Bayram Ali. Hamdardlar (hikoya)

O‘spirin qovoqxonaga javdirabgina kirib kelganda erkakning kayfi allaqachon taroq edi.

– O‘zbekmisan? – so‘radi erkak o‘spirinni yoniga imlab chaqirib.

Garchi bu yurtda o‘zbeklarni onda-sonda uchratsa-da, ayni shu dam, ayni shu gal mehri iyib, yuragi boshqacha urib ketgandi uning. Ke­yin esa, odatiy hol – hamma dilkash ulfatlar kabi yosh hamyurtini “mehmon bo‘lishga” undadi. Albatta, o‘spirin ham spirtli ichimlik­lar sotiladigan do‘konga ko‘k choy ichish uchun kirmagan edi. Ko‘p o‘tmay u ham sarhushlikda erkakka yetib oldi, ikkalasi galma-gal bir-birini cho‘lpillatib o‘par, go‘yo eng qadr­don insonlarday quchoqlashib, yig‘lab-siqtab bir-biriga dardini dasturxon qilardi.

– Ne plach, sыnok, yig‘lama… – erkak ko‘p yillardan buyon bu yurtda yurganidan ona tilidagi kerakli so‘zlarni topishga qiynalibroq o‘spirinni yupatardi. Uning yuzidan o‘pmoqchi bo‘lar edi-yu, cho‘chchaygan lablari mo‘ljalda adashib, yigitchaning sochlari, quloqlariga bosilardi.

– Nega jilamayin, aka, g‘irt yetimman men, qip-qizil yetimman! E-e-e, bu hayotning enasini… – sof voha lahjasida bo‘ralab so‘kinib, stolni timdalardi o‘spirin. – Kimningdir otasi yo‘q, kimningdir enasi! Menda shularning ikkalasiyam yo‘q, eshitayapsizmi, yetimman, g‘irt…

Yana stakanni to‘latib sipqorishgandan so‘ng, erkak so‘radi:

– Chto … o‘lganmi ular?

– Enam o‘tgan yili… – o‘spirin tag‘in piq-piq yig‘lab stolni tirnash­ga tushdi. – Otam esa… men uchun o‘lgandan ham battar! Ming marta, million marta battar! Hali chaqaloqligimdayoq bizni tashlab, dom-daraksiz ketgan. O‘ynashi bilan, ha o‘ynashi bilan qochib ketgan, yaramas!

– O‘h-h, kazyol! O‘h-h, to‘ng‘iz! Bunaqalarni basharasiga… – jahlini bosolmasdan avval stolga, so‘ngra manglayiga usma-ust musht tushirdi erkak.

– Enam uni shuncha payt kutdi, oxiri kuyib kul bo‘ldi, bechora…

Gapini davom ettirishga monelik bo‘lmagach, o‘spirin odatiga ko‘ra stolni timdalab so‘zida davom etdi:

– Siz meni bo‘yimga qarab go‘dak demang, aka, aslida men ko‘rmagan xo‘rlik­lar qolmagan. Tog‘amning uyida ulg‘aydim, enam dod solishiga qaramay, uyga qamab urardi-ya, nomard! Tayoqlab urardi, kaltak­lab!…

– Tayoqlab?! – azbaroyi tutaqqanidan erkakning ko‘zlari olayib ketdi. – Chto-o on… On psix chto li? Nega uradi?

– Maktab davrimdanoq bas degancha “oqi”dan “urardim”, – tomog‘iga chertib “shinavanda”ga xos ishora qilib qo‘ydi o‘spirin. – Lekin nima, ichsam o‘zimning pulimga ichibman-da! Cheksam o‘zimning pulimga cheksam… O‘sha vaqtlardayam odamlarning tomorqasini sug‘orib berib pul ishlardim. Molbozorlarga borib echki, qo‘y sotib olgan kishilarning qo‘y, echkisini bozor chekchisidan yashirincha tashqariga chiqarib berardim. Chekka to‘lanadigan miqdoridan kamroq, uch-to‘rt so‘m berishardi keyin. U esa… Tog‘am esa otam emasu, otamga o‘xshab nasihat qilishga urinardi, mol! Necha martalab “Sig‘indisan!”, “Qachon yo‘qolasan?” deb enamni qonu zardob qilgan, bilsangiz. Aslidayam enamni o‘shaning ta’nalari yedi! Mana endi kuyadigan hech kimim yo‘q, sanqiyverib shu yerlarga kelib qoldim-da, aka…

Stolga, boshiga mushtlayverib qo‘li og‘rib ketganidanmi yoki bolaning hikoyasi o‘zining xiyonat barbod qilgan hayotini esiga tushirib yuborganidanmi, erkak ma’yus o‘ylar girdobiga cho‘kib ketdi.

