uyg‘onib ketsa, uni bag‘riga bosib: “Seniyam qo‘rqitib yubordim-mi? Bo‘ldi, endi yig‘lamayman, uxla”, deydiyu tag‘in ko‘z yoshini tiyolmaydi. Sobir suyagi qotmagan barmoqlarni musht qilib tugadi. So‘ng o‘zini ammasi aytib bergan ertak qahramoniday his etib, xayolan pochchasining adabini berib qo‘yadi.
O‘sha tunda ham Sobir odatdagiday ammasi yig‘lagani uchun uxlay olmay yotgan edi. Xonaga Sobirning onasi – Shodiya xola kirib keldi. Uni ko‘rgan Mehri opa o‘rnidan turar-turmas ko‘zini artdi.
– Ko‘z yosh bilan ish bitmaydi, egachi. Agar ko‘z yosh bir narsani hal qilganda enangiz tirilib kelardi, – dedi Shodiya xola.
– Chin aytasiz, checha. Ko‘z yoshdan foyda yo‘q. Ertaga ketaman. Sizlarniyam ziq qilib yubordim. Nima bo‘lsayam peshonamdan ko‘rib yashayberaman, – dedi Mehri opa.
– Hay-hay, kenja qiz, sira unday demang! Shundaygayam akangiz bilan otangizning ochchuvi chig‘ib o‘tiribdi. Necha kundan bermag‘on bir kelib xabar olmadi, bizning qadrimiz shunchalikmidi, deb. Ming qilsayam qizimiz yerda yotgan toshmasku, hech bo‘lmasa kelib aybini aytib ketsin edi, deyishayapti. Rostiyam shuda, kenja qiz! Hozir otangiz aytibdi, agar uch kunda kelib xabar olsa-oldi, bo‘lmasa, borib o‘zim javobini olib kelamanda, tenggi chiqqan joyga berib yuboraman, bir marta ko‘ngliga qaradik bo‘ldi, deb.
– Chechajon, keladi, deb ayting. Kuyovingiz yomonmas, enasi bilan singlisi egovlab ado qildi. Shulardan qochib bu kishiyam…
– Mayli, kelsa bo‘ldi. Bizgayam sizning baxtingiz kerak.
Mehri opa yangasini kuzatib qo‘ygach Sobirning papkasidan daftar-ruchka olib, nimadir yozishga tutindi. Sobir bir ko‘zini xiyol ochib, ammasini kuzatib yota-yota uxlab qoldi.
Tongda Sobirni uyg‘otgan ammasi uning bo‘yniga allaqanday tumorni taqib:
– Og‘ajon, bugun bizning uyga borib kel. Jezzang uyda bo‘lsa kerak. Mana shu tumorni jezzangga ber. Boshqa birovga ushlatma, xo‘pmi? Meni yaxshi ko‘rasan, a? – dedi. Sobir ammasining topshirig‘ini diqqat bilan eshitib, ha deb bosh chayqadi.
* * *
Sobir muhim topshiriq olgan askarday old-ortiga qaramay yugurib borardi. U avval o‘zlarining ko‘chasidan borib katta yo‘lga, undan sal yurib kanal bo‘ylab ketgan toshloq ko‘chaga burildi. Bu ko‘chadan odam kam yurar, ammo u qo‘shni mahallaga olib boradigan yagona yaqin yo‘l edi. Sobir toshloq ko‘chada tez-tez ketib borarkan kecha ammasi bilan onasi o‘rtasida bo‘lgan gurung yodiga tushdi. Keyin nima uchun ammasi bu tumorni jezzasiga berib yuborganiga qiziqib to‘xtadi. Sobir birov ko‘rib qolishidan cho‘chib tol panasiga o‘tdi. Keyin bo‘ynidan tumorni olib, uning chokini so‘tdi. Tumorning ichiga ikki varaq qog‘oz qatlab solingan edi. Qog‘ozning to‘rt beti ham qizil va ko‘k ruchkada bezab yozilgan ekan. Sobir kanal bo‘yida o‘tirib olib uni o‘qiy boshladi: “Sog‘inchli xat!..”