– Turmush qurmadimi keyin onang? – deya so‘radi.

O‘spirin yelkasi osha erkakka yovqarash qilib qo‘ydi.

– Yo‘q, u yaramasni, buzuq otamni kutardi. Uydan lom-mim demasdan ketgani uchun qachondir qaytadi, deb ishonardi bechora.

Erkak yana o‘spirinning qulog‘ining chetrog‘idan cho‘lpillatib o‘pdi.

– Oy, molodets! Tvoya mama angel! – dedi o‘pkasi to‘lib. – Men ayol zotidan nafratlanardim. Ko‘rgani ko‘zim yo‘q hammasini! Ishonsang, aslida oliy ma’lumotli odamman, bir yengiltakni deb buzilib ketgan butun hayotim… Ammo… sening onang farishta.

– Kimni aytayapsiz yengiltak, deb? – so‘radi o‘spirin shishada qolgan aroqni oxirgi tomchisigacha stakanga quyishga urinarkan.

Bu savol bilan u erkakning o‘z hayoti haqida gapirib berishiga beixtiyor turtki berdi.

Sarxush bo‘lsa-da, g‘amdan yuzlari qorayib, yuziga iztirob ko‘lanka tashlaganidan erkakning hikoyasi o‘spirinnikidan-da alamli ekani sezilib turardi. Bu paytda kelib uning kayfi ham ancha tarqab qolgandi.

– Xotinimni… – dedi u, go‘yo o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan alfozda. – Turmush qurganimizdan keyin tezda farzandli bo‘lavermadik. Uni tekshirib ko‘rgan do‘xtirlar farzandsizlikka sabab yo‘qligini aytishdi. Keyin xotinimdan yashirincha… o‘zim ko‘rindim. Shifokor… Shifokor esa mendan… anavi… nimaydi… ha, sun’iy urug‘lik olishni tavsiya qildi. Aytdiki, busiz… hech qachon…

Erkak uzanib, mutlaqo tinglamay qo‘ygan o‘spirinning yelkasidan quchdi.

– Endi tasavvur qilyapsanmi, u menga farzand kutayotganini ayt­ganda qay ahvolga tushganimni? – dedi lablari qalt-qalt titrab, yigitning boshiga boshini qo‘yib. – Hamma dardim ichimda edi. Nima ham dey?! Axir, qanday tilim borardi?!… Ichimda yonayotgan olovni hech narsa bosa olmasdi, hech narsa! Alamimdan har kuni ichib kelib uni do‘pposlardim. Uydan yo‘qol, boshqasiga uylanaman, deb urardim nuqul. Nuqul… ataylab qorniga tepardim… Ammo Xudo bunaqa harom-harishni ham omon saqlarkan, o‘sha bola tug‘ildi. O‘g‘il!.. Men yana biroz vaqt chidadim. Bir kuni esa taqdirim shu ekan, deb xotinimga ham, uning haromi bolasiga ham tupurdimu, o‘z uyimdan bosh olib chiqib ketdim… Keyin bu yerlarga kelib qoldim. Xullas, ko‘rib turganingday na uyi, na joyi, na oilasi bor badbaxtman…

Endi hamdardlar so‘zsiz, bir-birining yelkasiga suyanib jimgina o‘tirishar, o‘spirin har zamonda esnab qo‘ysa, ko‘zlari jiqqa yosh erkak ahyon-ahyonda manglayiga mushtlardi. Ularga aroq ulashib turgan qovoqxona egasi esa sal uzoqda, ularga ajablanib qarab qo‘yardi. Yo‘q, uni hamdardlarning hayo­tiy hikoyalari ajablantirmasdi. Uni ajablantirayotgan narsa shu ediki, bu ikki hamdard bir-biriga misoli ikki tomchi suvdek o‘xshab ketardi. Ha, ularning do‘ng peshonalari, turtib chiqqan yonoqlari, qalin qora qoshlari-yu, yapaloq burni aynan o‘xshash edi. “Ota-bolaga o‘xshaydi, tavba!” deya ajablanardi mijozlari kamligidan zerikayotgan qovoqxona egasi…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 36-son