Sobir maktubni xatm qilarkan bu satrlarni ammasi yozganiga ishongisi kelmasdi. Ayni damda pochchasiday yovuz odamga bunday shirin so‘zlarni yozgan ammasi ham o‘sha ertaklardagi kabi qiyofasi o‘zgaradigan jodugarday ko‘rina boshladi. Sobir o‘zini aldangan va xo‘rlanganday his etib, alam bilan:
– Yo‘q, ammam faqat meni yaxshi ko‘radi, sog‘inadi, – dedi. Keyin xatni yana avvalgiday qatladi va o‘ylab o‘tirmasdan maktubni maydalab yirtdi. So‘ng uni tol tagiga ko‘mib tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo qachondir ammasi kelib xatni topib olishidan cho‘chib, nima qilarini bilmay o‘ylandi. Tag‘in nima bo‘lsa-bo‘lar deganday qog‘oz qiyqimlarini kanalga qarata uloqtirdi. So‘ng “jinoyat” izini yo‘qotish uchun “tumor”ning lattasi va ipini biriktirib toshga o‘rab uni ham qog‘ozning izidan otib yubordi. Ammasi shubhaga bormasligi uchun yana biroz ko‘chada sang‘ib yurdiyu uyiga qaytdi. Uning kelganini ko‘rgan Mehri opa Sobirni bir chetga tortib gapga tutdi:
– Tumorni oborib berdingmi? Jezzangning qo‘liga tutqazdingmi? Nima dedi?.. hech narsa demadimi? Mayli. Sen-chi, tumorni ochib ko‘rarkansiz, dedingmi?.. Ha, yaxshi! – dedi va Mehri opaning tund qiyofasi ochilib, shuncha vaqtdan buyon birinchi marta jilmaydi.
* * *
Aytilgan muddat yaqinlashgani sari Mehri opaning ko‘nglini qo‘rquv egallay boshladi. Endi u tez-tez Sobirni savolga tutar va o‘sha kungi gaplarni takror so‘rardi. Sobir esa “tumor”ni egasiga yetkazib berganini takrorlashdan charchamasdi.
Ko‘p vaqt o‘tmay Mehri opaning kelinlik uyini to‘ldirib turgan ko‘rpa-to‘shak va boshqa buyumlarning yarmini olib kelishdi. Ularni Sobir va ammasi yotadigan o‘sha xonaga joylashtirishdi. Narsalarning ko‘pligidan taxlagan ko‘rpalar xonaning yagona derazasini to‘sib, zimiston qilib qo‘ydi. Endi bu xonaga kunduz kunlari ham chiroq yoqib kirilar, hali ohori ketmagan buyumlar chiroqning xira yog‘dusida qandaydir sirli, jozibador bo‘lib ko‘rinsada, ularga qaragan kishi ko‘nglida iztirobli achinish hissini uyg‘otardi. Mehri opa dunyoga sig‘may ketgan chog‘da shu xonaga qamalib olib, ko‘rpayu yostiqqa yuzini bosib yig‘lar, kuni bilan u yerdan chiqmay o‘zi uchun aziz bo‘lgan narsalarga termulib o‘tirardi. Uning bu nigohida kimnidir intizor kutayotgani shundoq bilinib turar, ana shu ilinj, umid Mehri opani hayot bilan bog‘lab turgan edi.
Mehri opa ularni qanchalik asrab-avaylamasin buyumlar zax va qorong‘i xonadan birma-bir chiqib to‘zib ketdi. Beshavqat yillar Mehri opa uchun azizu mukarram bo‘lgan bu buyumlarning ohoriga qo‘shib barakasini ham uchirdi. Endi bu buyumlarga uyning istalgan burchagida duch kelish mumkin edi. Ammo Mehri opaning ko‘zidagi o‘sha ishonch, umid hali-hamon so‘nmagan va kimnidir intiq kutardi. Bu ayniqsa, hozirgiday yaqinlaridan hafa bo‘lib Sobirning uyiga kelgan chog‘larida aniq seziladi. Ayni chog‘da Sobir ammasining ko‘ziga qarab o‘sha savollarni o‘qiydi: “Tumorni oborib berdingmi? Jezzangning qo‘liga tutqazdingmi?? Nima dedi?!!”
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 5-son